Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295524 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 B


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:43:59

Oltmish sakkizinchi gunohi kabira
SAHOBALARDAN BIRONTASINI HAQORAT QILISH

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo: «Kimki Mening do‘stimga dushmanlik qilsa, unga qarshi urush e’lon qildim», dedi», deganlar» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sahobalarimdan birontasini ham so‘kmanglar. Zero, sizlardan biron kishi Uhud tog‘icha tillo ehson qilsa ham, ulardan birining (ehson qilgan) muddiga (o‘lchov birligi), uning yarmiga ham yetmaydi», deganlar (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Sahoblarim xususida Allohdan qo‘rqinglar. Mendan keyin ularni (so‘kish va haqorat qilish uchun) nishon qilib olmanglar. Kimki ularni yaxshi ko‘rsa, meni yaxshi ko‘rgani uchun yaxshi ko‘ribdi. Kimki ularni yomon ko‘rsa, meni yomon ko‘rgani uchun yomon ko‘ribdi. Kimki ularga ozor bersa, batahqiq, menga ozor beribdi. Kimki menga ozor bersa, batahqiq, Allohga ozor beribdi. Kimki Allohga ozor bersa, hech qancha vaqt o‘tmay, uni Alloh jazolaydi», dedilar (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:44:11

Mazkur hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni so‘kish, haqorat qilish va ularga ozor berishdan qattiq qaytarganlar hamda ularni yaxshi ko‘rish o‘zlarini yaxshi ko‘rishning, shuningdek, ularni yomon ko‘rish o‘zlarini yomon ko‘rishning alomati ekanini bayon qilganlar. Bu narsa sahobalarning fazilatlari va darajalarining naqadar ulug‘ ekanligini ko‘rsatib beradi.

Boshqa bir sahih hadisda esa: «Ansorlarni yaxshi ko‘rish — iymon alomati, ularni yomon ko‘rish — munofiqlik alomati», deyilgan (Buxoriy, Muslim, Nasoiy rivoyati).

Buning sababi ansorlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘l ostilarida Allohning dushmanlariga qarshi jihod qilganlari va din uchun jonkuyar bo‘lganlaridir.

Shuningdek, Ali roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rish yaxshilik alomati, u zotni yomon ko‘rish munofiqlik alomatidir. Imom Muslim Ali roziyallohu anhuning bunday deganlarini rivoyat qilgan: «Urug‘ni yorib chiqargan, jonni yaratgan Zotga qasamki, ummiy Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam meni faqatgina iymonli kishi yaxshi ko‘rishini va meni faqatgina munofiq kimsa yomon ko‘rishini menga bildirganlar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:44:24

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu gapni agar Ali roziyallohu anhu haqida aytgan bo‘lsalar, Abu Bakr roziyallohu anhu bu martabaga Alidan ko‘ra loyiqroq va haqdorroqdir. Chunki Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu payg‘ambarlardan keyingi eng afzal insondirlar. Umar va Ali roziyallohu anhumolar biron kishini Abu Bakrdan afzal deb bilgan kimsaga tuhmatchiga beriladigan jazo qo‘llanadi, ya’ni, darra uriladi, deganlar.

Sahobalarning hayot yo‘llari, turmush tarzlari bilan yaqinroq tanishgan inson ularning nima sababdan bu darajalarga yetganini anglaydi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida ham, vafot etganlaridan keyin ham iymonga shoshilishdi — intilishdi, kofirlarga qarshi jihod qilishdi, dinni yoyib, Islom marosimlarini zohir etishdi, Alloh va Rasulining kalimasini oliy qilib, farz va sunnatlarini ta’lim berishdi. Agar ular bo‘lmaganida dinning asli-yu, tarmoqlari bizga yetib kelmagan, farzlaru sunnatlar, hadislaru xabarlardan birontasini   bilmagan bo‘lardik.

Kimki sahobalarni yomon otliq qilsa yoki haqorat etsa, u dindan chiqib, islom millatidan yuz o‘girgan bo‘ladi. Chunki ularni yomon otliq qilgan kimsa o‘zini ularga teng deb bilgan, ularga nisbatan dilida kek saqlagan va Alloh taolo Kitobida ularni maqtab, suyib zikr qilgan martabalari, fazilatlarini inkor qilgan bo‘ladi. Zero, ular dinni yetkazishga, vositachilik qilishga eng munosib, eng haqli zotlar edilar (Alloh ulardan rozi bo‘lsin). Ularga ta’na qilish dinga ta’na qilish, ularni mensimaslik dinni mensimaslik bilan barobardir. Bu munofiqlik, kofirlik va dahriylikdan salomat bo‘lgan va ozgina fikr yuritgan har bir kishiga yaxshi ma’lumdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:44:36

