Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Riyozatun-nafs)  ( 46428 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:21:26

Har bir illatga uning ziddi bilan muolaja qilinadi, dedik. Lekin bu o‘rinda me’yor masalasini nazardan qochirmaslik kerak. Demak, biz shifo deb bilayotgan sababning foydali miqdoridan ham xabardor bo‘lishimiz lozim. Aks holda, me’yorni saqlolmaslik oqibatida fasod ziyodalashishi mumkin.
Axloq muolajasiga sabab bo‘ladigan xilma-xil zidliklarni tanlashda ham shunday me’yor bo‘lishi shart.
Davoning me’yori illat o‘lchovidan kelib chiqib belgilanadi. Tabib dardning sababini aniqlamaguncha, masalan, kasallikning issiq yo sovukdan ekanini bilmaguncha muolajaga qo‘l urmaydi. Agar dard harorat tufayli tug‘ilgan bo‘lsa, uning darajasini aniqlaydi: kuchlimi yo kuchsiz? Sababini aniklagach, endi bemorning badanidagi holatlarga, kasbi, yoshi, makoni kabi tashqi ta’sirlarga e’tiborini qaratadi. So‘ngra shular asosida muolajani boshlaydi.
Murshid ham tabibga o‘xshaydi. U muridlarining nafsini davolaydi. Murshid muridining axloqi va kasalliklaridan voqif bo‘lmaguncha unga buyuriladigan riyozatu mashaqqatni muayyanlashtirmaydi. Agar tabib barcha bemorlarni bitta dori bilan muolaja qilsa, ularning aksari nobud bo‘ladi. Shayx ham barcha muridlariga riyozatning faqat bitta turini joriy qilsa, bunday muomala ularni halokatga sudraydi, qalblarni o‘ldiradi. Balki, bu holatda muridning botiniga, botindagi illatlarga, uning yoshi va mizojiga, qanchalik riyozatni ko‘tara olishiga diqqat qilish muhimroq.
Agar murid bid’atchi, shariat belgilagan chegaralardan bexabar, johil bo‘lsa, avvalo muridga tahorat, namoz va ibodatlarning tashqi tomonlari o‘rgatiladi. Agar murid harom mol topish bilan mashg‘ul yoki boshqa gunoh ishlarga sho‘ng‘igan bo‘lsa, avvalo unga bu ishlarni tark qilish buyuriladi. Agar murid zohirini ibodatlar bilan ziynatlab, tashqi a’zolarinigina gunohlardan saqlashga berilgan bo‘lsa, bu holatlarning botin bilan ne-chog‘lik bog‘liqligiga nazar solinadi. Shundagina muridning axloqi va qalb xastaliklaridan voqif bo‘lish mumkin. Agar muridda topilgan illatlar zaruriy miqdordan oshmaydigan bo‘lsa, murshid muridni asta-sekin illatu marazlardan uzoqlashtirib, yaxshilik tomon yo‘llaydi.
Agar muridda kaltabinlik, kibr, izzattalablik kabi illatlar g‘olib bo‘lsa, unga bozorlarda tilanchilik qilish buyuriladi. Chunki, bu illatlarni faqat xorlik bilan yo‘qotish mumkin. Eng ulkan xorlik esa tilanchining xorligidir. To kibri va izzat nafsi singuncha u mana shu xorlikni ko‘taradi.
Agar murid badani va kiyimini pok saqlab, qalbi faqat tashqi poklikkagina moyil va mone’ ekanligi sezilsa, uni tahoratxonalarni tozalash, iflos joylarni supurish, oshxona va o‘choqlar boshida xizmat qilishga buyuriladi. Toki uning tozalik va poklik haqidagi yuzaki qarashlari barbod bo‘lsin.
Taqvoli hayotni ozoda liboslaru, rangli joynamozlardan iborat deb tushunadigan va butun umrini tashqi holatlarga oro berish uchun yelib-yugurib o‘tkazadigan kishilar kun bo‘yi o‘ziga zeb beradigan kelinlarga o‘xshaydi. Aslida, butga sig‘inayotgan inson bilan o‘ziga sig‘inayotgan inson o‘rtasida farq yo‘q. Inson qanchalik Yaratgandan o‘zgasiga sig‘inar ekan, Ollohdan shunchalik uzoqlashadi. Kimki kiyimning halol va pok bo‘lishidan tash-qari jihatlariga e’tiborini berib, qalbini ham shunga moyil qilgan ekan, bilingki, u o‘zi bilan o‘zi mashg‘ul .bo‘lib qolgan kishidir.

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 18:22:36

Riyozatning nozik jihatlari ko‘p. Masalan, murid qaysidir salbiy sifatni tark qildi, lekin buning ziddiga erisholmadi. Deylik, baxillik sifatini tashladiyu, lekin saxiy bo‘lolmadi. Buning ajablanadigan joyi yo‘q. Har qanday o‘zgarish asta-sekin kechadi. Bu vaziyatda shunday yo‘l tutiladi: yomon xulqdan yomonligi kamroq xulqqa o‘tiladi. Bamisoli, qon suv bilan ketmasa, qonni bavl bilan yuvib, so‘ng bavlni suv bilan yuvib tashlagan kabi. Masalan, bola yoshligida koptok o‘ynashga rag‘bat qiladi. Keyin bu rag‘bat ziynatni yaxshi ko‘rishga, kiygan kiyimidan faxrlanishga ko‘chadi. So‘ng kimlarningdir targ‘ibi bilan bir-ikki odamga boshchi bo‘lish, mansabga qiziqish boshlanadi. Vaqti kelib, mansab havasi ham so‘nadi, Olloh tavfiq bersa, oxirat uning g‘amiga aylanadi. Kimki mansab g‘amini birdaniga tark etolmayotgan ekan, ishni undan ko‘ra yengilrog‘ini tark etishdan boshlasin. Kimdadir taomga ochko‘zlik bor, unga ro‘za va taomni kam yeyish buyuriladi. Keyin unga laziz taomlarni tayyorlash topshiriladi. Taomlar muhayyo bo‘lgach, shunday laziz noz-ne’matni o‘zi yemasdan o‘zgaga taqdim qiladi. Shu yo‘l bilan nafsini tiyadi, uni sabrga o‘rgatadi, ochko‘zligini so‘ndiradi.
Moddiy ahvoli tufayli uylanishga qodir bo‘lmagan kishiga ham ro‘za tutish buyuriladi. Agar uning shahvati shu bilan ham pasaymasa, bir kuni non yemasdan suv bilan, boshqa kuni suv ichmasdan non bilan iftor qiladi. Go‘sht va xushxo‘r ziravorlar iste’molidan butkul qaytariladi.
Muridlikning boshlanishida ochlikdan foydaliroq davo yo‘q Agar unda g‘azab kuchli bo‘lsa, buning birdan-bir davosi halim va sukut. Yomon xulqli odamlarga yo‘ldosh bo‘lib, ularning xizmatini qilish, shu yo‘l bilan ularning yomonligiga sabr etishni o‘rganish ham murid uchun foydadan xoli emas:
Ba’zi tariqat ahllaridan hikoya qilinishicha, soliqlar nafsini hilmga o‘rgatib, g‘azab shiddatini so‘ndiradilar. Hatto odamlar orasida o‘zlarini haqorat qiladigan kishilarni yollaydilar. Shu yo‘l bilan nafsini sabr va hilmga odatlantiradilar. Nafsida qo‘rqoqlik, qalbida zaiflik sezgan ayrimlari esa xulqida shijoat hosil qilish uchun qishda dengizlarga otlanib, dolg‘ali to‘lqinlarga o‘zni uradilar. Hind obidlari esa tun bo‘yi yog‘ochdek qotib turkab, erinchoqlik dardini muolaja qiladilar...
Qalb muolajasi ham shu tarzda kechadi. Olloh taolo bularning barchasini O’zining Kitobida bitta kalimada jamlagan:                     
«Endi kim (hayoti dunyodalik paytida Qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U Zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Van-Noziat, 40-41).

Qayd etilgan


Hadija  08 Sentyabr 2009, 22:01:48

QALB XASTALIGINING BELGILARI VA UNING MUOLAJASI

Bilginki, badanning har bir a’zosi maxsus bir fe’l uchun yaratilgan. Qachonki u a’zo xastalansa, qilinishi lozim bo‘lgan fe’lni bajara olmaydi yoki qisman, iztirob bilan bajaradi. Qo‘l xastalansa, ushlash quvvatini yo‘qotadi. Ko‘z xastalansa, ko‘rolmaydi. Qalb xastalansa, u ham o‘zi uchun belgilangan ishni bajarishdan ojiz qoladi. Qalb uchun belgilangan ish esa ilm, hikmat, ma’rifat. Olloh taolo dedi:
«Men jin va insni faqat O’zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Vaz-Zariyot, 56).
Har bir a’zoning vazifasi bor. Qalbning vazifasi hikmat va ma’rifatni anglash. Inson yeyish, ichish, ko‘rish, eshitish va boshqa sezgilar bilan emas, balki insoniy aqli bilan hayvondan farqlanadi. Shu afzalligi bilan inson narsalarning mohiyatini anglaydi.
Olloh taolo barcha narsalarni yaratgan Zotdir. Agar inson barcha narsalarni bilsayu, ulug‘ va qudratli Rabbini tanimasa, demak u hech narsani bilmabdi. Tanish, bilishning alomati - muhabbat. Ollohni yaxshi ko‘rgan kishi Ollohni tanigan kishidir. Muhabbatning belgisi esa dunyo va undagi suyukli narsalarni Yaratuvchidan ustun qo‘ymaslik bilan belgilanadi. Olloh taolo aytadi:
«(Ey Muhammad), ayting: «Agar ota-onalaringiz, bolalaringiz, aka-ukalaringiz, juftlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz va kasb qilib topgan mol-dunyolaringiz, kasod bo‘lib qolishidan qo‘rqadigan tijoratlaringiz hamda yaxshi ko‘radigan uy-joylaringiz sizlarga Ollohdan, Uning payg‘ambaridan va Uning yo‘lida jihod qilishdan suyukliroq bo‘lsa, u holda to Olloh O’z amrini (ya’ni, azobini) keltirguncha kutib turaveringlar. Olloh itoatsiz qavmni hidoyat qilmas» (Tavba, 24).
Kimki biron narsani Olloxdan suyukliroq bilsa, uning qalbi marazdir. Bu bamisoli, non bilan suv bo‘laturib, loyga ishtahasi ochilgan me’daga o‘xshaydi. Albatta, bunday buzuq ishtaha me’daning kasalligidan dalolat.
Qalb xastaligining nozikligi shundaki, kishi bu dardga chalinganini sezmaydi. Lekin qalb xastaligini anglagan inson dardning og‘irligiga yarasha muolajaning ham og‘ir bo‘lishini, bunga ulkan sabr va matonat lozimligini tushunadi. Negaki, qalb xastaligining davosi shahvatlarga qarshi borish bilan amalga oshadi. Bu esa jon chiqishi bilan barobardir. Nafsda muolajaga sabr qilish quvvatini topish qandayam qiyin ish! Mayli, bu ish amalga oshdi — nafsda sabr hosil bo‘ldi. Endi dardni davolaydigan hoziq tabib topish undan-da muhol! Chunki, qalb dardining tabiblari — olimlarning o‘zi shu dardga chalingan. O’zini davolay olmagan tabib, qanday qilib, o‘zgani davolasin?
Shuning uchun ham bugun qalb xastaligi dardi bedavoga aylandi, «qalb tibbi», hatto «qalb xastaligi yo‘q narsa» degan da’vo bilan bu xastalikning mavjudligi inkor qilindi. Natijada xalq dunyoga muhabbat qo‘yishga, zohiri ibodat, botini odat va riyodan iborat amallarga yuz burdi. Qalb xastaligining alomatlari mana shulardir.
Qalb sihhatini tiklash e’tiborni dardga davo bo‘ladigan sabablarga qaratish bilan boshlanadi. Masalan, Olloh taolodan uzoqlashtiruvchi, halokatga olib boruvchi baxillik dardining davosi molni sarfu infoq qilishdir. Lekin ba’zida bu sarf isrof darajasiga o‘tib ketadi. Natijada baxillik marazidan xalos bo‘laman deb kishi isrof dardini orttiradi.
Misol uchun, tananing sovub ketishi haroratni ko‘tarish bilan muolaja qilinadi. Ammo, haroratni ko‘tarish haddan oshsa, bu ham kasallik. Aslida harorat va sovuqlik o‘rtasida tenglik bo‘lishi lozim edi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 16:08:21

Shuningdek, isrof va baxillik orasida ham mo‘‘tadillikni saqlash kerak. Toki bizga kerak nuqta ikki tarafdan bir xil uzoqlikda joy olsin.
Agar mo'tadillik neligini bilmoqchi bo‘lsang, saqlanishing lozim bo‘lgan xulqqa nazar sol. Bu xulq o‘zining ziddi bo‘lmish boshqa bir xulkdan senga yoqimli va yengil bo‘lsa, demak sen saqlanishing lozim bo‘lgan xulq bilan xulklangansan. Masalan, mol-dunyoni sarflashdan ko‘ra ularni to‘plash senga lazzatli va oson bo‘lsa, demak senda baxillik xulqi ko‘proq. Bas, mol-dunyongni.sarflashga tirish!
Agar mol-dunyoni keragicha saqlashdan ko‘ra noo‘rin sarflash senga lazzatli va yengil bo‘lsa, demak senda isrofgarlik xulqi ustun. Bas, molingni qo‘lda ushlab turishni o‘rgan!
Nafsingni kuzat. Qaysi fe’llarni qilishing osonu, qaysi fe’llarni qilishing qiyin ekanligini aniq bilib ol. Qalbingni mol-dunyoga bog‘lanib qolishdan asra. Shundagina sen mol-dunyoni noo‘rin sarflashdan ham, baxillikdan ham omonda bo‘lasan. Mol-dunyo sen uchun bamisoli suv. Biron tashnaning chanqog‘ini qondirish uchun sen uni ushlab turasan, biron muhtojning hojatini ravo qilish uchun sen uni sarflaysan, berayotganingdan zar-racha qiynalmaysan, aksincha lazzatlanasan.
Qaysi qalb shu darajaga yetsa, bilginki- Olloh uni salomat saqlabdi. Qalb nafaqat saxovat va baxillikda, balki boshqa barcha xulqlarda ham dunyoga zarracha bog‘lanib qolmasligi zarur. Nafs mol-dunyo mehridan uzilsagina sokinlashadi. Sokin nafs Olloh ato etgan ne’matlardan rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar, solihlar va ularga husni xulq bilan ergashgan bandalar qatoriga kirgan holda Parovardigori huzuriga qaytadi.
Haqiqiy o‘rtalikni topish nihoyatda mushkil ishdir. Kimki bu dunyoda qildan ingichka, qilichdan o‘tkir shunday mustaqim yo‘lni topgan bo‘lsa, oxiratda ham unga shunday yo‘l nasib etishi mumkin.
Ba’zan banda o‘rta yo‘lni yo‘qotib, na u yoqli, na bu yoqli bo‘lib qoladi. Natijada qalbi taraddudllr orasida muallaq qotadi. Shuning uchun ham bunday qalb azobga duchor.
«Hech shak-shubha yo‘qki, Biz O’zimiz unga (jahannamga) kirishga loyiqroq bo‘lgan kimsalarni juda yaxshi Bilguvchidirmiz. Sizlardan har biringiz unga tush-guvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringizga (ya’ni, U Zotning amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir. So‘ng Biz taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz»  (Maryam, 70-72).
Ya’ni, ularning to‘g‘ri yo‘lga yaqinligi ko‘proq. To‘g‘ri yo‘lga tushish mushkil bo‘lgani uchun ham har bir bandaga har kuni o‘n yetti marta «ihdinassirotol mustaqim» — O’zing bizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin deb so‘rash, bino-barin, har rak’atda «Fotiha» surasini o‘qish vojib bo‘ldi.
Rivoyat qilinadi, o‘tgan azizlardan biri Payg‘ambar alayhissalomni tushlarida ko‘rib: «Ey Ollohning rasuli, «Hud» surasi soqolimni oqartirdi» dedingiz, buning boisi ne?» deb so‘radi. Shunda Rasuli akram: «Olloh taoloning: «O’zingizga buyurilgani yanglig‘ To‘g‘ri Yo‘lda bo‘lingiz» (Hud, 112) degan so‘zi tufayli» dedilar.
Darhaqiqat, to‘g‘ri yo‘lda bo‘lish nihoyatda og‘ir. Lekin inson, garchi to‘g‘rilikning mohiyatiga yetishga qodir bo‘lmasada, iloji boricha unga yaqinroq borishga tirishmog‘i vojib. Najotga faqat solih amal bilan erishiladi.
Solih amal esa go‘zal xulqlardan sodir bo‘ladi. Bas, har bir banda o‘zining sifatlari va xulqlarini tekshirsin, hisobga tortsin. Tartib bilan birma-bir ularning mu-olajasini boshlasin. Ulug‘ Olloh barchamizni muttaqiylar jumlasidan qilsin.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 16:10:31

NAFS AYBLARINI QANDAY BILISH MUMKIN?

Olloh taolo bir bandasini yaxshilik bilan siylamoqchi bo‘lsa, unga nafsining ayblarini ko‘rsatib qo‘yadi. Kimning botin ko‘zi ochiq bo‘lsa, ayblari unga xavf sololmaydi. Ammo aksar xalq birodarining ko‘ziga zarracha gard tushsa, darrov ko‘radi, o‘zining ayblaridan, ko‘zlariga qamalgan ulkan «g‘am»dan esa bexabar.
Kimki, nafsidagi ayblarni bilmoqchi bo‘lsa, buning to‘rtta yo‘li bor.
Birinchisi, nafs ayblaridan xabardor, undan yetadigan yashirin ofatlardan ogoh shayxning huzurida bo‘lish. Bunda murid shayxni nafsiga hakam qiladi, nafs bilan ku-rashda u zotning ko‘rsatmasiga to‘la ergashadi. Bu murid bilan shayx, shogird bilan ustoz o‘rtasidagi muomaladir. Zero, shayx muridining, ustoz shogirdining nafsidagi ayb-larini va ularning muolaja yo‘lini yaxshi biladi.
Ikkinchisi, haqiqiy sodiq, ziyrak va diyonatli do‘st tanlamoq. Go‘yo bu do‘st uning nafsi ustidan kuzatuvchi vazifasini o‘taydi. Shunda u do‘stining tanbehu maslahatlariga qarab o‘zining ahvolu fe’llaridan, zohiru botin xulqlaridan ogoh bo‘ladi. Ulug‘larimiz shunday yo‘l tutardilar.
Umar roziyollohu anhu derdilar: «Ayblarimni menga xadya qilgan kishiga Olloh rahmatini yog‘dirsin».
Salmon Forsiy o‘z ayblarini o‘zgalardan so‘rab turardi. Alqissa, bir kishi uning huzuriga keldi. Salmon undan so‘radi: «Men haqimda qanday yomon so‘zlar eshitding?» U kishi o‘zini bilmaganga oldi. Lekin Salmon uni hech qo‘ymadi, gapirishga majbur etdi:
— Eshitdimki, dasturxoningizda doimo ikkita idom (nonga surib yeyiladigan yegulik. Tarj.) bo‘lar ekan. Kunduzi va tunda kiyadigan ikkiti kiyimingiz bor ekan.
—  Bundan boshqa ayblarim ham bormikan? so‘radi Salmon.
—  Yo‘q!
—   Shu ikkitasi ham kifoya qiladi, dedi Salmon. Salmon Forsiy Huzayfadan so‘rar edi:  «Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning munofiqlar haqida aytgan sirining sohibisan. Ayt-chi, menda ham nifoq alomati bormi?»
Qarang, sahobalarning ulug‘i Salmon shunday deyapti. Olloh rozi bo‘lsin, u azizlar o‘z nafsini shu tarzda hisob qilardi. Ha, ular aql jihatidan qanchalik komil, mavqe jihatidan qanchalik buyuk bo‘lsa, shunchalik o‘zlarini past tutar, nafsidan ayb qidirar edilar.
   Bugungi do‘stlar qanday? Hiyla-nayranglar bilan ayblaringni yashiradimi yoki hasad va g‘araz bilan ayb sanalmaydigan narsalarni ayb qilib ko‘rsatadimi?!
Dovud Toiy nima uchun odamlardan uzlat qilgan edi? Undan so‘raldi:
—  Nega odamlarga aralashmaysiz?
—   Ayblarimni mendan yashiradigan qavm bilan nima ham qilolardim, deb javob berdi Dovud Toiy.
Demak, o‘tgan ulug‘larimiz o‘zgalarga tanbeh berish bilan o‘z ayblariga e’tiborini qaratish yo‘lidan borgan. Biz nima qilamiz? Ayblarimizni yuzimizga aytgan kishi dushmanimizga aylanadi, unga nisbatan kek saqlaymiz. Bu iymon zaifligidan boshqa narsa emas.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 16:13:54

Yomon axloq zaharli ilon va chayonlarga o‘xshaydi. Agar birov ko‘ylagimizga yopishgan chayonni ko‘rib: «Ana ichingga chayon kirib ketyapti» desa, uning bu ogohlantirishidan minnatdor bo‘lamiz, tezda bu zaharli hasharotni o‘zimizdan uzoqlashtirishga harakat qilamiz, uni o‘ldiramiz. Chayon zaharining badanga ta’siri bir kun yoki undan ko‘proq bo‘lar. Ammo yomon axloqning qalbga ta’siri bundan xavfliroq. Negaki, u o‘limdan so‘ng ham davom etadi.
Afsus, biz yomon xulqimizdan ogoh etgan kishidan xursand bo‘lmaymiz, tezda bu yomon xulqdan qutulishga harakat qilmaymiz. Balki, nasihat qiluvchiga: «O’zing ham falon-falon ishlarni qilardingku!» deb ta’na yog‘diramiz. Bu qalbimiz qotganligidan dalolat. Qotgan qalbda esa faqat gunohlar «ko‘karadi», gunohlar «meva beradi». Aslida, barchasining ildizi iymon zaifligiga borib taqaladi. Olloh bizni aybini tan oladigan va uning muolajasi bilan mashg‘ul bo‘ladigan bandalardan qilsin, ayblarimiz bizni hidoyatga ilhomlantirsin. Halimligi va fazli bilan yomonliklarimizni o‘zimizga bildirgan kishining shukronasini ado qilishga muvaffaq etsin.
Uchinchisi, nafsining ayblaridan dushmanining tili orqali voqif bo‘lmoq. Negaki, yomonlik yomonlikni namoyon qiladi, ya’ni dushmaning og‘zidan chiqayotgan yomon so‘zlar sendagi yomon xulq, yomon fe’lni so‘zlayotgan bo‘lsa, ne ajab! Balki, ayblaringni yashirib, maqtovu olqishlarga ko‘mgan ayyor do‘stdan, har bir so‘zi nafratga to‘la dushmaning sen uchun manfaatliroqdir. Garchi tabiating uni yolg‘onchilikda, hasadgo‘ylikda ayblashga moyil bo‘lsada. Ammo, botin ko‘zi ochiq kishi hatto dushmanning so‘zida ham foyda borligini ko‘radi.
To‘rtikchisi, odamlarga aralashmoq, ya’ni xalq ichida bo‘lmoq. Kishi odamlar orasida bo‘lib, ulardan biron yomon fe’l sodir bo‘lganini ko‘rsa, o‘z nafsidan ham shu fe’lni izlasin, o‘zida ham shu xulq bor, deb e’tibor etsin. Chunki, mo‘min mo‘minning ko‘zgusi, boshqaning aybi orqali o‘zining ayblarini taniydi, dunyo muhabbatiga tobelikda tabiatlar bir-biriga yaqin ekanligini biladi. Ayni barobar narsalar hech qachon asl jihatidan bir-biridan farqlanmaydi.
Shunday ekan, nafsingni tergamoqni odat qil. Yomon ko‘rilgan narsalardan uni pokla, tanbehlar bilan uni yomonlikdan qaytar. Agar insonlar boshqalar tomonidan yomon deb topilgan narsalarning barchasini tark qilishganida edi, tanbeh beruvchiga hojatlari qolmasdi.
Iyso alayhissalomdan so‘rashdi: «Kim sizga odob berdi?» Shunda Iyso alayhissalom: «Menga hech kim odob bermadi, Balki, johilning nodonligi uning sharmanda bo‘lishiga sabab ekanligini ko‘rib, undan chetlandim» dedi.
Bularning barchasi orif, zakiy, nafsdagi ayblarni taniydigan basir, samimiy va mushfiq, Olloh taolo bandalarining tarbiyasi bilan mashg‘ul, ularga nasihatgo‘y shayxni topolmagan kishining hiylalaridir. Kimki shunday shayxni topsa, haqiqiy tabibni topibdi, uning etagidan mahkam ushlasin. Shu tabib uning darddan xalos bo‘lishiga, halokatdan najot topishiga sabab bo‘ladi.
Darvoqe, aslida tabibning ishi o‘zi shundan iborat.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 16:33:50

QALB XASTALIGINING MANBAI SHAHVATLARGA ERGASHISH VA UNING MUOLAJA YO’LI SHAHVATLARNI TARK ETISH EKANIGA SHARIAT VA AHLI BASIRAT DALILLARI

Agar yuqorida tilga olingan narsalar xususida chuqurroq o‘ylab, ularga jiddiy e’tibor bilan yondashsang, botin ko‘zing ochiladi.
Qalb illatlari, xastaliklari, ularning muolaja yo‘li ilm va yaqiyn (haqiqiy ishonch) nuri bilan namoyon bo‘ladi...
Ilmda daraja bo‘lgani kabi iymonda ham daraja bor. Ilm iymondan so‘ng hosil bo‘ladi. Olloh taolo deydi:
«Olloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur» (Mujodala,  11).
Kimki shahvatlarga qarshi bo‘lish Olloh taologa eltuvchi yo‘l ekanini tasdiqlasa, garchi bu tasdiqning sababi va sirridan. bexabar bo‘lsa-da, u mo‘minlar jumlasidandir. Agar shahvatni ziyoda qiluvchi va bu hisning kuchayishiga yordam beruvchi jihatlardan ogoh bo‘lsa, demak bu kishi ilm ato etilganlar toifasidandir. Olloh taolo ikkala holatda ham chiroyli oqibatni va’da qilgan. Olloh taolo aytadi: «Endi kim (hayoti dunyodalik paytida Qiyomat Kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va u Zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa, u holda, faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Van-Noziat, 40-41). Olloh taolo deydi:
«Ana o‘shalar Olloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan (ya’ni, taqvo imtihonidan o‘tgan) zotlardir» (Hujurot, 3).
Aytiladiki, shahvat muhabbati taqvoni dildan sug‘urib oladi. Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Mo‘min beshta balo ichidadir (ya’ni, mo‘min doimo beshta balo — ofatning qurshovida bo‘ladi. Tarj.): mo‘min unga hasad qiladi; munofiq uni yomon ko‘radi; kofir unga qarshi kurashadi; shayton uni adashtiradi; nafs u bilan nizoga boradi» (Abu Bakr ibn Lol rivoyati).
Rivoyat qilinadi, Olloh taolo Dovud alayhissalomga vahiy qildi: «Ey Dovud, ashobingni shahvatga qul bo‘lib qolishdan ogoh et. Chunki, shahvatga bog‘langan qalb men-dan to‘silgandir».
Iyso alayhissalom aytdi: «Ko‘z ko‘rmagan, g‘oyibda va’da qilingan narsa uchun shunday yonidagi shahvatni tark qilgan kishi qanday go‘zal!»
«Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom jihoddan qaytayotgan qavmga qarata dedilar:
—  Marhabo, kichik jihoddan ulug‘ jihodga keldingiz!
—  Yo Rasulalloh, ulug‘ jihod qaysi? so‘rashdi ashoblar.
—   Nafs bilan jihod, dedilar Rasuli akram» (Ibn Moja rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Ulug‘ va qudratli Olloh taologa itoat yo‘lida nafsiga qarshi kurashgan kishi mujohiddir» (Termizrga rivoyati).
Sufyon Savriy dedi: «O’zimga nafsimdan ko‘ra ashaddiyroq dushmanni ko‘rmadim», Abu Abbos Musiliy nafsiga qarata derdi: «Ey nafs, ne’matlarga burkangan boyvachchalar bilan bo‘lib, dunyodan nima topding? Oxirat g‘amida obidlar bilan ibodatlar qilding, yana nega norozisan? Men sen bilan go‘yo jannat va do‘zax orasida tutqundayman. Ey nafs, qachon fursatni g‘animat bilasan?».
Yahyo ibn Muoz Roziy aytadi: «Riyozat qilichlari bilan nafsingga qarshi kurash. To‘rtta ishda riyozat chekiladi. Bular: taom, uyqu, so‘z va ozorlarga toqat. Taomni kam yeyish dunyoga mehrni so‘ndiradi. Kam uyqu iroda-istaklarni tiniqlashtiradi. Kam gapirish ofatlardan saqlaydi. Ozorlarni ko‘tarish maqsadlarga eltadi. Banda uchun ozorlar yetganda sabr qilish, jafo ko‘rganda halim bo‘lishdan afzalroq holat yo‘q.
Qachonki nafsingda dunyo istaklariga mayl, gunohga rag‘bat uyg‘onib, ko‘p gapirishdan shirin ta’m tuysang, ichingda nimadir jo‘sh urib, hayajonlar og‘ushida o‘zingdan ketsang, bas, u holda kam taomlik qilichini tahajjud va kam uyqulik qinidan sug‘urib, yalang‘ochla. Keyin vazminlik va kam gaplik qo‘llaridagi bu qilichni dunyoga mayl va gunohga rag‘bat uyg‘otuvchi shahvatning boshiga sol, toki zulm va intiqomning bo‘yni uzilsin. Shunda naf-sing dunyoga mehr tufayli tug‘iladigan kulfatlardan va o‘zga balolardan omonda bo‘ladi. Nafsing shahvat zulmatlaridan poklanadi, ofatlar kishanidan qutiladi. Ana shunda u pokiza, yorug‘, yengil, ruhoniy nafsga aylanadi, uchqur otdek yaxshilik maydonlarida, itoat yo‘llarida chopadi, pok farishtadek bog‘u bo‘stonlarda kezadi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 16:35:25

Insonning uchta dushmani bor: dunyo, shayton va nafs. Zuhd bilan dunyodan ehtiyot bo‘linadi. Shaytonga qarshi bo‘lib, yomonligidan saqlaniladi. Shahvatlarni tark etish bilan nafsdan himoyalaniladi».
Donishmandlardan biri deydi: «Kim nafsga o‘zini topshirsa, dunyo mehr-muhabbatiga asir bo‘lib qoladi, kibru havo tuzog‘iga ilinadi, shahvatlar uni xohlagan tarafiga tortadi, qalbini xayrdan to‘sadi».
Ja’far ibn Homid aytadi: «Ne’matlarga ne’matlarni tark etish bilan yetiladi».
Abu Yahyo Varroq deydi: «Kimki a’zolarini shahvatlar bilan to‘ydirsa, bilsinki, qalbiga afsusu nadomat urug‘ini ekkan bo‘ladi».
Vahib ibn Vard deydi: «Non bo‘laturib, yana qo‘shimcha yeguliklarni istash shahvatdir. Kimki dunyo shahvatlarini sevsa, xorlikka hozirligini ko‘raversin»...
Bir kishi Umar ibn Abdulazizga dedi:
- Qachon gapiray?
—  Jim bo‘lnshni xohlaganingda!
-  Qachon jim bo‘lay?
—  Gapirishni xohlamaganingda, dedi Umar ibn Abdulaziz. Aliy ibn Abu Tolib dedi: «Jannatga mushtoq kishi bu dunyoda shahvatlarni unutadi».
Ulamo va hukamo shunga ittifoq qilishgan: nafsni kibru havodan tiyish va shahvatlarga xilof yo‘l tutish bilangina oxirat saodatiga erishish mumkin. Bunga iymon keltirish vojib.
Riyozatning xosili va siri qabrning tashqarisida qoladigan narsalardan zarurat miqdorida foydalanishdan iborat. Bu narsalarga yeyish, ichish, nikoh, libos, maskan, xul-las ehtiyoj va zarurat miqdoridagi tiriklik hojatlari kiradi. Chunki bu hojatlarning birortasidan ortiqcha lazzatlanish paydo bo‘lsa, demak nafs bu lazzatni o‘ziga do‘st tutgan va undan ajralolmay qolgan. Mana shu lazzat tufayli inson o‘lganidan so‘ng dunyoga qaytishni orzu qiladi. Negaki, bunday holatda uning uchun oxiratda ulush yo‘q.
Olloh ma’rifati, muhabbati va bu yo‘lda tafakkur qilish bilan mashg‘ul qalbgina o‘limdan so‘ng dunyoga qaytish istagidan xalos bo‘ladi, Bu quvvatni Olloh ato etadi. Banda zikr va fikrni to‘smaydigan darajada dunyodan foydalanadi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 16:38:10

Bu haqiqatni anglashda odatlar to‘rt guruhga bo‘linadi.
Birinchisi — siddiqlar. Siddiq kishining qalbi Ollohning zikriga g‘arq bo‘ladi. U tiriklik ehtiyoji darajasida dunyoga bog‘lanadi. Bu darajaga davomli riyozat va uzoq sabr bilan erishiladi.
Ikkinchisi - halok bo‘luvchilar. Bu guruh kishilarining qalbi dunyoga g‘arq. Ular faqat tilidagina «Olloh» deydi.
Uchinchi guruhdagi kishi ham dunyo, ham din bilan mashg‘ul. Lekin uning qalbi ko‘proq dinga moyil. Bu kishi do‘zaxga kiradi. Ammo Olloh zikri qalbini qanchalik egallaganiga qarab, do‘zaxdan tezda xalos bo‘ladi.
To‘rtinchisi — din bilan mashg‘ul, ammo qalbida dunyo g‘ami ko‘proq kishi. U do‘zaxda uzoqroq muddat qoladi. Lekin qalbida o‘rnashgan zikrning quvvati va samimiyatiga qarab, albatta u yerdan chiqadi, garchi qalbida dunyo g‘ami ustunroq bo‘lsada. Ollohim, bizni bunday sharmandalikdan asra, O’zing panohingga olguvchi Zotsan.
«Muboh (ya’ni, qilish yoki qilmaslik ixtiyoriy ish. Tarj.) amalni qilish muboh. Shunday ekan, muboh ish qanday qilib Olloh taolodan uzoqlashishga sabab bo‘lishi mumkin?» degan savol tug‘ilsa, javobimiz shunday: masalani bunday tushunish zayiflik. Dunyoni yaxshi ko‘rish barcha xatoning boshi, har qanday solih amalning bekor bo‘lishiga bosh sababdir. Hojatdan tashqari muboh ish ham, aslida, dunyoga muhabbatdan kelib chiqadi.
Ibrohim Xavos shunday hikoya qiladi: «Bir kuni Lukom tog‘ida hosilga kirgan anorlarni ko‘rib qoldim. Yegim kelib, bittasini uzdim. Yorib qarasam, anor hali xom ekan, tashlab yubordim. Shunda chekkaroqda och va yupun holda yotgan, ustida pashshayu arilar g‘ujg‘on o‘ynayotgan bir odamga ko‘zim tushdi.
—   Assalomu alaykum, dedim.
—   Va alaykum assalom, ey Ibrohim, dedi u.
—   Meni qaerdan taniysan? dedim unga.
—  Ulug‘ va qudratli Zotni tanigan odamga hech narsadan xavf yo‘q, javob berdi u.
—  Senda ulug‘ va qudratli Zot bilan bog‘liq bir holni ko‘rayapman. Olloh seni arilardan himoya qilishini nega so‘ramaysan?
—  Men ham senda Olloh taolo bilan bog‘liq bir holni ko‘rayapman. Nega Olloh taolodan anorga bo‘lgan shahvatdan seni tiyishini so‘ramading? Axir, anorning «chaqishi» arining nishidan shiddatliroq! Negaki, arining chaqishidan yetgan og‘riq bu dunyoda tugaydi, anorniki esa 1.)oxiratda ham davom etadi, dedi u».
Sirriy aytadi: «Mana qirq yildan beri nafsim nonni qiyomga botirib yeyishni talab qiladn, hali talabini qondirmadim».
Demak, to nafs muboh ishlardan tiyilmas ekan, oxirat yo‘lida qalbni isloh qilish qiyin. Chunki, nafsni muboh ishlardan tiyib turmasang, ta’qiqlangan ishlarga tam’a qila boshlaydi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 16:45:07

Tilini g‘iybat va ortiqcha so‘zlardan tiyishni xohlagan kishining haqqi sukutdir. Albatta, Ollohni zikr qilish, Olloh bilan bog‘liq suhbatlar bundan mustasno. Chunki bunday suhbat ko‘p gapirish va ko‘p gapirishni yaxshi ko‘rish kabi shahvatlardan xoli. Bu suhbat ahli faqat haqni gapiradi, yo‘qsa sukut qiladi. Ularning sukuti ham, gapi ham ibodatdir.
Ko‘zlar faqat go‘zal narsalarga nazar tashlashga qanchalik odatlanmasin, nigohni halol bo‘lmagan narsalarga qarashdan tiyolmaydi.
Boshqa shahvatlar ham shunga o‘xshaydn. Halolni istashi mumkin bo‘lgan a’zoning ayni o‘zi haromni ham xohlashi mumkin. Shahvat, ya’ni istak bir xildir. Bandaning vazifasi shahvatni haromdan tiyish. Kimki shahvatni zarurat chegarasida yurishga o‘rgatmasa, shahvat undan g‘olib keladi. Bu mubohot(ruxsat bor, deb har qanday amalni qilaverish. Tarj.) ofatlaridan biri bo‘lib, uning ortida bundan ham kattaroq balolar bor. Bu balolardan biri — nafsning dunyodan lazzat olib, xursand bo‘lishi, dunyoga suyanib qolishi, dunyo bilan gerdayib, o‘zini xotirjam tutishi. Bunday odam go‘yo kayfi tarqamayotgan mastga o‘xshaydi.
Mol-dunyoga quvonish shunday halokatli zaharki, uning yo‘li tomirlarda. Bunday «quvonch» bilan zaharlangan qalbni Olloh qo‘rqinchi, oxirat g‘ami, o‘lim qayg‘usi, Qiyomatning dahshatli manzaralari tark etadi. Bu esa qalbning halokatidan dalolat.
Olloh taolo ular haqida deydi:
«Albatta Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan hayoti dunyoning o‘zigagina rozi bo‘lib, o‘sha bilan xotirlari jam bo‘lgan kimsalar hamda Bizning oyatlarimizdan g‘ofil qolgan kimsalar - ana o‘shalarning joylari, kasb qilib o‘tgan gunohlari sababli do‘zaxdir» (Yunus, 7).
«(Mushriklar) mana shu hayoti dunyo bilan shod-xurram bo‘ldilar, holbuki bu hayoti dunyo Oxirat oldida faqat bir arzimas matodir» (Ra’d, 26).
«Bilinglarki, bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgu, zeb-ziynat, o‘rtalaringizdagi o‘zaro maqtanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdir, xolos...» (Xadid, 20).
Mazkur oyatlardagi ma’nolarning barchasi tanbehdir, Ollohning O’zi bizni dunyo shahvatlariga berilishdan omonda saqlasin.
Himmatli qalb egalari shod-xurram holatda qalblarini dunyoga mashg‘ul qilish bilan sinaydilar. Natija shu bo‘ladiki, qalblarining toshdek qotib ketganini, Olloh va oxirat yodidan naqadar uzoqlashganini ko‘radilar. Aksincha, qayg‘uli holatda qalblarining yumshoq, halim, musaffo va zikrga moyil bo‘lib qolganini ko‘radilar. Shunda ular anglaydilar: haqiqiy najot doimiy shod-xurramlikda emas, balki hazinligu ma’yuslikdadir. Bas, ular qalblarini dunyo lazzatlaridan tiyishga, xoh halol, xoh harom bo‘lsin, dunyo shahvatlaridan saqlanishga, sabrga o‘rgatadilar.
Ular biladi, dunyo shahvatlarining haloli uchun hisob, haromi uchun azob, shubhalilari uchun itob (tanbeh) bor va itob ham, aslida, azobning bir turi. Kimki Qiyomat maydonida hisobga tortilsa, albatta azob chekadi.
Shahvatlarga asiru qullikdan xalos topib, Olloh zikrini qalbiga do‘st tutgan, Ollohning itoatida bo‘lganlar jonlarini azobdan qutqaradilar, hurlikka, dunyo va oxi-ratda doimiy mulkka erishadilar.
Yovvoyi, vahshiy lochin qo‘lga qanday o‘rgatilsa, shahvatlar ham shu yo‘sinda tarbiya qilinadi. Avvalo lochin qorong‘u uyga qamaladi. Havoda uchib yurgan qushlarga tashlanish istagi bosilguncha ko‘zlari tikib qo‘yiladi. Shu tarzda lochin o‘zining yovvoyi tabiatini unutib, qo‘lga o‘rgana boradi. Egasini taniydigan bo‘ladi, chaqirsa, keladi.
Shuningdek, nafs ham to xilvat va uzlat bilan o‘zining yovvoyi odatlaridan ozod bo‘lmaguncha egasiga do‘st bo‘lolmaydi. Buning uchun avval, quloq va ko‘zni g‘iybat, lag‘v, ko‘z zinosi kabi yomon odatlardan saqlamoq lozim. So‘ngra a’zolarni xilvatda zikr va duo bilan mashg‘ul qilinadi. Asta-sekin ularning dunyo va boshqa shahvatlar bilan ulfat tutinishi so‘nib, buning o‘rnini Olloh taoloning zikriga muhabbat egallaydi. Boshlanishida bu holat muridga og‘ir keladi. Keyin undan lazzat oladi. Bamisoli, ko‘krakdan ayrilgan bola kabi. Avvaliga bola ko‘krakka talpinadi, ayriliqqa toqat qilolmaydi, tinimsiz uni yo‘qotib yig‘laydi. Sut o‘rniga berilayotgan taomdan yuz o‘giradi. Lekin bu hol uni charchatadi, ochlik g‘olib keladi, taomni majburan yeydi. Bora-bora taom yeyish uning tabiatiga aylanadi. Shundan so‘ng bolaga ko‘krak tutilsa, ko‘krakdan yuz buradi, emmaydi, sutdan chiqib, taomni yoqtirib qoladi.
Miniladigan hayvon ham boshida egardan, jilovdan qochadi. Majburan bog‘lab qo‘yib, uni egar - jabduqqa o‘rgatiladi. O’rganganidan keyin esa jilov va arqonsiz ham joyida turaveradigan bo‘ladi.
Nafs ham qush va hayvon kabi tarbiyalanadi. Nafs tarbiyasi dunyo ne’matiga, umuman, o‘lim kelishi bilan yo‘q bo‘lib ketadigan har qanday narsaga nazar qilish, uni do‘st tutish, undan shodlanish kabi illatlardan saqlanish bilan amalga oshadi.
Agar kimgadir: «Kuni kelib, ajrab qoladigan narsaga muhabbat qo‘yibsan» deyilsa va u o‘zining shubhasiz bir kuni ayrilib qoladigan narsaga muhabbat qo‘yib yurganini anglasa, albatta o‘shanda uning qalbi hech qachon o‘zidan ayrilmaydigan narsani suyish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu Olloh taoloning zikridir. Chunki, zikr qabrda ham egasiga do‘st, undan ajralmaydi.
Bularning barchasiga ozgina sabr bilan erishiladi. Negaki, oxirat hayotiga nisbatan bu umrning o‘zi ozginadir. Ha, abadiyatga nisbatan dunyoning butun umri hechdir...

Qayd etilgan