Mulohazalar minbari, yoki hulosa qilish minbari  ( 22634 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 B


ЖАМШИДЖОН  22 Sentyabr 2009, 16:39:12

Kecha ishdan qaytyapman. Iftorlik vaqti yaqinlarshib turgani uchun uyga tezroq yetib olishni o‘ylab, taksi to‘xtata qoldim. Hamrohim — haydovchi yoshi elliklardan o‘tgan og‘ir-bosiq kishi ekan. Jim ketyapmiz. Bir payt ortimizdan bir «Tiko»cha shiddat bilan kelib, yo‘limizni aylanib o‘tib ketdi. Mashinani bir maromda haydab kelayotgan akamiz shoshib qoldi. So‘ng «uf» tortib:

— E, uka, odamlarda insof qolmadi, — dedi. — Buning qilig‘ini qarang... Yana namozxon bo‘lsa kerak. Oq do‘ppi kiyib olganiga o‘laymi...

— Endi har xil odam bor-da... — dedim taassufona.
— Shu desangiz, oldinlari dinga ruxsat yo‘q edi, odamlar qo‘rqib-pisib ibodat qilishardi, lekin tan olish kerak, insof-diyonat mo‘lroq edi. Hozir-chi? Har qadamda masjid. Hamma emin-erkin namoz o‘qiyapti. Hojilarimiz yil sayin ko‘payib boryapti. Xudoni taniyapmiz. Lekin mehr-oqibat tobora kamayib borayotganday. Nima uchun shunday, tushunmayman...

— Endi shayton ham har kimgayam yopishavermasa kerak-da, — dedim yarim jiddiy, yarim hazil qilib, — imonsiz odam bilan ishi bo‘lmaydi, axir shusiz ham o‘zining yo‘lida-da. Lekin ibodat ahli bilan jiddiy shug‘ullanadi shekilli. Tez-tez yo‘ldan urishga harakat qiladi...

— E, gap undamas. Hamma aybni shaytonga to‘nkab nima qilamiz. Aslida o‘zimizni Xudo urgan. Ibodatni xolis Olloh uchun emas, xo‘jako‘rsinga qilamiz. Shuning uchun ham duolarimiz qabul bo‘lmaydi...

Bir zum jim qoldik. Tashqarida qaysidir masjiddan shom namoziga chaqiriq — azon ovozi kela boshladi.

— Lekin gapingiz to‘g‘ri, hamma birday emas, — dedi bir muddat sukut saqlagach haydovchi murosaga kelganday. — Bir qo‘shnimiz bor. Bir muddat mahallamizdagi kichik masjidda imomlik ham qildi. To‘y-ma’rakaga borsa, tugun-pugun, pul-mul olmasdi. Ozroq yeriga ul-bul ekib tirikchilik qilardi. Biroq rasmiy diplomi bo‘lmagani uchunmi, yo boshqa sabab tufaylimi ishdan bo‘shadi. Mayli, gap bundamas. Muhimi — juda toza odam. Yuzidan nur yog‘ilib turadi. Xullas, shu odam bilan bog‘liq bir voqeani eshitib shu narsaga amin bo‘ldimki, toza odamning duosi baribir ijobat bo‘larkan...

— Albatta! — dedim biron qiziq voqeani eshitishga chog‘lanarkanman.

— O’zi yetmishni qoralab qolgan, — dedi suhbatdoshim hikoyasini o‘zgacha shavq bilan davom ettirishga chog‘lanib, — lekin hamon mashina haydaydi. Eski «Jiguli»si bor. Shu desangiz, bir kuni mashinasini sekin haydab kelayotsa, xuddi boyagiday yon tomonida bir «Matiz» paydo bo‘pti. Yo‘l tor ekanmi, yoki narigi haydovchi tajribasiz bo‘lganmi, ishqilib, «Matiz» oldinga o‘tib ketolmasdan, otaxonning mashinasiga urilib ketibdi. Yaxshiyamki, ja katta avriya bo‘lmabdi — mashinalarga uncha-muncha shikast yetibdi, xolos, lekin baribir dilxiralik-da. Eng qizig‘i, narigi mashinadan bir yigitcha sakrab tushib otaxonga o‘dag‘aylab ketibdi. Yigitchaga bir-ikki og‘iz tanbeh berishga chog‘lanib turgan mulla aka bunaqa surbetlikni ko‘rib, tili kalimga kelmay qolibdi. Haligi olifta yigit esa, sotkasini olib, bir zumda to‘rt tomonga jar solibdi. Tezda otasi, akasi, tog‘asi-yu amakisi, yana bilmadim, qaysi qarindoshlari yig‘ilib kelibdi. Otaxonni o‘rtaga ola boshlashibdi. Xullas, «Matiz»ni ta’mirlashga 600.000 so‘m berasiz, deyishibdi. Mulla aka GAI ga murojaat qilishga andisha qilibdi. Endi shu yoshda birov bilan idorama-idora tortishib yurmayin, mayli, jonim omon qolganiga shukur, deb 300.000 bermoqchi bo‘pti. Bu, endi ikki-uch yil oldingi gap, bilasiz u paytlarda 300.000 so‘m hazilakam pul emasdi... «Yo‘q, — deyishibdi haligilar, — 600.000 so‘m berasiz, vassalom!» Endi o‘zingiz o‘ylang, uka, aybni u tomon qilgan bo‘lsa, yana surbetlik qilib 300.000 ga rozi bo‘lmasdan, 600.000 so‘m talab qilsa, bundan ortiq bedodlik bormi?! «Bo‘pti, — debdi qo‘shnimiz, — mening uyim falon mahallada, «mulla aka» desalaring, hamma taniydi, kechqurun borsalaring pulni albatta berib yuboraman». Shu desangiz, kechqurun haligi «jabrdiydalar» otaxonning darvozasini taqillatib kelishibdi. Otaxon chiqib, ularni yana biroz insofga chaqirmoqchi bo‘pti: «Men bir qari, namozxon odamman, meni bunday qiynamanglar, ko‘nglim og‘risa, o‘zlaringga yaxshi bo‘lmaydi, mayli, ko‘nglimdan chiqarib 300.000 so‘m beray, xudo yo‘liga, roziman». «E, sening namozinggayam, o‘zinggayam tupurdim, — debdi haligi qilg‘ilikni qilib qo‘ygan olfitaning otasi. — O’zing kimsan-u, o‘qigan namozing nima bo‘lardi!» Shunda, o‘zining aytishicha, qo‘shnimizning ko‘ngli yomon og‘ribdi. Shuncha yil yashab, birovdan bunday haqorat eshitmagan edim, ayniqsa, «namozingga tupurdim» degan gap jon-jonimdan o‘tib ketdi, deydi u kishi. Ortiq haqoratga chidolmasdan, ularga bir o‘ram pulni uzatibdi. «Mana bu, debdi, rozi bo‘lib berayotganim 300.000 so‘m — aslida buni ham berishim kerak emas edi, mana bu esa, debdi ikkinchi o‘ramni uzatarkan, norozi bo‘lib berayotganim 300.000 so‘m, ilohi, yomon kunlaringga ishlatinglar, Ollohu akbar» deya shartta uyiga kirib ketibdi. Nima qilib bo‘lsayam murod-maqsadlariga yetishgan «jabrdiydalar» esa, xursand bo‘lganlaricha uylariga qaytib ketishibdi.
Hikoya qilishga berilib ketib, svetoforda sal ko‘proq turib qoldik, shekilli, ortimizdagi mashina ketma-ket signal bera boshladi.

— Buncha shoshilishmasa-ya, — deya old oynakdan orqaga qarab qo‘ydi suhbatdoshim.

— Xo‘sh, keyin nima bo‘pti? — dedim voqeaning davomini eshitishga oshiqib.

