Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 140976 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:45:44

Jahongir Chori otani yaxshi tanir edi. Bu benazir bog‘bonning bog‘ida jannatda ham topilmaydigan mevali daraxtlar bor edi.
— Bog‘ni kolxoz olib qo‘ygandir?
— Qo‘yarmidi? Bog‘ qurib qolsa kerak, qarovning mazasi yo‘q.
— Shunday odamni xorlagani uchun ko‘r bo‘ladi.
— Jahon, u opalaringni ham jo‘natgan, hech kim qolmagan.
— Yuragim sezgan edi. Cho‘ldagi yakka daraxtga o‘xshab qoldimmi?..
— G‘am chekaverma. Bitta sen yolg‘izmassan. Uylanarsan, bola-chaqa orttirarsanam, ungacha biznikida turaver.
— Menikilar... ketgani rostmi?
Jahongir bu savolni berishga yuragi betlamay turgan edi. U Xadichaning ketganini bilsa ham, «balki ketmay qolgandir, balki yo‘ldan qaytgandir» degan ilinj — uzoq yulduzning ojiz nuriday umid uni yoritib turar edi. Savolga «ha» degan javob olsa, bu so‘nggi yulduz nuri ham so‘nardi. Kutganidek bo‘ldi: «ha», degan qisqa javob oldi. Mana shu javob osmonga o‘t qo‘ydi, Jahongirni osmon o‘ti bag‘riga oldi; so‘ng yerni qoq ikkiga ajratdi, Jahongirni tubsiz jarga uloqtirdi.
— Ilojing qancha, ko‘nikasan endi, uylanasan, bola-chaqa topasan...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:45:56

Damin to‘porilik bilan aytgan bu yupanch so‘zlarining o‘qqa aylanib do‘sti yuragiga sanchilishini o‘ylamagan edi. So‘nggi umidini ko‘mgan odamga uylanish haqida so‘z aytish joizmi?
Jahongir Daminnikida tunab qoldi. Ertalab Damin guzarga chiqdi-yu, hovliqib qaytdi:
— Jahon, uyidan haydayapti, dema, ammo ketmasang bo‘lmaydi shekilli. Sotti rayonga xat tushuribdi. Sen haqingda emish. Seni ham quloq qilib yuboradiganga o‘xshaydi.
Jahongir bu gapni eshitib ajablanmadi ham, hayajonlanmadi ham. Xotirjamlik bilan yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi.
— Faqat ko‘nglingga egri gap olma, — dedi Damin xijolatlik bilan.
— Xat jo‘natmasa ham ketar edim, bu yerda qolib nima qildim. Sahrodagi yolg‘iz daraxtman men.
U shunday deb Damin bilan xayrlashdi. Yo‘lni to‘g‘ri jaydidaraga oldi. Oqshomgacha atrofda aylanib yurdi. Kun botishda katta chinorga yaqinlashdi. Yerni pichoq bilan tatalab kavlab xumni ochdi. Tilla tangalardan olib beliga tugdi-da, xumni yana ko‘mib qo‘yib, shahar tomon ravona bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:46:12

8. YERDA NIMA GUNOH?

Mayor Solihov Jahongir bilan Yo‘lchivoyni yuzlashtirgach, Yusufxonaga, Siddiq Sharipovning qishlog‘iga borishi kerak edi.

Hushidan ketgan Jahongirni olib chiqishgach, Solihov joyiga o‘tirdi. Kutilmagan bu voqeadan sarosimaga tushgan Yo‘lchivoy umidvor odamning ko‘zi bilan mayorga qaradi.
— Dadamni... shu kishi... — dedi biroz duduqlanib. «O‘ldirganmi?» deyishga tili bormadi.
— Yo‘q, bu odam emas.
— Unda nimaga ro‘para qildingiz?
— Demak, shunday qilish lozim edi, — Solihov qo‘pol ohangda gaplashayotganini o‘zim ham sezib, grafindagi suvdan quyib ichdi. — Siz... Qirqbel degan qishloqni eshitganmisiz?
— Yo‘q... — Yo‘lchivoy shunday deb ko‘zini olib qochdi.
— Qirqbel otangiz o‘ldirilgan Daydidaraga yaqin. Demak, otangizning tanishlari Qirqbelda bo‘lishi mumkin, — dedi Solihov undagi o‘zgarishni sezmaganga olib. — Bu yerga kelganlaringdan so‘ng hech Yusufxonaga bordinglarmi?
— Dadam rahmatli bordilar.
— Borib kelib nima devdilar? Balki eski tanishlarini uchratganlarini aytgandirlar?
— Esimda yo‘q.
— Bobongiz haqida hech gapirganmilar? Kim bo‘lgan bobongiz?
— Bobom... dehqon bo‘lganlar.
— Boy dehqonmi, o‘rtaholmi yo kambag‘almi?
— Buni so‘ramaganman. Nimaga meni so‘roq qilyapsiz? Axir jabrni biz ko‘rgan bo‘lsak, qotilni topish o‘rniga...
— Qotilni topish uchun ham so‘rayapman. Siz ko‘p narsani bilmaydiganga o‘xshaysiz yo bilsangiz ham aytgingiz kelmayapti. Men onangiz bilan gaplashishim kerak.
— Mumkin emas, siz nomahramsiz.
— Bu gaplarni qo‘ying, yigit, boshqalarga mumkinmasdir, menga mumkin.
— Sizni uyga kiritmayman.
— Uyingizga borish niyatim yo‘q. Hozir borib, onangizni shu yerga olib kelasiz. Yo‘q desangiz, militsioner yuborib oldirib kelaman. Menga shunday huquq berilgan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:46:21

