Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295624 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 39 B


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:17:12

To‘qqizinchi gunohi kabira
ALLOH AZZA VA JALLA HAMDA RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM SHA’NIGA YOLG’ON GAPIRISH

Alloh taolo aytadi:

«Qiyomat kunida Alloh sha’niga yolg‘on so‘zlagan kimsalarni yuzlari qora holda ko‘rursiz...»
(Zumar surasi, 60).

Ya’ni, ular «Allohning bolasi, sherigi bor», deb U zot haqida mumkin bo‘lmagan har xil bo‘hton gaplarni gapirgan kimsalardir. Ular Alloh sha’niga yolg‘on so‘zlaganlari uchun shunday mashaqqat va qayg‘ularga duchor bo‘ladilarki, ranglari o‘zgarib yuzlari qorayib ketadi.

Ibn Javziy tafsirlarida aytishlaricha, bir toifa ulamolar Alloh va payg‘ambar sha’niga yolg‘on gapirish Islom millatidan chiqarib yuboradigan kufr ekanini tasdiqlaganlar. Haromni halol qilish va halolni harom qilish borasida Alloh va payg‘ambar sha’niga yolg‘on gapirish ochiqdan-ochiq kufr ekanida shubha yo‘q. Bu yerda gap boshqa narsalarda yolg‘on gapirish xususidadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:17:48

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kim mening nomimdan qasddan yolg‘on gapirsa, o‘ziga do‘zaxdan joy hozirlab olaversin» (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
(Bu hadis ko‘plab sahobalardan rivoyat qilingan, hattoki mutavotirlik darajasiga yetgan. Allohu a’lam.)

Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki yolg‘onligini bilaturib, mening nomimdan hadis aytsa, u yolg‘onchilardan bittasidir» (Muslim va boshqalar rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:18:47

Mug‘iyra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Mening nomimdan yolg‘on gapirish, boshqa birovning nomidan yolg‘on gapirish bilan bir xil emas. Bas, kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on gapirsa, o‘ziga do‘zaxdan joy hozirlab olaversin» (Muslim va boshqalar rivoyati).

Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min odam yolg‘on va xiyonatdan boshqa har qanday xususiyatga tabiatan moyil bo‘lishi mumkin» (Bazzor, Abu Ya’lo rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:19:19

O‘ninchi gunohi kabira
TAQDIRNI RAD ETISH

Alloh taolo dedi:

«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratdik» (Qamar surasi, 49).

Ibn Javziy tafsirlarida bu oyatning nozil bo‘lish sababi xususida ikki xil gap borligini aytganlar: Birinchisi, Makka mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan taqdir haqida tortishganlar. Shunda mazkur oyat nozil bo‘lgan (Muslim rivoyati). Abu Umoma roziyallohu anhu: «Bu oyat qadariyalar xususida», deganlar. Ikkinchisi, Najron yepiskopi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, gunohlar ham taqdir-qadar bilan sodir etiladi, deb da’vo qilasan. Bunday emas-ku», dedi. Shunda ushbu oyatlar nozil bo‘ldi: «Albatta, jinoyatchi-osiy kimsalar gumrohlik va ahmoqlikdadirlar. Ular yuztuban hollarida do‘zaxga sudraladigan Kunda (ularga): «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar!» (deyilur). Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov-qadar bilan yaratdik» (Qamar surasi, 47—49).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:19:35

«Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku!» (Vas-soffot surasi, 96).

Ibn Jarir aytganlarki, bu oyatni ikki xil tushunish mumkin. Alloh sizlarni va amallaringizni yaratgan yoki Alloh sizlarni va yasab olgan butlaringizni yaratgan.

Bu oyat bandalarning ishlari maxluq ekaniga hujjatdir. Allohu a’lam.

«Jonga va uni raso qilib-yaratib, unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib-o‘rgatib qo‘ygan Zotga qasamki...» (Vash-shams surasi, 8).
Said ibn Jubayr aytganlar:  «Alloh nafsga fujurini ham, taqvosini ham yuklab qo‘ydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:19:45

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: «Qadar-taqdir yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi — ular taqdir qilinmagan», deb da’vo qiladigan qavm haqida: «Agar ularga yo‘liqsang, men ulardan begonaligimni, ular mendan begona ekanliklarini ularga aytib qo‘y. Mabodo ulardan birining Uhudchalik tillasi bo‘lsa-yu, uni infoq qilsa, to qadarga iymon keltirmagunicha Alloh uni qabul qilmaydi», dedilar-da, so‘ng Jabroil alayhissalom hadisini zikr qildilar. Jabroil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Iymon nima?» deb so‘raganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik qadardan ekaniga ishonmog‘ing!» deya javob berganlar (Muslim rivoyati).