— Ana undan keyin haligi «jabrdiyda»larning hayotida ko‘ngilsizliklar boshlanibdi, deng. Birinchi ish shu bo‘libdiki, gazdanmi, tokdanmi o‘t chiqib, yangi qurgan uylari butunlay yonib ketibdi. Hovlidagi barcha jihoz kuyib-kul bo‘lib, yaroqsiz ahvolga kelibdi. Bu falokatdan bir oy o‘tgach, haligi olifta boshqarib ketayotgan «Matiz»ning tormozi ishlamay qolib, oldindagi «Neksiya»ni boplab uribdi. Natijada, o‘zining mashinasi yaroqsiz ahvolga kelibdi, birovning «Neksiya»sini esa falon pul bilan ta’mirlab beribdi.

— Ularning hayotida ro‘y bergan bu falokatlarni kim aytdi sizga? — dedim hayron bo‘lib.

— Boyagi qo‘shnimiz — mulla akaning o‘zlari aytib berdilar.
 
— Nima, mulla aka ularning keyingi taqdiri bilan qiziqib, surishtirib yurganmikan?

— E, yo‘g‘-e, u kishi unaqa mayda odam emas, qolaversa, ularning yashash joyini ham bilmas ekan...

— Unda qanday qilib...

— Shoshilmang-da, asta-sekin aytib kelyapman-ku... — hikoyasi menda qiziqish uyg‘otganini ko‘rib, haydovchi akamiz nash’a qilib kuldi.

— Qolgan gapni mulla akaning tilidan eshiting. Bir kuni, deydi u kishi, darvozamiz qo‘ng‘irog‘i chalindi. Shom mahali edi. Kim ekan, deb chiqsam, bir kishi turibdi. Tanish chehra. Biroz eslolmay turdim-u, salom bergach «yilt» etib xotiram yorishdi: o‘sha! Ha, bu o‘sha olifta yigitning otasi edi. Sir boy bermasdan, ichkariga taklif qildim. Mehmon baribir mehmon-da! Hovliga kirib, chorpoyaga o‘tirdik. Haligi kishining boshi quyi solingan, oldingi shahdidan asar ham yo‘q edi.

— Mulla aka, — dedi biroz jim o‘tirgach «uf» tortib, — oldingizga bir iltimos bilan keldik.

— Xo‘sh, xizmat? Qo‘limizdan kelsa, bajonidil...

— Qo‘lingizdan keladi. Birinchi iltimosim — manavi 600.000 so‘mni olib qo‘ysangiz. Ikkinchisi — shu... duoyibadingizni qaytarib oling. Siz badduo qilganingizdan keyin oilamizdan falokat arimay qoldi. Uyimizga o‘t tushdi, o‘g‘lim yana avariya qildi... Bir-ikki kun oldin xotinim folchiga borgan ekan, oilangizga katta qarg‘ish tushgan, debdi... Iltimos...

— Folchini qo‘ya turing. Lekin nimaga bu yerga bir o‘zingiz keldingiz? O’g‘lingiz qani?
— Tashqarida, mashinada o‘tiribdi. Ichkariga kirishga yuragi dov bermayapti.
— Chaqiring.
Boshi quyi solingancha, haligi yigitcha kirib keldi.
— Qani, mana bu yerga o‘tiring-chi, mulla yigit. Mana endi to‘g‘risini ayting: o‘sha kuni kim aybdor edi? Kimning aybi bilan mashinalarimiz to‘qnashib ketgandi?
Yigit otasiga bir qarab olarkan, bir zum jim qoldi, so‘ng ko‘zlarini lo‘q qilgancha:
— Siz aybdor edingiz!!! — dedi bo‘zarib.
«Nima deyishni bilmay qoldim, — deydi mulla aka. — Shunchalik ham surbetlik, jaholat bo‘ladimi?! Nahotki shunchalik ko‘ngilsizlikdan keyin ham bularning aqli kirmagan bo‘lsa?! Nahotki o‘zimning 600.000 so‘m pulimni qaytarish evaziga meni aybdor qilib ketishmochi bo‘lishsa?! Yo‘q, — dedim oriyatim qo‘zib, — Kechirasizlar. Mana, pulingiz o‘zingizga buyursin. Biz bir-birimizni tushunmaymiz, shekilli. Sizlarning mashinangiz emas, aslida qalbingiz, vijdoningiz avariyaga uchragan ekan. Temir qiyshaysa, to‘g‘rilash mumkin, lekin qalb pachoq bo‘lsa, uni hech qaysi usta tuzatolmaydi. Axir, sizlar meni nazar-pisand qilmaysiz, to‘g‘rimi, unda mening qarg‘ishimdan qo‘rqib nima qilasiz?! Bo‘pti, xayr, xo‘sh!!!» Xullas, yana dilxiralik bilan xayrlashibdilar.

Manzilga yetib kelganimiz uchun suhbatdoshim — haydovchi akamiz mashinani to‘xtatib qo‘yib, hikoyasini davom ettirdi.

— Oradan yana bir muddat o‘tibdi. Bir kuni yana mulla akaning darvozasi taqillabdi. Chiqsa — yana o‘sha kishi, haligi yigitchaning otasi. Bu gal titrab-qaqshab, yig‘lab turibdi ekan. «Mulla aka, iltimos, badduongizni qaytarib oling. Jon aka! Kecha o‘g‘limni bir mashina urib ketibdi. Hozir kasalxonada, reanimatsiya bo‘limida yotibdi. Do‘xtirlar odam bo‘lishi qiyin, deyapti. Iltimos, mulla aka... Sizdan nima ketdi. Mana, pulingiz...» Devkelbatli odamning eshigimda yig‘lab turganini ko‘rib rahmim kelib ketdi, deydi mulla aka. «Inim, — debdi u kishi, — o‘shanda aytgandim-a, ko‘nglimni og‘ritmang, yomon bo‘ladi, deb. O’zimni bilganim uchun shunday degandim. Qirq yil oldin kennoyim tuhmat qilganida, shunday ko‘nglim og‘rigan edi — mana, butun umr shol bo‘lib o‘tyapti. Shuning uchun iloji boricha birovdan ranjimaslikka, xafa bo‘lmaslikka harakat qilaman. Lekin, nima qilay, o‘sha kuni jonimdan o‘tkazib yubordilaring-da. Endi gap bunday: qarg‘ishni qaytarib olish degan gap yo‘q. Chunki men ming badduo qilganim bilan Xudo qabul qilmasa, hech narsa bo‘lmasdi. Shuning uchun, yaxshisi, men sizni, o‘g‘lingizni, butun oilangizni bir yaxshilab duo qilay. Zora butun oshkor-pinhon narsani ko‘rib turguvchi Zot menday bir faqirning duosini ijobat qilsa... Haligi pulni esa, o‘g‘lingizni davolatish uchun ishlating...» Shunday deya, mulla aka qibla tarafga qo‘l ochib, ularni sidqidildan duo qilibdi. Duosi qabul bo‘lganmi-yo‘qmi, buyog‘ini bilmayman...
— Qabul bo‘lgan! — dedim ishonch bilan. — Badduosi qabul bo‘lgan kishining xayrli duosi qabul bo‘lmasligi mumkin emas.
— Balki...

Yo‘l haqini to‘lab haydovchi akamiz bilan xayrlasharkanman, bergan pulimga ming-ming karra rozi bo‘ldim. Chunki nafaqat manzilimga yetib keldim, ayni paytda o‘zim uchun bebaho o‘git oldim. «Xo‘sh, Jamshidjon, dedim o‘zimga, qani sen ham bir eslab ko‘r-chi, mabodo sen ham kimningdir ko‘nglini og‘ritmaganmisan?!» ha  og’ritgan edim lekin kecha kechirim suradim lekin haligacha javob kelmayabdi ismlarini aytmay qo’ya qoli hulas shu voqeadan keyin yana kechirim hati yozdim Insholloh bu  safar kelib qolar — deya xotira sandig‘imni titkilab ketdim. Ishonamanki, aziz forumdoshlar, ushbu hikoyani o‘qib bo‘lgach, siz ham ushbu savolga javob izlaysiz. To‘g‘rimi?!