Yo‘lchivoy ilojsiz bir ahvolda o‘rnidan turdi. U chiqib ketgach, mayor telefon trubkasini ko‘tardi. Solihovga kapitan Ramazonov kerak edi, xayriyat, xonasida ekan.
— Kapitan, bir ishni xom qilibmiz. Menga 1955 yilda Xitoydan o‘tib kelgan Sharipovlarning ro‘yxati kerak.
— Siddiq Sharipovga aloqadorlarmi? — deb so‘radi kapitan.
— Yo‘q, umuman Sharipovlarning hammasi kerak. Nazarimda bular boshqa odamning familiyasiga o‘tishgan. Kechgacha aniqlab bering, men ertaga Yusufxonaga borib kelaman.
Solihovga kalavaning uchi ko‘rinib qolganday edi. Lekin bu kalava uchi uni qotil tomon boshlamay, boshqa bir sir sandig‘i sari yetaklayotgan edi. «Balki Sharipov chindan Muhammadrizaevning akasidir. Balki boshqa familiyada qaytgandir. Balki yigirma ikkinchi yilda bir jinoyat qilib qochgandir. Xo‘sh, shunday bo‘lgan ham deylik. Aka-uka orasidan nima gap o‘tgan? Aka-uka mojarosini uchinchi odam hal qilganmi? Kim u uchinchi odam? Bu savolga Muhammadrizaev javob berishi mumkin. Lekin u aytmaydi. Balki... u uchinchi odamni ko‘rmagandir. U kelganda akasi o‘lib yotgandir. Akasini saqlab qololmagani uchun o‘zini-o‘zi la’natlab, ayblab jazo olmoqchidir. Harholda, aka-uka nima uchun aynan Daydidarada uchrashadi?».
Yo‘lchivoy hayallamadi. Solihov bugungi so‘roq natijalarini yozib, rasmiylashtirguncha keldi.
— Onangiz qanilar? — dedi u Yo‘lchivoyning yolg‘iz kirganini ko‘rib.
— Shu yerdalar, odamingiz qo‘ymayapti, paranjini olasan deydi, — Yo‘lchivoyning gap ohangidan uning qattiq achchiqlangani sezildi.
Solihov navbatchiga qo‘ng‘iroq qilib, paranjili ayolni o‘tkazib yuborishni buyurdi. Shundan so‘ng Yo‘lchivoy chiqib, onasini boshlab kirdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:46:33

— Xafa bo‘lmang, opa, ishimiz shunaqa, — dedi Solihov uzr ohangida, — o‘g‘lingiz ko‘p narsani bilmas ekan. Qaytganlaringizdan so‘ng Yusufxonaga bordinglarmi?
— Dadasi boruvdilar.
— Siz asli Yusufxonadanmisiz?
— Ha.
— Qarindoshlaringiz yo‘qmi u yerda?
— Yo‘q.
— Qirqbelda-chi?
— Yo‘q.
— Qiziq... Hech kimingiz bo‘lmasa ham, yaqinlaringizning qabri bordir. Shuncha yildan keyin ham ziyoratga o‘tmabsiz-da?
— Dadalari borganlar.
— Qaynotangizning kasb-korlari nima edi?
— Dehqon edilar.
— Boymi, o‘rtaholmi, kambag‘almi?
— Kambag‘al edilar.
«Bu yigit o‘ziga pishiqqina ekan, — deb o‘yladi Solihov, — kela-kelguncha onasini savol-javobga tayyorlabdi. Bu ayolning ko‘zlarini ko‘rsam edim. Agar yolg‘on gapirayotgan bo‘lsa, ko‘zlari fosh qilib turardi. Bu yigit shuni bilganmi, shuning uchun paranjisini oldirmayaptimi? Men ularni cho‘chitib qo‘ydim shekilli? O‘tmishlaridan cho‘chishmayaptimi? Bu paranji ayol yuzini emas, sir-asror yuzini to‘sib turibdi».

