Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Riyozatun-nafs)  ( 29450 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Hadija  09 Sentyabr 2009, 18:04:14

Ochlik qalb qonini kamaytiradi va dilni oqartiradi. Bu oqlik nurdir. Nur yurakning yog‘ini eritadi. Bu erish ko‘ngilni yumshatadi. Ko‘ngilning yumshoqligi yaxshiliklarni ochuvchi kalit, qattiqligi esa haqdan to‘suvchi to‘siq. Qalbning qoni qanchalik kam bo‘lsa, dushmanning yo‘li shunchalik torayadi.. Dushmanning yo‘li shahvatlarga to‘la tomirlar bo‘ylab o‘tadi. Iyso alayhissalom aytgan edi: «Ey xavoriyyunlar jamosi! Qorinlaringizni och tuting. Shoyad, qalblaringiz Parvardigoringizni ko‘rsa!»
Sahl ibn Abdulloh Tustariy deydi: «Abdollar to‘rt xislat tufayli abdollik darajasiga yetdilar: qorinning bo‘shligi; bedorlik; jimlik; odamlardan uzlat qilish».
Qalbni nurlantirishda ochlikning foydasi tajribada sinalgan ishdir.
Bedorlik qalbni ravshan, munavvar qiladi va ochlik tufayli hosil bo‘lgan soflikni yana musaffolashtiradi. Qalb bamisoli yorqin yulduzga, yaraqlagan oynaga aylanadi va unda Haq jamoli jilolanadi. Endi bu qalb egasi uchun dunyodan yuz o‘girib, oxiratta yuzlanish masalasi uzil-kesil hal bo‘ladi.
Bedorlik aslida ochlikning natijasi. Chunki, to‘q odam bedor bo‘lishi qiyin. Uyqu qalbni qotiradi va o‘ldiradi. Albatta, zarurat miqdoridagi uyqu bundan mustasno. Shuningdek, bedorlik g‘ayb sirlarining ochilishiga sabab bo‘luvchi Holatdir. Abdollarning sifati haqida aytiladi: «Ular ehtiyoj bo‘lganda yeydilar. Uyqu g‘olib kelsa, uxlaydilar. Zarurat bo‘lsa, gapiradilar».
Ibrohim Xovas rahimahulloh deydi: «Yetmishta siddiq shunday ra’yga ittifoq qilishgan: «Uyquning ko‘pligi suv-(suyuqlik)ni ko‘p ichish tufaylidir».
Sukut aqlni peshlaydi, Ollohdan qo‘rqinchni hosil qiladi, taqvoni o‘rgatadi. Jim yurish, ya’ni muridning uzoq vaqt sukut saqlashi uzlatda oson kechadi. Uzlatdagi odam taomini, suvini va boshqa ishlarini hozirlayotgan kishiga zarurat miqdorida gapirishi mumkin. Ko‘p gap qalbni band qiladi. Qalblar gapga och, sira to‘ymaydi, gapdan orom oladi. Zikr va fikr bilan yolg‘iz qolish ularga og‘ir.
Uzlatda foydalar ko‘p. O’zni xilvatga olgan kishi dunyo mashg‘ulotlaridan uziladi. Ko‘rish va eshitishdan tiyiladi. Bu ikki sezgi qalbning dahlizidir. Dunyo shu dahliz orqali ichkariga kiradi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 18:06:36