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  22 Sentyabr 2009, 17:54:22

Oldin mana bu mantiqiy savolga javob topishga harakat qiling. Ushbu savolga bo‘lgan javobingiz maqolani davomini o‘qishingizga bir yo‘nalish bo‘ladi.
Ikki ona o‘z sevimli farzandlarini safarga jo‘natmoqda. Farzandlari boradigan joy — bir kimsasiz o‘rmon deb tasavvur qilaylik. Ular alohida joyga borishadi va u yerda uzoq muddat qoladi. O’rmonga boradigan yo‘l esa uzoq emas, atigi ikki soatlik yo‘l. Har ikki ona ham, umuman barcha onalar ham o‘z farzandlarini juda yaxshi ko‘rishadi va ularga yordam berishga, og‘irini yengil qilishga harakat qiladi. Lekin buni har kim o‘z holicha tushunadi.
Birinchi ona farzandini ushbu safarda qiynalmasligini o‘ylarkan, ko‘proq o‘rmondagi hayotiga urg‘u beradi. Chunki u yerda farzandi uzoq qoladi. Ug‘li uchun barcha narsani tayyorlaydi-yotadigan to‘shak, kiyim bosh, oziq-ovqat, gugurtdan tortib tuzgacha sumkaga joylab beradi. Albatta yuk ancha og‘ir, uni farzandi ancha yo‘l ko‘tarib borishi kerak. Ona hamma narsa kerakligini, yo‘ldagi qiyinchilik albatta ortda qolishini va o‘rmonda qiynalmasdan yashashini tushuntiradi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin o‘g‘lini barcha yukni ko‘tarishga majbur qiladi.
Ikkinchi ona ham mehribon. Farzandini u ham yaxshi ko‘radi. O’g‘lim bechora yo‘lda qiynalmasin deydi. Hatto sumka ko‘ziga yanada og‘ir ko‘rinib, ba’zi narsalarni qaytarib olib qoladi. O’rmondagi hayoti haqida esa kam o‘ylaydi. U faqat o‘g‘lining ko‘z oldida qiynalishiga chidolmaydi.
Endi savolni eshiting: Qaysi ona mehribonroq?
Boshni qotirma, shu ham savolmi dersiz. Bunaqa holat qaerda ham bo‘lardi deb o‘ylarsiz. Kimsasiz o‘rmonga nimaga boriladi deb kularsiz, lekin savolga chuqurroq yondoshsangiz gap nima haqida ketayotganligini darrov payqaysiz.
Hammamiz ham safarga chiqqanmiz. Hozir esa o‘sha qisqa yo‘lda turibmiz. Bir kun barchamizning yo‘limiz tugaydi. Yo‘l oxiriga qanday tayyorgarligimiz bor? Nimalarni joylab oldik sumkamizga? Farzandlarimiz ham o‘z safarlariga chiqqanligini ularga tushuntiryapmizmi? Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "œBu dunyo men uchun bir daraxt kabidir, biroz soyada dam olaman va yana turib ketaman" deb marhamat qilganlar. Biz esa daraxtdan soya olish o‘rniga, bu daraxtni bezashga berilib ketmadikmikan? Endi yuqoridagi savolni yana o‘qib ko‘rmang-da, hozirgi kunda qanday ota-onalar ko‘pligini o‘ylab ko‘ring.
"œHali yoshsan, bunaqa kitoblarni o‘qishga yoshlik qilasan", "œKampirga o‘xshab o‘ranib olmasdan zamonaviy kiyinsang bo‘lmaydimi", "œBolam shirin uyquda, bomdodga uyg‘otishga ko‘zim qiymadi", "œYoshligida o‘ynab olsin, ibodat qilish qochmaydi".
Bunday so‘zlarni deyarli har kuni eshitamiz. Shunday so‘zlar orqali go‘yoki ular avlodlariga "œmehribonlik" qilishadi. Bu bilan o‘z jigargo‘shalarini do‘zax o‘tiga tashlayotganliklarini, hozirda qanday fikr bilan ulg‘aysa xuddi shunday yashashda davom etishini kam o‘ylashadi.
Alloh Taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan: "œEy iymon keltirganlar, o‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlar va toshlardan bo‘lgan o‘tdan qo‘rqiting. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaydilar va nima buyurilsa shuni bajaradilar". ("œTahrim" surasi 6)
Namoz o‘qish — bu Islom ahkomlari asosida hayot kechirish deganidir. Hozirgi kunimizda esa "œmusulmon" va "œnamozxon" degan kalimalar umuman boshqa ma’noni anglatgandek.
Hazrati Umar yuqorida zikr qilingan oyati karima nozil bo‘lgandan so‘ng:
"œEy Rasululloh! O’z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?", deb so‘ragan ekanlar.
Shunda Payg‘ambar alayhissalom:
"œAlloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar", deb javob bergan ekanlar.
Aziz ota-ona! Siz farzandingizga qanchalik mehribonsiz?
Siz juma namozini o‘qib qaytayotganingizda ko‘chada allaqachon namoz farz bo‘lgan farzandingizni ko‘chada o‘ynab yurganini ko‘rib ko‘zingiz kuvnaydi. Ertalab bomdod namoziga majburlab turg‘azishga ko‘zingiz qiymaydi. Mayli uxlasin, axir siz mehribonsiz-ku to‘g‘rimi? "œQiynalib ketding, qo‘y ro‘za tutmay qo‘ya qol" deymiz ramazon oyining qoq o‘rtasiga kelib. Lekin hech qachon biror ishni buyurib, "œqiynalib ketding, qo‘y shu ishni qilmagin" demaysiz. Hurmat talab qilasiz. Biror buyrug‘ingizni qilmasa achchiqlanasiz. Lekin sizni va uni yaratgan, bir KUN kelib, sizni va uni hisob qiladigan Alloh buyruqlarini bajarmayotganligiga befarqsiz. Ba’zilaringiz esa hali o‘zingiz ham "œzamonaviy" hayot kechirmoqdasiz. Alloh ibodatini "œeskicha" deb nomlab, nafaqa yoshi uchun rejalashtirib qo‘ygansiz. Qizingizning hali yoshligi u bilan turli bemaza seriallarni muhokama qilayotganingizda yoki ketma-ket sovchilarni kuzatayotganingizda emas, Alloh buyruqlarini bajarishga kelganda esingizga tushib qoladi. Orzu-havas qilasiz. Mashina, tillo taqinchoqlar olib berasiz. O’g‘lim, qizim qiynalmasin, o‘ksimasin, armon qilmasin deysiz. Restoranlarda to‘y qilib berasiz. Bir umr esda qolsin deysiz. Lekin buyuk armon KUNI uchun farzandingiz sumkasiga nimalar solib qo‘ydingiz?
Farzand ota ona uchun omonat. Alloh taolo farzandni berar ekan, rizqlantirishni O’zi tarafidan bo‘lishini bayon qildi va eng avvalo o‘ziga ibodat qiladigan solih amallar qiladigan qilib tarbiya qilishni buyuradi. Buning natijasida ulkan savob va ajrlar va’da qildi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) inson vafot etgandan keyin ham solih farzandining yaxshi amallari tufayli savoblari ko‘payib turishi haqida marhamat qilganlar. Bundan kelib chiqadi-ki, farzandga qilingan chin ma’nodagi MYeHRIBONLIK faqat uning uchun emas, balki ota-ona uchun ham ulkan ajrlarga sabab bo‘lar ekan.
So‘zimiz oxirida sizni yana savol bilan qiynamay-da, bir ertak aytib bera qolay. Bir guruh insonlar oltin izlab sayohatga chiqishibdi va uzun qorong‘u tunel bo‘ylab yo‘l yurishlariga to‘g‘ri kelib qolibdi. Tunel judayam qorong‘u bo‘lsa-da, bir-birlarini ushlab, paypaslanib oldinga harakatlana boshlashibdi. Yo‘l mobaynida ularning oyoqlariga turli toshlar urilib, xalaqit bera boshlabdi. Shunda yo‘lboshchi:
— Ey do‘stlar, bizdan keyin ham bu yerdan boshqalar yurishadi. Kelinglar, o‘zimiz qiynalsak ham yerdagi toshlardan qo‘limizga olib ketaylik, yo‘l tugagach, tashlab yuboramiz. Zora bizdan keyingilar qiynalishmasa, — debdi.
Bu gap birovga yoqibdi, birovga yoqmabdi. Ba’zilar, katta-katta toshlarni olishibdi, ba’zilar hatto qo‘njilarini ham to‘ldirib olishibdi. Ba’zilar ataylab yengil-engilini tanlab olishibdi. Ayrimlar esa go‘yo o‘zlarini olgandek ko‘rsatishibdi, lekin hech narsa olishmabdi. Menga nima deb ochiqchasiga olmaganlar ham bo‘libdi. Eng ahmoqlari esa o‘sha yo‘lboshchini yoqtirmaganliklari uchun aytganini qilishni xohlashmabdi. Xullas yo‘l tugagach hamma yorug‘likka chiqibdi. Qo‘llarini qarashsa tosh deb o‘ylaganlari oltin ekan. Hamma afsus chekibdi. Olmaganlar ham, olganlar ham. Hatto butun qo‘njini to‘ldirib olgan kishi ham yana ozgina olsam ham bo‘lardi deb yig‘larmish.
Biz ham hammamiz oltin dardida yo‘lga chiqqan sayohatchilarmiz. Alloh taoloning o‘zi hammamizni yo‘l oxirida oltinsiz qolishdan asrasin.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  23 Sentyabr 2009, 08:32:35

