Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141123 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:42:33

Bir bekatda poezd hadeganda kelavermadi. Jahongir xaltachasini quchoqlab, devorga suyanib o‘tirgan edi, ro‘baro‘sida orasta kiyingan, qo‘lida yangi charm portfel tutgan yigit ko‘rindi.
— Assalomu alaykum, — dedi u.
Necha yil davomida unut bo‘layozgan bu so‘z quloqqa allaqanday ajabtovur eshitildi. Jahongir «birinchi ko‘rgan o‘zbegimni quchoqlab olaman», deb xayol qilardi. Salomni eshitdi-yu, hushi uchdi. Nima qilishni bilmay qoldi. Hatto alik olishni unutdi.
— Qarasam, hamshaharga o‘xshaysiz, qaerliksiz?
— Qirqbeldanman, — Jahongir shunday deb qo‘yib, «Qirqbel»ni bilarmikin bu, deb o‘yladi.
— Uygami?
— Ha.
— Birga ketar ekanmiz. Men bu yerga davlat ishi bilan kelganman. Siz nima qilib yuribsiz?
— Qamoqdan qaytyapman. — Jahongir shunday deb o‘rnidan turdi. Yigitning ko‘ziga tikildi: ko‘zi o‘ynab turibdi.
— Ismim Burgut. Sizniki-chi?
— Jahongir. Siz davlat odami bo‘lsangiz, men o‘ziga to‘q dehqon bolasiman. Sizning tilingizda unsurman, men bilan birga keta olarmikinsiz?
— Siz ham, men ham bu yerda musofirmiz. Gapni siyosatga burmang. Agar malol kelmasa menga yordam qilib yuboring. Poezd hali-beri kelmas ekan. Ungacha bir joyga boramizu qaytamiz.
Jahongir «Baribir, bekor o‘tiribman, borsam bora qolay», deb unga ergashdi. Burgut shaharchani yaxshi bilarkanmi, aylanma ko‘chalardan tez-tez yurar, ochlikdan sillasi qurigan Jahongir unga arang yetishib borardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:42:41

Yura-yura uch qavatli binoga yetdilar. Burgut to‘xtab, yon-atrofiga alangladi-da, chaqqonlik bilan o‘zini yo‘lakka urdi. Jahongir uning izidan uchinchi qavatga ko‘tarildi. Burgut charm qoplangan eshikni taqillatdi. Zum o‘tmay eshik qiya ochilib, go‘shtdor bashara ko‘rindi. Mehmon kim kelganini bilishga ulgurmay Burgut eshikni kuch bilan itarib ochib ichkari kirdi. Past bo‘yli, tepakal mezbon dahlizda haykalday qotdi.
— O‘rtoq Tozidullin, omonmisiz, mana, iltimosingizni yerda qoldirmay keldik. Andak kuttirib qo‘yganimiz uchun uzr. Badxatroq ekansiz, turar joyingizni topguncha picha vaqt o‘tdi. Ko‘p emas, u, oygina qidirdik uyingizni. Hamshahrim qamoqdan chiqib kelayotgan ekan, «Yur, dedim, qiyomatli oshnam bor, palovxonto‘rani damlab kutyapti», dedim. Palov tayyormi, o‘rtoq Tozidullin, kiraveraylikmi?
Burgut shunday deb unga yaqinlashdi. Tozidullin degani bir qadam tislanib tilga kirdi:
— Keligiz, keligiz, plov tayyor, — dedi u duduqlanib.
— Qani, hamshahar, tortinmang, kiravering. O‘rtoq Tozidullin o‘zimizning odam.
— Gazidullin, — deb o‘zini tanishtirdi mezbon.
Jahongir ichkari kirdi. Xona bir oz betartib edi. Gazidullin yo kecha mehmon kutgan, yo yeb-ichib yig‘ishtirishga erinib, idish-tovoqni to‘plab qo‘yavergan edi.
Burgut borib divanga o‘tirdi-da, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— Hamshahar, keling, o‘tiring, — dedi Jahongirga, so‘ng mezbonga qaradi: — Tozidullin, kim aytadi sizni davlat odami deb, shu ham tirikchilikmi, odam turadimi bu uyda yo molmi? Tez yig‘ishtiring. Keyin qorin g‘amini yeng. Vaqtimiz ziq, tez bo‘ling.
Mezbon gavdasiga yarashmagan holda chaqqon harakat qilib dumaloq stol ustini birpasda tozaladi. So‘ng non, kolbasa, pishloq qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:42:51