Qalb — hovuz. Unga his-tuyg‘u ariqlaridan iflos, nopok suvlar quyiladi. Riyozat, ya’ni tarbiyadan maqsad hovuzni o‘sha iflos suvlardan, yig‘ilib qolgan loyqa-quyqalardan poklash, hovuzni asl holiga qaytarish. Qachonki, tip-tiniq, musaffo suvlar to‘lib-toshib tursagina, hovuz asl holiga qaytgan bo‘ladi.
Endi aytchi, har tomondan har xil sassiq bo‘tana suvlar bu hovuzga ochib ko‘yilgan, qanchalik olib tashlama, har soniya olganingdan ham ko‘proq su o‘sha quyulayotgan bir paytda hovuzni qanday poklash mumkin?!
Murid ortiqcha hissiyotlarni chegaralashi lozim. Bu esa qorong‘i uyda xilvat qilish bilan amalga oshadi. Agar qorong‘i joy topilmasa, kiyimiga o‘ralib olsin. Mana shu holatda u Haqni tinglay olishi, Rabbining yaqinligini aniq his qilishi mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga g‘aybdan nido yetganida ham ayni holatda emasmidi: «Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot..!» (Muzzammil, 1).
Bu to‘rtta holat — ochlik, bedorlik, sukut va uzlat muridning «yo‘lto‘sar»lardan va yo‘ldagi boshqa xavflardan himoyalanadigan qalqoni va qo‘rg‘onidir.
Himoyaning bu vositalari qo‘lga kiritilgach, oxirat yo‘lidagi yo‘lchi yo‘lning keyingi qoidalarini o‘zlashtirmog‘i lozim. Bu qoidalar oxiratdagi to‘siqlardan o‘tishda joriy bo‘ladi.
Oxirat yo‘lidagi asosiy to‘siq dunyoga chalg‘igan qalbning o‘zgarishlaridir. Bu to‘siklar biri-biridan xatarli. Ulardan o‘tish tartibi yengilidan yengilrog‘iga qarab borish bilan amalga oshadi.
«Qalb o‘zgarishlari» deyilganida, boylikka, obro‘-martabaga, dunyoga mehrli bo‘lish, Yaratuvchidan uzilib, faqat yaratilgan narsalarga bog‘lanib qolishlar va ularning qoldir-gan izlari nazarda tutilyapti.
Xullas, jismimizni gunohning oshkora sabablaridan qanchalik uzoq tutsak, botinimizni gunohlar qoldirgan izdan shunchalik poklamog‘imiz kerak. Bu jabhada kurash uzoqroq davom etadi va ahvol o‘zgarishi bilan kurash tarzi ham o‘zgarib turadi.
Nafsga qarshi kurash natijasida qalbda dunyoga bog‘liq rishtalar qolmaydi. Ana shundan so‘nggina shayx muridni davomli ravishda qalb zikri bilan mashg‘ul bo‘lishga undaydi, zohir virdlarni ko‘paytirishdan qaytaradi. Balki, majburiy va belgilangan virdlar bilan chegaralaniladi. Bora-bora o‘sha virdlar muridning yagona virdiga aylanadi. Bu — virdlarning eng sarasi va samarasi bo‘lib, qalb shu holatda Olloh zikriga mahkam bog‘lanib qoladi. Qalbdan Olloh yodidan o‘zgasi ko‘tarilganidan so‘nggina bu daraja hosil bo‘ladi. Toki muridning qalbida zarracha dunyoga e’tibor bor ekan, shayx uni bu zikr bilan mashg‘ul qilmaydi.
Shibliy har jum’a vazifa olib ketadigan muridiga degan edi: «Agar bu jum’adan u jum’agacha qalbingda Olloh yodidan o‘zgasi paydo bo‘lsa, huzurimga kelishing haromdir».
Bu darajadagi tajarrud, (ya’ni tom ma’noda dunyo xohishlaridan uzilish. Tarj.) uchun Olloh muhabbati qalbni to‘la egallashi va sidqi iroda lozim bo‘ladi. Tajarrud ma-qomini topgan murid yordan o‘zga g‘ami yo‘q oshiqqa o‘xshab qoladi. Bunday sharoitda shayx muridini uyning bir burchagida yolg‘iz qoldirib, uning yeyayotgan taomiga e’tiborini qaratadi. Chunki, halol taom diniy tarbiyaning asosi hisoblanadi.
So‘ng shayx muridiga zikr darsini boshlaydi. Avvalo, murid tili va qalbi zikrga mashg‘ul bo‘lishi uchun ba’zi kalimalarni qaytaradi. Masalan, «Olloh, Olloh» yoki «Subhanalloh, subhanalloh...» deydi. Yoki shayxi buyurgan boshqa kalimalarni aytadi. Bu zikr to til harakati to‘xtab, go‘yo kalimalar tilga o‘zi oqib kelayotgandek bo‘lguncha davom ettiriladi. So‘ng kalimalarning tilda qolgan ta’siri butkul yo‘qolguncha, lafzlar surati qalbda o‘rnashguncha zikr davom etadi. Keyin zikr davomida lafzlarning harflari va suratlari qalbdan g‘oyib bo‘ladi. So‘ngra qalbda faqat ma’no qoladi. Qalb bu haqiqatdan boshqa barcha narsadan forig‘ bo‘ladi.
Ayni paytda shayx muridni kuzatishdan tolmaydi. Chalg‘ituvchi vasvasalar, dunyoga bog‘liq har xil o‘y-fikrlar oqimini daqiq nazari bilan nazorat qilib turadi. Chunki, qanchalik zikrga mashg‘ul bo‘lmasin, agar qalb bir lahza zikrdan chalg‘isa, ish nuqsonli bo‘lib qoladi. Shuning uchun vasvasalar daf qilinishi lozim.
Barcha vasvasalar daf qilinib, nafs o‘ziga kelsa, aytilayotgan kalimaga qaytsa, endi, mana shu kalimaning o‘zi yana bir vasvasani qo‘zg‘aydi: «Bu aytilayotgan so‘z nima o‘zi? «Olloh» degan so‘zimizning ma’nosi nima? Bu so‘zning qaysi ma’nosi u zotning iloh, ma’budligiga dalolat qiladi?»
Bunday o‘y-xayollarga yon berilgani sayin muridda fikr eshigi ochiladi va asta-sekin bu eshikdan shaytonning kufr va bid’atdan iborat vasvasalari o‘rmalab kiradi. Bunday vasvasalar muridga qanchalik yoqimsiz va bu vasvasalarni qalbdan sidirib tashlashga u qanchalik bel bog‘lasa, shunchalik zararning oldi olinadi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 18:08:32

