Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295602 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 39 B


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:14:26

Ya’ni, shirk qabih amal va yaqqol zulmdir, bir narsani o‘z o‘rnidan boshqa o‘ringa qo‘yish, haqqini poymol qilishdir. Kimki yaratuvchi bilan yaralmish — maxluqni, iloh bilan but-sanamni barobar deb bilsa, shak-shubhasiz, u aqlsiz, ahmoqdir. «Zolim» deb nomlanishga, hayvonlar qatorida sanalishga loyiqdir.

«Albatta, kimda-kim Allohga shirk keltirsa, Alloh unga jannatni harom qilur».
Kimki Allohdan boshqani iloh deb e’tiqod qilsa, hech qachon jannatga kirmaydi, degan ma’nolarni uqib olish mumkin. Chunki jannat Allohni bir deb biluvchi muvahhidlar makonidir.

«...uning borar joyi do‘zaxdir. Zulm qilguvchilar uchun biron yordamchi bo‘lmas» (Moida surasi, 72).
Ya’ni, uning uchun Allohning azobidan qutqaruvchi ham, yordamchi ham bo‘lmas. Bu haqda ko‘plab oyatlar mavjud.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:15:00

Kimki Allohga iymon keltirib, mo‘min holida vafot etsa, garchi do‘zaxda gunohiga yarasha azoblansa-da, aniq jannatiy bo‘lganidek, Allohga shirk keltirib mushrik holida o‘lgan kimsa, shak-shubhasiz do‘zaxiydir.

Buxoriy va Muslim rivoyatida kelgan hadisi nabaviyyada shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalari haqida xabar beraymi?» deb uch bor so‘radilar. Biz: «Ha», dedik. «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish», dedilar. Suyangan holda edilar, shundan so‘ng o‘tirib oldilar-da: «Ogoh bo‘linglar, yolg‘on gapirish va yolg‘on guvohlik berish», deya takrorlayverdilar. Hattoki, biz qaniydi, sukut qilsalar, dedik» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Halok etuvchi yettita gunohdan saqlaninglar», dedilar-da, birinchi navbatda Allohga shirk keltirishni zikr qildilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ey Ibn Xattob, bor, odamlarga «jannatga faqatgina mo‘minlar kiradi», deb jar sol» (Muslim, Ahmad rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:15:21

Foyda

Insonlarning ko‘p so‘zlari ulamolar nazdida kufrdir. Masalan, Alloh ismlaridan birortasini, yo buyrug‘ini, yo va’dasini yoki tahdidini masxara qilish. «Agar Alloh menga falon ishni buyurganida, qilmasdim», «Agar qibla manovi tarafda bo‘lganida, u yoqqa qarab namoz o‘qimasdim» kabi, yoki «Namozni tark etmagin, bo‘lmasa Alloh jazolaydi», deyilsa, «Shunchalik qiyin ahvolda va kasal bo‘lsam ham jazolaydigan bo‘lsa, unda menga zulm qilibdi», deyish. «Agar menga falon narsa haqida payg‘ambarlar-u farishtalar guvohlik berganida ham tasdiqlamasdim», «Falonchi nazarimda yahudiyga o‘xshaydi», «Alloh insof-adolat qilish uchun turdi yoki o‘tirdi», «Agar payg‘ambar aytgani rost bo‘lsa, najot topibmiz», kabi so‘zlarni aytish. Boshiga musibat tushganida: «Bolamni va molimni olding, o‘zi nima qilyapsan?» deb dod solish. Janoza namozidan boshqa namozni mazax qilgan yoki mumkin deb bilgan holda betahorat o‘qish. Ikki kishi tortishib qolib, ulardan biri: «La havla va la quvvata illa billah», deganida ikkinchisi: «La havla va la quvvata illa billah» degan bilan qorin to‘ymaydi», deyishi. Muazzinning azonini eshitganda: «U yolg‘on gapiryapti» deyish. «Alloh taolo odam o‘ldirish, zino, zulm kabi hech bir zamonda halol bo‘lmagan ishni harom qilmaganida edi», deb orzu qilish. «Iymon nima» deb so‘ralganida «Bilmadim», deyish.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:15:32

Yana ayrim so‘zlar borki, ular aniq kufr kalimasi bo‘lmasa-da, harom bo‘lib, aytgan kishi kofir bo‘lib qolishi ehtimoli bor. Masalan, «Tirnoqlaringni olib yur. Bu sunnat» deyilganda, «Sunnat bo‘lsayam olmayman», deyish. Musulmonga: «Alloh oqibatingni xayrlik qilmasin» yoki «Iymoningdan judo qilsin», deyish. Bir kishidan qasam ichishni talab etsa-yu, u Alloh nomiga qasam ichmoqchi bo‘lganida, «Xotinim taloq bo‘lsin», deb qasam ichishini talab etish. Bir kishiga: «Seni ko‘rsam, o‘limni ko‘rganday bo‘laman», deyish. Bir joyga matosini qo‘yib: «Uni Allohga topshirdim», degan kishini «Matoingni o‘g‘riga ergashib yurmaydigan (ya’ni, o‘g‘rini tutib bermaydigan) zotga topshirdingmi?» deyish. Bir kishi teparoq joyga imom-xatibga o‘xshab o‘tirib olsa-yu, boshqalar undan turli masalalarni so‘rashsa, (bu bilan ulamolarni masxara qilmoqchi bo‘lsa) yoki birontasi «Bir kosa sho‘rva ilmdan yaxshiroq», desa. Bir kishining beliga arqon orqalab olganini ko‘rib «Bu nima?» deb so‘rashganida, «Zunnor», deyishi.

