Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295582 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 39 B


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 07:05:59

Yettinchi gunohi kabira
ALLOHNING RAHMATIDAN NOUMID BO‘LISH

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«... Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur» (Yusuf surasi, 87).
Ya’ni, Allohning qudratini inkor qiladigan, kofir kimsalargina Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘ladilar.

«Albatta, Alloh O‘ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan bandalari uchun kechirur» (Niso surasi, 48).

«(Ey Muhammad alayhissalom), (turli gunoh-ma’siyatlar qilish bilan) o‘z jonlariga jinoyat qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh (O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta, Uning O‘zigina mag‘firatli, mehribondir» (Zumar surasi, 53).

«...Rahmatim — mehribonligim esa hamma narsadan kengdir» (A’rof surasi, 156).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 07:06:08

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohning yuzta rahmati bo‘lib, undan bitta rahmatni jinlar, insonlar, hayvonlar va hashoratlar orasiga tushirdi. Ana o‘sha bitta rahmat bilan ular bir-biriga rahm qiladilar, shafqatli bo‘ladilar. Va shu rahmat bilan vahshiy hayvon o‘z bolasiga mehribon bo‘ladi. Alloh to‘qson to‘qqizta rahmatni olib qoldiki, ular bilan qiyomat kunida bandalariga rahm qiladi» (Muttafaqun alayh).

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Alloh taolo aytdi: «Ey Odam farzandi, rahmatimdan umidvor bo‘lar ekansan, sen tarafingdan sodir bo‘lgan narsalarni kechiraman va hech parvo qilmayman. Ey Odam farzandi, agar gunohlaring osmonga yetsa-da, so‘ng mendan mag‘firat so‘rasang, seni mag‘firat qilaman va hech parvo qilmayman. Ey Odam farzandi, agar sen Menga yer qobig‘icha xato bilan kelsang, so‘ng Menga biron narsani sherik qilmagan holingda yo‘liqsang, senga yer qobig‘icha mag‘firat bilan peshvoz chiqaman» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 07:06:16

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘limi yaqinlashib qolgan bir yigitning oldiga kirib, «O‘zingni qanday his qilyapsan?» deb so‘radilar. U: «Yo Rasululloh, Allohdan umid qilyapman va gunohlarimdan qo‘rqyapman», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana shunday holatda banda qalbida bu ikkisi jam bo‘lsa, Alloh unga umid qilayotgan narsasini berib, qo‘rqayotgan narsasidan omon saqlaydi», dedilar» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh azza va jalla: «Men bandamning Men haqimdagi o‘yidaman va Meni zikr qilgan vaqtda Men u bilan birgaman», dedi» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Yaxshi gumon ibodatning go‘zalligidandir» (Abu Dovud, Ibn Hibbon rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 07:06:26

Jobir roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘limlaridan uch kun oldin: «Sizlarning har biringiz Alloh azza va jalla haqida yaxshi gumon qilgan holingizdagina vafot etingiz», deganlarini eshitganini aytganlar (Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, Arsh tarafdan bir jarchi «falonchi o‘g‘li falonchi qaerda?» deb nido qiladi. Bu ovozni eshitgan har bir kishining hushi boshidan uchadi. Alloh azza va jalla o‘sha kishiga: «So‘ralayotgan sensan. Osmonlaru yerning Yaratuvchisiga ro‘baro‘ bo‘lishga shoshil», deydi. Butun maxluqotlar Arsh tomonga tikilib qoladi. Haligi kishi Alloh azza va jallaning huzurida hozir qilinadi. Alloh azza va jalla unga maxluqotlardan to‘sib turadigan nurini tushiradi-da, so‘ng unga: «Bandam, dunyo hayotidagi har bir amalingni ko‘rib, kuzatib turganimni bilmasmiding?» deb so‘raydi. Banda: «Bilardim, ey Rabbim», deydi. «Bandam, Menga osiylik qilgan kimsalarga azobim va intiqomim borligini eshitmaganmiding?». «Eshitgandim, ey Rabbim». «Ey bandam, Menga osiylik qilding?» «Ey Rabbim, shunday bo‘lgan edi». «Bandam, bugun Meni nima qiladi deb o‘ylayapsan?». «Ey Rabbim meni afv etasan, deb o‘ylayapman». «Bandam, nimaga asoslanib meni afv etadi, deb o‘ylayapsan?» «Ey Rabbim, chunki Sen mening gunoh qilayotganimni ko‘rib, uni yashirgan eding». «Seni afv etdim, kechirdim. O‘ylagan narsangni ro‘yobga chiqardim. Kitobingni o‘ng tarafingdan olgin. Unda nimaiki yaxshilik bo‘lsa, uni qabul qildim va nimaiki yomonlik bo‘lsa, uni kechirdim. Men saxiy, karim zotdirman», deydi Alloh taolo.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 07:06:38

Parvardigoro, mag‘firat qilishni yaxshi ko‘rmaganingda edi, osiy kimsalarga muhlat bermasding. Afv va karaming bo‘lmaganda edi, dillar osoyish topmasdi.

Ey Allohim, albatta, Sen afv qilguvchisan, bizni afv qil. Ey Allohim, bizga rizo nazari bilan boq va bizni pokiza bandalaring qatorida qil, jafokashlar orasida qilma. Ey Allohim, bizning orzu-umidlarimizni ro‘yobga chiqar, barcha holatlarda ham amallarimizni o‘ngla. Roziligingga eltuvchi yo‘llarni qulay et, bizni yaxshiliklarga yo‘lla, bizga dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik ato et va bizni do‘zax azobidan saqla.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:15:44

Sakkizinchi gunohi kabira
DUNYO UCHUN ILM O‘RGANISH VA ILMNI YASHIRISH

Alloh taolo shunday deydi:

«... Albatta, Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlar qo‘rqur» (Fotir surasi, 28).

