Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296154 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 39 B


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:20:47

Rivoyat qilishadiki, Alloh qiyomat kunida avvalgilaru oxirgilarni to‘plagan vaqtda bir jarchiga buyuradi, u: «Allohning xusumatchilari qani?» deb nido qiladi. Bu nidoni avvalgilaru oxirgilar eshitadi. Shunda qadariyalar o‘rinlaridan turadilar va ularga do‘zaxga kirish buyuriladi. Alloh taolo aytadi: «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov — qadar bilan yaratdik».

Alloh bandaga ma’siyat-gunoh ishni taqdir qilib, so‘ng u sababli azoblashi joiz emas, deb tortishganlari uchun ularga: «Allohning xusumatchilari», deyiladi.

Rivoyat qilinadiki, Alloh qaysi payg‘ambarni yuborgan bo‘lsa, uning ummatida qadariyalar va murjialar bo‘lgan. «Alloh yetmishta payg‘ambar tilida qadariya va murjialarni la’natladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:20:53

Xabarda keltirilishicha, «Qadariyalar bu ummatning majusiylaridir».

Yana aytiladiki: «Har bir ummatning majusiylari bo‘ladi. Bu millatning majusiylari esa taqdir-qadar yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi, deb da’vo qiladigan kimsalardir».

Hasan Basriy hazratlari aytganlar: «Allohga qasamki, agar bir qadariy arqonday bo‘lib qolguncha ro‘za tutsa, so‘ng simday bo‘lib qolguncha namoz o‘qisa ham, Alloh uni do‘zaxga yuztuban uloqtiradi. Keyin unga: «Do‘zax azobini totib ko‘r. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov — qadar bilan yaratdik», deyiladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:21:04

Fasl

Tobe’inlar, musulmon imomlari, salaflar va fuqaholardan yetmish kishi quyidagi ishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnat ekanligiga ijmo’ qilganlar: «Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lish, buyrug‘iga taslim bo‘lish, hukmi ostida sabr qilish, buyurgan narsalarini bajarish, qaytargan narsalaridan tiyilish, Alloh uchun xolis amal qilish, yaxshi-yu yomon taqdirga iymon keltirish, din xususidagi tortishuv-munozara va xusumatni tark etish, mahsiga mash tortish, vafot etgan ahli qiblaga janoza o‘qish.

Iymon — so‘z, amal va niyatdir, toat bilan ziyodalashadi, osiylik bilan kamayadi. (Izoh: Bu fikr Shofe’iy mazhabinikidir. Hanafiy mazhabi ulamolari fikriga ko‘ra esa, iymon — til bilan iqror bo‘lish, qalb bilan tasdiqlashdir. Shuningdek, iymon ziyoda yoki kam bo‘lmaydi, balki uning nuri ko‘payib ozayadi. — Muharrir.)
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:21:13

Qur’on Allohning kalomidir. Uni Jabroil Allohning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga olib tushgan. U maxluq emas.

Sulton tarafidan adolat yoki zulm sodir bo‘lsa-da, uning bayrog‘i ostida sabr qilinadi. Amirlar jabr-zulm qilsalar ham, ularga qarshi qilich ko‘tarmaymiz.

Ahli qibladan birontasini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofir hisoblamaymiz. Faqat o‘sha gunohni halol deb bilsa, kofir deymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:21:21

Ahli qibladan birontasiga qilgan yaxshi amali sababli jannatiy deb guvohlik bermaymiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jannatiy deb guvoh bergan zotlar bundan mustasno.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari orasida bo‘lib o‘tgan narsalar xususida tilimizni tiyamiz, bahslashmaymiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin maxluqotlarning eng afzali Abu Bakr, so‘ng Umar, so‘ng Usmon, so‘ng Ali ibn Abu Tolibdir (Alloh barchasidan rozi bo‘lsin).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning barcha azvoji mutohharolari (ayollari), avlodlari va ashoblariga Allohning rahmatini so‘raymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:21:48

O‘n birinchi gunohi kabira
XIYONAT VA AHDGA VAFO QILMASLIK

Alloh taolo aytadi:

«Ahdga vafo qilinglar! Zero, ahd-paymon (Qiyomat kuni) mas’ul bo‘linadigan ishdir» (Al-Isro surasi, 34).

Zajjoj aytadilar: «Alloh buyurgan va qaytargan barcha narsalar ahddandir».

