Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166810 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:00:11

* * *

Oqar daryoga ham kimdir band bergan,
Hayot kimga zahar, kimga qand bergan.
Ey, g‘ofil, sarkash deb meni kamsitma,
G‘anim senga emas, menga pand bergan.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:00:19

* * *

Bilaman, o‘tadi shodlik bilan g‘am,
Bilaman, g‘animat erur har bir dam.
Payg‘ambar atadim har zotni, ammo,
Muridim demadi hech bitta odam.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:00:43

* * *

Oh, o‘tgan u kunlar qaytmagay zinhor,
O’chgan muhabbatning yonmog‘i dushvor.
Nigohing qadama qarog‘imga sen,
Unda to‘kilmagan ko‘z yoshlarim bor.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:01:16

O’ZBEKISTON BAYROG‘I

Har qanday lashkarning ham
O’z tug‘i, yalovi bor,
Sen qaysi saltanatdan,
Sen qaysi davlatdan kam.
Qo‘rg‘onlar qatorida
Bir qo‘rg‘onsan ustuvor,
Vallamat, tug‘dor yurtim,
Muhtasham Respublikam.

O’ylayman, ha, olamda
Nisbiy erur ko‘p holat,
Zamona g‘alviridan
Har narsa o‘taverar.
Tarix uchun va lekin
Kim ham bergay kafolat,
Yakka inson bir yo‘lchi:
Kelaru ketaberar.

Qadim-qadim zamonda
Yunonlik haykaltarosh,
Bir san’at yaratibdi,
Maqsadi - bir burda non.
Haykal esa asrlar
Sinoviga bermish dosh,
Bugun uni ko‘klarga
Ko‘tarar butkul jahon.

Ko‘zni kattaroq ochib
Boqsang bu muammoga,
Alam qilgulik qadar
Kam yashar inson zoti,
Faqatgina xalq sohib
Bardavom bu dunyoga,
Asragay har kas nomin
Faqat xalqning hayoti.

Sanasang hodisot mo‘l
O’zbekning tarixida,
Har biriga bir noma
Yoki doston bitgulik.
Ne zotlar oqmagan bu
Asrlar arig‘ida,
Har biri bitta xalqning
G‘ururiga yetgulik.

Barchaga ayon erur
Men aytgan ushbu gaplar,
To hanuz asablarni
Ezg‘ilar bu shum o‘tmish.
Moziyga o‘qtin-o‘qtin
Sochsak hamki g‘azablar,
Lekin ayting, o‘zbekning
Qo‘lidan kim ham tutmish?

Bir kuni yovqur shoir
Ya’ni Turdi Farg‘oniy,
Bo‘ltak bo‘lgan bu xalqqa
Birlash deb qildi xitob.
Bejavob qolaberdi
Uning dardli so‘rog‘i,
O’sha-o‘sha zamin kar,
O’sha-o‘sha gung oftob.

Bugun zimdan nazar sol
Sen mana bu bayroqqa,
Mayliga bir daqiqa
Unutgin turfa kekni.
Shu bayroq nomimizni
Eltdi yiroq-yiroqqa,
Shu bayroq birlashtirdi
Parokanda o‘zbekni.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:01:27

KO’ZGU PARCHALARI

Ko‘zgu parchalari yo‘lakda yotar,
Unsiz sharpalari ruhimga botar.

Yuzlarim aks etar bir parchasida,
Ko‘zlarim aks etar bir parchasida.

Birida osmon aks etsa agar,
Birida qushlarning raqsi jilvagar.

Olamning yaxlit bir suvratin ammo,
Namoyon etolmas bu ko‘zgu aslo.

Xilqat uning uchun but bo‘lmas mangu,
Axir, parcha-parcha singan ko‘zgu bu.

Meni ma’zur tutgin, muhtaram Inson,
Suvrating chizolmay turibman hayron.

Bir kun fazilating olsam qalamga,
Bir kun qabihliging yoygum olamga.

Bir kun ko‘z yoshlaring qog‘ozimdadir,
Bir kun zaharxandang ovozimdadir.

Bir kun o‘tmishingdan faryod solurman,
Bir kun iqbolingdan o‘yga tolurman.

Sening bo‘y-bastingni ko‘rsatmoq uchun,
Ko‘zgu kerak axir yaxlit va butun.

Shoir yuragi-chi, olamda yakkash
O’sha chil-chil singan ko‘zguga o‘xshash.
1985

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:01:45

MENGA HAYOTNI BER

Sen mening dardimga qilibsan havas,
Havasing kelibdi shifoxonamga.
Demishsan: - Yor unga omad har nafas,
Ayricha iltifot bor bu odamga....

Sen-ku, yovqur Inson, sog‘ va salomat,
Tog‘larni yiqadi purkkan nafasing.
Bilmadim, yuz bermish qanday adovat,
Zaqqum dorularga kelmish havasing.

Menga odam fe’li ayondir bir oz,
Oshnoman men uning ginalariga.
Ajabo, bor ekan sendek ishqiboz,
Doktorning tig‘iyu ninalariga.

Ruhimda osoyish, dilimda charog‘,
Shifokor ahliga o‘qurman tahsin.
Lekin xitob aylay senga ushbu chog‘:
Olgin, dardlarimning olgin barchasin!

Oydin palatalar sengadir tortiq,
Shiftga boqqaningcha qomating kergil.
Menga bu hashamlar kerakmas ortiq,
Menga o‘z kulbai xonamni bergil.

Jarroh nashtari ham sengadir nisor,
Senga, tabobatning jami malhami.
Menga-chi, bir umr baxsh etsin mador,
Munis do‘stlarimning mehr olami.

