ISLOM DINIDA MUQADDAS KUNLAR  ( 19719 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:45:12

Assalamu alaykum! Bu mavzuda faqat Islom dinidagi muqaddas kunlar haqida bayon qilinadi.

QURBON HAYIT

Qurbon hayit dini islomdagi eng katta bayramlardan bo'lib, hijriy yil hisobidagi zu-l-hijja oyining 10-kuni nishonlanadi va bunda ro'za hayitdan 70 kun o'tgan bo'ladiva bu vaqt dastlab Muhammad payg'ambar tomonidan belgilangan. Uning nomlari ham har xil. Arablarda u "Yavm al-azho" (qurbonlik kuni; "azho-qurbonlik qilinadigan hayvon"); "Iyd al-azho" (qurbonlik qilish bayrami), "Iyd al-kabir" (katta bayram); Eron, Afg'oniston, O'rta Osiyo va Sharqiy Turkistonda "Iydi qurbon" yoki "Qurbon hayit"; Pokiston, Bangladesh va Hindiston musulmonlarida esa "Bakr id" deyiladi. O'zbekistonda ham "Qurbon hayit" deyiladi va odatda uch kun davom etadi. Qurbon hayit Toshkentda "kichik hayit" va aksincha "Ro'za hayit" esa "katta hayit" nomlarga ham ega.

Qurbon hayitda ham, xuddi ro'za hayitdagiga o'xshash, musulmonlar uchun ikki rakaat namoz o'qimoqlik zarurat hisoblanadi. Biroq, bunda, ro'za hayitdagi udumlar bilan bir qatorda, undan farqli tomoni ham bor. Jumladan, musulmonlar nazdida hayit namozi o'qib bolinguncha, odatda hech narsa tanovul qilmay, yemay, namozdan so'ng qurbonlik uchun so'yilgan qo'y go'shti bilan ovqatlanish savob hisoblanadi.

Bu bayramning tub mohiyati haj marosimi bilan bog'liq. Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, moddiy imkoniyati bor, so'g'lig'I yo'l aziyatlariga chidash bera olishigaga ko'zi yetgan, balog'at yoshidagi har bir musulmon umrida bir marta hajga, ya'ni Makka ziyoratiga bormog'i (arabcha "haj" - ziyorat) va u yerda o'ziga xos bir qancha ibodat marosimlarini bajarmog'I lozim. Bu haqda Qur'oni Karim oyatida ham aytilgan: "Qodir bo'lgan kishilarga Alloh yo'lida haj uyi (Ka'ba) ni ziyorat qilish farz qilindi"¦" (Oli Imron surasi, 97 - oyat). Ayollar hajga erlari bilan yoki eng yaqin qarindoshlari bilan borishlari mumkin. Sog'lig'I bo'lmagan kishi o'z nomidan birortani vakil qilib yuborsa ham bo'ladi, biroq bunday vakil avval o'zi uchun haj qilgan bo'lishi yoki haj qilishi kerak. Haj qilishning ana shu xilini "hajji badal".

Rasmiy haj marosimi zu-l-hijja oyining birinchi o'n kunligida o'tsa-da, biroq Ka'bani boshqa paytlarda ham ziyorat qilish mumkin musulmonlar uchun savobdir. Qadimda, arablarning o'zi ham bir yilda bir necha bor Makka ziyoratiga borganlar. Ular uchun, odatda yilning oxirgi oylari (zu-l-qa'da va zu-l-hijja), shuningdek, muharram, rajab haj qilish oylari bo'lgan. Hatto rajab oyini "kichik haj oyi" deb ham ataganlar. Lekin Qurbon hayit eng ulug' haj bo'lib, qolavergan. Haj marosimlari Makka shahri va uning yaqin atroflarida o'tadi.

Makka shahri Saudiya Arabistonidagi Hijoz viloyatining ma'muriy markazi bo'lib, Hijoz tog'lari etagidagi vodiylardan birida joylashgan. "Makka shahri tog'lar orasida va siz qaysi tomondan kelmang, to shahrga yetmaguncha uni ko'ra olmaysiz; ulardan shaharga yaqini, uning sharqiy tomonidagi Abu Qubays tog'idir va u xuddi gumbaz shaklida", - deb yozgan edi bundan ming yil muqaddam (1049 - 1050 yillarda) Makkaga borib kelgan o'rtaosiyolik sayyoh olim Nosir Xisrav.

Umuman olganda, Nosir Xisravning Makka shahri va Abu Rayhon Beruniyning musulmonlardagi ulug' kunlar haqida yozib qoldirgan ma'lumotlari to'laligi va aniqligi bilan diqqatga sazovor.

Darhaqiqat, Makka shahri joylashgan vodiy ensiz, chamasi besh yuz metr keladi, o'simlik dunyosi yaqin-atrofdagi boshqa vodiylarga qaraganda ancha siyrak. Vodiyning obodonlashishida uning tabiati emas, balki ko'proq savdo yo'lida joylashganligi va ana shu asosda barcha musulmonlarning ibodat manzili - Ka'ba binosining barpo etilishi bo'lgan. Shu sababdan, Makkani ulug'lab "Umm-ul0bilod" (Shaharlarning onasi) ham deyishgan.

Hozirgi vaqtda Makka shahri ancha gavjum, unda taxminan 400 ming ah0li yashaydi; aholi asosan hunarmandchilik, ziyoratchilar uchun sovg'a buyumlar tayyorlash, shuningdek, ularga xizmat qilish kabi ishlar bilan shug'ullanadi. Endi Nosir Xisravning "men Makkada 2 mingdan ortiq erkak bo'lmasa kerak, deb faraz qildim, qolgan besh yuztacha erkak g'arib - musofirlardan iborat", deganini eslasak, shahrning o'tgan ming yil davomida qanchalik e'tiborli ziyoratgohga aylanganini ko'ramiz.

Makka shahrini obod etishda turli o'lkalarning musumonlarning qatnashganlar. "Makka shahrida Xuroson, Movarounnahr, Iroq va boshqa o'lkalar (musulmonlarning) o'z saroylari bor", deb yozadi Nosir Xisrav. Hozir haj mavsumida Makkaga bir milliondan ortiq odan tashrif buyuradi.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:45:43

Makkaga boruvchilarning soni yildan-yilga ortib borgan va bunga uzoq muddatli safaru yo'l azoblari ham to'sqinlik qila olmagan. Ziyoratchilarning ba'zilari safar davomida hatto olamdan ko'z yumganlar. Musulmonlarni bu yerga kuchli e'tiqod yetaklaydi. Bu xususda Nosir Xusrav shunday hikoya qiladi: "Zu-l-hijja oyining oltinchi kuni bir guruh xurosonlik haj qiluvchilar Shom va Misr yo'li orqali Madinaga yetib keldilar; oldinda esa yana bir yuz to'rt farsang yo'l bor edi, vaqt esa ziq. Shunda ulardan bir qismi, kimki bizni uch kun ichida Makkaga yetkazsa va biz haj qilishga ulgursak, kishi boshiga qirq dinordan to'laymiz, deb taklif kiritganlar. Arablar rozi bo'lishgan va ikki yarim kun deganda ularni manzilga yetkazib kelishgan. Bu uchun sayyohlarning har birini bedov nor tuyalar ustiga mahkam bog'laganlar va yo'rttirib haydaganlar. Ulardan ikkitasi yo'lda o'lib, ikkitasi chala jon holda asr namozi chog'i Arafotga yetib kelishdi. Keyinroq ularning hikoya qilishicha, yo'lda kelayotganda ahvollari yomnlashganini aytib qanchalik yalinmasinlar, tuyachilar to'xtatmasdan yo'rttiraveribdilar. Shunday qiolib, tirik qolgan ikki kishi haj qilishga muvaffaq bo'ldilar ("Safanoma", 65-bet)".

Haj qilish yo'lida vafot etganlar shahid, Alloh nazdida imonlari pok hisoblanadi. 1990yil haj paytida Mino vodiysida tasodifiy fojia yuz berib (tor yo'lakda tiqilib), ziyoratchilardan bir qancha kishi kishi nobud bo'ldi. Jumladan, O'zbekistondan hajga borganlardan to'rt ayol ibodat chog'ida shahid bo'ldilar ("O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi, 1990 yil, 3-avgust).

Haj niyatida Makka hududiga qadam qo'yishni maqsad qilgan musulmon, avvalo yuvinib, toza bo'ladi, so'ngra ehrom kiyadi. Ehrom - har bir ziyoratchi o'rashi shart bo'lgan ikki bo'lak oq mato. Uning bir bo'lagi (rido) ni yelkadan aylantirib va ikkinchi bo'lagi (izor)ni esa beldan pastga, xuddi lungiga o'xshatib o'raydilar, oyoq kiyimi yengil kovushdan iborat bo'lishi kerak. Erkaklar yalangbosh, ayollar ro'mol o'rab yuradilar. Umuman, ehrom muqaddaslashish, pok bo'lish holatiga o'tish (arabcha "haruma" - muqaddaslashmoq) ma'nosini anglatadi.

Makka ziyoratida ehrom kiyishning ham o'ziga xos tarixi bor va u arablarning islomgacha bo'lgan e'tiqodlaridan boshlanadi. Ma'lumki, Ka'ba islomgacha ham ziyoratgoh bo'lgan (bu haqda keyinroq hikoya qilamiz). O'sha paytlar Ka'ba xizmatchilari o'zlarining kundalik kiyimlarida ibodat qilaverganlar, biroq boshqa ziyoratchilar, dastlabki kelishlarida, yo shu yerdagi xizmatchilardan maxsus kiyim olib kiyishlari yoki kiyimsiz haj qilishlari lozim bo'lgan. Ziyoratdan so'ng, haj kiyimini Safo va Marva oralig'ida qoldirib ketish shart sanalgan. Natijada, borib-borib Ka'ba ziyoratiga kelganlar uchun o'zlarini yaxlit bir bo'lak oq mato - ehrom bilan o'rab olish odat tusiga kirgan.

