Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296233 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:31:22

Hikoyat

Fuzayl ibn Iyoz o‘lim to‘shagida yotgan shogirdini ko‘rgani kelib, unga «shahodat» kalimasini talqin eta boshladi. Biroq uning tili hech aylanmas edi. Kalimani yana takrorlagan edi: «Aytmayman, men undan begonaman», dedi. Fuzayl yig‘lagan ko‘yi u yerdan chiqib ketdi. Keyin oradan bir qancha vaqt o‘tgach, tushida shogirdining do‘zaxga sudrab olib ketilayotganini ko‘rdi. «Ey bechora, nima sababli ma’rifatdan judo bo‘lding?» deb so‘ragan edi, u: «Ey ustoz, mening bir kasalim bor edi. Tabiblarga borgan edim, menga: «Har yili bir qadah xamr ichib turasan. Bo‘lmasa, kasaling tuzalmaydi», deyishdi. Har yili davolanish uchun undan ichib turar edim», deya javob berdi.

Davolanish uchun xamr ichgan kishining holi shu bo‘lsa, ko‘ngil hushi uchun ichadiganlarning ahvoli qanday bo‘larkin?! Allohdan barchamizni afu etishini va barcha balolardan omon saqlanishini so‘raymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:31:33

Hikoyat

Bir kishidan tavba qilishiga nima sabab bo‘lganini so‘rashganida, shunday dedi: «Men qabrlarga o‘g‘irlikka tushar edim. U yerda ayrim o‘liklar qiblaga ters bo‘lib qolganini ko‘rdim. Yaqinlaridan ularning nima qilganlari haqida so‘raganimda: «Ular dunyoda xamr ichgan va tavba qilmay vafot etgan edilar», deb javob berishdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:31:44

Hikoyat

Bir solih kishi aytgan ekan: «Kichkina farzandim vafot etdi, uni dafn qilganimizdan so‘ng, oradan bir qancha vaqt o‘tgach, tushimda ko‘rdim. Sochi oppoq bo‘lib oqarib ketgan edi. «Ey o‘g‘lim, seni dafn etganimda yoshgina bola eding-ku. Nega soching oqarib ketdi?» deb so‘radim. U: «Ey otajon, yonimga xamr ichgan kishi dafn qilindi. Uning kelganidan jahannam shunday oh urdiki, biron bola qolmay, barchasining sochi oqarib ketdi», deb javob berdi».

Allohdan barchamizni afu etishini va oxiratda azobga duchor qiladigan ishlardan omon saqlashini so‘raymiz. Har bir banda yomon holatda ekanida ajali yetib do‘zaxga uloqtirilmasidan oldin (Alloh saqlasin), Alloh taologa tavba qilishi lozim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:32:07

Ellik sakkizinchi gunohi kabira
ODAMLARNING SIRLARIGA QULOQ TUTISH — JOSUSLIK

Alloh taolo aytadi:
«(O‘zgalarning ayblari ortidan) josuslik qilib yurmanglar...», degan (Hujurot, 12).

Ya’ni, bir kishi boshqa bir birodarining aybini qidirmasin. Alloh berkitgan narsani qilishga urinmasin.
Mufassirlar: «Josuslik — musulmonlarning aybu nuqsonlarini qidirish», deganlar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhuga: «Valid ibn Uqbaning soqolidan xamr tomib yuradi», deyishgan edi, u zot: «Batahqiq, biz josuslik qilishdan qaytarilganmiz. Biroq, uning rostdan ham ichuvchi ekani ma’lum bo‘lsa, uni jazolaymiz», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim bir qavmning gaplariga, ular yoqtirmasalar-da, quloq solsa, qiyomat kunida uning quloqlariga eritilgan qo‘rg‘oshin quyiladi».