Vasvasa ikki xil bo‘ladi. Biri shuki, murid xayoliga kelayotgan narsalar vasvasa, Olloh taolo bunday o‘y-fikrlar kiridan pok Zot ekanini, balki shayton ularni qalbiga solib, chalg‘itayotganini aniq biladi. Bundan qutulishning yo‘li — ularga e’tibor bermaslik, Olloh taoloning zikriga sho‘ng‘ib, vasvasani daf qilishni O’zidan so‘rash, faqat O’ziga yolvorish:
«Agar Sizni shayton tomonidan bo‘lgan vasvasa yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, Ollohdan panoh so‘rang! Albatta U eshitguvchi, bilguvchidir. Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vavasa ushlasa, (Ollohni) eslaydilarda, bas, (To‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof, 200-201).
Ikkinchisi, murid xayoliga kelgan narsaning vasvasa ekanligida shubhalanadi. Darhol buni shayxiga arz etmog‘i kerak. Umuman, murid qalbida qanday holat, tabiiy kechinma yo bir g‘ayrat sezsa, yoxud dunyoga bog‘liq bir mayl paydo bo‘lsa, bularning barchasini shayxiga bildirishi lozim. Ammo buni shayxidan boshqa birorta kishiga aytmasligi, o‘zgadan sir tutishi shart.
Shunda shayx muridining holiga nazar soladi. Unda zakiyligu ziyraklik, fahmu idrok o‘tkirligi qay darajada ekanini mulohaza bilan kuzatadi. Agar muridda fikrlash orqali haqiqatni anglash iqtidori sezilsa, shayx uni fikrlashga undaydi. Toki bu fikrlardan qalbida nur hosil bo‘lib, muridga haqiqatni ochsin. Agar bunday fikrlar muridni quvvatlantira olmasligini bilsa, shayx uni qurbi yetadigan, fahmi ko‘taradigan va’z va zikrlar bilan qat’iy e’tiqodga qaytaradi.
Shayx muridiga o‘ta mehr bilan muomalada bo‘lmog‘i lozim. Chunki bu yo‘l xavfu xatarlarga boy. Qancha muridlar bor, nafs tarbiyasi bilan mashg‘ul, lekin ochila olmaydi, yo‘llari kesiladi, sustlashadilar. Ibodat yo‘lini tutadilar, ya’ni «unisi ham, bunisi ham bo‘laveradi» degan qarashga o‘tadilar. Aslida bu ulkan halokatdir. Kishi Ollohning zik-riga berilib, qalbini dunyo mashg‘ulotlaridan uzsayu, ammo yuqorida tilga olinganidek, chalg‘ituvchi fikrlardan xoli bo‘lolmasa, u xavfu xatar kemasiga minib olgan odamni es-latadi. Agar salomat qolsa, din mulkida martabasi oshadi. Adashsa, halokatga yuz tutadi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 18:09:59

