Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 295310 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 39 B


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:25:38

Hofiz Abu Nua’ym «Hil’a» kitoblarida Shafiy ibn Mati’dan rivoyat qiladi: «To‘rt toifa kimsalar o‘zi azoblanayotgan do‘zax ahliga yana ozor beradilar. Ular «Hamim» (qaynoq suv) va «jahim» (do‘zax olovi) orasida sarson bo‘ladilar, o‘zlariga o‘lim va halokat tilaydilar. Do‘zax ahli bir-birlariga: «Bularga nima bo‘lganki, o‘zimiz azoblanayotganimiz yetmaganiday, yana bizga ozor berishyapti?» deyishadi. Ulardan biri cho‘g‘dan bo‘lgan tobutga qamalgan bo‘ladi. Boshqasi ichak-chavoqlarini tortayotgan bo‘ladi. Yana birining og‘zidan yiring va qon oqayotgan bo‘ladi. Va oxirgisi o‘z go‘shtini yeyotgan bo‘ladi. Tobutdagi kishiga: «Bunga nima bo‘lganki, o‘zimiz azoblanayotgan bo‘lsak-da, bizga ozor berdi?» deyiladi. Aytadiki: «Bu kishi o‘lib, bo‘ynida odamlarning moli qolgan-da, unga vafo qilmagan». Keyin ichak chavog‘ini tortayotgan kimsaga: «Bunga nima bo‘lganki, o‘zimiz azoblanayotgan bo‘lsak-da, bizga ozor berdi?» deyiladi. Aytadiki, bu kishi siydik qaeriga tegayotganiga parvo ham qilmasdi, o‘sha yerini yuvib ham tashlamasdi. So‘ng og‘zidan yiring va qon oqayotgan kimsaga: «Bunga nima bo‘lganki, o‘zimiz azoblanayotgan bo‘lsak-da, bizga ozor berdi?» deyiladi. Aytadiki, bu kishi har bir fahsh va uyatsiz so‘zlarga nazar solib (eshitib), undan rohatlanardi, behayolikdan lazzatlanardi. Oxiri go‘shtini yeyotgan kimsaga: «Bunga nima bo‘lganki, o‘zimiz azoblanayotgan bo‘lsak-da, bizga ozor berdi?» deyiladi. Aytadiki, bu kishi g‘iybat qilib odamlarning go‘shtini yer va chaqimchilik qilib yurar edi».

Allohdan afv va ofiyat so‘raymiz. Albatta, U rahmlilarning rahmlirog‘idir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:26:07

O‘n to‘rtinchi gunohi kabira
NAMOZNI QASDDAN TARK ETISH

Alloh taolo aytadi:

«Ey mo‘minlar, mol-dunyolaringiz va bola-chaqalaringiz sizlarni Allohning zikridan (ya’ni, Allohga ibodat qilishdan) yuz o‘girtirib qo‘ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchi kimsalardir!» (Munofiqun surasi, 9).

Mufassirlar aytganlarki, oyatdagi Allohning zikridan murod besh vaqt namozdir. Kimki namozni vaqtida o‘qishdan tijoratdagi, oldi-sotdidagi, kundalik hayotidagi mol-dunyosi yoki farzandlari sababli mashg‘ul bo‘lib qolsa, u ziyonkorlardandir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Bandaning qiyomat kunida birinchi hisob-kitob qilinadigan narsasi namozdir. Agar (namozi) durust bo‘lsa, boshqa amallari ham durust bo‘ladi. Bordi-yu, (namozi) yaroqsiz bo‘lsa, qolgan amallari ham yaroqsiz bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:26:22

Alloh taolo do‘zax egalari haqida xabar qilib deydi:

«(Ular do‘zax ahliga): «Sizlarni nima Saqarga kiritdi?» (deganlarida): Ular ayturlar: «Bizlar namoz o‘qiguvchilardan bo‘lmadik. Miskin-bechoraga taom berguvchi ham bo‘lmadik. Bizlar (botil-behuda so‘zlarga) sho‘ng‘uvchi kimsalar bilan birga sho‘ng‘ir edik (ya’ni, Qur’on va Payg‘ambar xususida tuhmat-yolg‘onlar to‘qir edik). To bizlarga aniq (o‘lim) kelgunicha bizlar Jazo — Qiyomat kunini yolg‘on der edik». Endi qo‘llaguvchilarning qo‘llovi ularga foyda bermas!» (Muddassir surasi, 42—48).

«Sahihul Buxoriy»da rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Kimki asr namozini tark etsa, uning amali aniq habata bo‘libdi (ya’ni, behuda ketibdi)».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Namozni tark etmagin. Zero, kimki namozni qasddan tark etsa, darhaqiqat, undan Allohning zimmasi (himoyasi) soqit bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:26:34

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Insonlarga qarshi ular to Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Allohning elchisidir, deb guvohlik bermagunlaricha, namozni qoim qilmagunlaricha va zakotni bermagunlaricha jang qilishga buyurildim. Agar shuni qilsalar, mendan qonlari-yu mollarini saqlagan bo‘ladilar. Biroq, islom haqi bundan muntasno. Ularning hisobi Allohga havola» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki namozni muhofaza qilsa, qiyomat kunida u uchun (namozi) nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kimda-kim uni muhofaza qilmasa, unga nur ham, hujjat ham, najot ham bo‘lmaydi va u qiyomat kunida Qorun, Fir’avn, Homon hamda Ubay ibn Xalaflar bilan birga bo‘ladi» (Imom Ahmad rivoyati).

Ayrim ulamolar aytishlaricha, «Namozni tark etgan kimsa ana shu to‘rt mal’un bilan birga qayta tiriladi. Chunki uni namozdan yo molu davlati, yo mulk-saltanati, yo vazirlik-mansabi va yo tijorati mashg‘ul qilgan. Kimki namozdan molu davlati sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Qorun bilan birga tiriladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:26:41

Kimki namozdan mulk-saltanati sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Fir’avn bilan birga tiriladi.

Kimki namozdan vazirlik — mansabi sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Homon bilan birga tiriladi.

Kimki namozdan tijorati sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Makkadagi kofirlarning tijoratchisi bilan birga tiriladi».

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu jarohatlangan vaqtlarida: «Ey amiral mo‘minin, namoz (ya’ni, namozni o‘qib oling)», deyishdi. Shunda u zot roziyallohu anhu: «Ha, to‘g‘ri. Namozni zoe qilgan biron bir kishi uchun Islomda nasiba yo‘q», dedilar-da namozni o‘qidilar. Jarohatlaridan esa qon oqib turardi.

Abdulloh ibn Shaqiq Tobi’iy roziyallohu anhu deydilar: «Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari namozdan boshqa hech bir amalni tark etishni kufr deb hisoblamasdilar» (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:26:49

Ibrohim Naxa’iy va Ayyub Sahtiyoniylar ham shu gapni aytishgan. Avn ibn Abdulloh deganlar: «Agar banda qabriga qo‘yilsa, birinchi bo‘lib so‘raladigani — namozdir. Agar namozi yaroqli topilsa, uning boshqa amallariga qaraladi. Bordi-yu, yaroqli deb bo‘lmasa, undan keyin boshqa biron amaliga qaralmaydi».

Ibn Hazm: «Shirkdan keyin namozni vaqtidan kechiktirish va mo‘minni nohaq o‘ldirishdan ko‘ra ulkanroq gunoh yo‘q», deganlar.

Rivoyat qilinishicha, qiyomat kunida birinchi bo‘lib namozni tark etguvchilarning yuzlari qorayadi. Jahannamda «Lam-lam» nomli ilonlar darasi bo‘lib, har bir ilonning yo‘g‘onligi tuyaning bo‘ynidek, uzunligi bir oylik masofaga teng bo‘ladi. Ular namozni tark etguvchilarni chaqadilar. Uning zahari namozni tark etguvchining jismida yetmish yil qaynaydi-da, so‘ng uning go‘shtlari erib tushadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:27:02

Hikoyat

Rivoyat qilinishicha, bani Isroillik bir ayol Muso alayhissalom huzurlariga kelib: «Ey Allohning elchisi, men ulkan gunoh qilib qo‘yib, so‘ng bu gunohimdan Alloh taologa tavba qildim. Allohdan tavbamni qabul qilib, gunohimni mag‘firat etishini so‘rab duo qiling», dedi. Muso alayhissalom undan: «Nima gunoh qilding?» deb so‘ragan edi, u: «Ey Allohning payg‘ambari, men zino qilib, bola tug‘dim-da, so‘ng uni o‘ldirdim», dedi. Shunda Muso unga: «Chiq bu yerdan, ey fojira! Yana kafosating tufayli osmondan olov tushib, bizni yondirib yubormasin», dedi.

