Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295534 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:39:30

Ka’bul Ahbor deganlar: «Allohga qasamki, bu oyat faqat jamoatdan ajralib qoladigan kishilar haqida nozil bo‘lgan».

Jamoat namozini uzrsiz tark etgan kimsaga bundan ko‘ra og‘irroq va qattiqroq tahdid bo‘lishi mumkinmi?!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohga qasamki, men o‘tin to‘plashni buyurib, so‘ng namoz o‘qishga amr qilib, unga azon aytilgandan keyin bir kishiga odamlarga imom bo‘lishni aytib, so‘ngra jamoat namoziga kelmagan kishilarga muxolif bo‘lib, ularning uylariga o‘t qo‘yib yuborishni xohlardim» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan boshqa bir hadisda shunday deyilgan: «Yigitlarimga bir uyum o‘tin yig‘ishni buyurib, so‘ngra borib hech bir uzrsiz uylarida namoz o‘qiydigan kishilarning uylarini yoqib yuborishni xohlardim».
Faqat vojib tark etilgani uchun shunchalik tahdid solinmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:39:40

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga bir ko‘r kishi kelib: «Rasululloh, meni masjidga yetaklab boradigan kishi yo‘q», dedi va uyida namoz o‘qishga ruxsat berishlarini so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga ruxsat berdilar. U ortiga burilgach, uni chorladilar va: «Azonni eshitasanmi?» deb so‘radilar. U: «Ha», degan edi, «Unga javob ber», dedilar (Muslim rivoyati).

Amr ibn Ummu Maktum roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: «Yo Rasululloh, ko‘zim ojiz, hovlim ham uzoqda. Meni yetaklab keladigan odam yo‘q. Uyimda namoz o‘qishimga ruxsat berasizmi?» dedim. «Azonni eshitasanmi?» deb so‘radilar. «Ha», degan edim, «Senga ruxsat bera olmayman», dedilar» (Abu Dovud, Ibn Huzayma rivoyati).

Bu ko‘zi ko‘r kishi masjidga kelishi qiyinligidan shikoyat qilyapti. Uni masjidga olib borib qo‘yadigan kishi ham yo‘q. Shularga qaramasdan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uyida namoz o‘qishga ruxsat bermadilar. Endi ko‘zi ojiz bo‘lmagan, sog‘lom, hech bir uzrsiz kishi haqida nima deyish mumkin?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:39:47

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki azonni eshitsa-yu unga ergashishdan man qiladigan uzri bo‘lmasa, uning (uyida) o‘qigan namozi qabul qilinmaydi», dedilar «Uzr nima?» deb so‘rashgan edi, «Xafv yoki kasallik», deya javob berdilar» (Abu Dovud, Ibn Hibbon rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan kunduzlari ro‘za tutadigan, kechalari namoz o‘qiydigan, biroq jamoatga qo‘shilmaydigan va jamoat bilan namoz o‘qimaydigan kishi haqida so‘rashganida: «Agar shu holatda o‘lsa, u do‘zaxda», deya javob berganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytganlar: «Odam farzandi uchun azonni eshitib, unga javob bermaslikdan ko‘ra, qulog‘iga eritilgan qo‘rg‘oshin quyilgani yaxshiroq».

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Masjid qo‘shnisi faqatgina masjidda namoz o‘qish lozim», dedilar. «Masjid qo‘shnisi kim?» deb so‘rashgan edi, «Azonni eshitadigan kishi», deya javob berdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:39:55

Yana u zot roziyallohu anhudan naql qilinadi: «Kimki azonni eshitsa va biron bir uzrsiz unga kelmasa, uning namozi boshidan nariga ko‘tarilmaydi».

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytganlar: «Kimki ertaga Allohga musulmon bo‘lgan holda yo‘liqishni xohlasa, namozlarni azon aytilgan yerda muhofaza qilsin. Zero, Alloh taolo Payg‘ambaringiz sollallohu alayhi vasallamga hidoyat yo‘llarini belgilab berdi. Ular (ya’ni, namozlar) hidoyat yo‘llaridandir. Agar sizlar jamoatdan orqada qoluvchi kimsaga o‘xshab, uyingizda namoz o‘qisangiz, Payg‘ambaringiz yo‘lini tark etgan bo‘lasiz. Agar Payg‘ambaringiz yo‘lini tark etsangiz, zalolatga yuz tutasiz. Darhaqiqat, men (ilgari) jamoat namozidan faqat munofiqligi ma’lum kimsagina orqada qolganiga guvoh bo‘lganman. Bir kishini olib kelishardi-da, safda turishi uchun ikki kishi orasiga turg‘izib qo‘yishardi» (Muslim rivoyati).

