BOLA TARBIYASI, ODOB VA GO’ZAL XULQ DARSI
Bilgin! Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi. Agar bola yaxshilikka o‘rganib, yaxshilik ichida voyaga yetsa, dunyo va oxirat saodatini topadi. Albatta bu savobga uning ota-onasi, muallimi va unga tarbiya bergan har bir kishi sherikdir.
Agar bola e’tiborsiz tashlab qo‘yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, badbaxtlikka yuz tutadi va halok bo‘ladi. Bunda gunoh yuki bolani shu ko‘yga solganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi.
Ulug‘ va qudratli Olloh deydi:
«Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli oilalaringizni do‘zaxdan saqlangiz» (Tahrim, 6).
Ota farzandini dunyo olovidan qanchalik himoya qilsa, oxirat olovidan undanda ko‘proq himoya qilmog‘i kerak. Odobu tarbiya vositasida yaxshi xulqlarni o‘rgatish, yomonliklardan qaytarish, to‘kin-sochinlikka odatlantirmaslik, ziynatga muhabbat uyg‘otmaslik bilan ota farzandini oxirat olovidan saqlaydi. Aksincha, bola dunyo talabida ulg‘aysa, abadiy halokatga yuz tutadi.
Farzand dunyoga kelgan ilk kunlaridanoq kuzatuv ostida bo‘lmog‘i lozim. Bolani emizish va murabbiylik ishlari diyonatli, halol ayolgagina ishonib topshirilishi mumkin. Chunki, haromdan hosil bo‘lgan sutda baraka yo‘q. Agar undan iste’mol qilsa, bolaning qoniga harom aralashadi va tabiati haromga moyil bo‘lib qoladi.
Yaxshi-yomonni farqlash hissi bolada shakllana borgani sayin nazoratni kuchaytirmoq lozim. Buning avvalgi belgisi unda hayoning ilk nishonalari zohir bo‘ladi. Shunchaki tortinib turish hali hayo emas. Balki, aql nuri erishib, bola ba’zi ishlarning boshqasiga zid ekanligini ko‘radi, xunuk deb topgan ishlarni qilishdan uyala boshlaydi. Bu Olloh taoloning unga hadyasi, xulqning pokligidan, qalbning sofligidan darak beruvchi bashorat, aqlining kamolga yetayotganidan xushxabardir.
Hayoli bolani e’tiborsiz tashlab qo‘yish yaramaydi. Balki unga hayo odobini o‘rgatish bilan yordam bermoq lozim.
Ko‘pincha bolalarda taomga ochko‘zlik bilan tashlanish tuyg‘usi g‘olib bo‘ladi. Bunda tarbiya taom yeyish odobidan ta’lim berish bilan boshlanadi. Masalan, taomni o‘ng ko‘lda yeyish, «bismilloh» bilan boshlash, kattalardan oldin laganga qo‘l cho‘zmaslik va taomni faqat o‘zining oldidan olish, yeyayotgan kishining og‘ziga qarayvermaslik, shoshmasdan, yaxshilab chaynab yeyish, luqmani og‘ziga ketma-ket tiqavermaslik, taom yuqini kiyimiga artmaslik, ba’zan ziravor yoki shirinliklarsiz quruq nonning o‘zini yeyishga odatlanish.
Shuningdek, ko‘p taom yeyishning yomonligi, bu hayvonlarga xos xususiyat ekanligi, odobli bola taomni kam yeyishi, boriga qanoat qilishi, taom tanlamaslik haqida gapirilsa, bu ham tarbiyadir
Bolada rang-barang va ipakdan bo‘lgan kiyimlarga emas, oddiy oq rangdagi kiyimlarga rag‘bat uyg‘otish lozim. Rang-barang ipak kiyimlar ayollarga xos ekanligi. erkak kishi bunday narsalardan uzoqroq yurishi bolaning yonida bot-bot eslatib turilishi kerak. Ana shunda bolada rang-barang va ipakdan bo‘lgan kiyimni yoqtirmaslik tuyg‘usi hosil bo‘ladi.