Allohga iymon keltirish — Alloh taolo mavjud, ulug‘ va mukammal sifatlar bilan sifatlangan nuqsonlardan pok, yolg‘iz, behojat, barcha maxluqotlarni yaratgan, ular ustida xohlaganidek tasarruf etadigan va O‘z mulki-saltanatida istagan narsasini qiladigan zot, deb tasdiqlashdir.

Farishtalarga iymon keltirish ularni Allohning bandalari deb tasdiqlashdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:20:04

«...Yo‘q (farishtalar aslo Allohning bolalari emas, balki) ulug‘ bandalardir. (Farishtalar) U zotdan ilgari biron so‘z aytmaydilar (ya’ni, Alloh buyurmagan biron ishni qilmaydilar). Ular (Allohning) amr-farmoni bilangina amal qilurlar. U zot ularning oldilaridagi (qiladigan) va orqalaridagi (qilib o‘tgan) barcha ish-amallarini bilur. Ular (Qiyomat qoyim bo‘lgan Kunda) faqat (Alloh) rozi bo‘lgan kishilarnigina shafoat qilurlar — qo‘llay olurlar. Ularning o‘zlari (Allohdan) qo‘rqib xafvu xatarda tururlar» (Anbiyo surasi, 26—28).

Kitoblarga iymon keltirish — Alloh taolo O‘zining tanlab olgan elchilariga vahiy qilgan kalomini tasdiqlashdir. Bu kalomlar jamlanib, devon qilinib, pokiza sahifalar va qiymatli kitoblarga aylangan. Mo‘min ulardan bilganiga batafsil, bilmaganiga umumiy suratda iymon keltiradi.

Payg‘ambarlarga iymon keltirish — ularning Alloh taolo nomidan bergan xabarlariga ishonishdir. Alloh ularni rostgo‘yliklariga dalolat qiladigan mo‘’jizalar bilan qo‘llab quvvatlagan, ular Allohning risolatini yetkazganlar, mukallaf bandalarga Allohning buyruqlarini bayon qilib berganlar. Ularni ehtirom qilish va ulardan birontasini ajratib qo‘ymaslik vojib bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:20:19

Oxirat kuniga iymon keltirish — Qiyomat kunini va u kunda ro‘y beradigan qayta tirilish, mahshargohga to‘planish, hisob-kitob, mezon, pulsirot, jannat va do‘zax, bu ikkisi muhsinlarga savob, nobakorlarga jazo diyori ekanini va bulardan boshqa sahih naqlda kelgan narsalarni tasdiqlashdir.

Taqdirga iymon keltirish quyidagi oyati karimalar ifodalaydigan ma’nolalarni tasdiqlashdir:

«... Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku!» (Vas-soffat surasi, 96).

«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratgandik» (Qamar surasi,  49).

«Na yerga va na o‘zlaringizga biron musibat yetmas, magar (etsa), Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir» (Hadid surasi, 22).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:20:28

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bilginki, agar senga biron narsada foyda berish uchun butun ummat to‘plansa ham, faqat Alloh taolo sen uchun yozib qo‘ygan narsa bilangina foyda beradi. Agar senga biron zarar yetkazish uchun to‘plansa ham, faqat Alloh taolo yozib qo‘ygan narsa bilangina zarar yetkazadi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan» (Termiziy rivoyati).

Salaflar va xalaf imomlarining mazhabi-fikri shuki, kimda-kim bu ishlarni hech shubhalanmasdan va ikkilanmasdan qat’iy tasdiqlasa, mo‘min bo‘ladi. Bu tasdiq yorqin hujjatlar orqali bo‘ladimi yoki qat’iy e’tiqodlar yordamidami, farqi yo‘q. Vallohu a’lam.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh maxluqotlar taqdirini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin yozib qo‘ygan» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:20:37

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir kishi: «Yo Rasululloh, bugungi amallar nimaga bog‘liq? Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsagami yoki biz endi qiladigan, endi sodir bo‘ladigan narsagami?» deb so‘radi. «Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsaga bog‘liq», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. «Unda amal qilishning nima keragi bor?» deb so‘ragan edi, «Amal qilinglar, har bir kishi muyassar bo‘lguvchidir», dedilar Nabiy. (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir narsa qadar-taqdir bilandir. Hattoki ojizlik va ziyraklik ham» (Ahmad va Muslim rivoyati).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qadariyalar va murjialar bu ummatning majusiylaridir. Agar ular kasal bo‘lsalar, ziyorat qilmanglar va agar o‘lsalar, (janozalarida) qatnashmanglar» (Taboroniy rivoyati).

Qayd etilgan