Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296222 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:27:05

Fasl

Xolid ibn Valid chekka arab yerlarida ayol singari erga tegadigan bir kishini uchratganini Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga xabar qildi. Abu Bakr roziyallohu anhu maslahatlashish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashoblarini to‘pladilar. Shunda Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Bu gunohni faqatgina bir ummat sodir etgan. Alloh ularni qanday jazolaganini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Uni yoqib yuborish kerak, deb o‘ylayman», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ashoblari bu fikrni ma’qulladilar. Abu Bakr roziyallohu anhu uni yoqib yuborishni buyurdilar» (Bayhaqiy rivoyati).

Ali roziyallohu anhu aytgan ekanlar: «Kimki xohish bilan o‘ziga yaqinlik qilishlariga imkon bersa, Alloh unga ayollar shahvatini tashlaydi va uni qabrida qiyomat kunigacha toshbo‘ron qilib haydalgan shaytonga aylantirib qo‘yadi».

Rivoyat qilishlaricha, Iso ibn Maryam alayhissalom sayohatlari davomida olovda kuyayotgan bir kishini ko‘rib qoldi. Iso alayhissalom suv olib olovni o‘chirmoqchi bo‘lganlarida olov bolaga, kishi esa olovga aylanib qoldi. Bundan hayratlangan Iso alayhissalom: «Ey Rabbim, ularni dunyodagi holiga qaytar, toki ularga nima bo‘lganini so‘rab olayin», deb duo qildilar. Alloh taolo ularni tiriltirdi. Ular bir kishi va bir bola ekan. Iso alayhissalom ulardan: «Sizlar nima qilgansizlar?» deb so‘ragan edilar, haligi kishi: «Ey Ruhulloh, men dunyoda bu bolaga oshiqu beqaror bo‘lganman. Shahvatim qo‘zib, u bilan buzuqlik qilganman. Ikkimiz ham o‘lganimizdan beri bir safar bola olovga aylanib meni kuydiradi, bir safar men olovga aylanib bolani kuydiraman. Qiyomat kuniga qadar biz shunday azoblanamiz», deya javob berdi.
Allohning O‘zi azobiga duchor bo‘lishimizdan saqlasin. U zotdan afv va ofiyat hamda O‘zi rozi bo‘ladigan, yaxshi ko‘radigan amallarga muvaffaq etishini so‘raymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:27:19

Fasl

Ayolning orqasiga yaqinlik qilish ham bachchavozlik hisoblanib, bu ish Alloh va Rasuli harom qilgan amallardandir.

Alloh azza va jalla aytgan:
«Xotinlaringiz sizlar uchun ekinzordir. Bas, ekinzoringizga xohlagan holatingizda yaqinlashavering» (Baqara surasi, 223).

Ya’ni, xohlasangiz old tarafdan, xohlasangiz orqa tarafdan, faqat bir o‘ringa — farjga. Zero, u ziroatgoh, urug‘lik tashlaydigan o‘rin hisoblanadi. Orqa esa najosat o‘rnidir. Orqaga yaqinlik qilish nopok, jirkanchli ishdir.

Mazkur oyatning nozil bo‘lish sababi quyidagichadir: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam zamonlaridagi yahudiylar: «Agar er xotinining oldiga orqa tomonidan yaqinlik qilsa, bola g‘ilay bo‘ladi», deyishar edi. Bu oyat ularning da’volarini inkor qilib tushgan. «Xotinlaringiz ziroatgohingizdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan holatingizda yaqinlashavering». Xohlasa yuz tuban yotib, xohlasa yuz tuban yotmay, biroq bu ish bir o‘ringa qilinishi lozim» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:27:27

Bir rivoyatda: «Orqaga va hayz ko‘rayotganga yaqinlik qilishdan saqlaninglar», deyilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xotinining orqasiga yaqinlik qilgan kimsa mal’undir», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ayollarning orqalariga yaqinlik qiladigan kimsalarni Alloh la’natlasin» (Tabaroniy rivoyati).

