Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295513 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:16:23

Bu tafsir hayvonlarning o‘zaro, shuningdek, hayvonlar bilan insonlar orasida hukm qilinishi dalildir. Binobarin, inson bironta hayvonni nohaq ursa yoki tashna-och qoldirsa va yo toqatidan tashqari narsani yuklasa, o‘sha hayvon qiyomat kunida undan qasos oladi.

Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharif yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘ladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bir ayol mushuk sababli azobga giriftor bo‘ldi. Uni qamab qo‘ygan edi, o‘lib qoldi va u sababli do‘zaxga kirdi. Uni qamaganiga yarasha yedirib ichirmadi. Uni qo‘yib yubormadi hamki, yerdagi hashorotlardan terib yerdi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bir kishi sigir yetaklab ketayotgan edi. Bir vaqt uning ustiga minib oldi-da, urdi. Shunda sigir: «Biz bu ish uchun emas, yer haydash uchun yaratilmaganmiz», dedi» (Muttafaqun alayh).

Abu Sulaymon Doroniy aytadilar: «Bir marta eshakka minib, ikki-uch marotaba urdim. Shunda eshak boshini ko‘tarib menga qaradi-da: «Ey Abu Sulaymon, bu ish uchun qiyomat kuni qasos olinadi. Xohlasang ko‘p ur, xohlasang kam», dedi. Shundan keyin biron narsani urmayman, dedim».

Ibn Umar roziyallohu anhumo Quraysh yoshlari yonidan o‘tdilar. Ular bir qushni osib qo‘yib, uni mo‘ljalga olishayotgan, qushning egasiga xato ketgan har bir o‘qni berishga kelishishgan edi. Ibn Umarni ko‘rishgach, tarqalib ketishdi. U zot: «Bu ishni kim qildi? Bu ishni qilgan kimsani Alloh la’natlasin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham jonli narsani nishonga olgan kimsani la’natlaganlar», dedilar (Muttafaqun alayh).
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:16:31

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chorva hayvonlarini o‘ldirish uchun saqlab turishdan qaytarganlar (Muttafaqun alayh).

Ilon, chayon, sichqon va quturgan it kabi shariatda o‘ldirishga izn berilgan jonivorlarni o‘ldirayotganda ham, qiynamasdan bir daf’ada o‘ldirish lozim. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar biron narsani o‘ldirsanglar, unga yaxshilik qilinglar. Agar biron jonliqni so‘ysanglar, unga ham yaxshilik qilinglar. So‘yadiganingiz pichog‘ini o‘tkirlab olsin va qurbonligini rohatlantirsin», deganlar (Muslim va boshqalar rivoyati).

Shuningdek, jonivorni yoqib o‘ldirish ham mumkin emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga falonchi va falonchini yoqib yuborishni buyurgan edim. Vaholanki, olov bilan faqat Alloh azoblaydi. Shuning uchun ularni topsangizlar, o‘ldiringlar», deganlar (Buxoriy rivoyati).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. Bir vaqt kichkina qush ko‘rib qoldik. Uning ikkita jo‘jasi bor edi. Jo‘jalarini olib qo‘ygan edik, tepamizda gir aylanib ucha boshladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, aytdilar: «Kim buni bolasi sababli bezovta qildi? Bolasini unga qaytaringlar», dedilar. So‘ng biz yondirgan chumoli uyasiga ko‘zlari tushib: «Bunga kim o‘t qo‘ydi?» deb so‘radilar. «Biz», degan edik, «Parvardigordan boshqaning olov bilan azoblashga haqqi yo‘q», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).

Mazkur hadis olov bilan mayda hashoratlarni ham o‘ldirish mumkin emasligiga hujjatdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:16:46

Fasl

Biror bir jonivorni bekordan-bekorga o‘ldirish makruhdir.


Sharid roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kimki bironta chumchuqni bekordan-bekorga o‘ldirsa, qiyomat kuni u Allohga: «Ey Rabbim, falonchi meni bekordan-bekorga o‘ldirdi, biron-bir maqsad — foyda uchun o‘ldirmadi», deya chug‘urlaydi», deganlarini eshitdim» (Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).

Qushlarni jo‘ja ochish davrida ovlash ham, hayvonlarni onasi ko‘z o‘ngida so‘yish ham makruhdir.

Ibrohim ibn Adham aytganlarki: «Bir kishi buzoqni onasi oldida so‘ygan edi, Alloh uning qo‘lini quritib qo‘ydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:16:57

Fasl

Qul-cho‘rini ozod qilish fazilati haqida

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bir musulmon qulni ozod qilsa, Alloh uning har bir a’zosi evaziga buning a’zosini, hattoki farji evaziga farjini do‘zaxdan ozod etadi» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi bir musulmon kishi boshqa bir musulmon kishini ozod qilsa, u (qul) uning do‘zaxdan xalos bo‘lishiga to‘lov bo‘ladi. Qulning har bir a’zosi uning a’zosiga badal bo‘ladi. Qaysi bir musulmon kishi ikkita muslima ayolni ozod qilsa, ular uning do‘zaxdan xalos bo‘lishiga to‘lov bo‘ladi. Ularning har bir a’zosi uning a’zosiga kifoya qiladi (badal bo‘ladi). Qaysi bir muslima ayol bir muslima ayolni ozod qilsa, u (cho‘ri) uning do‘zaxdan xalos bo‘lishiga to‘lov bo‘ladi. U (cho‘ri) uning har bir a’zosiga (badal bo‘ladi)» (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:17:10

Qirq yettinchi gunohi kabira
ODAM O‘LDIRISH

Alloh taolo aytadi:

«Kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘lib o‘sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning g‘azabi va la’natiga duchor bo‘lgan, Alloh uning uchun ulug‘ azobni tayyorlab qo‘ygandir» (Niso surasi, 93).

«Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga duo-iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur. Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur» (Furqon surasi, 68—70).

«Ana o‘sha (qotillik) sababli Biz Bani Isroil zimmasiga (shunday farmonni) bitdik: «Kimki biron jonni (o‘ldirmagan) va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya’ni, o‘ldirishdan bosh tortsa yoki o‘limdan qutqarsa), demak, u go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi» (Moida surasi, 32).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:17:20

Ya’ni, kimki bir odamni qasos olish yoki qilgan jinoyati uchun jazolash kabi sabablarsiz, bekordan-bekorga o‘ldirsa, go‘yo barcha odamlarni o‘ldirgandek bo‘ladi. Chunki uning uchun odamning farqi yo‘q. Shuningdek, kimki boshqa insonni o‘ldirishni harom deb bilsa va bu jinoyatdan qo‘lini tiysa, undan barcha insonlar salomat bo‘lishadi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi gunohdan saqlaninglar!» deb, ularning ichida «Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish», deya zikr etganlar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Alloh nazdidagi eng ulkan gunoh qaysi?» deb so‘ragan edim, «Allohga boshqani teng deb bilishing, holbuki, U seni yaratgan», deya javob berdilar. «Bu rostdan ham ulkan gunoh, so‘ng qaysi?» degan edim, «Ovqatingga sherik bo‘lishidan qo‘rqib, farzandingni o‘ldirishing!» dedilar. «Keyin-chi?» deb so‘ragan edim, «Qo‘shningning xotini bilan zino qilishing», deya javob berdilar» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ikki musulmon qilichlari bilan to‘qnashsalar, o‘ldirgan ham, o‘lgan ham do‘zaxda», dedilar. «Yo Rasululloh, bu-ku qotil, biroq maqtulning gunohi nima?» deb so‘rashdi. Shunda u zot: «U ham birodarini o‘ldirishga ishtiyoqmand edi», dedilar (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:17:27

Imom Abu Sulaymon Xitobiy aytadilar: «Bu hukm biron ta’vil sabab bilan emas, balki o‘zaro adovat, tarafkashlik yoki dunyo, obro‘, mansab tufayli urushganlarga taalluqlidir. Biroq, kimda-kim bog‘iylarga qarshi jang qilsa yoki o‘zini yo oilasini mudofaa qilsa, bu tahdidning unga daxli yo‘q. Chunki u o‘zini himoya etish uchun jang qilishga buyurilgan bo‘lib, maqsadi birodarini o‘ldirish emas. Axir u zot sollallohu alayhi vasallam: «U ham birodarini o‘ldirishga haris — ishtiyoqmand edi», deganlar!»

Kimki bog‘iy yoki yo‘lto‘sar musulmonga qarshi jang qilsa, uni o‘ldirishga haris-ishtiyoqmand bo‘lmaydi. Aksincha, o‘zini mudofaa qiladi, xolos. Agar tajovuzkor o‘z ishini to‘xtatsa, unga tegmaydi, ta’qib etmaydi. Hadis bunday kishilar haqida vorid bo‘lmagan, ularning daxli yo‘q. Aksincha, hadisda bunday (shar’iy) sabab bo‘lmay turib, jang qilganlar iroda qilingandir. Vallohu a’lam.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ogoh bo‘linglar, mendan keyin ayrimlaringiz boshqalaringizning bo‘yniga uradigan kofir bo‘lib ketmangiz!» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Modomiki nohaq qon to‘kmas ekan, mo‘min inson dinidagi kenglikda bardavom bo‘laveradi» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu aytganlarki: «Nohaq qon to‘kish sira qutulib bo‘lmaydigan halokatli ishlardandir» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:17:36

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni insonlar orasida birinchi bo‘lib qonlar xususida hukm qilinadi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohga dunyoning zavol topishi musulmon kishining qatl etilishidan ko‘ra yengilroqdir» (Muslim va boshqalar rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Gunohi kabiralar (ushbulardir): Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, biron jonni o‘ldirish va yolg‘on qasam» (Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Biron bir jon mazlum holda o‘ldirilsa, uning qonidan bir qismi Odamning birinchi o‘g‘li bo‘ynida bo‘ladi. Chunki u qotillikni birinchi bo‘lib joriy etgan edi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki ahdlashgan kishini o‘ldirsa, jannat hidini hidlamaydi. Vaholanki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:17:45

Islom davlatida yashaydigan, jiz’ya to‘laydigan g‘ayridin muahid (ahdlashgan) hisoblanadi. Endi ahdlashgan g‘ayridinni o‘ldirishning oqibatida shu bo‘lsa, musulmonni o‘ldirishning oqibati qanday bo‘lar ekan...

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ogoh bo‘linglar, kimda-kim Alloh va Rasulining himoyasidagi ahdlashgan jonni o‘ldirsa, aniqki, u Allohning kafolatini barbod qilibdi. Binobarin, u jannat bo‘yini totmaydi. Vaholanki, uning bo‘yi yetmish yillik masofadan kelib turadi» (Termiziy rivoyati).

Muoviya roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh barcha gunohlarni kechirishi mumkin, ammo bir kishi kofir holida o‘lgan bo‘lsa, yoki bir kishi mo‘minni qasddan o‘ldirsa, bu gunohlarni kechirmaydi» (Nasoiy, Hokim rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, «Kimki bir mo‘minning qatl etilishiga yarimta so‘z bilan yordam bersa, ikki ko‘zi orasiga «Alloh rahmatidan noumid» deb yozilgan holida Allohga yo‘liqadi».

Alloh taolodan ofiyat tilaymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:18:00

Qirq sakkizinchi gunohi kabira
O‘Z JONIGA QASD QILISH

Alloh taolo aytadi:
«Bir-birlaringizni (ya’ni, mo‘min-mo‘minni) o‘ldirmangiz» (Niso surasi, 29).

Ya’ni, hindlarning johillariga o‘xshab, o‘zingizni-o‘zingiz o‘ldirmangiz yoki o‘zingizni halokatga tashlamangiz.

Amr ibn Os roziyallohu anhu bu oyatni sovuq (shamollash) xavfi bo‘lganda tayammum qilishga ta’vil etganlari va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunga e’tiroz bildirmaganlari yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

Yoki, qatl etilishga sabab bo‘ladigan jinoyatni qilmangiz, degan ma’noda.

Ayrim ulamolar: «O‘zlaringiz»dan murod dindoshlardir. Zero, mo‘minlar bitta jon kabidir, oyat bir-biringizni o‘ldirmangiz, degan ma’noda», deyishgan.

«Albatta Alloh sizlarga mehribon bo‘lgan zotdir».
Ya’ni, sizlarga boshqacha mehribon bo‘lgani bois ayrim ishlarni buyurdi va ayrim ishlardan qaytardi.

«Kim haddan oshib, zo‘ravonlik bilan shunday ishlarni qilsa, Biz uni do‘zaxga kiritajakmiz. Bu Alloh uchun oson bo‘lgan ishdir» (Niso surasi, 29—30).

Ya’ni, kimki Alloh qaytargan ishlarni qilsa, jumladan botil yo‘llar bilan mol yesa yoki nohaq qon to‘ksa, Alloh uni do‘zaxga mahkum qiladi.

Qayd etilgan