Ushbu oyat borasida aytilgan tafsirlar quyidagicha: Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Alloh taolo bu bilan: «Qudratim, izzatim va saltanatimni bilgan bandalarimgina Mendan qo‘rqadi», deydi», deganlar.
Mujohid va Sha’biy aytadilar: «Alloh taolodan qo‘rqqan kishigina olimdir».
Robe’ ibn Anas aytganlar: «Kimki Allohdan qo‘rqmas ekan, u olim emas».

«Biz nozil qilgan hujjatlar va hidoyatdan (Muhammad alayhissalomning haq Payg‘ambar ekanligi haqidagi) narsalarni odamlarga Kitobda (Tavrotda) ravshan qilib berganimizdan keyin yashiradigan kimsalarni, shubhasiz, Alloh la’natlagay va la’natlovchi zotlar (farishtalar va mo‘minlar) la’natlagaylar» (Baqara surasi, 159).
Bu oyat yahudiy ulamolari xususida nozil bo‘lgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:16:00

Ibn Abbos roziyallohu anhumoning aytishicha, insonlar va jinlardan boshqa barcha narsalar la’natlaydi.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytganlarki, ikki musulmon bir-biriga la’nat aytadigan bo‘lsa, bu la’nat Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haq payg‘ambar ekanliklarini va u zotning sifatlarini yashirgan yahudiy va nasroniylarga qaytadi.

«Eslang, (ey Muhammad), Alloh Kitob berilgan kimsalardan «Albatta, u (Kitobni) odamlarga ochiq bayon qilursizlar va yashirmaysizlar!» deb ahd-paymon olgan edi. So‘ng ular bu ahd-paymonni ortlariga tashladilar va uni ozgina qiymatga sotdilar. Ularning bu oldi-sotdilari naqadar yomon ish bo‘ldi» (Oli Imron surasi, 187).

Vohidiy aytishlaricha, bu oyat Madina yahudiylari haqida nozil bo‘lgan. Alloh Tavrotda ulardan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haq payg‘ambar ekanligi, sifatlari va yuborilish zamoni-yu, makonini bayon qilishga, uni yashirmaslikka ahd-paymon olib: «Uni odamlarga ochiq bayon qilursizlar va yashirmaysizlar», deb aytgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:16:20

Bu Alloh taoloning yahudiy ulamolaridan Kitoblaridagi narsalarni odamlarga bayon qilib berishlari xususida olgan ahdu paymonidir. Ularning Kitobida esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ham zikrlari kelgan, degan edi Hasan Basriy.

«Uni ozgina qiymatga sotdilar», degani, ular ilmli bo‘lganlari uchun ilmsiz johil kimsalardan narsalar olardilar. Shu arzimas dunyoviy narsadan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqib ahdlarini buzdilar.

«Ularning bu oldi-sotdilari naqadar yomon ish bo‘ldi» oyati karimasi haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Ularning savdolari jirkanchli bo‘lib, ziyon ko‘rishdi», degan edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki Allohning Yuzi qasd qilinadigan ilmni faqat biron dunyoviy narsaga yetishish uchun o‘rganadigan bo‘lsa, qiyomat kunida jannatning hidini ham topmaydi» (Abu Dovud rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:16:28

Do‘zaxga yuzi bilan sudraladigan uch kishi haqidagi hadis «Riyo» bo‘limida keltirilgan edi. Ulardan biriga: «Olim, deb aytishlari uchun ilm o‘rganding, bu narsa aytildi», deyiladi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kimdan bilgan narsasi haqida so‘ralsa-yu, uni yashirsa, qiyomat kuni Alloh u kimsani olovdan bo‘lgan yugan bilan yuganlab qo‘yadi» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sendan foydasiz ilmdan panoh berishingni so‘rayman», deb duo qilardilar (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:16:49

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdi: «Qiyomat kunida bir kishi olib kelinib, do‘zaxga uloqtiriladi. Uning ichak-chovoqlari osilib, yoyilib ketadi-da, xuddi eshak tegirmon atrofida aylanganidek, ularga o‘ralashib qoladi. Do‘zax ahli uning atrofiga to‘planishadi va: «Ey falonchi, senga nima bo‘ldi? Axir sen yaxshilikka buyurib yomonlikdan qaytarmasmiding?» deb so‘rashadi. U: «Sizlarni yaxshilikka buyurardim-u, o‘zim qilmasdim. Yomonlikdan qaytarardim-u, o‘zim qaytmasdim», deydi» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Kim ilm o‘rganib unga amal qilmasa, ilm faqat uning kibrini ziyoda qiladi».

Hilol ibn A’lo aytganlar: «Ilm talab qilish qiyin, uni yodlash talab qilishdan qiyin, unga amal qilish yodlashdan qiyin, unda salomat qolish amal qilishdan ham qiyinroqdir».

Alloh taolodan barcha balolardan salomat saqlashini va O‘zi yaxshi ko‘rgan, rozi bo‘lgan narsalarga muvaffaq qilishini so‘raymiz. Albatta, U saxiy va karim zotdir.

Qayd etilgan