Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166584 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:48:56

* * *

Muallaq gaplarni so‘ylama menga,
Endi men yer uzra topganman qo‘nim.
Inson deb falakka hayqirmoq nega,
Inson yoningda-ku, u mening qo‘shnim.

Iqbol deb behuda chekasan yohu,
Ohing bu - folbinning daraklaridir.
Asrim, asrim deysan, asring nima u!
U to‘zg‘oq kalendar varaqlaridir.

Bog‘ingda bir nihol gullabdi bu kech,
Erta qiyg‘os bo‘lar olma noparmon.
Ilk bahor zahrini o‘yladingmi hech,
Zaminda ne armon, senda ne armon.

Bir vaqtlar ilhomning o‘tli tig‘ida,
Falakni ko‘zlardi mening ham sozim.
Lekin ikki daryo oralig‘ida,
Qolib ketdi mening o‘sha ovozim.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:49:09

* * *

Dunyoda diyonat hali mavjuddir,
Hali mard yigitlar yashab yuribdi.
Onalar oq suti hamon oq sutdir,
Quyosh ham falakda porlab turibdi.
Hali qay dillarda yashar tangri ham,
Hali afsonalar o‘lib ketmagan.
Hali sof tuyg‘ular topmagan barham,
Inson orzusiga hali yetmagan.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:49:21

SHOIR UMRI

Daraxtni hamisha o‘raydi shamol,
Shoirni tashvishlar chulg‘ar hamisha.
Sen shoir umrini dema bezavol
Uning ham har oni tashvishga pesha.

Qara-ya, o‘tibdi qirq yil muttasil,
Yashabman yulduzlar ostida karaxt.
Oh, shoir umriga havas qilmagil,
U quyun ichida ungan bir daraxt.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:49:30

* * *

Yerdan o‘zga joyda hayot yo‘q emish,
Yo‘q emish samoda biror-bir jonzot.
Olimlar shundayin qarorga kelmish,
Sira ajablanmang bu holdan, ustod.

Ular xo‘p tinchibdi, tolei kulib,
Asli yo‘q narsani axtarmoq bekor.
Men esa to hanuz umidga to‘lib
Izlayman zaminda do‘sti vafodor.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:49:41

QAYRAG‘OCH

Assalom, azizim, qayrag‘och og‘a,
Balki men jiyanman, sen menga tog‘a.

Farqimiz bittadir: sening tiling yo‘q,
Yurarga oyog‘ing, ketar yo‘ling yo‘q.

Lekin baxtlidursan, soya solursan,
Bahra olganlardan duo olursan.

Tog‘ajon, mening-chi, ahvolim mushkul,
Mendan panoh topgan qarg‘aydi nuqul.

Bitta iltimos bor: o‘rin almashsak,
Men ham daraxt kabi yashasam andak.

Sen-chi, bu dunyoga Inson bo‘lib boq,
Mayli, bir kun meni o‘tin qilib yoq.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:50:07

XAYRLASHUV

Xayr, ey, bearmon kezgan qirlarim,
Xayr, ey, yiroqqa qochgan so‘qmoqlar.
Xayr, ey, maskanim - tuqqan yerlarim,
Xayr, ey, sahrolar, xayr, ey, tog‘lar.
Endi sizni qayta qucha bilmasman.
Inja diydoringiz endi o‘zgadir.
Shamollar, siz bilan ucha bilmasman,
Chechaklar, endi siz menga beqadr.
Oshno kengliklarga tashlab jim nazar,
Tirqirab keladi ko‘zlarimga yosh.
Shamollar holimdan olganday xabar,
Bir lahza teppamda tinganday quyosh,
Ulardan nogahon tinglayman xitob:
Shoirim, sen qayga qaytmoq bo‘libsan?
Kim seni badarg‘a qilmish, ber javob,
Sen nechun alvido aytmoq bo‘libsan?
Oltin bolaliging o‘tgan tuproqda
Nahot topilmasa senga bir madad?
Nahot onang ruhi qolmish yiroqda,
Nahot bobolaring qo‘llamas minba’d?
Go‘zal bu dunyoga kelib ketmoqlik
Nahotki shuncha jo‘n, shunchalar oson?!
Yulduzlar shivirlar, dillari dog‘lik:
Yo o‘zga sir bormi? Aytgil, qadrdon!
Yo‘q, deyman va lekin sim-sim yig‘layman,
Qirq ko‘zgu keladi qarshimga bot-bot,
Dilbar kunlarimni bir-bir ilg‘ayman,
Misli oinaga boqqanday Farhod.
Endi qaytib kelmas u damlar sira,
Shul sabab dilda g‘am, ko‘zlarimda yosh,
Qoldi qaylardadir yoshlik - bokira
Quduq tublariga cho‘kkanday quyosh.
Men ko‘rar endigi bu go‘zal olam,
Sirli u damlarning mavhum soyasi.
Shul sabab qalbimni o‘rtaydi alam,
Shul sabab g‘amimning yo‘q nihoyasi.
Hayajon bu - o‘lim, kulfatdir - qo‘shiq,
Qilt etgan shamoldan titramas yurak.
Unga endi na dard, na quvonch, na ishq,
Balkim to‘ng‘ib qolgan bir orom kerak.
Bir hovuch kul emish otash qismati,
Men ham yona-yona tindim nogahon.
Endi tillarimda vido hasrati,
Endi ko‘zlarimga tiyradir jahon.
Olam tin oladi, tinurman men ham,
Endi u sirlarin so‘ylamas ortiq.
Faqat derazamda bir qushcha beg‘am
Menga qo‘shiqlarin etadi tortiq.
Hayot deb atalgan xush tilak bilan
Kechalar behudud o‘yga tolurman.
Tosh qotgan, nogiron shu yurak bilan
Mo‘ysafid quyoshni qarshi olurman.
1981, Moskva

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:50:28

MENI OLIB KETING

Tinch edi hamma yoq, tinch edi har yon,
Titradi go‘yoki yer bilan osmon.
Boshimga xastalik tushdi nogahon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Issiq jon, deydilar, jon bo‘lsa bo‘lar,
Payt kelsa chechak ham sarg‘ayar, so‘lar.
Kim bilgay paymonang qay yerda to‘lar,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Ginam bor bu yurtning na havosidan,
Mehribon doktorning na davosidan.
Qaytarmang xastani muddaosidan,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Sha’nimga g‘ayurlar bir so‘z demasin,
Har kim o‘zi tortar umr kemasin.
Hech kimni mushtoqlik dardi yemasin,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Talpingan diyorim, u - O’zbekiston!
Sehrini aytishga bormi hech imkon!
Yo‘q, o‘zga yurtlarda berolmasman jon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
1981, Moskva

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:51:16

RANGLAR

Irinaga

Qachondir Shimolning oppoq qoridan,
Seni yaratgandi zukko tabiat.
Ko‘zingga rang berdi osmon qa’ridan,
Shul sabab moviydir bu ko‘zlar behad.

Sunbul sochlaringni yaratgan chog‘da
Za’faron shafaqqa bo‘yab oldi u.
Boqib lablaringga, o‘zi ham dog‘da,
Qontalash bir rangni bera qoldi u.

Rosa pardoz qildi tabiat to‘lib,
To oydin ranglari tortguncha xira.
Barcha rang ustidan qo‘riqchi qilib
Qora Otelloni yaratdi so‘ngra.
1981, Moskva

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:51:24

* * *

Rejami? Oldindan gapirish qiyin,
Hayot ham, ijod ham nozikdir qildek.
Ta’na toshlarini otmay turasiz,
Hakim bilan bir oz hamkorlik qildik.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:51:37

TALPINAMIZ MANZILLAR SARI

Olis dengizdanmi yo yiroq tog‘dan,
Bulutlar keldilar bilmam qay yoqdan,
U bahor, yoz bo‘yi so‘l ila sog‘dan,
Paxtakor xalqimga daf qila qoldi.

Ha, yashar tabiat gulduros solib,
Daryoga suv sochar tashna yer qolib,
Garchi paxtakor el hamisha g‘olib,
Lekin ushbu safar tinchi yo‘qoldi.

Oyning u yarmida yomg‘ir, qor yog‘ar,.
Qimtinib Toyloqov beradi xabar,
Muxbir-chi, uqdirar:. bizniki zafar,
Dovda Bobodehqon haqqini oldi!..

Paxta deb, ha, qachon tortmadik tashvish,
O’sha-o‘sha yoz bu, o‘sha-o‘sha qish,
Bobolardan meros - bitmagan bu ish,
O’zbekning qay mahal bilagi toldi.

Yana zahmat chekar elda yosh-qari,
Yana talpinamiz manzillar sari,
Donolar dunyoni demish ko‘pkari,
Boqing, O’zbekiston dadil ot soldi!
1981

Qayd etilgan