Ko‘pgina johillar bu gunohni sodir etadilar. Bu ularning bilimi kamligi va ilmni tinglamasliklarining natijasidir. Shu sababli ham, Abu Dardo roziyallohu anhu: «Olim yoki ta’lim oluvchi yoki quloq soluvchi yoxud yaxshi ko‘ruvchi bo‘l. Beshinchisi bo‘lma, aks holda halok bo‘lasan», deganlar. Bu beshinchi bilmaydigan, ta’lim olmaydigan, tinglamaydigan va amal qiladiganlarni yaxshi ko‘rmaydigan kimsadir. Har bir banda barcha gunohu xatolari uchun Allohga tavba qilishi, ilgari bilmasdan qilgan gunohlarini afv etishini Allohdan astoydil so‘rashi va qolgan umrining ofiyatli bo‘lishini tilashi lozim. Ey Allohim, biz Sendan din va dunyoyu oxiratda afvu ofiyat tilaymiz. Albatta, Sen rahmlilarning rahmlirog‘idirsan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:27:54

Ellik beshinchi gunohi kabira
O‘G’IRLIK

Alloh taolo aytadi:
«O‘g‘ri erkakni ham, o‘g‘ri ayolni ham qo‘llarini kesinglar! (Toki bu) ularning qilmishlariga yarasha jazo bo‘lsin, Alloh tomonidan berilgan azob bo‘lsin. Alloh qudrat va hikmat egasidir» (Moida surasi, 38).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri o‘g‘irlik qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida o‘g‘irlik qiladi. Ichuvchi xamr ichayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida ichadi. Biroq tavba hali ham taklif qilingandir» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu aytganlar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qiymati uch dirham bo‘lgan qalqon sababli (qo‘lni) kesganlar» (Jamoat rivoyat qilgan).

Oisha (roziyallohu anho) aytganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chorak dinor va undan qiymatli (narsalar) uchun o‘g‘rining qo‘lini kesar edilar» (Jamoat rivoyat qilgan).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:28:03

Nasoiyning rivoyatida: «Qalqon qiymatidan arzon narsalar uchun o‘g‘rining qo‘li kesilmaydi», deyilgan. Oisha (roziyallohu anho)dan: «Qalqonning qiymati qancha?» deb so‘rashganda: «Chorak dinor», deya javob berganlar.

Imom Ahmadning rivoyatida: «Chorak dinor sababli (o‘g‘rining qo‘lini) kesinglar. Bundan qiymatsiz, arzon bo‘lgan narsalar sababli kesmanglar», deyilgan.

U paytda bir dinor — o‘n ikki dirham, chorak dinor esa uch dirham bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh o‘g‘rini la’natlasin: dubulg‘a o‘g‘irlaydi-da, qo‘li kesiladi, arqon o‘g‘irlaydi-da, qo‘li kesiladi», deganlar.

A’mash (rahimahulloh) aytganlarki: «Ular «dubulg‘a» deganda temir dubulg‘ani, «arqon» deganda bir necha dirham turadigan arqonni nazarda tutishgan» (Buxoriy, Muslim, Ahmad rivoyati).

Oisha (roziyallohu anho) aytadilar: «Maxzum qabilasidan bo‘lgan bir ayol qarzga narsa olib uni qaytarmas, tan olmas edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning qo‘lini kesishni buyurdilar. Ayolning qarindosh-urug‘lari Usoma ibn Zaydning oldiga kelib, u bilan gaplashishdi. Usoma Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ayol haqida gapirgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Ey Usoma, Alloh azza va jallaning hadlaridan bironta had borasida ham o‘rtaga tushganingni ko‘rmayin», dedilar. So‘ng turib odamlarga qarata shunday hitob qildilar: «Albatta, sizlardan oldin o‘tganlar agar oralarida sharafli, obro‘li kishi o‘g‘irlik qilsa afv etib, zaif kishi o‘g‘irlik qilsa, qo‘lini kesganlari sababli halok bo‘lganlar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar o‘g‘ri Muhammadning qizi Fotima bo‘lganida ham, albatta, qo‘lini kesgan bo‘lardim». Keyin o‘g‘ri ayolning qo‘li kesildi» (Ahmad, Muslim, Nasoiy rivoyati).
Ulamolar aytadilarki, o‘g‘irlagan narsani egasiga qaytarmas ekan, o‘g‘rining tavbasidan hech naf yo‘q. Agar hech vaqosi bo‘lmasa, molning egasidan rozilik olishi shart. Vallohu a’lam.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:28:29

