Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 140969 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:44:21

— Mulla Jahongir, dilning ikkilamchi ma’nosini siz ayting.
— Hazrat G‘azzoliy shunday zikr etibdilar: «Dil — Parvardigorning o‘z bandalariga ato etgan ruhoniy ne’mati bo‘lib, uning jismoniy dilga aloqasi bordir. Bu ne’mat insonning asl mohiyatidirki, inson butun ilmu ma’rifatga uning vositasida erishadi va barcha xitob, azob, itob1 va talablar unga qaratilgan bo‘ladi: Ruhoniy ne’mat bilan jismoniy yurak o‘rtasidagi mustahkam aloqaning haqiqiy suratini ko‘pchilik anglab yetmaydi...»2
— Balli, mulla Jahongir, endi qissadan hissani ayting.
— Taqsirim, qissadan hissa shulki, Parvardigorning bandalariga bergan ruhoniy ne’mati iblisga xos illatlardan, chunonchi, hasaddan, yovuzlikdan, xiyonatdan, nafs buzuqligidan asralmog‘i lozim. Asralmas ekan, jismoniy dil parokanda bo‘lg‘usidir.
— Balli... mulla Zayniddin, siz ayting, jon nadir?..»
Hozirgina jaranglab chiqqan ovozlar nimadandir cho‘chiganday pasayib, g‘isht kovaklariga singib ketdi. Jahongir qaddini tutib, osmonga qaradi: «Bu dargohning nima gunohi bor ekanki, darvozalariga qulf urilsa. Bunda ilm toliblari qirilib bitganmi yo mudarisslarmi? Yo Burgutning gaplari rostmi?»
Osmon jim, imorat ham... Savolga javob yo‘q.
Jahongir devorga suyanib o‘tirib boshini kaftlari orasiga oldi. Qirqbelga qaytib, kindik qoni tomgan uy o‘rnida vayrona ko‘rsa bunchalik ezilmasdi. Yeng shimarib uni obod qilishga kirishardi. Lekin yumuq ko‘zlarni ochuvchi bu muqaddas imorat darvozasini qanday ochish, chiroqni qanday yoqishni bilmas edi.
Ruhi g‘uborlarga ko‘milayotgan bir damda yelkasidan kimdir asta ushladi. U boshini ko‘tarib qaradi — yonoqlari turtib turgan, ko‘zlari kirtaygan qariya.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:44:29

— Inim, tobingiz qochdimi?
Jahongir o‘rnidan turib, unga salom berdi. Qaddi dol bu qariya ko‘ziga issiq ko‘rindi.
— Aybga buyurmang, inim, halovatingizni buzdim.
«Qimirlamay o‘tirganimga meni o‘lib qolgan degandir», — deb o‘yladi Jahongir. Keyin qariyaga tikilib qaradi.
— Ha, inim, tikilib qoldingiz?
— Otaxon, sizni bir kishiga o‘xshatyapman. Shu madrasada mudarrisimiz bo‘lardilar, mulla Nizomiddin degan?
— Mulla Nizomiddin? — qariya kuldi. Og‘zini yumganda tepadagi bittagina tishi pastki labining ustiga chiqib qoldi.
— Nimaga kulasiz? — dedi Jahongir ajablanib.
— Mulla Nizomiddin yo‘q hozir, Nizom qorovul bor. O‘sha mudarrisingiz menman. Ilgari shu imorat ichkarisida dars berardim, endi tashida qorovulman. Siz bunda tahsil olgan bo‘lsangiz... tanimayroq turibman?
— Ismim Jahongir, qirqbellik Muhammadrizoning farzandlariman. Alg‘ov-dalg‘ov boshlanib, xatmi kutub qilolmay qishlog‘imga qaytgan edim.
— Ha... mulla Jahongirmi? Buni qarang-a, tanimay qolibman, qaysi shamol uchirdi?
— Sovuq yurtlarning shamoli, qamoqdan qaytyapman.
— Yo, alhazar, bu nima deganingiz?! Sizni nimaga qamadilar ekan?
— Taqsirim, buning tarixi uzun. Aytib, sizga yuk qilmay. Tuhmatning to‘riga tushib qolgan ekanman.
— Ollohning o‘zi asrasin tuhmatlardan. Aybga buyurmang, bo‘tam, bu peshonangizdagi yozuv nimasi?
— Qamoqda iblisning yo‘liga yurib yozdiribman. Vatanning xumori tutganda esi og‘ib qolar ekan kishining. O‘shanday lahzadan xotira endi bu. Tikilmang, o‘qiy olmaysiz, arabcha harfni bilmaydigan o‘ris yozgan, chaplashib ketgan.
— Shayton vasvasasidan o‘zi asrasin. Qani, yuring, kulbamizga boraylik. Menga bir kulba qurib berishgan, o‘zimning ko‘zimga saroydek ko‘rinadi. Jonni o‘sha yerda saqlaymiz. Yuring, bo‘tam, yuring.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:44:36

