Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296371 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:20:22

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Amirlarning holiga voy, oriflarning holiga voy, aminlarning holiga voy. Qiyomat kuni kokillaridan Surayyo (yulduzi)ga ilinib, yer bilan osmon orasida muallaq turgan kimsalar: «Bironta ishga ham boshchilik qilmaganimizda edi», deb orzu qiladilar» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Oisha (roziyallohu anho) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Qiyomat kuni shunday bir soat keladiki, unda odil qozi: «Ikki kishi orasida bir meva xususida bo‘lsa-da, sira hukm chiqarmaganimda edi», deb orzu qiladi», deganlarini eshitdim» (Ahmad, Ibn Hibbon rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilib: «Ey Allohim, kimki ummatimning bironta ishiga boshliq bo‘lib, ularni mashaqqatga qo‘ysa, uni Sen ham mashaqqatga qo‘y. Kimki ummatimning bironta ishiga boshliq bo‘lib, ularga mehribonlik qilsa, unga Sen ham mehribonlik qilgin», der edilar (Muslim, Nasoiy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh kimni musulmonlarning bironta ishiga rahbar qilib qo‘ysa-yu, u musulmonlarning ehtiyojlari, muhtojliklari va faqirliklaridan ko‘z yumsa, Alloh qiyomat kunida uning ehtiyoji, muhtojligi va faqirligidan ko‘z yumadi» (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:20:29

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mendan so‘ng amirlar bo‘ladi. Kimki ularning huzuriga kirib, yolg‘onlarini tasdiqlasa, zulmlariga yordam bersa, u mendan emas, men ham undan emasman. Va u hovuzga yaqin kelmaydi. Kimki ularning huzuriga kirmasa va zulmlariga yordam bermasa, yolg‘onlarini tasdiqlamasa, u mendan va men ham undanman. Va u hovuzga keladi» (Termiziy rivoyati).

Abu Umoma roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ummatimdan ikki toifasi hargiz shafoatimga noil bo‘lmaydi: «Zolim, adolatsiz rahbar hamda har bir yovuz murtad» (Tabaroniy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni eng qattiq azobga duchor bo‘ladigan do‘zaxiy — payg‘ambarni o‘ldirgan yoki payg‘ambar tomonidan o‘ldirilgan kimsa va haq yo‘ldan adashgan rahbar» (Bazzor rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki odamlarga rahm qilmas ekan, unga Alloh ham rahm qilmaydi» (Tabaroniy).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida: «Mazlumning duosidan qo‘rq. Zero, uning duosi bilan Alloh orasida hijob — to‘siq yo‘qdir», deganlar (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh qiyomat kunida uch toifa odam bilan gaplashmaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi ham», deb ulardan biri yolg‘onchi podshoh ekanini bayon qilganlar (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:20:37

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlar yaqinda amirlikka qiziqib qolasizlar. Holbuki, u qiyomat kunida nadomatga sabab bo‘ladi» (Buxoriy rivoyati).

Yana bir hadisi sharifda: «Biz bu ishga (amirlikka) uni so‘ragan kishilarni ham, unga qiziqqan kishilarni ham tayinlamaymiz», deyilgan.

Abdurahmon ibn Samura roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Amirlikni so‘rama. Agar unga so‘ramasdan yetishsang, uni qo‘llab-quvvatlaysan. Bordi-yu, unga so‘rab yetishsang, unga suyanib qolasan», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhuga: «Alloh seni ahmoq amirlardan panohida saqlasin», dedilar. «Ahmoq amirlar kimlar?» deb so‘ragan edi, «Mendan keyin keladigan amirlar bo‘lib, ular men ko‘rsatgan yo‘ldan yurmaydilar va mening sunnatimga amal qilmaydilar», deb javob berdilar (Ahmad, Bazzor rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki musulmonlarga qozi bo‘lishni talab qilib, unga erishsa, so‘ng adolati zulmidan ustun kelsa, unga jannat bo‘lur. Bordi-yu, jabr-zulmi adolatidan ustun kelsa, unga do‘zax bo‘lur» (Abu Dovud rivoyati).

Rivoyat qilinadiki, qiyomat kunida voliy (hokim) olib kelinib, jahannam ko‘prigiga qo‘yiladi. So‘ng ko‘prik shunday qattiq silkinadiki, uning har bir bo‘g‘imi o‘rnidan siljib ketadi. Agar u ishlarida Allohga itoat etgan bo‘lsa, ko‘prikdan o‘tib oladi. Agar ishlarida Allohga osiylik qilgan bo‘lsa, ko‘prik parcha-parcha bo‘lib ketadi va u ellik yil miqdoricha jahannam qa’riga qulab tushadi.

Amr ibn Muhojir aytadilar: «Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhu menga: «Agar meni haqdan og‘ganimni ko‘rsang, ikki qo‘ling bilan yoqamdan tutib: «Ey Umar, nima qilyapsan?!» deb ayt», degan edilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:21:01

Ellik ikkinchi gunohi kabira
ZULM

Zulm bir necha turli bo‘ladi. Botil yo‘l bilan mol topish, yetim molini yeyish, bandalarni o‘ldirish, urish, jarohat yetkazish, haqorat qilish, la’natlash, tuhmat qilish va hokazo.

«(Ey Muhammad), siz hargiz: «Alloh zolim kimsalarning qilayotgan amallaridan g‘ofil» deb o‘ylamang!»
Ya’ni, Alloh zolimlarning qilmishlarini unutib yuboradi, deb o‘ylamang. Zero, Allohning sunnati (odati) o‘zi shunday – osiylarni ozgina muddat o‘z holiga qo‘yib qo‘yadi-da, so‘ng izzati va qudratiga xos tarzda tutadi-jazolaydi.

«Faqat Alloh ular(ning jazolari)ni ko‘zlar (dahshatdan) qotib qoladigan (qo‘rqinchli qiyomat) kuniga qoldirmoqda, xolos».

Ya’ni, ularni jazolashni dahshati va shiddatidan ko‘zlar ochilgan ko‘yi qimirlamay qoladigan qiyomat kuniga kechiktirmoqda.

«(U kuni) ular boshlarini (osmonga) ko‘targan hollarida (chorlangan tomonga hisob-kitob uchun) chopurlar. Ko‘zlari o‘zlariga qaytmaydi (ya’ni, qo‘rquvdan qotib qolib, o‘zlarining qanday holda ekanliklarini ham ko‘rmaydilar). Dillari (dahshatdan) bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolur. (Ey Muhammad), odamlarni ogohlantirib qo‘yingki, ularga azob kelar kunda (qiyomatda) zolim kimsalar: «Parvardigoro, bizlarga ozgina muhlat bergin, (ya’ni, bizlarni dunyoga qaytarib, ozgina hayot bergin, albatta) Sening da’vatingni qabul qilurmiz va payg‘ambarlaringga ergashurmiz» deydilar. (Shunda ularga javob qilinur): «Ilgari (hayot paytingizda) hech qachon zavolga yuz tutmasligingiz (ya’ni, hech qachon o‘lmasligingiz va oxirat jazosiga duchor bo‘lmasligingiz) haqida qasam ichmagan edingizlarmi? Holbuki, sizlar o‘zlariga zulm qilgan kimsalarning maskanlariga (ular zavolga yuz tutganlaridan keyin) joylashgan edingizlar. Ularni qanday (halok) qilganimiz ham sizlarga aniq m’lum edi. Biz sizlar uchun (qanchadan-qancha) misollar keltirgan edik (lekin sizlar bu ko‘rgan-bilganlaringizdan ibrat olmadingizlar, haq yo‘lga yurmadingizlar)» (Ibrohim surasi, 42-45).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:21:19

«Faqat odamlarga zulm qiladigan va yerda nohaq hadlaridan oshadigan kimsalar(ni ayblash va zulmu zo‘ravonliklari uchun jazolash)gagina yo‘l bordir» (Sho‘ro surasi, 42).

