Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166618 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:47:45

TUSHMASIN

U yiroq tog‘larga qor tushsa tushsin,
Sening bog‘laringga zinhor tushmasin
O’rtaga ayriliq, zor tushsa tushsin,
Va lekin hech qachon ag‘yor tushmasin.

Men sekin kuzatdim shitob dunyoni,
Nechog‘ omonatdir odamzot joni.
Qo‘ling endi oshga yetgani oni,
Boshingga nogahon cho‘qmor tushmasin.

Birov tinglamasa suxan ne kerak,
Har kimga buyursin sirdosh bir yurak
Agarda bor bo‘lsa sodiq do‘st-tirgak,
Oraga to‘g‘anoq - devor tushmasin.

Uchragay dunyoda turfa xil armon,
Gohi g‘olibdirsan, goh mag‘lub, nolon.
Ko‘nikkay bariga hayotda inson,
Lekin g‘am ustma-ust, takror tushmasi

Tepangda bor ekan Parvardigoring,
Magarki elu yurt nomus va oring.
Vatanni kuylamak bo‘lsa shioring.
Dilingga boshqa hech qaror tushmasin.
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:47:55

O’ZBEK BOYINING BAYONOTI

Gaping to‘g‘ri, kulba emas, saroydirman,
Boylar ko‘pdir, ular ichra eng boydirman.

Son-sanoqsiz molu dunyo, qo‘ylarim bor,
Shahar to‘la, qishloq to‘la uylarim bor.

Donlarim bor, adog‘ini bilolmassan.
Don-dunimning hisobini qilolmassan.

Tog‘larimning bordir yashil archalari,
Kaminaning mulki erur barchalari.

O’z hovlimda tayyora ham yasaydirman,
Olovim ko‘p, xo‘p shohona yashaydirman.

Guzarlar ham, bozorlar ham menikidir,
Sen yotajak mozorlar ham menikidir.

Sohibqiron Temur mening bobom erur,
Bobur tog‘am, Mohlaroyim momom erur.

Boysunimda tulporlarim kishnashadi,
Zominimda zarg‘aldoqlar qishlashadi.

O’lponchi-yu soliqchilar, bilib qo‘ying,
Gaplarimni Siz quloqqa ilib qo‘ying.

Boyligimga chegara yo‘q, ha, chindan ham,
Buni yaxshi bilgaydirsiz Siz mendan ham.

Axir buning barchasini netar edim,
U dunyoga olibmi men ketar edim.

Vorisim bor, ko‘zimning u oq-qorasi,
U shu tuproq farzandidir, yurt bolasi

Inshoolloh, undan ko‘nglim to‘lajakdir
Vorisimning ismi esa - Kelajakdir
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:48:07

BIR QARASAM...

Bir qarasam, do‘stu yordan ko‘nglim to‘qday,
Bir qarasam, atrofimda hech kim yo‘qday.

Bir qarasam, suyanchiqday bolalarim,
Bir qarasam, ular siniq lolalarim.

Bir qarasam, bu dunyoda baxtim borday,
Bir qarasam, butkul olam menga torday.

Bir qarasam, murodimga yetgandayman,
Bir qarasam, ko‘zim ochiq ketgandayman.

Bir qarasam, shon-shuhratga yo‘g‘rilganman,
Bir qarasam, endigina tug‘ilganman.
1998 yil, avgust

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:48:21

ZARDO’SHT SO’ZI

Qadim Xorazmning zar tuprog‘ida,
Ko‘hna Buxoroning hur quchog‘ida,

Yashagan Zardo‘shtman, donishmand zotm
O’lmas g‘oyam bilan mangu hayotman.

Yaxshi va yomonni ayladim hisob,
Va bitdim .Avesto. nomli bir kitob

Unda yozuvlikni yerga urganman,
Ezgulik maqomin yuksak ko‘rganman.

Ishonchim shul bo‘ldi: toju taxt, davlat
But bo‘lsa mamlakat yashnagay albat.