Muallimning: «Yahudiylar musulmonlardan yaxshiroq, chunki ular farzandlarimizning ustozlariga ehson qilib turadilar», deyishi. «Nasroniylik majusiylikdan yaxshiroq» deyish.
Musulmonga qarata: «Dinsiz, iymonsiz, e’tiqodsiz. Sen fojirsan, fosiqsan, munofiqsan», deyish.
Alloh taolodan bizni Kitob va sunnatga amal qilgan holimizda vafot ettirishini so‘raymiz.
Albatta, u rahmlilarning rahmlirog‘idir!

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:21:21

Ikkinchi gunohi kabira
RIYO

Alloh taolo munofiqlar haqida xabar bera turib: «Insonlarga riyo qiladilar», deydi. Ya’ni, ularning namoz o‘qishdan ko‘zlagan maqsadlari — Allohning yuzi emas, balki odamlar ko‘rib, eshitishlari — xo‘jako‘rsin uchundir.
«Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar. — Holbuki, Alloh ularni «aldab» qo‘yguvchidir.— Va ular qachon namozga tursalar dangasalik bilan, odamlar ko‘rsin, deb turadilar va Allohni kamdan-kam eslaydilar» (Niso surasi, 142).

«Namozlarini «unutib» qo‘yadigan «namozxon»larga vayl bo‘lsin» (Mo’un surasi, 4-oyat). Namozlariga beparvo, yengiltaklik qilib uni o‘z vaqtidan kechiktirib o‘qiydigan kimsalarga halokat, azob bo‘lsin. «... ular riyokorlik qiladigan kimsalardir». Ular odamlar ko‘z o‘ngida «solih» deb aytishlari uchun namoz o‘qiydilar, «taqvodor» deb nom qozonish uchun xushu’li va huzu’li bo‘lib ko‘rinadilar va «saxiy» degan nom olish uchun ehson-sadaqa qiladilar. Ularning har bir amallari riyo va nom qozonish uchundir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:22:23

«Bas, namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar bo‘lgan «namozxon»larga halokat bo‘lgayki; Ular riyokorlik qiladigan va ro‘zg‘or buyumlarini ham (kishilardan) man’ qiladigan (ya’ni, biron kishiga foydalari tegmaydigan) kimsalardir!» (Mo’un surasi, 4-7).
Odamlarga kundalik ro‘zg‘or buyumlari — bolta, arra, igna, qozon kabi narsalarni ham berib turmaydilar.

«Ey mo‘minlar, molini odamlarga ko‘rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang...» (Baqara surasi, 264).
Ya’ni, riyokor riyo qilgani sababli infoq-ehsonlarini yo‘qqa chiqargani singari, sizlar ham minnat va ozor bilan qilgan sadaqotlaringiz ajridan mahrum bo‘lib qolmang, deyilmoqda.

«Bas, kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda (riyokorlik bilan) biron kimsani (Unga) sherik qilmasin! (Ya’ni, qiladigan barcha amallarini Yolg‘iz Alloh uchun qilsin)» (Kahf surasi, 110).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:22:45

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida birinchi bo‘lib hukm (hisob-kitob) qilinadigan kimsa — shahid kishi. Uni keltirishadi, so‘ng Alloh taolo unga ne’matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb so‘raydi. «Sening yo‘lingda jang qildim, hattoki shahid bo‘ldim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen «falonchi jur’atli» deb aytishlari uchun jang qilding. Sen istagan narsa aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi. Keyin ilm o‘rganib, o‘rgatgan va Qur’on o‘qigan kishini keltirishadi. Alloh taolo unga ne’matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb so‘raydi undan. «Sen uchun ilm o‘rganib, uni (boshqalarga) o‘rgatdim va Qur’on o‘qidim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen olim, deb aytishlari uchun ilm o‘rganding va qori deb aytishlari uchun Qur’on o‘qiding. Bu gap aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi. Keyin Alloh rizqini keng qilib qo‘ygan, turli tuman mol-dunyo ato etgan kishini keltiradilar. Alloh taolo unga ne’matlarini tanitadi, u tan oladi. «Bular evaziga nima qilding?» deb so‘raydi. «Sen infoq-ehson qilinishini yaxshi ko‘rgan biror yo‘lni qoldirmasdan Sen uchun infoq qildim», deydi. «Yolg‘on aytding, sen saxiy, deb aytishlari uchun shunday qilding. Bu narsa aytildi», deydi. So‘ng buyuradi va u yuzi bilan sudralib, do‘zaxga uloqtiriladi» (Muslim, Nasoiy va boshqalar rivoyat qilishgan).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Riyoning ozginasi ham shirkdir!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:22:52

Yana: «Sizlar xususingizda qo‘rqadigan narsalarimning eng qo‘rqinchlisi kichkina shirk», dedilar. «Kichkina shirk nima?» deyishdi. «Riyo» dedilar.

