19-hadis
Abu Abbos Abdulloh ibn Abbos (r.a)dan:
Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ulovlarining orqasiga mingashib ketardim.
- Ey bola!- dedilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam- Men senga bir nechta (foydali) kalimalarni o‘rgataman: (Alloh hududlariga rioya etib, buyurgan narsalarini bajarib, qaytargan ishlardan tiyilib) Allohni saqlagin, U Zot ham seni asraydi. Allohni saqla-yod etgin, Uni (ng madadini- nusratini) qarshingda ko‘rasan. Agar so‘ramoqchi bo‘lsang, (yolg‘iz) Allohdan so‘ra. Agar ko‘mak istasang, (yolg‘iz) Allohdan ista. Bilgin-ki, butun ummat (insoniyat) senga bir foyda bermoq niyatida jamlansa ham, faqat Alloh ta’olo sen (ing peshonang)ga yozib qo‘ygan foydanigina bera oladi. Agar ular senga bir zarar bermoq qasdida to‘plansalar ham, faqat Alloh senga yozib qo‘ygan zararnigina bera olishadi. (Taqdir) qalamlari ko‘tarildi, (taqdir bitilgan) sahifalar quridi.
Yana bir rivoyatda shunday deyilgan: «Allohni (buyruqlariga bo‘ysunish, qaytargan ishlaridan tiyilish bilan U Zotni) asragin, Uni qarshingda topasan. Yorug‘ kunlaringda Allohni tanigin (unutib qo‘yma), og‘ir kunlaringda U Zot seni taniydi. Bilgin-ki, nima seni chetlab o‘tgan bo‘lsa, uning senga tegishi (taqdirda) yo‘q edi. Senga yetgan narsaning (taqdiri azalda) seni chetlab o‘tishi yo‘q edi. Bilgin-ki, g‘alaba sabr bilan, yorug‘lik-echim qayg‘u-qiyinchilik bilan, og‘irlik yengillik bilan birgadir».Termiziy rivoyati. Hasan-sahih hadis.