Uch ming yil muqaddam qadim tuproqda
Ko‘hna Buxoroyu Xorazm yoqda.

Qo‘rg‘onlar yaraldi, qal’alar o‘sdi,
Ular yovuzlikning yo‘lini to‘sdi.

Hurmuzd g‘olib bo‘lgay, Axraman mag‘lub
Yovuzlik chekingay, ezgulik marg‘ub.

Ko‘hna saltanatdan yodgor bo‘lsin to,
Sizga qoldirganim ushbu .Avesto..
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:48:41

LUVR MUZEYIDA
(Farangiston xotiralaridan)

Luvrda - muzeyning bag‘rida sokin
Ming yillik ashyolar turibdi qator.
Bunda shohlar taxti hashamdor, yorqin,
Bunda gadolarning sopoli ham bor.

Boqib, o‘yga cho‘mdim Luvr uyida,
Tarixni bus-butun ko‘rarmikanman?
Payt kelib, O’zbekning bir muzeyida,
Singan sopolchalik turarmikanman?!
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:48:54

SAFARDOSHLAR
(Hazil)

Aslo boylar bilan chiqma safarga,
Agar ziqna bo‘lsa, sharmanda qilar.
O’rta hol zot bilan kezsang agarda,
U o‘lik-tirigin bo‘yningga ilar.

Kambag‘al hamroh-chi, bilmaydi firib,
Sezdirmas bormi yo yo‘qligini u.
Yiqilsa yiqilar sillasi qurib,
Aytmaydi ochmi yo to‘qligini u.
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:49:09

SHOIR QALBI

Yurtda ne muborak ishlar bo‘lg‘uvsi,
Undan shoir qalbi shavqqa to‘lg‘uvsi.

Chinor o‘tqazildi, tug‘ildi farzand,
Avval shoir qalbi bo‘lgay bahramand.

Sababi ma’lumdir buning, albatta,
Tug‘ildik shu Vatan, shu mamlakatda.

Uning har go‘shasi jahondir menga,
Toshloq yo‘llari ham ravondir menga.

Taralsa elimdan xushnud bir xabar,
Tabrik aylamog‘im, demak, muqarrar.

Mavjiga nogahon kimdir tosh otgay,
Zarbi yuragimning tubiga botgay.

Elim, qadamingni har dam kuzatdim,
Goh o‘ychan, gohida xurram kuzatdim.

Gar sen daryo bo‘lsang - irmog‘ingdirman
Lat yesang, og‘riqli barmog‘ingdirman.

Menda fazilatdan bo‘lsa bir nishon,
Sening olovingdan uchqun bu, ishon!

Savobing qosh ila ko‘zimnikidir,
Faqat gunohlarim o‘zimnikidir.
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:49:18

AYTGIN SHUKRLAR

Dumaloq shu boshdan bo‘lmasang judo,
Ikki oyoq bilan yiroq ketgaysan.
O’lmagan qulim, deb siylasa xudo,
Jambulning yoshiga balkim yetgaysan.

Tap-taqir kallangda qozondek dastor,
Avliyo misoli ayri soqoling.
Nabira, abira tegrangda qator,
Sandiqda bisoting, qo‘rangda moling.

O’tgan hayotingdan mutloq bexabar,
Piyri badavlat deb yozar muxbirlar.
Shundayin dovonga yetolsang magar,
Aytaber Allohga cheksiz shukrlar.
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:49:27

OTA DUOSI

O’g‘lim so‘ramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, ko‘zlarimga bo‘lmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sog‘u salomat.

Mayli, ko‘tarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham bo‘lmagil yog‘sa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sog‘u salomat.
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:49:57

UCHAR QUSHLAR

Uchar qushlar uchdi-ketdi,
Qo‘llarimda pati qoldi.
Yoshlik ketdi, umrning ham
Sharti ketib, parti qoldi.

Dema, bukun sevgining ham
O’zi ketib, oti qoldi.
Lablarimda u bo‘saning
Hech aynimas toti qoldi...
1998

Qayd etilgan