Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295617 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 39 B


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:37:49

«Bas, Biz o‘zini ham, hovli joyini ham (erga) yutdirdik» oyati karimasining sharhida shunday deyiladi: «Qorun fohishani Muso alayhissalomga tuhmat qilishga buyurgach, Muso alayhissalom darg‘azab bo‘ldilar va Qorunni duoibad qildilar. Shunda Alloh taolo: «Men yerga senga itoat etishni buyurdim. Bas, unga buyur», deb vahiy qildi. Muso alayhissalom: «Ey yer, uni yut», dedi. Yer uni yutib yubordi. Qorun buni ko‘rgach, Muso alayhissalomdan rahm qilishni o‘tinib, yolvora boshladi. U zot: «Ey yer, uni yut», degan edi, oyoqlarini yutib yubordi. Muso alayhissalom Qorunni butunlay yutib yuborgunigacha, «uni yutgin», deb buyuraverdi. Shunda Alloh taolo u zotga vahiy qildi: «Ey Muso, izzatim va ulug‘ligimga qasamki, agar Mendan yordam so‘raganida, unga najot berardim».

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdilarki, yer uni qa’riga yutib yubordi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:38:07

Samura ibn Jundub roziyallohu anhu aytdilarki, u tunu kun bo‘yi barobar yer tagigacha kirib ketaverdi.
Muqotil aytganlarki, Qorun halok bo‘lgach, Bani Isroil: «Muso uning hovlisi va hisob-kitobini o‘ziniki qilib olish uchun halok etdi», deb gap tarqatdi. Alloh uning hovlisi-yu, mol-dunyosini ham yerga yuttirib yubordi.

«So‘ng uning uchun Allohdan o‘zga yordam beradigan biron jamoat bo‘lmadi va uning o‘zi ham g‘oliblardan bo‘lmadi» (Qasos surasi, 81).
Ya’ni, hech kim uni Allohning balosidan qutqarolmadi.

Parvardigoro, gunohlarimiz zulmatini ma’rifat va hidoyating nuri ila nurafshon et. Bizni O‘zing iqbol etgan, Sendan boshqalarga yuz burmaydigan bandalaringdan ayla. Bizni, ota-onamizni va barcha mo‘minlarni mag‘firat qil. Omin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:41:09

Beshinchi gunohi kabira
MAKR VA ALDOV

Alloh taolo aytadi:

«Yomon makr-hiyla esa faqat o‘z egalarini o‘rab halok qilur» (Fotir surasi, 43).

Ya’ni, yomon makr-hiylaning kasofati makr qilgan, uyushtirgan kimsalarning o‘ziga uradi.
Alloh taolo munofiqlar haqida shunday deydi: «Albatta munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar. Holbuki, Alloh ularni «aldab» qo‘yguvchidir» (Niso surasi, 142).

Vohidiy aytganlarki, ular aldamoqchi bo‘lganlari uchun o‘zlariga yarasha muomala qilinadi. Ya’ni, xuddi mo‘minlarga berilgani singari ularga ham nur beriladi. Yo‘lga tushganlarida esa nurlari o‘chib qoladi-da, zulmatda qolib ketadilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Do‘zax ahli besh toifa», dedilar-da, ulardan biriga «tong otsa ham, kech kirsa ham seni ahli oilang va molu dunyoing borasida aldamoqchi bo‘ladigan kimsa», deb ta’rif berdilar (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:41:31

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Mo‘min sodda, ulug‘ bo‘ladi, fojir esa makkor, xor bo‘ladi» (Termiziy, Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni, mo‘min odam ochiqko‘ngil, sodda bo‘ladi. Birovga makr qilmaydi. Balki o‘zi ishonuvchan, ochiqko‘ngil bo‘lgani sababli aldanib qolishi mumkin. Fojir esa odamlar orasida fasod qo‘zg‘ab yuradigan aldoqchi bo‘ladi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Aldoqchi, minnatchi va baxil jannatga kirmaydi», dedilar» (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:44:29

Oltinchi gunohi kabira
ALLOHNING MAKR-SINOVIDAN XOTIRJAM BO‘LISH

Alloh taolo aytadi:

«Qachonki o‘zlariga berilgan narsalar bilan shod turganlarida, ularni to‘satdan (azob bilan) ushladik» (An’om surasi, 44).

Ya’ni, ularga o‘ylamagan taraflaridan azobimiz yetdi.

Hasan Basriy: «Alloh kimning rizqini keng qilib qo‘ygan bo‘lsa-yu, «Alloh menga makr qilyapti», deb bilmas ekan, u aqlsizdir. Kimga rizqini qatra-qatra qilib tor qilib qo‘ygan bo‘lsa-yu, «Alloh menga qarab turibdi», deb bilmas ekan, u ham aqlsizdir», deb so‘ng quyidagi: «Qachonki, o‘zlariga berilgan narsalar bilan shod turganlarida, ularni to‘satdan ushladik. Bas, butunlay noumid — mublis bo‘ldilar», oyatni o‘qigan edilar.

Yana aytdilar: «Ka’baning Rabbiga qasamki, qavmga makr qilishi ularga hojatlarini berishi va so‘ng ularni ushlashidir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:45:01

Mublis — falokatga uchragan paytda najot topishdan umidini uzgan kimsa.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Mublis barcha yaxshilikdan umidlarini uzgan kimsa», deganlar.

«Bilinglarki, shubhasiz, Alloh har bir kishi bilan uning qalbi o‘rtasini egallab turur va shubhasiz, sizlar Uning huzuriga to‘planursizlar» (Anfol surasi, 24).

