Kecha ishdan qaytyapman. Iftorlik vaqti yaqinlarshib turgani uchun uyga tezroq yetib olishni o‘ylab, taksi to‘xtata qoldim. Hamrohim — haydovchi yoshi elliklardan o‘tgan og‘ir-bosiq kishi ekan. Jim ketyapmiz. Bir payt ortimizdan bir «Tiko»cha shiddat bilan kelib, yo‘limizni aylanib o‘tib ketdi. Mashinani bir maromda haydab kelayotgan akamiz shoshib qoldi. So‘ng «uf» tortib:
— E, uka, odamlarda insof qolmadi, — dedi. — Buning qilig‘ini qarang... Yana namozxon bo‘lsa kerak. Oq do‘ppi kiyib olganiga o‘laymi...
— Endi har xil odam bor-da... — dedim taassufona.
— Shu desangiz, oldinlari dinga ruxsat yo‘q edi, odamlar qo‘rqib-pisib ibodat qilishardi, lekin tan olish kerak, insof-diyonat mo‘lroq edi. Hozir-chi? Har qadamda masjid. Hamma emin-erkin namoz o‘qiyapti. Hojilarimiz yil sayin ko‘payib boryapti. Xudoni taniyapmiz. Lekin mehr-oqibat tobora kamayib borayotganday. Nima uchun shunday, tushunmayman...
— Endi shayton ham har kimgayam yopishavermasa kerak-da, — dedim yarim jiddiy, yarim hazil qilib, — imonsiz odam bilan ishi bo‘lmaydi, axir shusiz ham o‘zining yo‘lida-da. Lekin ibodat ahli bilan jiddiy shug‘ullanadi shekilli. Tez-tez yo‘ldan urishga harakat qiladi...
— E, gap undamas. Hamma aybni shaytonga to‘nkab nima qilamiz. Aslida o‘zimizni Xudo urgan. Ibodatni xolis Olloh uchun emas, xo‘jako‘rsinga qilamiz. Shuning uchun ham duolarimiz qabul bo‘lmaydi...
Bir zum jim qoldik. Tashqarida qaysidir masjiddan shom namoziga chaqiriq — azon ovozi kela boshladi.
— Lekin gapingiz to‘g‘ri, hamma birday emas, — dedi bir muddat sukut saqlagach haydovchi murosaga kelganday. — Bir qo‘shnimiz bor. Bir muddat mahallamizdagi kichik masjidda imomlik ham qildi. To‘y-ma’rakaga borsa, tugun-pugun, pul-mul olmasdi. Ozroq yeriga ul-bul ekib tirikchilik qilardi. Biroq rasmiy diplomi bo‘lmagani uchunmi, yo boshqa sabab tufaylimi ishdan bo‘shadi. Mayli, gap bundamas. Muhimi — juda toza odam. Yuzidan nur yog‘ilib turadi. Xullas, shu odam bilan bog‘liq bir voqeani eshitib shu narsaga amin bo‘ldimki, toza odamning duosi baribir ijobat bo‘larkan...
— Albatta! — dedim biron qiziq voqeani eshitishga chog‘lanarkanman.
— O’zi yetmishni qoralab qolgan, — dedi suhbatdoshim hikoyasini o‘zgacha shavq bilan davom ettirishga chog‘lanib, — lekin hamon mashina haydaydi. Eski «Jiguli»si bor. Shu desangiz, bir kuni mashinasini sekin haydab kelayotsa, xuddi boyagiday yon tomonida bir «Matiz» paydo bo‘pti. Yo‘l tor ekanmi, yoki narigi haydovchi tajribasiz bo‘lganmi, ishqilib, «Matiz» oldinga o‘tib ketolmasdan, otaxonning mashinasiga urilib ketibdi. Yaxshiyamki, ja katta avriya bo‘lmabdi — mashinalarga uncha-muncha shikast yetibdi, xolos, lekin baribir dilxiralik-da. Eng qizig‘i, narigi mashinadan bir yigitcha sakrab tushib otaxonga o‘dag‘aylab ketibdi. Yigitchaga bir-ikki og‘iz tanbeh berishga chog‘lanib turgan mulla aka bunaqa surbetlikni ko‘rib, tili kalimga kelmay qolibdi. Haligi olifta yigit esa, sotkasini olib, bir zumda to‘rt tomonga jar solibdi. Tezda otasi, akasi, tog‘asi-yu amakisi, yana bilmadim, qaysi qarindoshlari yig‘ilib kelibdi. Otaxonni o‘rtaga ola boshlashibdi. Xullas, «Matiz»ni ta’mirlashga 600.000 so‘m berasiz, deyishibdi. Mulla aka GAI ga murojaat qilishga andisha qilibdi. Endi shu yoshda birov bilan idorama-idora tortishib yurmayin, mayli, jonim omon qolganiga shukur, deb 300.000 bermoqchi bo‘pti. Bu, endi ikki-uch yil oldingi gap, bilasiz u paytlarda 300.000 so‘m hazilakam pul emasdi... «Yo‘q, — deyishibdi haligilar, — 600.000 so‘m berasiz, vassalom!» Endi o‘zingiz o‘ylang, uka, aybni u tomon qilgan bo‘lsa, yana surbetlik qilib 300.000 ga rozi bo‘lmasdan, 600.000 so‘m talab qilsa, bundan ortiq bedodlik bormi?! «Bo‘pti, — debdi qo‘shnimiz, — mening uyim falon mahallada, «mulla aka» desalaring, hamma taniydi, kechqurun borsalaring pulni albatta berib yuboraman». Shu desangiz, kechqurun haligi «jabrdiydalar» otaxonning darvozasini taqillatib kelishibdi. Otaxon chiqib, ularni yana biroz insofga chaqirmoqchi bo‘pti: «Men bir qari, namozxon odamman, meni bunday qiynamanglar, ko‘nglim og‘risa, o‘zlaringga yaxshi bo‘lmaydi, mayli, ko‘nglimdan chiqarib 300.000 so‘m beray, xudo yo‘liga, roziman». «E, sening namozinggayam, o‘zinggayam tupurdim, — debdi haligi qilg‘ilikni qilib qo‘ygan olfitaning otasi. — O’zing kimsan-u, o‘qigan namozing nima bo‘lardi!» Shunda, o‘zining aytishicha, qo‘shnimizning ko‘ngli yomon og‘ribdi. Shuncha yil yashab, birovdan bunday haqorat eshitmagan edim, ayniqsa, «namozingga tupurdim» degan gap jon-jonimdan o‘tib ketdi, deydi u kishi. Ortiq haqoratga chidolmasdan, ularga bir o‘ram pulni uzatibdi. «Mana bu, debdi, rozi bo‘lib berayotganim 300.000 so‘m — aslida buni ham berishim kerak emas edi, mana bu esa, debdi ikkinchi o‘ramni uzatarkan, norozi bo‘lib berayotganim 300.000 so‘m, ilohi, yomon kunlaringga ishlatinglar, Ollohu akbar» deya shartta uyiga kirib ketibdi. Nima qilib bo‘lsayam murod-maqsadlariga yetishgan «jabrdiydalar» esa, xursand bo‘lganlaricha uylariga qaytib ketishibdi.
Hikoya qilishga berilib ketib, svetoforda sal ko‘proq turib qoldik, shekilli, ortimizdagi mashina ketma-ket signal bera boshladi.
— Buncha shoshilishmasa-ya, — deya old oynakdan orqaga qarab qo‘ydi suhbatdoshim.
— Xo‘sh, keyin nima bo‘pti? — dedim voqeaning davomini eshitishga oshiqib.
