Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295642 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:11:43

Qirq ikkinchi gunohi kabira
INSONNING O‘Z NASABIDAN TONISHI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Kimki bilaturib, otasidan boshqa kishini «otam» deb iddao qilsa, unga jannat haromdir» (Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Otalaringdan yuz o‘girmanglar, kim otasidan yuz o‘girsa, u kofir bo‘libdi» (Buxoriy rivoyati).

Yazid ibn Shurayk aytadilar: «Ali roziyallohu anhu minbarda xitob qilib aytardilar: «Yo‘q, Allohga qasamki, bizning oldimizda Allohning Kitobidan va ushbu sahifadagi narsadan boshqa o‘qiydigan Kitobimiz yo‘q». So‘ng sahifani ochdilar. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlari bor edi: «Madina ayrdan savrgacha hurmatlidir. Kimki bu yerda yangi ish (bid’at) paydo qilsa yoki bid’atchiga joy (boshpana) bersa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la’nati bo‘lur. Alloh qiyomat kunida unday kimsaning na farz, na nafl ibodatlarini qabul qilur. Kimki otasidan boshqa kishini «otam» deb da’vo qilsa yoki o‘zini xo‘jayinlaridan boshqa kishilarga mansub deb bilsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la’nati bo‘lur. Alloh qiyomat kunida unday kimsaning na farz, na nafl ibodatlarini qabul qilur» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi bir kimsa bilaturib, otasidan boshqa kishini «otam» desa, u aniq kofir bo‘libdi. Kimki o‘ziniki bo‘lmagan narsani «meniki» deb da’vo qilsa, bizdan emas. Unday kimsa o‘ziga do‘zaxdan joy hozirlab olaversin. Kimki bir kishini «kofir» yoki «Allohning dushmani» desa va u kishi bunday bo‘lmasa, aytgan so‘zi uning o‘ziga qaytadi» (Muslim rivoyati).

Allohdan afv, ofiyat hamda o‘zi suygan, rozi bo‘lgan amallarga muvaffaq etishini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:12:10

Qirq uchinchi gunohi kabira
OTA-ONAGA OQ BO‘LISH

Alloh taolo aytadi:
«(Ey inson), Parvardigoring sizlarga yolg‘iz Uning o‘ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar u ikkovidan biri yoki har ikkisi sening qo‘l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab «uf» tortma va ularning (so‘zlarini) qaytarma! Ularga (doimo) yaxshi so‘z ayt! Ular uchun mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut — xokisor bo‘l va: «Parvardigorim, meni (ular) go‘daklik chog‘imdan tarbiyalab-o‘stirganlaridek, Sen ham ularga rahm-shafqat qilgin», deb (haqlariga duo qil)!» (Al-Isro surasi, 23—24).

Farzand hamisha ota-ona xizmatiga tayyor turishi lozim. Chunki ular farzandining xizmatini qoyillatib qilishgan. Shuningdek, ular farzand kamoli, unib-o‘sishi — hayotini umid qilib uning qiliqlariyu ozorlarini ko‘tarishgan. Farzand esa, garchi ular ozoriga sabr qilsa ham, bu ularning o‘limigacha davom etadi, xalos. Qay birining haqi-xizmati ulug‘ ekaniga o‘zingiz baho bering.

«(Biz insonga buyurdikki): «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Yolg‘iz o‘zimga qaytajaksan!» (Luqmon surasi, 14).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:12:26

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlar: «Uch oyat uch narsaga bog‘liq bo‘lib tushgan. Ularning biri sherigisiz qabul qilinmaydi.

Birinchisi:
«Ey mo‘minlar, Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz!» (Muhammad surasi, 33).
Kimki Allohga itoat etsa-yu, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etmasa, bu qabul qilinmaydi.

Ikkinchisi:
«Namozni ado qilinglar va zakotni beringlar!» (Baqara surasi, 43).
Kimki namoz o‘qisa-yu, zakot bermasa, qabul qilinmaydi.

Uchinchisi:
«Sen Menga va ota-onangga shukr qil!» (Luqmon surasi, 14).
Kimki Allohga shukr qilsa-yu, ota-onasiga shukr qilmasa, qabul qilinmaydi».

Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Parvardigor roziligi ota roziligida. Parvardigor noroziligi ota noroziligida (Ota rozi — Xudo rozi, ota norozi — Xudo norozi)», deganlar (Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:12:34

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib jihodga borishga izn so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ota-onang hayotmi?» deb so‘radilar. U: «Ha», degan edi, «Ular yo‘lida jihod qilgin», dedilar» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ota-onaga yaxshilik qilishni, xizmatlariga shay turishni jihoddan ustun qo‘yganlariga bir e’tibor bering.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalari haqida xabar beraymi? (Ular) Allohga shirk keltirish va ota-onaga oq bo‘lish», dedilar (Muttafaqun alayh).