Keyinchalik Muhammad payg'ambar tomonidan ehrom ikki bo'lak matodan iborat bo'lishi joriy etildi va hozirgacha hajga boruvchilar bunga amal qiladilar.

Ehrom Makkaga kirguncha bog'lanadi. Nosir Xisrav bu haqda shunday yozadi:
"Uzoqdan kelganlar uchun Makka shahridan yarim farsang (1 farsang taxminan 6-7 kilometr) uzoqlikda joylar belgilab qo'yganlar. Ular shu yerda ehrom bo'g'lab so'ngra Makkagaga Ka'ba ziyoratiga kiritadilar. Shaharliklar ham ziyorat uchun avval o'sha manzilga borib, ehrom bog'lab, yana shahrga doxil bo'ladilar. ("Safarnoma", 73-bet)". Hozirgi vaqtda ham ziyoratchilar Makkaga qaysi tomonidagi yo'ldan kelishlariga qarab, o'sha yo'ldagi Makkaga eng yaqin qishloqda ehrom bog'lab oladilar. Umuman, har bir yo'nalishda Makka chegarasini ko'rsatuvchi belgilar qo'yilgan.

Shariatga muvofiq, ehrom holatiga kirgan hojilar kundalik hayotda qilib yuradigan bir qancha ishlardan o'zlarini tiyadilar. Bu vaqtda ularga tikilgan kiyim kiyish, xushbo'y narsalar ishlatish, soch-soqolini qirish, jinsiy qo'shilish, biror narsaga ozor yetkazish kabilar taqiqlanadi va bu haqda Qur'oni Karimda ham aytilgan (Baqara surasi, 197-oyat). Ziyoratchi ehrom bog'lagandan so'ng, ikki rakaat namoz ado etadi. Haj davomida ziyoratchi tasodifan yoki zarurat yuzasidan yuqoridagi shartlardan birortasini buzsa, evaziga jarima tariqasida ma'lum miqdorda ehson qilmog'i zarur.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:46:15

1990-1992 yillarda O'rta Osiyodan hajga borganlar o'z vatanlarida samolyotga chiqish oldidan ehrom bog'ladilar. Samolyot Jidda shahriga qo'ngach, ziyorat qiluvchilarni avtobuslarda Makka shahriga eltganlar. Ziyoratchilar ehrom bog'lab olgan holda Ka'ba uyini va uning atrofidagi joylarni tavof qiladilar, ya'ni rasmiy qoidalarni ado etadilar.

Haj qilishning qoida tarziga aylangan o'ziga xos rasm-rusumlari bor va ular, asosan, Muhammad payg'ambar oxirgi vidolashuv hajida (631 yil, ba'zi ma'lumotlarda 632 yil) bajargan ishlardan iborat: Ka'bani 7 marta aylanish, Safo va Marva tepaliklari orasida 7 marta yurish, Mino vodiysida Arafotdan qaytib kelish qurbonlik qilish. Mana shu amallarni bajo keltirish haj qilish marosiminng asosini tashkil qiladi.

Bu ibodatlar, o'z navbatida, Ibrohim nomi bilan bog'liq rivoyatlarga borib taqaladi. Ma'lumki, musulmonlar nazdida yahudiy va xristianlarning Alloh yagonaligi bilan bog'liq e'tiqodlari, ularning Muso, Iso va Dovud kabi din asoschilari tomonidan muqaddas kitoblari (Tavrot, Injil, Zabur) da e'tirof etiladi. Zero, islom dini ham ko'pxudolilik e'tiqodlariga qarshi kurash zaminida tarkib topgandir. Islomdagi ayrim udumlar ham ana shu yakka xudolikni targ'ib etgan shaxslar (ularning ba'zilari hozircha afsonaviy deb kelinadi) faoliyati bilan bog'liq, jumladan, haj marosimida Ibrohim ruhini ulug'lash ham .

Musulmonlar haj paytidagi ibodatlarida go'yoki Ibrohimning o'z zamonida Allohga bildirgan sadoqatini davom ettirgan bo'ladilar.

Ibrohim haqidagi rivoyat xorazmlik olim Nosiriddin Burhoniddin Rabg'uziyning (XIII asr oxiri - XIV asr boshi) "Qissasi Rabg'uziy" (yoki "Qisas ul-anbiyo" - "Payg'ambarlar tarixi") nomli asarida ancha mukammal berilgan. Quyida "Qissasi Rabg'uziyning" nusxasidan ushbu riviyatning qisqacha mazmunini keltiramiz.

Rivoyat qilinishicha, Ibrohimning Sora ismli juda sohibjamol xotini bo'lgan ekan, biroq xuda ularga farzand ato etmaydi. Sora eriga achinib, unga Hojar ismli misrlik cho'risiga uylanishga ruxsat beradi. Buni qarangki, tez orada Hojar homilador bo'ladi. Ahvoldan xabardor bo'lgan Sora rashk o'tida yonadi va erini cho'ri bilan birga uydan haydab chiqaradi. Ular hozirgi Makka shahri barpo bo'lgan joyga kelishadi. Bu yerda Hojar ko'zi yorib o'g'il ko'radi, lekin suv yo'qligidan qiynaladi va oxiri bolani yo'rgaklab, o'zi suv qidirib ketadi. Shu yaqin o'rtadagi Safo va Marva tepaliklari orasidan "Mana suv" degan ovoz eshitilladi. Hojar ovoz ketidan u tepadan bu tepaga etti marta yuguradi, biroq suv topa olmaydi. Shu sababdan, hajga borgan hojilar uchun Savo va Marva tepalari o'rtasida etti qadam ildam borib kelish, sunnat hisoblanadi.

Hojar suv topa olmagach, "Isma yo Il!" - deb nido qiladi (bu suryoniy tilida "Yo Olloh meni eshitgil!" - degani).

Hojar o'g'lining yig'lagan ovozini eshitib qaytib keladi. Qarasa, chaqaloq yuz tuban o'girilib qolib ikki oyog'I bilan yerni tepar, o'sha joydan esa suv buloq bo'lib chiqib yotardi. Bu holni ko'rgan Hojar, "Alloh zorimni eshitdi", - deb sevinganidan o'g'lini "Ismoil" deb ataydi.

Bir kuni Ibrohim tush ko'radi. Tushida g'oyibdan "tur, qurbonlik qil", - degan ovoz eshitadi. U tong sahar uyqudan turib yuzta qo'y keltirib so'yadi. Ikkinchi kecha tushida yana o'sha ovoz takrorlanadi. U ertasiga yuz teva (tuya) qurbonlik qiladi. Biroq, uchinchi kecha tushida yana qulog'iga tanish ovoz chalinadi. Shunda Ibrohim, endi nimani qurbonlik qilishim kerak, - deb so'raganda, g'oyibdan, - Bizdan o'zga kimni suysang o'shani qurbon qil, - degan ovoz chiqadi.

Ismoil ertalab turib, xotini Hojarga: "Ismoilni yuvib-tarab, yaxshilab kiyintir, bir do'stim ko'rmoqchi ekan, o'shaning oldiga olib boraman", - deydi va yo'lga chiqish oldidan arqon bilan pichoq ham oladi. Hojarning "ip bilan pichoq ne uchun", degan savoliga, "qo'y olib kelmoqchiman, har ehtimolga", - deb javob beradi.

Ota - bola oldinma - ketin ketayotganlarida Iblis ularni Alloh buyurgan bu yo'ldan qaytarishga urinib, ko'ngillariga vasvasa solmoqchi bo'ldi. Lekin ularni Alloh buyurganiga itoat qilmoq aqidasidan ozdirolmadi. Ismoil otasiga, bir qari chol uni yo'ldan qaytarmoqchi bo'layotganini aytganda, Ibrohim u chol qiyofasidagi Iblis ekanligini aytib, unga tosh otishni buyurgan. Ismoil Iblisga qarata yettita tosh otgan. Shu sababdan, hajga borgan hojilar uchun tosh otmoq udum bo'lib qolgan.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:47:06

Nihoyat, Alloh tomonidan ko'rsatilgan joyga yetishganda, Ibrohim o'g'li Ismoilning o'yoq - qo'lini bog'lab, bo'g'ziga pichoq tortadi. Biroq, u qanchalik urinmasin, pichoq kesmaydi. Shu payt Jabroil yetib kelib, Alloh Ibrohimning sodiqligiga ishonch hosil qilganligi va o'g'li Ismoil o'rniga bitta qo'y olib so'yish buyurilganini yetkazadi. Ibrohim Alloh amri bilan qo'y olib kelib so'yadi. Alloh amri bilan aytilgan bu so'zlardan so'ng, qurbonlik uchun qo'y so'yish udum bo'lgan ekan.

Shundan so'ng, musulmonlar uchun qurbonlik qilish va unda qo'y so'yish odat tusiga kirdi. Ibrohim esa, Allohga izhor etgan sadoqati uchun "Xalilulloh" (Allohning do'sti) degan sifatga ega bo'ldi va musulmonlar uni Ibrohim xalilulloh deydilar.

Yana haj ziyoratiga qaytaylik. Hojilar ehrom bog'laganlaridan so'ng dastlabki ziyoratni Ka'badan boshlaydilar. Ka'ba haqida Qur'oni Karimning Baqara, Oli-Imron, Moida, Anfol, Hud, Ibrohim, Haj, Azhob, Tur, Quraysh suralarida zikr etilgan. Jumladan, Haj surasida: "Masjid al - Harom ("Muqaddas masjid", ya'ni Ka'ba va uning atrofi) ni barcha uchun barobar ziyoratgohga aylantirdik", deyilgan (25-oyat). Shu sababdan, Ka'ba binosi va uning tevarak - atrofi (10-25 km. masofagacha) haram - muqaddas joy sanaladi va unda haj kunlari (10 kun) biror jonzotga ozor berish, qon to'kish man etilgan. "Ka'ba uyi masjid al-Haromning o'rtasida va masjid al-Harom esa Makka shahrining o'rtasidadir... Masjid devorlarining burchaklari yassiroq va uning umumiy shakli doirasimondir, hamma tomondan Ka'baga qarab namoz o'qish uchun qulay bo'lishi uchun shunday qilingan... G'arbdan sharqqa biroz cho'ziq, o'n sakkizta eshigi bor..." - deb yozgan edi Nosir Xisrav o'z "Safarnoma"sida. Ziyoratga kelganlar dastlab "as-Salom" eshigidan kiradilar. Muqaddas masjid binosini dastlab xalifa Umar ibn al-Xattob (taxminan 585-644 yillar) ta'mirlagan va sahnini kengaytirgan. Bu ish keyingi asrlarda ham davom etgan. Hozirgi vaqtda masjid sahni 75000 kv. m., eshiklarining soni 25 ta.