Ya’ni, u zaifligidan o‘zini tutolmas va ularga suyanib turardi. U bu ishni jamoat fazilatiga ishtiyoqli bo‘lgani va uni tark etsa, gunohkor bo‘lib qolishdan qo‘rqqani uchun qilardi.
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:40:04

Ibn Munzir aytganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir qancha sahobalari: «Kimda-kim azonni eshitib, hech bir uzrsiz unga javob bermasa, uning namozi namoz emas», deganlari rivoyat qilingan». Ibn Mas’ud va Abu Muso Ash’ariylar shular jumlasidandir.

Ato, Ahmad ibn Hanbal va Abu Savrlar jamoatga hozir bo‘lishni farz deb bilishgan.

Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh: «Jamoat namoziga qodir kishi uchun biron-bir uzrsiz uni tark etishiga ruxsat bermayman», deganlar.

Ibn Ummu Maktum roziyallohu anhu hadisini zikr qilgandan keyin Xitobiy shunday degan: «Bu hadisda jamoat namoziga hozir bo‘lish vojibligiga hujjat bor. Agar u mandub (mustahab) bo‘lganida edi, undan qolishga Ibn Ummu Maktumga o‘xshagan kishilar, zaif va nochor odamlar haqli bo‘lishardi».

Ato ibn Abu Raboh aytar edilar: «Shaharu qishloqdagi Alloh maxluqotlaridan birontasi uchun ham, agar azonni eshitsa, namozni o‘qimaslikka ruxsat yo‘q».

Avzoiy aytganlarki: «Juma va jamoatni tark etishga buyursa, ota-onaga ham itoat qilinmaydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:40:25

Fasl

Jamoat namozining fazilati juda ulug‘. Alloh taoloning:

«Darhaqiqat, Biz (Lavhul-Mahfuzda) zikr qilgandan keyin Zaburda: «Albatta, (jannat) yeriga Mening solih bandalarim voris bo‘lurlar», deb yozib qo‘ygandirmiz» (Anbiyo surasi, 105), oyatining tafsirida «ular besh vaqt namozni jamoat bilan ado qiladigan zotlar», deyilgan.

«... va ularning qilgan ishlarini hamda (qoldirgan) izlarini yozib qo‘yurmiz» (Yosin surasi, 12), oyatiga ko‘ra, Alloh namozxonlarning bosgan qadamlarini yozib qo‘yadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kishining jamoat bilan o‘qigan namozi uyi va bozorida o‘qigan namozidan yigirma besh barobar ortiq bo‘ladi. Bu shundayki, agar tahoratni chiroyli qilsa, so‘ng masjidga faqat namoz uchungina borsa, uning har bir bosgan qadami sababli darajasi ko‘tarilib, xatosi o‘chiriladi. Agar namoz o‘qisa, modomiki joynamozida turar, tahorati buzilmas ekan, farishtalar uning haqiga: «Ey Alloh, uni salomat qil, unga rahm ayla», deya salovot aytib turishadi. Modomiki, namozni kutib turar ekan, u namozda, deb e’tibor qilinadi» (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:40:34

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga u sababli Alloh xatolarni o‘chiradigan, darajalarni ko‘taradigan narsani ko‘rsataymi?» dedilar. «Ha, yo Rasululloh», deyishdi». «Yoqmay turganiga qaramasdan, mukammal tahorat olish, masjidlarga ko‘p qadam ranjida qilish va bir namozdan keyin boshqa namozga intizor bo‘lish. Bu sizlar uchun (mahkam ushlashingiz lozim bo‘lgan) arqondir», dedilar.

Xususan, bomdod va xufton namozini jamoat bilan o‘qishga alohida e’tibor berilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Munofiqlarga bomdod va xufton namozidan ko‘ra og‘irroq namoz yo‘q. Agar ularda nima (qanchalik ajr) borligini bilganlarida edi, garchi emaklab bo‘lsa ham, ularga kelgan bo‘lardilar» (Muttafaqun alayh).

