Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141051 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:40:49

— Kerak emas, men xohlamayman!
— Xohishingiz bizni qiziqtirmaydi. Anavi burchakka borib o‘tiring.
Xonaga ikki kishi kirib, Jahongirning yonidan joy olgach, ostonada Yo‘lchivoy ko‘rindi.
— Bu odamlarga yaxshilab qarang, birontasini taniysizmi? — dedi Solihov.
Yo‘lchivoy o‘tirganlarga bir qur nazar tashlab, Jahongirni ko‘rsatdi.
— Bu kishini bir-ikki marta ko‘rganman, biznikiga kelganlar.
— O‘zlari kelganmilar yo mehmonga chaqirganmisizlar?
— O‘zlari kelganlar. Otam rahmatli bilan darvozaxonada gaplashishgan. Ichkari kirmaganlar.
— Oralaridan qattiq-quruq gap o‘tmaganmi?
— Fahmlamaganman.
— Bu kishi ketgach, dadangizning kayfiyatlari buzilmaganmi?
Yo‘lchivoy o‘ylandi. U eslash uchun o‘yga tolmadi. Aksincha, dadasining sarosimasini, onasiga bir gapni pichirlab aytganini, onasining hushidan ketayozganini aytish yo aytmasligini bilmay o‘ylandi. Oxiri bir qarorga kelib, javob berdi:
— Yo‘q, buzilmagan.
— Siz yoki onangiz Olamgir Muhammadrizo o‘g‘lini bilirmidingiz?
Yo‘lchivoyning rangi o‘zgardi. Yuzi uchdi. Jahongirga xuddi yosh boladay javdirib qarab qoldi. Solihov savoliga javob topganday bo‘ldi: bu katta bosh, bu o‘tkir ko‘z, turtib turgan yanoq, qalin lab, to‘liq gavda ovoz... ha, ovoz ham Jahongirni eslatardi. Solihov endi Jahongirga qaradi. Jahongir Salihovning kashfiyotini sezganday boshini egib oldi. Solihov:
— Olamgir Muhammadrizo o‘g‘lini eshitganmisiz? — deb savolini qaytardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:40:59

— Yo‘q... — dedi Yo‘lchivoy qat’iyatsizlik bilan.
— Dadangiz tug‘ma oqsoq edilarmi yo yaralanib, yo oyoqlari sinib oqsab qolganmilar?
— Dadam... tug‘ma ekanlar.
— Siz Qashqar yo‘lida tug‘ilganmisiz?
— Ha.
— Bolalaringiz-chi?
— Hammasi Qashqarda tug‘ilgan.
— Nechta bolangiz bor?
— Uch o‘g‘il, bir qiz.
— Ismlari nima?
— Kattasi Jahongir, ikkinchisi Zoyir... uchinchisi...
Uchinchisining ismi Jahongirning qulog‘iga kirmadi. Ko‘kragini birnima qisib kelib, tomog‘ini g‘ippa bo‘g‘di, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Uzoq-uzoqlardan g‘alati tovushlar eshitdi. So‘ng osmon bilan yer tutashgan joyda do‘mboq o‘g‘il bola ko‘rindi. Bolakay yastanib yotgan poyonsiz lolazordan yugurib kelib, o‘zini uning quchog‘iga otdi...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:41:12

7. O‘G‘RI

Kapitan Ramziddin Ramazonov uchun Jahongirning birinchi qamoqdan keyingi hayoti qorong‘i. Chunki Jahongirning boshidan o‘tgan voqealar tergov hujjatlariga tirkalmaydi. Bu bobda ana shu voqealar qalamga olinadi.