Bu voqea Andalusda bo‘lib o‘tgan.
To‘qson yil atrofida hukm surgan umaviylar davlati qulab, o‘rniga abbosiylar davlati o‘rnatilgan davrda, Andalusda umaviylardan tirik qolgan amirlar katta islomiy davlat barpo qilishadi. Sakkiz yuz yil atrofida Andalusda Islom gullab yashnaydi. Tarqoqlik, ichki nizolar va boshqa sabablarga ko‘ra 800 yil gurkiragan yetuk davlat parchalanadi. Oxirgi qulagan shahar G’ornata shahridir. Andalus hozirda Ispaniya va Portugaliya davlatlarini o‘z ichiga olgan.
Andalusda xristianlashtirish ishlari avj oladi. Musulmonlar ayovsiz qirib tashlanadi. Hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz o‘sha mudhish davrda sodir bo‘lib o‘tgan. Voqeani yosh o‘spirin yigit hikoya qiladi:
«Onamning ko‘zi yorib o‘g‘il tug‘di. Suyunib ketdim. Ochig‘ini aytsam sevinchim ichimga sig‘masdi. Lekin onam ham, otam ham xursand emas. Go‘yo uyimizda bola tug‘ilmay, balki o‘lganga o‘xshash ota-onam motamsaro. Men hech nimaga tushunmadim. Bola tug‘ilgan kuni otam chaqaloqni kichik bir uychaga olib kirib ketdi. Shu yoshga kirib o‘sha uyga kirganim yo‘q. Ota-onam kirishadi xolos, menga ruxsat berilmaydi. Bugun esa negadir chaqaloqni o‘sha uyga olib kirishdi. Kunlar o‘tib yakshanba keldi. Uyimizga cherkovdan pop kelib bolani cho‘qintirdi. Ota-onam esa boyagidek ma’yus va mahzun.
Bir kuni otam menga arzimagan bir gapni aytib, «bu — sir, hech kimga aytma, onang ham bilmasin», deb qoldi. Ertasi kuni onam meni yoniga chaqirib «o‘g‘lim, otang nima dedi?» deb qoldi. Men «bu — sir, hech kimga aytmayman», dedim. Onam mendan gap olishga rosa urindi. Men otam sirini aytmadim. Shunda onam: «mening ham senga aytadigan gapim bor, hech kimga ayta ko‘rma, hatto otang so‘rasa ham aytma», deb oddiy bir gapni aytdi. Onam sir, deb pichirlab aytgan gapi sirlikka arzimaydigan oddiy gap edi. Noiloj uni ham sir saqladim. Bu gal otam kelib onam menga aytgan gapni bilishni istadi. Aytmadim. Ko‘p urindi, lekin mendan bir dona kalima ololmadi. Shunda onamni chaqirib: «Onasi, o‘g‘ling sir saqlaydigan katta yigit bo‘lib qolibdi. Endi unga qo‘rqmay, bor gapni aytsak ham bo‘laveradi, — deb menga yuzlandi. — O’g‘lim, onang bilan mening sir aytib, u sirni bilishga urinishimiz seni sinash, imtihon qilish edi. Shukurkim, sir saqlaydigan mard yigit bo‘libsan. Biz senga hozir boshqa bir katta sirni aytmoqchimiz. Men bilan yur», — deb meni boyagi kichik uy tomon boshladi. Nahot men ham shu uyga kiraman-a, deb o‘yladim. Uyga kirdik. Uy qop-qorong‘i edi. Otam chiroq yoqdi. Menga uzoq tikilib turdi. Nimalardir demoqchi bo‘ldi, negadir gapirmadi. Tokchaga borib lattaga o‘ralgan bir narsa oldi. So‘ng so‘z boshladi:
«O’g‘lim, biz xristian emasmiz. Biz musulmonmiz. Muhammad alayhissalomning ummatimiz. Mana bu — muqaddas kitob Qur’oni Karim», — dedi.
Keyinchalik bilsam, ota-onam bu uyga kirib namoz o‘qir ekan, Qur’on tilovat qilar ekan. Ukam tug‘ilganda bu xonaga kirishining sababi, ukamga o‘sha kuni o‘ng qulog‘iga azon chap qulog‘iga takbir aytishgan ekan. Otam so‘zida davom etib: «O’g‘lim, amakingga qattiq itoat qil», deb tayinladi.
Ertasi men maktabga keldim. Dars payti amakim kelib, meni chaqirdi.
— Jiyan, yur ketdik, — dedi shoshilib.
— Qayoqqa?
— So‘rama, tezroq bo‘l!
— Kitoblarimni olay.
— Yo‘q, tezroq oldimga tush.
Men amakim bilan shoshib sohilga keldik va kemaga mindik. Men shunda hayratlanib:
— Amaki, qayoqqa ketayapmiz? Ayam-dadamdan izn so‘ramaysizmi? — dedim.
— Dadang «amakingga itoat qil», deb aytganmi?
— Aytgan.
— Bo‘lmasa, har-xil savol bermay jim ket.
— Xo‘p bo‘ladi.
Kema bizlarni men bilmaydigan joyga tashladi. Kemadan tushganimizdan keyin amakim xo‘rsinib gap boshladi:
— Ukaginam, og‘ir bo‘l. Ota-onangni musulmonligini bilib qolishdi, sabr qil. Otang menga «o‘g‘limni olib tezroq qochinglar. Bizni endi tinch qo‘yishmaydi», degani uchun seni shu yerga — musulmonlar yurtiga olib keldim.
Andalus qulagandan keyin musulmonligi aniqlangan erkagu ayol vahshiylarcha o‘ldirilar edi. Tahqiq yo‘llari esa ko‘p. Uyida hammom bo‘lishi, juma kuni cho‘milishi, xatna qilinishi kabilar bilan kishining mo‘min yo mo‘min emasligi aniqlanar edi.
Qissa qahramoni ota-onasi qanday o‘ldirilganidan bexabar. Qaerga ko‘milganini ham bilmaydi. Aslida ular ko‘milganmi yoki yirtqich hayvonlarga yem qilinganmi, unisi ham qorong‘u. Chaqaloq taqdiri noma’lum. Yigit esa katta musulmon olim bo‘lib yetishadi.