«Zolim kimsalar yaqinda qanday oqibatga qarab ketayotganlarini bilib olurlar» (Shuaro surasi, 227).

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zulmdan saqlaninglar. Zero, zulm qiyomat kuni zulmat bo‘lur. Ziqnalikdan saqlaninglar. Zero, ziqnalik sizlardan oldingilarni halok etdi — ularni o‘zaro qonlarini to‘kishga va harom ishlarni halol qilishga olib keldi» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Parvardigor azza va jalla aytadi: «Ey bandalarim, Men O‘zimga zulmni harom qildim va uni sizlarning orangizda ham harom qildim. Bas, bir-biringizga zulm qilmanglar» (Muslim, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Abu Muso roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh zolimga uzoq umr beradi. Uni ushlagan vaqtda esa, qutula olmaydi», dedilar va Hud surasining 102-oyatini o‘qidilar:

«Parvardigoringiz (ahli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi — azobi alamli va qattiqdir» (Muttafaqun alayh).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:21:30

Xavla binti Omir Ansoriya roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Ayrim kishilar Allohning moliga tajovuz qiladilar. Qiyomat kuni ularga do‘zax bo‘lur», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida: «Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘l, zero, uning duosi bilan Allohning orasida parda-to‘siq yo‘qdir», degan edilar» (Muttafaqun alayh).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bir birodarining nomusi yoki boshqa narsasiga zulm qilgan bo‘lsa, dinoru dirham bo‘lmaydigan (kundan) ilgari qutulib olsin. Aks holda, uning yaxshi amallaridan zulmiga yarashasi mazlumga olib beriladi. Bordi-yu, yaxshiliklari bo‘lmasa, mazlumning yomonliklaridan olinib, unga yuklanadi» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Muflis (o‘ta miskin, nochor) kimligini bilasizlarmi?» deb so‘ragan edilar, sahobalar: «Bizning nazdimizda chaqasi ham, matosi ham yo‘q kishi muflisdir», deya javob berishdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mening ummatimdagi muflis shunday kishiki, u qiyomat kuni namozi, ro‘zasi va zakoti bilan keladi. Keladi, biroq kimnidir haqorat qilgan, boshqasini badnom etgan, bunisining molini yegan, boshqasining qonini to‘kkan, yana birovni urgan bo‘ladi. Keyin uning yaxshiliklaridan ularga olib beriladi. Mabodo bo‘ynidagi narsalar bitmay turib, yaxshiliklari tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib unga yuklanadi. So‘ng do‘zaxga uloqtiriladi» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:21:40

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim qarich yer ustida zulm qilsa (o‘ziniki qilib olsa), o‘sha yerning yetti qavati uning bo‘yniga osib qo‘yiladi» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Minoda xitob qilib: «Ogoh bo‘linglarki, Alloh sizlarga qonlaringizni va mollaringizni ushbu kuningiz va ushbu oyingiz hurmati kabi harom (hurmatli) qildi. Yetkazdimmi?» dedilar. Ular: «Ha», deyishgach, uch marotaba: «Ey Allohim, O‘zing guvoh bo‘l», dedilar» (Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Unays roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh qiyomat kuni bandalarni (yoki insonlarni) yalong‘och, xatna qilinmagan va yo‘qsil holda tiriltiradi», dedilar. Biz: «Yo‘qsillik nima?» deb so‘ragan edik, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Ularning hech narsasi bo‘lmaydi. So‘ng ularga uzoqdagi kimsa ham yaqindagi kimsa kabi eshitadigan ovozda: «Men hakamman, men podshohman. Bironta do‘zaxiyning bironta jannatiyda haqqi bo‘lsa, to unga qasosini olib bergunimcha do‘zaxga tushishi joiz emas. Va bironta jannatiyning bironta do‘zaxiyda haqqi bo‘lsa, hattoki bir tarsaki bo‘lsa-da, unga ham qasosini olib bermagunimcha jannatga kirishi joiz emas», deb nido qiladi», dedilar (Ahmad rivoyati).

