Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166643 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:50:06

* * *

Urinma bolakay, urinma harchand
Bag‘ringni men kabi tig‘lay olmassan.
Men kabi quvonib, kularsan garchand,
Lekin men singari yig‘lay olmassan.
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:50:34

* * *

Bugun xoli qo‘ydim yana daftarimni,
Buni balki kimdir yalqovlikka yo‘ydi
Asli senga aytar hamma gaplarimni,
Bulbul aytib qo‘ydi.
1998

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:50:47

* * *

Deydilar: - Chaqnagan qaysi yurt erur,
Buyuk sohibqiron sochgan ziyodan.
Javob berdilarki, - Hech so‘nmas bu nur,
Taralgan eng avval Qashqadaryodan.
Dedilar:. Qaysi el bedor doimo,
Zavq olar mehnatdan, suluv dunyodan.
Javob berdilarki,. Shoir, ulamo,
San’atkorlar chiqqan Qashqadaryodan.
Dedilar:. Jahonga buyuk yurtboshi,
Parvoz aylagandi qaysi ma’vodan.
Javob berdilarki,. Hurlik quyoshi,
Qalqqandi dastavval Qashqadaryodan.
Dastavval, dastavval Qashqadaryodan!
1999

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:51:00

BEDORLIK

Der edim: Istiqlol shukuhi bilan
Ro‘zg‘orni butlamoq fursati yetdi.
Shunday payt, qo‘ynimga kirdi bir il
Kimdir ostonamga o‘t qo‘yib ketdi.

Der edim: Hur zamon kelib nihoyat,
Asriy g‘alvalardan xoli bo‘ldi bosh.
Shunday payt, qo‘zg‘alib qaydin qaboha
Yurtboshim ko‘ksiga otmoq bo‘ldi tosh.

Der edim: bosqinlar, vahshat, ur-surl
Qoldilar moziyning kechalarida.
Shunday payt, daf’atan jonlandi ula
Qon oqdi Toshkentning ko‘chalarida.

Nogoh ayon bo‘ldi, g‘animlar bisyor,
Bisyor oramizda olamizgacha.
Endi ogoh bo‘lsin, bo‘lsinlar hushyor,
Hatto beshikdagi bolamizgacha.

Istiqlol, sadag‘ang ketay, Istiqlol!
Buncha og‘ir ekan qutlug‘ yo‘llaring.
Ishonay, duch kelsa, agar yov qattol,
Burda-burda qilsin uni qo‘llaring.

Men esa, Istiqlol, yaloving tutib,
Metin saflaringda sobit keturman.
O’tgan shahidlarning nomin yod etib,
Yurtboshim yonida bedor o‘turman.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:51:15

O’ZBEK ONASI

Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,
Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing,
Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,
Sen o‘zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Boshingdan nimalar o‘tmadi axir,
Vatandek taqdiring bo‘ldi goh taxir,
Bobur shoh bo‘lsa-da, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Kelajak toychog‘u toyingizdadir,
Jannat ham, albatta poyingizdadir,
Vatan-ku, Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Sizga ta’zim qilib turibman bu payt
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz Yurtboshingga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
1999 yil, 6 mart

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:51:31

TUSH

Agarda tush bilan o‘zgarsa dunyo,
Tush bilan aylansa vaqtu zamonlar,
Yomon tush ko‘rganlar ko‘karmay aslo,
Qirilib ketardi allaqachonlar.

Yaxshi tushlar ko‘rsin har kim ham, biroq
Bu bilan ham bitmas dunyo ishlari.
Yaxshi tush ko‘rganlar g‘am bilmay mutloq,
Baxtli yashar edi ehtimol bari.
1999

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:51:47

OLIY NE’MAT

Pir Xoja yo‘liqdi nogahon dardga,
Holi tang, rangi ham aylangan zardga.

Qilmagan doriyu darmon qolmadi,
Yelib-yugurishdan armon qolmadi.

Dunyodan umidin uzar bo‘ldi u,
Oxirat kengashin tuzar bo‘ldi u.

Xullas, paymonasi to‘lganda butkul,
Kirdi eshigida ishlab yurgan qul.

Qulning tabiblikka daxli bor edi,
Unga shu asnoda omad yor edi.

Quldan bo‘ldimikan, Xalloqdanmi yo,
Hoja shifo topdi, ba haqqi xudo:

Ayo, qul, sen bo‘lding dardim davosi,
Qilgan xizmatingning yo‘qdir bahosi.

