Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Riyozatun-nafs)  ( 30411 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Hadija  08 Sentyabr 2009, 17:54:20

RIYOZAT BILAN AXLOQ O’ZGARADIMI?

Nafs va axloq tarbiyasi jiddiy va mushkil ish. Hatto g‘ayrati jo‘sh urib turgan ba’zi botirlar ham bu mehnat qarshisida ojiz. Tasavvuru o‘y-fikrlari qusurli bo‘lgani uchun ular o‘zini bu ishdan chetga tortishadi, axloqni o‘zgartirish tasavvurga sig‘maydigan ish, chunki tabiat o‘zgarmaydi, degan fikr bilan o‘zlarini oqlashadi.
Bunda ular ikki qarashni dalil sifatida keltirishadi. Birinchisi, xulq botinning surati ekanligi, bamisoli xuluq zohirning surati bo‘lganidek. Xilqatni — tashqi ko‘rinishni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Masalan, bo‘yi past odam uzun bo‘lishni qanchalik xohlamasin, bo‘yini uzaytirolmaydi. Novcha kishi qancha istamasin, bo‘yini qisqartirolmaydi, xunuk kishi o‘zini chiroyli qilolmaydi. Botin ham shu asosga qurilgan. Demak, xulqni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Ikkinchi qarashga ko‘ra, ular aytishadi: «Go‘zal xulq shahvat va g‘azab olovini o‘chiradi, deyishadi. Aslida, shahvat va g‘azab mijoz va tabiatning taqozosi. Odamzod bu hissiyotlardan hech qachon uzilolmaydi. Demak, ulardan uzilish uchun qilingan harakat bekorga vaqtni yo‘qotishdan boshqa narsa emas. Chunki, bu yerda qalbning o‘tkinchi lazzatlarga mayl etishini qirqish talab etilayotir. Bu mumkin bo‘lmagan ishdir!»
Biz deymiz: agar axloq o‘zgarmaydigan narsa bo‘lsa, u holda tavsiyalar, pand-nasihat va tarbiyalarning barchasi bekor ishlar ekan-da?!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Xulqlaringizni chiroyli qiling!» (Muozdan rivoyat qilingan). Yovvoyi tabiatli lochin qo‘lga o‘rganib, yuvosh va muloyim bo‘ladi. Ochko‘z it tarbiya bilan o‘ljani olib keladigan, egasining bitta ishorasi bilan qancha mashaqqatlar bilan olib kelgan o‘ljani qo‘yib yuboradigan darajaga yetadi. Asov ot jilovga o‘rganadi. Hayvonlarning xulqini o‘zgartirish mumkinu, nahotki odamzodning xulqini o‘zgartirib bo‘lmasa?!
Buni shunday izohlash mumkin. To‘liq va notugalligi jihatidan mavjudotlar ikki xil bo‘ladi. Inson va uning a’zolari to‘liq va tugal yaratilgan. Shuningdek, hayvonot olami, quyosh, yulduz, oy kabi samoviy jismlar ham tugal va komil yaratilgan. Yana shunday narsalar borki, ularning mavjudligi hali tugallanib oxiriga yetmagan. Shart-sharoit paydo bo‘lishi bilan bu narsalar o‘zidagi yashirin quvvat ta’sirida rivojlanib, komil suratga kiradi. Shart-sharoit ba’zan bandaning ixtiyoriga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, urug‘ olma emas, xurmo ham emas, balki o‘zi qanday bo‘lsa, shunday shaklda yaratilgan xilqat. Le-kin bu urug‘ni tarbiyalasa, xurmoga aylanishi mumkin. Yoki aksincha, qandaydir urug‘ni ekdingiz, qancha tarbiya qildingiz, unmadi, masalan olmaga aylanmadi. Demak, urug‘ ma’lum ta’sir ostida ba’zi o‘zgarishni qabul qilib, ba’zisini qabul qilmasligi ham mumkin ekan.
Agar biz g‘azab va shahvatni butkul so‘ndirib, ularning ta’siridan to‘liq xalos bo‘lishni xohlasak, hech narsaga erisha olmaymiz. Agar ularni jilovlashni, bo‘ysundirishni xohlasak va bu yo‘lda ozgina riyozat va mashaqqat cheksak, albatta buning uddasidan chiqamiz. Aslida biz shunga buyurilganmiz va bu bizning najot topishimizga, Olloh taologa yetishimizga sabab bo‘ladi.
Haqiqatan ham xilqatlar har xil, ba’zisi ta’sirni tez qabul qiladi, ba’zisi sekin. Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, g‘ariza quvvati, ya’ni tug‘ma sezgi quvvati. Inson tabiatining aslida mavjud bu quvvatning ta’siri so‘nggi nafasgacha ta’sir etadi. Boshqarish va itoatda tutish eng qiyin bo‘lgan g‘ariza shahvat quvvatidir. Chunki, shahvat yaralish jihatidan mukammal, ya’ni inson chaqaloqlik paytidayoq uning fitratida shahvat quvvati yaratilgan. Bola yetti yoshlarga yetganidan so‘ng esa unga g‘azablanish quvvati beriladi. Keyinroq unga tamyiz, ya’ni haq bilan botilni ajratish quvvati ato etiladi.

