Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295551 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:50:22

Ibn Siyrin bir kishining boshqa birovga, senga yaxshilik qildim, undoq qildim, bundoq qildim, deyayotganini eshitib qoldilar-da, unga: «Jim bo‘l. Agar sanaladigan bo‘lsa, yaxshiliklarda naf yo‘q», dedilar.

Ayrim ulamolar aytgan ekanlarki: «Kim qilgan yaxshiligini minnat qilsa, noshukr bo‘ladi, kim o‘z amalidan g‘ururlansa, ajri ketadi».

Imom Shofe’iy quyidagi ma’nodagi misralarni o‘qigan ekanlar: «Odamlarga og‘irliging tushmasin, toki senga minnat qilishmasin. O‘zingning ulushingni ixtiyor qilib sabr et, zero sabr jannatdir. Birovlarning minnati qalbga tishlagandan ko‘ra qattiqroq ta’sir qiladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:50:45

Yigirma uchinchi gunohi kabira
EHTIYOJDAN ORTIQCHA SUVNI QIZG’ANISH

Alloh taolo aytadi:

«Ayting: «Xabar beringiz-chi, agar (to‘satdan ichar) suvlaringiz (er tubiga) singib ketar bo‘lsa, u holda kim sizlarga oqar suv keltira olur?!» (Mulk surasi, 30).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Yaylovni xarob qilish maqsadida ortiqcha suvni to‘smanglar» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim ortiqcha suvini yoki ortiqcha o‘t-o‘lanini man qilsa (ya’ni, boshqalarga bermasa), Alloh azza va jalla qiyomat kunida undan O‘z fazlini man qiladi» (Imom Ahmad rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:51:54

Yigirma to‘rtinchi gunohi kabira
RAMAZONDA UZRSIZ RO‘ZA TUTMASLIK

Alloh taolo buyuradiki:

«Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Endi sizlardan biron kishi xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi...» (Baqara surasi, 183—184).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Islom besh narsa asosiga bino qilingan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q hamda Muhammad Uning bandasi va elchisidir, deb guvohlik berish, namozni qoyim qilish, zakot berish, Ka’bani haj qilish va ramazonda ro‘za tutish» (Muttafaqun alayh).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim ruxsatsiz va kasal bo‘lmay turib, ramazonda biron kun ro‘za tutmasa, garchi bir umr ro‘za tutsa ham, o‘sha bir kunning qazosini o‘tay olmaydi» (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:52:03

Ibn Abbos roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berib aytgan ekanlarki: «Islom rishtalari (tayanchlari) va din qoidalari uchtadir. Islom asoslari ham ular ustiga barpo bo‘lgan. Ulardan birontasini tark etgan kishi o‘sha ishga kufr keltirgan bo‘lib, qoni haloldir. Ular: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, farz namozlari va ramazon ro‘zasi» (Abu Ya’lo rivoyati, hasan hadis).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uxlab yotgan edim. Yonimga ikki kishi kelib bilaklarimdan tutdi-da, meni chiqish qiyin bo‘lgan tog‘ oldiga olib borishib, unga chiqing, deyishdi. «Toqatim yetmaydi», degan edim. «Sizga chiqishni oson qilib qo‘yamiz», deyishdi. Men ko‘tarilib tog‘ning tekis joyiga (ustiga) yetganimda kuchli shovqin eshitildi. «Bu qanaqa shovqin?» deb so‘ragan edim, ular: «Bu do‘zaxiylarning faryodi», dedi. So‘ng meni u yerdan olib ketishdi. Bir joyda oyoqlaridan osib qo‘yilgan, lunjlari yirtilib, qon oqib turgan qavmga duch keldim. «Kim ular?» deb so‘ragan edim. «Ular ro‘zalari nihoyasiga yetmay turib iftor qiladigan kimsalardir», deyildi (Ibn Huzayma, Ibn Hibbon rivoyati).

Naxa’iy ramazonning ro‘za tutilmagan har bir kuni uchun uch ming kun ro‘za tutib berishni vojib deb bilganlar.

Said ibn Musayyab: «Har bir kun o‘rniga o‘ttiz kun ro‘za tutib berish vojib» degan bo‘lsalar, Imom Molikning ustozi Robiy’a roziyallohu anhu: «Har bir kun evaziga, o‘n ikki kun ro‘za tutadi», deganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:52:22

Yigirma beshinchi gunohi kabira
QODIR BO‘LATURIB HAJ QILMASLIK

Alloh azza va jalla shunday deydi:

«Va yo‘lga qodir bo‘lgan kishilar zimmasida Alloh uchun mana shu uyni (Ka’bani) haj — ziyorat qilish burchi bordir. Kimda-kim kofir bo‘lsa (ya’ni Ka’bani ziyorat qilish farz ekanini inkor qilsa), bas, albatta, Alloh butun olamlardan behojat bo‘lgan zotdir» (Oli Imron surasi, 97).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlarki: «Kim hajning farzligini inkor qilsa, u aniq kofir bo‘libdi va Alloh undan behojatdir».

Hazrati Umar roziyallohu anhu aytadilar: «Kimning haj qilishga imkoni bo‘laturib haj qilmasa, u yahudiy bo‘lib o‘ladimi yoki nasroniy bo‘libmi, farqi yo‘q» (Abu Bakr Ismoiliy rivoyat qilgan, sahih hadis).

Yana u zot roziyallohu anhu aytgan ekanlarki: «Mana bu shaharlarga odamlarimni yuborishni xohlardim. Toki odamlarim u yerdagi qodir bo‘laturib haj qilmagan kimsalarni topsalar-da, ularga jizya solsalar. Chunki ular musulmon emaslar» (Said ibn Mansur rivoyati, sahih hadis).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:52:41

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Kimning haj qilishga yetadigan mablag‘i bo‘lsa-yu, haj qilmasa, yoki zakot berish vojib bo‘lsa-yu, zakot bermasa, o‘layotgan vaqtida hayotga qaytarilishini so‘raydi», dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Ibn Abbos, Allohdan qo‘rq, hayotga qaytarilishni kofirlar so‘raydi», deya e’tiroz bildirdi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Senga u haqda Qur’on (oyati) o‘qib beraman. Alloh taolo:

«Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelib, u: «Parvardigorim, meni ozgina muddatga (hayotda) qoldirsang, men xayr-sadaqa qilib, (ya’ni, haj qilsam) solih (banda)lardan bo‘lsam», deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilingiz!» (Munofiqun surasi, 10) degan», deya javob berdilar.

«Zakot qachon vojib bo‘ladi?» deb so‘rashgan edi: «Mol ikki yuz dirhamga yetsa, undan zakot berish vojib bo‘ladi», dedilar. «Haj qachon vojib bo‘ladi?» deb so‘rashgan edi: «Ozuqa va ulovga ega bo‘lganda», deya javob berdilar.

Said ibn Jubayr roziyallohu anhu aytganlar: «Mening badavlat qo‘shnim vafot etdi. U haj qilmagan edi, uning janozasiga qatnashmadim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:53:01

Yigirma oltinchi gunohi kabira
ALLOHDAN BOSHQAGA ATAB JONLIQ SO‘YISH

Alloh taolo buyuradi:

«Allohning nomi zikr qilinmagan narsalardan yemangiz!» (An’om surasi, 121)

Ibn Abbos roziyallohu anhumo ushbu oyati karimaning tafsirida shunday deganlar: «Undan murod o‘limtik, bo‘g‘ilib o‘lgan va but-sanamlarga atab so‘yilgan jonivorlar».

Kalbiy aytganlarki: «Ular Alloh nomi zikr qilinmagan yoki Alloh taolodan boshqaga atab so‘yilgan jonivorlardir».