Jahongir e’tibor bermagan ekan: qulf darvozaning ro‘baro‘sida odam bo‘yidan sal tikroq kulba turardi. Kulbaning tomiga qora qog‘oz qoqilgan, berk darvozaga qaratib darcha qo‘yilgan, yon tomonda esa ensiz eshikcha bor edi. Engashib ichkariga kirishdi. Darcha tomonda taxta so‘ri qilingan, so‘ri ustiga ko‘rpacha to‘shalgan. Aftidan mudarris — Nizom qorovul yonboshlab yotib, shu darcha orqali imoratni qo‘riqlar edi. Darchaning qatorida randalanmagan taxtadan tokcha qilingan. Unda besh-olti qalin kitob. Bu mudarris — qorovulning birdan-bir ovunchog‘i shu — o‘tmish xotirasi bo‘lsa kerak.
— Bu madrasa menga umrim bo‘yi berilgan deb o‘ylab, uy-joy qilmagan ekanman. Madrasani berkitishgach, ko‘chada qoldim. Bu yerni ombor qildilar. Qayoqqa borishni bilmaganimda qorovullikni berdilar.
— Nimaga berkitdilar madrasani?
— E, bo‘tam, dunyoning ishlaridan bexabarmisiz?
— Oz-moz xabarim bor. Qamoqqa tushganlar aytib berishardi, ammo ko‘pam ishonmasdim.
— Ishoning, bo‘tam, ishoning. Bir inqilobni boshlashdi, nomi madaniy ekan. Men bu inqilobni ko‘rib, yoqa ushladim: hay-hay, madaniysi shu bo‘lsa, vahshiysi qanday bo‘lar ekan — farqiga aqlim qosir. Dastlab masjidlarni buzmoqqa kirishdilar. Yo, Olloh, imoratda nima gunoh bor ekan? Keyin Yaratgan ularning oko‘ngliga picha insof yubordimi, buzmay, har turli idoralarga berdilar. Ombor etganlari bir navi, yahudiy yamoqchilarga ustaxona qilib berdilar, shunisiga dog‘man. E, aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi. Qani, marhamat qiling, bo‘tam, o‘tiring.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:44:43