Asosiy ziyoratgoh Ka'ba bo'lsada, biroq musulmonlar uning atrofiga aylantirib qurilgan masjid (Masjid al-Harom)ni ham va Makka shahrini ham muqaddas deb biladilar. Shu sababdan, musulmonlar Ka'ba xonasini Ka'batulloh - "Allohning Ka'basi" yoki "Baytulloh" - "Allohnin uyi" deydilar. "Masjid - Allohning uyi", - degan ibora ham shundan kelib chiqqan, zero yuqorida ta'kidlaganimizdek, Baytulloh o'z navbatida Masjid al - Haromning o'rtasida joylashgan. Ka'ba - Arshi a'lodagi Ka'baning yerdagi timsoli, Alloh ulug'ligining ramzidir. Musulmonlarning Ka'bani rasmiy ziyorat qilishlari (haj) 628 yildan boshlangan.

Ka'ba balandligi 15 m, asosi - 12X10 metrlik toshdan qurilgan bino; burchaklari dunyo tomonlariga aytarli mos tushadi. Nosir Xisrav uni uzunligi 30 arash (1 arash=62 sm), eni 16 arash, shimoldan janubga cho'ziqroq, deb yozgan edi.

Ka'baning shimoli - sharqiy devorida yerdan taxminan 2 metr balandlikda eshigi bor; Ka'ba ichiga kirish yoki uni tozalash paytida, bu eshikka narvon qo'yib chiqiladi. Ka'ba ichiga uchta ustun o'rnatilgan, ko'plab lampalar osilgan, maqsh solib bezatilgan. Bu yerda yana Qur'oni Karimning hadya etilgan nodir nusxalari ham saqlanadi. "Qisas ul-anbiyo"da xabar berilishicha, Ka'ba binosini dastlab Odan Ato qurgan va "Bayt ul-Ma'mur" ("Obod uy") nomi bilan mashhur bo'lib ziyoratgohga aylangan. Nuh zamonida olamni suv bosib va yana qaytgandan so'ng, bu yerda ibrohim Ka'bani bunyod etgan ekan.

Ka'ba binosining janubi-sharqiy tashqi burchagiga taxminan 1,5 m balandlikda "Hajar al-asvad" ("Qora tosh"; arabcha "hajar" - tosh, "asvad"-qora) o'rnatilgan.

Rivoyatlarda keltirilishicha, bu qora toshni dastlab Alloh taolo Odam Atoga hadya etgan ekan. Olimlarning taxminiga ko'ra, bu tosh meteorit qoldig'i bo'lishi mumkin. Har ikkala holda ham "Hajar al-asvad" fazoviy jism bo'lib chiqadi. Uning tashqi ko'rinishi qoramtir qo'ng'irsimon tusli bo'lib, kattaligi haqida: "uzunligi bir qo'l uzunligi va yana to'rt batmoq (angusht), eni sakkiz barmoq, shakli doirasimon bo'y-bastli kishi ko'kragi barobarida, devor burchagiga bir toshga o'rnatilgan", deb yozgan ediNosir Xisrav. Tashqi tomondan odamlar tavof qilishi uchun toshning faqat yuza qismi ochiq qoldirilgan.

Arablarda toshlarga sig'inish udumi islomdan ilgarigi zamonlarga borib taqaladi. Qadimda arab qabilalari o'rtasida ko'pxudolilik, jumladan, turli toshlar, qoyalar, dov-daraxtlar kabilarga topinish odati ancha keng tarqalgan edi. Ka'ba esa islomgacha bo'lgan davrda ham arab qabilalari ibodat uchun yig'iladigan muqaddas dargoh hisoblangan; unda qabilalar xudolarining 360 sanami saqlangan. Umuman, qadimda Makka shahri o'rni va atroflarida arab qabilalarining bir nechta ziyoratgohlari bo'lib, keyinchalik Ka'baga e'tibor kuchaygan va shu rasm saqlanib qolgan. Keyinchalik, islom dini joriy etilib, yakkaxudolik targ'ib qilinganidan so'ng, Ka'bada sanamlar yo'qotilgan, faqat "Hajar al-asvad" qalgan. Lekin toshning bu yerga qachon va qanday keltirilgani to'g'risida aniq ma'lumot yo'q, u haqida Qur'onda ham eslatilmagan.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:47:39

Ka'ba va undagi qora toshning o'ziga xos tarixibor. Qabilaviy urush-talashlar va tabiiy ofatlar (yong'in, sel) natijasida Ka'ba bir necha bor xarob bo'lgan va uni qayta tiklaganlar. Qora tosh ham yong'in chog'ida singan, hozir u bir-biriga ulangan uchta bo'lakdan iborat va kumush xalqaga solib qo'yilgan. Arab xalifaligida Abbosiylar hukmronligi (750-1258) da yillarida (IX asr oxiri - X asr boshlarida) qarmatlar monli siyosiy oqim yuzaga keldi. Ular, dastlab, Janubiy Iroqda mavjud feodal tuzumga qarshi ko'tarildilar va keyinchalik, xalifalikning boshqa hududlarida ham ularning tarafdorlari ko'paydi. Qarmatlar ikki yuz yil davomida islomga qarshi kurashdilar. Sharqiy Arabistonda o'z davlarlarini tuzdilar va 929 yili Makkani talab, "Hajar al-asvad"ni olib ketdilar. Oradan yigirma yil o'tgandan keyingina tosh o'z o'rniga qaytarildi. Qarmatlarning bu qilmishi musulmonlarning ularga nisbatan qahru g'azabini qo'zg'atdi. Bizning davrimizda ham shunga o'xshash bosqinchilik bo'ldi. Ya'ni 1980 yili bir guruh munofiqlar tomonidan Ka'baga hujum uyushtirilgan. Ular Ka'bani egalladilar, lekin ikki haftalik kurashlardan so'ng tor-mor etildilar.

Ka'ba binosi qora kimxob bilan qoplangan va bu mato har yili yangilanib turiladi, eskisini hajga kelganlarga tabarruk qilib ulashadilar. Ka'ba jildini ilgari Misrdan yuborilishi, u Misr sultonlarining muqaddas dargohga yuboradigan tuhfasi ekanligi haqida: "(Misr) sultoni har yili ikki marta, qarorga muvofiq, Ka'baga yoping'ich yuboradi", - deb yozgan edi Nosir Xisrav. Demak, keyinroq borib bir marta yoping'ich yopish odat bo'lgan. Aslida, Ka'bani, dastlab, Muhammad payg'ambar 632 yili Madinadan Makkaga oxirgi marta hajga kelganida matoga o'ragan edi. Shundan so'ng, bu odat tusiga kirib qoldi. Ka'ba jildiga o'rta belidan sal yuqorida aylanasiga va tamg'alariga Ka'ba va hajga tegishli Qur'on oyatlari zardo'zi qilingan. Haj marosimining asosiy shartlaridab biri - Ka'ba xonasini tavof qilish - uning atrofida yetti marta aylanish (tavofi qudum) dan boshlanadi. Muhammad payg'ambar ham o'z vaqtida Ka'ba atrofida yetti marta aylanib chiqqan. Muqaddas uyni tavof qilish Qur'onda ham eslatilgan (Haj surasi, 29-oyat). Bu odat haqida Nosir Xisrav yana shunday yozadi: "Ziyoratga kelganlar Ka'ba uyi atrofida o'ng tomonga aylanadi va bunda Ka'ba uyi uning chap qo'l tomonida bo'ladi (ya'ni soat yo'nalishiga qarshi). "Hajar al-asvad" ga yetganda, uni o'pib tavof qiladi, yana aylanishda davom etadi va shu tarzda yetti marta - uch marta tezroq, to'rt marta sekinroq yurib aylanadi" ("Safarnoma", 73-bet).

"Odamlar 150-200 metrlik katta doira bo'ylab tinimsiz aylanadi. Bu katta davrada dunyodagi hamma xalq vakili topiladi. Hamma o'zi bilan o'zi ovora, yonidagi bilan ishi yo'q. Balki ko'rinmaydi ham, xuddi qiyomat kunidagi kabi. Lekin hammaning maqsadi bir edi - ezgulik va poklik uchun xizmat qilish" - deb xotirlaydi. 1990 yili O'zbekistondan haj ziyoratiga borib kelgan Abdulboqi Imomxon o'g'li o'z taassurotlarida ("O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi, 3 avgust, 1990 yil).

Hozirgi vaqtda, ziyoratchilar ko'pligi tufayli, "Qora tosh" ni o'pish hammaga ham nasib qilavermaydi. Shu sababdan, unga qo'l tekkizish yoki bo'lmasa o'sha tomonga qo'lni uzatishning o'zi kifoya, deb topilgan.

Ka'bani yetti marta aylanib chiqilgandan so'ng, odatda maqomi Ibrohimga o'tiladi va bu yerda ikki rakaat namoz ato etish foydali va sunnat hisoblanadi. Bu haqda Nosir Xisrav shunday deb yozadi: "Tavof tugagach, ziyoratchi, Ka'ba uyi yonidagi maqomi Ibrohimga o'tadi va uning orqa tomonida turadi, shundayki, Maqom u bilan Ka'ba xonasi o'rtasida bo'ladi. Shu yerda (Ka'baga qarab) ikki rakaat namoz o'qiydi va buni "tavof namozi" deydilar" ("Safarnoma", 73-bet).