Yana: «Insonlar amallariga yarasha jazo-mukofot olgan vaqtida Alloh taolo (riyokorlarga): «Dunyoda kimlar uchun riyo qilgan bo‘lsangiz, o‘shalarga boringlar. Qaranglar-chi, ularning huzurida biron mukofot toparmikansiz?!» deydi», deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Alloh taolo: «Men sheriklarning shirkdan behojatrog‘iman. Kimki Men uchun biron amalni qilsa, unda boshqani Menga sherik qilsa, Men undan behojatman. U o‘sha «sherik» uchundir», dedi» (Ibn Moja rivoyati).

Yana aytadilar: «Kimki (odamlar) eshitsin desa, Alloh eshittirib qo‘yadi va (odamlar) ko‘rsin desa, Alloh ko‘rsatib qo‘yadi» (Muttafaqun alayh).

Ya’ni, kimki odamlar ko‘rishi yoki eshitishi uchun biron amalni qilsa, qiyomat kunida Alloh taolo uning buzuq niyatini fosh etadi va guvohlar huzurida sharmanda qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:22:59

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ko‘p ro‘zadorlar borki, ularning ro‘zasidan oladigan «ulush»lari faqat ochlik va tashnalikdir, ko‘plab kechalari qoim bo‘luvchilar borki, ularning qoimlikdan oladigan «ulush»lari faqat bedorlik, xolos» (Tabaroniy rivoyati).

Ya’ni, agar namoz va ro‘za Alloh taoloning roziligi uchun bo‘lmas ekan, unga savobi berilmaydi.

Ba’zi hukamolar aytishgan ekan: «Riyo va sum’a (odamlar eshitishi) uchun amal qilgan kimsa hamyonini toshlar bilan to‘ldirib olgan kishiga o‘xshaydi. U bozorga bir narsa sotib olish uchun kirib, sotuvchining oldida hamyonini ochsa, ichi to‘la tosh bo‘ladi va sotuvchi toshlarni uning yuziga otadi. Insonlarning: «Hamyoni juda to‘la ekanmi?» degan so‘zlaridan boshqa unga hech bir manfaat yo‘q va unga hech vaqo berilmaydi».

Xuddi shunga o‘xshab riyo va odamlar eshitsin, deb qilingan amallardan zarracha foyda yo‘q, oxiratda unga savob ham berilmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:23:17

«(Zotan), Biz ular qilgan har bir (yaxshi) amalga kelib, uni sochilgan to‘zon (kabi) qilib qo‘ygandirmiz» (Furqon surasi, 23).

Ya’ni, Allohning roziligidan boshqa narsa uchun qilgan amallarini savobsiz qoldiramiz va ularni quyosh nurida ko‘rinadigan g‘ubor kabi qilib qo‘yamiz, deyilmoqda.

Adiy ibn Xotim roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir toifa odamlarni do‘zaxdan jannatga olib borish buyuriladi. Ular jannatga yaqinlashib, uning bo‘ylarini hidlab, undagi qasrlar va Alloh jannat ahli uchun hozirlab qo‘ygan narsalarni ko‘rishgach, «Ularni jannatdan burib yuboringlar, u yerda ularga nasiba yo‘q», deb nido qilinadi. Shunda ular: «Parvardigoro, bizga jannatingni va u yerda do‘stlaring uchun hozirlab qo‘ygan narsalaringni (noz-ne’matlaringni) ko‘rsatmasdan turib do‘zaxga kiritganingda, bizga osonroq bo‘lardi», deyishadi. «Men sizlarga shuni iroda qildim, — deydi. — Chunki sizlar yolg‘iz qolganingizda, ulkan gunohlar bilan Menga qarshi chiqdingiz va odamlarga yo‘liqsangiz, ularga itoatkor — taqvodor bo‘lib ko‘rindingiz. Insonlarga qalbingizdan Men uchun bergan narsalaringizning teskarisini ko‘rsatdingiz. Odamlardan qo‘rqdingiz, Mendan qo‘rqmadingiz. Odamlarni ulug‘ladingiz, Meni ulug‘lamadingiz. Odamlarni deb (biron gunoh ishni) tark etdingiz, Men uchun tark etmadingiz. Mana bugun sizlarni savobdan mahrum etganimdek, alamli azobga giriftor qilaman».

Qayd etilgan