Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166938 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:02:55

TO’QAY

Men demam aslo seni: sho‘rlik To‘qay,
Dardlisan, lekin mudom nurli To‘qay,
Chunki sen ozod zamonni istading,
Maqsading hurlik edi, hurlik, To‘qay.
O’zbegu totor, qozoq, boshqird bo‘lib,
Ko‘rinarsan menga goh turlik To‘qay.
Sen qorong‘u kechalar bitding yonib,
Chiqdi go‘rga aslida zo‘rlik, To‘qay.
Haq so‘zingga millating ko‘z tiksa ham,
Necha zotlar qildilar ko‘rlik To‘qay.
Hech ajab ermas Seni yod aylasam,
Ikkimiz ham bir qiya, o‘rlik, To‘qay.
1986, Qozon

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:03:04

G‘ALATI ZOT

Yong‘oqning tagidan o‘tganmi bu zot,
Na do‘stin, na yorin xushlaydi.
Boshini silasang, shu zahot,
Qo‘lingni tishlaydi...
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:03:13

KEKSA MUHOJIR

- Nega qadding egik, nega boshing xam
Nega nigohingni tortadi tuproq?
- Mening yer ustida tanishlarim kam
Mening yer ostida do‘stlarim ko‘proq.
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:03:22

AQL HAQIDA

Shunchalar go‘zalsan, go‘zalsan, sanam,
Ta’rifing bitmoqqa ojizdir qalam,
Bir yigit umrini obod etarding,
Aql ham berganda falak bokaram...
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:03:32

QALDIRG‘OCH

Deydilar, qaygadir o‘t ketsa, albat,
Chumchuq xas tashirmish, qaldirg‘och-chi,
Balki, bu chumchuqning sha’niga tuhmat
Yong‘in nimaligin, balki, bilmas u...

Sen dunyo holiga nazar sol birpas,
Nazar sol ko‘zlardan oqqan yoshlarga.
Dunyoda kulbalar yonar har nafas,
U doim muhtojdir qaldirg‘ochlarga.
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:03:41

XUSUMAT

Dunyoning bori shu,
Har qanday zot ham,
Aybin olavermas bo‘yniga.
Balki, shu boisdan, qanchalar odam,
Tosh solib yuradi qo‘yniga.

Xusumat, deydilar ushbuning otin,
Dastidan yig‘inlar, uylar bezovta.
Bezovtadir hamma oshkor yo botin,
Azalar bezovta, to‘ylar bezovta.

Har holda bo‘lmagay qiyomat qoyim,
Bularning ko‘plari quruq savlatlar.
Yomondir, yomondir, qo‘yniga doim,
Tosh solib yursa gar davlatlar.

Gar ular yursalar kuchin pesh qilib,
Jim tinglar zaminning dardli na’rasin.
Mayda toshchalar-ku o‘tar, ishqilib,
Uning kattasidan xudo asrasin.
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:03:54

TO’LIN OY

Keksaygan hilolim, ey sen, to‘lin oy
To hanuz buzursan halovatimni.
Yodimga solursan endi, hoynahoy,
Sochlari oqargan muhabbatimni.

Yillarim kechdilar yeldirim misol,
G‘unchalar bag‘riga xayolday indim.
Endi-chi, toliqib, horg‘in va behol,
G‘orlarga bekingan shamolday tindim.

Bilmadim, qaydadir yotar sarg‘ayib,
Otashin hislarim o‘ralgan daftar.
Qaysidir go‘shada bo‘lmishdir g‘oyib,
Bir zamon qo‘limdan uchgan u kaptar.

Endi visol o‘zga, o‘zgadir firoq,
To‘lin oy, o‘tinchim yodingda tutgin.
Bizning tomonlarga yo‘ling tushgan chog’
Mening kulbamga ham mo‘ralab o‘tgin..
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:04:05

SIZNI UCHRATGUNCHA

Qay fursat men sizni ko‘rdim banogoh
Endi zarra hijron dilimni g‘ashlar.
Buncha yarashmasa o‘zingizga, oh,
Munis tabassumu ma’yus qarashlar.

Hech kimni hayratga solmas hech qachon
Mening yoningizda yo‘g‘im yo borim.
Yo falak, shuncha yil kezibman sarson
Sizni uchratguncha, erka dilbarim...
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:04:20

INSON HURMATI

Soqoli ko‘ksiga tushsa ham garchand,
Inson atalmagay masalan, serka.
Odamlik hurmati shunchalar baland,
Uni uraberma har nafas yerga.

Buguncha emaklab yurgan shu jujuq,
Ertan kashf etadi balki dunyolar.
Tiriklik sen bilan barham topmas, yo’q
Hamisha oqadi oqqan daryolar.

Itqit jaholatni, aqlga yuz tut,
Bunchalar e’tiqod qo‘yma jabrga.
Bir kuni ko‘z yumsang, seni ham el-yur
Boshida ko‘tarib eltar qabrga.
1986

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:04:35

OYBEK HAQIDA QO’SHIQ

Qalbi pok mardona elning,
Sen aziz farzandisan.
Ganju mulkka bergisiz el,
Gavhari, dilbandisan.
Har kalimang ma’rifatning
Ufqida oydek to‘lib,
El aro topding sharaf sen,
Ustoz Oybek bo‘lib.
Shan hayoting odamiylik
Xayru soflikdan nishon,
Chaqnadi she’ringda nurli
E’tiqod birlan imon.
Goh Navoiy suhbatingda,
Goh Torobiy, Yo‘lchi goh,
Sen sevikli davrim o‘g‘li
Begumon, beishtiboh.
Xizmatingdan, hikmatingdan
Elu yurt mangu rizo,
O’chmagay, noming asrlar
So‘ngidan bergay sado.
1986

Qayd etilgan