Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295547 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:57:40

Sahih hadisda aytiladiki: «Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ekan, qo‘shnisiga ozor bermasin» (Muttafaqun alayh).

Qo‘shni uch toifa bo‘ladi: Musulmon, kofir, qarindosh qo‘shni.

Musulmon qo‘shnining qo‘shnilik va musulmonlik haqlari bor.

Kofir qo‘shnining qo‘shnilik haqi bor.

Qarindosh qo‘shni — uning qarindoshlik, qo‘shnilik haqlari (agar musulmon bo‘lsa, musulmonlik haqi ham) bor.

Ibn Umarning bir yahudiy qo‘shnisi bor edi. Agar jonliq so‘ysalar: «Yahudiy qo‘shnimizga undan olib chiqib beringlar», der edilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:57:47

Rivoyat qilinishicha, qiyomat kunida kambag‘al qo‘shni boy qo‘shnisiga osilib oladi va: «Ey Rabbim, mana bundan so‘ra-chi, nima uchun eshigini qulflab, mendan fazlini to‘sdi ekan», deydi.

Kishi qo‘shnisining ozor-aziyatlariga bardoshli, toqatli bo‘lishi lozim. Bu ish qo‘shniga yaxshilik qilish jumlasidan sanaladi.

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, menga jannatga doxil etadigan amalni o‘rgating», degan edi, «Muhsin (yaxshilik qiluvchi) bo‘l», dedilar. «Muhsinligimni qanday bilaman?» deb so‘ragan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Qo‘shnilaringdan so‘ra, agar seni muhsin deyishsa, demak, muhsinsan. Bordi-yu seni yomon deyishsa, demak yomonsan», dedilar (Bayhaqiy rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, kimdan-kim ahli (oila a’zolari) va mol-mulkidan qo‘rqib, qo‘shnisidan eshigini bekitsa, u mo‘min emas. Shuningdek, yomonligidan qo‘shnisi emin bo‘lmagan kishi ham mo‘min emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:57:53

Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan: «Zino haqida nima deysizlar?» deb so‘ragan edilar, ular: «U harom ish. Uni Alloh va rasuli harom qilgan bo‘lib, u qiyomat kunigacha haromdir», deya javob berishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘nta ayol bilan zino qilishi qo‘shnisining xotini bilan zino qilishidan yengilroq», dedilar-da yana so‘radilar: «O‘g‘irlik haqida nima deysizlar?» «Alloh va Uning rasuli uni harom qilgandir. U harom ish», deya javob berishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘nta uydan o‘g‘rilik qilishi qo‘shnisining uyidan o‘g‘irlik qilishidan yengilroq», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, qo‘shnisidan shikoyat qildi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Bor, sabr qil», dedilar. Haligi kishi yana ikki yo uch marta keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oxiri: «Bor, matohlaringni ko‘chaga uloqtirib tashla», deb maslahat berdilar. So‘ng u kishi shunday qildi. Ko‘chadan o‘tayotgan kishilar undan nima uchun bunday qilganini so‘rashar, u esa qo‘shnisi haqida so‘zlab berar edi. Ular bu javobni eshitib, qo‘shnisini la’natlashar, ayrimlari duoibad qilishardi. Shunda qo‘shnisi kelib, unga: «Uyingga qaytaqol, bundan keyin sira mendan yomonlik ko‘rmaysan», dedi» (Abu Dovud, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:57:59

Qo‘shni garchi zimmiy bo‘lsa ham, undan yetadigan ozoru aziyatlarga sabr qilish lozim.

Rivoyat qilishlaricha, Sahl ibn Ubaydulloh Tustariyning zimmiy qo‘shnisi bo‘lib, uning hojatxonasidan Sahlning uyiga iflos-nopok narsalar sizib chiqar edi. Sahl har kuni uning tagiga bir idish qo‘yib qo‘yar, majusiyning hojatxonasidan chiqqan narsalar idishga to‘planar va kechqurun hech kim ko‘rmaydigan joyga olib borib tashlanar edilar. Sahl hazratlari uzoq muddat shu taxlit ish yuritdilar. Vafotlari yaqinlashgach, majusiy qo‘shnisini chorlab: «Mana bu uyga kirib, bu yerda nima borligini ko‘rib qo‘y», dedilar. U kirib idishga tushayotgan iflos, nopok narsalarni ko‘rdi va: «Bu nima?» deb so‘radi. «Bu uzoq muddatdan beri hovlingdan mana shu uyga tushadi. Uni kunduzlari shu idishga to‘plab, kechalari olib chiqarib tashlar edim. Mabodo, ajalim yaqinlashib qolmaganida, buni senga aytmas edim. Boshqa biron kishining xulqi buni o‘ziga singdira olmasligidan qo‘rqdim. Endi xohlaganingni qil», dedilar. Shunda majusiy: «Ey shayx, men kofir bo‘lsam ham, uzoq vaqtdan beri menga shunday go‘zal munosabatda bo‘lib kelayotgan edingizmi?! Qo‘lingizni bering, men Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik beraman», deb musulmon bo‘ldi. Sahl roziyallohu anhu shundan so‘ng vafot etdilar.