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 17:56:32

Ikkinchi sababi, inson biron amalni yaxshi deb hisoblaydi va uni ko‘p qilish orqali insonda o‘sha amalga muvofiq xulq shakllanadi, mustahkamlanadi. Shunga ko‘ra odamlar to‘rt toifaga bo‘linadi:
1.  G’ofil insonlar. Ular haq bilan botilning, chiroyli bilan xunukning farqiga bormaydi. Ular fitratan barcha e’tiqoddan xoli. Lazzatlarga haddan tashqari tobe bo‘lib qolgani uchun ular bironta istagini to‘la qondirolmaydi. (Ya’ni, bir lazzatni qo‘yib, undan yaxshirog‘iga chopadi, keyin undan ham yaxshirog‘i uchraydi... Oqibat, bironta istagini komil amalga oshirolmaydi. Tarj.) Bu toifadagi inson muolajani juda tez qabul qiladi. Faqatgina u bir muallimga, bir murshidga muhtoj. Qalbida uyg‘onib, uni g‘ayratlantiradigan. bir himmatga muhtoj. Shunda u tez orada xulqi go‘zal insonga aylanadi.
2.  Johil va adashgan insonlar. Bu toifadagilar yomonning neligini biladi, lekin yaxshi ishlarga odatlanmagan, qilayotgan yomon amali ularga chiroyli bo‘lib ko‘rina-di. Dunyo istaklariga qul bo‘lish bilan ular to‘g‘rilikdan yuz o‘girgan bo‘lsada, amalidagi qusurlardan xabardor. Bu toifaning tarbiyasi og‘irroq bo‘lgani uchun ularga bir necha vazifalar yuklanadi. Avvalo, ular buzuqlikka odatlanish natijasida ichda mahkam o‘rnashgan juda ko‘p illatlarni nafsidan sug‘urib olishlari lozim. Keyin yaxshilikka undaydigan sifatni qalbiga ekmoqlari kerak. Xullas, yeng shimarib, jiddu jahd etilsa, bu toifa tarbiyasi riyozat uchun keng maydondir.
3. Johil, adashgan va fosiq kimsalar. Bu toifadagi kishi yomon axloqni yaxshi axloq deb e’tiqod qiladi. Uning nazdida bu axloq haq va eng go‘zal. Undagi bu qarash borgan sari takomillashadi. Shuning uchun bu toifadagi kishining muolajasi mushkil, sog‘ayishiga deyarli umid yo‘q, kamdan-kam holda u dardiga davo topishi mumkin. Bu jihatlarning bar-chasi zalolatga ketish imkoniyatini oshiradi.
4.  Johil, adashgan, fosiq va yovuz kimsalar. Bu toifaga mansub kimsa nafaqat buzuq qarashda takomillashadi, balki u yomonliklarni ko‘paytirishni fazilat deb biladi, bu bilan faxrlanadi va bu ishlar qadrimni oshiradi, deb o‘ylaydi. Bu toifadagi kishilarning ahvoli og‘ir. Ular haqida shunday deyilgan: «Keksani tarbiyalamoq — mashaqqat, bo‘rini tarbiyalamoq uni azoblamoqdir».
Yana shunday qarashdagilar ham bor: «Odamzod to tirik ekan, shahvat, g‘azab, dunyoga muhabbat qo‘yish va boshqa xulqlar undan uzilmaydi!»