Darddan arimasin vujuding hech bir,
Yo‘ldosh niyatingga yetishgin shitob.
Menga mashaqqatli tiriklikni ber,
Menga bo‘la qolsin mangu shu azob.

Shoir yashamaydi aslo bealam
Va biron kimsaga istamas balo.
Lekin o‘zgalarning kulfatiga ham,
Hasad qilganlarga shu tilak ravo...
1985

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:01:57

DIALEKTIKA

Men hayotni sobit holda ko‘rmadim aslo,
Tuzilgan u agarlardan va magarlardan.
Deylik, biror firibgarga duch kelgan asno,
Iboratmi deysan hayot firibgarlardan.

Qattol urush davom etgan elning shoiri
She’r bitadi hasratga yo g‘azabga to‘lib.
Kimki agar biror dardning bo‘lsa asiri,
Tuyuladi butun olam unga dard bo‘lib.

Sevishganlar uchun esa dunyo bir jannat,
Oy-chi, nondek tuyuladi qorni ochlarga.
Butkul hayot diydasi yo‘q tosh erur faqat,
Kuning qolsa deylik faqat bag‘ritoshlarga.

Faylasuflar so‘z ochsa gar abadiyatdan,
O’ylaysizki, har bir onim mangulikka yor.
Inson zoti ayri tushmas aslo niyatdan,
Ne tilasang shuni bergay, degan gap ham bor.

Modomiki shundoq ekan tabiat asl,
Sobit narsa qanday o‘zi? Boqiylik qayon?!
Bo‘larmikan bu dunyoda bir murod hosil,
Tugallikka yetisharmi biror kun jahon!

Shoir ahli kuylarmikan bitta qo‘shiqni,
Bormi ekan bu dunyoda oliy, komron dam.
Quyosh bir kun chulg‘armikan har to‘rt ufqni,
Tug‘ilarmi baxti komil, bus-butun odam?

Bu - bir xayol, chorasi yo‘q armondir xolos,
Hamishalik qo‘shni erur kunduz bilan tun.
Yolg‘on dasti gar dunyoda bo‘lolmas daroz,
Lekin haqning qo‘llari ham emasdir uzun.

Chora bitta: Niyatingni ezgulikka bur,
Faqat shunda go‘zal bo‘lib ko‘ringay falak.
Yo‘qsa hasrat og‘ushida o‘tgaydir umr,
Bamisoli o‘ra ichra qolgan kapalak...
1985

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:02:13

HAR QANDAY DAMDA HAM...

Ko‘ngling sovimasin qilar ishingdan,
Hafsalang so‘nmasin hech qachon.
Ma’no topolmaysan o‘z turmushingdan,
Tussiz, zerikarli ko‘rinar jahon.
Ko‘hna objuvozday aylanar dunyo,
Ohangi miyangga sassiz quyular.
Mingga kirgandaysan o‘zing ham go‘yo,
Kelajak o‘tmishing kabi tuyular.
Yashaysan nomi yo‘q bir dardga to‘lib,
Tomirdan qoning ham go‘yo oqmaydi.
Nainki do‘st so‘zi, nainki mahbub,
Bolangning sho‘xligi yoqmaydi.
Sokin kechalari, ayvonda yolg‘iz,
Olis yulduzlarga boqasan to‘nib.
Ular ham ko‘zingga ko‘rinar bu kez,
Juda uzoq borsa, yonar qurt bo‘lib.
Shundoq, inson dili ajib muammo,
Koyima bundayin holati uchun.
Qo‘lingdan kelsa gar madad ber, ammo,
Har qanday damda ham sen uni tushun.
1985

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:02:24

YOLG‘IZ ODAM

Qiyin, senga, qiyin,
Juda ham qiyin,
Salomingga birov alik olmasa.
Vaqt-soating yetib, o‘lganingdan keyin.
Boshingda bir kimsa faryod solmasa.
Chindan ham sevmasang yorug‘ olamni,
Dildagi arzingni kimga ochursan.
Balki shu sababdan, jami odamni,
Ozurda qilishga shoshursan...
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:02:46

VA’DALAR

Men qo‘rqaman Yangi yilga
She’rlar bitmoqdan
Qquvchimga yo‘q narsani
Va’da etmoqdan.
Aytildimi - bajarilsa
Va’da va tilak,
Yo‘qsa, bir yil ko‘zdan yiroq
Yurmoqlik kerak.
Va’da berib aytamiz biz:
Yo‘qolgay nifoq,
Mehnat qilgan katta-kichik
Bo‘lib ittifoq.
Qarabsizki, qay birovlar
Ahdni buzgaylar,
Zum o‘tmayin o‘zlaricha
Reja tuzgaylar.
Va’damizdan o‘rin olar
Albatta vijdon,
Yangi yilda, deymiz, har kim
Bo‘lgay pokdomon.
Lekin riyo bir burchakda
Poylab turadi.
U ham endi kimlarnidir
Yo‘ldan uradi.
Shuhratparast, lo‘ttibozga
O’rin yo‘q sira!
Har birimiz bo‘lajakmiz
Sof va bokira!
Yangi yilda ana shunday
Yangrar so‘zimiz,
So‘ng yil bo‘yi begonadir
Kimlarga diydor.
Yangi yil-chi, barchasiga
Qaragay kulib,
Kela berar, keta berar
Ishonchga to‘lib.
Qarimayman, mangu yoshman
Deganning, biroq,
Qasamiga bovar qilmas,
Solmagay quloq,
Undaylarning ko‘zin jindek
Yoshlab o‘tar u,
Sochlariga bir tola oq
Tashlab o‘tar u.
1986

Qayd etilgan