Ota-onaga yomon munosabatda bo‘lish, ularga yaxshilik qilmaslikni shirkdek eng ulkan gunoh bilan yonma-yon zikr qilganlariga ham bir e’tibor bering.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odamga Alloh qiyomat kunida qaramaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan kimsaga; mast qiluvchi narsaga mukkasidan ketgan kimsaga va bergan narsasini minnat qiluvchi kimsaga», dedilar (Nasoiy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:12:41

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh ota-onasiga oq bo‘lgan kimsani la’natladi», dedilar (Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘z ota-onasini so‘kishi gunohi kabiralardandir», dedilar. «Yo Rasululloh, inson o‘z ota-onasini ham so‘kadimi?» deb so‘rashgan edi, «Ha, — dedilar. — Boshqa kishining otasini so‘kkanda, u buning otasini so‘kadi. Onasini so‘kkanda esa, buning onasini so‘kadi» (Muttafaqun alayh).

Muhtoj bo‘lib qolgan ota-onaga infoq-ehson qilish ham ularga yaxshilik qilish jumlasidandir.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi: «Yo Rasululloh, mening mol-mulkim va bolalarim bor. Otam esa mol-mulkimni olib qo‘ymoqchi», degan edi, u zot: «O‘zing ham, moling ham otangnikidir», dedilar» (Ibn Moja rivoyati).

Bir kishi Abu Dardo roziyallohu anhuning huzuriga kelib: «Ey Abu Dardo, men bir ayolga uylandim. Biroq onam uni taloq qilishimni buyurdi», degan edi, Abu Dardo: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Ota-ona jannatning eng o‘rta eshigidir», deganlarini eshitganman. Xohlasang shu eshikni buzib tashla, xohlasang saqlab qol», dedilar (Termiziy, Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:12:52

Amr ibn Murra Juhaniy roziyallohu anhu dedilar: «Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, Allohdan o‘zga iloh yo‘q va siz shubhasiz, Allohning elchisidirsiz, deb guvohlik berdim, besh vaqt namozni o‘qidim, molimning zakotini berdim va ramazonda ro‘za tutdim. Menga nima (qanday mukofot) beriladi?» deb so‘ragan edi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim mana shu holatda vafot etsa, qiyomat kunida payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan mana shunday birga bo‘ladi», deb ikki barmog‘ini tikladilar va: «Modomiki, ota-onasiniga oq bo‘lmas ekan», deb qo‘shib qo‘ydilar» (Ahmad, Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch xil duoning ijobat bo‘lishida shak-shubha yo‘q, (ular): mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi» (Termiziy rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, Alloh gunohlardan xohlaganini qiyomat kuniga olib qo‘yadi. Biroq ota-onasiga oq bo‘lish bundan mustasno. Alloh ota-onasiga oq bo‘lgan odamni o‘lmasidan oldin shu dunyoning o‘zida jazolaydi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan: «A’rof nima? U yerda kimlar bo‘ladi?» deb so‘rashdi. U zot: «A’rof jannat bilan do‘zax orasidagi tog‘ bo‘lib, jannat va do‘zaxdan balandroq bo‘lgani bois «a’rof» (tepalik) deb nomlangan. U yerda daraxtlar, mevalar, anhorlar va buloqlar bor. A’rofda ota-onalarining roziligisiz jihodga chiqib, jihodda o‘ldirilgan kishilar bo‘ladi. Alloh yo‘lida qatl qilinganlari ularni do‘zaxga tushishidan to‘ssa, ota-onalariga oq bo‘lganlari ularni jannatga kirishdan man qilib turadi. Alloh ular xususida hukmini chiqarmaguncha, ular A’rofda bo‘lurlar», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:13:01

Ka’bul Ahbor rahmatullohi alayh aytadilar: «Banda ota-onasiga oq bo‘lsa, Alloh tezroq azob berish uchun uni tezda halok etadi. Banda agar ota-onasiga mehribon bo‘lsa, yanada ko‘proq yaxshilik va mehribonlik qilishi uchun Alloh bu bandaning umrini uzun qilib qo‘yadi».

Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Alloh taolo Muso alayhissalomga: «Ey Muso, ota-onangni ehtirom qil. Zero, kim ota-onasini ehtirom etsa, uning umrini ziyoda qilaman va o‘zini ham hurmat qiladigan farzand beraman. Kimki ota-onasiga oq bo‘lsa, uning umrini qisqa qilaman va o‘ziga ham itoatsizlik qiladigan farzand beraman», deb vahiy qildi.

Abu Bakr ibn Abu Maryam aytadilar: «Tavrotda: «Kimki otasini ursa, o‘ldiriladi», deyilganini o‘qidim».
Vahb aytadi: «Tavrotda: «Kimki ota-onasiga qo‘l ko‘tarsa, toshbo‘ron qilinadi», deyilganini o‘qidim».