Jahongir kulbaning o‘ng tomoniga to‘shalgan yupqa ko‘rpachaga o‘tirdi. «Nahot, fozillar xorliqda, ojohillar farog‘atda bo‘lsalar. Nahot, jamiyatga bunday fozil odamning keragi bo‘lmay qolgan? Ilm nima bo‘lgan, diyonat nima bo‘lgan, insof, vijdon nima bo‘lgan?»
— Talabalarimizdan bir qanchalari meni bu yerdan olib ketmoqchi edilar. Yo‘q, dedim. Ketsam, madrasamiz yetimlikdan faryod urib qolayotganga o‘xshaydi. Bir qancha idoralardan xizmatga ham chorladilar. Rad etdim. Madrasasiz dunyo ko‘zimga qorong‘i. Madrasa shu holida ham quyosh men uchun. Men qorin g‘amida, shuhrat ilinjida quyoshga xiyonat etsam, do‘zax azobiga shu dunyodayoq giriftor bo‘la qolmaymanmi?
Mudarris Nizom qorovul gapdan to‘xtadi. Darchadan yopirilib kirayotgan yorug‘lik uning ko‘zidagi namda akslandi.
Mudarrisning dardini tasvirlashga so‘z ojiz. Yolg‘iz farzandini qabrga qo‘yganlarda shunday kulfat bo‘ladi, Vatanni behad suygani uchun bu tuproqdan xorlab quvilgan odamda shunday alam bo‘ladi. Ota-onasidan bevaqt ayrilgan, tuhmat bilan zindonga bandi etilgan odamlar dardi bu qadar ulug‘ bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:44:51

Mudarrisining qaddini nima bukdi: dardmi yo qarilikmi? Nima uchun eti ustixonga yopishdi: darddanmi yo ochlikdanmi?
Jahongir mudarrisga qarab Zokirxo‘jani esladi. Zokirxo‘ja ham gapira turib birdan jimib qolardi. G‘amli xotiralar panjasi bo‘g‘ziga chang solib gapirtirmay qo‘yardi. O‘lim oldida taqdirga tan berib, bir gap aytgan edi, hozir Jahongir ko‘zlari kirtaygan mudarris — Nizom qorovulga qarab, shuni esladi: «Osmonlar — kamon, yer — kamon ipi, hodisalar, ofatu kulfatlar — o‘q bo‘lsa, insonlar ul o‘q-yoylarga nishon bo‘lsa, otg‘uchi Xudoyi taolo bo‘lsa, odamlar qaerga ham qocharlar? Tangrining oldig‘a qochishdan o‘zga chora yo‘q...»
«Tangri bu yurtga shuncha kulfat yubordi, odamlar nima qilsinlar, — deb o‘yladi Jahongir. — Qayga qochsinlar? Akam qochdi. To‘g‘ri qildimi? Ammo bu odam nimaga qochmadi? Akam tillalarining kuchi bilan yurgandir, bu odam ilmi bilan davr surardi-ku, shunga aqli yetmadimi? Yo‘-o‘q... donolar Vatanni xorlikda tashlab qochmaydilar...»
— Ha, bo‘tam, yana menga tikilib qoldingiz?
Jahongir darrov javob bera olmadi. Tikilishi boisini yashirib, o‘zgacha javob qildi:
— Ochlik sillangizni quritibdi...
— Shunga shukr qilib yotibman. Birodarlarim ochlikda qaqshab, men yog‘li palovga to‘ysam, u dunyo-bu dunyo o‘zimdan rozi bo‘lolmas edim. Menga berilayotgan non jon saqlashimga yetadi. Biroq ko‘chada sulayib yotganlarni ko‘rsam, — mudarris istiholaga borib «o‘lib yotganlarni» demadi, — shu bir tishlam non ham tomog‘imdan o‘tmaydi. Egamning qahri ham marhamatiga yarasha. Shu qahrga loyiq ekanmiz, shukr qilishdan o‘zga choramiz yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:44:59