Ibn Umar aytadilar: «Agar xufton va bomdod namozida biron kishini topa olmay qolsak, u haqda yomon gumonga borar edik». Ya’ni, u munofiq ekan, deb o‘ylardik (Hokim rivoyat qilgan).

Robe’ ibn Xaysamning bir tarafi falaj bo‘lib, ishlamay qoldi. U zot ikki kishiga suyanib, namozga chiqadigan bo‘ldi. Unga: «Ey Abu Muhammad, siz uzrlisiz-ku. Uyingizda namoz o‘qishingizga ruxsat berilgan-ku», deyishganida, «Gapingiz to‘g‘ri. Lekin men muazzinning: «Namozga shoshilinglar, najotga shoshilinglar», deganini eshitaman. Kimki unga emaklab yoki sudralib bo‘lsa-da, javob berishga qodir bo‘lsa, shu ishni qilsin», deya javob berdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:40:42

Hotamul Asom aytadilar: «Men bir marta jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Faqat Abu Ishoq Buxoriygina menga ta’ziya bildirdi. Agar bolam o‘lganida edi, menga o‘n mingdan ko‘proq kishi ta’ziya izhor qilgan bo‘lardi. Chunki, odamlarning nazdida din musibati dunyo musibatidan yengilroqdir».

Ba’zi salaflar aytgan ekanlar: «Kishilar qilgan gunohi sababligina jamoat namozini o‘tkazib yuboradi».

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Umar roziyallohu anhu xurmozoriga chiqdi. Qaytib kelganda odamlar asr namozini o‘qib bo‘lishgan edi. Umar roziyallohu anhu: «Albatta, biz Allohnikimiz va biz Unga qaytguvchimiz. Asr namozini jamoat bilan o‘qishdan kechikib qolibman. Sizlar guvohsizlar, xurmozorim miskinlarga sadaqa», dedilar. U zot qilgan ishiga kafforat bo‘lishi uchun shunday qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:40:56

Hikoya

Imom Buxoriy va Imom Muslimlarning shayxi Ubaydulloh ibn Umar Qovariydan rivoyat qilinadi: «Men hamisha xufton namozini jamoat bilan o‘qir edim. Bir kecha uyimga mehmon keldi. U bilan ovora bo‘lib, jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Basra masjidlarini aylanib chiqdim. Barcha kishilar xuftonni o‘qib bo‘lgan, masjidlar yopilgan edi. Uyimga qaytdim va o‘zimga o‘zim jamoat namozining darajasi yolg‘iz bo‘lib o‘qilgan namozdan 27 barobar ziyoda bo‘ladi, dedim-da, xuftonni yigirma yetti marta o‘qidim. So‘ng uxladim. Tush ko‘ribman, go‘yo otliqlar bilan birga ekanman. Mening ham otim bo‘lib, biz kimo‘zar o‘ynayotgan ekanmiz. Men otimni choptirar, biroq ularga yeta olmas edim. Shunda ulardan biri menga burilib qarab: «Otingni qiynama, baribir bizlarga yeta olmaysan», dedi. «Nima uchun?» deb so‘rasam: «Chunki biz xuftonni jamoat bilan o‘qidik, sen esa yolg‘iz o‘zing o‘qiding», deb javob berdi. Men uyg‘onib ketdim va ko‘rgan tushimdan g‘amgin bo‘lib qoldim».

Allohdan tafviq va madad tilaymiz. Albatta, U saxiy, marhamatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:41:16

O‘n oltinchi gunohi kabira
JUMA NAMOZINI TARK ETISHGA ODATLANISH

Alloh taolo buyuradi:

«Ey mo‘minlar, qachon jum’a kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga (ya’ni, jum’a namozini ado qilish uchun) shoshib boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangizlar mana shu (ya’ni, Allohning zikriga — jum’a namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir» (Jum’a surasi, 9).

Hafsa (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Jumaga borish har bir balog‘atga yetgan kishiga vojibdir» (Nasoiy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jumaga bormaydigan kimsaga qarata: «Bir kishiga odamlarga namoz o‘qib berishni buyurib, keyin jumaga kelmaydigan kishilarning uylarini yoqib yuborishni xohlardim», dedilar» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan