Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295325 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:14:14

«(Bu oyatlardan) faqat Allohga bergan ahdlariga vafo qiladigan va miysoq-va’dalarini buzmaydigan aql egalariga eslatma olurlar. Ular Alloh bog‘lanishga buyurgan narsalarni (ya’ni, qarindosh-urug‘lar bilan aloqani) bog‘laydilar. Parvardigorlaridan qo‘rqadilar va og‘ir hisob-kitobga duchor bo‘lishdan qo‘rqib, (doim chiroyli amallar qilishga intiladilar)» (Rad surasi, 20—21).

«Bu masal sabab (Alloh) ko‘plarni adashtiradi va ko‘plarni (haq yo‘lga) hidoyat qiladi. Bu (masal) sabab faqat Allohning aniq ko‘rsatmalarini buzadigan, U bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan fosiq kimsalarnigina adashtiradi. Ular shubhasiz, ziyon ko‘rguvchilardir» (Baqara surasi, 26—27).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzuvchi kimsa jannatga kirmaydi», deganlar (Mutaffaqun alayh).

Kim boy bo‘lib, kambag‘al qarindoshlaridan takabburlik qilib aloqani uzsa, ularga xayr-ehson qilmasa, mazkur hadisi sharifdagi tahdid unga ham taalluqli bo‘lib, u jannatga kirishdan mahrum bo‘ladi. Magar Alloh azza va jallaga tavba qilib, qarindoshlariga ehson qilganlar bundan mustasno.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:14:22

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Meni haq (din) bilan yuborgan Zotga qasamki, silai rahmga (xayr-ehsonga) muhtoj qarindoshlari bo‘laturib, boshqalarga ehson qiladigan kishining sadaqasini Alloh qabul qilmaydi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, unday kimsaga qiyomat kuni Alloh qaramaydi», deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir inson qarindoshining oldiga borib, Alloh unga ato etgan fazl-boyligidan so‘rasa-yu, u baxillik qilsa, Alloh unga jahannamdan «shujo’» deb nomlangan ilon chiqaradi. Ilon uni chaqib, bo‘yniga o‘ralib oladi», deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Kishi agar faqir bo‘lsa, qarindoshlarini ziyorat qilish, hollaridan xabar olish bilan aloqani bog‘lash kerak. Zero, qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash buyurilgan. Bu ish iymondandir.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ekan, qarindoshlari bilan aloqani bog‘lasin», dedilar» (Muttafaqun alayh).

Qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash rizqning ziyoda, umrning uzun bo‘lishiga sababdir va u yomon o‘limdan saqlaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:14:30

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kimki umri uzun, rizqi keng bo‘lishi va yomon o‘limdan saqlanishidan xursand bo‘lsa, Allohga taqvo qilsin va qarindoshlari bilan aloqani bog‘lasin», deganlar (Abdulloh ibn Imom Ahmad va Bazzor rivoyati).

Oisha (roziyallohu anho) aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Rahm (qarindoshlik) Arshda muallaq turadi va: «Meni bog‘laganni Alloh bog‘lasin, meni uzganni Alloh uzsin», deydi», deganlar» (Muttafaqun alayh).

Qarindoshlar bilan aloqani uzish tez orada jazolanishning, uqubatga uchrashning asosiy sabablaridan biridir.

Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh gunohkorga oxirat uchun hozirlab qo‘ygan uqubatdan tashqari bu dunyoda ham tezda jazo berishiga zo‘ravonlik va qarindoshlar bilan aloqani uzishdan ko‘ra munosibroq gunoh yo‘q», dedilar (Termiziy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Javob qaytaruvchi (kelgannikiga boruvchi) qarindoshlik aloqalarini bog‘lovchi emas. Biroq qarindoshlik aloqasi uzilsa, uni bog‘lagan kishi qarindoshlik aloqalarini bog‘lovchidir» (Buxoriy va boshqalar rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:14:38

Ummu Gulsum binti Uqba (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Gina saqlovchi qarindoshga qilingan sadaqa-ehson eng afzal sadaqadir», dedilar (Ibn Xuzayma, Hokim rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda: «Sendan uzilgan kishiga bog‘langin», deyiladi.
Silai rahm qilib, qarindoshlik aloqalarini bog‘lash vojib bo‘lgan qarindoshlar — opa-singillar, xolalar, ammalar va opa-singillarning qizlaridir.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning mavlosi — ozod qilgan qul Sulaymon aytadi: «Payshanba oqshomi — jumaga o‘tar kechasida davramizga Abu Hurayra keldilar-da: «Oramizdan turib ketmaguncha qarindoshi bilan aloqani uzgan har bir kishi qiyin ahvolda qoladi», dedilar. Bu so‘zni uch marotaba takrorlasalar ham, hech kim o‘rnidan qimirlamadi. Keyin bir yigit turib, ikki yildan beri aloqasini uzib qo‘ygan ammasining oldiga keldi. Huzuriga kirgach, ammasi: «Ey jiyan, qaysi shamol uchirdi?!» deb so‘radi. U: «Abu Hurayra shunday-shunday dedi», degan edi, ammasi: «Borib so‘ra-chi, nega bunday dedi ekan?» dedi. U borib so‘ragan edi, Abu Hurayra roziyallohu anhuning javobi quyidagicha bo‘ldi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Bani Odam amallari har payshanba oqshomi (jumaga o‘tar kechasi) Alloh taboraka va taologa ro‘baro‘ qilinadi. Shunda qarindoshlari bilan aloqani uzgan kishining amali qabul qilinmaydi», dedilar» (Imom Buxoriy «Adabul-mufrad» kitoblarida keltirganlar).