Alloh taolodan barchamizni xulqlarning, amallarning va so‘zlarning eng go‘zallariga yo‘llamog‘ini tilaymiz. Albatta, U saxovatli, mehribon va rahmli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:58:23

O‘ttiz ikkinchi gunohi kabira
MUSULMONLARGA OZOR BERISH VA HAQORAT QILISH

Alloh taolo marhamat qiladi:

«Mo‘min va mo‘minalarga ular biron gunoh qilmasliklaridan turib ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar» (Ahzob surasi, 58).
Ya’ni, iymon ahliga hech bir gunoh-jinoyat qilmasalar-da ozor beradigan kimsalar o‘z ustlariga yolg‘on, bo‘hton va ulkan gunohni yuklab olgan bo‘ladilar.

«Ey iymon keltirganlar, (sizlardan bo‘lgan) bir qavm, boshqa bir (mo‘min) qavmdan masxara qilib kulmasin, ehtimol (o‘sha masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq bo‘lsalar. Yana (sizlardan bo‘lgan) ayollar ham (boshqa mo‘mina) ayollar ustidan masxara qilib (kulmasinlar) — ehtimolki, (o‘sha masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsalar. O‘zlaringizni (ya’ni, bir-birlaringizni) mazax qilmanglar va bir-birlaringizga laqablar qo‘yib olmanglar. Iymondan keyin fosiqlik bilan nomlanish (ya’ni, mo‘min kishining yuqorida man qilingan fosiqona ishlar bilan nom chiqarishi) naqadar yomondir. Kim tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar zolim kimsalardir» (Hujurot surasi, 11).

Ya’ni, kimki masxaralab kulish, mazax qilish va laqab qo‘yishdan tavba qilmas ekan, ana o‘sha kimsalar o‘zlarini azobga giriftor qilganlari sababli haqiqiy zolimlardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:58:31

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida Alloh nazdida eng yomon darajali kimsa — beodobligi-uyatsizligidan saqlanish maqsadida odamlar tark qilgan yoki odamlar o‘z holiga tashlab qo‘ygan kishidir» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonga musulmonning nomusi, moli va qoni haromdir. Taqvo shudir. Musulmon birodarini haqorat qilishi kishining yomonligiga yetarli dalildir» (Termiziy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni tahqirlamaydi, yordamsiz tashlab qo‘ymaydi». So‘ng: «Taqvo mana bu yerdadir», deya ko‘kslariga uch marta ishora qildilar va: «Musulmon birodarini haqorat qilishi kishining yomonligiga yetarli dalildir», dedilar (Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonni so‘kish fosiqlik, o‘ldirish esa kufrdir» (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:58:38

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Falonchi ayol kechalari namoz o‘qib, kunduzlari ro‘za tutadi. Biroq tili yomon, qo‘shnilariga behayolik bilan ozor beradi», deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda», dedilar (Hokim rivoyati, sahih hadis).

Boshqa bir sahih hadisda: «Mayyitlaringizning yaxshiliklarini zikr qilinglar, yomonliklaridan tilingizni tiyinglar», deyilgan (Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim bir kishini «kofir» yoki «Allohning dushmani» desa va u bunday bo‘lmasa, aytgani o‘ziga qaytib tushadi» (Muttafaqun alayh).

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Meni yuqoriga olib chiqishgach, bir qavm yonidan o‘tdim. Ularning tirnoqlari misdan bo‘lib, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini timdalar edilar. «Ey Jabroil, ular kim?» deb so‘ragan edim, «Ular odamlarning go‘shtlarini yeydigan va nomuslariga tajovuz qiladigan kimsalardir», deya javob berdi» (Abu Dovud rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:58:55

Fasl

Mo‘minlarning orasiga nifoq solishdan, shuningdek, hayvonlarni urishtirishdan ogohlantirish xususida


Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Shayton arab yarim orolida o‘ziga namozxonlar ibodat qilishidan umidini uzdi. Biroq ular orasiga nifoq solishidan umidini uzgani yo‘q» (Muslim rivoyati).

Ikki odam orasiga nizo soladigan va ular o‘rtasida bir-biriga ozor beradigan gaplarni tashiydigan har kimsa shayton guruhidan bo‘lgan chaqimchidir, eng yaramas odamdir. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Sizlarga eng yomon, eng yaramaslaringiz kimlar ekanini xabar qilayinmi?! Ular chaqimchilik qilib yuruvchilar, yor-do‘stlar orasini buzuvchilardir» (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Chaqimchilar jannatga kirmaydi» (Muttafaqun alayh).

Chaqimchi — odamlar orasida, «falonchi sen haqingda undoq dedi, «falonchi bundoq qildi» kabi gaplarni tashuvchi kimsadir. Biron yomonlikdan ogohlantirish uchun yoki boshqa bir foydani ko‘zlab xabar keltirish bundan mustasno.

Jonivorlarni bir-biriga gij-gijlab urushtirish ham haromdir. Xo‘roz, qo‘chqor, it va boshqa barcha jonivorlarni urishtirishdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytarganlar. Kim bu ishni qilsa, Alloh va rasuliga osiy bo‘ladi. Shuningdek, xotinni eriga, qulni xo‘jayinga qarshi qayrash ham harom.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Xotinni eriga va qulni xo‘jayiniga qarshi aldab yo‘ldan urgan kimsa bizdan emas» (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:59:05

Fasl

Odamlar orasini isloh etishga targ‘ib qilish xususida

«Ularning ko‘p maxfiy suhbatlaridan — agar sadaqa berishga yo biron yaxshilik qilishga yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lmasalar — hech qanday foyda yo‘qdir. Kim Alloh rizosini istab bu ishlarni qilsa, unga ulug‘ mukofot berajakmiz»
(Niso surasi, 114).

Ummu Habiba roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Odam farzandining har bir kalomi o‘ziga ziyondir. Magar yaxshilikka buyurish yo yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, bir kishi Sufyon Savriyga yuqoridagi hadis haqida: «Bu hadis juda shiddatli ekanmi?!» deganida, u zot: «Alloh taoloning: «Ularning ko‘p maxfiy suhbatlarida hech qanday yaxshilik yo‘q. Magar sadaqa berishga yo biron yaxshilik qilishga yoki odamlar orasini isloh qilishga...» degan kalomini eshitmaganmisan? Bu oyatga o‘sha hadis monanddir», deya javob berganlar.

Hadisi sharifda aytiladiki: «Yaxshilikni oshirib yoki yaxshi gapirib odamlar orasini isloh qiladigan kishi yolg‘onchi emas» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:59:13

Ummu Gulsum aytganlar: «Uch o‘rindan tashqari odamlar gapiradigan biron narsada (yolg‘onga) ruxsat berilganini eshitmadim». Uch o‘rin — urush, odamlar orasini isloh qilish va erning xotiniga yoki xotinning eriga oilani saqlab qolish uchun gapirishida ruxsat berilgan.

Sahl ibn Sa’d Soidiy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Amr ibn Avf qabilasi orasiga sovuqchilik tushgani xabari keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari hamrohligida ular orasini isloh qilish uchun yo‘lga tushdilar» (Buxoriy rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, namozga borish, nizolashganlar orasini isloh qilish yoki musulmonlar orasida joiz qasam ichishdan ko‘ra afzalroq amal yo‘q.

Yana rivoyat qilishlaricha, kimda-kim ikki kishi orasini isloh qilsa, Alloh uning ishini isloh qiladi, gapirgan har bir so‘zi evaziga bir qul ozod qilganlik savobini beradi va u gunohlari kechirilgan holda qaytadi.

Tavfiq Allohdan. Ey Allohim, bizga lutf-marhamating ila muomala qil. Ey rahmlilarning rahmlisi, O‘zing bizni afv ayla.

Qayd etilgan