Quyidagi hadisu xabarlar bu fikrni tasdiqlaydi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taboraka va taolo meni tanlab oldi va men uchun sahobalarimni tanlab, ulardan menga vazirlar, yordamchilar va qarindoshlar qildi. Bas, kimki ularni haqorat qilsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la’nati bo‘ladi, qiyomat kunida uning na farz, na nafl ibodatlari qabul qilinadi», deganlar (Hokim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Alloh azza va jalla bandalarining qalblariga qarab, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qalbi ularning orasidagi eng yaxshi qalb ekanini ko‘rdi va u kishini tanlab olib, payg‘ambar qilib yubordi. So‘ng bandalarning qalblariga qarab, sahobalarning qalblari ularning orasidagi eng yaxshi qalb ekanini ko‘rdi va ularni Payg‘ambarining vaziri qildiki, ular Uning dini uchun kurashdilar. Bas, musulmonlar nimani yaxshi deb bilsalar, u Allohning huzurida ham yaxshidir. Musulmonlar nimani yomon deb bilsalar, u Allohning huzurida ham yomondir» (Ahmad, Bazzor, Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:44:52

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Sahobalarimni haqorat qilmanglar. Sahobalarimni haqorat qilgan kimsani Alloh la’natlasin» (Tabaroniy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar:  «Rasululloh: «Agar sahobalarim zikr qilinsa, jim bo‘linglar. Agar yulduzlar zikr qilinsa, jim bo‘linglar. Agar taqdir zikr qilinsa, jim bo‘linglar», deganlar» (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:45:04

Ulamolar aytadilar: «Buning ma’nosi shuki, kishi taqdirning siri haqida fikr yuritishdan tiyilishi lozim. Bu iymon alomati va Allohning amriga taslim bo‘lish hisoblanadi. Shuningdek, kimki yulduzlar Allohning irodasidan tashqari ham ta’sir qiladi yoki faoliyat ko‘rsatadi, deb e’tiqod qilsa, u mushrik bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini so‘kkan, ayrim kamchiliklarini kuzatib, o‘rganib, ularni aybdor deb bilgan kimsa munofiqdir. Bila’ks, musulmon insonga Allohni va Rasulini, u zot keltirgan narsalarni, u zotning buyruqlarini bajargan, yo‘l-yo‘riqlarini o‘zlariga dasturul amal deb bilgan, sunnatlariga amal qilgan zotlarni, u zotning yaqinlari, sahobalari, ahli ayollari, farzandlari va xodimlarini yaxshi ko‘rish hamda ularni yaxshi ko‘rgan kishilarni yaxshi ko‘rish, yomon ko‘rgan kishilarni yomon ko‘rish vojib bo‘ladi. Zero, iymonning eng mustahkam halqasi Alloh uchun yaxshi ko‘rish va Alloh uchun yomon ko‘rishdir».

Ayyub Saxtiyoniy aytgan ekanlar: «Kimki Abu Bakr roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa, haqiqatda u dinning ustunini barpo qilibdi. Kimki Umar roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa, u haqiqatda u yo‘lni ravshan qilib olibdi. Kimki Usmon roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa, haqiqatda u Allohning nuri bilan nurlanibdi. Va kimki Ali roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa, haqiqatda u mustahkam halqani ushlabdi. Kimki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari haqida yaxshi gap gapirsa, haqiqatda u munofiqlikdan pok bo‘libdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:45:20

Fasl

Sahobalarning fazilatu martabalarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Sunnat ulamolari eng afzal sahobalar «asharai mubashshara» (jannatiyligi bashorat qilingan o‘nta sahoba) ekanligiga va ularning eng afzali Abu Bakr Siddiq, so‘ng Umar ibn Xattob, so‘ng Usmon ibn Affon, so‘ng Ali ibn Abu Tolib ekanligiga ijmo’ qilganlar. Bu narsada faqatgina munofiq, bid’atchi, nopok kimsagina shubhalanadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Mening sunnatimni va hidoyatlangan, haq yo‘lda yuruvchi xalifalarimning sunnati mahkam tutinglar. Uni oziq tishlaringiz bilan tishlanglar. Yangi paydo bo‘lgan (ya’ni, bid’at) ishlardan saqlaninglar», deganlar (Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hibbon rivoyati).

«Oziq tishlaringiz bilan tishlanglar», degani, sunnatni mahkam ushlanglar, unga intilinglar, haris — ishtiyoqli bo‘linglar, kabi ma’nolarni anglatadi.

Haq yo‘lda yuruvchi xalifalar Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumlardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:46:02

Abu Bakr roziyallohu anhuning fazilatlari xususida Alloh taolo bir qancha oyatlar tushirgan. Jumladan:

«Sizlardan fazl va keng mol-davlat egalari qarindoshlariga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo‘lida infoq-ehson qilmaslikka qasam ichmasin» (Nur surasi, 22).

Bu oyat Abu Bakr roziyallohu anhu haqlarida tushganiga ixtilof yo‘q. Alloh taolo u zotni «fazl egasi» deb sifatladi.