«Ey mo‘minlar, bitimlarga (Alloh taolo bilan o‘rtalaringizdagi bitimlarga — U zotga bandalik qilish haqida bergan ahd-paymonlaringizga ham, o‘zaro bir-biringiz bilan kelishib olgan bitimlaringizga ham) vafo qilingiz!» (Moida surasi, 1).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlarki: «Ahdlar Qur’onda halol-harom, farz qilingan va had belgilangan narsalardir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:22:29

Zahhok aytadilar: «Alloh taolo bu ummatdan halol-harom qilingan, namoz kabi farz etilgan narsalarga va boshqa ahdlarga vafo qilishga ahd-paymon olgan. Ahdlar ham xuddi shu kabi bo‘lib, Alloh farz qilgan muhkam narsalardandir. Biron bir holatda ham uni buzishga yo‘l yo‘q».

Muqotil ibn Hayyon aytadilar: «Alloh Qur’onda buyurgan Uning O‘zigagina itoat etishingiz va qaytargan narsalardan qaytishingiz xususida sizlarning zimmangizga yuklagan ahdlarga, mushriklar bilan sizlarning orangizdagi ahdlar — bitimlarga va insonlar o‘rtasidagi ahdu paymonlarga vafo qilinglar». Vallohu a’lam.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda to‘rt xislat bo‘lsa, haqiqiy munofiq bo‘ladi. Kimda ulardan bittasi bo‘lsa, to uni tashlamaguniga qadar unda munofiqlikning bitta xislati bo‘ladi. Ular gapirsa, yolg‘on gapiradi, ahdlashsa, ahdida turmaydi va agar bahslashsa, fojirlik qiladi (haddidan oshadi)» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:22:36

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida har bir (ahdini buzgan) xiyonatchini tanitib turadigan bayrog‘i bo‘ladi. Bu falonchining xiyonati, deyiladi» (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo: «Men qiyomat kuni uch kishining — mening nomimni o‘rtaga qo‘yib (biron narsa) olib, so‘ng xiyonat qilgan kishining, hur-ozod odamni sotib, so‘ngra pulini yegan kishining va mardikorni ijaraga olib, ishlatib, haqini to‘liq bermagan kishining dushmanidirman», dedi» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:22:44

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim itoatdan bo‘yin tovlasa, qiyomat kuni Allohga yo‘liqqanida uning hech bir hujjati bo‘lmaydi. Kimki bo‘ynida bay’at bo‘lmagan holda o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar alayhicsalom aytdilar: «Kim do‘zaxdan yiroq bo‘lib, jannatga kirishni yoqtirsa, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan holda o‘ziga berilishini yaxshi ko‘rgan narsani odamlarga bersin. Kim bir imomga bay’at qilib, unga qo‘lining bitimini va qalbining mevasini bersa, agar qodir bo‘lsa, unga itoat etsin. Mabodo boshqasi kelib, u bilan talashib-tortishsa, o‘sha boshqa kimsaning bo‘yniga uringlar (ya’ni, o‘ldiringlar)» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:23:08

O‘n ikkinchi gunohi kabira
TORTISHUV, BAHS-MUNOZARA VA MUROSASIZLIK

Alloh taolo marhamat qiladi:

«(Ey Muhammad), odamlar orasida shunday kimsalar borki, uning gapirgan gapi hayoti dunyoda sizga qiziq tuyuladi» (Baqara surasi, 204).

Ya’ni, shunday kimsalar borki, bayon qilish san’ati yetukligidan gapirayotgan gapidan lol qolasan, hayratlanasan. Lekin ular yolg‘onchi, munofiqdirlar. Ularning «hunarlari» bu dunyodagina o‘tadi. Oxiratda esa qalblaridagi sirlardan boxabar bo‘lgan, g‘ayblarni bilguvchi Zotgina hokim bo‘ladi.

«... Va o‘zi (islomga) ashaddiy xusumatchi bo‘lgan holida dilidagi «iymoni»ga Allohni guvoh keltiradi» (Baqara surasi, 204).

Ya’ni, aslida dili kufr va munofiqlik illati bilan muhrlangan bo‘lsa-da, o‘zini iymonli deb da’vo qiladi va bu da’vosini «Alloh shohid» deb isbotlashga urinadi. Holbuki, u ashaddiy xusumatchi bo‘lib, nohaqlik — botil bilan bahs-munozara qiladi.

Qayd etilgan