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 17:58:52

Bu adashishdir. Negaki, bu qarashdagilar axloqiy tarbiyadan maqsad — yuqorida tilga olingan tuyg‘ularni tag-tomiri bilan sug‘urib, butunlay yo‘q qilish, deb tushunadi. Shahvat tabiiy zarurat. Uning yaratilishidan muayyan foyda ko‘zlangan. Agar taomga bo‘lgan ishtaha butunlay so‘nsa, inson halokatga yuz tutadi. Agar shahvoniy istak kesilsa,  nasl qirqiladi. Agar g‘azab tuyg‘usi butunlay yo‘q qilinsa, inson halokatga sabab bo‘ladigan narsalarga qarshi kurasholmaydi. Natijada ular insonni halok qiladi.
Modomiki, inson tabiatida shahvat mavjud ekan, albatta, mol-dunyoga muhabbat yo‘qolmaydi. Bu muhabbat o‘z navbatida insonni yanada ko‘proq shahvatga yetaklaydi, hatto mol-dunyo to‘plashga undaydi. Maqsad — bu tuyg‘ularni batamom yo‘q qilish emas, balki ularni mo‘‘tadil bir o‘zanga burish.
G’azab tuyg‘usidagi mo‘‘tadillik chiroyli shaklda qizg‘in va jo‘shqin bo‘lish bilan saqlanadi. Chiroyli shakldagi qizg‘inlik serjahllikdan, darg‘azablikdan hamda qo‘rqoqlikning barcha turlaridan xolidir. Bir so‘z bilan aytganda, g‘azabning mo‘‘tadil darajasini egallagan odam botinan kuchli va shu quvvati bilan birga aqlga tobe bo‘ladi. Olloh taolo aytadi: «Muhammad Ollohning Payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath, 29).
Oyatda mo‘minlar «ashidda» ya’ni shiddatga to‘la, qahrli degan sifat bilan vasf qilinyapti. Shiddat g‘azabdan tug‘iladi. Agar g‘azab bekor qilinganida, kurash ham bekor qilingan bo‘lardi.
Ajabo! Payg‘ambarlar to‘la uzilmagan shahvat va g‘azabdan qanaqasiga batamom uzilish, ularni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlash mumkin. Axir Payg‘ambarimiz: «Men ham insonman. Insonlar g‘azablangani kabi g‘azablanaman» deganlar (Muslim rivoyati).
Hadislardan ma’lum, qachon Rasululloh huzurlarida u zotga yoqmaydigan gap aytilsa, bo‘yin tomirlari bo‘rtib, qizarib ketadigan darajada g‘azablanardilar. Lekin shunday holatda ham faqat haqni aytardilar, g‘azab u zotni haqdan to‘solmasdi.
Olloh taolo aytadi:
«(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir»  (Oli-Imron,  134).
Oyatda taqvodor zotlar haqida «g‘azablarini ichlariga yutadigan» degan ibora qo‘llandi, «g‘azablarini yo‘q qiladigan» deyilmadi. G’azab va shahvatni mo‘‘tadil darajada saqlash shu darajada bo‘lishi kerakki, na g‘azab, na shahvat aqldan g‘olib kelmasin, uni bo‘ysundirib qo‘ymasin.Balki, aql g‘azab va shahvatni o‘z haddida ushlab tursin. Xulqni o‘zgartirish degani aslida mana shu.
Ko‘p hollarda inson shahvatga bo‘yin egadi, aql o‘z idorasini unga topshiradi. Natijada shahvat quturib, buzuqliklarga boshlaydi.
Riyozat bilan shahvatni mo‘‘tadillikka o‘rgatish mumkin. Barcha ishda bo‘lganidek, axloq tarbiyasida ham o‘rtachalik matlub yo‘ldir. Misol uchun, saxovatni olib ko‘raylik. Sahovat — shariatga ko‘ra, maqtovga sazovor xulq. Boshqacharoq aytsak, saxovat — na isrofgarlik, na xasislik tomon og‘magan, balki ikkisining o‘rtasida turgan fe’l. Olloh taolo bunday fe’lli kishilarni maqtab deydi:
«Ular infoq-ehson qilgan vaqtlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (balki ehsonlari) ana o‘sha (xasislik bilan isrofning) o‘rtasida mo‘‘tadil bo‘lur» (Furqon, 67).