Huzayma ibn Sobit roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Mazlumning duosidan saqlaninglar. Zero, u bulutda ko‘tariladi. Alloh: «Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, garchi ozginadan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta, yordam beraman», deydi» (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:21:46

Jobir aytadilar: «Dengiz muhojirlari qaytib kelgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Habash yerida ko‘rgan narsalaringizdan ajoyibini gapirib bermaysizlarmi?» dedilar. Bir yigit: «Aytib beramiz, yo Rasululloh» deb, so‘z boshladi: «Bir joyda o‘tirgan edik. Yonimizdan boshida bir ko‘za suv ko‘targan rohiba kampir o‘tdi. U yerlik bir yigit turgan edi. U bir qo‘lini kampirning kuraklari orasiga qo‘yib itarib yubordi. Kampir cho‘kkalab qoldi, ko‘zasi sindi. O‘rnidan turib unga qaradi-da: «Yaqinda bilasan, ey zolim! Alloh kursini qo‘yib, avvalgilaru oxirgilarni to‘playdigan, qo‘l va oyoqlar qilib o‘tgan ishlarini so‘zlaydigan kunda Uning huzurida sen bilan mening holim qanday bo‘lishini bilib olasan!» dedi». Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rost aytibdi, rost aytibdi. Kuchlilardan zaiflarining haqqi olib berilmaydigan ummatni Alloh qanday qilib aziz qilsin», dedilar» (Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, besh toifa odamdan Alloh g‘azablanadi. Xohlasa, Uning azobi shu dunyoning o‘zida beriladi. Xohlasa, oxiratda ularni do‘zaxga hukm qiladi. Ular: bir qavmning boshlig‘iki, rayiyatidan o‘z haqqini to‘la-to‘kis oladi, o‘zi esa ularga insof qilmaydi, ularni zolimlardan himoya qilmaydi; bir qavmning yetakchisiki, odamlar unga itoat etishadi, u esa kuchli bilan kuchsizni teng ko‘rmaydi va havoi nafsidan gapiradi; bir kishiki, ahlini va bolalarini Allohga itoat etishga buyurmaydi, ularga diniy ishlarni o‘rgatmaydi; bir kishiki, mardikor yollab ishini qildiradi-da, haqini to‘liq bermaydi; bir kishiki, xotiniga mahri borasida zulm qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Tuvaloq qush zolimning zulmidan ozib uyasida jon beradi».

Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu aytadilar: «Alloh taolo maxluqotlarni yaratgach, ular o‘rinlaridan turib, boshlarini ko‘taradilar-da: «Ey Parvardigor, Sen kim bilansan?» deb so‘rashadi. Alloh: «To haqqi olib berilmaguncha mazlum bilan birgaman», deydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:22:00

Abu Umoma roziyallohu anhu aytadilar: «Qiyomat kuni zolim jahannam ustidagi ko‘prikdan o‘tayotganda, mazlum unga duch kelib, zulmini eslatadi. Zulm qilgan kimsalar to qo‘llaridagi yaxshiliklarni olib qo‘yishmaguncha, mazlumlar oldidan keta olmaydilar. Agar ularning yaxshiliklari bo‘lmasa, qilgan zulmlari barobarida mazlumlarning yomonligi ularga yuklanadi. So‘ng ular do‘zax qa’riga qulaydilar».

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytdilar: «Qiyomat kuni erkak yoki ayol bandaning qo‘lidan ushlab, butun maxluqotlar ko‘z o‘ngida: «Bu falonchining o‘g‘li falonchi. Unda kimning haqqi bo‘lsa, kelib haqqini olsin», deb nido qilinadi. Ayol kishi otasi, akasi yoki erida haqqi qolgan bo‘lsa, bundan shod bo‘ladi».