— Taqsirim, o‘ylab o‘yimning tagiga yetolmayapman. Bu ne hol o‘zi? Iblis har birimizning yuragimizdan joy olvoldimi, ko‘zlarimizni ko‘r qildimi?
Mudarris — Nizom qorovul darrov javob bermadi. Yorug‘lik yopirilib tushayotgan darchaga qaradi. Keyin xuddi o‘ziga-o‘zi dars berayotganday ohista so‘z boshladi. Jahongir dong qotdi. Ilm tolibi ekanida eshitgan o‘sha ovoz, o‘sha ohang...
— Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, aytibdilar: «Mening ummatimga ham ilgari o‘tganlarning kasali yetib keladi». «Ilgari o‘tganlarning kasali ne edi?» deb so‘radilar. Rasululloh javob qildilar: «Kibr-havo, manmanlik, mol-dunyo orttirishdagi raqobat, bir-biridan chetlanish va zulmga, so‘ngra esa bosh-boshdoqlikka olib boradigan hasadgo‘ylik». Payg‘ambar oalayhissalom yana shunday deganlar: «Ummatim ustida eng ko‘p qo‘rqadigan narsam, ularning mol-dunyolari ko‘payishi natijasida bir-birlariga hasad qilib, o‘zaro nizolar chiqishidir... Olov o‘tinni yegani kabi hasad yaxshi amallarni yeydi». Qilingan birinchi gunoh — hasad bo‘lgan edi. Iblis Odam alayhissalomning martabalariga hasad qilib, u zotga sajda qilishdan bosh tortdi — hasad uni gunohga yetakladi. Tangri bergan ne’matlar orasida nafs degan bir lafz borki, bunda insondagi barcha mazmum sifatlarni o‘zida jamlagan zo‘ravon kuchni nazarda tutadilar va shu bois deydilar: «doimo nafsga qarshi kurashish va mudom uni sindirish lozim, zero payg‘ambar alayhissalom: «Eng qattol dushmaning o‘z ichingdagi nafsingdur», deganlar.
Mudarris Nizom qorovul «javobim shu» deganday Jahongirga qaradi. Jahongir Abu Homid G‘azzoliyning asarini esladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:45:08

Shu zaylda boshlangan suhbatning chek-chegarasi yo‘qdek edi. Tokchadagi kitoblar qo‘lga olindi, varaqlandi, o‘ziga hikmatlarni yashirgan satrlar tilga kirdi. Shu kun, shu tun Jahongir boshiga tushgan savdolarni oz bo‘lsa-da, unutdi. Olma qoqidan damlangan choydan ichib tunni tongga uladilar. Saharda Jahongir yo‘lga otlandi.
— Sizni Ollohning o‘zi panohida asrasin, — dedi mudarris — Nizom qorovul, — ehtiyot bo‘ling, bo‘tam. Sizga yaxshilik qilganlarga yaxshilik qiling, yomonlik qilganlarga yomonlik qilmang.
Yarim yo‘lni aravada, yarim yo‘lni piyoda bosib, Qirqbelga yetib keldi. Qishloq o‘sha-o‘sha — o‘zgarmagan. Uylar ham, daraxtlar ham birdek. Oradan shuncha yil o‘tib ketmagandek.
Yo‘lda uchragan yosh-yalang salom berib, uni tanimay qolaverishdi. Taniganlarning ayrimlari qo‘shqo‘llab, ba’zilari qo‘l uchida omonlashib «omon-eson keldingizmi», deb hol so‘rashdi. Jahongir ularga qisqa javob qilib uyiga shoshilardi...
...Hovlisiga qadam qo‘yishi bilan tiz cho‘kadi, so‘ng peshonasini ota-onasining oyog‘i tekkan yerga qo‘yib tavof qiladi, tuproqni ko‘ziga surtadi. So‘ng ichkaridan «Dadajon!» degan qo‘ng‘iroqdek ovoz keladi. Keyin... ayvonda Xadicha paydo bo‘ladi.
— Xayriyat, ketib qolmagan ekansizlar, akamga qo‘shilib ketganmikinsizlar, deb jonim halakda edi.
— Sizni tashlab qayoqqa ketamiz, yo‘lingizga ko‘z tikib kutdik. Xudoning marhamatiga ishondik, shu kunga yetkazganiga shukr. Ana, o‘g‘lingiz ham katta bo‘lib qoldi...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:45:16

Ko‘chasiga burildiyu hayron qoldi: devor boshqa, darvoza boshqa. Eshik oldida ikkita ot qo‘shilgan arava. Jahongir qadamini tezlatib yurib keldi-da, darvoza ro‘baro‘sida to‘xtadi. Miyasi lo‘qillay boshladi. Kimdir boshiga bir me’yorda bolg‘a urayotgandek bo‘ldi. U o‘pqon sari yurgandek ichkariga asta qadam bosib kirdi. Ko‘zi ayvon ustunidagi qizil bayroqqa tushdi.
U tiz cho‘kmoqchi edi, tavof etmoqchi edi, kim toptadi ekan bu hovlini? Jahongir devordagi lavhani ko‘rib, o‘qidi: «Qizil omoch» kolxozi». «Bu yerga ham yetib kelibdi-da, bu kolxoz, — deb o‘yladi u. — Xudo urgani rost ekan». Qamoqdagi kunlari oxiriga yetay deganda bir qancha yangi mahbuslar — «yangi hayot dushmanlari» kelgan, «kolxoz», «quloq» degan so‘zlarni o‘shalardan eshitgan edi.
Jahongir nima qilishini bilmay turganida ichkaridan oyog‘iga xrom etik, boshiga qora shapka kiygan shop mo‘ylovli kishi chiqib, unga o‘qrayib qaradi-da:
— Mahkam, begona odam nima qilib yuribdi bu yerda? — deb baqirdi. Shu zahoti hovlida past bo‘yli yigit paydo bo‘ldi.
— Ha, og‘ayni, nima bor bu yerda sizga? — dedi u Jahongirning yo‘lini to‘sib.
Jahongir shopmo‘ylovni tanidi. Uni hukm qilishganda chiranib ayblagan odam shu edi.
— Sen, nari tur, — dedi Jahongir past bo‘yli yigitga, — men manavi lakang bilan gaplashaman. Sotvoldi aka, tushunmayroq turibman, sizga nima bor bu uyda?
Shopmo‘ylov unga qarab turib:
— Ha, senmisan, — dedi to‘ng‘illab, — o‘lmabsanda. Ammo bu yerga kelib, chakki qilibsan. Uying musodara bo‘lgan.
— Kim musodara qildi?
— Kim deysanmi? Sho‘ro hukumati! Endi bu yer kolxoz idorasi. Sen kolxoz uchun yot — begonasan, bu yerga qadam bosa ko‘rma.
— O‘z uyimga... o‘zim begonamanmi?
— «O‘z uyim» degan gap yo‘q. Hamma narsa umumniki.
— Hamma narsa?.. — Jahongir qamoqda eshitgan gapni eslab, beixtiyor aytib yubordi, — xotiningiz hammi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:45:25

Pakana yigit yana Jahongirning qarshisida paydo bo‘lib, dag‘dag‘a qildi:
— Tiling qirqilsin, ahmoq! Rais akam sho‘roning odamlari!
— Mahkam, qoch, u bilan o‘zim gaplashaman. Sen, boyning bolasi, jo‘na bu yerdan, qorangni ko‘rmay.
Jahongir uning po‘pisasini eshitmaganday olma daraxtiga qadalib turgan supaga o‘tirdi. Shopmo‘ylov uni yeb qo‘yguday bo‘lib o‘qraydi-da, ichkari kirib ketdi. Pakana yigit haydasa baloga qolishi mumkinligini anglab, yaqinlashishga jur’ati yetmay, ayvon ustuniga suyanib turib oldi. Xorlik azobi tan azobidan kuchliroq. «Bu uyga begonasan!» deb haydash o‘rniga yuz darra, ming darra urganida ham bunchalik alam qilmas edi. Muzliklarda yurganida Jahongir uyini sog‘inib ezilardi. Qizigan ko‘kragini muz parchasi ham sovuta olmasdi. O‘sha kulfatli kunlarda yig‘lamagan, o‘zini bosishga qurbi yetgan Jahongir birdan bo‘shashdi, ko‘ziga yosh keldi. Bu yosh ojizlik yoki nochorlik emas, g‘azab qo‘lidan toshib chiqqan edi. U o‘rnidan turib avval pakanani, so‘ng shopmo‘ylovni yanchib tashlagisi keldi. O‘rnidan turishga shaylandi ham, ammo o‘zi bilmagan bir kuch to‘xtatdi. Bu kuch — farosat edi, «bularni majaqlaganing bilan foydasi bormi, bular bir qarol, hojalari boshqa bo‘lsa, tegma ularga. Ularning qasosi Haqdandir. Hozir ular sening baxtsizligingdan kulyaptilar. Bilmaydilarki, ularning baxti omonat, ertaga baxt senga berilib, sening baxtsizliging ularga nasib etadi. Tur, shu kunga omon yetay desang, indamay chiq bu yerdan».
Ongida uyg‘ongan buyruqqa itoat etdi: bir-bir bosib chiqdi. Qadrdon yer, qadrdon tuproq uni qo‘yib yuborgisi kelmayotganday oyoqlari zil og‘ir, yerdan uzilishi qiyin edi.
Jahongirni oyoqlari qabristonga yetaklab bordi. Ajdarqoya poyida do‘mpaygan qabrlarni tizza bo‘yi o‘t qoplagan. Jahongir qabriston etagida to‘xtab, ko‘zlarini javdiratib ota-onasining qabrini izladi. O‘t bosgan qabrlarni bir-biridan ajratish qiyin edi. U go‘rlarni bosib o‘tmay, kelgan yerida cho‘kkalab uzoq tilovat qildi. So‘ng uzlatguzinlikni ixtiyor qildi. U rixlatga chekinganlar dunyosining bu yorug‘ dunyodagi posboniday qimir etmasdan o‘tirardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:45:33

« — Onajon, men sizning yolg‘izingizman, meni juda barvaqt tashlab ketdingiz?
— Boshingga tushadigan kulfatlarni ko‘rmasin, deb momong chaqirib oldi.
— Meni kim chaqiradi, ota, sizmi?
— Seni chaqirmayman, zimmangda yumushing bor.
— Yo‘l uzoqqa o‘xshaydi, yukim og‘ir, bardosh berolmayman.
— Bardoshli bo‘l, arvohimni chirqiratma, Jahonim...»
— Jahon!
Jahongir seskandi: ovoz qaerdan keldi, qabr ichidanmi?
— Jahongir!
U boshini ko‘tarib orqasiga qaradi — Daminni tanidi. Savod chiqarishga ko‘ngil qo‘yib undan yozuvchizuvni o‘rgangan qarol yigitcha edi, yillar o‘tib qoruvli yigitga aylanibdi.
— Shu yerdadirsan, deb o‘ylovdim.
Ular quchoqlashib ko‘rishdilar.
— Yur, uyga boraylik, — dedi Damin.
— Oshiqmay tur, bir oz shu yerda o‘tiraylik.
— Uyingga kiribsan, bildim. Sotti bilan pachakilashmaganing durust edi.
— Nimasidan qo‘rqasan?
— Ko‘ngliga yoqmaganlarni quloq qilib yuribdi. Bitta echkisi bor odamni ham boy deb xatga tirkayapti. Harholda rais degan nomi bor.
— Saylashga saylab qo‘yib boshlaringni toshga uryapsanlarmi?
— Gapingni qara, saylamasak bir balo, saylasak yana bir balo. Chori ota «Hoy bola, birodarlaringni xo‘rlama» devdi, «Bog‘dor boy» deb uni quloq qildirvordi. Ota boyaqish shaharga yetmay uzilibdi. O‘ligini olib kelib shu yerga ko‘mishdi, ammo oilasini baribir jo‘natvordi.

Qayd etilgan