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:05:40

Olloh taolo aytadi:
«(Baxillik bilan) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang! (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yozib ham yubormang! Aks holda, malomat va hasratda qolursiz» (Al-Isro, 29).
Shuningdek, taomga bo‘lgan istak ham ochko‘zlik yoki qurumsoqlik tomonga o‘tmasdan mo‘‘tadil holda bo‘lishi lozim.
«Ey Odam bolalari, har bir sajda chog‘ida ziynatlaningiz (ya’ni, toza libosda bo‘lingiz) hamda (xohlaganingizcha) yeb-ichaveringlar, faqat isrof qilmanglar» (A’rof, 31).
Payg‘ambar alayhissalom: «Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir» deganlar(Bayhaqiy rivoyati).
Dunyo yomonliklaridan xoli qalb sog‘lom qalbdir. Sog‘lom qalb egasi bo‘lish qanday saodat! Olloh taolo aytadi: «U Kunda na molu davlat va na bola-chaqa foyda bermas. Magar Olloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)» (Shuaro, 89).
Qalb salimligining shart dunyoga mukkasidan ketmaslik, isrofgarlik va baxillikdan saqlanishdir. Qachon-ki qalb bu ikki jihatni o‘zidan bir xil uzoqlikda ushlasa, (ya’ni isrof va baxillikni o‘zidan bir xilda uzoqlashtirsa. Tarj.) kamolga yetadi. Aslida, o‘rtacha yo‘l — mana shu!
Masalan, «iliqlik»ni olib ko‘raylik. U na qaynoq, na sovuq, balki ikkisining o‘rtasida. Shuningdek, saxiylik ham isrof va baxillikdan bir xil uzoqliqda, ya’ni ularning o‘rtasida joylashgan sifat. Shijoat esa qo‘rqoqlik bilan o‘zni tuta olmaslik kabi ikki chegaraning o‘rtasidagi sifat. Iffat ochko‘zlik bilan sustlik o‘rtasidagi sifat. Umuman, barcha xulqlarda o‘rtalikni tark etish haddan oshish hisoblanadi.
Ha, murshid muridiga boshidanoq, g‘azab va baxillikning yomon xulq ekanini anglatmog‘i lozim. Agar bu ishda murshid tomonidan ozgina e’tiborsizlik o‘tsa, murid buni ruxsat sifatida qabul qilishi mumkin...

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:10:41

GO’ZAL XULQQA QANDAY ERISHILADI?

Bildingki, go‘zal xulq aql quvvatining mo‘‘tadilligiga, hikmat kamoliga bog‘liq. G’azab va shahvat quvvatining mo‘‘tadilligi ham go‘zal xulq belgisidir. Bu mo‘‘tadillik aql va shariatga tobelikni taqozo qiladi va u ikki jihatga ko‘ra hosil bo‘ladi.
Birinchisi, ilohiy ehson va fitriy komillik bilan hosil bo‘lgan mo'tadillik. Fitriy komillikning belgisi shuki, inson tug‘ma aqli komil, xulqi go‘zal bo‘ladi. Mana shu sifatlar unga shahvat va g‘azabni boshqarishga kifoya qiladi. Balki, undagi tug‘ma mo‘‘tadil bu ikkita xulq aql va shariatga bo‘ysungandir. Bunday inson ta’limsiz olim, hech qanday tarbiya olmasdan odobli bo‘ladi. Bamisoli, Iyso ibn Maryam, Yahyo ibn Zakariyo alayhissalom va boshqa payg‘ambarlar kabi.
Inson tabiatida yana shunday sifatlar yashirinki, ularni muntazam harakat bilan yuzaga chiqarish mumkin. Ba’zi bolalar tug‘ma tili ravon, chehrasi ochiq, saxovat bilan xulqlangan bo‘lsa, ba’zilari buning aksi. Odatlanish, yaxshi xulqli bolalarga qo‘shilish, kattalardan odob-axloqni o‘rganish orqali ularda go‘zal xulqlar hosil bo‘ladi.
Ikkinchisi, qattiq mehnat va riyozat bilan hosil bo‘ladigan mo‘‘tadillik. Deylik, kimdir o‘zida saxovat xulqini hosil qilmoqchi. Buning uchun u saxiylar hayotini o‘zlashtirmog‘i, ya’ni molni Olloh yo‘lida sarflashni o‘rganmog‘i lozim. Nafsga yuklangan bu mehnat to tabiatga singib, xulqqa aylanib ketguncha ulkan sabr kerak bo‘ladi.

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:15:03

Shariatga muvofiq, maqtovga munosib xulqlarning barchasi shu yo‘l bilan hosil bo‘ladi. Qachonki kishi qilgan saxovatidan lazzat olsa, bu saxovatning yuksak darajasidir. Haqiqiy saxiy molini sarflar ekan, lazzatlanadi, og‘rinish, qiynalish unga begona. Kamtarliqdan lazzat olgan kishi haqiqiy kamtardir. Toki nafsimiz barcha yaxshi odatlarga o‘rganib, barcha yomon fe’llarni tark etmas ekan, hech qachon unda diniy axloq qaror topmaydi.
Modomiki, sen ham go‘zal fe’llarga mushtoq kishida bo‘ladigan doimiy qunt va tirishqoqlikni zimmangda sezmas, bu xulq bilan lazzatlanmas, qabih fe’llarni yomon ko‘rib, ular tufayli alam chekmas ekansan, haqiqiy saodatga erisholmaysan.
Payg‘ambar alayhissalom: «Namoz ko‘zimning quvonchidir» dedilar (Nasoiy rivoyati). Biz esa ibodatlarga yalqovlik qilib, man’ etilgan narsalarni qiynalib, o‘zimizga og‘ir olib tark qilayotgan ekanmiz, bu nuqsonlar bilan qanday qilib saodat kamoliga yetishimiz mumkin?!
Ibodatga intizorlik oson ish emas. Olloh taolo deydi:
«Sabr va salot (namoz o‘qish) bilan madad so‘ranglar. Albatta u (namoz o‘qish) og‘ir ishdir. Magar o‘zlarining Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishlarini va shubhasiz, Uning huzuriga qaytuvchi ekanliklarini biladigan shikastanafs zotlarga (og‘ir emasdir)» (Baqara, 45-46).
Lekin ibodatning bu darajasiga yetguncha chekiladigan mashaqqat ham xayrdan xoli emas.
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Rozilik va qoniqish bilan Ollohga ibodat qil. Agar qodir bo‘lmasang, bas, senga og‘irlik qilayotgan narsaga sabr qilishingda ham ko‘p xayr bor» (Tabaroniy rivoyati).
Va’da qilingan saodatga go‘zal xulq orqali erishilar ekan, bu yo‘lda toatdan lazzatlanish va ma’siyatni yomon ko‘rish tuyg‘usi vaqtincha emas, doimiy balki, butun umr davomida bo‘lishi lozim. Umr o‘tgan sari fazilat mustahkamroq va komilroq bo‘la boradi. Shuning uchun Rasuli akramdan saodat haqida so‘rashganida: «(Saodat) — uzoq yashab, butun umrni Olloh taolo itoatida o‘tkazish» deb javob berganlar (Abu Bakr rivoyati).
Darhaqiqat, dunyo oxirat ekinzoridir. Umr uzayib, ibodatlar qancha ko‘p bo‘lsa, savob ham shunchalik mo‘l, nafs shunchalik pok, axloq shunchalik go‘zal bo‘ladi. Ibodatlar qalbda o‘z izini qoldirsa, murod hosil. Buning uchun esa ibodatlar uzluksiz, so‘nggi nafasgacha davom etishi lozim.
Inson dunyo muhabbatini qalbidan chiqarib, o‘rnini Olloh tarloga muhabbat bilan to‘ldirsa, mana shu eng go‘zal axloqdir. Bunday xulqni hosil etgan kishi uchun ulug‘ va qudratli Zot — Ollohning diydoriga yetishdan suyukliroq narsa yo‘q. U bor molini shu yo‘lda sarflaydi. U jilovlangan g‘azabi va shahvatini shariat va aql tarozusida tortib, faqat, Olloh taologa yetish yo‘lida ishlatadi. Bu mashg‘ulot unga farah va lazzat baxsh etadi, namoz ko‘zlar quvonchiga aylanadi. Ibodatning so‘ngi totli va ajib. Totli nihoyaga odatlangan nafs esa undan-da ajib!