Xayrulla HAMIDOV.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  23 Sentyabr 2009, 08:36:16

Ota-onaga tirikligida ham, o‘likligida ham yaxshilik qilmaydiganlar. Bundaylar o‘z o‘zini mahv qilgan sho‘rolar davrida, dinsizlik avjiga chiqqan paytda juda ko‘payib ketdi. Natijada «Qariyalar uyi» degan mudhish joylar paydo bo‘ldi. Tashidan yaxshiga o‘xshagan bu joylar aslida xasta jamiyatning yarasi edi.
Ko‘rganlarning aytishicha, bir kishi «Qariyalar uyi»ga to‘rt dona issiq non ko‘tarib ziyorat uchun keladi. Xonani issiq kunjutli nonning hidi tutib ketadi. Non hididan junbushga kelgan qariyalar karavotlarni g‘ichirlatib, shosha-pisha o‘rinlaridan tura boshlashadi. Ular xuddi urush davridagidek nonni talasha ketishdi. Ziyoratchi nima qilarini bilmay esankirab qoladi. Shunda xona burchagidagi karavotda o‘z o‘rnidan turolmayotgan bir qariya yosh bolalardek yig‘laydi: «Baraka topgurlar, menga ham bir burda olib qo‘yinglar. Menga bir burda bo‘lsa kifoya, hoy yaxshilar og‘zim tegib qolsin...»
Baqir-chaqir ichida cholning xirillab chiqqan past ovozi eishitilmaydi. Eshitilgan taqdirda ham unga non olib qo‘yishning sira iloji yo‘q edi.
Sarvarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Parvardigordan so‘rab duo qilar edilar: «Allohim, menga berajak rizqingning eng kengi va mo‘lini keksayganimda yo umrim oxirida qilgin».
Oxirat safariga astoydil tayyorgarlik ko‘riladigan paytda nonga, uy-joyga muhtoj bo‘lishdek yomon narsa bo‘lmasa kerak. Keksayganda besh mahal masjidga qatnash o‘rniga rizq ko‘yida ko‘chalarda sarson kezishdek ayanchli hol bormi?! Peshonani xotirjam sajdaga qo‘yib, uzoq-uzoq duo va zikr qilish o‘rniga, bozorda: «Keb qoling! Op qoling!» — deya baqirib, kunni kech qilishdan ko‘ra kattaroq ziyon bormikan?
Alloh o‘zi asrasin, bandasiga muhtoj qilmasin!
Olamdan erta ko‘z yumgan onalar qabri uzra aytilgan so‘zlar
Ma’lumki, o‘lim dalil-isbot talab qilmaydigan haqiqatlardandir. Tongda chiqqan quyosh, shomda botishi qanchalar haqiqat bo‘lsa, dunyoga kelgan insonning dunyodan ketishi shunchalar oydin haqiqatdir.
Yuqorida ota-onaga yaxshilik borasida farzandlarni besh qismga bo‘lgan edik. Yoshgina onalaridan erta ayrilgan go‘daklar qismati ham asosan besh qismga bo‘linar ekan. Bu darsda, kechagina onasi quchog‘ida erkalanib, ona allasi bilan uxlab, ona qo‘lidan issiq kulcha nonlar yeb, bugun yosh, go‘zal onasidan ayrilgan olamdagi turli xil go‘daklarning onasi qabri ustida aytgan so‘zlariga quloq tutamiz. Agarchi bu dil so‘zlarini bolalar jajji tili bilan aytolmasa-da, zaboni holi bilan, ko‘zida yoshi bilan baralla aytmoqda.

Xayrulla HAMIDOV.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  23 Sentyabr 2009, 08:39:27

Assalomu alaykum, onajon.

Assalomu alaykum, mehribonim.

Tirikligingizda salom berib to‘ya olmadim. Vafotingizdan so‘ng salomimni qanda qilmayman. Alloh qabringizni jannat bog‘chalaridan qilsin. Keng, munavvar qilsin. Qabr azobidan, qabr fitnasidan o‘zi saqlasin. Jannatga behisob, beazob kirgizsin.

Roziman, bo‘ling rizo,

Xudo sizdan bo‘lsin rizo,

Ravzada orom oling

to kelguncha yavmul jazo.

Kun kelib men ham borurman

yoningizga oshiqib,

Iymon bilan yo‘liqmoqdir

mendagi yolg‘iz sazo.

Onajon! Oq yuvib oq tarardingiz. Juda g‘amxo‘r, shirinso‘z, mehribon edingiz. O’ynatib kuldirardingiz, alla aytib uxlatardingiz. O’zingiz qiynalsangiz ham bizni qiynashni istamas edingiz.
O’zingizni, so‘zingizni juda-juda sog‘inib, qo‘msaymiz. Dadamizning jon holiga qo‘ymay har kuni «ayam qachon keladilar?» deyaveramiz. Singlim ham doim «ayam, ayam» deb yig‘laydi. Bechora dadam avvalida bir narsalar deb bizlarni ovutdi, keyin esa «ayangiz kelolmaydilar, ayangiz yoniga biz boramiz», dedilar. Hamisha «ayangni duo qil» deb eslatib turadilar.
O’zlari sizdan keyin ma’yus, mahzun bo‘lib qoldilar. Oshxonaga kirib ham, uyingizga qarab ham yig‘laydilar. Men dadamni kuchli, qo‘rqmas botir deb bilardim. Sizdan keyin yosh boladek yig‘loqi bo‘lib qoldilar. Avval yig‘laganlarini ko‘rmagan ekanman.
Ayajon! Katta bo‘lsam kitoblar yozib savobini sizga bag‘ishlayman. Nomingizdan yaxshi ishlar qilaman. Siz orom olib yoting, onajon. Bizdan xavotir olmang. Dadam yanada mehribon bo‘lib qolgan. Bizni urushmaydi, sizni ko‘p yodlaydi. Ko‘p duo qiladi.

Xayrulla HAMIDOV.

Shunday insonlar borki onalarini qadriga yeta bilishmidi.
Ota-onaga yaxshilik qiladi, lekin minnatu zarda bilan qilgan yaxshiligini yuvib tashlaydi. Ular o‘lgach qabrlari ustini betonlab, marmar tosh bilan bezatib qo‘yadi va buni o‘z yonidan qildirganini bildirib «Farzandlaridan yodgorlik», deb katta harflar bilan o‘yib yozib qo‘yadi. Shu bilan ota-onaga bo‘lgan yaxshilikka yakun yasaladi. Hushiga kelib qolsa yilda ikki marta hayit kunlari bir-bir eslab qo‘yadi, bo‘lmasa yo‘q. Solih farzandlardek besh mahal namozda Alloh taologa yolvorib duo qilmaydi. Tirikligida bir og'iz shirin so'zinga mushtoq bo'lib yashaganda, bir og'iz shirin so'z aytmagansanu endi o'lganida sani marmar toshini pishirib yeydimi. Ota-ona tiriklik paytida ularga yaxshilik qilmaydi. Ota-ona olamdan o‘tgach boshi devorga urilib ko‘zi ochiladi. Ota-ona qadriga ular o‘lganidan keyin yetadi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  23 Sentyabr 2009, 08:46:15

Ayajon, bizni tashlab qayoqqa ketdingiz?! Ko‘zimizni jiqqa yoshga to‘ldirib qayon ketdingiz?! Siz ko‘mildingizu, siz bilan birga mehringiz ham ko‘mildi. Sizdan judo bo‘lganimizdan keyin shirin so‘z, yoqimli alla, toza kiyim, totli taomdan ham judo bo‘ldik. Ko‘ylagim ozgina kir bo‘lsa, darrov tozasini kiygizib qo‘yar edingiz, hozir ko‘ylagimning kirligidan o‘rtoqlarim ustimdan kuladigan bo‘lgan. Noiloj o‘zim kir yuvishni o‘rgandim.
Sizdan keyin uyimizga boshqa bir xotin keldi. Kichkina o‘g‘li ham bor ekan. Kelganining ertasiga siz suyadigan tuvakdagi gullarni olib chiqib axlatga tashlab yubordi.

— Xola, bu gulga ayam har kuni suv quyar edilar. Ayajonim bu gulni yaxshi ko‘rar edilar. Axlatga tashlamang, — dedim.