— Kolbasang cho‘chqanikimasmi? — dedi Burgut.
— Astag‘firulloh, minda musulman-ku! Chushka yo‘q minda. Marhamat kiligiz, pojaluysta.
— Ko‘rdingizmi, hamshahar, davlat odami juda odobli bo‘ladi-da.
Jahongir qorni och bo‘lsa-da, dasturxon ustidagilardan bir chimdim, bir chimdimgina yedi. U Burgutning muomalasidan noxush bir nimaning isini sezib turardi. Bu mehmondorchilik do‘stona uchrashuv samarasi emasligini allaqachon fahmlagan edi. Burgut Jahongirning ziyrak zehni ko‘p narsani ilg‘aganini sezdi. Shu uchun kutilmaganda mehmondorchilikka yakun yasadi. Enli sochiqqa non, kolbasa, pishloqni o‘rab Jahongirga uzatdi:
— Hamshahar, olvoling, yo‘lda asqotadi. Har bekatda gullab turadigan restoranlar yo‘q hozir. O‘rtoq, Tozidullinga davlat non-ovqat berib turadi.
Jahongir tugunchani istamaygina olib, xaltasiga soldi.
— Endi siz meni ko‘chada poylab turing. Biz o‘rtoq Tozidullin bilan davlat ishlarini gaplashib olishimiz kerak.
Jahongir o‘rnidan turib xaltasini olayotganida nigohi Gazidullinning ko‘ziga tushdi. Bir qop go‘shtday bo‘lib turgan bu odamning javdiragan ko‘zlarida hadik zohir edi. Gazidullin dastlab Jahongirni yollangan jallod sifatida qabul qilib, o‘takasi yorilayozgan edi, endi esa ko‘rinishi qo‘rqqulik, ammo fe’li mo‘min bo‘lgan bu odamning chiqib ketayotganidan, Burgut bilan yolg‘iz qolayotganidan qo‘rqdi. Jahongir buni bir qarashda sezdi.
«Bu qotma olifta sizlab turib jonni oladigan toifadanga o‘xshaydi», deb o‘yladi Jahongir, zinapoyadan tusha turib. U muyulishga o‘tib, devorga suyanganicha Burgutni kuta boshladi. Gazidullinning derazasini o‘zicha chamalab topib, o‘sha yoqqa tikildi. Nazarida deraza ochilib yo Burgut, yo mezbon uloqtirib tashlanadiganday edi. Bu «davlat» odamlarida qanday «davlat ishi» borligini Jahongir ilg‘agan edi. Burgut Gazidullinni uch oy qidirgan ekan, demak, orada jiddiy gap bor. Bu ikki «davlat odami» o‘g‘rimi, bosqinchimi, qotilmi — Jahongir uchun shugina qorong‘i.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:43:02

Burgut hayallamadi. Qo‘lidagi portfelini qappaytirib chiqib keldi. Jilmayib kelishidan ma’lumki — ish pishgan.
— Davlat ishiday og‘ir yumush yo‘q dunyoda. Tushuntirish ishlarini olib bormasangiz bo‘lmaydi, — dedi u Jahongirga yaqinlashib.
Jahongirning ko‘ngli noxushlikni sezib, derazaga qarab oldi — harakat sezilmadi.
— Uni... o‘ldirdingizmi? — dedi Jahongir Burgutga tik qarab. Burgut bunday savolni kutmagan edi, Jahongirga taajjub bilan qaradi.
— Esingiz joyidami, hamshahar, men jallod emasman, davlat ishidagi odamman.
— Birodar, davlat ishidan latta hidi kelib turibdi.
— E, hamshaharim, go‘l odamga o‘xshaysiz. Qani, ketdik, bu yerda turmaylik, — Burgut shunday deb Jahongirni qo‘ltiqladi. — Bizning ishdan latta hidi kelmaydi, qo‘rqmang. Men Burgutman, o‘laksa yeydigan quzg‘un emasman. Tozidullinning qarzi bor edi. Shuni berdi. Qarib, xotirasi parishon bo‘lib qolgan ekan, o‘zim qistab keldim.
— Men-chi? Meni nimaga sudradingiz, uni qo‘rqitish uchunmi?
— Hamshahar, har bir tirik jonga hamroh kerak. Baribir bekor o‘tirgan edingiz, bahonada olam-jahonni ko‘rdingiz, qorinni to‘qlab oldingiz.
Jahongirga bu gap malol kelib to‘xtadi. Xaltani ochib tugunchani oldi-da, Burgutga uzatdi:
— Mang, men haromga toqat qilolmayman.
— Nimasi harom? Cho‘chqa go‘shti aralashmagan bularga.
— Birovni norozi qilib olingan non menga botmaydi.
Burgut Jahongirga sinchkovlik bilan nazar tashladi.
— Bolshevik desam, basharang o‘xshamaydi, — dedi u sensirab, — lekin gapingdan bosheviklarning isi kelib turibdi. Sen oliftagarchilik qilma, og‘ayni. O‘lib yotgan odamlarni ko‘rmadingmi? Hammasi bir tishlam nonga zor bo‘lib o‘lgan. Sen bola-chaqangning oldiga tirik yetib olishingni o‘yla.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:43:10

Jahongirning tuguncha uzatgan qo‘li muallaq qoldi.
— Xaltangga solib qo‘y, tura tursin, senga yoqmasa o‘zim yeyman, — u shunday deb yurdi. Jahongir tugunchani xaltasiga noiloj joylab, unga ergashdi. Burgut oldinda, Jahongir yarim qadam orqada borardi. Chetdan qaragan kishi mansabdor odam xizmatkorini boshlab ketyapti, deb o‘ylardi.
— Sen Tozidullinga achinyapsan, shekilli? — dedi Burgut Jahongirga qaramay, — u noninigina emas, jonini ham berishi kerak edi. Joni siylovga qoldi. U hozir seni ham, meni ham duo qilib o‘tiribdi. Sendan yashirmayman, bilib qo‘y: men o‘g‘riman. O‘zimning ishimga halolman. Bu marazi g‘irromlik qilib qochgan edi. O‘zbekning nonini tuya qilmasin, deb izlab keldim. Bu pulni o‘sha yoqda topsam ham bo‘lardi, lekin g‘irromga toqat qilolmadim.
— O‘g‘rilik gunoh, birovning moliga ko‘z tikish gunoh, — dedi Jahongir.
— Nima-a? — Burgut yana to‘xtadi. — Hey, esing joyidami o‘zi? Bu zamonda gunoh-savob degan narsa qolibdimi? Necha yil o‘tirganingni bilmayman-u, ammo aqling kirmabdi. Sen qamoqda o‘tirmagansan, bolsheviklarning maktabida o‘qigansan.
— Bolsheviklaringizni bilmayman, ammo islomda o‘g‘rilik gunoh.
— Nima, sen mullamisan? Mulla bo‘lsang peshonangga nima uchun yozdirib olding?
— Mulla emasman, musulmon farzandiman. Yozuv... shayton yo‘ldan urdi. Nima deb yozilganini bilasanmi?
— Menga buning qizig‘i yo‘q.
— «Alqasosu minal haq» deyilgan. Bu «Qasos Haqdandir» degani.
— Tushunarli. Demak, kimdadir qasding bor. Lekin, og‘ayni, sening ishing chatoq. Hozir hamma xudosiz bo‘lib ketgan. Bu gaplaringni birov sariq chaqaga ham olmaydi. Shuning uchun boshimni og‘ritma. Men o‘zimning qonunimga bo‘ysunaman. Bolsheviging bilan ham, isloming bilan ham ishim yo‘q. Hozir machitlarda mol boqadigan zamon.
— Machitga til tekkizma! — Jahongir shunday deb uning yoqasini changalladi.
— Qo‘lingni tort, ahmoq, — dedi Burgut uni siltab tashlab, — borarsan, o‘zing ko‘rarsan ahvolni. — Burgut shunday deb yurdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:43:21

— Shunga yo‘l qo‘yib yuribsizlarmi?
— Menga nima? Men o‘zimga yarasha mustaqil davlatman. Boshqa davlat bilan ishim yo‘q. Menga Nekolay poshsho bo‘ldimi, Kerenskiymi, Leninmi, Stalinmi — farqi yo‘q. Menga ov ovlaydigan ovloq bo‘lsa, bas. Poshsholar ham, bolshevik ham menga toqat qilolmaydi. Men ham ularni birday yomon ko‘raman. Sen poshsholikni yaxshi ko‘rasan. Poshsholik ham sendaqalarni yoqtiradi. Endi davr-davronlaring o‘tdi. Mening davr-davronim esa o‘tmaydi. Sen esing bo‘lsa, mening davlatimga kir. Davlat ishlari seni xor qilib qo‘ymaydi.
— O‘g‘rilikdan hazar qilaman.
— Uyingga yetib olguncha hazar qilmay tur. Sen menga yoqib qolding. O‘g‘il bola ekansan. Faqat men bilan gap talashma. Sen gap bilarkansan, men ish bilaman. Ora ochiqmi?
Albatta, ora ochiq edi. Osmonda quyosh bilan oy to‘qnash kelmagani kabi bu tasodifiy hamrohlarning fe’li, dunyoqarashida yaqinlik bo‘lishi mumkin emas edi. Jahongir o‘ziga to‘q oilada tug‘ilib o‘sdi. U uyida to‘plangan boylikni birovning haqi deb bilmas edi. Otasi ham, bobosi ham bularni Ollohning ne’mati deb bilib, shukrona sifatida kambag‘allarni siylab kelishgan. Boylik ham, kambag‘allik ham Tangrining bir sinovi, boy manmanlikdan, kambag‘al o‘zgalar haqiga xiyonat qilishdan asralishi zarur — ularning aqidalari shu edi. Ular birovning yeb turgan nonini tortib olishmagan, aksincha, yeb turgan nonlaridan sindirib berishgan. Shunday oilada nazari to‘q bo‘lib o‘sgan odam o‘g‘riga yon bosarmidi?
Burgut esa Tangrining sinovlariga bepisand qarovchi davrada unib-o‘sdi. Yetimlik suvini barvaqt ichib qo‘ygan bu odamning aqidasi bitta edi — o‘zing yulib olmasang, senga birov bermaydi. Ishlab, mehnat bilan topib yeyish haqidagi tushuncha unga begona aniqroq aytilsa, aynan shu o‘g‘rilikni u mehnat deb biladi. Birovning haqi degan tushunchani u o‘zicha talqin qiladi. Ya’ni: bu dunyo umumniki, ne’matlar ham umumniki. Demak, hamma eplaganicha yulib oladi bu ne’matni.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:43:30

Shunday ekan oraning ochiqligi tabiiy.
Ular kutgan poezd oqshomda keldi. Burgut Jahongirning xaltasidagi tugunchani ochib tamaddi qilib oldi. Jahongir o‘zining qattiq noniga qanoat qildi. Burgut uni zo‘rlamadi.
Kechasi Jahongirning badanida og‘riq turdi. Jahongir avvaliga buni ochlikka yo‘ydi. Tongga yaqin titray boshladi. Dastlab vagon uni tebratgan bo‘lsa, endi uning titrog‘idan vagon chayqalayotganday edi. Jahongir isitma aralash alahsiradimi yo baqirib yubordimi — bilmaydi. Peshonasiga tekkan muzdek kaftni sezib ko‘zini ochdi.
— Ahvol chatoq-ku? — dedi unga engashib qarab turgan Burgut.
Tong otdi, kun yoyildi. Vagon ichi dimiqdi. Jahongir nafas oololmay qoldi. Yaqin o‘tirganlar uning titrog‘ini ko‘rib, o‘zlarini chetga olishdi.
— Bezgakka o‘xshaydi, — dedi birov.
— Yo‘q, terlama bu, — dedi boshqasi.
— Hammamizga yuqtirmasa edi. Balki vabodir?
— Vaboda titramaydi, vabomas. Lekin kasalining yomonligi aniq. Duch kelgan yerlarda yotib yuradigan daydiga o‘xshaydi.
Shu singari gaplar vagon bo‘ylab tarqalib, vagon-og‘asi Burgutga yaqinlashdi:
— Birodar, keyingi bekatda tushib qolganinglar ma’qulmikin, uzoqqa borolmaysizlar. Dori-darmon qilmasangiz bo‘lmas.
Burgutning vagondagi gaplardan xabari bor, odamlarning mehrsizligidan g‘azablanib o‘tirgan edi. Vagonog‘asi dori-darmonni gapirmaganida uni urib yuborishga ham tayyor edi. «Yo‘l uzoq, bu ahvolda o‘lib qoladi», deb o‘ylab, uning maslahatiga ko‘ndi.
Poezd to‘xtagach, vagonog‘asi yordamida bir amallab Jahongirni ko‘tarib tushib, bekatdagi yakka daraxt ostiga yotqizdi. Jahongir ozg‘in bo‘lgani bilan suyagi yo‘g‘on edi — ikkovlon qora terga botishdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:43:42

Burgut arava topib kelguncha Jahongir majolsiz nigohini titrayotgan barglarga qadab yotdi.
«Umrim bargga o‘xshab ilinib qoldimi? — deb o‘ziga-o‘zi savol berdi. — Akam bilan otishishga chiqqanimda bargning uzilishi qiyin bo‘lgan edi. Jonning uzilishi qiyinmi? Ha... Zokirxo‘ja azoblanib jon bergandi. Zokirxo‘janing qismati mening peshonamda ham bor ekan-da. Yo‘lda xor bo‘lib o‘lish uchun muzliklar ichida tirik qolgan ekanman-da. Qasos haqdandir... demak, qasos mening qo‘lim bilan bo‘lmaydimi? Armon bilan ketamanmi? Bir o‘g‘rining qo‘lida jon berib, go‘rga janozasiz, kafansiz kiramanmi?..
Jahongirning ko‘zidan yosh dumaladi. U o‘layotgani uchun g‘amda emasdi, armon bilan o‘layotganidan afsusda edi.
Jahongir ko‘zini yumib-ochdi. Voajab, hozirgina daraxt barglari yam-yashil edi. Endi sap-sariq tusga kiribdi. Ana, birin-sirin uzilmoqqa boshladi barglar. Yomg‘irday yog‘ilyapti barglar. Birpasda shoxlar yalang‘och bo‘lib qoldi. Daraxtlar daraxt emas, osmonga sanchib qo‘yilgan nayzalarga o‘xshaydi. Bag‘riga sonsiz-sanoqsiz nayza sanchilgan osmon azobga qanday chidaydi? «Daraxt nimaga quridi? Qiyomat yaqinmi? Machitlarda mol boqilayotgan bo‘lsa, qiyomat boshlangandir. Odamlar dupurlab chopishyaptimi? Mahsharga shoshilishyaptimi? Men nima qilib yotibman? Qiyomat boshlanibdi, yer silkinyapti. Ha, qiyomat bu. Hammayoq qon... qon...»
Isitma otashidagi Jahongirning ko‘zlari ochiq, lekin hech nimani ko‘rmas edi. U aravaga olib yotqizishganini sezmadi. Aravaning silkinishini zilzila deb, qo‘sh ot dupurini odam dupuri, deb xayol qilib fikran mahshar sari shoshilardi.
Musofir shahardagi shifoxonaga olib kelinganini, sakkiz kun deganda hushiga kelganini, keyinroq hamxonalaridan bildi.
— Akangiz mehribon ekanlar, sakkiz kun parvona bo‘ldilar, — dedi hamxonasi, u o‘ziga kelgach.
Jahongir «akam kim ekan?» deb ajablandi. Bozorga ketgan Burgut qaytgach, «akasi» kim ekanini bildi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:43:51

«Men Tangrim o‘g‘rining qo‘li bilan yerga qo‘yadi, deb o‘ylasam, o‘g‘rining qo‘li bilan jonimni qaytarib beribdi-ku? Uning qo‘lidan non olmagan edim, jon oldim... Olloh jonimni beribdimi, demak, qasos ham mening qo‘lim bilan bo‘ladi...»
Jahongir «Meni deb shuncha yurdingizmi», demadi. Burgut esa «Seni tashlab ketishga ko‘zim qiymadi», demadi. Burgut to yurtga yetib borguncha ham Jahongirning kasalidan gap ochmadi.
So‘nggi bekatga yetib kelishgach, Burgut qo‘l uzatdi:
— O‘sha gap-gap: ora ochiq, omon bo‘l, hamshahar, — dedi kulimsirab.
— Sizni qaerlardan yo‘qlasam bo‘ladi?
— Qarzingni bermoqchimisan? Qo‘yatur, ko‘milgan tillalaring joyida tura tursin. Muhtoj bo‘lsam seni o‘zim topaman. Sen meni butunlay unut, ora ochiqmi?
Shunday dediyu bekatda to‘zib yurgan odamlar orasida bir onda g‘oyib bo‘ldi. Jahongir shundan so‘ng uni ko‘rmadi. Burgut «Muhtoj bo‘lsam seni o‘zim topaman», degan edi, topmadi. Jahongir buning shunchaki ko‘ngil uchun aytilgan gap ekanini bilardi. Burgut muhtojlikka uchraganda ham kelmas edi. Chunki u g‘irrom bilan bir qatorda minnatga ham toqat qilolmas edi. Jahongir keyinchalik o‘g‘rilarni ko‘p ko‘rdi, ammo Burgutga o‘xshaganini uchratmadi.
Burgut unut, degani bilan Jahongir uni unuta olmadi. Uni ko‘p esladi. Bugun shifoxonada ko‘z ochgani sabab bo‘ldimi yo Shoqolning gaplarimi, harholda Burgutni yana yodladi.
Jahongir o‘shanda Burgut bilan xayrlashgach, shaharning qaerida tunashini bilmay garangsidi. Bu shaharda quchoq ochib kutib oladigan yaqini yo‘q. Mehmonxonalarning unga joy bermasligi tayin. O‘ylab-o‘ylab bir paytlar tahsil olgan madrasasiga borishni xayol qildi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:44:03

Ko‘chalar uning nazarida rangpar ko‘rindi, ularda ilgarigi jon yo‘q edi. Qahatchilik degan yovuz qush qora qanotlarini bu yurt, bu shahar ustiga ham yozgan edi. Sillasi qurigan odamni bitta-bitta cho‘qilab ko‘cha-ko‘ydi ham dumalataverardi. Shaharda o‘lim ko‘p, ammo yig‘i oz edi. Yig‘lash uchun ham qorin to‘q bo‘lishi kerak. Ocharchilik ko‘zdagi yoshni quritib, diydalarni qotirgan edi.
Jahongir madrasaga borgach, taajjubda qotdi: madrasa darvozasiga qo‘sh qulf urilgan, devorlar asta nuray boshlagan. Aftidan, bu yerda anchadan buyon odam yashamas edi.
Jahongir yaqin kishisini xarob tarzda uchratgan odam holiga tushib, ko‘ziga yosh keldi. Eng yaqin kishingni abgor alfozda ko‘rsang uni bag‘ringga bosasan, yuzlarini silaysan. Xudodan muruvvat so‘raysan, so‘ng uning dardiga davo choralarini izlaysan. Necha yuz yil savlat to‘kib turgan, necha ming ilm tolibiga boshpana berib, necha yumuq ko‘zlarning ochilishiga guvoh bo‘lgan, necha dilning sirini bag‘riga singdirgan bu imoratni quchoqlab bo‘lmasa, yarasiga malham topib bo‘lmasa... Jahongir g‘amini ichiga yutib, imoratga yaqinlashdi. Kaftini g‘isht devorga qo‘ydi — go‘yo bu aftodahol imorat yuzini siladi. G‘isht devordan iliqlik chiqib uning kaftiga o‘tdi, keyin butun tanasiga taraldi. Muzliklarda to‘g‘nab qolgan ilig‘iga harorat o‘tganday bo‘ldi. U beixtiyor yuzini ham devorga qo‘ydi. Dimog‘iga tanish hid urilib, yuragi entikdi. Qulog‘iga tanish ovozlar eshitildi:
— Dil nadir, ko‘krakning chap tomonida joylashgan bir parcha go‘shtmi?
— Bu — dilning birlamchi ma’nosi. Ya’nikim, bu go‘sht g‘ovaklarida ruhning asl manbai bo‘lmish qora qon mavjuddir. Bu yurak hayvonotda, hatto o‘likda bordir va u hech qancha qiymatga ega emasdir.

Qayd etilgan