Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295708 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:47:52

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo aytadi: «Dunyoda yaxshi ko‘rgan odamining jonini olsamu, undan savob umid qilgan mo‘min bandam uchun huzurimda jannatdan bo‘lak mukofot yo‘q» (Buxoriy rivoyati).

Rivoyat qilinadi: «Allohning hukmiga rozi bo‘lish Odam farzandi uchun saodatdir. Allohning hukmidan norozi bo‘lish Odam farzandi uchun badbaxtlikdir» (Termiziy rivoyati).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadilar: «O‘lim farishtasi alayhissalom mo‘minning jonini olgach, eshik oldida turadi. Uydagilar esa shovqin soladi: ayrimlari yuzini yuladi, ba’zilari sochini to‘zg‘itadi, yana birlari o‘ziga o‘lim tilaydi. Shunda o‘lim farishtasi aytadi: «Nega buncha shovqin, nedan buncha betoqatlik?! Allohga qasamki, birontangizning umringizni qisqartirganim yo‘q, birontangizning rizqingizni olib qo‘yganim ham, birontangizga qilcha zulm qilganim ham yo‘q. Agar mendan shikoyat qilib, norozi bo‘lsangiz, Allohga qasamki, men faqat ma’murman (ya’ni, menga shu ish buyurilgan). Bordi-yu, mayyitingizdan norozi bo‘lsangiz, u majbur — ixtiyorsiz. Mabodo Parvardigoringizdan norozi bo‘lsangiz, unda sizlar kofirsizlar. Men sizlarga qayta-qayta kelaveraman, hattoki birontangiz tirik qolmaysiz».

Shurayh roziyallohu anhu aytgan ekanlarki: «Menga bir musibat yetsa, Allohga to‘rt marta hamd aytaman: bundan-da kattaroq musibat bermagani uchun, unga yarasha sabr bergani uchun, savob umidida istirjo’ aytishga muvaffaq qilgani uchun va nihoyat musibatni dinimga taalluqli qilmagani uchun».

Xullas kalom, musibat yetgan odam o‘ziga o‘lim, vayl tilab duo qilsa, yoki yuziga ursa, yoki yoqasini yirtsa, yoki sochini yulsa yoxud to‘zg‘itib, kesib yuborsa, u erkakmi, ayolmi, Allohning g‘azabi va la’natiga duchor bo‘ladi.

Musibat yetganda songa urish ham ajrni ketkazishi, shuningdek, musibatga uchragan odam kiyimini yirtsa, yoki yuziga shapatilasa, yoki yoqasini yirtsa va yo sochini yulsa, u go‘yo nayza olib Rabbi bilan jang qilmoqchi bo‘lganday ko‘rinishi ham rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:48:03

Hikoya

Solih Murriy hikoya qiladi: «Juma tunlaridan birida qabristonda tunab qoldim. Tush ko‘rdim: qabrlar yorilib, o‘liklar chiqib keldi va halqa-halqa bo‘lib o‘tirishdi. So‘ng ularga tepadan og‘zi yopiq tovoqlar tushdi. Ular orasida bir yigit bo‘lib, unga turli qiynoqlar bilan azob berilardi. Unga yaqinlashib: «Ey yigit, bu qavm orasida nega faqat sen azoblanyapsan?» deb so‘radim. «Ey Solih, Alloh haqqi senga tayinlaydigan ishlarimni bajar, omonatni ado et, ahvolimga rahming kelsin. Shoyad Alloh azza va jalla sen tufayli meni bu azoblardan xalos etsa. Men vafot etganimdan buyon onam yig‘lovchi, go‘yanda aytib yig‘lovchi ayollarni to‘plab, ular jo‘rligida kuniga dod-voy solmoqda. Shu sababli men azobdaman. Onamning yomon, bema’ni gap-so‘zi, azasi bois oldim-u ortim, o‘ng-u so‘limda olov. Alloh ularga mening nomimdan yaxshi mukofotlar bermasin», deb yig‘ladi u. Uning yig‘isini ko‘rib men ham ko‘z yoshlarimni tiyib turolmadim. «Ey Solih, Alloh haqi, onamning oldiga borgin. Ular falon joyda turadilar», deb manzilni tushuntirdi va davom etib dedi: «Ularga mening nomimdan aytginki, ey ona, nega farzandingizga azob berasiz. Meni naqadar yomon tarbiyaladingiz, qanchalar xunuk saqladingiz, o‘lganimdan so‘ng esa azobga tashladingiz. Ey ona, ahvolimni bir ko‘rsangiz edi: bo‘ynimda kishan, oyog‘imda taxtakach, azob farishtalari baqirib, urib azob berishmoqda. Avholimni bir ko‘rsangiz edi, menga rahmingiz kelardi. Agar hozirgi azadorligu, dod-voylaringizni bas qilmas ekansiz, u holda osmonlar yoriladigan, barcha xaloyiq hisob-kitobga ro‘baro‘ bo‘ladigan kuni ikkimiz oramizda Alloh hakam bo‘lur!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:48:11

Cho‘chib uyg‘ondim va ko‘rgan tushimdan ta’sirlanib tongacha uxlay olmadim. Tong otgach, shaharga kirdim. Mening birdan-bir maqsadim yigitning uyini topish edi. So‘rab surishtirib uyni topib bordim. Darvoza qoraga bo‘yalgan, hovlidan go‘yandalaru azadorlarning yig‘isi eshitilib turardi. Darvozani qoqqan edim, bir kampir chiqib: «Sizga kim kerak?» deb so‘radi. «O‘lgan yigitning onasi kerak edi», dedim. «Unda nima yumushingiz bor, u o‘z qayg‘usi bilan mashg‘ul?» dedi u. «Uni menga chaqirib bering, o‘g‘lidan unga xabar olib keldim», dedim. Kampir hovliga kirib ketdi. Bir ozdan keyin qop-qora kiyim kiygan, yig‘layvergani va shapatilayvergani sababli yuzi ham qorayib ketgan bir ayol chiqdi. «Siz kimsiz?» so‘radi u. «Men Solih Mirriyman. Kecha kechqurun qabristonda shunday-shunday voqealar ro‘y berdi. O‘g‘lingizni ko‘rdim. U azobda qolgan», deb tushimda ko‘rganlarimni aytib berdim. Ayol gapimni eshitgach, yerga yiqilib hushidan ketdi. O‘ziga kelgach: «Ey o‘g‘lim, meni kechir. Agar bu ahvolda ekaningni bilganimda edi, bu ishlarni qilmas edim. Men qilgan ishlarimdan Alloh taologa tavba qildim», deya qattiq yig‘ladi. So‘ng ichkariga kirib go‘yandalarni tarqatib yubordi va boshqa kiyim kiydi. Bir hamyon dirham uzatib: «Ey Solih, buni o‘g‘lim nomidan ehson qil», dedi. Duo qilib pullarni oldim va o‘g‘li nomidan sadaqa qildim. Keyingi juma tunida, odatdagidek qabristonga borib tunadim. Tushimda mayyitlarni ko‘rdim. Ular qabrlaridan chiqib halqa-halqa bo‘lib o‘tirdilar. Ularga tovoqlar tushdi. Haligi yigit shod-xurram, xushchaqchaq edi. Unga ham tovoq keldi. Meni ko‘rib oldimga keldi va: «Ey Solih, Alloh seni mukofotlasin. Onam qilayotgan noma’qul ishlarini tark etgani uchun Alloh azobni yengillatdi. Mening nomimdan qilgan sadaqang ham yetib keldi», dedi. «Bular qanaqa tovoqlar?» deb so‘ragan edim «Bular tiriklarning o‘liklarga xayr-ehson, xatmi Qur’on va duolardan iborat hadyalaridir. Har juma kechasi ularga olib kelishadi-da, bu senga falonchining hadyasi deyishadi. Endi onamning oldiga qaytib borganingda, ularga salomimni va ushbu gaplarimni yetkaz. Onajon, Alloh sizni mukofotlasin, mening nomimdan qilgan sadaqangiz yetib keldi. Siz menga yaqinsiz, tayyorgarligingizni ko‘ring», dedi. Keyin uyg‘onib ketdim. Bir necha kun o‘tgach, ayolning uyiga bordim. Eshik oldida tobut turgan edi. Kim qazo qildi, deb so‘ragan edim, yigitning onasi, deyishdi. Unga janoza o‘qib, o‘g‘lining yoniga dafn qildik. Uning haqiga duo qilib, o‘z yo‘limga ravona bo‘ldim».