«O‘shanda ikkovlon g‘orda bo‘lgan paytlarida hamrohiga: «Famgin bo‘lma, albatta, Alloh biz bilan birgadir», deyishi bilan, Alloh O‘z tomonidan uning ustiga — qalbiga bir xotirjamlik tushirdi...» (Tavba surasi, 40).

Ushbu oyat ham Abu Bakr roziyallohu anhu haqlarida ekanligida ixtilof yo‘q. Alloh taolo u zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hamrohi — sahobasi ekanligini bayon qilib, xotirjamlik xushxabarini berdi va ikkovlonning ikkinchisi deb ulug‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:46:33

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytmoqchi: «Uchinchilari Alloh bo‘lgan ikkovlonning ikkinchisidan afzalroq kim bor?!»

«Rost Qur’onni keltirgan zot (ya’ni, Muhammad) va uni tasdiq etgan zot (mo‘minlar) — ana o‘shalar taqvodor zotlardir» (Zumar surasi, 33).

Ja’far Sodiq aytgan ekanlar: «Rost — Qur’onni keltirgan zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va uni tasdiqlagan zot Abu Bakr roziyallohu anhu ekanliklarida ixtilof yo‘q».

Sahobalar orasida bundan ortiq martaba bo‘lishi mumkinmi?!

Alloh ulardan rozi bo‘lsin.

Qayd etilgan


Doniyor  23 Sentyabr 2006, 08:08:13

MUNDARIJA

Imom Zahabiy va uning «Kaboir» nomli asari haqida
1. Katta shirk
2. Riyo   
3. Kibr, manmanlik, g‘urur
4. Zo‘ravonlik, haddan oshish
5. Makr va aldov   
6. Allohning makr-sinovidan xotirjam bo‘lish
7. Allohning rahmatidan noumid bo‘lish
8. Dunyo uchun ilm o‘rganish va ilmni yashirish
9. Alloh azza va jalla hamda Rasululloh s.a.v. sha’niga yolg‘on gapirish
10. Taqdirni rad etish
11. Xiyonat va ahdga vafo qilmaslik
12. Tortishuv, bahs-munozara va murosasizlik
13. Siydikdan poklanmaslik
14. Namozni qasddan tark etish
15. Uzrsiz jamoat namozini tark etish
16. Juma namozini tark etishga odatlanish
17. Erkaklarning tilla taqishlari va ipak kiyishlari
18. Ayollarning erkaklarga, erkaklarning ayollarga o‘xshashlari
19. Kibr va manmanlik bilan kiyimlarini sudrab yurish   
20. Musibat chog‘ida haddidan oshish
21. Zakot bermaslik
22. Bergan narsani minnat qilish
23. Ehtiyojdan ortiqcha suvni qizg‘anish
24. Ramazonda uzrsiz ro‘za tutmaslik
25. Qodir bo‘laturib haj qilmaslik
26. Allohdan boshqaga atab jonliq so‘yish
27. Sudxo‘rlik
28. Harom yeyish va haromdan topish
29. Tarozi, o‘lchov va shu kabi narsalardan urib qolish   
30. Yetim molini yeyish va unga zulm qilish
31. Qo‘shniga ozor berish
32. Musulmonlarga ozor berish va haqorat qilish
33. Allohning do‘stlari — avliyolarga ozor berish
34. Zararli vasiyat qilish
35. Omonatga xiyonat qilish
36. Chaqimchilik
37. Tahlil qilish
38. Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
39. Dayuslik va qo‘shmachilik
40. Pokiza ayollarga tuhmat qilish
41. La’nat aytish
42. Insonning o‘z nasabidan tonishi
43. Ota-onaga oq bo‘lish
44. Qarindoshlar bilan aloqani uzish
45. Qulning qochishi   
46. Zaiflar va qo‘l ostidagilar — xotin, qul, jonivorlar haqini poymol qilish   
47. Odam o‘ldirish
48. O‘z joniga qasd qilish
49. Sehr
50. Folbin va munajjimni tasdiqlash
51. Boshliqning qo‘l ostidagilarni aldashi va ularga zulm qilishi
52. Zulm
53. Zino
54. Bachchavozlik
55. O‘g‘irlik
56. Yo‘lto‘sarlik
57. Xamr (mast qiluvchi ichimlik) ichish
58. Odamlarning sirlariga quloq tutish — josuslik
59. Dushman hujumidan qochish
60. O‘ljaga xiyonat qilish
61. Musulmonlarning nozik jihatlarini ochish
62. Yolg‘on qasam ichish
63. Nohaq hukm qilish
64. Poraxo‘rlik
65. Yolg‘on guvohlik berish
66. Yolg‘on gapirish
67. Qimor o‘ynash
68. Sahobalardan birontasini haqorat qilish

Qayd etilgan