Mujohid aytganlarki: «Buning ma’nosi, Alloh banda bilan uning aqli orasini egallab — to‘sib turadi. Hattoki, banda barmoqlari nima qilayotganini ham bilmay qoladi».

Tabaroniy: «Bu oyat Alloh taoloning bandalar qalbiga ularning o‘zlaridan ko‘ra molikroq ekanini, U agar xohlasa, banda bilan uning qalbi orasini egallab — to‘sib olishini va inson Allohning xohishi bilangina biron narsani idrok etishini xabar qiladi», deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:52:07

Sahih hadisda keladi: «Albatta, sizlardan bir kishi jannat ahli amallarini qiladi. Hattoki, u bilan jannat orasida bir ziro’ masofa qoladi. Shunda unga kitob (taqdir) yetib keladi-da, do‘zax ahli amalini qiladi va do‘zaxga kiradi» (Muttafaqun alayh).

«Jannat ahlining amalini qiladi», degani, insonlarga shunday ko‘rinadi. Aslida esa u amalning yashirin bir illati bo‘ladi. Agar u rostdan ham solih, maqbul amal bo‘lganida edi, Alloh uni yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan, uning amalini botil qilmagan bo‘lardi. Shuning uchun, oxiri nima bilan tugashini bilmasdan turib, amalning zohiri bilan g‘ururlanmaslik kerak. Chunki amallar xotimasi bilan e’tiborlidir.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘pincha: «Yo‘q, qalblarni o‘zgartiruvchi zotga qasamki», deb ont ichardilar» (Buxoriy rivoyati).

Sahl ibn Sa’d Saidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bir kishi do‘zax ahli amalini qiladi, holbuki, u jannat ahlidandir. Yana bir kishi jannat ahli amalini qiladi, holbuki, u do‘zax ahlidandir. Darhaqiqat, amallar xotimasi bilan e’tiborlidir» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:52:16

Ulamolar aytishganki, yomon xotima botinda gunoh qilishga odatlangan va kezi kelganda gunohi kabira qilishdan ham tap tortmaydigan kimsalarda uchraydi. Ammo kimki zohirda haq yo‘l uzra sobit qadam bo‘lsa va botinda ham gunoh qilishga odatlanmagan bo‘lsa, uning xotimasi yomon bo‘lishini hech qachon eshitmaganmiz, bilmaymiz ham. Buning uchun Allohga hamd bo‘lsin. Endi kimki gunoh ishlarini yaxshi ko‘rsa va gunoh qilib tavba qilmasdan yuraversa, u tavba qilib ulgurmasidan, ajali yetib qolishi mumkin. Mana shunday vaqtda shayton uni vasvasaga soladi va uni dahshat qamrab oladi-da, odamlarga uning badbaxt ekani ma’lum bo‘ladi. Bundan Allohning O‘zi saqlasin. Ayrim kishilar esa butun umri mobaynida haq yo‘lda mustaqim bo‘ladilar-da, ajallari yaqinlashgach, o‘zgarib, haq yo‘ldan og‘ib ketadilar. Bu ham xotimasi yomon, oqibati xunuk bo‘lishiga olib keladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey qablarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni diningda sobit-mustahkam qilgin», deb ko‘p aytardilar. Men: «Ey Rasululloh, sizga va siz keltirgan narsalarga iymon keltirdik. Shunda ham bizdan xavotirlanasizmi?» deb so‘radim. «Ha, chunki qalb Alloh taoloning ikki barmog‘i orasida bo‘lib, uni xohlaganicha o‘zgartiradi», dedilar» (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:52:24

Asarda kelganki, Iblisga makr qilingach, Jabroil va Mikoil yig‘lay boshlashdi. Shunda Alloh taolo ulardan: «Nima uchun yig‘layapsizlar?» deb so‘radi. Ular: «Parvardigoro, makr-sinovingizdan xotirjam bo‘lolmayapmiz», deyishgan edi, Alloh taolo: «Xuddi shunday bo‘lsin, makrimdan xotirjam bo‘lmanglar», dedi.

Ulamolar shunday deydilar: «Agar Alloh taolo gunoh qilishga mukkasidan ketgan bandasiga o‘zi sevgan narsalarini berayotganini ko‘rsang, bilginki, bu U Zot tarafidan bir makr-sinovdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 06:52:39

Hikoya: Rivoyat qilinadiki, Misrda namoz o‘qish va azon aytish uchun masjidga bog‘lanib qolgan bir kishi bor edi. U ibodatga berilgan, taqvodor edi. Kunlardan bir kuni odatdagidek azon aytish uchun minoraga chiqdi. Minoraning yonginasida zimmiy nasroniyning hovlisi bor edi. U hovliga ko‘z tashladi va nasroniyning qizini ko‘rib qoldi. U chiroyli qiz edi. Kishi o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va azonni tashlab, qizning oldiga tushdi. Qiz undan so‘radi: «Nima yumushing bor?» «Seni xohlayman va senga uylanaman». «Sen musulmonsan, otam meni senga bermaydi». «Nasroniy bo‘laman». «Unday bo‘lsa, mayli...»

U qizga uylanish uchun nasoro diniga kirdi va ularning hovlisida qoldi. Xuddi shu kunning o‘zida hovlidagi bir tepalikka chiqdi-da, yerga yiqilib o‘ldi. U dini bilan muvaffaqiyat qozonmadi, qiz bilan rohatlanmadi ham.

Allohdan makr-sinovi, xunuk oqibat va yomon xotimadan panoh berishini so‘raymiz.

Qayd etilgan