— Ayajoningiz yaxshi ko‘rgan bo‘lsalar, men yomon ko‘raman, tushundingizmi? Bu uyda ayangiz emas, men xo‘jayinman, — dedi.

Dadamga qaradim. Dadam yuzini olib qochdi. Ertasi kuni qarasam, siz suyib kiyadigan ko‘ylagingizni olib, paqirga soldi. Ayam kirni bu paqirda yuvmasdilar, degani qo‘rqdim. Nima qilarkan, deb kutdim. Paqirga suv to‘ldirib singlimga berdi.

— Fotima! Mana bu lattani olib oshxonaning polini yuvib chiq, — deb buyurdi.

— Bu latta emas, ayajonimni ko‘ylagi. Fotima pol yuvishni bilmaydi, u hali kichik, men pol yuvaman, — dedim.

— Huv tirrancha, ko‘p valdirama! Senga hali boshqa ish bor. Ayangni ko‘ylagi pollattadan boshqa narsaga yaramaydi, — deb ko‘ylagingizni suvga botirib-botirib Fotimaning oldiga otdi.

— Tezroq bo‘l, bo‘lmasa kechagi kaltakdan yana yeysan, — dedi.

Keyin bilsam, kecha Fotimani rosa urgan ekan. Fotima qo‘rqoq bo‘lib qolgan. O’lganingizdan keyin kulgani yo‘q. O’lganingizdan beri uning sochini hech kim tuzukroq yuvganini bilmayman.
Fotima oshxonani polini arta boshladi. Men hovli supurishga tushdim. Avvallari sizga ko‘mak bermaganimni o‘ylab, yuragim ezilib ketdi. Eshik ochilib dadam kirib keldi. Qo‘lida sumka bor edi. Haligi xotin tirjayib kelib dadamning ko‘lidan sumkasini oldi. Hammalari siz o‘tiradigan uyga kirib ketishdi. Sizdan keyin u uyga biz kirganimiz yo‘q. Fotimaning karavotida haligi xotinning bolasi yotadi. Fotima esa men bilan.
Bir oz muddatdan keyin uy ichidan kulgi ovozlari eshitildi. Uzoq kulgidan keyin haligi xotinning o‘g‘li ichkaridan chiqdi. Bir qo‘lida «marojniy» ikkinchi qo‘lida «pechene». Fotimaga qaradim. Engashib pol yuvyapti.
Siz doim: «mana buni yeb olsang polvon bo‘lasan», deb ovqat yedirar edingiz. Fotimani yonginangizga o‘tirg‘izib ovqatlantirardingiz. Hozir Fotima ikkimiz alohida o‘tiramiz. Dadam, yangi xotin va uning o‘g‘li alohida o‘tirishadi.
Ayajon, qachon qaytasiz?! Ayajon qachon bizni olib ketasiz?!

Xayrulla HAMIDOV.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  23 Sentyabr 2009, 09:03:12

Ota-ona tiriklik paytida ularga yaxshilik qilmaydi. Ota-ona olamdan o‘tgach boshi devorga urilib ko‘zi ochiladi. Ota-ona qadriga ular o‘lganidan keyin yetadi.
Ibn Javziy o‘tmishda bo‘lib o‘tgan bir voqeani hikoya qilib deydi:
«Haj mahalda bir solih kishi Ka’ba atrofida tavof qilayotgan hisobsiz hojilarni ko‘rib: «bulardan qaysi birining haji qabul bo‘ldi-yu, qaysi biriniki qabul bo‘lmadi ekan», deb xayolidan o‘tkazibdi. Kech kirib bu odam uyquga ketadi. Tushida «falonchining oldiga bor, u haji maqbullardan», degan ovozni eshitibdi. Tushida nomini eshitgan kishini Makka bo‘ylab qidara boshlaydi. «Siz izlayotgan kishi hobgohda yotmaydilar. U kishini doim ibodatda topasiz», deyishdi unga. Qidira-qidira, oxiri u kishini topibdi. Salom alikdan keyin bor gapni unga aytib beradi. Ma’yus va mahzun ko‘ringan bu obid yuziga tabassum kiradi. Va o‘z qissasini so‘zlab beradi:
«Qirq yildan beri ko‘zimdan yosh tinmaydi, yig‘lab ibodat qilaman, har yili hajga ehrom bog‘layman. Buning sababi bor. Bundan 40 yil muqaddam ramazon oyida uyga mast bo‘lib kirib keldim. Shunchalar ko‘p ichgan ekanmanki, oyoqda turolmay qolibman. Zo‘rg‘a uyga yetib keldim. Nima deb valjirayotganimni o‘zim bilmayman. Eshikni ochib hovliga kirdim. Xotinim non yopmoqchi bo‘lib tandirga o‘t qalayotgan ekan. Meni mast holatda ko‘rib: «voy sho‘rim, Ramazonda ham ichasizmi?! Ichkari uyga kiring, qo‘ni-qo‘shni ko‘rmasin, izza bo‘lmaylik», deb meni ichkariga tortdi. G’azabim keldi. «Qo‘lingni tort! Yo‘qol ko‘zimdan!» deb baqirdim. U meni ichkariga kirgizmoqchi bo‘ldi. Men uni o‘lguday do‘pposladim. Qiy-chuvni eshitib onam yugurib chiqdi. Boshida namoz o‘qiganda o‘raydigan katta ro‘moli, qo‘lida tasbeh. Onam qarib kichkina bo‘lib qolgan edi. O’zi ozg‘in, ro‘za ichi yanada ozib ketgan. «Ichdingmi, Ramazonda ham ichasanmi?! Yo‘ldan urgan o‘rtoqlaring o‘lsin, Ramazonda kayf qilmay o‘l,» deb qarg‘ay ketdi. «O’zing o‘l!» deb onamni shartta ko‘tarib lovillab yonayotgan tandir ichiga otdim. Tandir og‘zini berkitib qo‘ydim. Xotinimni ichkari uyga qulflab qo‘yganman, onamni tandir ichiga tiqib yubordim, o‘zimni esa uyqu elita boshladi. Ertasiga uyg‘ondim. Xotinim yig‘layverib ko‘zi shishib ketibdi. Ustiga qora kiyim kiyib olgan.
— Tinchlikmi, nega yig‘layapsan? Onam qanilar? — dedim.
— Onangizni qaerdaligini bilmaysizmi?! — dedi.
— Yo‘q, bilmayman. Onajonim qanilar? Aya, huv aya, — deb ayam o‘tiradigan uy tomonga qarab baqirdim. Xayolimda onam ichkaridan turib, hozir bolam, ikki rakat sunnat o‘qib olay chiqaman, degandek bo‘ldi.
— Kecha mast holda kelib onajonimni tandirga tashladingiz-ku. Namozxonim, duoxonimni o‘ldirib qo‘ydingiz-ku!!!
Yuragim urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. «Yolg‘on!» deb qichqirib yubordim. Onamning uyiga chopdim. Joynamozi soliq, Qur’oni ochiq, demak onam shu o‘rtada. Uzoqqa ketsa Qur’onni yopib ketadi. «Aya! Aya-yu!» dedim. Javob bo‘lmadi. Tandir yoniga chopib keldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki tandir ostida onamning ro‘moli va tasbehi yotardi.
Aroq insonni ne ko‘ylarga solmaydi-ya?! Goh sher bo‘lib na’ra tortasan, goh qush bo‘lib sayraysan, goh maymundek sakraysan, goh to‘ng‘iz, goh... Xullas, shakl ham, shamoyil ham odamiylikdan chiqib ketadi...
Shundan beri ko‘zimdan yosh tinmaydi. 40 yil bo‘ldiki, tavba-tazarru qilaman. Hajga boraman. Onam uchun haj qilaman, haqlariga erta-kech duo qilib, istig‘forlar aytaman, onam nomidan sadaqotlar beraman. Xullas, onamga yetadigan savob yo‘llarini izlayman».