Ato aytganlar: «Quraysh qabilasi va boshqa arablar butlarga atab so‘ygan jonliqlar».

«...Zotan, bu ish itoatsizlikdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlarini (ya’ni, mushriklarni) sizlar bilan tortishishlari uchun vasvasaga solurlar».
Ya’ni, mushriklar mo‘minlar bilan o‘limtiklar xususida tortishadilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:53:16

«...Agar ularga bo‘yinsunsangiz, hech shak-shubhasiz, mushriklardan bo‘lib qolursizlar» (An’om surasi, 121).

Ya’ni, sizlar ham o‘limtikni halol deb bilsangiz, unda sizlar mushrik bo‘lib qolasizlar.

Zajjoj roziyallohu anhu aytganlarki: «Bu oyat Alloh harom qilgan narsalardan birontasini halol deb bilgan yoki Alloh halol qilgan narsalardan birontasini harom deb bilgan har bir kimsa mushrik bo‘lishiga dalildir».

Musulmon odam unutib «basmala»ni («Bismillahir rohmanir rohiym»ni) aytmay so‘ygan jonlig‘i halol hisoblanadi. Chunki mazkur oyatdagi: «Allohning nomi zikr qilinmagan narsalar»ni mufassirlar o‘limtiklar, deb tafsir qilishgan. Bironta mufassir uni musulmon odam «basmala»siz so‘ygan jonivor demagan. Shuningdek, musulmonning «basmala»siz so‘ygan jonlig‘idan yegan kishi itoatsizlik qilgan bo‘lmaydi. Qolaversa, mushriklar bilan «basmala»siz so‘yilgan jonliq xususida emas, o‘limtik xususida tortishganlariga mufassirlar ijmo’ — ittifoq qilishgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:53:26

Oisha (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: «Bir qavm ahli: «Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, bizga bir qabila a’zolari go‘sht olib kelishadi. Unga Allohning ismini zikr qilishganmi, yo‘qmi, bilmaymiz» deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Unga o‘zinglar «bismilloh» denglar-da, yeyaveringlar», dedilar» (Buxoriy va Nasoiy rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlarki: «Kim jonliq so‘ysa-yu, «basmala» aytishni unutsa, unga Allohning ismini zikr qilib yeyaversin. Modomiki, fitrat (sof tabiat) shariatga binoan so‘ygan ekan, uni shaytonga berib qo‘ymasin» (Bayhaqiy rivoyati).

Asarda kelishicha, «Allohning ismi har bir musulmonning og‘zidadir» («Naylul avtor»).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:53:39

Yigirma yettinchi gunohi kabira
SUDXO‘RLIK

Alloh taolo aytadi:

«Ey mo‘minlar, (bergan qarzlaringizni) bir necha barobar qilib (olish bilan) sudxo‘rlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! (Shunda) shoyad najot topgaysiz!» (Oli Imron surasi, 130).

«Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar. Bunga sabab ularning: «Bay’ (oldi-sotdi) ham sudxo‘rlikning o‘zi-ku?!» deganlaridir» (Baqara surasi, 275).

Ya’ni, ular Alloh harom qilgan ish — sudxo‘rlikni halol bildilar. Shu sababli qiyomat qoim bo‘lib, Alloh odamlarni qayta tiriltirgan vaqtda sudxo‘rlardan tashqari barcha odamlar qabrlaridan tezda turib ketadilar.

Sudxo‘rlar xuddi tutqanog‘i bor odamdek o‘rinlaridan turishlari bilan yiqiladilar. Ularning dunyoda sudxo‘rlik orqali yegan harom narsalarini Alloh qiyomat kunida qorinlarida ko‘paytirib qo‘yadi va bu ularga og‘irlik qiladi. Ular turmoqchi bo‘ladilar-u, biroq yiqilib tushaveradilar.

Qayd etilgan