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:16:28

Ba’zan mansab-martabaga, turli ne’matlarga ega kishilarni g‘am-tashvishga chulg‘angan holda ko‘ramiz. Qimorboz qimorsiz hayotni tasavvur qilolmaydi. Garchi qimor uni boridan mahrum qilib, o‘ziyu ahlining xarob bo‘lishiga sabab bo‘lsada, baribir u bu «lazzat»dan kecholmaydi, qimorsiz turolmaydi. Chunki, u uzoq muddat qimor bilan ulfat tutinib, jonini shu yo‘lda tiqdi. Masalan, kaptarboz ham saratonda na issiqni, qahratonda na sovuqni sezmasdan, kaptarlarining samoga ko‘tarilishi, havoda halqa yasab harakatlanishlariga mahliyo bo‘lib, kun davomida oyoq uzra turishi mumkin...
Bu — uzoq muddat davomiy ravishda bitta mashg‘ulotga odatlanishning va shu mashg‘ulot atrofidagilarga aralashib, ular bilan yaqindan munosabatda bo‘lishning natijasi.
Nafs uzoq muddat botil, qabih narsalarga mayl etsa, bora-bora ularga ko‘nikadi, hatto bundan lazzat oladi. Agar sen ham bir muddat haqqa qaytsangu, keyin unga muttasil bog‘lanib qolsang, qanday qilib haqqa odatlanmaslik, undan lazzat olmaslik mumkin?!
Aslida nafsning botil, qabih ishlarga mayl etishi fitratga ziddir, misoli, ba’zi odamlar tunroq (kesak) yeyishga odatlangani kabi.
Ammo fitratning hikmatga, yaratgan Egasini tanib, u Zotga muhabbat qo‘yish va ibodat qilishga bo‘lgan mayli, bamisoli uning taomga va suvga bo‘lgan mayliga o‘xshaydi. Chunki, qalb tabiati bu maylni taqozo qiladi. Shahvat ehtiyojlariga bo‘lgan mayl qalbga begona.
Qalb ozig‘i hikmat, ma’rifat va Ollohga muhabbatdir. Agar qalb xastalikka chalinsa, tabiati taqozo qilgan narsadan uzoqlashishi mumkin. Bundan xalal yetadi, xuddi xastalik me’da tabiatini buzgani kabi. Me’da xastalansa, tabiiy ehtiyoji bo‘lgan taom va sharobga ham ishtahasi yo‘qoladi.
Qaysi qalb Ollohdan boshqasiga muhabbat qo‘yishga moyil ekan, demak, endi u mayli miqdorida xastadir. Ammo kishi Ollohning muhabbati va diniga vosita bo‘lgani uchun nimanidir yaxshi ko‘rsa, bu mayl xastalikka sabab bo‘lmaydi.
Demak, go‘zal axloq riyozat bilan hosil bo‘lishi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lding. Go‘zal xulqqa erishish uchun dastlab chekilgan ranju mehnatlar asta-sekin tabiatga aylanadi. Bu qalb va a’zolar o‘rtasidagi ajib aloqadir. Qalbda paydo bo‘lgan har bir sifatning ta’siri a’zolargacha yetadi. Hatto a’zolar qalbdagi shu sifatga muvofiq harakatlanadi.
Har bir fe’l a’zolar orqali joriy bo‘ladi va ba’zan o‘sha fe’lning ta’siri qalbgacha boradi. Bu davriy jarayondir. Masalan, bir kishi mohir kotib bo‘lishni orzu qildi. Har qanday sohada yetuk darajaga erishish oson emas. Kotiblik malakasi ham alohida mehnatni talab etadi. Shunchaki qiziqish ehtiyojga, ehtiyoj tabiatga aylanishi kerak. Buning yagona yo‘li — mohir bir kotibga shogird tushib, kotib ko‘rsatganidek qo‘llarni to‘xtovsiz mashqqa o‘rgatmoq, uzoq muddat kotibnikiga o‘xshatib yozishga harakat qilmoq va oxir-oqibat ustozning chkroyli yozuvini butun nozikliklari bilan o‘zlashtirmoq. Avvaliga bu harakat rosa qnyin kechadi. Ustozidek o‘ta nafis yozish imkonsizdek tuyuladi. Asta-sekin bu uzluksiz mashg‘ulotning natijasi ko‘rina boshlaydi. Mashq davomida yig‘ilgan ko‘nikmalar malakaga, malaka botinda mustahkam o‘rnashgan sifatga aylanadi. Endi chiroyli xat majburiyat ostida emas, tabiiy ehtiyoj orqali yuzaga chiqadi.
Demak, avvalida chekilgan mashaqqat bejiz ketmadi, uning ta’siri qalbgacha ko‘tarildi. So‘ngra qalbdan a’zolarga qaytdi va chiroyli yozish uning tabiatiga singdi.

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:18:15

Shuningdek, kimki «faqihun-nafs» ya’ni, o‘zni tanigan kishilar jumlasidan bo‘lishni xohlasa, buning birdan-bir yo‘li, o‘zini tanigan kishilarga yaqinlashib, ularning qilganini qilmog‘i va bu ishni takror-takror davom ettirmog‘i lozim. Toki mana shu takrorlardan uning qalbida o‘zni tanigan sifati paydo bo‘lsin.
Kimki saxiy, halim, kamtar bo‘lishni xohlasa, boshida, garchi o‘zini zo‘rlab bo‘lsada, shunday fe’lli "kishilarga taqlid etmog‘i lozim. Dastlabki zo‘rma-zo‘raki taqlidlar bora-bora yo‘qoladi, odat sifatga aylanadi.
O’zni anglash talabida bo‘lgan kishi bir kechani bekor o‘tkazish bilan «tamom, endi hammasini boy berdim» deb umidsizlikka tushmaydi. Tabiiyki, bir kechalik mehnat bilan ham darrov o‘zni anglash darajasiga yetib qolmay-di. Ya’ni, nafsni poklash va uni chiroyli amallar bilan ziynatlash talabida bo‘lgan kishi bir kunlik ibodati bilan bu darajaga yetolmaydi, bir kunlik ma’siyati tufayli undan mahrum bo‘lib qolmaydi.
Bu so‘zimizning ma’nosi shuki, bitta gunohi kabira abadiy badbaxtlikka sabab bo‘lmaydi. Lekin bir kungi beparvolik keyingi va keyingi kunlarga o‘tib, asta-sekin inson dangasalikka odatlanishi, o‘zni anglash fazilatidan mahrum bo‘lishi mumkin. Kichik gunohlar ham yig‘ilib, iymon zavoliga, oxir-oqibat, asl saodatning boy berilishiga sabab bo‘ladi. 
O’zni anglash ham bir kechada ta’siri seziladigan tuyg‘u emas. Bu xuddi badan o‘sib-ulg‘ayib, bo‘y cho‘zilgani kabi asta va davomli ro‘y beradigan jarayondir, Shunga o‘xshab nafs tarbiyasi va uni poklash yo‘lida bitta toatning ta’siri darhol sezilmaydi. Lekin toatning oziga bepisand qaramaslik kerak. Negaki, ta’siri yaqqol seziladigan ko‘p toat bitta-bittadan yig‘ilgan va har bir toatga o‘ziga xos ta’sir yashiringan. Ibodat uchun beriladigan savob shu ta’sirga ko‘ra belgilanadi. Guioh uchun beriladigan jazo ham gunohning ta’siriga ko‘ra belgilanadi.
Qancha kishilar kechayu kunduzni bekor o‘tkazib, o‘zni anglashni kunba-kun orqaga surishadi. Natijada ularning tabiati bu ilmni unutadi.
Kichik gunohlarni arzimas sanaydigan kishilar ham butun umr tavbani kechiktiradi. Bu kechiktirish to‘satdan sodir bo‘ladigan o‘limgacha yoki qalbni gunohlar zulmati qoplab, tavba qilishga imkon qolmaguncha davom etishi mumkin. Oz ko‘pga qo‘shiladi, qalb shahvat zanjirlari bilan kishanlanib, bu changaldan xalos bo‘lishning imkoni yo‘qoladi, Tavba eshigining yopilishi degani shudir.
«Va biz ularning oldilaridan va orqalaridan bir to‘siq-parda qilib, ularni o‘rab qo‘ydik. Bas, ular ko‘ra olmaslar» (Yosin, 9).
Sahobalardan birining aytishicha, iymon qalbda oq nuqta bo‘lib ko‘rinadi. Iymon (quvvati) oshsa, oqlik ham ziyodalashadi. Agar bandaning iymoni to‘la komil bo‘lsa, qalb ham to‘la oqaradi, Nifoq qalbda qora nuqta bo‘lib ko‘rinadi. Nifoq ko‘paygan sari qoralik ziyodalashadi. Qachonki nifoq to‘la bo‘lsa, qalb ham to‘la qorayadi.
Demak, yaxshi axloq goh tabiiy — tug‘ma, goh yaxshi fe’llarga odatlanish tufayli, gohida yaxshi fe’lli kishilarni ko‘rib, ularga yaqin bo‘lish natijasida hosil bo‘ladi. Bularning barchasi Ollohga yaqin qiluvchi fazilatlardir.

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:19:31

Kimki tabiatan razil, pastkash bo‘lsa, kamiga yomonlar bilan oshno tutinib, ulardan yomonlikni o‘rgansa va yomonlikka odatlansa, bu ulug‘ va qudratli Zotdan g‘oyatda uzoq bo‘lishdir.
Yuqorida aytilgan tabiiy, odatiy hamda o‘rganish kabi jihatlarga ko‘ra farkdanadigan kishilar mana shu ikki daraja orasidadir. Har bir daraja o‘zi taqozo qiladigan surat yo holatga ko‘ra Haqqa yaqinlashadi yo uzoqlashadi.
«Bas, kim (hayoti dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa, (Qiyomat Kunida) o‘shani ko‘rur. Kim zarra misqolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur!» (Zalzala, 7-8).
«Ularga Olloh jabr qilgani yo‘q, balki ular (o‘zlari) o‘z jonlariga jabr qilguvchi bo‘ldilar» (Nahl, 33).

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:20:47

AXLOQIY TARBIYA YO’LLARI

O’tgan tafsilotlardan ma’lum bo‘ldiki, axloqdagi mo‘‘tadillik qalbning sog‘lomligidan, mo‘‘tadillikdan og‘ish esa qalbda illat borligidan darak.
Nafsning muolajasi razil va yomon axloqdan uni poklab, fazilat va go‘zal axloqni nafsga jalb etish bilan amalga oshadi. Badan muolajasida ham to illatlar tanadan butkul yo‘qotilmagunicha, to‘la sihhatga erishib bo‘lmaydi.
Inson mizojining aslida mo‘‘tadillik hukmron. Faqat tashqi ta’sirlar tufayli bu mo‘‘tadillik buziladi. Shuningdek, har bir inson toza fitrat bilan mo‘‘tadil holda tug‘iladi. Ota-onasi uni yo yahudiy yo nasroniy yo majusiy qiladi. Ya’ni, odat va ta’lim ta’sirida razilliklarga o‘rganadi. Bamisoli, badan avvalida komil yaratilmagani, balki oziqlar bilan tarbiyalanib voyaga yetgani kabi. Shunga o‘xshab nafs ham kelajakda mukammallashish imkonini saqlagan holda noqis yaratilgan. Ha, nafs axloq tarbiyasi va ilm bilan oziqlanish ta’sirida komil bo‘ladi.
Badan ham agar salomat bo‘lsa, tabibning ishi shu salomatlikni saqlab qolish yo‘llarini o‘rgatishdan iborat. Agar badan xastalansa, tabibning ishi badanni davolash, uni sihhat tomon tortish bo‘ladi.
Nafsning yo‘rig‘i ham shunday. Agar u pok va tarbiyali bo‘lsa, shu poklik va tarbiyani saqlab qolishga harakat qilmog‘ing, shu holatda uni yanada quvvatlantirib, musaffoligini oshirmog‘ing kerak. Agar nafs kamol va soflik sifatlarini yo‘qotgan bo‘lsa, nafsda bu sifatlarni qaytadan paydo etmog‘ing lozim.
Badandagi mo‘‘tadillikni buzib, kasallikka sabab bo‘luvchi illatlar o‘zining ziddi bilan muolaja qilinadi. Masalan, sovuqligi oshgan xastaga mizoji issiq narsalar, issiqligi oshgan xastaga mijozi sovuq narsalar dori bo‘ladi.                         
Shuningdek, qalb kasalligi bo‘lmish razillikni uning ziddi oliyjanoblik bilan, jahlni ilm bilan, baxillikni saxiylik bilan, kibrni tavozu’ bilan, ochko‘zlikni zo‘rlab bo‘lsa ham ishtahani tiyish bilan muolaja qilinadi. Badaniy xastaliklardan forig‘ bo‘lish uchun ba’zan ishtahani qo‘zg‘ab turgan anvoyi noz-ne’matlardan kechib, achchig‘u talx dorilarni iste’moliga sabr qilishing kerak. Qalb kasalligini davolash uchun esa bun-danda ko‘proq sabr, ulkan chidam zarur bo‘ladi. Badan kasalligidan nari borsa, o‘lib qutilasan. Olloh saqlasin, qalb marazi o‘limdan so‘ng ham abadul abad davom etadi.

Qayd etilgan