«Yoshi ulug‘larning dinini mahkam ushlanglar» deb bejizga aytilmagan. Yoshi ulug‘larning dini  — iymonning aslini yoxud taqlid va xayr amallar qilish bilan e’tiqodning zo-hirini olishdir. Bundan chekinishda xatar ko‘p.
Shunday ekan, shayx muridni biron fursat nazardan qochirmasligi kerak. Agar muridda zakovat va ziyraklik kamolga yetmagan, zohir e’tiqodi hali mustahkam bo‘lmasa, u zikr va fikrga mashg‘ul qilinmaydi. Balki unga zohir amallar, mutavotir virdlar yoki tafakkurli kishilarning xizmatini qilish buyuriladi. Toki ularning barakotidan na-sibador bo‘lsin. Bamisoli, jang maydonida kurashishdan ojiz bo‘lgan kishiga chanqaganlarga suv tashib turish, ot-ulovlarga qarash topshirilganidek. Shunda u Qiyomat kunida jang qilganlar qatorida tiriladi, ularning barakotidan nasibador bo‘ladi, garchi ularning darajasiga yetolmasa ham.
Ba’zida zikr va fikrga berilgan muridning yo‘lini man-manlik va riyo kabi yo‘l to‘sarlar, kashfi holatdan, ilk karomatdan shodlanish kabi qaroqchilar to‘sadi. Murid bu narsa-larga qanchalik ko‘p e’tibor bersa, shunchalik ular bilan mashg‘ul bo‘lib qoladi. Alaloqibat, harakat sustlashadi, hatto to‘xtab qolishgacha borishi mumkin.
Demak, murid butun umri davomida shu darajada haqqa chanqoq bo‘lishi kerakki, agar ustidan dengizlar quyilsa ham uni qondira olmasin. Muridning sarmoyasi xalqdan uzilib, Haq tomon yuz burishdir.
Dunyo kezuvchi sayyohlardan bir aytadi: «Xalqdan uzilgan abdollardan biriga: Qanday yo‘l bilan Haqqa yetiladi? deb so‘radim. «Bu dunyodan bir yo‘lovchidek o‘tish bilan» dedi u».
Murra bir muttaqiy zotga:
—  Qalbimni doimo Olloh bilan bog‘laydigan bir amalni menga ko‘rsating, dedi.
—  Xalqqa nazar solma. Chunki, ularga nazar solish zulmdir.
—  Buning iloji yo‘q-ku? dedim.
—  Ularning so‘zlarini tinglama. Chunki, u so‘zlar dilni qotiradi.
—  Buning iloji yo‘q-ku? dedim.
—  Xalq bilan muomala qilma, chunki bu vahshiylikdir.
—  Men xalq ichidaman. Qanday qilib ular bilan muomala qilmasligim mumkin ?
—  Ularga suyanish halokatdir.
_ Koshki, buning chorasi bo‘lsa, dedim.
Shunda u:
— Ey sen, g‘ofillarga nazar solib, johillarning so‘zini tinglaydigan kas! Botil ishga sho‘ng‘iganlar bilan muomala qilasanu, yana qalbingni Olloh taolo bilan bog‘lamoqchimi-san? Bu hech qachon amalga oshmaydigan ishdir, dedi.
Demak, riyozatning so‘nggi nuqtasi — qalbning Olloh taolo bilan doimiy bog‘lanishi. Bu darajaga esa Ollohdan boshqa barcha narsadan uzlat qilish bilan erishiladi. Bunday uzlat uchun uzoq jiddu jahd lozim.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 18:10:51

Qachonki, muridning qalbi Olloh bilan doimiy birga bo‘lish maqomiga yetsa, o‘sha mahaldan e’tiboran unga hamisha hoziru nozir Parvardigorining ulug‘lik pardasi ochiladi. Haq jilolanadi, so‘zlar ta’rifiga ojiz latifliklar namoyon bo‘ladi.
Agar muridda mazkur holatlardan biri sodir bo‘lsa, qilishi lozim bo‘lgan keyingi ish o‘z holini oshkor qilmaslikdir. Chunki, xoh va’z-nasihat, xoh eslatma tarzida bo‘lsin, muridning odamlarni ogoh qilishga o‘zini mutasaddi bilib, yolg‘iz Ollohga ayon sirlarini gapirishi nafsida lazzat uyg‘otadi. Lekin bu lazzat tez tugaydigan, uzilib qoladigan lazzatdir. Shu lazzat muridni o‘zida kechgan holatlar kayfiyati xususida fikr yuritishga, bu holatlarni chiroyli so‘zlar bilan ta’bir qilishga undaydi. Aytayotgan so‘zlariga eshi-tuvchilarning qalbi moyil bo‘lishi uchun murid gapini hikoyatlar bilan, Qur’on va xabarlardagi dalillar bilan ziynatlaydi. Shayton: «Qara, Ollohdan g‘ofil qalbni qanday uyg‘otyapsan-a! Sen bandalarni Yaratuvchisiga bog‘laydigan mustahkam rishta, balki Olloh taolo va xalq o‘rtasida vositasan. Bu ishda sen o‘z lazzatingni emas, umum manfaatini ko‘zlayapsan!» deb uni chalg‘itadi. Agar yaqinlari orasida o‘zidan ko‘ra so‘zga chechanroq, avomning qalbini tezda o‘ziga tortadigan kishini ko‘rsa, ichini hasad tirnaydi, shaytonning Makriga ilinadi. Agar u o‘sha payt shaytonning sharridan omon bo‘lganida edi, suyunib derdi: «Bandalarini isloh qilishda menga shunday yaxshi ko‘makchini nasib etgan Ollohga hamd bo‘lsin!..»

Qayd etilgan



AbdulAziz  10 Sentyabr 2009, 06:04:54

Ihyou ulumid-din. Riyozatun nafs



Muallif: Abu Homid G'azzoliy
Hajmi: 493 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan