Bir kun Shaytoni lain Ollohga:
— Yo, Rab! Odam tufayli meni jannatdan quvding. Faqat bilib qo‘y: Sen meni qanday bezor qilgan bo‘lsang, men ham uni shunday bezor qila olaman, — dedi.
Shunda Olloh buyurdi:
— Sen odamlarni bezor qiluvchisan! (Payg‘ambarlarni shayton bezor qilolmaydi).
Shayton so‘radi:
— Yana nima?
Tangri dedi:
— Undan (Odamdan) tug‘ilgan bola qancha bo‘lsa, sening ham shuncha bolang bo‘ladi!
— Yana nima?
Olloh aytdi:
— Qalblariga vasvasa solishing mumkin!
— Yana nima?
— Barcha yordamchilaring bilan ularni (odamlarni) yo‘ldan ozdirib, harom daromad va harom xarj qilishlari, buzuq va xurofiy narsalarga mayl etishlari, yomon amallari bilan ovora bo‘lishlari va orzu-havaslar ketida o‘ralashishlari, tavbani tark etishlari uchun vasvasaga sola olasan!
Shundan so‘ng Odam kelib Ollohga murojaat qildi:
— Ey, Rabbim, Iblisni bolalarimning boshiga balo qilding, men uning vasvasalaridan o‘zimni faqat Sening yordaming bilan himoya qila olaman.
Olloh buyurdi:
— Har tug‘ilgan bolangga bir himoyachi farishtani vakil qilib qo‘yaman.
Odam so‘radi:
— Yana nima?
— Bir savobga o‘n savob beraman!
— Yana nima?
— Jonlari tanlarida ekanligida tavbalarini qabul qilaman!
— Yana-chi?
Olloh:
— Ularni afv etaman! — deb aytgach, Odam:
— Yetadi, yo Rab! — dedi.
Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Iblis takroran Tangriga nadomat bilan:
— Yo, Rab, Odamlar uchun payg‘ambarlar yubording, kitoblar tushirding. Qani mening payg‘ambarim? — dedi.
Olloh buyurdi:
— Kohinlar, folbinlar — sening payg‘ambarlaring.
Iblis so‘radi:
— Kitoblarim nima bo‘ladi?
— Igna bilan badanga solingan rasmlar senga kitoblar o‘rnida o‘taveradi.
— Hadisim nima?
— Yolg‘on!
— Masjidim qaer?
— Tungi ko‘chalar.
—Uyim-chi?
—Hammomlar.
— Yeydiganim nima?
— Harom yo‘l bilan yo ishlamay topilgan taomlar.
— Ichadiganim nima?
— Aql-irodani yo‘q qiluvchi ichimlik va karaxt qiluvchi moddalar.
— Tuzoqlarim nima? — dedi nihoyat Shaytoni lain.
— Buzuq xotinlar! — deb javob qildi Yaratgan Olloh.
Bu rivoyatni o‘qib, xayolingizga qanday o‘ylar keldi? Yegan-ichganingiz halolmi? Rost so‘zlayapsizmi? Yomonliklardan yiroqda bo‘lishga harakat qilyapsizmi? Yuqoridagi rivoyat orqali sizni shaytoniy amallardan ogoh etishni niyat qildik. Zero, hikoyatdan xulosa chiqarish mushkul emas, nazarimizda. Shaytonning ming bir makri borligi sir emas. Ammo Yaratgan Egamning karami va mehribonchiligi barchasidan ulug‘ va buyukdir. Uning mehrini tilagan holda O‘zigagina ibodat qilaylik. Gunohlarimiz afv etilishini umid qilib, tavba qilaylik. Alloh har birimizni Shaytonning vasvasalaridan asrasin.