Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295274 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:44:13

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Izor, ko‘ylak va sallani uzun qilib, yerga sudrab yurishadi. Kimki biron-bir narsani manmanlik bilan yerga sudrab yursa, Alloh unga qiyomat kunida qaramaydi» (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonning izori boldirining o‘rtasiga tushib turadi. To‘piqqacha bo‘lsa ham zarari yo‘q. To‘piqdan past bo‘lgani esa, olovdadir» (Abu Dovud rivoyati).

Bu hukm shim, ko‘ylak, to‘n va boshqa barcha liboslarga taalluqlidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi uzun izorda namoz o‘qiyotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Borib boshqatdan tahorat ol!» dedilar. U borib boshqatdan tahorat olib keldi. Yana unga: «Borib boshqatdan tahorat ol!» dedilar. Bir kishi u zotga: «Yo Rasululloh, nima uchun unga tahorat olishni buyuryapsiz?» dedi-da, so‘ng jimib qoldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «U uzun izorda namoz o‘qiyotgan edi. Alloh esa uzun kiyimli kishining namozini qabul qilmaydi», dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kimki libosini manmanlik bilan yerga sudrab yursa, Alloh unga qiyomat kunida qaramaydi», deganlarida, Abu Bakr roziyallohu anhu: «Yo Rasululloh, izorim shalvirab qolgan, ushlab yurmasam pastga tushib turadi», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotga: «Siz bu ishni manmanlik bilan qiladiganlardan emassiz», dedilar (Buxoriy rivoyati).

Ey Allohim, bizga go‘zal lutf marhamating ila muomalada bo‘l. Ey rahmlilarning rahmlirog‘i, O‘zing bizga rahm qil.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:44:35

Yigirmanchi gunohi kabira
MUSIBAT CHOG'IDA HADDIDAN OSHISH

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Yuzlariga uradigan, yoqalarini yirtadigan va johiliyat da’volari bilan baqirib-chaqiradigan kimsalar bizdan emas» (Buxoriy rivoyati).

Abu Burda roziyallohu anhu aytadilar: «Abu Muso Ash’ariy dardga chalindilar. Boshlarini ayolining tizzasiga qo‘ygan holda hushlaridan ketdilar. Ayoli zorlanib dod-voy qila ketdi. Uni biron yo‘sin bilan qaytarishga qurblari yetmadi. O‘zlariga kelgach: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pok-begona bo‘lgan kimsalardan pokman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa, musibat chog‘ida dod-voy solib baqiradigan, sochlarini yuladigan va kiyimlarini yirtadigan ayollardan pokdirlar», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Mazkur hadisda bayon qilingan noo‘rin xatti-harakatlar harom ekanligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Xuddi shuningdek, sochini yoyib olish, yanoqlariga shapatilash, yuzini yumdalash va o‘ziga o‘lim — halokat tilash ham haromdir.

Ummu Atiyya (roziyallohu anho) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizdan bay’at chog‘ida dod-voy solib yig‘lamaslikka ahd olganlar» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:44:46

Sarvari olam sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Insonlar o‘zlaridagi narsa sababli kofir bo‘ladilar, nasabga ta’na qilish va mayyitga dod-voy solib yig‘lash» (Muslim rivoyati).

No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhu aytadilar: «Abdulloh ibn Ravoha hushlaridan ketdilar. Singlisi yig‘lab: «Ey tog‘im, ey falonim, ey fistonim», deya sanay ketdi. U zot hushlariga kelgach: «Sen nima degan bo‘lsang, mendan «Sen shunaqamisan?» deb so‘rashdi», dedilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Dod-voy solib yig‘laganliklari sababli mayyit qabrida azoblanadi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi odam o‘lsa-yu, uning yig‘lovchilari: «Ey suyangan tog‘im, ey sayyidim», desa yoki shu kabi so‘zlarni aytsa, mayyitga ikki farishta vakil qilinadi-da, ko‘kragidan itarishib: «Sen shunaqamisan?» deb so‘rashadi» (Termiziy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana aytganlar: «Dod solib yig‘lovchi ayol agar o‘lmasidan oldin tavba qilmasa, qiyomat kunida qatrondan (qora yelimdan) ko‘ylak va qora qo‘tirdan sovut kiygan holda turg‘aziladi» (Muslim va Ibn Moja rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:44:53

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Men ikki ahmoqona, gunohkorona ovozdan qaytarildim: xursandchilik vaqtdagi ovoz — o‘yin-kulgi va shayton surnayi (nag‘masi) hamda musibat chog‘idagi ovoz, yuzni yumdalab, yoqani yirtish va zorlanish» (Termiziy rivoyati).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dod solib yig‘lovchi va unga quloq soluvchi ayollarni la’natlaganlar» (Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ikki ovoz dunyo va oxiratda la’natlangandir: ne’mat — xursandchilik vaqtidagi nag‘ma va musibat chog‘idagi zorlanish» (Bazzor rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, dod solib yig‘lovchilar qiyomat kuni jahannamda ikki qator qilib teriladi. Biri o‘ng tarafda, ikkinchisi chap tarafda. Ular do‘zax ahliga qarab xuddi itlar singari akillaydilar.

Avzo’iy aytadilar: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir hovlida yig‘i ovozini eshitib, u yerga kirdilar. Yonlarida sherigi ham bor edi. U yerdagi ayollarni turtib-surib o‘tib, dod solib aytib yig‘lovchi ayolning oldiga bordilar-da, uni urdilar. Ayolning ustidan yopinchig‘i tushib ketdi. «Ur uni, — dedilar. — U dod solib yig‘lovchidir, behurmatdir. U sizlarning qayg‘ularingizga sherik bo‘lib yig‘layotgani yo‘q, balki pullaringizni olish uchun ko‘z yoshlarini to‘kyapti. U qabrlardagi o‘liklaringizga ozor beradi. Chunki u sabrdan qaytaradi, holbuki, Alloh sabrga buyurgan. U betoqatlikka buyuradi, holbuki Alloh undan qaytargan».

Dod solib yig‘lash — ovozda mayyitning yaxshi xislatlarini sanab yig‘lashdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:45:07

Fasl

Dod solib yig‘lovchi ayol betoqatlikka targ‘ib qilib, sabrdan qaytarganligi sababli malomat va azobga giriftordir. Holbuki, Alloh va Rasuli sollallohu alayhi vasallam sabrga va savob umid qilishga buyurib, betoqatlik va g‘azablanishdan qaytargan.

«Ey mo‘minlar, sabr qilish va namoz o‘qish bilan (Mendan) madad so‘ranglar! Albatta Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir» (Baqara surasi, 153).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlar: «Alloh taolo: «Men sizlar bilan birgaman, sizlarga yordam beraman, o‘z holingizga tashlab qo‘ymayman», deyapti».

«Va, albatta, sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. Biror musibat kelganda: «Albatta, Biz Allohning (bandalarimiz) va, albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz», deydigan sabrli kishilarga xushxabar bering! Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir» (Baqara surasi, 155—157).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:45:13

«Sizlarni imtihon qilamiz» jumlasining ma’nosi «sizlarga imtihon qiluvchidek muomalada bo‘lamiz», deganidir. Chunki Alloh taolo barcha ishlarning oqibatini biladi, oqibat — natijani bilish uchun imtihon qilib ko‘rishga muhtoj emas. Endi kimki sabr qilsa, sabriga yarasha savob oladi, sabr qilmasa, savobga ega bo‘lmaydi.

«... xavfu xatar va ochlik bilan», degani dushman xavfi hamda ocharchilik va qurg‘oqchilik bilan, deganidir.

Molga ziyon yetishi, talofatga uchrashi, chorvalarning halok bo‘lishi molni kamaytirish bo‘lsa, o‘lish, qatl etilish, kasalga chalinish va keksayish jonni kamaytirishdir. Meva-chevalarni kamaytirish esa meva-chevayu, ekin-tikinlarga ofat yetishi, hosilning kamayib ketishi bilan bo‘ladi.

Oyat musibatlarga sabr qilgan kishi Alloh taoloning savobiga musharraf bo‘lishi haqidagi xushxabar bilan xotimalangan. Ushbu baxtiyor zotlar mazkur musibatlardan birontasiga duchor bo‘lgan vaqtlarida: «Albatta, biz Allohning bandalarimiz va, albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz», deyishadi. Ya’ni, biz Allohning qullarimiz, bizning ustimizda xohlagandek tasarruf qiladi va biz oxir oqibat U zot huzuriga, hukmiga qaytamiz.

Said ibn Musayyabdan rivoyat qilindiki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytdilar: «Naqadar yaxshi ikki bashorat va qanday ham yaxshi ilova. «Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir» — bu ikki bashorat, «Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir» — bu ilova».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:45:22

Said ibn Jubayr aytganlar: «Darhaqiqat, musibat chog‘ida bu ummatga ilgarigi payg‘ambarlarga berilmagan narsa — «Albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va, albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz» iborasi berilgan. Mabodo payg‘ambarlarga berilganda edi, Yo’qub alayhissalomga ham berilgan bo‘lardi. U zot o‘g‘lini yo‘qotganda: «Ey bechora Yusuf-a», degan edilar (Yusuf surasi, 84).

Ulamolar aytishganki: «Baland ovozda quyushqondan chiqib yig‘lash haromdir. Dod-voy solmasdan, qichqirmasdan yig‘lash harom emas».

Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuni ko‘rgani bordilar. Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumlar ham u zot bilan birga edilar. Rasuli akram ko‘zlariga yosh oldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘laganlarini ko‘rib, ular ham yig‘lashdi. U zot: «Eshitmayapsizlarmi? Alloh ko‘z yoshi va qalb mahzunligi sababli azoblamaydi. Lekin bu tufayli azoblaydi yoki rahm qiladi», dedilar-da, tillariga ishora qildilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qizlarining o‘g‘lini olib kelishdi. Bola o‘lim holatida edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh quyildi. Sa’d u zotdan: «Yo Rasululloh, bu nimasi?» deb so‘ragan edi: «Bu Alloh taolo bandalarining qalbiga joylab qo‘ygan rahmatdir. Alloh rahmdil bandalariga rahm qiladi», deya javob berdilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:45:32

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farzandi Ibrohimning oldiga kirdilar. U zo‘rg‘a nafas olar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh quyildi. Abdurahmon ibn Avf u zotdan: «Yo Rasululloh, siz ham yig‘laysizmi?» deb so‘ragan edi, «Ey Ibn Avf, u rahmatdir», dedilar va yig‘lagan ko‘yi so‘zlashda davom etdilar: «Ko‘z yosh to‘kadi, qalb g‘amgin bo‘ladi, biz faqat Parvardigorimiz rozi bo‘ladigan so‘zni aytamiz, Ey Ibrohim, biz sendan judo bo‘layotganimizdan mahzunmiz» (Buxoriy rivoyati).

«Mayyit yaqinlarining yig‘isi sababli azoblanadi», degan sahih hadisning zohiri olinmaydi, balki ta’vil qilinadi. Ulamolar uning ta’vili xususida turli fikrlarni bildirishgan. Ularning orasida asoslirog‘i — mayyitning o‘zi yig‘lashni vasiyat qilgan yoki boshqa bir sababi bo‘lgan bo‘lsagina azoblanadi.

Mayyitning o‘lishidan oldin ham, keyin ham yig‘lash joiz. Quyidagi sahih hadisga binoan esa oldin yig‘lagan durustroq. «Agar biron kishi vafot etsa, hech kim yig‘lamasin».

Imom Shofe’iy va ashoblari mazkur hadis karohatni ifodalaydi, deb ta’vil qilishgan va mayyit o‘lganidan keyin yig‘lashni makruh deb bilishgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:45:41

Fasl
Ta’ziya xususida


Amr ibn Hazm roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi bir mo‘min musibat yetgan birodariga ta’ziya bildirsa, Alloh unga qiyomat kuni ulug‘lik libosini kiygazadi» (Ibn Moja rivoyati).

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhodan: «Ey Fotima, uyingdan chiqishga seni nima majbur qildi?» deb so‘ragan edilar, qizlari: «Yo Rasululloh, mana bu mayyitning ahli-yaqinlariga borib, mayyitga (Allohning) rahmatini tiladim va ularga ta’ziya izhor qildim», deya javob berdilar» (Abu Dovud rivoyati).

Rivoyatlarda kelishicha, musibatzadaga ta’ziya bildirgan kishi musibatzadaning ajri miqdoricha ajrga ega bo‘ladi; eridan tul qolgan xotinga ta’ziya bildirgan kishiga jannat to‘ni kiydiriladi.
Ta’ziya sabrga undash va musibatni yengillatadigan, qayg‘uni aritadigan so‘zlar bilan tasalli berishdir. U amri ma’ruf va nahiy munkarni o‘z ichiga olganligi bois mustahab bo‘lib, «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz» (Moida surasi, 2) oyati karimasini amalda tadbiq qilishning bir ko‘rinishidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:45:50

Dafn marosimidan oldin ham, keyin ham ta’ziya bildirish mustahab hisoblanadi.

Imom Shofe’iy ashoblari: «Mayyit o‘lgan paytdan dafn qilinganining uchinchi kunigacha ta’ziya bildirish lozim», deyishgan bo‘lsa, bizning ashoblarimiz: «Uch kundan keyin ta’ziya bildirish makruh. Chunki ta’ziya musibatzadaning qalbini tinchlantiruvchi vosita bo‘lib, odatda, uch kundan keyin qalb tinchlangan bo‘ladi. Uning qayg‘usini yangilashning esa keragi yo‘q», deganlar.

Abu Abbos aytganlarki: «Uch kundan keyin ham ta’ziya bildirilsa bo‘laveradi. Uning vaqti cheklanmagan».

Navaviy aytganlar: «Bu boradagi muxtor (tanlangan, mo‘’tabar) gap shuki, uch kundan keyin ta’ziya bildirilmaydi. Mabodo, ta’ziyachi yoki musibatzoda dafn vaqtida yo‘q bo‘lib, uch kun o‘tgandan so‘ng kelsa, unda ta’ziya bildiriladi».

Dafn qilingandan keyin ta’ziya bildirish ma’qulroq. Chunki mayyitning yaqinlari to dafn qilinguncha, o‘likni jihozlash ishlari bilan ovora bo‘ladilar. Shuningdek, dafn qilingandan so‘ng ularning qayg‘ulari kuchayadi. Agar ular betoqat, besabr bo‘lsalar, ularni tinchlantirish uchun dafndan oldin ham ta’ziya bildirsa bo‘laveradi.

Qayd etilgan