Alloh taolo bizni musulmon holimizda vafot etdirishini, solihlar safiga qo‘shishini va do‘zaxdan saqlashini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, rahmli va mehribon zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:48:32

Yigirma birinchi gunohi kabira
ZAKOT BERMASLIK

Alloh azza va jalla aytadi:

«Alloh fazlu karami bilan ato qilgan narsalarning (zakotini) berishga baxillik qilgan kimsalar hargiz bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar. Yo‘q, bu qilmishlari o‘zlari uchun yomonlikdir. Baxillik qilib bermagan narsalari qiyomat kunida bo‘yinlariga o‘ralajak!..» (Oli Imron surasi, 180).

«Zakotni (haqdorlarga) ato etmaydigan mushriklarga esa halokat bo‘lgay!» (Fussilat, 6-7).

Zakot bermaydigan kimsalarni «mushriklar» deb atadi.

«Oltin-kumushni to‘plab, uni Alloh yo‘lida infoq-ehson qilmaydigan kimsalarga alamli azob «xushxabari»ni bering! U Kunda (qiyomatda) o‘sha (oltin-kumushlar) jahannam o‘tida qizitilib, u bilan ularning peshonalari, yonlari va ketlariga tamg‘a bosilib: «Mana bu o‘zlaringiz uchun to‘plagan narsalaringizdir. Endi to‘plagan narsalaringizning mazasini totib ko‘ringlar» (deyilur)» (Tavba surasi, 34—35).

Butun a’zolar orasidan faqatgina peshona, yonbosh va orqa tomonga tamg‘a bosilishining boisi, baxil boy faqirlarni ko‘rganda, peshonasini tirishtirib, yonboshi bilan turib olar, agar yaqiniga kelsa, orqasini o‘girib olar edi. Jazo qilmishiga yarasha, mos bo‘lishi uchun mazkur a’zolarga tamg‘a bosiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:48:40

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi bir oltin yoki kumush sohibi boyligining haqini (zakotini) bermas ekan, qiyomat kuni bo‘lganda olovdan qozonlar yasalib, boyligi jahannam olovida qizdiriladi-da, u bilan peshonasi, yonboshi va orqa tomoniga tamg‘a bosiladi. Agar u sovib qolsa, darhol boshqatdan qizdiriladi. Bu miqdori ellik ming yilga teng bo‘lgan kunda, to bandalar orasida hukm qilinguncha davom etadi. So‘ng jannatga yoki do‘zaxga eltuvchi yo‘lini ko‘radi». «Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, tuyalar-chi?» deb so‘rashdi. Rasululloh aytdilar: «Tuya sohibi ham uning haqqini ado qilmas ekan (uning haqqi sug‘orilgan kuni sog‘ib olinishidir), qiyomat kuni o‘sha tuya uchun tekis joy hozirlab beriladi. Tuyaning biror bolasi ham qolmasdan, egasini tuyoqlari bilan toptaydi, og‘izlari bilan tishlaydi, ustidan avvalgisi o‘tsa, yana boshqasi qaytib keladi. (Bu ish) miqdori ellik ming yil bo‘lgan bir kunda toki bandalar orasida hukm qilinib, (tuya sohibi) yo‘li jannatga yoki do‘zaxga ekanini ko‘rguncha (davom etadi)».