"Maqomi Ibrohim" - bu Ibrohim xalqni ziyoratga da'vat etgan joy. Uning tarixi "Qissai Rabg'uziy" da quyidagicha tavsif etiladi (qisqa mazmuni):

Ibrohim Ka'ba binosini qurib bitirgach, Jabroil (Allohdan xabar yetkazuvchi farishta) unga Ka'bani ziyorat qilish va xalqni ham da'vat qilish haqida Allohning yorlig'ini yetkazgan. Ushbu buyruq asosida, Ibrohim Ka'ba yaqinidagi bir xarsang tosh ustiga chiqib xaloyiqqa qarab: "Ya ayyuhannas innalloha ta'alabana lakum baytan va amarakum an tahujjuhu va hajjuhu" (Ey odamlar, darhaqiqat alloh taolo sizlar uchun bir uy qurib qo'ydi va uni ziyorat qilib turishni buyurdi, bas ziyoratga kelinglar) degan. Shunda jamiki xaloyiq Ka'ba ziyoratiga shoshilib: "Labbayk alllohumma labbayka, labbayka la sharikalaka labbyka, inna al-hamda va an-ni'mata va-l-mulka laka, la sharika laka (Labbay ey olloh, labbay ey tengsiz (zot) labbay, albatta haqiqiy maqtov, ne'mat va hukm faqat senga xosdur, senga teng (zot) yo'q)" - deb javob berganlar ("Qissai Rabg'uziy", 82, 196-betlar).

Hajga borganlar uchun Ka'ba ziyorati paytida "Labbayka allohumma labbayka..." so'zlarini takrorlash hozir ham zarur shartlardan biri bo'lib qolgan. Bu so'zlar (talbiya) ni rasman ehrom bog'lab ikki rakaat namoz ado etilgandan song aytiladi.

"Maqomi Ibrohim" haqida Nosir Xisrav batafsil ma'lumot yozib qoldirgan: "Maqomi Ibrohim alayhissalom alayhissalom (Ka'ba) xonasidan Sharq tomonda. U bir tosh bo'lib, unda Ibrohim alayhissalom ikkala oyog'ining izi bor; (bu tosh) boshqa bir tosh ustiga qo'yilgan..." ("Safarnoma", 81-bet).

Bu xarsangtosh Ka'ba binosidan 13,5 metr narida, uning eshigi ro'parasida bo'lib Nosir Xisrav o'z vaqtida bu oraliqni 30 arash, deb yozgan edi.

Biroq, "Qissai Rabg'uziy"da (82-bet) Ibrohim ommani ibodatga chorlagan joy bu Qubays tog'ida, deyilgan. Nosir Xisrav bu holatga aniqlik kiritib, tog' tepasida bir nishona - tosh bor, aytishlaricha, uni Ibrohim alayhissalom olib chiqqan ekan, - deydi ("Safarnoma", 72-bet). Demak, xulosa qilish mumkinki, Ibrohim nomi bilan bo'g'liq ziyoratgoh ilgari Bu-Qubays (yoki Abu Qubays) tog'ida bo'lgan, keyinchalik esa Ka'ba hovlisiga olib o'tilgan.

"Maqomi Ibrohim"dan Ka'baga qarab namoz o'qish haqida "Qissasi Rabg'uziy"da shunday rivoyat bor. Unda aytilishicha, Ka'ba binosini Alloh taolo Ibrohimga besh tog'dan (Tur-Sino, Tur-Zeno, Xiro, Lubnon, Judiy) tosh keltirib qurishni buyurgan (vaholanki, Ka'ba atrofi toshloq edi). Buning sababi, kim Ka'baga qarab bir kecha-kunduzda besh vaqt namopz o'qisa, yoxud uni tavof qilsa, ul kishining gunohi shu besh tosh tog' oralig'icha bo'lganida ham barchasini kechirgayman, - degan Alloh taolo ("Qissai Rabg'uziy", 81-bet).

Endi tarixga bir nazar qilaylik. Ibodatxonalarda ma'lum bir tomonga qarab ibodat qilish uzoq moziydan qolgan odat. Masalan, qadimda xristian cherkovlarida sharqqan qarab cho'qinganlar. Muhammad payg'ambar Yasrib (Madina) da islomni targ'ib qilayotgan dastlabki paytlarda musulmonlar shimolga, Bayt ul - Muqaddasga, ya'ni Quddus shahri tomonga (bu hol yahudiylar an'anasiga xos, deb taxmin qilishadi) qarab ibodat qilganlar. Keyinchalik Muhammad payg'ambar Makka shahri (ya'ni Ka'baga qarab) ga qarab namoz o'qishni buyurgan va bu an'anaga aylangan. Bu haqda Qur'onda ham oyat bor: "Qayerdan safarga chiqmagin, yuzingni Masjidi Harom tarafg'a qilg'il..." (Baqara surasi, 149-oyat). Qiblaning Makkaga qaratilishi musulmonlar aqidasicha, hijratning 2-yilida bo'lgan. Beruniy "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida bu haqda ancha aniq ma'lumot beradi: "(Muharramning) o'n oltinchi kuni (622 yil 31 iyul) qabila tomongab yo'naltirilgan... Sha'bon oyining o'n beshinchi kuni (624 yil 11 fevral) asr namozidan oldin qibla Bayt ul - Muqaddas tomonidan Ka'ba tomoniga aylantirildi, bundan oldin o'n sakkiz oy Bayt ul - Muqaddasga qarab namoz o'qilgan edi".

Ziyoratchilar, "Maqomi Ibrohim" dan Zamzam qudug'i boshiga o'tadilar. Bu quduq suvidan ichish yoki unda yuz-qo'l yuvish ham savob hisoblanadi. Bu suv tarixiga oid rivoyat yuqorida Ibrohim qissasida aytib o'tildi.

Arabcha "zamzam" - "sersuv" demakdir. Ma'lumki, Makka aholisi qadimdan quduqlardan suv ichganlar. Umuman, suv tanqisligi Arabiston tabiatining quruq issiq iqlimi tufaylidir (o'rtacha yog'in miqdori 100 mm).


Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:48:20

Makka nohiyasida bahorda sharros yomg'irlar yog'ib o'tadi. Bunday paytlarda vodiylardan suv sel bo'lib oqadi. Nosir Xisravning yozishicha, Makka vodiysida sel suvlarini maxsus qazilgan hovuzlarda yig'ib yozda foydalanganlar. Hatto ana shunday sellar paytida islomdan oldin Ka'ba binosini sel yuvib, xarob qilganligi ham ma'lum.

"Safarnoma" da yana shunday yozilgan: "Adan amirining Shoddil ismli o'g'li bor edi va u Makkaga (tog'dan) yer osti bilan suv keltirgan edi... Arafotda ana shu suvdan ekin-tikin va polizlar barpo etganlar. (U suv) Makkaga kelardi, lekin shaharga bir oz yetmasdi. (Suvning oxiriga) bir hovuz qaziganlar va meshkobchilar undan (suv) olib kelib shahrda sotadilar" ("Safarnoma", 74-bet).

Issiq iqlim sharoitida, tabiiyki, qurg'oqchilik ham bo'lib turgan va bunday yillarda aholi qattiq ocharchilikni boshdan kechirgan. Ocharchilik yillarida haj qilish ham man etilgan va ziyoratchilar Misrdan qaytib ketishga majbur bo'lganlar. Nosir Xisrav shunday yozadi: "439 (1048) yili (Misr) sultoni xalqqa shunday farmon chiqardi. Mazmuni: "Hojilarga bu yil hajga Hijoz safariga chiqishni maslanat bermaymiz, chunki bu yil u yerda ocharchilik bo'lib ko'p xalq o'lgan…" ("Safarmona", 63-bet)". Bu voqea haqida "Makkada ocharchilik edi, 4 man non 1 nishopur dinori turardi. Musofirlar Makkani tark etmoqda edilar, hech qayerdan hojilar kelmagan edilar" - deb eslaydi yana Nosir Xisrav o'z kundaligida ("Safarnoma", 64-bet).

Tabiiyki, bunday sharoitda har bir buloq yoki quduq aziz hisoblangan. Makka vodiysida o'nlab quduqlar bo'lsa-da, biroq muntazam suvi mo'lrog'i Zamzam edi. Ehtimol bu zamonlar Ka'ba ham ana shu quduq tufayli ibodatxonaga aylangandir. Axir har qayoqdan kelib shu quduq bo'yida tunab qolgan savdogarlaribodat ham qilgan bo'lishlari mumkin-ku. Ka'bada islomgacha 360 ta sanam o'rnatilganligining sababi ham shunday bo'lganva ularga Arabistonning turli qismida sig'inganlar. Bu sanamlar uzil-kesil 630 yili olib tashlandi.

Nosir Xisrav "Safarnoma" sida Zamzam haqida to'la ma'lumot bor. Jumladan, shunday so'zlar yozilgan: "Zamzam qudug'i Ka'ba uyidan Sharq tomonda, Hajar ul-Asvad joylashgan burchak yo'nalishida; Zamzam qudug'I bilan (Ka'ba)" xonasi orasi qirq olti arash keladi, quduqning kengligi uch yarim gazga, uch yarim gaz (3.5X3.5; X asrda 1 gaz - 62 sm; demak, quduqning kengligi - 217 smX217 sm), suvi sho'rtob, lekin ichsa bo'ladi. Quduq boshi oq marmardan devor bilan o'rab olingan, uning balandligi ikki arash. Zamzamning to'rt tomonida oxurlar qilganlar va suvni olib o'sha yerga quyadilar, odamlar olib tahorat qiladi… Zamzam yonida sharq tomondan bir to'rtburchak uy qurilgan, tomi gumbazli; uni Sqoyat ul-hoj deydilar. U yerda xumlar qo'yilgan, hojilar o'sha yerdan suv ichadilar" ("Safarnoma", 81-bet).

Zamzam qudug'i Masjid al - Haromning hovlisida, Ka'ba uyidan 20 metrcha sharqda joylashgan. Hozirgi vaqtda quduq suvi yuqoriga chiqarilgan bo'lib, jo'mrak o'rnatilgan va haj qiluvchi o'z idishida undan ichishi mumkin. Zamzam suvidan yana bir qismi Ka'ba hovlisining tashqarisiga olib chiqilgan va unga maxsus nov qurilgan. Undan ziyoratchilar vataniga olib ketishi uchun kattaroq idishlarda olishi, surp va kiyimini ho'llab olishi mumkin. Zamzam suviga botirib olingan mato tabarruk bo'ladi.

Ka'ba tavofidan so'ng, ziyoratchilar Safo va Marva qoyali tepaliklar oralig'ida 7 marta shitob (sa'y) bilan borib keladilar. Bu tepaliklar oralig'i taxminan 400-500 m.

Nosir Xisrav bu haqida quyidagicha yozadi: "Ziyoratchilar Muqaddas masjidning Bob ul-Safo eshigi orqali chiqib, (hozir ham shunday), Safo tepaligiga boradilar va u yerga yetganda Ka'ba uyiga qarab duo qiladilar. Undan Marv tepaligiga, ya'ni janubdan shimol tomon yuradilar. Marvaga yetgach, yana Ka'baga qarab duo o'qiydilar. Safo va Marva oralig'ida (Muhammad) payg'ambar shitob ila yurgan joylarda ziyoratchilar ham ildam yuradilar. Bu oraliqda hammasi bo'lib yetti marta - to'rt marta Safodan Marvaga yuriladi. Marva tepaligidan tushgandan so'ng, hojilar o'sha yerdagi do'konlarda soch oldiradilar" ("Safarnoma", 73-74 betlar). Bizning davrimizda ziyoratchilarning ko'pchiligi buni e'tiborga olib, ularga qulaylik yaratish maqsadida, Safo va Marva tepaliklari oralig'ida maxsus timsimon yo'l qurilgan.

Aslida, Safo va Marvaoralig'ida yurish Ibrohim qissasida zikr etilgan Hojarning suv qidirib zir yugurgan holatiga taqliddir.

Hajga borganlar Zamzam suvidan ichish bilan birga qaytishlarida o'zlari bilan olib ham keladilar va do'st - birodarlariga tabarruk qilib ulashadilar. Xalqimizda "Obi Zamzam" degan tushuncha ham shundan kelib chiqqan.

Shu bilan haj marosimining birinchi qismi yakun topadi va uni "umra" ("kichik haj") deyishadi. "Umra" tavofi farz sanaladi. Undan so'ng soch oldirmoq yoki taqlid qilmoq (ustarani bosh ustidan yurgizmoq) lozim. "Umra" tavofi tugagach, ziyoratchi go'yo makkalik sanaladi va u ehromdan chiqishi, ya'ni o'z kiyimida yurishi mumkin, hamda keyingi kunlar shu kiyimida yurishi mumkin, hamda keyingi kunlar shu kiyimda Ka'bani ziyorat qilsa bo'ladi.

Bundan maqsad, ehromni yuvib tozalash hamdir. Biroq, o'z kiyimida o'tagan haj ibodati "tavof" bo'la olmaydi va oddiy ziyorat hisoblanadi. Agar ziyorathi rasmiy tavof, masalan, o'zining ota-onasi yoki biror yaqin kishisi uchun (ularning vafotidan keyin ham bo'lishi mumkin) haj qilmoqchi bo'lsa, u holda yangidan ehrom bog'lamog'i va o'sha shaxs nomidan niyat qilmog'i kerak.

"Umra" Muhammad payg'ambar tomonidan dastlab, 629 yili ado etilgan edi. Bir yildan so'ng, ya'ni 630 yili Abu Bakr rasmiy haj bilan Makkaga keldi. Keyinchalik, yuqorida qayd etilganidek, payg'ambarning oxirgi marta Madinadan Makkaga hajga kelib ziyorat etmoq shart bo'lib qoldi va uni odatda "katta haj" (qiron) deydilar. Bunday ziyoratchilar soch-soqollarini ham ana shu katta haj tugagach oldiradilar. Katta haj tafsiloti quyidagicha:

Zu-l-hijja oyining yettinchi kuni Ka'ba masjidida tantanali ravishda xutba (nutq, diniy pand nasihat) o'qiladi, ya'ni va'z aytiladi.

Sakkizinchi zu-l-hijjada ziyoratchilar Makkadan chiqib Mino va Muzdalifa vodiylari orqali Arafotga yo'l oladilar, yo'lda bir qism ziyoratchilar kechqurun Mino qishlog'ida tunaydi, qolganlari Arafotda bo'ladi. Minoda tunab qolgan ziyoratchilar, ertasi kuni avtobuslarda Arafotga yetib keladilar.

Makkadan Arafotgacha bo'lgan masofa 30 km; Makka - Mino - 12 km; Arafot - Muzdalifa - 6 km; Muzdalifa - mIno - 12 km.

Arafot hajga borganlar uchun qadimdan asosiy ziyoratgohlardan biri bo'lib hisoblangan, jumladan, bu haqda Nosir Xisrav shunday yozadi: "Arafot adirliklar orasida joylashgan bir yalang dasht, eni-yu bo'yi taxminan 2 farsangdan. Ul dashtda Ibrohim alayhissalom qurgan bir masjid bor ekan, undan bir buzuq minbar qolgan. Peshin namozi vaqtida u yerga xatib kelib xutba o'qiydi, so'ngra azon aytadilar va jamoa bo'lib ikki rakaat musofirlik namoz o'qiydilar. So'ng xatib tuyaga minadi, mashriq tomon yuradilar. U yerda bir farsang yo'lda kichik toshloq yo'l Jabal ar - Rahma bor, o'sha joyda turib to quyosh botguncha duo o'qiydilar ("Safarnoma", 84-bet)".

Arafot aslida uzunligi 11-12 km, eni 6,5 keladigan suvsiz toshloq vodiy. Shimol tomonida Arafot og' tizmasi joylashgan. Jabal ar-Rahma (boshqacha atalishi Jabal - Arafot) tog'ining nisbiy balandligi 60 metr, eng tepasiga kichik bir minora qurilgan. Arafotda doimiy tarzda aholi yashamaydi. Hozirga vaqtda ham 9-zu-l-hijja kuni Arafotda hajning tantanali marosimlaridan biri o'tadi. Yuqorida ta'kidlanganidek, ziyoratchilar vuquf holatida, ya'ni tik turibhamdu sano aytish bilan mashg'ul bo'ladilarva shu yo'l bilan imonlarini toblaydilar. Hozir bu yerda bajo keltiriladigan ibodatning tafsiloti quyidagicha. Ziyoratga kelganlar kichik-kichik jamoa (guruh) bo'ladilar va har bir guruhga bir imom saylanadi saylanadi. Peshin paytida bir azon (peshin azoni) bilan bir vaqtning o'zida ham peshin, ham asr namozlari o'qiladi. Lekin takbir har bir namozning o'ziga alohida alohida aytiladi. Peshin va asr namozlari qo'shib aytilgach, bir soat tik (qiyom) turiladi. Ibodatni Makka masjidining bosh imomi Jabal ar-Rahma tog'idan turib boshqaradi, u xutba o'qiydi. Rivoyatga ko'ra, Odam alayhissalom shu tog' - tepalikan turib, Allohdan ushbu dargohga ziyoratga kelganlarning orzu-tilaklarini ado etishni so'ragan ekan.

Arafotdagi ibodat marosimi rasmiy hayit kunidan bir kun oldin 9-zu-l-hijjada, ya'ni hayit arafasida boshlanadi. Xalqda hayitdan oldingi kunlarning "arafa" atalishi ham shu sababdandir. Beruniy "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida "arafa" so'zi haqida yana quyidagilarni yozgan: "Bu (tishriy) oyning yigirma birinchi kuni (yahudiylarda) "arafo" deb ataladi. Shu kuni sahroda Bani Isroilboshlariga bulut soya solib turgan. Bu kun yig'ilish hayiti bo'lib, yahudiylar Bayt ul-Muqaddasdan Harqaroda haj qilish uchun yig'ilib, ibodatxonalarida (musulmonlar) minbariga o'xshagan "bovrun" ni tavof qiladilar" (321-bet). Ushbu yozilganlar musulmonlarning Arafotdagi haj marosimini ham eslatadi.

Arafotda quyosh botgungacha ibodat davom etadi. Quyosh botishi bilan hamma shovqin-suron ko'tarib Muzdalifa vodiysiga oshiqadi (ifoda). Nosir Xisravning: "Hojilar bir farsang yo'l yurib Mash'ar al - Haromga (Muzdalifaga) keladilar, unda bir yaxshi bino qurganlar, xalq ul joyda namoz o'qiydi; odatga ko'ra hayit kechasi o'sha yerda bo'ladilar va tongda namoz o'qib, quyosh chiqqach, Minoga boradilar", - deb yozganlari ("Safarnoma", 84-bet) bugungi kun uchun ham xosdir. Hozirgi vaqtda, Muzdalifaga kelgach, shom va xuftan namozlari bir azon, lekin ikki takbir bilan (avval shom, so'ngra xuftan) bir vaqtda o'qiladi va shu yerda tunab qolinadi.

Muzdalifa tog'idan Iblisga otish uchun tosh teriladi va bu udum rivoyatga ko'ra, Ismoildan qolgan.

10-zu-l-hijja kuni (yavm an-nahr) ziyoratchilar tong namozini o'qib, quyosh chiqishiga Mino vodiysiga yetib keladilar. MIno - Iblis tosh otadigan joy. U yerda Iblisga, aniqrog'I, uning ramzi bo'lmish ustunsimon xarsang toshlarga qarata Muzdalifadan terib kelgan toshlarini otadilar.