Ellik oltinchi gunohi kabira
YO‘LTO‘SARLIK

Alloh taolo aytadi:
«Albatta, Alloh va payg‘ambariga qarshi urushadigan va yerda buzg‘unchilik qilish harakatida yuradigan kimsalarning jazosi — o‘ldirilish yo dorga osilish yoki oyoq-qo‘llari teskarisiga (ya’ni, o‘ng qo‘l va chap oyoq yoki chap qo‘l va o‘ng oyoq) kesilishi yoxud o‘z yerlaridan surgun qilinishlaridir. Bu jazo ular uchun bu dunyoda rasvolik-sharmandalik bo‘lur. Oxiratda esa ular uchun ulug‘ azob bordir» (Moida surasi, 33).

Vohidiy (rahimahulloh) aytganlarki: «Alloh va payg‘amabariga qarshi urushadiganlar» — ularga itoat etmay, osiylik qiladigan kimsalardir. Senga osiylik qiladigan har bir kishi senga qarshi urushuvchidir. «Yerda buzg‘unchilik qilish harakatida yuradiganlar» — odamlarni o‘ldirib, mol-mulkini talon-taroj qiladigan, o‘g‘irlik qiladigan kimsalardir.

Mo‘minlarga qarshi qo‘liga qurol olgan har bir kimsa Alloh va payg‘ambariga qarshi urushuvchidir. Bu Molik, Avzoiy va Shofe’iylarning so‘zidir.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, «Oyatdagi «yoki» so‘zi ixtiyor uchun kiritilgan bo‘lib, ma’nosi mubohlikni anglatadi. Ya’ni, imom-hukmdor xohlasa qatl ettiradi, xohlasa dorga ostiradi, xohlasa surgun qiladi» (Hasan, Said ibn Musayyab va Mujohidlar shu so‘zni aytishgan).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:28:44

Atiyyadan qilingan rivoyatda esa: «Yoki» mubohlikni anglatmaydi. Balki u jinoyatlar turiga qarab hukm martabasini anglatadi:
Kimki odam o‘ldirib, molini olsa, u o‘ldiriladi va dorga osiladi.
Kimki molni olsa-yu, odam o‘ldirmasa, uning qo‘li kesiladi.
Kimda-kim qon to‘ksa-yu, mollarga tegmasa, u o‘ldiriladi.
Kimki xafv solib tursa-yu, hech kimni o‘ldirmasa, u surgun qilinadi.
Bu Shofe’iy roziyallohu anhuning mazhabidir».

Shofe’iy roziyallohu anhu yana aytganlarki: «Har bir jinoyatchiga jinoyatiga yarasha jazo beriladi. Ya’ni, kimni o‘ldirish va osish lozim bo‘lsa, uni azoblash makruh bo‘lgani sababli, u avval o‘ldiriladi, so‘ng uch marta osiladi. Keyin tushiriladi.

Kimni faqat o‘ldirish lozim bo‘lsa, u o‘ldiriladi va dafn qilishlari uchun qarindoshlariga beriladi.
Kimniki kesish lozim bo‘lsa, dastlab o‘ng qo‘li kesiladi. Agar qaytib yana o‘g‘rilik qilsa, chap oyog‘i kesiladi. Mabodo, yana qaytib o‘g‘rilik qilsa, chap qo‘li kesiladi. Chunki Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo shunday qilishgan va bironta sahobiy ularga e’tiroz bildirmagan. Chap oyog‘i kesilishining sababi esa, qo‘ldan keyin oyoq kesilganda, chap oyoqni kesishga ittifoq qilingan bo‘lib, bu «teskarisiga» degan oyatning ma’nosidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:29:00

«... yoki o‘z yerlaridan surgan qilinishlaridir».

Ibn Abbos roziyallohu anhu bu hukm haqida shunday deganlar: «Imom: «Uni kim uchratsa, o‘ldirsin», deb qonini to‘kishni halol qiladi. Bu hukm qo‘lga tushirib bo‘lmaydigan jinoyatchilarga taalluqli bo‘lib, qo‘lga tushganlari esa hibsga olinib, qamab qo‘yiladi. Chunki u hibsga olinsa, shaharlarda yurishdan mahrum bo‘ladi va yerdan surgun qilingan hisoblanadi.

Ibn Qutayba ayrim mahbuslar tilidan she’r bitgan ekan:
Biz endi undanmasmiz, dunyo ahli bo‘lsak-da,
Na o‘likmiz, na tirik — faqat dil g‘amin yeymiz.
Zindonbon bir ish bilan oldimizga kirsa gar,
Alam bilan: «Bu dunyodan tashrif buyurdi», deymiz.


Yo‘ltasarlik qilib, odamlar ko‘ngliga qo‘rquv solishning o‘ziyoq gunohi kabiradir. Mol-mulkni talon-taroj qilish, odamlarga jarohat yetkazish, qatl etishni esa aytmasa ham bo‘laveradi.

Allohdan barcha balo-yu ofatlardan omon saqlashini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, mag‘firatli va rahmli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:29:18

Ellik yettinchi gunohi kabira
XAMR (MAST QILUVCHI ICHIMLIK) ICHISH

Alloh taolo aytadi:
«Ey mo‘minlar, aroq (mast qiluvchi ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar(ga sig‘inish) va cho‘plar (bilan fol ochish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, ularning har biridan uzoq bo‘lingiz, shoyad najot topsangiz! Aroq, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!» (Moida surasi, 90—91).

Alloh azza va jalla mazkur oyatlarda xamrdan ogohlantirdi, qaytardi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xamrdan saqlaninglar. Zero, u barcha yomonlikning kalitidir», deganlar (Hokim rivoyati).

Kimda-kim undan saqlanmas ekan, batahqiq, u Alloh va Rasuliga osiylik qilgan va bu bilan azobga sazovor bo‘lgan bo‘ladi. Alloh taolo aytadi:
«Kim Alloh va Rasuliga itoatsizlik qilib, Allohning belgilab qo‘ygan hadlaridan tajovuz qilsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur. Va uning uchun xor qilguvchi azob bordir» (Niso surasi, 14).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:29:29

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Xamr harom qilingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayrim sahobalari boshqalarining oldiga borib: «Xamr harom qilindi va shirkka tenglashtirildi», dedilar» (Tabaroniy, Hokim rivoyati).

Xamr, shak-shubhasiz, barcha nopok ishlarning onasi bo‘lib, ko‘plab hadislarda uni ichgan odam la’natlangandir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har bir mast qiluvchi narsa haromdir. Kimki bu dunyoda xamr ichsa va uni ichishga odatlangan holda vafot etsa, oxirat sharobini ichmaydi» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Jobir roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir mast qiluvchi narsa haromdir. Mast qiluvchi ichimlikni ichgan kishini «Tiynatul xobal»dan (chiqindilar aralashmasi) sug‘orish xususida Alloh huzurida ahd, qat’iy qaror bor», dedilar. «Yo Rasululloh, «Tiynatul xobal» nima?» deb so‘rashgan edi, «Do‘zax ahlining terlari yoki do‘zax ahlidan ajralgan suyuqliklar», deya javob berdilar» (Muslim rivoyati).

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Kim bu dunyoda xamr ichsa-yu, so‘ng u uchun tavba qilmasa, oxiratda sharobdan mahrum bo‘ladi» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan