Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166876 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:56:06

QUYOSH SHAHRI

Eng teran chashmadek tinib, sizilib,
Asrlar qa’ridan keladi xabar:
Ikki ming yil burun chayla buzilib,
Qo‘rg‘on barpo bo‘ldi, yaraldi shahar.

Turon yulduzlarin silsilasida
Chaqnadi yana bir qo‘lbola quyosh.
Ulug‘ shaharlarning bo‘ysirasida
Abadiy o‘rnini topa olgan Shosh.

Toshkentim, oftobsan, Sharqda nur sochgan,
Quyoshdek tutilding necha boralar.
Tosh mag‘zing chaqolmay tamshanib qochgan
Necha Qutayba-yu, necha Dorolar...

O’zbekka maqtanish odatmas, garchand,
Bag‘rimni to‘lg‘azar ushbu kun g‘urur:
Toshkentu Buxoro, Xevoq, Samarqand,
Har biri jahonning bezagi bo‘lur.

Qalbing ko‘zi bilan nazar sol, Inson,
Mana bu Mingo‘rik, manov Ko‘kaldosh.
Moziyga bitsaydi zabon nogahon,
Erk deb qo‘zg‘alardi bunda har bir tosh.

Qadimiy Nasafda topdim tavallud,
Tanishdir Kushonning biyobonlari.
Ne baxtkim, dilimga soldi she’riy o‘t
Toshkentning sehrli xiyobonlari.

Farzandman, bag‘ringda kezurman men ham,
Sensan mening uchun maskan mo‘’tabar.
Toshkentdan boshlanur menga ham olam,
Dengizlardan nari, qit’alar qadar.

Ne-ne zilziladan chiqolgan omon.
Manglayi yarqiroq makonsan buyuk.
Baynalmilal ma’vo, asl qahramon,
Jahon tarixida noming bor suyuk.

Ishchisan, olimsan, arbobsan, me’mor,
Senga ham muntazir boqar yer yuzi.
Tinchlik degan joyda Toshkent ruhi bor,
Toshkent degan joyda osoyish so‘zi.

Ne ulug‘ tarixlar kechdi boshingdan,
Xislating ne erur - olam biladi:
Bugun har burjingdan, har bir toshingdan
Faqat do‘stlik degan sado keladi.

Yiroq afrikalik sargashta adib,
Bombay g‘azalxoni shoshar sen tomon.
Ezgu niyatlarning bayroqdori deb,
Seni sharaflaydi zaminu zamon.

Sen quyosh shahrisan, faxrimsan azal,
Omon bo‘l hamisha o‘zbeki yerim.
Sensan munis, mushfiq Sharqimga haykal,
Tuhfa bo‘la qolsin senga shu she’rim!
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:56:19

BOG‘BON

Mashhur bog‘bon Temur aka Mirzaevga bag‘ishlayman

Qashqadaryo degan so‘z aytilgan chog‘,
Hanuz miyig‘ida kulguvchilar bor.
Emishkim, u yerga noravodir bog‘,
To‘rt tuyoq yemishin o‘ylar chorvador.

Mana paydo bo‘ldi Temur Mirzolar,
Turfa chechaklarni o‘stirgan inson.
Ne-ne bog‘bonlar ham undan dars olar,
Mana, nimalarga qodir tirik jon.

Qarshi ko‘chasidan o‘tsangiz magar,
Sizni kuzatadi ming-minglab charog‘,
Qayoqdan kelmoqda bu hid muattar!
Bu - Temur Mirzolar barpo etgan bog‘.
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:56:30

JANGDAN QAYTMAGAN SHOIRLARGA

Isming balki Sulton, balki Qodirsan,
Sen jangdan qaytmagan shahid shoirsan.
Lekin g‘olibsanki - safda hozirsan,
Sen saqlab qololgan jahoning menda.

Urush deganiga bo‘lsin ming la’nat,
Neki tirik bo‘lsa - aylagay g‘orat.
Sening qalaming ham sindirmish bevaqt,
Yetib-etolmagan armoning menda.

Beiz ketmadi, yo‘q, shahidlar qoni,
Quzg‘undan asradi mas’um dunyoni.
Agar ko‘kka yetsa tiriklar shoni,
O’zing orzu qilgan osmoning menda.

Har nechuk, shoirman - sen bilan jondosh,
To‘yingda to‘ydoshman, tirik yelkadosh.
Degayman, yosh umring o‘ylab, ey, qondosh,
Bitgum, bitilmagan dostoning menda.
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:56:43

SO’NGGI URUSH

... Nahotki insoniyat o‘z kashfi bilan o‘zini o‘zi vayron etadi.
Javoharla’l NERU

Bir qadam qo‘ysang bas - naryog‘i o‘lim,
Bir qadam qo‘ysang bas. shaksiz halokat.
Odamzod boshida turibdi shu zum
Qazoyi muallaq, mudhish falokat.

Entikib ketadi nogoh yuragim,
Mash’um bu so‘zlarni tinglaganim dam.
Bugun faqat toshlar befarqdir, balkim,
Bugun, balki, faqat bulutlar beg‘am.

Asrlar so‘ngida yaralgan inson
Nahot endi o‘zin aylasa barbod.
Nahot oxiratga yuz bursa jahon,
Nahot karomatlar haq chiqsa, nahot.

Navoiy abasdir, Pushkin ham abas,
Rim yo‘q, Samarqand yo‘q, dahshat, alhazar!
Moziydan biror nom qolarmidi, bas,
Kelajakning o‘zi bo‘lmasa magar.

O, odam, har nega topinding nechun,
Ayt, u yaradimi biror-bir korga!
Falloh manglayidan o‘q yeydi bugun,
Sig‘inib turgan chog‘ parvardigorga.

Yo‘q, bu pok dillardan yiroq malomat,
Bu - bani odamga ko‘rgulik, sho‘rish.
Bu - sho‘rlik zaminga chang solgan ofat,
Bu - do‘zax, bu - o‘lim, bu - so‘nggi urush.

Alhazar, olamda nainki odam,
Hayotning o‘zi ham kirsa qabrga.
Koinot qa’rida zamindan u dam
Nahot eshitilsa so‘nggi qasirg‘a.

Nahotki, tangri ham, iblis ham ko‘r-kar,
Osiy banda bilan ketsa jonhalak.
Ayt-chi, sobit kuching bor bo‘lsa magar,
Bizni ne murodda yaratding, falak?!

Bu bari - asrimiz kashf etgan balo,
Bu - yovuz sarmoya, ko‘ru kar, so‘qir.
Boshimiz ustida turibdi guyo
Bir soch tolasiga bog‘langan shamshir.

Ummon ortidagi mitti qiz Smit
Jahon taqdiri deb jar solar bu choq.
Hayhot, o‘shal joyda qaysidir palid
Uning qismatiga qayraydi pichoq.

Munis O’zbegimning osoyish chog‘in,
Kuylamoq menga ham baxtdir bazavol.
Kurashlarda o‘tgan farzandlar dog‘in
Unutmoqni lekin kim qilar xayol.

Har kim ona deydi mushfiq yerini,
Oh, ne g‘am, onani kulfatda ko‘rish.
Mayli, shoir yozsin so‘nggi she’rini,
Faqat, bo‘lmasa bas, so‘nggi bu urush!
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:57:04

INJU DIYOR UCHUN

Qutlug‘ davralarda jam bo‘lgan mahal,
Do‘stlarga baxt tilash azaliy odat.
Keladigan bu yil tinch bo‘lsin avval,
Baxsh etsin har kimga oliy saodat.

Yoshlik - bu karvonning erka noridir,
Daryoday toshqindir, jilg‘a kabi sof.
Yoshlik - kelajakning xaloskoridir,
Sira tark etmasin yoshlikni insof.

Mo‘’tabar onalar - xonamiz ko‘rki,
Otalar hayotdir - yorug‘dir jahon.
Tiriklik nomiga bir o‘tinch shulki,
O’rtaga tushmasin bemahal hijron.

Inju diyorimiz ko‘z bo‘lsa agar,
Mudom omon bo‘lsin to‘garak zamin.
Boshimiz silagan shu xalq mo‘’tabar,
Daf’atan chekmasin farzandlar dog‘in.

Yangi yil sha’niga aytmoqdamiz so‘z,
Balki o‘tib ketar bir zum bu farah.
Xalqimning mehnatin aylagin ko‘z-ko‘z
Million chanoqlarda ko‘pirgan qadah.
1983 yil, noyabr

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:57:17

HASADGO’Y HAQIDA

O’zi oddiygina,
Kam yo‘q ishida,
Tonnalab ko‘mir bor
Lekin ichida.
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:57:27

* * *

Samoda yuribdi hanuz yolg‘iz oy,
Tanholik qiynaydi uni hoynahoy.
Yo‘qlikdan axtardim sening vaslingni,
Kim qayga sig‘insa, Ka’ba o‘sha joy.
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:57:36

* * *

Shukr aytay, ko‘p yaxshi umr ko‘rdim men,
Goh yaydoq shamolday davron surdim men.
Lekin seni ko‘rsam bulut oldida
Chorasiz yo‘lbarsday hayron turdim men.
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:57:44

* * *

Azizim, payt keldi, ko‘nglim yoraman,
Insonman, sen horsang, men ham horaman.
Oting qamchilama o‘zg‘irman deya,
Sen borgan u joyga men ham boraman.
1983

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:57:52

* * *

Tug‘ilsang baxt bilan kamol o‘shadir,
Tark etsang olamni zavol o‘shadir.
Oxir chog‘ tuprog‘ing ustiga kelib,
Kimdir yod aylasa, iqbol o‘shadir.
1983

Qayd etilgan