Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295590 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:07:14

Fasl

Ayol eriga itoat etishga, roziligini qozonishga buyurilganidek, er ham xotiniga ehson qilishga, lutf-marhamat ko‘rsatishga, uning ayrim nojo‘ya harakatlariga sabr qilishga, yaxshi, tinch-totuv yashash, yedirib-ichirish va kiydirish kabi haqlarini ado etishga buyurilgan. Alloh taolo aytadiki:
«Ular bilan xushmuomala bo‘lib, tinch-totuv yashanglar» (Niso surasi, 19).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Ogoh bo‘linglar, ayollarga doimo yaxshi munosabatda bo‘linglar. Ular sizlarning qo‘l ostingizdagi asirlar, xolos. Bundan boshqa ularning biron narsasiga egalik qila olmaysizlar. Magar ular ochiq fahsh ishni qilsalar (unda haqqingiz bor). Agar itoatsizlik qilsalar, ularni yotoqlarida tark etinglar, so‘ngra jarohat yetkazmaydigan qilib uringlar. Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar.

Ogoh bo‘linglarki, ayollaringiz ustida sizlarning haqqingiz bor va sizlarning ustingizda ayollaringizning haqqi bor. Ular ustidagi haqlaringiz — to‘shagingizni siz yoqtirmaydigan kimsaga bostirmasligi va siz yoqtirmaydigan kimsani uyingizga kiritmasligidir. Sizning ustingizdagi haqlari — ularga kiyimlari va taomlarini ehson qilishingiz» (Ibn Moja, Termiziy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yaxshilaringiz ahliga yaxshi bo‘lganlaringizdir», dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:07:21

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘minlarning iymoni eng mukammali xulqi go‘zalroq bo‘lganidir. Yaxshilaringiz xotinlariga yaxshi bo‘lganlaringizdir» (Termiziy, Ibn Hibbon rivoyati).

Asarda kelganki: «Qaysi erkak xotinining yomon xulqiga sabr qilsa, Alloh unga Ayyubga (a.s.) balolari evaziga berilgan miqdorda ajr beradi. Qaysi ayol erining yomon xulqiga sabr qilsa, Alloh unga Fir’avn xotini Osiyo binti Muzoximga berilgan miqdorda ajr beradi».

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga xotinining xulqi yomonligidan shikoyat qilish uchun keldi. Umarning eshigi yoniga kelib, chiqishini kutib turdi. Shu payt Umarga xotini qattiq-qattiq gapirayotganini eshitdi. U kishi esa hech bir so‘z qaytarmay, jim turardi. Haligi kishi: «Amiral mo‘minin bo‘laturib, yana shunchalik shiddati va salobati bilan Umarning holi shu bo‘lsa, mening ahvolim nima bo‘lardi?» deb iziga qaytdi. Shu vaqt Hazrati Umar uyidan chiqdilar va haligi kishining qaytib ketayotganini ko‘rib yoniga chorladilar-da: «Nima ehtiyojing bor?» deb so‘radilar. U «Ey amiral mo‘minin, xotinimning xulqi yomonligidan, tili uzunligidan sizga shikoyat qilish uchun kelgan edim. Qarasam, sizning xotiningiz ham shunday ekan. O‘zimcha, amiral mo‘mininning holi shu bo‘lsa, mening ahvolim nima bo‘lardi, dedim», deya javob berdi. Shunda Umar: «Ey birodar, xotinimning menda bir qancha haqlari bo‘lgani bois bu qilig‘iga sabr qildim. Zero, u ovqatimni pishiradi, nonimni yopadi, kiyimlarimni yuvadi, bolamni emizadi. Holbuki, bularning barchasi ham unga vojib emas. U sababli qalbim taskin topadi, haromdan saqlanaman. Shu bois sabr qildim», dedilar. U: «Ey amiral mo‘minin, mening xotinim ham shunday», degan edi, Umar roziyallohu anhu: «Ey birodar, sabr qil. Bu ozgina muddat, xolos», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:07:34

Hikoyat

Hikoya qilishlaricha, bir solih kishining Alloh yo‘lida solih do‘sti bo‘lib, uni har yili bir marta ziyorat qilar edi. Bir kuni birodarini ziyorat qilish uchun kelib, eshigini taqillatdi. Xotini: «Kim?» deb so‘radi. U: «Eringning Alloh yo‘lidagi birodariman. Uni ziyorat qilish uchun keldim», dedi. Shunda xotini: «O‘tin terishga ketgandi. Alloh uni sog‘ qaytarmasin, salomat qilmasin, undoq qilsin, bundoq qilsin», deya qarg‘ay ketdi. U kishi eshik oldida turgan vaqtda tog‘ tarafdan birodari sherga bir quchoq o‘tin ortib kelib qoldi. Birodari bilan salomlashib, xush kelibsiz deb, o‘tinni ichkariga kirgizdi-da, sherga: «Barakalloh, endi boraqol», dedi So‘ng birodarini ichkariga taklif qildi. Xotini hanuz qarg‘anar, tili bilan ozor berar, eri esa bir so‘z qaytarmay, sukut saqlar edi. Solih kishi birodari bilan bir oz tamaddi qilgan bo‘ldi. So‘ng uyiga qaytdi. U birodarining shunday bema’ni xotiniga sabr qilib yashayotganiga ajablangan edi.

Oradan bir yil o‘tgach, u kishi odatiga binoan, birodarini ziyorat qilish uchun kelib eshigini taqillatdi. Xotini: «Kim?» dedi. U: «Eringizning Alloh yo‘lidagi birodari, falonchiman», degan edi, xotini: «Marhabo, xush kelibsiz. O‘tira turing, u kishi, inshaalloh, sog‘-salomat kelib qoladilar», dedi. Kishi xotinining shirinsuxan va odobliligidan ajablandi. Shu payt birodari o‘tin orqalab kelib qoldi. Kishi bundan ham hayratga tushdi. Birodari kelib u bilan salomlashib, ichkariga taklif qildi. Xotini ularga taom hozirladi va ularni shirinsuxanlik bilan taomga taklif qildi. Kishi ketishi oldidan birodariga: «Sizdan bir narsa so‘ramoqchi edim», dedi. Birodari: «Nima?» degan edi, u kishi: «O‘tgan yili kelganimda xotiningiz beodob, ko‘p qarg‘anar edi, siz esa o‘tinni sherga ortib keldingiz. Vahshiy hayvon amringizga muntazir edi. Bu yil esa, xotiningiz shirinsuxan, qarg‘anmaydi. Biroq o‘tinni o‘zingiz orqalab keldingiz. Buning boisi nima?» deb so‘radi. Shunda birodari javoban: «Ey birodar, o‘sha bema’ni xotinim vafot etdi. Uning axloqsizligi va qiliqlariga sabr qilar edim. U bilan yashash behuzurlik bersa-da, chidaganim bois shekilli, Alloh taolo menga o‘sha sherni bo‘ysundirib qo‘ygan, u og‘irimni yengil qilar edi. Xotinim vafot etgach, mana shu soliha ayolga uylandim. Bu muborak, mute’ ayol bilan rohat-farog‘atda yashayapman. Shu bois, sher kelmay qo‘ydi va o‘zim o‘tinni orqalab kelishga majbur bo‘ldim», dedi.

Alloh taolodan O‘zi yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan narsalarga sabr-bardoshli etmog‘ini so‘raymiz. Albatta, U marhamatli, saxovatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:07:57

O‘ttiz to‘qqizinchi gunohi kabira
DAYUSLIK VA QO‘SHMACHILIK

Alloh taolo aytadi:
«Zinokor erkak faqat zinokor ayolga yoki mushrikaga uylanur. Zinokor ayolga faqat zinokor erkak yoki mushrik uylanur. Va bu (ya’ni, zinokor ayollarga uylanish) mo‘minlarga harom qilingandir» (Nur surasi, 3).

Mazkur oyati karimada ifodalanishicha, zinokor, fosiq kimsa soliha ayollarga uylanishga rag‘bat ko‘rsatmaydi. Bil’aks, u o‘ziga o‘xshagan nopok, fosiqa ayolga yoki mushrikaga uylanishni xohlaydi. Shuningdek, fosiqa, nopok ayolga uylanishga solih kishilar rag‘bat bildirilmaydilar. Ularga fosiq va mushriklar rag‘bat-xohish bildiradilar.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamlar jannatga kirmaydilar: ota-onasiga oq bo‘lganlar, dayuslar, erkakshoda ayollar» (Nasoiy, Bazzor, Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:08:26

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odamlar hech qachon jannatga kirmaydilar: dayuslar, erkakshoda ayollar, xamr (mast qiluvchi narsa)ga mukkasidan ketganlar», dedilar. «Yo Rasululloh, xamrga mukkasidan ketganni, bilamiz. Dayus kim?» deb so‘rashgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Ahlining huzuriga kim kirayotganiga parvo qilmaydigan kimsa», deb javob berdilar. «Erkakshoda ayol kim?» deb so‘rashgan edi: «O‘zini erkaklarga o‘xshatadigan ayol», dedilar (Tabaroniy rivoyati).

Musannif rahmatullohi alayh aytadilar: «Kimki xotinini fohishalik qiladi, deb o‘ylasa-yu, biroq uni yaxshi ko‘rgani yoki mahrini to‘lashga qurbi yetmasligi va yo yosh bolalari bo‘lib, ajrashgan taqdirda, ularning nafaqasini talab qilishdan qochganligi sababli, xotinining xiyonatini bilmaganga olsa, unday kimsa bu xotin bilan yashashga loyiq emas. Fayurligi — rashki yo‘q kimsada hech bir yaxshilik bo‘lmaydi.

Pokiza ayolni o‘z holiga qo‘ymay, fohishaga aylanishiga sababchi bo‘ladigan qo‘shmachiga ikki hissa gunoh bo‘ladi.

Allohdan barcha balo ofatdan omon saqlashni so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:08:52

Qirqinchi gunohi kabira
POKIZA AYOLLARGA TUHMAT QILISH

Alloh taolo aytadi:

«Albatta, (buzuq niyatlardan) bexabar, pokiza, mo‘mina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la’natga duchor bo‘ladilar. Ular uchun ulug‘ azob bordir. U Kun (qiyomat)da qilib o‘tgan (bo‘htonlari) sababli ularning tillari ham, qo‘lu oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur» (Nur surasi, 23—24).

«Pokiza ayollarni (zinokor) deb badnom qilib, so‘ngra (bu da’volariga) to‘rtta guvoh keltira olmagan kimsalar(ni) — ularni sakson darra uringlar va hech qachon ular tomonidan biron guvohlikni qabul qilmanglar! Ular fosiq — itoatsiz kimsalardir» (Nur surasi, 4).

Haromdan saqlangan, pokiza, hur ayolga kimda-kim «zinokor» yoki «fohisha» deb tuhmat qilsa, unga dunyo-yu oxiratda la’nat va ulkan azob bo‘lishini, bu dunyoda esa sakson darra urilib, garchi ishonchli bo‘lsa-da, guvohligi boshqa qabul qilinmasligini Alloh taolo bayon qildi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi ishdan saqlaninglar», deb ular orasida: «(Buzuq niyatlardan) g‘ofil, pokiza, mo‘mina ayollarga tuhmat qilish»ni ham sanab o‘tganlar (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:09:00

Tuhmat qilish — pokiza, hur, muslima ayolga «ey zinokor» yoki «ey fohisha» va yo shunga ma’nodosh so‘zlarni aytish, eriga «ey fohishaning eri» o‘g‘liga «ey fohishaning o‘g‘li» qiziga «ey fohishaning qizi» deyish yoki shu kabi so‘zlarni so‘zlashdir.

Bironta erkak yoki ayol boshqa bir erkak yoki ayolga va yo yosh bolaga shu va shunga o‘xshash so‘zlarni aytsa, shu so‘zlarning rostligiga to‘rtta guvoh keltirishi lozim. Agar keltira olmasa, tuhmatga uchragan erkak yoki ayol talab qilsa, unga sakson darra uriladi.