"Tosh otish" marosimi tugagach, qurbonlik uchun olingan mol (qo'y, echki, tuya) shu Mino vodiysida so'yiladi; odatda uning bir qismi sadaqa qilib ulashiladi, ortiqchasi esa o'sha yerda qoldiriladi.

Umuman, qurbonlik qilish turli xalqlarda har xil shaklda bo'lgan udumdir va ularning har biri o'ziga xos tarixga ega. Hozirgi vaqtdagi musulmonlardagi qurbonlik qilish odati Tavrotdagi rivoyatga borib taqaladi va keyinchalik Qur'onga o'tgan. Tavrot (yahudiycha "tora" - qonun) - yahudiylarning eng qadimgi muqaddas diniy kitobi; undagi voqealar vaqt jihatidan miloddan avvalgi XI asrgacha boradi. Tavrotdagi rivoyatlarning asosiy qismi yahudiy va xristianlarning keyinroq (IV asr) tuzilgan muqaddas kitobi "Bibliya" ga kiritilgan. Ushbu qadimiy yodgorlikdagi riyoyatga ko'ra, Ibrohim (Avraam) Allohga bo'lgan haqiqiy sadoqati belgisi sifatida o'z o'g'lini (nomi ko'rsatilmagan, biroq, yahudiylardagi rivoyatlarda Is'hoq deyilgan) qurbon qilmoqchi bo'ladi. Xuddi shu paytda, xudodan o'g'li Ishoq o'rniga bir qo'chqor so'yish hukmi keladi.

Arablarda tarqalgan rivoyatda esa Ibrohimning boshqa o'g'li, ya'ni Ismoil (ba'zi rivoyatlarda Is'hoq) qurbon qilinishi lozim bo'lgan. Bu rivoyat keyinchalik Qur'on (as-Sofot surasi) dan o'rin oldi va qurbonliq qilish odati musulmonlarda ham keng tarqaldi.

Qurbonlik qilish uchun qo'chqor so'yish musulmonlar uchun Ibrohimdan qolgan odar bo'lsa-da, biroq, majburiy emas. Masalan, Muhammad payg'ambar Madina shahridan Makkaga haj qilish uchun kelganida (632 yil) qurbonlikka yuzta tuya keltirgan. Qurbonlikka mo'ljallangan qo'y bir yoshdan kichik bo'lmasligi kerak.

Hozirgi vaqtda, Minoda qurbonlik asosan, quyidagi tartibda o'tkaziladi. Ziyoratchilardan har o'n kishi o'zlaridan bir vakil saylab pul yig'ib beradilar. Vakil qurbonlik o'tkaziladigan joyga borib pulni to'laydi (qo'y, qoramol yoki tuya uchun; 1 tuya - 7 kishi uchun qurbonlik bo'la oladi) va ro'yxatni qassobga beradi. Qassob qurbonlikni so'yish paytida ro'yxatdagi nomlarni aytib o'tadi.

Shu blan haj marosimi yakun topadi. Bundan ming yil ilgari ham ushbu qoida amal qilgan. Chunki Abu Rayhon Beruniy ham "o'ninchi zu-l-hijja (kuni) qurbonlik qilish, ya'ni jonliq so'yish kunidir va hajning oxiridir" - deb yozgan edi. Shundan so'ng ziyoratchilar sochlarini oladilar yoki qisqartiradilar. Haj marosimi yakun topgan bo'ladi va haj qilganlar Makkaga qaytib Ka'bani yana yetti marta aylanib tavof qiladilar, uzil-kesil qaytishlarida esa, Ka'bani oxirgi marta ziyorat qiladilar. Haj qilganlarga "hoji" - degan unvon beriladi. Odatda haj qilib kelganlarning ismlari oldiga "hoji" so'zini qo'shib aytadilar va ular musulmonlarda izzatu e'tiborda bo'ladilar.

Yuqorida sanab o'tilgan ziyoratgohlar - Muzdalifa va Mino hozirgi vaqtda aholi yashaydigan obod joylar, Makka shahridan sharq tomonda, Toif shahriga boradigan yo'lda; aholisi hajga kelganlarga xizmat qiladi.

Haj qilish marosimi bilan bog'liq joylar islomgacha ham yerli xalq ibodat qiladigan muqaddas dargoh bo'lgan. Muhammad payg'ambar islom dini vositasida yakkaxudolik ta'limotini joriy etishi bilan qadimiy ibodatgohlarning ko'pi barham topgan. Ba'zilari esa shakl jihatdan qisman saqlangan bolsa-da, lekin mazmunan tubdan o'zgargan, ya'ni islom aqidalariga moslashtirilgan. Jumladan, Ka'ba, Safo va Marva, Mino, Muzdalifa, Arafot (ilgarigi nomi Ilal) kabi joylarqadimda ham turli arab qabilalarining ziyoratgohlari bo'lishi bilan birga, islom joriy etilgach, alloh taologa sadoqat ramzini izhor etish mazmunini kasb etgan.

Haj marosimi tugagach, Madina shahrini borib ko'rish hojilar uchun odat tusiga kirib qolgan.

Madina (arabcha "madina" - shahar; qadimgi nomi Yasrib) - Saudiya Arabistonining Hijoz viloyatidagi shahar. Makkadan 400 km shimolda joylashgan.

Milodning 622 yili Muhammad oilasi va bir qancha yaqin do'stlari bilan Madinaga ko'chib kelib, shu yerda yashab qolgan. Bu sana musulmonlarda qamariy hisobining boshi bo'lib qoldi va "hijriy hisob" degan nom oldi (arabcha "hijrat" - ko'chib o'tish).

Madinada musulmonlar ulug'lagan bir qancha shaxslarning qabrlari bor: Muhammad payg'ambar, qizi Fotima va xotini Oyishaning qabrlari, hamda payg'ambar vafotidan keyin uning o'rniga xalifalik qilgan Abu Bakr, Umar va Usmonning qabrlari; Muhammad payg'ambarning qabri ustiga katta masjid qurilgan va u ziyoratgohga aylantirilgan.

Ro'za va Qurbon hayitlarini o'tkazish o'ziga xos tantana; turli noz-ne'matlar, yangi kiyim-kechaklar tayyorlanadi, hovli-joylar yig'ishtirilib, saranjom-sarishta qilinadi. Toshkentda hayitdan bir kun oldin, kechqurun qo'ni-qo'shni bir-biriga o'zlari pishirgan palovdan, hayit pishiriqlaridan ulashadilar. Demak, har bir o'lka yoki viloyatda hayitni o'ziga xos nishonlash rasm-rusumlari ham bor ekan.

Hayit namozidan so'ng, qurbonlik qilmoqchi bo'lganlar o'zlari belgilagan molni so'yadilar va undan taom (ko'pincha sho'rva) tayyorlab xalqqa tarqatadilar. Zero, Qur'oni Karimda qurbonlik go'shtdan o'zi yeyishi va faqiru miskinlarga yedirishi lozimligi ta'kidlangan (Haj surasi, 28, 36-oyatlar). Qurbonlikka so'yiladigan mol boqilgan, semiz va bir yoshga to'lgan bo'lishi kerak. Agar mayday mol (qo'y va echki) bo'lsa, uni faqat bir kishi nomidan, qoramol, ot yoki tuya bo'lsa, uni kamida besh kishi nomidan qurbonlik qilinadi, o'n kishi nomidan qurbonlik qilsa ham bo'ladi. Qurbonlikni marhumlar nomidan o'tkazish ham mumkin. Jonliq bo'g'ziga pichoq tortishdan oldin, musulmonlik qoidasi bo'yicha, albatta "Bismilloh, allohu akbar!", deyish kerak. Qurbonlik taomni yeyishga chorlanganlar davrasidan biron kishi Qur'on oyatlaridan o'qib marhumlar ruhiga bag'ishlaydi, hamma hozirlar duo qiladilar.

Hayit kunlari uch kun davomida azador xonadonlarga borib duo-fotiha qilish, ota-ona va boshqa yaqin do'st-birodarlar, ayniqsa qariya va xastalarni borib ko'rish odat tusiga kirib qolgan. Qishloqlarda erkaklarning to'p-to'p bo'lib har bir xonadonga kirib marhumlar ruhiga duo-fotiha qilish udumi ham bor. Yosh qizchalar, ayollar esa kelinchaklarni borib ko'rishadi.

Ko'rinib turibdiki, hayit kunlaridagi ko'p rasm-rusumlar insonlar uchun katta axloqiy - tarbiyaviy ahamiyatga ega; ularni ezgulik, yaxshilik, rahm-shafqat, saxiylik, olijanoblikka undaydi. Chunki Qur'oni Karimda ham "Allohga ishnib ibodat qiling, xayrli ishlarni amalgam oshiring", deyilgan (Haj surasi, 77-oyat). Ro'za va Qurbon hayitlari namozlaridan oldin imom o'qiydigan xutbaning mazmuni ham islom ahkomining har tomonlama to'g'riligi va kundalik hayot uchun foydasi, odob-uslub va boshqa xayrli yo'l-yo'riqlar haqidagi targ'ibotdan iboratdir.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:51:05

JUMA

Juma (arabcha "jam'" - yig'ilish), to'la atalishi "yavm - al-jum'a" (yig'ilish kuni) - islomda haftaning oxirgi kuni. Ushbu kunda juma namozini o'qish solim, zarurat yuzasidan band bo'lmagan musulmonlar uchun shartdir. Namozga borishdan avval soch va soqollarni tartibga keltirish, yuvinib (cho'milib) badanni toza qilish, ozoda kiyimlar odat hisoblanadi.