Alloh taolodan toatiga muvaffaq etishini tilaymiz. Albatta, U saxovatli va marhamatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:15:03

Qirq beshinchi gunohi kabira
QULNING QOCHISHI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar qul qochsa, uning namozi maqbul bo‘lmaydi», deganlar (Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda: «Qaysi bir qul qochsa, undan zimma (himoya) soqit bo‘ladi», deyilgan (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odamning namozini Alloh maqbul qilmaydi va ularning bironta ham yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi: qochoq qulning, to xo‘jayinlariga qaytib, qo‘lini ularning qo‘llariga qo‘ymagunicha, erini norozi qilgan ayolning, to eri undan rozi bo‘lmagunicha va mastning, to o‘ziga kelmagunicha», deganlar.

Fuzola ibn Ubayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odamdan so‘ralmaydi: jamoatdan ajrab, imomiga osiylik qilgan kimsa; xo‘jayinidan qochib, osiy holida o‘lgan qul yoki cho‘ri; eri uzoqda bo‘lib, dunyoviy ehtiyojini (oziq-ovqatini) ta’minlab qo‘ygan bo‘lsa-da, eridan yashirincha yasan-tusan etib, husni jamolini ko‘z-ko‘z qilib yuradigan ayol», dedilar» (Ibn Hibbon va Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:15:35

Qirq oltinchi gunohi kabira
ZAIFLAR VA QO‘L OSTIDAGILAR — XOTIN, QUL, JONIVORLAR HAQINI POYMOL QILISH

Alloh taolo aytadi:
«Allohga bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onangizga hamda qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo‘lovchi musofirga va qo‘llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta, Alloh mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi» (Niso surasi, 36).

Alloh taolo O‘zini bir, yakka va yolg‘iz deb bilish, ulug‘lash qatorida quyidagilarga yaxshi munosabatda bo‘lishni buyurdi:
Ota-onaga — ularga mehribonlik ila yaxshi munosabatda bo‘lish, qo‘pol muomala qilmaslik, huzurlarida baland ovozda gapirmaslik va qul ho‘jayiniga itoat etganday itoatkor bo‘lishi lozim.
Qarindosh-urug‘larga — ular bilan aloqani mustahkamlash, ularga yaxshi munosabatda bo‘lish lozimligi ham ta’kidlanmoqda.
Yetimlarga — ularga mehr-shafqat ko‘rsatib, boshlarini silash lozim.
Miskinlarga — imkoni bo‘lsa, ularga xayr-ehson qilish, bo‘lmasa, yaxshi so‘z so‘zlash darkor.
Qarindosh qo‘shni — nasabda yoki dinda qarindosh bo‘lgan qo‘shni. Uning ikkita haqi bor. Mabodo ham dinda, ham nasabda qarindosh bo‘lsa, uning uchta haqi bo‘ladi.
Begona qo‘shni — nasabda yoki dinda qarindosh bo‘lmagan qo‘shni.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘shnining haqi xususida shunday deganlar: «Jabroil menga qo‘shni haqida to‘xtovsiz vasiyat qilaverganidan yaqinda qo‘shnini ham merosxo‘r deb atasa kerak, deb o‘yladim» (Muttafaqun alayh).
Hamroh — safardagi yo‘ldosh bo‘lib, uning qo‘shnilik va hamrohlik haqlari bor.
Yo‘lovchi musofir — musofir to ko‘zlagan manziliga yetib olgunicha, unga taom va boshpana berish vojib.
Qo‘llaringizdagi qullaringiz — qul (cho‘ri)larning rizqini yaxshilab, xatolarini afv etish lozim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:15:44

Zero, Alloh O‘zining ko‘rsatmalariga amal qilishdan bo‘yin tovlaydigan mutakabbir va U bergan ne’matlar sababli boshqa bandalardan o‘zini ustun qo‘yuvchi maqtanchoq kimsalarni suymas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodan ketish oldidan, so‘nggi kasallik chog‘larida namoz va qul-cho‘rilarga yaxshi munosabatda bo‘lish haqida vasiyat qilib: «Namoz, namoz (ya’ni, namozga qattiq e’tibor beringlar). Qo‘l ostingizdagilar xususida Allohdan qo‘rqinglar», degan edilar (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, yaxshi hulq — baxt, yomon hulq esa — ko‘ngilsizlik (baxtsizlik).
Yana bir hadisi sharifda: «Yomon xulqli kishi jannatga kirmaydi», deyilgan (Termiziy rivoyati).

Abu Mas’ud Badriy aytadilar: «Bir qulimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan: «Ey Abu Mas’ud, bilib qo‘y», degan ovoz eshitildi. Fazabdan ovozni anglamay qoldim. Menga yaqin kelgach, qarasam u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zot: «Abu Mas’ud, bilib qo‘y, sen bu g‘ulomdan qudratli bo‘lsang, Alloh sendan qudratlidir», dedilar. «Endi bironta ham qulni urmayman, dedim».

Ushbu hadisning boshqa rivoyatida: «U zot sollallohu alayhi vasallamning haybatlaridan qo‘limdan qamchi tushib ketdi», deyilgan. Yana bir rivoyatda: «Yo Rasululloh, u Allohning roziligi uchun ozoddir», degan edim, u zot: «Agar shunday qilmaganingda, shubhasiz, do‘zax olovida kuygan bo‘larding», dedilar», deyilgan (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:15:52

Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Kimki qulini qilmagan ishi uchun jazolab ursa yoki kaltaklasa, uni ozod qilish bilangina shu gunohi yuviladi» (Muslim rivoyati).

Hakim ibn Hizom roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Dunyoda odamlarni azoblaydigan kimsalarni Alloh, albatta, jazolaydi» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki zulm qilib qamchi ursa, qiyomat kunida undan qasos olinadi» (Bazzor va Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Xizmatkorni necha marta afv etish lozim?» deb so‘rashgan edi, «Har kuni yetmish marotaba», deb javob berdilar (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Kunlardan bir kuni qo‘llarida misvok tutib turgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xizmatkorini chorladilar. U sustkashlik qilgan edi, u zot: «Agar qasos olish xafvi bo‘lmaganida, ana shu misvok bilan senga ozor bergan bo‘lardim», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhuning qora tanli cho‘risi bor edi. Bir kuni u zot cho‘risiga qamchi ko‘tardilar-da: «Agar qasos bo‘lmaganida, seni, albatta, savalar edim. Lekin seni haqingni to‘la qilib beradigan Zotga sotaman. Allohning roziligi uchun ozodsan», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:16:01

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim pok qulini badnom qilsa (zinokor deb tuhmat qilsa), unga qiyomat kunida had joriy qilinadi. Magar aytgani rost bo‘lsa (jazolanmaydi)» (Muttafaqun alayh).

Bir hadisi sharifda: «Qulga taomi va kiyimidan beriladi hamda toqati yetmaydigan ishga buyurilmaydi», deyilgan (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qullaringizdan o‘zingizga ma’qul kelganlariga yeydigan narsangizdan yediringlar, kiyadigan narsangizdan kiydiringlar. Ma’qul kelmaganlarini esa sotib yuboringlar, Allohning bandalarini azoblamanglar» (Abu Dovud rivoyati).

Salmon Forsiy roziyallohu anhu Madoin shahrining amiri bo‘lib turgan davrida huzurlariga bir jamoat tashrif buyurdi. U xamir qorib turgan edi. «Cho‘ringizga xamir qordirsangiz bo‘lmaydimi?» deyishgan edi, u zot roziyallohu anhu: «Uni bir ishga jo‘natgan edik. Unga yana bir ishni jamlab qo‘yishni ma’qul topmadik», deb javob berdilar.

Salaflardan biri aytgan ekan: «Qulingni har bir gunohi uchun uraverma-da, xatolarini esingda saqlab yur. Agar Allohga osiylik qilsa, uni ur va senga qilgan itoatsizliklarini eslat».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:16:16

Fasl

Qul va cho‘rini farzandi yoki ukasidan judo qilish ularga qilingan eng katta yomonlikdir. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kimda-kim ona bilan bolani bir-biridan judo qilsa, qiyomat kunida Alloh uni suyganidan judo qiladi (Termiziy, Hokim rivoyati).

Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga ikki aka-uka g‘ulomlarimni sotishni buyurdilar. Men ularni boshqa-boshqa kishiga sotdim. Buni u zot sollallohu alayhi vasallamga zikr qilgan edim: «Ikkalasini bitta odamga sot», dedilar» (Ahmad rivoyati).

Qul, cho‘ri va hayvonlarni och qoldirish ham katta zulmdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Qaramog‘idagilarni o‘z holiga tashlab qo‘yish kishining gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi» (Hokim, Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).

Hayvonni qattiq urish yoki qamab qo‘yib, qarovsiz qoldirish yoxud toqatidan ortiqcha narsani yuklash ham katta zulmdir.

«Yerda sudralib yurgan har bir jonivor, osmonda qanot qoqayotgan har bir qush xuddi sizlar kabi (Bizning qo‘l ostimizdagi) jamoalardir» (An’om, 38), oyati tafsirida quyidagilar aytilgan: «Qiyomat kunida insonlar to‘planib turgan vaqtda jami hayvonlarni olib kelib, ular orasida hukm qilinadi. Hattoki shoxli qo‘chqordan shoxsiz qo‘chqorning o‘chi olib beriladi, hattoki mayda chumolidan boshqa bir chumolining qasosi olib beriladi. So‘ng ularga: «Tuproqqa aylaninglar!» deyiladi. Ana shunda kofir: «Qaniydi, men ham tuproqqa aylansam», deydi».

Qayd etilgan