So‘ng: «U kunda oralarida (qarindosh-urug‘chilik) nasablari bo‘lmas. Bir-birlaridan (biron narsa haqida) so‘ramaslar», oyatini o‘qib, so‘zlarida davom etdilar: «Alloh O‘z haqqidan xohlaganini kechiradi. Biroq, insonlarning haqlaridan biron narsani kechmaydi. Bir banda odamlarga ro‘baru qilinadi. So‘ng Alloh taolo haqdorlarga: «Haqingizni olgani kelinglar», deydi va farishtalarga: «Uning solih amallaridan olib, har bir haqdorga haqqiga yarashasini beringlar», deya amr etadi. Agar banda Allohning valiyi (do‘sti) bo‘lsa va zarra misqolichalik yaxshi amali ortib qolsa, Alloh taolo o‘sha amalini ko‘paytiradi va u sababli bandani jannatga doxil qiladi. Bordi-yu, banda badbaxt bo‘lib, yaxshi amali qolmasa, farishalar: «Parvardigoro, uning yaxshiliklari tugadi, biroq hali talabgorlari bor», deydi. Shunda Alloh: «Ularning yomonliklaridan olib, uning yomonliklariga qo‘shinglar», deydi. So‘ngra u do‘zaxga haydaladi».

Rivoyat qilishlaricha, qiyomat kuni banda uchun o‘zini taniydigan kishini uchratishdan ko‘ra yoqimsizroq narsa bo‘lmaydi. Chunki u dunyoda qilgan zulmiga to‘lov talab etishidan xafvsirab turadi. Bu xususda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Qiyomat kunida haqlar haqdorlarga olib beriladi. Hatto shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yning o‘chi olib beriladi» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:22:09

Ayrim kitoblarda yozilishicha, Alloh taolo: «Mendan o‘zga yordamchisi bo‘lmagan kishiga zulm qilgan kimsa Mening qattiq g‘azabimga duchor bo‘libdi», deydi.

Bir shoir aytadi: «Qodir bo‘lsang-da, zulm qilma, chunki zulmning oqibati nadomatdir. Mazlum bedor bo‘lib duoibad qiladi, sening ko‘zlaring uxlar, biroq Alloh uxlamas».
Salaflardan biri aytar ekan: «Zaiflarga zulm qilma. Aks holda eng yovuz kuchlilardan bo‘lasan».

Vahb ibn Munabbah aytganlar: «Zo‘ravon podshohlardan biri baland qasr bino qilibdi. Bir kambag‘al kampir qasrning yoniga kichkina kulba qurib unda yashay boshlabdi. Kunlardan bir kuni podshoh otiga minib qasri atrofida aylanib yurib bir kulbaga ko‘zi tushib qolibdi. «Bu kimniki?» «Kambag‘al ayolniki». U kulbani buzib tashlashni buyuribdi. Kampir kelib kulbasi buzilganini ko‘rib, hammasini surishtirib bilgach, boshini osmonga ko‘tarib debdi: «Ey Parvardigoro, men bu yerda bo‘lmagan ekanman, Sen qaerda eding?» So‘ng Alloh Jabroilga qasrni ichidagi kishilari bilan qo‘shib ag‘darib tashlashni buyurgan edi, u darhol buyruqni bajardi».

Xolid ibn Barmak va o‘g‘li hibsga olinganida o‘g‘li: «Kechagina aziz edik, bugun esa kishanlangan mahbusmiz» degan edi, Xolid: «Ey o‘g‘lim, mazlumlar tuni bilan duoibad qilgan. Biz undan g‘aflatda bo‘lganmiz. Alloh esa g‘ofil emas», dedi.

Yazid ibn Hakim aytar ekan: «Bir kishidan qo‘rqqanimdek boshqalardan sira qo‘rqmaganman. Men unga Allohdan o‘zga yordamchi yo‘qligini bilaturib zulm qilgan edim. U esa: «Alloh menga kifoya. Sen bilan mening oramizda Alloh (hakam)dir», der edi».

Qayd etilgan