Allohdan O‘zi yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan ishlariga muvaffaq etishini so‘raymiz. U marhamatli, saxovatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:32:28

Ellik to‘qqizinchi gunohi kabira
DUSHMAN HUJUMIDAN QOCHISH

Alloh taolo aytadi:
«Ey mo‘minlar, kofirlarning lashkariga duch kelganingizda (sanoqlari ko‘pligini ko‘rib) ularga orqa o‘girmanglar (ya’ni, qo‘rqib qochmanglar). Kimki o‘sha (urush) kunida jang yo‘sinini o‘zgartirish yoki boshqa bir guruh (musulmonlarga) qo‘shilishdan tashqari holatda, ularga (kofirlarga) orqa o‘girib qochsa, bas, u Alloh tarafidan bo‘lan g‘azab bilan ketibdi va uning joyi jahannamdir. Naqadar yomon oqibat-a!» (Anfol surasi, 15—16)

Ya’ni, ey iymon keltirganlar, sizlar kofirlar bilan jangga kirishganingizda, jang maydonini tashlab qochmanglar. Balki sabot bilan sabr-matonat ko‘rsatinglar. Faqat boshqa kofir toifaga hujum qilish yoki dushmanni aldash uchun hiyla ishlatib, qochganday ko‘rinib qayta hujum qilish, saflarni tartibga keltirish maqsadida yo bo‘lmasa, boshqa bir musulmon guruhga qo‘shilib, kuchlarni birlashtirish niyatida chekinsangiz, mayli. Kimki shu kabi maqsadlarsiz dushmandan qo‘rqib qochsa, u Allohning g‘azabiga duchor bo‘ladi va boradigan joyi jahannamdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:32:42

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi gunohdan saqlaninglar», dedilar. «Yo Rasululloh, ular qaysilar?» deb so‘rashgan edi, «Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, yetim molini yeyish, dushman bostirib kelgan kunda (jangdan) qochish va pokdomon mo‘mina ayollarni badnom qilish», deya javob berdilar» (Mutaffaqun alayh).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Agar sizlardan yigirmata sabr-toqatli kishi bo‘lsa, ikki yuzta (dushmanni) yengar!» (Anfol surasi, 65) oyati nozil bo‘lgach, Alloh yigirmata musulmonga ikki yuzta dushmandan qochmaslikni farz qildi. So‘ng: «Endi Alloh sizlarning (yukingizni) yengil qildi...» (Anfol surasi, 65) oyati nozil bo‘ldi va yuzta musulmonga ikki yuzta dushmandan qochmaslik farz bo‘ldi» (Buxoriy, Abu Dovud rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:33:04

Oltmishinchi gunohi kabira
O‘LJAGA XIYONAT QILISH

Alloh taolo aytadi:
«Biron payg‘ambar uchun (urushdan tushgan o‘ljalarga) xiyonat qilish joiz emas. Kim xiyonat qilsa, qiyomat kunida (Allohning huzuriga) qilgan xiyonati bilan birga kelur» (Oli Imron surasi, 161).

Ya’ni, biron-bir payg‘ambar qo‘lga tushgan o‘ljadan biron narsani yashirincha o‘ziga olishi shariatga ham, aqlga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bu ish payg‘ambarlik sha’niga sira-sira mos emas.

Endi kimki o‘ljadan biron narsaga xiyonat qilsa, qiyomat kunida o‘sha xiyonat qilgan narsasini bo‘ynida ko‘tarib keladi. Butun guvohlar oldida sharmandai sharmisor bo‘ladi.

«Albatta, Alloh xiyonatkor kimsalarni sevmas» (Anfol surasi, 58)

Ya’ni, Alloh ahdida turmaydigan, va’dasiga vafo qilmaydigan kimsalarni sevmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:33:11

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni oldimizga chiqib, xiyonatni, uning ulkan gunohligini zikr qilib shunday dedilar: «Sizlardan birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida bo‘kirayotgan tuyani ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida ot kishnayotgan holda ko‘rmayin U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron ishga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida ma’layotgan qo‘yni ko‘tarib kelayotganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida qichqirayotgan insonni ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida qimirlayotgan (haq yoziladigan) qog‘ozni ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida tilla yoki kumush ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman» (Muslim rivoyati).

Kimda-kim g‘animatchilar orasida taqsimlanmay turib, o‘ljadan, yoki imomning ruxsatisiz baytul moldan va yo yig‘ilgan zakotdan yuqoridagi hadisda zikr qilingan narsalardan birontasini olsa, qiyomat kunida o‘sha narsani bo‘ynida ko‘targan holda keladi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ibn Latbiyani zakot yig‘uvchi qilib tayinlaganlarida, u kelib: «Bular sizlarga, bularni esa menga hadya qilishdi», degan edi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarilib, Allohga hamdu sano aytgach: «Allohga qasamki, sizlardan biron kishi haqi bo‘lmagan biron narsani olsa, u qiyomat kunida o‘sha narsani ko‘targan holda Allohga duch bo‘ladi. Sizlardan birontangizni bo‘kirayotgan tuya yoki mo‘rayotgan sigir yo ma’layotgan qo‘y ko‘tarib, Allohga duch kelganini ko‘rmayin», dedilar. Keyin qo‘ltiqlarining oqi ko‘rinadigan darajada qo‘llarini ko‘tarib: «Ey Allohim, yetkazdimmi?» deb aytdilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:33:19

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Xaybarga chiqdik. Alloh bizga uni fath etdi. Biz tilla ham, kumush ham o‘lja olganimiz yo‘q. Har xil buyum, kiyim-kechak o‘lja oldik. So‘ng Quro vodiysiga yo‘l oldik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Bani Jizomlik bir kishi hadya qilgan qullari ham bor edi (U Bani Zobib qabilasidan bo‘lib, Rufo’a ibn Yazid deb atalar edi.) Vodiyga kelib tushganimizdan so‘ng, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilarida turib, ulovlarining tushovlarini yechayotgan edi. Shu payt unga paykon kelib tegdi va shu tufayli o‘ldi. Biz: «Yo Rasululloh, unga shahidlik muborak bo‘lsin», degan edik, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, hali taqsimlanmagan o‘ljadan qolgan yopinchiq uni olov bo‘lib kuydiradi», dedilar. Bundan odamlar vahimaga tushdi. Bir kishi bir yoki ikki dona bog‘ich olib kelib: «Xaybar kunida topib olgan edim», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Olovli bog‘ich yoki olovli ikkita bog‘ich», dedilar» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mulozimlari orasida Karkara ismli bir kishi bor edi. U vafot etganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Odamlar borib uni ko‘zdan kechirdilar va junli yopinchiq (engsiz to‘n) topdilar. U yopinchiqni xiyonat qilib olgan edi» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:33:28

Zayd ibn Xolid roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biri Xaybar kuni vafot etdi. Buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zikr qilishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Sohibingizga janoza o‘qinglar», dedilar. Bundan odamlarning yuzlari o‘zgarib ketdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Sohibingiz Alloh yo‘lidagi (narsaga) xiyonat qildi», dedilar. Biz uning kiyimlarini taftish qilib, bir yahudiy bigizini topdik. U ikki dirham ham turmas edi» (Molik, Ahmad, Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Amirlarning hadyalari xiyonatdir», deganlar (Tabaroniy rivoyati).

U zot sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Alloh tahoratsiz namozni ham, xiyonatdan bo‘lgan sadaqani ham qabul qilmaydi» (Muslim rivoyati).

Imom Ahmad roziyallohu anhu aytganlar: «Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xiyonatkor va o‘z joniga qasd qilgan kimsadan tashqari birontasining janozasini o‘qishdan bosh tortganini bilmaymiz».

Allohdan O‘zi yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan ishlariga muvaffaq etishini so‘raymiz. U marhamatli zotdir.

Qayd etilgan