Shuningdek, quliga tuhmat qilgan kimsa ham azobga giriftor bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Kimki quliga «zinokor», deb tuhmat qilsa, qiyomat kunida unga had (jazo) qo‘llanadi. Agar gapi rost bo‘lsa, (jazo) qo‘llanmaydi» (Muttafaqun alayh).

Ko‘p johillar behayo so‘zlarni aytishga odatlanib qolishgan. Holbuki, ular mana shu so‘zlari bilan dunyoda gunohkor, oxiratda azobga giriftor bo‘ladilar. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Banda o‘ylamasdan bir so‘zni aytadi-da, u sababli mashriq bilan mag‘rib orasidagi masofadan uzunroq masofaga do‘zaxga qulaydi» (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:09:07

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odam farzandi xatolarining aksariyati tilidandir», dedilar» (Tabaroniy, Bayhaqiy rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda: «Kimki Alloh va oxirat kuniga ishonar ekan, unda yaxshi gap gapirsin yoki sukut saqlasin», deyilgan (Muttafaqun alayh).

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tiliga egalik qilgan, uyi sig‘dirgan va xatolariga yig‘lagan kishiga jannat bo‘lsin», dedilar (Tabaroniy rivoyati).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min ta’na qiluvchi, la’nat aytuvchi, axloqsiz va behayo so‘zlovchi bo‘lmaydi» (Termiziy rivoyati).

Alloh taolo lutf-marhamati ila barchamizni tillarimiz yomonligidan saqlasin. Albatta, u saxovatli, marhamatli zotdir.

Foyda: Musannif rahimahulloh aytadilar: «Kim pok ekanliklarini tasdiqlovchi oyat tushganiga qaramasdan, Oisha roziyallohu anho onamizga tuhmat qilsa, u Qur’onni yolg‘onga chiqargan kofir hisoblanadi va o‘ldiriladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:09:32

Qirq birinchi gunohi kabira
LA’NAT AYTISH

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonni so‘kish fosiqlik, o‘ldirish esa kufrdir» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘minni la’natlash uni o‘ldirish bilan barobardir» (Muttafaqun alayh).

Abu Dardodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «La’natlovchilar qiyomat kunida shafoatchi ham, guvoh ham bo‘lmaydilar» (Muslim rivoyati).

Imom Muslim rivoyat qilgan boshqa bir hadisda: «Siddiq kishi la’natlovchi bo‘lishi durust emas», deyilgan.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min ta’na qiluvchi, la’nat aytuvchi, axloqsiz va behayo so‘zlovchi bo‘lmaydi» (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:09:38

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar banda biron narsani la’natlasa, la’nat osmonga ko‘tariladi. Biroq osmon eshiklari uning qarshisida yopiladi. So‘ng yerga qaytadi. Biroq uning qarshisida yer eshiklari ham yopiladi. Keyin o‘ngga-so‘lga yuradi. Agar biron imkon (qo‘nimgoh) topmasa, mabodo la’natlangan kishi munosib bo‘lsa, unga qaytadi. Munosib bo‘lmasa, aytgan odamga qaytadi» (Abu Dovud rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tuyasini la’natlagan ayolni tuyasidan mahrum qilish bilan jazolaganlar.

Imron ibn Husayn roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarda edilar. Bir vaqt ansoriy ayollardan biri achchiqlanib, minib kelayotgan tuyasini la’natladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni eshitdilar-da: «Ustidagi narsalarni olib, o‘zini qo‘yib yuboringlar. Zero, u mal’un-la’natlangandir», dedilar. O‘sha tuya odamlar orasida yurgani-yu, unga hech kim tegmaganini men hozir ham ko‘rib turgandekman» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kishi birodarining or-nomusiga tajovuz qilishi eng katta sudxo‘rlikdir» (Bazzor rivoyati).

Amr ibn Qays aytgan ekanlar: «Agar kishi uloviga minsa, ulovi: «Ey Allohim, uni menga mehribon hamroh qilgin», deydi. Agar uni la’natlasa: «Alloh va rasuliga osiy bo‘lganlarimizga Alloh azza va jallaning la’nati bo‘lsin», deydi.

Qayd etilgan