Xayrulla HAMIDOV.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  29 Sentyabr 2009, 16:18:31

Ota — onalar bu islomiy farzandlar ham boy berilyabdi. Bular ikki o’t orasida qolgan bir tomondan g’arb madaniyati va zamonaviyligi, ikkinchi tomondan bid’at ishlar. Bu avlod yo’lini yo’qotgan yolg’iz qolgan ularga sohib va homiy kerak. Ular iymon bilan kufrning o’rtasida turibdi. Ertaroq harakat qilmasangiz ularni boy berasiz, ular hur lekin aniq maqsadlari yo’q chunki ularning qalbida dinga nisbatan ishonch yo’q. G’arbning g’oyalari ahloqi va hayot tarzlari ham ularning tabiatiga  o’rnashmaydi. Bu avlod atrofidagi horlik zalolat va jaholatga qarshi kurashishda qalqon bo’la oladigan yo’lini yoritadigan bir aqidani qidirmoqda. Insoniylikni o’rgatadigan hurriyat va azizlikka yetaklaydigan bir manbaani izlamoqda. Agar islom uning bu istaklariga javob bera olishiga unga to’g’ri yo’lni kursata olishiga ishonsangiz,  ham islom uchun ham bu avlod uchun ham ohiratda yuzingiz yorug’ bo’lishi uchun harakat qilib qoling.

     Biz farzandlarimiz qalbiga kirish uchun harakat qilaylik. Bu yoshlar uchun fikriy ozuqalar tayyorlang ular bilan gaplashish uchun ularga ollohni, islomni, payg’ambar va quronni tanitish uchun yangi bir muomala uslubini hozirlang yangicha aloqalar o’rnating shunday usullarni topingki, qalblarini tub — tubigacha yetib borsin, islomiy uyg’onish va jonlanish uchun yangicha bir g’ayrat bilan ishga kirishing diniy xizmatlaringiz islomiy va zamonaviy asoslarga muvofiq bo’lsin. Niyatingizni holis qiling Insholloh natijasini ko’rgaysiz aks holda farzandlaringiz o’zinggizga hasrat bo’ladi. Bu avlodni qo’ldan boy berib qo’yasiz fursat o’tib boryabdi har laxza g’animat o’zinggizga yetkazilgan dinni farzandlaringizga ham yetkazishingiz kerak hali nimadir qilish qo’lingizdan keladi harakat qiling bu avlodni qutqarish uchun butun vujudingiz bilan g’ayrat ko’rsating.

Bismillahi rohmanir rohiym.   Mehribon va rahmli olloh nomi ila.

Quyosh uralib nursizlanib qolganida, yulduzlar ham o’z falaklaridan to’kilganida, tog’lar ham o’z joylaridan jildirilganida, qornidagi bolasi 10 oylik bug’oz tuyalar ham bo’sh qo’yib yuborilganida, vahshiy hayvonlar ham bir joyga to’planib qolganida, denggizlar tandir kabi qizitilganida, suv o’rniga olov bilan to’lganida, jonlar qaytadan badanlariga juftlanganida, tiriklayin ko’milgan har bir qizdan qanday gunox sababli o’ldirilganini suralganida, nomayi amol sahifalari ochilganida, osmon yerning ustidan sidirib tashlanganida, duzax kofirlar uchun lovillab yoqilganida, jannat taqvodor zotlarga yaqin qilinganida, ana usha kunda har bir jon o’zi mana shu kun uchun hozirlab kelgan narsani ya’ni barcha yaxshi — yomon amallarni bilur.

Ey meni mehribon onajonim

Yoshligimda qiynalib voyaga yetkazgan onajonim
Kasal bo’lgan chog’imda boshimda bo’lgan onajonim
Siz bizni qanchalar asrab avaylab parvarish qildingiz onajonim
Qornimiz och bolganda non topib kelib yegin bolam degan onajonim

Dadam yo’qliklarini bildirmagan mening mehribon onajonim
Siz bo’lmasangiz ahvolimiz nima bo’lardi onajonim
Kechqunlari boshimizda bedor o’tirib chiqqan onajonim
Biz uchun tongdi qorong’u, qorong’uni tong qilgan onajonim

Bizlarga Ollohning oyatlarini o’qib nasixat qilgan onajonim
Payg’ambarimizning sunnatlariga ergashishlikka buyurgan onajonim
Kechqurunlari alla aytib emas, Quron tilovat qilib uxlatgan onajonim
Siz mehribonsiz bizga qanchalar, qadringgizga yetaylik ey onajonim

Siz tiriksiz bizning baxtimiz bu mehribon onajonim
Siz bo’lmasangiz bu dunyo biz uchun zulmatdur onajonim
Payg’ambarimizning haqiqiy ummatlari qilib tarbiyalagan onajonim
Maqsadimiz sizni bu dunyoda rozi qilish mehribon onajonim

Muallif G’aniev Jamshidjon

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  29 Sentyabr 2009, 17:29:11