Juma kuni musulmonlar katta masjid (jome' masjid) larda yig'ilib peshin namozi paytida birgalashib juma namozini o'qiydilar. Juma namozida masjidning domla imomi musulmonchilik qoidalari, ularning kundalik hayotdagi ahamiyati bobida va'z aytadi; yurt farovonligi, raiyat osoyishtaligini tilga olib, davlat boshlig'iga insofu adolat tilab, duo qiladi va buni odatda xutba deydilar. Qur'oni Karimdan oyatlar va payg'ambar hadislaridan keltiradi.

Taxminlarga ko'ra, juma kuni yig'ilib namoz o'qish Muhammad payg'ambar tomonidan Madinada joriy etilgan. Hozirgi vaqtda aksari musulmon mamlakatlarida juma kuni rasmiy dam olish kunidir.



Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:51:41

LAYLAT UL-QADR

Laylat ul-qadr - ramazon oyining 27-kechasi. Shu kundan boshlab Muhammad sallallohu alayhi va sallamga vahiy nozil bo'lgan. BU murodbaxsh kecha Laylat ul-gadrning fazilatiga Qur'oni Karimning Qard surasi bagishlangan. Ushbu surada, qadr kechasi ming oydan ham afzal, chunki bu tunda Alloh o'z qudratini namoyish qiladi, tamomi farishtalaru ruhlar uning buyrug'iga hozir turadilar, deyilgan.

Xalq orasida esa Alloh taolo qadr tunini uyg'oq o'ykazgan har bir musulmonga istagan tilagini beradi, degan tushuncha tarqalgan va unga bog'liq turli rivoyatlar ham to'qilgan. Jumladan, qadr kechasida uyg'oq bo'lishdan maqsad, tilaklar shu tunning faqat bir lahzasida hal bo'lishi va hatto bir mijja qoqib mizg'igan kishi o'sha onni o'tkazib yuborishi mumkinligi ta'kidlanadi.

Islom aqidasida esa Laylat ul-qadr tunida Alloh taolo Muhammad payg'ambarga Qur'oni Karimni uqtirishga kirishgan (vahiy etgan) va shundan so'ng 25 yil davomida uning qolgan qismlarini yuborgan. Shu sababdan, Qadr tunini musulmonlar Qur'on o'qib uyg'oq o'tkazishga harakat qiladilar va shu yo'l bilan Allohga bo'lgan ishonchlarini kuchaytiradilar.

Laylat ul-qadr haqida Beruniy yana quyidagicha ma'lumot beradi: "Qadr kechasi" qaysi kecha ekani aniq ma'lum emas. (Ba'zilar): "Uni o'n yettinchi yoki o'n to'qqizinchi kechalardan qidiring , chunki bu ikkisi orasida Badr voqeasi va Makkani fath etish yuz berib, yordam uchun farishtalar (jannatdan) tishurib yuborilgan", deydi. Bu to'g'ri bo'lishi mumkin, chunki xudoyi taolo: "Shu (kecha) rabbilarning izmi bilan farishtalar va ruh tushadi, hamma ishlarda tinchlik bo'ladi", degan. Beruniy yozganlaridan ma'lum bo'ladiki, qadr tunining vaqtini belgilashda dastlab ba'zi ixtiloflar bo'lgan ekan. Lekin vaqt o'tishi bilan "Laylat ul-qard" ni 27-ramazonda nishonlash an'ana tusiga kirib qolgan.



Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:53:14

Me'roj

Rajab oyida nishonlanadigan murodbaxsh kun, aniqrog'i tun - me'roj tuni nomi bilan mashhurdir. Umuman, rajab oyi musulmonlar uchun xayrli oylardan hisoblanadi.

Rivoyat qilishlaricha, Muhammadga payg'ambarlik shu oyning 26 kuni yuborilgan ekan. Beruniyning yozishicha, arablar bu oyni tinchlik va osoyishtalik oyi deb bilganlar. "Rajab oyida har kuni quyosh chiqish paytida ular (arablar) Ka'ba eshigini muntazam ochib qo'yadilar", deb yozadi Nosir Xisrav Qubodiyoniy (1003-1068), ("Safarnoma"). Arablar islomgacha ham Ka'ba xonasiga ragab oyida ko'plab ziyoratga kelganlar va uni "kichik haj" deb ataganlar. Lekin rajab oyidagi eng ulug' hodisa, bu Me'rojdir.

Musulmonlar rajab oyining 27 kechasini me'roj tuni deb ataydilar va uni toat - ibodatda o'tkazadilar; arabcha "me'roj" - uchish, ko'tarilish yoki to'la atalishi "Al-Misrah va-l-mi'raji" ("Tungi sayohat va [osmonga] ko'tarilish") demakdir. Sababi, ushbu tunda Muhammad payg'ambar Allohning inoyati bilan Makkadan Quddusi sharifga va u yerdan koinotga parvoz qilgan, Alloh bilan muloqotda bo'lgan va islom shariati uchun bir qator ko'rsatmalar olib qaytgan. Uning aniq vaqti odatda 621 yil 27-rajab, deb belgilangan. Jumladan, Me'roj tunida Alloh musulmonlarga besh vaqt namoz o'qishi shart qilib qo'yganligi, jannat va do'zaxning mavjudligi, gunohkorlarning do'zaxda qiynoqqa olinishi kabilarni ma'lum qiladi.

Me'roj haqida Qur'oni Karimning Isro surasi 1-oyatida soz boradi va u Me'roj tunining dastlabki lahzalarini ifodalaydi. "Qudratimizning dalillarini ko'rsatish uchun bandasini bir kechada Makkadagi muqaddas masjiddan yon-atrofini tabarruk etgan Aqso masjidig'a olib keldik", deyilgan ushbu oyatda. Bu surada yana Allohning qodirligi, Qur'on o'qish savobligi, qiyomat kuni, Iblisning insonga dushmanligi, odamlarning to'g'ri va pok bo'lishlari ham ta'kidlanadi.

Rivoyatga ko'ra, Muhammad payg'ambar Me'rojda rosa aylanib qaytib kelganda, turib ketgan o'rni hali sovumagan va chiqqan eshigining xalqasi qimirlashdan to'xtab ulgurmagan ekan.

Har yili rajab oyining 27-kunida nishonlanadigan Me'roj bayrami (yoki Rajab bayrami) ko'proq arab mamlakatlarida tarqalgan va O'rta Osiyo musulmonlari uchun odat emas. Lekin bizda rajab oyida marhumlarni eslab is chiqarish odati bor va bu oyda bir necha kun ro'za tutmoqlik ham ulug' savob, deb topilgan. Muhammad payg'ambarning Me'rojga chiqqanligi haqidagi qissa ancha mashhur bo'lib, asosan, mavlid o'qilganda qayd etib o'tiladi.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  08 Sentyabr 2009, 08:54:46

Ro'za Hayit


Ro'za forscha "ro'z" - kun sozidan olingan. Ro'za hayitini yana "O'raza bayrami", "Ramazon hayiti" ("ramazon" - hijriy-qamariy kalendardagi 9 oyning nomi), "Iyd al-fitr" (arabcha "fitr" - ro'zani ochish) ham deyishadi. Ramazon oyini arablar "shahr as-savm" - "ro'za oyi" deydilar (arabcha "savm" - "ro'za", ya'ni "o'zni tiymoq" demakdir). Sababi, islom aqidasiga muvofiq har bir musulmon ramazon oyida, ya'ni o'ttiz kun davomida tong yorishishidan to quyosh botgunigacha yemak va ichmakdan hamda kayf beruvchi narsalardan o'zni tiymog'i lozim.

Ro'za musulmonchilikning asosiy shartlaridan biridir. Islom aqidasiga binoan har bir kishi komil musulmon bo'lishi uchun beshta shartni bajarishi kerak: birinchi - imon keltirmoq, ikkinchi - bir kecha-kunduz davomida besh vaqt namoz o'qimoq, uchinchi - ramazon oyida biro y ro'z tutmoq, to'rtinchi - agar o'ziga to'q bo'lsa, bir yilda bir marta mol-dunyosidan zakot bermoq, beshinchi - agar yo'l xarajati uchun tirikchiligidan ortgan mablag'i bo'lsa va sog'lig'i yo'l qo'ysa, umrida bir marta haj qilmoq, ya'ni Ka'ba ziyoratiga bormoq.

Ro'zaning joriy etilishi va tartibi haqida asosan, Qur'oni Karimning Baqara surasida ma'lumot keltirilgan. Unda, jumladan, "Ey, Mo'minlar! Sizlardan ilgarigilarga ro'za buyurilganidek, sizlarga ham ma'lum kunlar ro'za tutmoqlik buyurildi" - deyilgan (182, 183-oyatlar).

Ramazon oyida homilador va emizikli bolasi bor ayollar, kasallar, balog'at yoshiga yetmagan bolalar, shuningdek, uzrli sabablari bor (og'ir ishda, jangda yoki safarda) musulmonlar ro'za tutishdan vaqtincha ozod etiladilar. Biroq, bunday kishilar, keyinchalik, imkoniyat bo'lganda o'zlarining qarz ro'zalarini tutishlari lozim. Ramazon oyi ro'zasidan tashqai har bir musulmon yana ixtiyoriy ravishda hohlagan miqdorda ro'za tutishi mumkin. Muharram, rajab, sha'bon va shavvol oylarida tutilgan qo'shimcha ro'zaning savobi ulug'roq, deyiladi.

Shu bilan birga, ramazon va qurbon hayitlari kunlari hamda salomatlik uchun xavfli deb sanalgan holatlarda ro'za tutish man etiladi. Ramazon oyidagi ba'zi tartibot haqida Qur'oni Karimda yana shuday so'zlar bor:

"Roza tunlarida sizlarga ayolaringiz bilan yaqinlashishga ruxsat etildi, ular sizlar uchun va sizlar ular uchun bamisoli libosdek. Alloh siz o'zingizni o'zingiz aldayotganingizni bildi va sizlarga muruvvat qilib kechirdi. Endi ularga yaqinlik qiling va Alloh sizlarga taqdir qilgan narsani talab qiling. Tongda oq ipni qora ipdan farqlash mumkin bo'lgan vaqtgacha yeb-iching, so'ngra to oqshomgacha ro'za tuting…" (Baqara surasi, 187-oyat).