— Ana undan keyin haligi «jabrdiyda»larning hayotida ko‘ngilsizliklar boshlanibdi, deng. Birinchi ish shu bo‘libdiki, gazdanmi, tokdanmi o‘t chiqib, yangi qurgan uylari butunlay yonib ketibdi. Hovlidagi barcha jihoz kuyib-kul bo‘lib, yaroqsiz ahvolga kelibdi. Bu falokatdan bir oy o‘tgach, haligi olifta boshqarib ketayotgan «Matiz»ning tormozi ishlamay qolib, oldindagi «Neksiya»ni boplab uribdi. Natijada, o‘zining mashinasi yaroqsiz ahvolga kelibdi, birovning «Neksiya»sini esa falon pul bilan ta’mirlab beribdi.
— Ularning hayotida ro‘y bergan bu falokatlarni kim aytdi sizga? — dedim hayron bo‘lib.
— Boyagi qo‘shnimiz — mulla akaning o‘zlari aytib berdilar.
— Nima, mulla aka ularning keyingi taqdiri bilan qiziqib, surishtirib yurganmikan?
— E, yo‘g‘-e, u kishi unaqa mayda odam emas, qolaversa, ularning yashash joyini ham bilmas ekan...
— Unda qanday qilib...
— Shoshilmang-da, asta-sekin aytib kelyapman-ku... — hikoyasi menda qiziqish uyg‘otganini ko‘rib, haydovchi akamiz nash’a qilib kuldi.
— Qolgan gapni mulla akaning tilidan eshiting. Bir kuni, deydi u kishi, darvozamiz qo‘ng‘irog‘i chalindi. Shom mahali edi. Kim ekan, deb chiqsam, bir kishi turibdi. Tanish chehra. Biroz eslolmay turdim-u, salom bergach «yilt» etib xotiram yorishdi: o‘sha! Ha, bu o‘sha olifta yigitning otasi edi. Sir boy bermasdan, ichkariga taklif qildim. Mehmon baribir mehmon-da! Hovliga kirib, chorpoyaga o‘tirdik. Haligi kishining boshi quyi solingan, oldingi shahdidan asar ham yo‘q edi.
— Mulla aka, — dedi biroz jim o‘tirgach «uf» tortib, — oldingizga bir iltimos bilan keldik.
— Xo‘sh, xizmat? Qo‘limizdan kelsa, bajonidil...
— Qo‘lingizdan keladi. Birinchi iltimosim — manavi 600.000 so‘mni olib qo‘ysangiz. Ikkinchisi — shu... duoyibadingizni qaytarib oling. Siz badduo qilganingizdan keyin oilamizdan falokat arimay qoldi. Uyimizga o‘t tushdi, o‘g‘lim yana avariya qildi... Bir-ikki kun oldin xotinim folchiga borgan ekan, oilangizga katta qarg‘ish tushgan, debdi... Iltimos...
— Folchini qo‘ya turing. Lekin nimaga bu yerga bir o‘zingiz keldingiz? O’g‘lingiz qani?
— Tashqarida, mashinada o‘tiribdi. Ichkariga kirishga yuragi dov bermayapti.
— Chaqiring.
Boshi quyi solingancha, haligi yigitcha kirib keldi.
— Qani, mana bu yerga o‘tiring-chi, mulla yigit. Mana endi to‘g‘risini ayting: o‘sha kuni kim aybdor edi? Kimning aybi bilan mashinalarimiz to‘qnashib ketgandi?
Yigit otasiga bir qarab olarkan, bir zum jim qoldi, so‘ng ko‘zlarini lo‘q qilgancha:
— Siz aybdor edingiz!!! — dedi bo‘zarib.
«Nima deyishni bilmay qoldim, — deydi mulla aka. — Shunchalik ham surbetlik, jaholat bo‘ladimi?! Nahotki shunchalik ko‘ngilsizlikdan keyin ham bularning aqli kirmagan bo‘lsa?! Nahotki o‘zimning 600.000 so‘m pulimni qaytarish evaziga meni aybdor qilib ketishmochi bo‘lishsa?! Yo‘q, — dedim oriyatim qo‘zib, — Kechirasizlar. Mana, pulingiz o‘zingizga buyursin. Biz bir-birimizni tushunmaymiz, shekilli. Sizlarning mashinangiz emas, aslida qalbingiz, vijdoningiz avariyaga uchragan ekan. Temir qiyshaysa, to‘g‘rilash mumkin, lekin qalb pachoq bo‘lsa, uni hech qaysi usta tuzatolmaydi. Axir, sizlar meni nazar-pisand qilmaysiz, to‘g‘rimi, unda mening qarg‘ishimdan qo‘rqib nima qilasiz?! Bo‘pti, xayr, xo‘sh!!!» Xullas, yana dilxiralik bilan xayrlashibdilar.
Manzilga yetib kelganimiz uchun suhbatdoshim — haydovchi akamiz mashinani to‘xtatib qo‘yib, hikoyasini davom ettirdi.
— Oradan yana bir muddat o‘tibdi. Bir kuni yana mulla akaning darvozasi taqillabdi. Chiqsa — yana o‘sha kishi, haligi yigitchaning otasi. Bu gal titrab-qaqshab, yig‘lab turibdi ekan. «Mulla aka, iltimos, badduongizni qaytarib oling. Jon aka! Kecha o‘g‘limni bir mashina urib ketibdi. Hozir kasalxonada, reanimatsiya bo‘limida yotibdi. Do‘xtirlar odam bo‘lishi qiyin, deyapti. Iltimos, mulla aka... Sizdan nima ketdi. Mana, pulingiz...» Devkelbatli odamning eshigimda yig‘lab turganini ko‘rib rahmim kelib ketdi, deydi mulla aka. «Inim, — debdi u kishi, — o‘shanda aytgandim-a, ko‘nglimni og‘ritmang, yomon bo‘ladi, deb. O’zimni bilganim uchun shunday degandim. Qirq yil oldin kennoyim tuhmat qilganida, shunday ko‘nglim og‘rigan edi — mana, butun umr shol bo‘lib o‘tyapti. Shuning uchun iloji boricha birovdan ranjimaslikka, xafa bo‘lmaslikka harakat qilaman. Lekin, nima qilay, o‘sha kuni jonimdan o‘tkazib yubordilaring-da. Endi gap bunday: qarg‘ishni qaytarib olish degan gap yo‘q. Chunki men ming badduo qilganim bilan Xudo qabul qilmasa, hech narsa bo‘lmasdi. Shuning uchun, yaxshisi, men sizni, o‘g‘lingizni, butun oilangizni bir yaxshilab duo qilay. Zora butun oshkor-pinhon narsani ko‘rib turguvchi Zot menday bir faqirning duosini ijobat qilsa... Haligi pulni esa, o‘g‘lingizni davolatish uchun ishlating...» Shunday deya, mulla aka qibla tarafga qo‘l ochib, ularni sidqidildan duo qilibdi. Duosi qabul bo‘lganmi-yo‘qmi, buyog‘ini bilmayman...
— Qabul bo‘lgan! — dedim ishonch bilan. — Badduosi qabul bo‘lgan kishining xayrli duosi qabul bo‘lmasligi mumkin emas.
— Balki...
Yo‘l haqini to‘lab haydovchi akamiz bilan xayrlasharkanman, bergan pulimga ming-ming karra rozi bo‘ldim. Chunki nafaqat manzilimga yetib keldim, ayni paytda o‘zim uchun bebaho o‘git oldim. «Xo‘sh, Jamshidjon, dedim o‘zimga, qani sen ham bir eslab ko‘r-chi, mabodo sen ham kimningdir ko‘nglini og‘ritmaganmisan?!» ha og’ritgan edim lekin kecha kechirim suradim lekin haligacha javob kelmayabdi ismlarini aytmay qo’ya qoli hulas shu voqeadan keyin yana kechirim hati yozdim Insholloh bu safar kelib qolar — deya xotira sandig‘imni titkilab ketdim. Ishonamanki, aziz forumdoshlar, ushbu hikoyani o‘qib bo‘lgach, siz ham ushbu savolga javob izlaysiz. To‘g‘rimi?!