Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Riyozatun-nafs)  ( 46445 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:33:33

Holatiga ko‘ra Har bir insonning jiddu jahd va riyozat yo‘li farqlanadi. Eng asosiysi, dunyoga xursand bo‘lish tuyg‘usidan qutulishdir. Kishi mol-dunyosiga, mansab — martabasiga quvonadi. Pand-nasihatimni olishyapti, hukmim va boshqaruvim joriy bo‘lyapti, ko‘pchilik menga ergashyapti, deb izzatiga quvonadi. Avvalo, mana shu quvonchni uyg‘otayotgan narsani tark qilish lozim. Agar unga: bunday quvonchlardan kech, ulardan kechishing bilan oxiratdagi savobing kamaymaydi, desang, og‘rinadi. Demak, bu kishi dunyo hayotiga shod-xurram bo‘lyapti, undan qalbi orom olyapti. Bu o‘ta xatarlidir.
Kimki dunyo shodligini tug'dirayotgan sabablarni tark qila olsa, odamlardan chekinadi, nafsi bilan yolg‘iz qoladi. Olloh taolodan o‘zganing zikri va fikri bilan mashg‘ul bo‘lmasligi, shahvat va shayton vasvasasi bosh ko‘tarib qolmasligi uchun qalbini doimiy kuzatadi va qo‘riqlaydi. Negaki, har qanday vasvasaning sababi bor. To o‘sha sabab va aloqa to‘la kesilmaguncha vasvasa yo‘qolmaydi.
Shunday ekan, butun umr davomida bunga qarshi kurashmoq lozim. Kurash esa to o‘limgacha tugamaydi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:38:36

GO’ZAL XULQ BELGILARI

Bilgil! Inson o‘z nafsining ayblaridan bexabardir. Agar u nafsiga qarshi ozgina jiddu jaxd qilsa, ko‘pgina ma’siyat ishlardan qutuladi. Lekin o‘sha onda darhol u shunday xayol qila boshlaydi: nafsim tarbiya topdi, xulqim go‘zallashdi, endi nafsga qarshi kurashishga hojat yo‘q!
Aslida, «go‘zal xulq» degani nima? Uning qanday alomatlari bor? Shu haqda fikr yuritaylik.
Go‘zal xulq — iymon, yomon xulq — nifoqdir. Olloh taolo O’zining kitobida mo‘minlar va munofiqlarning sifatlarini zikr qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu sifatlar yaxshi va yomon xulq mevalaridir.
«Ular namozlarida (qo‘rquv va umid bilan) bo‘yin eguvchi kishilardir. Ular behuda-foydasiz (so‘z va amallardan) yuz o‘girguvchi kishilardir. Ular zakotni (ado) qilguvchi kishilardir. Ular avratlarini (haromdan-zinodan) saqlaguvchi kishilardir... Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga (ishonilgan) omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir. Ular (barcha) namozlarini (vaqtida ado etib, qazo bo‘lishdan) saqlaguvchi kishilardir. Ana o‘shalar Firdavs (jannatiga) merosxo‘r bo‘lguvchi vorislardir» (Mo‘minun, 2-10).
«(Ular) - tavba qilguvchilar, (Ollohning O’zigagina) ibodat qilguvchilar, shukr qilguvchilar, ro‘za tutguvchilar, ruku’-sajda qilguvchilar, yaxshilikka buyurguvchi-lar, yomonlikdan to‘xtatguvchilar, Olloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalarga doimiy rioya qilguvchi (mo‘min)lardir»  (Tavba,  112).
«Haqiqiy mo‘minlar faqat Olloh (nomi) zikr qilingan vaqtida qalblariga qo‘rqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganida iymonlari ziyoda bo‘ladi-gan va Yolg‘iz Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilardir. Ular namozni to‘kis ado etadilar va Biz ularni bahramand qilgan narsalardan infoq-ehson qiladilar. Ana o‘shalar haqiqiy mo‘minlar bo‘lib, ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya’ni, jannatda, yuksak) darajalar, mag‘firat va ulug‘ rizq bordir» (Anfol, 2-4).
«Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar ularga (bema’ni) xitoblar qilgan vaqtida ham «Omon bo‘linglar» deya javob qiladigan kishilardir» (Furqon, 63).
Oyatlarda keltirilgan sifatlarni o‘zingdan izla. Topilsa, demak sen go‘zal xulq sohibisan. Kimda bu sifatlarning birortasi yo‘q ekan, demak u yomon xulqli kishidir. Agar bu sifatlarning birortasi senda bo‘lsa, qolganlarini hosil qilish uchun tirish.
Payg‘ambar alayhissalom mo‘minning ko‘p sifatlarini vasf qildi va har bir ummatini o‘sha sifatlarni o‘zida jamlashga da’vat etdi.
Rasuli akram aytdilar: «Mo‘min o‘ziga ravo ko‘rgan narsasini birodariga ham ravo ko‘radi» (Anas rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirgan kishi mehmonini siylasin» (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:43:24

Rasuli akram aytdilar: «Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisining hurmatini joyiga qo‘ysin» (Muttafaqun alayh).
Yana dedilar: «Kimki Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, xayrni gapirsin yoki jim bo‘lsin» (Muttafaqun alayh).
Mo‘minlarning sifati go‘zal xulq ekanini zikr qilib, deydilar: «Iymoni eng komil mo‘min xulqi go‘zalidir».
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Agar kamgap, bosiq mo‘min kishini ko‘rsangiz, unga yaqinlashing. Chunki u hikmat sochadi» (Ibn Moja rivoyati).
Rasuli akram dedilar: «Kim yaxshi amalidan xursand bo‘lib, yomon amalidan xafa bo‘lsa, u mo‘mindir» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Birodariga ozor yetkazadigan nazar bilan ishora qilish mo‘min kishiga halol emas» (Ibn Muborak rivoyati).
Bu sifatlarning hammasiga bo‘lmasa ham ba’zisiga ega bo‘lish ham go‘zal xulq belgilaridandir. Kimdir hayosi ko‘p, ozori kam, gapi kam, amali ko‘p, vazmin sabrli, shukrli, qanoatli, halim, dilkash, uyatchan, mehribon bo‘ladi. La’natlamaydi, so‘kmaydi, chaqimchilik, g‘iybat qilmaydi. Shoshqaloq, keqdor, baxil, hasadgo‘y emas. Doimo yuzlari ochiq, jilmayib turadi, didi nozik. Olloh yo‘lida yaxshi ko‘radi, Olloh yomon ko‘rganni yomon ko‘radi. Olloh uchun rozi bo‘ladi, Olloh uchun g‘azablanadi. Bular go‘zal xulkdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mo‘min va munofiqning belgisi haqida so‘rashdi. Dedilar: «Mo‘min namozga, ro‘zaga, ibodatga g‘ayratu himmat ko‘rsatadi. Mu-nofiqning himmati esa hayvon kabi taom va sharobga kuchli bo‘ladi».
Hotamul Asom aytdi: «Mo‘min fikr va ibratlarga, munofiq hirs va orzu-havasga mashg‘ul. Mo‘min faqat Ollohdan umid qiladi, Munofiq Ollohdan boshqa barchadan umidvor. Mo‘min Ollohdan boshqa barchasidan omonda. Munofiq Ollohdan boshqa barchasidan xavfda. Mo‘min molini berib, dinini qoldiradi. Munofiq dinini berib, molini qoldiradi. Mo‘min yaxshilik qiladi va yig‘laydi. Munofiq yomonlik qiladi va kuladi. Mo‘min xilvatni va yolg‘iz qolishni yaxshi ko‘radi. Munofiq ko‘plikka aralashishni, yig‘ilishlarni suyadi. Mo‘min ekadi va hosili fasod topishidan qo‘rqadi. Munofiq ekilganni sug‘uradi, payhon qiladi, yana hosildan umidvor. Mo‘min tadbiru siyosat o‘z iziga tushishi uchun yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradi, isloh qiladi. Munofiq rayosat, ya’ni boshqaruvni qo‘lga kiritish uchun amru nahy qiladi, lekin buzadi».
Go‘zal xulq aziyatlarga sabr qilish, jafolarga bardosh berishda ko‘proq sinaladi. Kimki birovning xulqi yomonligidan shikoyat qilsa, bu o‘zining xulqi yomonligidan dalolat. Go‘zal xulq aziyatlarga bardosh berishdir. Rivoyat qilinadi, bir kuni Payg‘ambar alayhissalom yurib kegayotgan edilar. U zot bilan birga Anas roziyallohu anhu ham bor edi. Bir a’robiy Rasuli akramga yetib, kiyimlaridan qattiq tortdi. Kiyimlari najroniy matodan bo‘lib, yoqasi dag‘al edi. Anas roziyallohu anhu deydi: «O’shanda Rasulullohga nazar solib, bo‘yinlarida dag‘al yoqaning izlari qolganini ko‘rdim.
—   Ey Muhammad, dedi a’robiy.
—   Ollohning sendagi molidan menga ehson qil! Rasululloh sollalohu alayhi vasallam a’robiyga qayrilib qaradilar va jilmaydilar. So‘ngra unga ehson qilishni buyurdilar» (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:45:14

Rivoyat qilinishicha, Abu Abdulloh tikuvchilik qilar zdi. Uning bir majusiy mijozi bo‘lib, doimo unga nimadir tikdirib, haqqiga soxta dirhamlar berardi. Abu Abdulloh dirhamlarning soxta ekanini aytmasdi, ularni egasiga qaytarib ham bermasdi. Bir kuni Abu Abdulloh do‘konni shogirdiga topshirib, ba’zi hojatlar uchun chiqib ketdi. Majusiy do‘konga kelib, Abu Abdullohni uchratolmadi va tikilgan narsalarning haqqini shogird-ga berdi. Shogird dirhamlarning soxtaligini bilib, ularni majusiyga qaytardi.
Abu Abdulloh kelgach, shogirdi unga bo‘lgan voqeani aytdi. Shunda Abu Abdulloh: «Juda yomon ish qilibsan. Bu majusiy bir yildan beri menga shu muomalani qilayotgan, men unga sabr qilayotgan edim. Undan dirhamlarni olardim va musulmonlar aldanib qolmasin, deb ularni quduqqa uloqtirardim».
Yusuf ibn Asbot deydi: «Go‘zal xulqning o‘nta belgisi bor: ziddiyatning kamligi, chiroyli adolat, xato izlamaslik, yomon fe’l yo amalni sezishi bilan darhol uni yax-shilashga kirishish, kechirimli bo‘lish, aziyatlarga chidash, nafsini malomat qilish, o‘zganing emas, o‘zining aybi bilan chegaralanish, kattayu kichikka ochiq yuzli bo‘lish, o‘zidan xoh past, xoh baland mavqeli kishiga xush muomala bo‘lish.
Sahl ibn Tustariydan go‘zal xulq haqida so‘rashdi. «Go‘zal xulqning eng quyi darajasi ozorlarga toqatli bo‘lish, zolimga rahm etish, unga mag‘firat va shafqat tilash» dedi Sahl.
Axnaf ibn Qaysdan so‘rashdi:
—  Hilmni kimdan o‘rgandingiz?
—   Qays ibn Osimdan, dedi.
—  Uning hilmi qanday edi?
Axnaf hikoya qila boshladi. — Qays hovlisida o‘tirgan edi. Cho‘risi unga bir six qaynoq kabob keltirdi. Six bexosdan cho‘rining qo‘lidan sirg‘alib tushdi va shu yerda yotgan go‘dakning ko‘kragiga qadaldi. Bola Qaysniki edi, u shu zahoti jon berdi. Cho‘ri dahshatdan qo‘rqib ketdi. Shunda Qays cho‘risiga: — Qo‘rqma, Olloh yo‘lida seni ozod qildim, dedi.
Bir kishi Axnaf ibn Qaysni so‘kdi. Axnaf so‘kuvchiga javob bermadi va uning izidai ergashdi. Qishloqqa yaqinlashgach, to‘xtadi va: — Agar ichingda aytilmay qolgan gaplaring bo‘lsa, ayt. Qishloqdagi ba’zilar gapingni eshitib, senga ozor berib yurmasin, dedi...
Yahyo ibn Horisiyning xulqi yomon quli bor edi.
—  Nega uni huzuringizda ushlab turibsiz? so‘rashdi.
—  Uning xulqidan hilmni o‘rganish uchun, dedi Yahyo ibn Ziyod.
Nafs mana shunday riyozatlar bilan tarbiya topadi, xulqlar go‘zallashadi. Botin g‘ashlikdan, soxtaliqdan, kekdan poklanadi. Ana shunda nafs go‘zal xulqning yuksak darajasiga erishadi — Olloh taolo taqdir qilgan barcha narsaga rozi bo‘lish sifatini hosil qiladi. Ollohning taqdiriga rozi bo‘lmaslik g‘oyat yomon xulqdir. Yuqorida aytilganidek, buning alomati zohirdan sezilib turadi.
Bu alomatlardan xoli nafs ham «xulqim go‘zal» deb aldanib qolmasin. Balki, riyozat va jiddu jahd bilan go‘zal axloq kamoli uchun intilsin. Bu yuksak darajaga esa faqatgina muqarrab va siddiq degan sifat bilan yetish mumkin.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:46:40

BOLA TARBIYASI, ODOB VA GO’ZAL XULQ DARSI

Bilgin! Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi. Agar bola yaxshilikka o‘rganib, yaxshilik ichida voyaga yetsa, dunyo va oxirat saodatini topadi. Albatta bu savobga uning ota-onasi, muallimi va unga tarbiya bergan har bir kishi sherikdir.
Agar bola e’tiborsiz tashlab qo‘yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, badbaxtlikka yuz tutadi va halok bo‘ladi. Bunda gunoh yuki bolani shu ko‘yga solganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi.
Ulug‘ va qudratli Olloh deydi:
«Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli oilalaringizni do‘zaxdan saqlangiz» (Tahrim, 6).
Ota farzandini dunyo olovidan qanchalik himoya qilsa, oxirat olovidan undanda ko‘proq himoya qilmog‘i kerak. Odobu tarbiya vositasida yaxshi xulqlarni o‘rgatish, yomonliklardan qaytarish, to‘kin-sochinlikka odatlantirmaslik, ziynatga muhabbat uyg‘otmaslik bilan ota farzandini oxirat olovidan saqlaydi. Aksincha, bola dunyo talabida ulg‘aysa, abadiy halokatga yuz tutadi.
Farzand dunyoga kelgan ilk kunlaridanoq kuzatuv ostida bo‘lmog‘i lozim. Bolani emizish va murabbiylik ishlari diyonatli, halol ayolgagina ishonib topshirilishi mumkin. Chunki, haromdan hosil bo‘lgan sutda baraka yo‘q. Agar undan iste’mol qilsa, bolaning qoniga harom aralashadi va tabiati haromga moyil bo‘lib qoladi.
Yaxshi-yomonni farqlash hissi bolada shakllana borgani sayin nazoratni kuchaytirmoq lozim. Buning avvalgi belgisi unda hayoning ilk nishonalari zohir bo‘ladi. Shunchaki tortinib turish hali hayo emas. Balki, aql nuri erishib, bola ba’zi ishlarning boshqasiga zid ekanligini ko‘radi, xunuk deb topgan ishlarni qilishdan uyala boshlaydi. Bu Olloh taoloning unga hadyasi, xulqning pokligidan, qalbning sofligidan darak beruvchi bashorat, aqlining kamolga yetayotganidan xushxabardir.
Hayoli bolani e’tiborsiz tashlab qo‘yish yaramaydi. Balki unga hayo odobini o‘rgatish bilan yordam bermoq lozim.
Ko‘pincha bolalarda taomga ochko‘zlik bilan tashlanish tuyg‘usi g‘olib bo‘ladi. Bunda tarbiya taom yeyish odobidan ta’lim berish bilan boshlanadi. Masalan, taomni o‘ng ko‘lda yeyish, «bismilloh» bilan boshlash, kattalardan oldin laganga qo‘l cho‘zmaslik va taomni faqat o‘zining oldidan olish, yeyayotgan kishining og‘ziga qarayvermaslik, shoshmasdan, yaxshilab chaynab yeyish, luqmani og‘ziga ketma-ket tiqavermaslik, taom yuqini kiyimiga artmaslik, ba’zan ziravor yoki shirinliklarsiz quruq nonning o‘zini yeyishga odatlanish.
Shuningdek, ko‘p taom yeyishning yomonligi, bu hayvonlarga xos xususiyat ekanligi, odobli bola taomni kam yeyishi, boriga qanoat qilishi, taom tanlamaslik haqida gapirilsa, bu ham tarbiyadir
Bolada rang-barang va ipakdan bo‘lgan kiyimlarga emas, oddiy oq rangdagi kiyimlarga rag‘bat uyg‘otish lozim. Rang-barang ipak kiyimlar ayollarga xos ekanligi. erkak kishi bunday narsalardan uzoqroq yurishi bolaning yonida bot-bot eslatib turilishi kerak. Ana shunda bolada rang-barang va ipakdan bo‘lgan kiyimni yoqtirmaslik tuyg‘usi hosil bo‘ladi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:47:25

Bolani to‘kin-sochinlikda, qimmatbaho kiyimlar kiyib o‘sgan bolalardan, bunday dabdabali hayotga rag‘bat uyg‘otadiganlar davrasiga aralashib qolishdan asramoq zarur. Chunki voyaga yetayotgan bolani e’tiborsiz tashlab qo‘yilsa, ko‘p hollarda bu axloqning tubanlashuviga sabab bo‘ladi. Natijada bola ulg‘aygach, kazzob, hasadgo‘y, o‘g‘ri, chaqimchi, qaysar, mahmadana, yengiltak, makkor, behayo, yaramas bir kimsaga aylanib qolishi mumkin.
Bulardan saqlanishning yo‘li — chiroyli tarbiya. Keyin maktabda dars bilan mashg‘ul bo‘lmoq, Qur’on va hadis ta’limini olmoq. Solih insonlar va ularning holatlari haqida tinglangan hikoyalar qalbda ularga muxabbat uyg‘otadi.
Bolani ishq va ishq ahli zikr qilingan she’rlardan, bunday she’rlar zarofatni va nozik ta’bni tarbiyalaydi, deb o‘ylaydigan adiblar orasiga aralashib qolishdan saqlamoq lozim. Chunki bu narsalar bolaning qalbiga fasod urug‘ini sepadi.
Qachonki bolada chiroyli xulq, maqtovga arzigulik bir fe’l sodir bo‘lsa, uni hurmat bilan sharaflamoq, ko‘nglini quvontiradigan narsa bilan taqdirlamoq, ko‘pchilik orasida bu fe’lini izhor etmoq zarur. Ba’zi holatlarda bir marta bu fe’liga xilof ish qilib qo‘ysa, uni ko‘rmaganga olish foydaliroq. Ayniqsa, bola bu ishini yashirishga harakat qilsa. Chunki, bola bunday holda aybidan ortiqroq jazoga tortilib qolsa, jazo aks ta’sir etishi, aybining ochilib qolishiga o‘rganib, xatoga jur’atli bo‘lib qolishi mumkin.
Agar bola siz ko‘rmaganga olgan aybini yana takrorlasa, u holda unga yashirin, ya’ni yolg‘izligida tanbeh bermoq, bu ishning oqibati yomon bo‘lishini uqtirmoq lozim. Lekin tanbehning haddan oshib ketishidan saqlanmoq kerak. Aks holda, bolaning qulog‘i malomatga, xunuk so‘zlarga odatlanib, pand-nasihatlar qalbga yetib bormaydigan bo‘lib qolishi mumkin.
Bola tarbiyasida otaning qat’iyati, so‘zidan qaytmasligi muhim ahamiyatga ega. U o‘zining bu tabiatini farzandiga doimo sezdirib turiish.zarur. Ona ham o‘z navbatida otaning aynan shu xususiyatini bolaning yodiga solib turmog‘i, shu tarzda farzandini yomonliklardan qaytarmog‘i lozim.
Ertalabki uyqu bolani yalqov qilib qo‘yadi. Kechqurun ertaroq uxlash esa koni foyda. To‘shakning haddan tashqari yumshoq bo‘lishi gavdaning egiluvchanligini kamaytiradi, a’zolarning qotishiga olib keladi. Semirish taomga rag‘batni kuchaytiradi. Shuning uchun bolani dag‘alroq to‘shakka, odmiroq libosga, oddiy taomga o‘rgatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa.
Bola nimaniki yashirin qilsa, bu uning o‘sha ishni yomon deb bilgani tufaylidir. Demak, unga har bir ishni ochiq qilishni o‘rgatmoq vojib.
Ertalabki badan tarbiya dangasalikni quvadi. Kiyimlarining oldini ochib, qo‘llarini yoyib, shoshib yurish odobga muvofiq emas. Ota-onasida bor narsalar bilan yoki tansiq yegulik, qimmatbaho liboslari bilan, antiqa qalam-daftarlari bilan do‘stlariga maxtanmog‘i yomon xulqdir. Balki, u har bir do‘stiga tavozu’ va hurmat bilan muomala qilishga odatlanmog‘i, o‘zaro suhbatlarda mehribon va muloyim bo‘lmog‘i lozim. Agar bolalardan biri unga nimadir bersa, garchi u buni o‘ziga nisbatan hurmat deb bilsa ham olishga odatlanmaslik zarur. Chunki, yuksaklik olishda emas, berishda! Olishda malomat va tubanlik bor. Tama’ qilish xorlik, bu xuddi itning qilig‘iga o‘xshaydi: it biron luqma ilinjida dumini likillatib doimo nimadir tama’ qiladi.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:51:22

Bolalarning oltin va kumushni yaxshi ko‘rishi juda xunukdir. Aslida bu narsalardan ilon va chayonlardan ham ko‘proq hazar qilmoq kerak. Oltinu kumushni yaxshi ko‘rish, uni qo‘lga kiritishni istash nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun ham zaharning ziyonidan-da kuchliroq ofatdir.
Ko‘pchilik ichida tupurish, burun qoqish, esnash, birovga orqa o‘girib o‘tirish, oyoqni oyoqqa chalishtirish, kaftni iyakka tirash yaramas odatlardan hisoblanadi. Boshni yelkaga tashlab turish ham yalqovlik belgisi.
Bola suhbat qoidalaridan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Ko‘p gapirish tufayli kishi surbet bo‘lib qolishi, mahmadona degan nom olishini unga doimo eslatib turilsa va avvalo, eslatuvchining o‘zi bu gapiga amal qilsa, bola albatta bu nasihatni oladi.
Xoh rost, xoh yolg‘on bo‘lsin, bola yoshligidan qasam ichishga o‘rganib qolmasin. So‘zni avval boshlamasin, so‘ralgan narsagagina javob bersin. Modomiki, suhbatdoshi o‘zidan katta ekan, uni tinglasin. Chunki, suhbatdoshning gapini bo‘lishdan ko‘ra uni tinglash chiroyliroqdir.
Odobli bola yig‘inlarda kattalarga joy beradi, befoyda gaplardan tiyiladi, birovni so‘kmaydi, la’natlamaydi.
Bolani dag‘al, so‘kinib gapiradigan og‘zi shalaq kishilarga aralashib qolishdan saqlamoq lozim. Aslida, bolani yomon muhitga tushib qolishdan asrash tarbiyaning asosi hisoblanadi.
Agar bola muallimidan kaltak yesa, shovqin-suron ko‘tarmasin, kimdandir himoya kutmasin, balki sabr etsin. Buni bola albatta bilishn kerak. Buning uchun unga bosiqlik botir va er kishilarning odati, dod-voy solib, shovqin-suron ko‘tarish esa qullar va ayollarga xos odat ekanligi anglatiladi.
Bolaga darsdan so‘ng charchoqni yozish uchun chiroyli o‘yinlarga izn berish mumkin. Lekin tinkasi quriydigan darajada o‘yin bilan mashg‘ul bo‘lib qolishi durust emas. Shuningdek, bolani o‘yindan butkul mahrum qilib, doimiy ta’limga majburlash ham yaramaydi. Bunday takalluf yosh qalbni o‘ldiradi, zakovatni so‘ndiradi, hayotdan bezish tuyg‘usini paydo qiladi. Fursat bo‘ldi deguncha bola bu tang sharoitdan chiqib ketish uchun hiyla axtaradigan bo‘lib qoladi.
Otaga, muallimiga, xoh yaqin, xoh begona bo‘lsin, o‘zidan yoshi katta har bir tarbiyachiga itoat qilishni, ularga hurmat ko‘zi bilan qarashni, ularning oldida har qanday o‘yinni tark etishni bola bilishi lozim.
Bola yaxshi-yomonning farqiga borgani sayin tahorat va namoz tarkiga uzri yo‘qoladi. Ramazonda to‘liq bo‘lmasada, ba’zi kunlarida ro‘za tutishga buyuriladi. Ipak kiyimdan, tillo uzuk va tillodan yasalgan boshqa narsalarni ishlatishdan qaytariladi. Umuman, bu paytda bolaga shariat doirasida ehtiyoji tushadigan barcha narsalarni o‘rgatish zarur.
Bolalarni o‘g‘irlik, harom, xiyonat, yolg‘on, buzuqlik kabi illatlardan qo‘rqitib o‘stiriladi. Yoshi ulg‘aygani sayin bolada bunday ishlarning siriga yetish imkoni ko‘rina boshlaydi. O’shanda unga shunday eslatish mumkin: «Taomlar doridir. Ularni iste’mol qilishdan maqsad - barchamizni yaratgan Olloh taoloning toatiga quvvat olish. Dunyo asl vatan emas, chunki unda boqiylik yo‘q. O’lim dunyo ne’matini qirqadi. Dunyo o‘tkinchi bir qo‘nalg‘a, oxirat esa doimiy qarorgohdir. O’lim — istalgan soatda kelishi mumkin bo‘lgan, kutilgan narsa. Bu dunyoda oxirat uchun oziq g‘amlagan kishi haqiqiy oqil hisoblanadi.
Olloh taolo huzurida bunday kishining darajasi baland, jannatdagi nasibasi yanada bisyor»
.

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:52:51

Miyasi to‘q bola yoshlik beboshliklarini anglay borgani sayin ayni voyaga yetayotgan paytda aytilgan bu so‘zlar unga foydali, shifobaxsh, xuddi toshga o‘yilgan naqshdek, qalbida chuqur iz qoldiradi. Agar aksi bo‘lsa, bola o‘yin-kulguga beriladi, buzuq, behayo ishlarga ulfat tutinadi, taomga ochko‘zlik, libos, ziynat, faxru maqtanchoqlik kabi illatlarga muhabbat qo‘yadi. Qalbi haqni qabul qilmaydigan bo‘lib qoladi.
Bola tarbiyasida e’tibor zarracha susaymasligi lozim, ayniqsa, ilk tarbiya davrida. Chunki, bola tabiatan yaxshilikni ham, yomonlikni ham qabul qilishga tayyor xilqatdir. Ota-onasi uni mana shu ikki tomondan biriga mayl etishiga sabab bo‘ladi.
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Har bir go‘dak (islom) fitratida tug‘iladi. Lekin ota-onasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qiladi» (Muttafaqun alayh).
Sahl ibn Tustariy shunday hikoya qiladi: «Uch yoshimda edim. Tunlari uyg‘onib ketib, tog‘am Muhammad ibn Sivorning namoz o‘qishini kuzatardim. Bir kuni tog‘am menga:
—   Seni yaratgan Zot — Olloh taoloni zikr qilmaysanmi? dedilar.
—   Qanday zikr qilaman? deb so‘radim.
—  Yotayotganingda tilingni qimirlatmasdan, qalbdan «Olloh men bilan birga, Olloh menga nazar soluvchi, Olloh meni ko‘rib turuvchi Zotdir» deb uch marta aytasan, dedilar.
Bu so‘zlarni kechalari aytayotganimni tog‘amga bildirdim. U kishi har kuni kechasi shu so‘zlarni yetti marta qaytarishimni aytdilar. Buni ham bajardim. Keyin tog‘am bu zikrni har kechasi o‘n bir marta takrorlashimni aytdilar. Takrorladim, qalbimda bu so‘zlarning halovatini tuydim. Bir yildan so‘ng tog‘am menga: «O’rgatganlarimni yodingda saqla, to qabrga kirguningcha bu so‘zlarni kanda qilma. Chunki, bu zikrlar senga dunyo va oxiratda foyda beradi» dedilar.
Ikki yildan so‘ng bu zikrlardan hosil bo‘lgan halovat qalbimga sig‘may, toshib chiqayotganini his qildim. Kunlarning birida tog‘am: «Ey Sahl, Olloh bilan birga, Ollohning nazari ostida, Olloh uni ko‘rib turgan qalb Ollohga itoatsizlik qilishi mumkinmi?! Ollohga osiy bo‘lishdan saqlan» dedilar.
Shundan so‘ng o‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qoldim. Keyin meni maktabga beradigan bo‘ldilar. Maktabga borsam, fikru yodim har xil narsalarga sochilib ketishidan qo‘rqishimni aytdim. Yaqinlarim muallim bilan kelishib, bir soat ta’limdan so‘ng uyga qaytishimga ruxsat olib berishdi. Olti-etti yoshlarimda Qur’onni o‘rganib, yod oldim. Doimiy ro‘za tutardim, yemishim arpa noni bo‘lib, o‘sha payt yoshim o‘n ikkida edi. O’n uch yoshimda bir masalaga javob topolmay qoldim. Savolimga javob topish uchun meni Basraga jo‘natishlarini so‘radim. Basraga bordim, olimlar bilan uchrashdim. Negadir javoblar meni qoniqtirmasdi. So‘ng Abadon shahridagi Abu Habib Hamza ibn Abu Abdulloh Abodoniy huzurlariga borib, savolimga javob topdim. Abu Habib huzurlarida bir muddat qolib, u zotning so‘zlaridan manfaat oldim, odobni o‘rgandim.
Keyin Tustarga qaytdim. Ozig‘imdan iqtisod qilib, bir dirhamga qolgan-qutgan arpalardan sotib oldim. Arpa unidan o‘zimga non yopib, har kuni saharda tuzsiz va zi-ravorsiz saharlik qilardim. Shunday qilib, o‘sha dirham menga bir yilga yetardi.
So‘ng paydar-pay uch kecha-kunduz och yurishga azm qildim. To‘rtinchi kuni iftor qilardim. Shu tarzda och yurish muddatini besh kun, yetti kun, oxirida yigirma besh kunga yetkazdim. Yigirma yil shunday umr kechirdim. Keyin safarga otlandim. Bir necha yillar yer yuzini sayohat qildim. So‘ng Tustarga qaytdim va u yerda tun bo‘yi Olloh taolo xohlaganicha bedor bo‘lib, ibodatga mashg‘ul bo‘ldim».
Ahmad ibn Hanbal aytadi: «Sahl Tustariyning to Olloh taologa yo‘liqquncha(ya’ni o‘limigacha) tuz totganini ko‘rmadik».

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 17:57:12

MURIDLIKNING SHARTLARI VA RIYOZAT YO’LIDA MURIDNING DARAJALARI

Bilgin! Kimki qalb ko‘zi bilan oxiratni aniq ko‘rsa, demak u oxirat ekinzoridan hosil olishni juda xohlayotgan, shu maqsad yo‘lida qattiq bel bog‘lagan, oxirat yo‘lida dunyo lazzatlarini arzimas biladigan, oxiratga mushtoq muriddir. («Murid» so‘zi lug‘atda «xohlovchi» ma’nosini ifodalaydi. Istilohda esa bu so‘zning ma’nosi ancha keng bo‘lib, shulardan biri — «butun xohish-irodasini shayxiga (ustoziga) to‘la topshirgan kishi» ma’nosidadir. Tarj.)
Murid oxirat yo‘lida dunyo lazzatlarini arzimas biladi, dedik. Tasavvur qil, bir kishining doimo ardoqlab yuradi-gan yakkayu yagona marjoni bor edi. Bir kuni u nafosatda tengsiz, nafis bir gavharni ko‘rib qoldi. Endi aytchi, u kishida oldingi marjoniga qiziqish qoladimi? Albatta u marjonni sotib, gavharni qo‘lga kiritish payida bo‘ladi, vaqt o‘tgani sayin uning bu istagi kuchayadi.
Kimki oxirat ekinzoriga murid emas, ya’ni oxirat ekin-zoridan hosil olishni xoxdamas ekan, kimki Olloh taolo-ning diydoriga tolib emas, ya’ni Olloh jamoliga yetish yo‘li-da harakat qilmas ekan, bu uning Olloh va oxirat kuniga iymoni yo‘qligi tufaylidir. Men bu o‘rinda «iymon» de-ganda quruq so‘zning o‘zini, sidq va ixlossiz kalimai shahodatni aytib, tilni qimirlatib qo‘yishni nazarda tutmayapman. Chunki, bu gavharning marjondan afzalligini tasdiqlab, aslida gavhar neligini bilmaydigan, faqat «gavhar» degan so‘z bilangina tanish, gavharning mohiyatidan esa bexabar kishining so‘ziga o‘xshaydi. Shahodat kalimasini tildagina tasdiqlayotgan bu kishining misoli, marjonga ko‘ngil bog‘lab, uni tark qilolmayotgani uchun gavharga ishtiyoqi susaygan odamni eslatadi.
Demak, suluk bo‘lmasa, murodga yetish yo‘q. Iroda-xohish bo‘lmasa, suluk yo‘q. Iymon bo‘lmasa, iroda-xohish yo‘q. Iymon yo‘qligining sababi — hidoyatga boshlovchi, Ollohni eslatib turuvchi murshid yo‘q. Ollohni tanigan, dunyoning, arzimasligi-yu inqirozi yaqinligidan, oxiratning ulug‘ligi-yu boqiyligidan ogoh etuvchi ulamo yo‘q.
Xalq g‘ofil, shahvatlarga g‘arq, uyquga cho‘mgan. Din olimlari ichida esa ularni uyg‘otuvchi yo‘q. Kimdir g‘aflatdan uyg‘ongan taqdirda ham tariqat sir-asroridan bexabar bo‘lgani uchun ojiz. Ulamoga murojaat qilay desa, ular ham dunyo muhabbatiga g‘arq. O’zi yo‘lda bo‘lmagan odam, yo‘lning dasturini qaerdan bilsin.
Nega bu yo‘lda yuruvchilar yo‘q, nega Ollohning yo‘li soliqlardan xoli?! Sababi, muridlarda iroda zaif, yo‘ldan bexabar, olimlar esa dunyo muhabbatiga berilgan...