Jahongir lolazor oralab yugurib kelgan do‘mboqchani quchoqlaganini aniq eslaydi. G‘alati tovushlar ham esida. Keyin-chi, keyin nima bo‘ldi? Ovozlar tindi. Lolazor olovga aylandi. Yer yuzi lovullab yondi. Jahongirga nima uchundir alanga ta’sir etmadi. Faqat tutundan bo‘g‘ildi. Og‘ir-og‘ir nafas oldi. Keyin kuragi achishdi — cho‘g‘ bosildi shekilli. So‘ng hammasi tindi — boshqa narsani eslolmaydi. Qancha yotganini ham bilmaydi. Uzoqdan eshitilgan ovozlar hushiga keltirdi. Ko‘zini ochay dedi-yu, qo‘rqdi: Yo‘lchivoyni ko‘rishdan qo‘rqdi.
 Yo‘lchivoyni dastlab ko‘rganida yuragi jiz etgan edi. Muhtaram o‘quvchining yodida bo‘lsa, mayor Solihov Yo‘lchivoyning shakli-shamoyilida Jahongirga xos belgilarni sezgan edi. Jahongir esa Siddiq oxun mahallaga osh bergan kuni xizmat qilib yurgan Yo‘lchivoyga ko‘zi tushib, unda Xadichaning belgilarini ilg‘adi: uzun kipriklar, bejirim burun, chap yuzida kulgich, tutashgan qoshlar... Ko‘rdi-yu, hatto osh oshalagan qo‘li muallaq turib qoldi. Sherigi «Ha, olmaysizmi», demaganida qancha vaqt nest bo‘lib o‘tirishini o‘zi ham bilmasdi.
— Bu yigit kim? Taniysizmi? — deb so‘radi u sherigidan.
— Siddiq oxunning o‘g‘li bo‘lsa kerak. Ko‘pincha birga ko‘raman.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:41:23

Oshga kirib kelishayotganida eshik oldida Siddiq oxun yo‘q edi. Chiqishayotganda ko‘rdi: yo, alhazar!!! O‘ttiz uch yil kutgan diydor kuni shumi?! O‘ttiz uch yil Xudoga nola qilib akasi bilan uchrashtirishni so‘raganida diydor chog‘ida badanimga muz yugurtir, oyoqlarimdan darmonni ol, tildan qoldir, demagan edi-ku? Nima bo‘ldi unga? Nima uchun oyoqlari zil-zambil bo‘lib qoldi? Nima uchun ko‘z oldi qorong‘ulashdi? Nima uchun hamisha yoniq turgan ong chirog‘i xiralashdi? Yuragi-chi? To‘xtaganga o‘xshaydi... Sherigi bilagidan olib, «Maza qochdimi, qori» demaganida shu yerda yiqilib qolishi hech gap emas edi.
O‘shanda ikki aka-ukaning ko‘zlari uchrashdi! Bir juft ko‘z — bu kunni o‘ttiz uch yil kutgan ko‘zlar oldiga kutilmaganda parda tortildi. Boshqa bir juft ko‘z — bu uchrashuv sodir bo‘lishini istamagan ko‘zlar esa cho‘g‘day yondi! Ammo bu yonish uzoq davom etmadi. Yondi-yu, o‘chdi! Chunki bu ko‘z egasining yuragi jon rishtalari uzilishi aniq ekanini sezgan edi. Ota yurtiga kela-kelguncha «ajal haydamayotgan bo‘lsa bas», degan xavotiri bor edi. Shu onda xavotiri chinga aylandi. U o‘zini yo‘lbars yashaydigan qafasga tushib qolgan bechora odam, deb his qildi. Yo‘lbarsning qorni to‘qmi, uni qachon yeydi, mana shugina muammo edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:41:33

Jahongir Yo‘lchivoyni yana ko‘rish uchun bir necha marta yo‘l poyladi. Ko‘rdi ham. Lekin unga yaqinlashishga, so‘zlashishga jur’ati yetmadi. Qalbining qaeridadir yashiringan bir ovoz «Shu sening o‘g‘ling!» derdi. Akasi birinchi suhbatda xunuk xabar yetkazdi. Tergovchi huzuridagi bu uchrashuvga qadar Jahongir ikki o‘t orasida edi. Yo‘lchivoy farzandlarining ismini aytayotganda shu paytgacha «Shu sening o‘g‘ling», deb shivirlayotgan g‘oyibona ovoz birdaniga «Sening o‘g‘ling shu!» deb hayqirib yubordiyu hushini oldi.
Hozir ko‘zini ochsa, yana Yo‘lchivoyni ko‘radi. G‘oyibona ovoz hayqiradi... Yo‘q, g‘oyibona ovoz emas, o‘zi hayqiradi: «O‘g‘lim, jonim bolam, o‘ttiz uch yil seni xayolan bag‘rimga bosib yashadim, kel endi, chinakamiga bag‘rimga olayin!» deydi. U-chi? U nima deydi? Darrov ishonadimi? Ishonmay-chi? Unda nima uchun o‘g‘liga «Jahongir» deb ism qo‘yadi? Balki... Xadicha qo‘ygandir bu ismni. Undan yodgorlik deb qo‘ygandir... Xadicha meni o‘ldiga chiqargandir. Lekin nima uchun Yo‘lchivoy Siddiq oxunni «dada» deydi? Boqib katta qilgani uchunmi? Unda nima uchun akam yashirdi?!»
Jahongir bu savollariga tezroq javob olish uchunmi, shart ko‘zini ochdi. Oppoq shift bulutli osmon bo‘lib ko‘rinib, ajablandi. Ko‘zini yumib-ochdi. Fikri biroz ravshan tortdi. Tergovchining xonasida o‘tirgan edi, bu yerda esa yotibdi. Qo‘l-oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmaydi — qimirlatay desa, qimirlamaydi. Ovozlarga quloq tutdi — uzoqdan emas, shu yaqin oradan eshitilyapti. Kimlardir past ovozda gaplashishyapti. Gapiray desa og‘zi ochilmaydi, lablari qurib, bir-biriga yopishib qolganday.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:41:49