Yana aytildi: «Yo Rasululloh, sigir va qo‘ylar-chi?» Rasululloh aytdilar: «Qaysi bir sigir yoki qo‘y egasi uning haqqini ado etmasa, qiyomat kuni bo‘lganda (o‘sha sigir va qo‘y uchun) hamma narsa ko‘rinadigan tep-tekis bir yer kengaytirib beriladi. (U sigir va qo‘ylar) ichida shoxi bir-biriga kirishib ketgan bo‘ladi, shoxsiz yoki shoxi singani bo‘lmaydi, ular uni (egasini) shoxlari bilan suzadilar, tuyoqlari bilan toptaydilar, ustidan bittasi o‘tib ketsa, yana boshqasi kelib bosadi. (Bu ish) miqdori ellik ming yil bo‘lgan bir kunda bo‘lur. Toki hukm qilinib, (mol egasi) yo‘li jannat yoki do‘zaxga ekanini ko‘rguncha (davom etadi)».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Do‘zaxga birinchi bo‘lib kiradigan uch toifa: zolim amir, molidagi Alloh taoloning haqini ado qilmaydigan boy, mutakabbir kambag‘al» (Ibn Hibbon, Ibn Huzayma rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:48:56

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Kimning Alloh taolo baytini haj qilishga yetadigan mablag‘i bo‘lsa-yu, haj qilmasa, yoki zakot berish vojib bo‘lsa-yu, zakot bermasa o‘layotgan vaqtida hayotga qaytarilishini so‘raydi», dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Ibn Abbos, Allohdan qo‘rq, hayotga qaytarilishni kofirlar so‘raydi», deya e’tiroz bildirdi. Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Senga bu haqda Qur’on (oyati) o‘qib beraman. Alloh taolo:

«Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelib, u: «Parvardigorim, meni ozgina muddatga (hayotda) qoldirsang, men xayr-sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam» deb qolishidan ilgari — Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilingiz!» (Munofiqun surasi, 10) degan», deya javob berdilar.

«Zakot qachon vojib bo‘ladi?» deb so‘rashgan edi. «Mol (boylik) ikki yuz dirhamga yetsa, undan zakot berish vojib bo‘ladi», dedilar. «Haj qachon vojib bo‘ladi?» so‘rashgan edi. «Ozuqa va ulovga ega bo‘lganda», deya javob berdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:49:19

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Alloh kimga boylik ato etgan bo‘lsa-yu, u zakotini bermasa, qiyomat kunida boyligi ikki kokilli ajdarga aylantiriladi. So‘ng u sohibining bo‘yniga o‘raladi-da, ikki lunjidan tutib: «Men sening molingman, sening xazinangman», deydi va ushbu oyatni o‘qiydi:

«Alloh fazlu karami bilan ato qilgan narsalarning (zakotini) berishga baxillik qilgan kimsalar hargiz bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Yo‘q, bu qilmishlari o‘zlari uchun yomonlikdir. Baxillik qilib bermagan narsalari qiyomat kunida bo‘yinlariga o‘ralajak!» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Besh ish besh ishga bog‘liq». «Yo Rasululloh, biri ikkinchisiga bog‘liq bo‘lgan besh ish qaysi?» deb so‘rashdi. «Qaysi qavm ahdini buzsa, ularga dushmanlari hukmron bo‘ladi. Alloh nozil qilgandan boshqa narsa bilan hukm qilsa, ularda faqirlik yoyiladi. Fahsh ishlar avj olsa, ularda o‘lim ko‘payadi. Zakot bermasalar, ularga yomg‘ir yog‘dirilmay qo‘yadi. O‘lchov va tarozidan urib qolishsa, nabototlar o‘smay, bir necha yil qirg‘oqchilikka duchor bo‘ladilar», deya javob berdilar (Tabaroniy).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «(Baxil) kishiga tamg‘a bosilayotganda dirham dirhamga, dinor dinorga tekkan holda bosilmaydi. Balki terisi kengaytirilib, har bir dinor va dirham alohida-alohida qo‘yilib tamg‘a bosiladi». (Tabaroniy rivoyati).

Iste’molda bo‘lgan muboh taqinchoqlardan zakot berilmaydi. Mulk yoki ijara hisobidagi taqinchoqlardan esa beriladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:49:33

Hikoya

Muhammad ibn Yusuf Faryobiy hikoya qiladilar: «Bir necha ashoblarim bilan Abu Sinonni (Alloh rahmat qilsin) ziyorat qilgani bordik. U zotning huzurlariga kirib o‘tirganimizdan keyin: «Qo‘shnimizning akasi qazo qilgan. Yuringlar, unikiga ta’ziyaga chiqamiz», dedilar. Hammamiz turib, azadornikiga bordik. U akasining o‘limidan juda betoqat bo‘lib yig‘lar edi. Biz unga ta’ziya bildirib, tasalli berdik. U ta’ziyaga ham, tasalliga ham quloq solmas edi. Unga: «O‘lim hammaning boshida borligini bilmaysanmi?» degan edik, «Bilaman, biroq akam tunu kun azoblanayotgani meni qon yig‘latmoqda», dedi. «Alloh senga g‘aybni bildirdimi?» deb so‘ragan edik. «Yo‘q, lekin akamning yuziga tuproq tortib dafn qilgandan va odamlar tarqab ketgandan so‘ng qabri yoniga cho‘kdim. Shu payt qabridan: «Oh, meni o‘z holimga qo‘yinglar, meni azoblamanglar. Men namoz o‘qirdim, ro‘za tutardim», degan ovoz eshitildi. Bu gapdan men yig‘lab yubordim va ahvolini ko‘rish uchun qabrini kavladim. Lahadda olov alangalanib turar va uning bo‘ynida olov bo‘yinbog‘ bor edi. Ukalik mehrim qo‘zib, bo‘yinbog‘ni olish maqsadida qo‘limni uzatdim. Barmoqlarim va qo‘llarim kuyib qoldi», dedi-da, qo‘llarini chiqarib ko‘rsatdi. U kuyib qop-qora bo‘lib ketgan edi. So‘zida davom etib aytdi: «Uni qaytadan ko‘mib, qaytib keldim. Uning bu holiga qanday qilib yig‘lamaslik va xafa bo‘lmaslik mumkin?!» «Akangiz tirikligida nima amal qilar edi?» so‘radik biz. «Mol-mulkining zakotini bermas edi», dedi. «Bu Alloh taoloning:

«Alloh fazlu karami bilan ato qilgan narsalarning (zakotini) berishga baxillik qilgan kimsalar hargiz bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Yo‘q, bu qilmishlari o‘zlari uchun yomonlikdir. Baxillik qilib bermagan narsalari qiyomat kunida bo‘yinlariga o‘ralajak!» (Oli imron surasi, 180) degan kalomining tasdig‘idir. Azob akangizga qiyomat kunigacha qabrida beriladigan bo‘libdi-da», dedik».

Allohdan afv va ofiyat tilaymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:49:57

Yigirma ikkinchi gunohi kabira
BERGAN NARSANI MINNAT QILISH

Alloh taolo aytadi:

«Ey iymon keltirganlar, molini odamlarga ko‘rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!» (Baqara surasi, 264).

Kalbiy: «Qilgan sadaqasini Allohga minnat qilish va olgan odamga ozor berish bilan», deb tafsir qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Qiyomat kunida Alloh uch toifa odamga gapirmaydi, qaramaydi, ularni poklamaydi va ularga alamli azob bordir: kiyimini uzun qilib yerga sudrab yuruvchi, minnatchi va yolg‘on qasam bilan molini o‘tkazuvchi» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:50:06

Boshqa bir hadisda: «Qiyomat kunida Alloh uch toifa odamga — ota-onasiga oq bo‘lgan, mast qiluvchi narsalarga mukkasidan ketgan va bergan narsasini minnat qilgan odamga qaramaydi. Shuningdek, uch toifa kimsa jannatga kirmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan, dayus va erkakshoda ayol», deyilgan (Nasoiy, Bazzor rivoyati).

Erkakshoda ayoldan murod erkaklarga taqlid qiladigan ayoldir.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Makkor-aldamchi, minnatchi va baxil jannatga kirmaydi» (Termiziy rivoyati).

«Yaxshilikni minnat qilishdan ehtiyot bo‘linglar, chunki u shukrni yo‘q qiladi, ajrni ketkazadi», degan xabar ham rivoyat qilingan.

Qayd etilgan