Ayol payg‘ambar huzuridan qalbi o‘ksigan holda chiqib ketdi. Jabroil alayhissalom tushib: «Ey Muso, Alloh taolo: «Nima uchun tavba qilgan ayolni qaytarib yubording? Undan ko‘ra yomonroq kimsa borligini bilmaysanmi?» deyapti», dedi. Muso alayhissalom: «Ey Jabroil, undan ham yomonroq kimsa kim?» deb so‘ragan edi, «Namozni qasddan tark etgan kishi», deb javob berdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:27:11

Fasl

Alloh taolo namozni vaqtidan kechiktirib o‘qishdan ogohlantirib aytadi:

«So‘ng, ularning ortidan namozni zoe qiladigan va shahvatlarga beriladigan kimsalar o‘rinbosar bo‘ldilar. Endi u (o‘rinbosarlar) albatta yomonlikka (ya’ni, yomon jazoga) yo‘liqurlar. Magar tavba qilib, iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlargina (azobga duchor qilinmaslarlar). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biron zulm qilinmas» (Maryam surasi, 59—60).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Namozni zoe qilgan degani, uni butunlay tark etgani degani emas, balki namozni o‘z vaqtidan kechiktirib o‘qigan deganidir», deganlar.

Tobe’inlar imomi Said ibn Musayyab rahmatullohi alayh aytganlarki: «U to asr bo‘lmaguncha peshinni o‘qimaydi. Asrni shomgacha, shomni xuftongacha, xuftonni bomdodgacha, bomdodni to quyosh chiqquncha o‘qimaydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:27:26

Shu holatga odatlangan ko‘yi vafot etgan va tavba qilmagan kimsaga Alloh «g‘oyy» bilan tahdid soldi. Foyy — jahannamdagi juda chuqur, o‘ta badbo‘y vodiydir.

Alloh taolo boshqa bir oyatda:

Bas, namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar bo‘lgan «namozxon»larga halokat bo‘lgayki», deydi (Mo’uvn surasi, 4—5).

Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar haqida so‘raganlarida: «Vaqtini kechiktiradiganlar», deya javob berganlar.

Ular «namozxon», deb nomlandi. Biroq namozga beparvoliklari va vaqtidan kechiktirganlari sababli ularga vayl bilan tahdid solindi. Vayl — shiddatli azobdir. Yana aytiladiki, Vayl jahannamdagi vodiy bo‘lib, agar unga dunyodagi tog‘lar tushirilsa, harorati yuqoriligidan toshlari erib ketardi. U namozga beparvo bo‘lgan va uni vaqtidan kechiktirib o‘qigan kimsalarning maskanidir. Faqat Allohga tavba qilib, ilgarigi e’tiborsizligiga nadomat chekkanlar bundan mustasno.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2006, 08:27:41

Alloh taolo yana bir oyatda:

«Ey iymon keltirganlar, mol-dunyolaringiz ham, farzandlaringiz ham sizlarni Allohning zikridan chalg‘itib qo‘ymasin. Kim shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchilardir», deydi (Munofiqun surasi, 9).

Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to Alloh jonlarini olgunicha, (biror marta) namozni oxirgi vaqtiga qadar kechiktirganlari yo‘q» (Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eng afzal amal qaysi, deb so‘ralganlarida: «Eng afzal amal — namozni vaqtida o‘qish, ota-onaga yaxshi munosabatda bo‘lish va jihod», deya javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, kimki namozni vaqtida o‘qisa, tahoratni mukammal olgan, qiyomi, xushu’si, ruku’ va sajdalarini komil qilgan bo‘lsa, namoz oppoq, nurafshon bo‘lib ko‘tariladi va: «Meni saqlaganingdek, Alloh ham seni saqlasin», deydi.

Qayd etilgan