Dunyoda juda ko‘p soha bor. Ularni bir-bir sanaydigan bo‘lsak, haddan tashqari ko‘p vaqt ketadi. Aytish mumkinki, kimgadir shu ish yuklatiladigan bo‘lsa, u ham yangi soha vakiliga aylanib qoladi. Sohalarni hisoblovchi soha! Chiroyli nom-a!
Yo‘q, men hazillashmayapman, chindan-da sohalar borgan sari ko‘payib bormoqda.
Har bir soha vakili o‘z ishini kuzatayotgan paytda istasin-istamasin boshqa insonlar singari oddiy tomoshabin bo‘lib tura olmaydi. Oddiy misol keltiradigan bo‘lsak, rejissyorlik sohasi. Ba’zi rejissyor do‘stlarimiz bilan futbol ko‘rganimizda, men ularning futbol o‘yinini kuzatishlarini kuzatardim. Chunki ular boshqalarga o‘xshab xavfli vaziyat vujudga kelsa hayqirib yuborishmaydi, balki hamma xotirjam o‘tirganda, to‘p maydon markazida ketayotganda "ah" deb qo‘yishadi. Hamma televizorga nigoh qadaydi: "Ha, nima bo‘ldi, gol bo‘ldimi?" Rejissyor do‘stimiz esa: "Yo‘q, noto‘g‘ri plan ketib qoldi", deb javob beradi. Bu so‘zni ozgina tushuntiradigan bo‘lsam, stadionga 8 tadan ziyod kamera o‘rnatiladi. Ularning hammasi bir paytda o‘yinni suratga tushirib turadi, ammo translyatsiya rejissyori eng kerakli vaziyatni ifoda etayotgan kadrni taqdim etadi. Ya’ni, o‘sha kameralardan bitta yaxlit ko‘rsatuv tayyorlaydi. Buni biz bilganimiz uchun indamay qo‘yamiz, ammo o‘sha paytda rejissyor do‘stimga ich-ichimdan achina boshlayman:" Odamga o‘xshab ko‘rolmaydi-ya futbolni!"
Turli filmlarni tomosha qilayotganimizda ham shu manzara. Hamma kino ichidagi voqealarga sho‘ng‘ib ketsa, rejissyor do‘stimiz: "u kadr noto‘g‘ri, bu yerda boshqacha olish kerak edi, aktyorning ijrosi ishonchsiz chiqibdi" va shunga o‘xshash ichezishlar bilan tomosha qiladi. Ammo biron odam uni ayblamaydi. Chunki do‘stimiz futbolni ham, kinoni ham boshqacha, ya’ni muxlis bo‘lib tomosha qila olmaydi.
Yana shunga o‘xshash holat. Men bundan ikki yil muqaddam mamlakatimizning mashhur murabbiylaridan biri bilan futbol tomosha qilganman. O’zim u paytlari televidenieda sharhlovchi bo‘lib ishlaganim bois, ozgina bo‘lsa ham saviyalarimiz tenglashib qolgan deb o‘ylagan ekanman. Bechora murabbiy biron daqiqa bo‘lsin o‘yin ko‘rmadi. Faqat: "falonchi o‘ngga o‘tishi kerak, himoyada to‘rtta bolani qoldir, chap qanot oqsayapti, markazga falonchini darhol tushirish kerak" deyaverib charchadi. Oxiri undan so‘radim: "Siz futbolni har doim shunaqa tomosha qilasizmi?" Uning javobi oddiy bo‘ldi: "Biz murabbiylar futbolni tomosha qila olmaymiz, biz uchun maydondagi har bir futbolchi shaxmat donalari kabi ko‘rinadi. Ularni kerak joyga tezlik bilan qo‘ymasa, o‘yin boy berilishini ko‘rib turamiz. Sizlar u, kerak-nokerak joylarda "unaqa qilish kerak edi, bunaqa qilish kerak edi" deb qoladigan. Murabbiy agar futbolni muxlisga o‘xshab mazza qilib tomosha qilishni boshlasa, bilingki, u o‘sha kuni sohasini tashlabdi!"
Xullas, ikki inson siymosida futbolga bo‘lgan munosabatni ko‘rib chiqdik. Mushtarak bo‘ladigan joyi shuki, rejissyor o‘z sohasidagi kamchiliklarni ko‘radi, garchi bu paytda hamma kino yoki futbolni rohatlanib tomosha qilayotgan bo‘lsa ham. Murabbiy maydonni kuzatadi, uning ko‘zlariga hamma narsa shaxmat donalari bo‘lib ko‘rinadi. Demak, biron bir soha vakili bo‘lish kuzatuv jarayonida xalqqa tanish bo‘lmagan g‘alati holatlarni olib kelishi mumkin ekan.
Nima uchun aynan mana shu soha vakillaridan misol keltirayotganimizni payqamagan bo‘lsangiz kerak. Dunyoda yana bir soha borki, uni shu paytga qadar biron bir kishi soha deb atamagan. Biroq, u asrlarni yelkasida ko‘tarib, insoniyat bilan hamohang yashab kelmoqda. Bu DILOZORLIK sohasi! Ha, hayron bo‘lmang, shunaqa soha bor. Mazkur soha vakillari rejissyor do‘stimga va men bilan futbol tomosha qilgan murabbiyga juda-juda o‘xshab ketishadi. Faqat ularning vazifasi kino yo futboldagi kamchiliklarni ilg‘ash emas. Ular shu kecha-kunduzda yashayotgan odamlar orasida yurib, ularning xatti-harakatlarini kuzatib, ayblarini topish bilan kun kechirishadi. Va aybu kamchiliklarini yuzlariga solishadi. Dilozorlik qilishadi. Ularning dilozorliklari shu qadar ajibki, rejissyor do‘stim hech qanday hujum bo‘lmaganda "ah" deb, hammani o‘ziga qaratgani singari, ular hamma xotirjam yashayotgan bir alfozda dod solishga odalanishgan. Oila ishlari endi-endi iziga tushdi, deganda, hamma yoqni ostin-ustun qilib yuborishadi. Murabbiy akamiz futbolchilarni shaxmat donalari kabi kuzatgani singari, ular ham odamlarni quruq bir yog‘och deb biladilar. Istagan paytda DILLARga tosh otib qolishadi. Buni ular bemalol amalga oshirishadi. Hatto pinaklari ham buzilmaydi bu ishni qilishayotganda, tavba! Chunki ular DILOZORLIK sohasining ota-bobolaridan meros bo‘lib kelayotgan katta silsilaning navbatdagi vakillari hisoblanishadi. Azizlar, g‘irt bekorchi qolib ketsak, shu soha vakili bo‘lib qolishdan Yaratganning O’zi asrasin! So‘nggi sahifamizda «Dilozorlik sohasining rangli ko‘rinishlaridan bahra olishingiz mumkin, marhamat!

Xayrullo HAMIDOV.


Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  01 Oktyabr 2009, 16:23:47

Qadim zamonda ikki aka-uka yashardi. Akasi boy va xasis bo‘lib, ukasi esa juda saxiy va odil ekan. Ukaning bir parcha yeri va bir sigiri bo‘lib, xotini va farzandi bilan tinch-totuv yasharkan. Aka esa boyligini qizg‘angani bois hatto uylanmagandi. 

Bir kuni ukaning xotini sigirini sog‘ib tursa, sal narida turgan go‘dagi birdaniga yig‘lab yuboribdi. Ona shoshgancha bolasiga oshiqibdi. Bolani ko‘tarib, sut sog‘ilgan chelakni olgani sigirning yoniga kelibdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, chelakdagi sutni bir katta ilon ichayotgan emish.

Yaqin atrofda ishlayotgan er ilonni ko‘rib, ayolga «Yaqinlashma!» degan ishorani qilibdi. Birozdan so‘ng ilon sutni ichib, o‘z yo‘liga ravona bo‘libdi. Chelakni olgani borgan ayol uning tagida yotgan oltinni ko‘ribdi. Shu kundan boshlab er-xotin sigirni sog‘ib, chelakni shu joyda qoldiradigan bo‘lishibdi. Ilon ham har kuni chiqib, sutni ichib, o‘rniga oltin tanga tashlab ketarkan. Maxluqotga qilingan saxiylik o‘z natijasini berib, dehqon asta-sekin boyib keta boshlabdi. Buni ko‘rgan aka ichidan zil ketibdi. Hasadgo‘ylik, xasislik, ochko‘zlik balosi uning uyqusini qochiribdi. Qanday bo‘lmasin, bu sirning tagiga yetishga ahd qilibdi. Ukasiga o‘zini do‘st ko‘rsatib, uni aldab ayyorlik bilan boyish sababini so‘rabdi. Sodda uka ham akasiga bo‘layotgan voqealarni aytib beribdi.

Kunlarning birida dehqonning xotini sigirni sog‘ib, chelak to‘la sutni ilon yo‘liga qo‘yibdi. Buni poylab turgan aka tez chiqib, kelinini bir yumush bilan uzoqroqqa jo‘natibdi. O‘zi esa o‘tkir bolta olib ilonni poylay boshlabdi. Hech qancha o‘tmay maysalar orasida ilon ko‘rinibdi. Jonivor har kungiday xotirjam sutni icha boshlabdi. Boy aka paytdan foydalanib, ilonning dumiga bolta urmoqchi bo‘lganda ilon chap berib, boyning o‘zini chaqib o‘ldiribdi va bir qarich dumini qoldirgancha, o‘z uyiga ravona bo‘libdi.

Dehqon uyiga qaytgach, o‘lib yotgan akasi va bir qarich dumni ko‘rib, bo‘lib o‘tgan voqeani tushunibdi. Yig‘lab-yig‘lab akasini ko‘mib kelibdi.

Oradan bir oy o‘tibdi. Dehqon bilan xotini yana chelakka sut to‘ldirib ilonning yo‘liga qo‘yib qo‘yishni davom ettirishibdi. Ammo ilondan darak bo‘lmabdi. Noiloj qolgan dehqon ilon yashaydigan g‘orga borib:

— Ey, ilon! Sen bilan do‘st edik-ku, sening oltining ham kerak emas, senga sut to‘la chelak va biz intizormiz, — debdi.

Ichkaridan ilonning ovozi eshitilibdi:

— E, inson! Sen oqko‘ngil va saxiysan. Sen bergan sutingga, men esa bergan oltinimga rozi bo‘laylik. Senda akang firoqi, menda esa dumim alami bor. Senga dushmanligim yo‘q. Akangning ochko‘zligi boshiga yetdi va bizning do‘stligimizga nuqta qo‘ydi. Endi biz do‘st bo‘lolmaymiz, — debdi.

Qissadan hissa: Aziz yurtdoshim, bu dunyo sizdan ham, bizdan ham qolar. Shunday ekan, birovga hasad qilib yashashga ne hojat? Hasadgo‘y va baxil odamning yashagan umrida baraka bo‘lmaydi. Ochko‘z bo‘lib yashayotganlarning holiga voy. Axir, ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deyishadi. "œHavas qiling, havas qilgudek bo‘lasiz", deyiladi hadisi sharifda. Hamisha bir-birimizga mehru muhabbat sog‘inib yashaylik.  


Qayd etilgan