Rivoyat qilinishicha, kimki ota-onasini haqorat qilsa, (dafn qilinganidan) so‘ng uning qabriga, osmondan yerga tushadigan har bir tomchi miqdoricha qizib turgan cho‘g‘ tushadi.

Rivoyat qilinadiki, ota-onasiga oq bo‘lgan kimsa dafn qilinsa, qabri uni qattiq siqadi. Hattoki, uning qovurg‘alari bir-biriga kirib ketadi. Qiyomat kunida eng qattiq g‘azabga giriftor bo‘ladigan insonlar uch toifa bo‘lib, ular mushrik, zinokor va ota-onasiga oq bo‘lgan kimsadir.

Ka’bul Ahbordan: «Ota-onaga oq bo‘lish nima?» deb so‘rashgan edi, u kishi: «Agar otasi yoki onasi uning nomidan qasam ichsa, qasamini oqlamaydi. Biror ishga buyursa, buyrug‘iga itoat etmaydi. Biror narsa so‘rasa, bermaydi va omonat qo‘ysa, xiyonat qiladi», deb javob berdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:13:15

Onaning fazilati

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, go‘zal muomala-munosatbatda bo‘lishimga eng haqdor inson kim?» deb so‘ragan edi, u zot: «Onang», deb javob berdilar. «Keyin-chi?» degan edi, yana: «Onang», dedilar. «Keyin-chi?» degan edi, yana bir bor: «Onang», dedilar. «Keyin-chi?» degan edi, «Otang» dedilar» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam onaga yaxshilik qilishga uch bora buyurib, keyin otaga yaxshilik qilishga irshod etdilar. Chunki farzand o‘stirishda ona ko‘proq qiyinchilikni boshidan o‘tkazadi va otaga qaraganda mehribonroq bo‘ladi.

Muoviya ibn Johima aytadilar: «(Otam) Johima Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Men g‘azot qilmoqchiman, sizdan maslahat so‘ragani keluvdim», degan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam «Onang hayotmi?» deb so‘radilar. U: «Ha», dedi. «Borib onangni lozim tut (mudom xizmatida bo‘l). Zero, jannat onang oyog‘i ostidadir», dedilar Nabiy (Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:13:24

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Bir ayol: «Yo Rasululloh, mana bu o‘g‘limga qornim joy, bag‘rim boshpana, ko‘kragim esa sug‘oradigan mesh bo‘lgan edi. Endi otasi uni tortib olmoqchi», dedi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Modomiki, nikohlanmas — boshqa erga tegmas ekansan, sen unga haqliroqsan», dedilar» (Ahmad, Abu Dovud, Hokim rivoyati).

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xola ona maqomidadir», deganlar (Ahmad, Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ya’ni, xolaga ham yaxshilik, xayr-ehson, hurmat ko‘rsatish lozim.
Ibn Umar roziyallohu anhumo yelkasiga onasini mingizib olib, Ka’bani tavof qildirayotgan kishini ko‘rdilar. U kishi: «Ey Ibn Umar, men onamning haqqini ado qila oldimmi?» deb so‘ragan edi, u zot: «To‘lg‘oqlaridan bir to‘lg‘oq haqini ham ado eta olmading. Biroq, yaxshi ish qilding. Alloh sening ozgina yaxshigilingga ko‘p savoblar ado etur», dedilar.

Bikir aytganlarki: «Qaysi bir kishi onasiga gapini eshitadigan darajada yaqin bo‘lsa, bu unga Alloh yo‘lida qilich chopishgandan ko‘ra afzalroqdir. Onasiga nazar solish esa barcha narsadan afzaldir».

Allohdan bizni O‘zining roziligiga muvaffaq etmog‘ini, g‘azabiga uchrashdan saqlamog‘ini so‘raymiz. Albatta, U marhamatli, mehribon va rahmli zotdir.
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:13:59

Qirq to‘rtinchi gunohi kabira
QARINDOSHLAR BILAN ALOQANI UZISH

Alloh taolo aytadi:
«Oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi solinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh urug‘laringiz (bilan ajralib ketishdan saqlaningiz)!» (Niso surasi, 1).

«Agar (iymondan) yuz o‘girsangizlar, yaqinki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilursizlar va qarindosh-urug‘laringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzursizlar! Unday kimsalarni esa Alloh la’natlagandir, bas, ularning (quloqlarini pand-nasihat etishidan) kar, ko‘zlarni esa (to‘g‘ri yo‘lni ko‘ra olmaydigan) ko‘r qilib qo‘ygandir» (Muhammad surasi, 22—23).

Qurtubiy rahimahulloh aytadilar: «Alloh taolo bu ishni qilgan kimsa la’natga duchor bo‘lishini, ko‘zi va qulog‘idan haqiqiy suratda foydalanishdan mahrum etilishini, natijada ko‘rsa ham, yaxshi eshitsa ham, haqqa ergashmasligini va uni aql yuritmaydigan hayvon kabi qilib qo‘yishini xabar berdi».

Qayd etilgan