Endi ro'za aqidasining tarixiga bir nazar. Abu Rayhon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida "Ramazon (islomgacha) harorat boshlanib, yer qizigan vaqtda (kelar edi). Arablar o'sha johiliyat (davrida ham) bu oyni ulug'lar edilar" - deb qayd etadi. Shu asarda yana qadimda yahudiylar, xristianlar, nasturiy xristianlarda ham ro'za bo'lganligi aytilgan. Bu ro'zalar mazmunan bir-biriga yaqin (asosan o'zini yeb-ichishdan tiyish) bo'lsada, lekin shakli har xil bo'lgan. Yahudiylar yil davomida ma'lum oylarning ma'lum kunlarigina ro'za tutganlar va bu ro'za ularning ijtimoiy hayotida yuz bergan ayrim voqealar bilan bog'liq bo'lgan. Masalan: "Tishriy (oyining) uchinchi kuni Gedalyo ro'zasi. Gedalyo - Buxtanasarning Baytul-muqaddasga qo'yilgan xalifasi Ahiqomning o'g'li. Bu kishi shu kuni sakson ikki nafar (odam) birgalikda quduqqa tashlangan va ularning ustidan suv quyib o'ldirilgan. U o'ldirilgan kuni Bani Isroil g'amgin bo'lib, ro'za tutadilar". Beruniy xristianlar ro'zasi (pasxa) ta'rifi haqida "xristianlar ro'zasi qirq sakkiz kun bo'lib, boshi hamisha dushanba kuni, ro'zadan chiqish esa, ro'za boshidan hisoblaganda qirq to'qqizinchi kun bo'ladigan yakshanbaga to'g'ri keladi", - deb yozadi. Buning sababini Beruniy Iso payg'ambarning salib (dor) ga mixlanishi rivoyati bilan bog'laydi: "Salibga mixlashdan keyingi shanba kechasi (qabristondagi) o'liklarga Masih (Iso) kelishidan bashorat berilgan, shu shanba kuni kechqurun tirilish bayramidir. Xristianlar da'vosicha, Masih qabrda bir kun va ikki kecha yotgan. So'ngra uchinchi kun - bu ro'zadan chiqish kuni bo'lgan yakshanba kuni qabrdan turgan".

Qadimgi majusiylarning ham o'ziga xos ro'zalari bo'lgan. "Qonun avval (oyining) yigirma birinchi (kuni) - birinchi ro'za boshi… Bu ro'zada go'sht yeyish harom qilinadi. Sobiylar (Bobildagi bir qavm) ro'zalardan chiqishda sadaqa va ehson qiladilar", - deb yozadi Beruniy. Majusiylarda ham yil davomida turli oylarning har xil kunlarida ro'za tutilgan (oyning boshi, o'rtasi yoki oxirida: vaqt hisobida - bir kun, uch kun, yetti kun). Majusiylardagi yetti kunlik ro'za Shubot oyining to'qqizinchi kuni boshlangan va uni kichik ro'za deganlar. Katta ro'za esa ozor oyining sakkizinchi kuni boshlanib, o'ttiz bir kun davom etgan va bu oyda go'sht yeyish man etilgan.

Keltirilgan misollardan ma'lum bo'ladiki, ro'za Sharq xalqlarida ancha qadimdan mavjud bo'lib, uning o'z vaqti, tartibi va sabablari bor ekan.

Ramazon oyida ro'za tutish hijriy-qamariy hisobda 2-yil 2-sha'bon (624 yil 29 yanvar) kunidan boshlab joriy etilgan.

Islom aqidasi bo'yicha ramazon oyi bir yilni tashkil etuvchi o'n ikki oyning eng ulug'idir. Ramazon oyida Alloh musulmonlarga Muhammad payg'ambar vositasida eng ulug' kitob - Qur'onni yuborgan. Bu haqda Qur'onning o'zida ham "Ramazon oyida Qur'on nozil bo'ldi. Qur'on sizlaga (bosh) qo'llanmadir; u to'g'ri yo'lga boshlovchi, haq va nohaqni anglatuvchidir, kimki imkoni bo'lsa, ramazon oyida ro'za tutsin" - deb qayd etilgan (Baqara surasi, 185 - oyat). Beruniy Qur'ondan ilgarigi muqaddas kitoblar ham shu oyda yuborilganligi haqida xabar beradi: "Aytilishicha, ramazon oyining birinchi kuni Ibrohim payg'ambarga bir necha sahifa tushirilgan. Oltinchida - Musoga Tavrot, o'n ikkinchida - Dovudga Zabur va o'n sakkizinchida - Isoga Injil tushirilgan".

Ro'za musulmonlar uchun Allohga bo'lgan ishonchni mustahkamlash sinovi, insoning irodasini toblaydigan, o'zini tuta bilishga o'rgatuvchi imkon, gunohlarini Alloh nazdida yuvish uchun vosita; ro'za tutgan kishi har tomonlama o'z nafsini cheklaydi, ma'naviy poklik sari intiladi, buyuk qalb sohibi bo'la boradi. Ro'za tutish inson salomatligi uchun foydaliligini hozirgi zamon tibbiyot ilmi ham tasdiqlamoqda.

Demak, ramazon oyida musulmonlar tong sahardan to oqshomgacha ro'za tutmoqlari lozim. Kechasi esa ikki mahal ovqat yeyiladi - oqshomda (iftor) va tong oldidan (saharlik).

Ramazon oyida iftor qilish, xatmi Qur'on qildirish kabi odatlar borkim, ularning har ikkalasi ham xayrli ishlardir. Arabcha "iftor" - ro'zani ochmoq; "xatmi Qur'on" - Qur'onni to'la o'qib tushurmoq demakdir.

Iftor (yoki iftorlik) ham Ramazon oyidagi xayrli bir udum. Iftorlikda uy sohibi kechqurun o'zi istagancha odam chorlab, ko'nglidan chiqargan miqdorda ziyofat beradi. Har qanday xayr-ehson kabi iftor qilish ham kishi ezgulik sari intilgan bo'ladi, bu savob ishdir. Iftorga yig'ilganlar xonadon haqqiga Allohga yaxshi tilaklar tilaydilar, marhumlari ruhiga Qur'on oyatlaridan o'qib fotiha bag'ishlaydilar. Bu odat O'rta Osiyoda qadimdan mavjud ajdodlar ruhiga sig'inish, ularni eslash udumi bo'lib, u islom aqidasi bilan uyg'unlashib ketgan.

Xatmi Qur'on qilish ramazon oyida Alloh nazdida poklanish yo'lida qilinadigan ibodatlar jumlasiga kiradi. Qur'on o'qiganda kishi avvalo dunyoviy vasvasalardan xoli bo'ladi. Odatga ko'ra esa, ramazon oyida Qur'onni boshidan - oyoq bir marta o'qib tushirib o'z marhumlari ruhiga bag'ishlash katta savob ish sanaladi. Qur'onni o'qishni bilmaganlar ana shunday savodi bor kishilardan (odatda mullalardan) xatm qilishni iltimos qiladilar va buning evaziga ma'lum ehson beradilar.

Ramazon oyida ko'pincha masjidlarda to'planib tungi (xufton) namozga ilova ro'za namozi (taroveh) ham o'qiladi va bu savob odatdir.

Ro'za oqshomlari bolalar uyma-uy yurib ramazon ashulasini aytadilar:

Ramazon aytib keldik eshigingizga,
Qo'chqorday o'g'il bersin beshigingizga…

Bolalarga xonadon sohibi qudratu himmatiga yarasha pul-chaqa yoki shirinliklar ulashadi. Umuman, ro'za oyida musulmonlar odatdagidan ko'proq xayr-ehson qiladilar. Demak, musulmonlar Alloh marhamatiga intilish maqsadida ramazon oyida ro'za tutib o'z burchlarini ado etibgina qolmay, balki qator ezgu ishlarni ham amalga oshiradilar.

Ramazon oyining tugashi hayit tantanalari bilan nishonlanadi va hijriy hisobda ramazon oyidan keyin keladigan shavvol oyining birinchi kunida o'tkaziladi.

Hayit kunining o'ziga xos udumlari borki, ulardan bir qismi to hayit namozi o'qilgunga qadar bajariladi. Bunda musulmonlar ertalab turib, yuvinib (cho'milib) badanni toza qiladilar va yangi yoki toza kiyimlar kiyib, o'zlariga xushbo'y narsalar sepadilar, so'ngra shirinliklar bilan choy ichadilar. Hayit namozi oldidan faqir-muhtoj kishilarga ramazon oyi tugashi munosabati bilan tutilgan ro'za Alloh dargohida qabul bo'lsin, degan maqsadda sadaqa beradilar va bu "fitr sadaqasi" yoki "ro'za fitri", ya'ni ro'adan chiqish munosabati bilan xayr-ehson qilmoqdir.

Ro'za hayiti kunida qoida bo'yicha musulmonlar uchun quyosh chiqqandan so'ng, ikki rakaat namoz o'qimoqlik zarurdir (vojib) va bu namoz odatda jamoa bo'lib namozgohlarda (keng joy) yoki masjidlarda o'qiladi.

Hayit kunlarida marhumlar ruhini xotirlab dasturxon yozib qo'yish, marhum bo'lgan xonadonga borob duo-fotiha o'qish, qabristonlarga borish yoki yaqin kishilariga (odatda keksalarga) sovg'a (hayitlik) berish haqida islomda ma'lum ko'rsatma yo'q. Bu xayriya odatiga kiradi. Bunday odatlar har joyda har xil va mahalliy urf-odatlar bilan bo'g'liq holda paydo bo'lgan.

Aslida hayit bayramdir va uni xursandchilik bilan, yaqinlar, do'stlarni, qariyalarni borib korish bilan o'tkazgan ma'qul.


Qayd etilgan