Sochayin boshingdan oltin va kumush,
Olgin xazinamdan eng katta ulush.

Istasang, mulkimning teng yarmin beray,
Yoki men qulimni shod, xurram ko‘ray.

Qul dedi: - Hozirman xizmatingizga,
Rahmat ham ayturman himmatingizga.

Hattoki xunning ham narxi bor, Xoja
Bebahoning bundan farqi bor, Xojam

Xoja o‘ylab dedi: - Nima ekan u?
Qandayin ne’mat u? Qandayin inju?

Aytgin armoningni, bajargum shu zum
Axir, sen tufayli ochiqdir ko‘zim.

Qul dedi: - Bir ne’mat bordir - bebaho
Unga sadqa bo‘lsin molu mulk, dunyo.

Falaklar bekordir uning qoshida,
Malaklar bekordir uning qoshida.

Unga nisbat bersa - qafasdir jannat
U shundoq tansiq his, tengi yo‘q ne’mat.

- Uning nomi ne deb, qistardi Xoja
Sirni bilmoqlikni istardi Xoja.

Qul dedi: - Bu ne’mat jondan-da totlik
Nomi Ozodlikdir, nomi Ozodlik!
1999 yil, avgust

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:52:17

AKTYOR

Bir kun tomoshaga tushib lahzada
Turfa aktyorlarni ko‘rib qaytibsan.
Lekin sen ularni faqat sahnada
Mavjud deb o‘ylasang, bekor aytibsan.

Chin aktyor san’at deb, bag‘rini tig‘lab
Amallab kunini ko‘rib yuradi.
Shunday insonlar bor, bir ko‘zi yig‘lab
Bitta ko‘zi esa kulib turadi.

Shunday insonlar bor, voy otam, deya,
Bir zumda o‘zgarar turqi, siyog‘i.
Lekin o‘sha mahal, o‘sha soniya
Onasin ko‘ksida turar oyog‘i.

Shunday insonlar bor, go‘yo yurtparvar
Yurtini ulug‘lar go‘yo har so‘zi.
Lekin razm solib qarasang agar,
Amal poyasida ikkala ko‘zi.

Shunday insonlar bor, xalqim der hamon
So‘zlaydi hamisha olib xalq yonin.
Bir qo‘li ko‘ksida, bir qo‘li biroq,
Tozalab turadi xalqning hamyonin.

San’atga umrini kim etmish fido,
Sharafi yuksalsin, olamni tutsin.
Hayotni o‘yin deb bilganning ammo
Tolei kulmasin, biri kam o‘tsin.
2000

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:52:28

YO’QLOV

O’lmas Umarbekov xotirasiga

Chehrangda tabassum balqirdi doim,
Ko‘ngil bog‘ing edi chechakli, gulli.
Arshi-a’loga ham sendek muloyim,
Xushsurat bandalar darkor shekilli.

Har zumda o‘limni kutib yashamoq
Uning o‘zidan ham dahshatliroq his.
Senga shunday yurak bermishdi Xalloq,
Boqding ajalning ham ko‘ziga munis.

Dunyoning tagiga o‘t ketsin, agar
Bag‘ridan yaxshini sitib chiqarsa.
Tole bo‘lolmagay qazoyi qadar,
Baxt asli tiriklik degan bir narsa.

O’lmas deb qo‘ymishlar ismingni, biroq
O’lim to‘lg‘izdi-ku umr jomingni.
Falakning bu ajib o‘yiniga boq:
O’lmas deb turibman endi nomingni!

Inson bolasiga sharafdir g‘oyat
Xalqi rozi bo‘lib, xotirga olsa.
Mening ushbu she’rim sen uchun shoyad
Do‘stlaring nomidan yo‘qlov bo‘lolsa.
2000

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:52:39

AJRIM

Dunyoning yarmini sayr etdi o‘g‘lon,
Kelib otasidan so‘radi ajrim:
- Chin do‘st topolmadim nega, otajon?
Ota esa jim.

Yana dunyo kezdi charchamay o‘g‘lon,
Yana otasidan so‘radi ajrim:
- Vafo topolmadim nega, otajon?!
Ota hamon jim.

- Nega savolimga bermaysiz javob?!
O’g‘lon turar edi nolakor, haqir.
Ota javob qildi uh tortib shu tob:
- Sen ham bor narsani axtar-da axir
2000

Qayd etilgan