— Ko‘zini ochdi shekilli?
Jahongir ovoz kelgan tomonga qaramoqchi edi, boshini burolmadi.
— Labini ho‘llash kerak...
Labiga suv tomganday bo‘ldi, tamshandi. Nazarida kimdir unga muzdek buloq suvi tutgandek edi. U yutoqib, ko‘zlarini yumib, huzur qilib icha boshladi. Icha-icha bir chelakni bo‘shatdi, ikkinchisini... suv qayoqqa ketyapti, bilmaydi. Ichaveradi, ichaveradi... Suvga to‘yib, atrofiga qarasa — Qirqbelda, hovlisining o‘rtasida turibdi. Hammayoq oppoq qor. Dadasi hovli chetida — qazosini topgan yerda oyoqyalang turibdi. «Dada, shamollab qolasiz», desa eshitmaydi. Jahongir unga intildi. Qor uchqunlari chirpirak bo‘lib to‘zib, uni uchirib ketdi. Jahongir ucha-ucha horidi. Boshqa yurtlarga borib qoldi shekilli, dimog‘iga o‘zgacha havo urilib, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Hozirgina ikki chelak buloq suvi ichgan edi, ichayotgan damda ham ichi kuymagandi. Endi tashnalik kuch ko‘rsatdi. Beixtiyor suv, deb pichirladi. Yana yuziga suv tomdi, yana chelakdan simirdi. Birdan... chelakni tushirib yubordi. Seskandi. Shu seskanish asnosida ko‘zini ochdi. Xira parda ortida oq shiftni, oq shiftning bir parchasini to‘sib turgan opachoq burunli notanish yuzni ko‘rdi.
— E, bormisiz paxan, ko‘zni oching. Shu yurak bilan yuribsizmi, paxanman, deb.
Pachoq burunli yuz kulimsiradi. Bu yuz mana shu pachoq burunni ko‘tarib yurishdan boshqa narsaga yaramasdi. O‘lim chohidan iziga qaytgan Jahongir ko‘zini ochib, shu nojo‘ya kashfiyotni ko‘rdiyu ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Yaxshi hamki bu pachoq burun shunchaki kulimsiradi, ishshaymadi. Uning ishshayganini ko‘rgan yuzlab odam necha kun, necha tun yo uxlamaydi, yo ovqat yemaydi — bunisi Yaratgangagina ma’lum.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:42:01

— Paxan, qutulib chiqqandan keyin bir eriydigan bo‘ldingiz. Jahannamning og‘zidan shart tortib oldim o‘zim.
— Bekor... qilibsiz...
Jahongirning og‘zidan bazo‘r chiqqan bu gapni eshitib pachoq burun unga g‘alati qarab oldi.
— Odam zotiga yaxshilik yoqmaydi, — dedi u to‘ng‘illab. — Jahannamning og‘zidan tortib oldim, desam, «bekor qilibsiz» deydi. O‘, paxan, rahmat demasangiz ham mayli. Lekin o‘ladigan bo‘lsangiz, bu yerda o‘lmang, boshqa joyga bori-ib... yoki juda shu katakda o‘lgingiz kelsa, men chiqib ketgandan keyin bemalol jo‘nayvering, — u uzun hushtak chalib qo‘ydi, — o‘sha yoqqa. U yoqda oshna-og‘aynilar ko‘p, salom aytasiz bizdan. Shoqolning ishlari besh, yaqin orada bu yoqlarga kelmaydi, kutmalaring, deysiz. Shoqol — bu menman. Shoqosim desangiz it ham tanimaydi. Shoqol desangiz hammaning og‘zi ochilib qoladi. Bu dunyo hali Shoqolday o‘g‘rini ko‘rmagan.
— O‘g‘rimisiz?.. — deb so‘radi Jahongir.
— O‘g‘riman, paxan. O‘g‘ri bo‘lganda ham zo‘riman. Buni yashirmayman. Qo‘lidan kelsa ushlasin, qamasin. Bir zang‘arga ro‘baro‘ kelmaganimda ushlolmasdiyam, qamamasdiyam. Xitoydan kelganlardan bittasining iziga tushuvdim. Loyiniyam, tillasiniyam isini oluvdim.
— Kim? — Jahongir bo‘g‘ilib, ko‘zi katta-katta ochildi.
— Kimligini bilmayman, paxan. Oqdo‘ppi mahallada uyi. Tanishlardan bormi u yerda?
— Yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:42:10

— Xullas, payt poylab ketiga tushdim. Mo‘ljalim bo‘yicha uyda bir yigitcha qolishi kerak edi. Lekin u yigitcha emas, azroilvachchaning o‘zi ekan. Yarim kechada uyni ship-shiydam qilib chiqayotsam, ro‘paramda turibdi. E, bunaqalarni bir kalla qilib enasinikiga jo‘natvorardim. Endi kalla qilaman, desam, qo‘lini bir balo qilib aylantirdi, bir balo deb chinqirdi, qo‘li aylanib turib, oyog‘i jag‘imga qanday tushdi, hayronman. Bir nafasda dabdalamni chiqardi. Urishga urdi-yu, anavilarga «hech narsa olmadi», dedi. Bu ahvolimni yengillashtiradi, ko‘p o‘tirmayman. Lekin «hech narsa olmadi», deb o‘zlari ham qutulib qolishdi-da. Tillayu «loy»lar bularning hujjatlariga tirkalsa, naq enasini ko‘rardi-da. U bo‘ldi, bu bo‘ldi, jag‘im singani qoldi. Mana, xudo, deb o‘tiribman. Hukumatimiz odil-da, avval tuzatadi, keyin qamaydi. Siz o‘lib ketaversangiz ham bo‘lardi, lekin sizni tuzatishadi. Chunki sizni otishlari kerak. O‘zingizdan o‘zingiz o‘lib qolsangiz kimni otishadi? Nima bilan tushganingizni eshitdim, paxan. Boradigan yeringiz tayin. Lekin xafa bo‘lmang. Bitta boshga bitta o‘q. Boshqasining keragi yo‘q. Menga ham atalgani bordir. Hozir yo‘q bo‘lsa, zavodda atay Shoqolga atab allambalo o‘q yasalayotgandir. Hali u tomonlarda ham uchrashib qolamizmi... — U ishshaydi. Jahongir uning aftini, sarg‘aygan so‘yloq tishlarini ko‘rib ko‘zlarini yumib oldi.
«Bu shoqol emas yo iblisning o‘g‘li, yo jiyani, — deb o‘yladi u. — Jahannam og‘zidan tortib oldim, deydi. Balki men hozir jahannamning o‘zidadurman. Bu maxluq hademay o‘choqqa o‘t qalay boshlar. Harholda bu odam bolasi emas. Qani, kalima keltiray-chi: la ilaha illallahu..» Jahongir ko‘zini ochsa — Shoqol yo‘q. «Ha, alahsirabman, la ilaha illallah...»
— Paxan sizning joningizni menga topshirishgan. Sho‘rvaning suvidan olib qo‘yganman. Ichish kerak. Qani, Sariq, yordam ber.
«Alahsiramagan ekanman».

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:42:18

Sariq degani — malladan kelgan kishi, unga engashib, qo‘lini yostiq tagiga tiqdi-da, qaddini bir oz ko‘tardi. Shoqol alyumin krujkadagi sho‘rvani uning labiga olib keldi. Jahongir istamasa ham zo‘rlab ichirdi.
— Hukumatni injitmang, paxan. Ochdan o‘lib qolsangiz, sizga atalgan o‘qni nima qiladi?
Bu uning hazili edi — yana ishshaydi.
Sho‘rvani ichib olgach, Jahongirning oyoq-qo‘liga jon kirganday bo‘ldi. Tili ham o‘ziga bo‘ysina boshladi.
— Shoqol, sherigingiz ham o‘g‘rimi? — deb so‘radi Jahongir.
— E, yo‘q, bu ammamning buzog‘idan o‘g‘ri chiqmaydi. O‘zi olimmi, bir balo. Qo‘shnisining qizalog‘iga ishtaha qilib qolibdi. Jig‘ini ezish kerak bunaqalarning. Hali boradigan yerida adabini yeydi. O‘g‘rilik gunoh emas, buzuqlik gunoh, nima dedingiz, paxan?
— To‘g‘ri. O‘g‘rini yaxshi ko‘raman...
— Bormisiz, paxan, gapiring. Shoqolni avval ham eshitganmisiz?
— Yo‘q. Siz... Burgutni eshitganmisiz?
— Burgutmi?.. Yo‘q, eshitmaganman. Yo... o‘zingizmisiz?
— Yo‘q. Men hazar qilaman o‘g‘rilikdan.
— Paxan, tushunmadim, yaxshi ko‘rasizmi yo hazar qilasizmi?
— Bir o‘g‘rini yaxshi ko‘raman. Ammo o‘g‘rilikdan hazar qilaman. Burgut menga yaxshilik qilgan — o‘limdan asragan.
— Menga o‘xshagan ekan-da?
— Yo‘q, siz chakki qildingiz.
— Bu, paxan deyman, boshni u-bu narsaga urib olmaganmisiz? Gaplaringiz almoyi-aljoyi-ku, a?
Jahongir javob bermay asta ko‘zini yumdi. U bir necha og‘iz so‘z aytish bilan toliqqan, gapga chog‘i kelmay qolgan edi. Chog‘i kelganda ham Shoqolga tushuntirib o‘tirmas edi. Uning Burgut bilan uchrashgani, Burgutning uni o‘limdan asrab qolgani ikki kishigayu Xudogagina ma’lum. Jahongir bu haqda biron kimsaga og‘iz ochmagan. Bu pachoq burunga aytish niyati ham yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:42:26

U uxladimi yo yana hushidan ketdimi, aniq bilmaydi. Lolazor ham, qor bosgan hovli ham, qalin muzliklar ham, muz qabrga qo‘yilgan Zokirxo‘ja ham ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Xuddi boshi ichiga daydi shamol kirib olib, xotiralarini xazonday to‘zitib yuborgan edi.
Shamol tingach. Burgut ko‘rindi. Juda aniq-tiniq oko‘rindi. Ovrupacha kiyinib olgan, bo‘ynida kapalak nusxa galstuk, boshida ixcham shlyapa, kostyumi yap-yangi. Oq ko‘ylagining oxori to‘kilmagan. Bu kiyimlar faqat shu qaldirg‘och mo‘ylovli, qora ko‘z, qora qosh qotma yigitga atalib tikilganday — o‘ziga yopishib turibdi.
Burgut o‘ttiz uchinchi yilning yozida unga shu ko‘rinishda duch kelgan edi.
Jahongir qamoqdan qutulib chiqishi bilan «E, quyosh!» deb hayqirishni umid qilgan edi. Baxtiga qarshi uni tun qorong‘usida ozod etdilar. Hayqirig‘i ichida qolib, buni yomon bir narsaga yo‘ydi. Sovuq o‘lkaga bitta vagonda yetib kelgan edi. Bu yerlarga kelish oson, qaytish azob ekan. U poezddan bunisiga chiqaverib holdan toydi. Kaltabinlik qilib peshonasiga yozdirgani o‘ziga jabr bo‘ldi. Bekatlarda ham, poezdda ham odamlar undan hayiqib, moxovga duch kelganday o‘zlarini chetga olishardi. Qamoqda berilgan qattiq non tugab qolayozdi hamki, issiq o‘lkaning issiq nafasi sezilmaydi. Kunduzlari tan biroz rohat oladi. Ammo kechalari muz ustida yotgandek bo‘ladi.
Yurtda qahatchilik hukm surayotganini ham shu yo‘lda bildi. Ochlikdan shishib, ko‘chada o‘lib yotganlarni ko‘rdi. Insof qilinsa murda ustiga qog‘ozmi, lattami tashlangan, aksar murdalar ochiq, terib olib ko‘mishga odam, tobut yetishmas edi. Bu mudhish manzaralarni ko‘rib, Jahongirning yuragiga «yurtimda ham shu ahvolmikin», degan g‘ulg‘ula tushdi. Bir kunga mo‘ljallangan nonni ikki kunga yetkazib, sillasi quridi.

Qayd etilgan