Qayd etilgan


Hadija  09 Sentyabr 2009, 18:03:07

Kimki oxirat ekinzorida ter to‘kmoqchi, oxirat tijoratini qilmoqchi ekan, buning o‘ziga xos shartlari bor. Oxirat yo‘lidagi yo‘lchi o‘zi va haq o‘rtasini to‘sgan pardani ko‘tarishi lozim. Chunki, xalqning haqdan mahrum bo‘lib qolishiga qavat-qavat pardalarning yig‘ilib, yo‘lni to‘sib qo‘yishi sabab bo‘ladi.
Olloh taolo aytadi: «Biz ularning oldilaridan va orqalaridan bir to‘siq-parda qilib, ularni o‘rab qo‘ydik. Bas, ular ko‘ra olmaslar» (Yosin, 9).
Murid va haq o‘rtasida to‘rtta to‘siq bor: mol, jon (mavqe-martaba), taqlid, ma’siyat.
Mol-dunyo to‘sig‘idan zarurat miqdoridagina molni olib qolib, qolganini to‘la sarflash bilan xalos bo‘linadi. Zaruratdan tashqari bitta dirham ham e’tiborni tortadi. Xayolni band qilgan o‘sha bitta dirham muridni ulug‘ va qudratli Zotdan to‘sadi, o‘rtaga parda bo‘ladi.
Obro‘-martaba pardasi mavqe-martabaga o‘zni urmaslik, bunday joylardan qalbni yiroq tutish bilan ko‘tariladi. Murid qanchalik tavozu’li, shuhratga befarq, og‘izga tushib qolishdan qochadigan, odamlarning o‘zi (murid)ga bo‘lgan ixlos-havasini sovutadigan amallarga qanchalik mashg‘ul bo‘lsa, Shunchalik tez obro‘-martaba to‘sig‘idan qutuladi.
Taqlid pardasidan xalos bo‘lish bitta qarashga mutassiblarcha yopishib olishni tark qilish bilan yuzaga chiqadi. Qachonki murid tilidagi «la ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh» kalimasini dilidagi iymoni bilan tasdiq etsa, tasdig‘ining rostligini qalbigacha kirib borgan dunyo muhabbati bilan emas, balki uning o‘rnini egallagan Olloh taolo muhabbati bilan isbot etsa, ana o‘sha paytda murid uchun taqlidiy emas, chin ma’nodagi e’tiqod eshigi ochiladi. Bu darajaga bahsu munozaralar bilan emas, tinimsiz harakat bilan erishiladi.
Agar murid mutassiblikdan qutula olmasa, ichi torayib, unda o‘zidan boshqasiga joy qolmasa, bunday bir yoqlamalik, shubha yo‘qki, haqdan to‘suvchi pardaga aylanadi. Murid bo‘lish muayyan bitta qarashga bog‘lanib qolish degani emas.
Ma’siyat ya’ni osiylik pardasi faqat tavba va zulmni tark etish bilan ko‘tariladi. Gunohni qayta qilmaslik yo‘lidagi qat’iyat, o‘tgan gunohlar uchun nadomat, mazlumga haqqini qaytarish, raqiblarini rozi qilish ham tavba tarkibiga kiradi.
Astoydil tavba qilmasdan va gunohlardan tiyilmasdan din asroridan voqif bo‘lmoqchi kishi, bamisoli, arab tilidan bexabar holda Qur’on va uning tafsiri sirlaridan voqif bo‘lmoqchi kishiga o‘xshaydi. Albatta bu ish arabcha lafzlarning tarjimasini bilish bilan ham nihoyalanmaydi. Balki bunda idrok nazari ma’nolarning asrorigacha yetib bormog‘i shart.
Shuningdek, murid ham shariatni mukammal o‘zlashtirganidan keyingina uning sirlari va kengliklariga ko‘tarila oladi.
Bu to‘rtta shart bajarilgach, kishi mol-dunyo va obro‘-martaba kishanidan ozod bo‘ladi. Shu holatda u nopokliklardan poklanib, tahorat olgan va namozga shay turgan kishiga o‘xshaydi. Endi unga iqtido qilinadigan imom kerak.
Xuddi shunday murid ham iqtido qilinadigan shayx, ustozga muhtoj. Din yo‘li sirli va bekik ko‘rinsa, shaytonning yo‘llari ko‘p va ochiq ko‘rinadi. Kimning hidoyatga bosh-laydigan shayxi bo‘lmasa, shayton uni chalg‘itishi aniq. Kimki yo‘lboshchisiz bu halokatli sahro yo‘llariga otlansa, jonini xavf-xatarga qo‘ygan, o‘zini halokatga sudragan bo‘ladi. Yo‘lboshchisi yo‘q, o‘zicha mustaqil kishi o‘zi o‘sib chiqqan daraxtga o‘xshaydi. U tez kunda quriydi. Agar biron muddat turib, varaq yozgan taqdirda ham meva bermaydi.
Shartlar bajarilganidan so‘ng murid shayxining etagidan mahkam ushlaydi. Xuddi ko‘zi ojiz kishi daryo yoqasida yetaklovchining qo‘lini mahkam ushlab, qo‘yib yubormagani kabi.
Xullas, murid shayxga butun ixtiyorini topshiradi, murshidiga na oshkora, na yashirin, bironta xilof ish qilmaydi. Shayxiga ergashishda bironta narsani chekkada ham qoldirmaydi. Chunki u shayxning xatosiga ergashib(agar shayx xato qilgan bo‘lsa, albatta. Tarj.), topgan foydasi — shayxga bog‘lanmasdan, o‘zi mustaqil holda to‘g‘ri topgandagi (agar to‘g‘ri topgan bo‘lsa, albatta. Tarj.) foydadan ko‘proqdir.

Qayd etilgan