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:46:51

— Opa, o‘tmishni so‘rayotganimdan cho‘chimang. Qaynotangiz boy bo‘lganida ham, boringki, bosmachi bo‘lganida ham sizlarga zarracha ziyon-zahmat yetmaydi. Men bu gaplarni sizlarni ayblash uchun surishtirayotganim yo‘q. Mening vazifam sizning kechmishlaringizni o‘rganish emas, qotilni topish. Qotillikning bir ildizi o‘sha yillarga borib taqalar balki, deb gumon qilyapmiz. Eringiz bezoriga tasodifan duch kelmagan. U Daydidaraga aldab yoki majburlab olib borilgan.
Ayol xo‘rsindi. Bu xo‘rsinishda paranji ichidagi vujudning qayg‘u-hasratlari zohir bo‘ldi. Bu qayg‘u-hasrat tilga ko‘chadimi, aytiladimi noma’lum. Odamni vujudga yashiringan qayg‘u-hasrat yeydi. Paranji ichidagi ayol bunga yana qancha chidaydi? Ko‘rgan-kechirganlarini balki o‘zi bilan olib ketar?
— Opa, ism-nasabingizni ayting.
— Xadicha... Sharipova.
— Sharipov — eringizning familiyasi, otangizning ismi nima?
— Rahmonqul...
— Eringizning aka-ukalari bormidi?
— Yo‘q... — ayolning ovozi titradi.
— Eringiz nimaga oqsardi?
— Tug‘ma edi.
Solihov Jahongirning suratini olib Xadichaga uzatdi:
— Bu kishini taniysizmi?
Xadicha jim qoldi. Xo‘rsindi. So‘ng yig‘lamsiragan ovoz bilan:
— Yo‘lchivoy, o‘g‘lim, meni olib ketgin, mazam qochayapti, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:02

Solihov savol-javob yozilgan qog‘ozga imzo chekdirib oldi-da, ularga ruxsat berdi. «Baribir cho‘chishyapti, nimadandir qattiq qo‘rqishyapti. Balki... Uchinchi odamni ular bilishar? Agar Sharipov bilan Muhammadrizaev aka-uka bo‘lsa bu ayol bilishi kerak edi. Nima uchun suratdagi qaynisini tanimadi? Yo Muhammadrizaev tanimas darajada o‘zgarib ketganmi?»
Oqshomda xonaga Ramziddin Ramazonov kirib keldi. Qo‘lidagi charm jild orasidan bir varaq qog‘oz olib mayorga uzatdi.
— Sharipov familiyasida to‘rtta oila o‘tgan. Bittasi Siddiq Sharipov. Tug‘ilgan yeri Yusufxona qishlog‘i. Ikkinchisi Safarqul Sharipov ham o‘sha yerdan. Hozir shu qishloqda yashaydi. Uchinchi Sharipov Paxtaoboddan, to‘rtinchi Marg‘ilondan. Siddiq Sharipovni Safarqul bilsa kerak. Ertaga otlanyapsizmi?
— Ha. Sharipovning o‘ldirilishi tasodifiy emasligi aniq. Oilasi ham nimanidir yashiryapti.
— Agar zarur ishingiz bo‘lmasa, menga ruxsat bering. Komlev bilan uchrashish uchun Samarqandga jo‘nashim kerak.
— Komlev? Tirik ekanmi?
— Tirik ekan. O‘n yetti yil o‘tiribdi.
— O‘n yetti yil?.. — Solihov o‘rnidan turib, xona bo‘ylab yurdi. — O‘g‘ri bo‘lsa o‘tgan umriga achinmas edim. Lekin olim odam... O‘n yetti yil ichida qancha ish qilardi, a?
Ramazonov «iloj qancha?» deganday yelka qisib qo‘ydi-da, mayordan ijozat olib chiqdi.
Mayor Sanjar Solihov Yusufxona qishlog‘iga peshinga yaqin yetib keldi. Qishloq tog‘ning kungay tomoniga, shunday beliga joylashgan, pastlikda daryo suvi ayqirib oqadi. Bahaybat chinor poyida qaynab yotgan buloq qishloqning jon tomirlari ulangan yuragiga o‘xshaydi. Yozda gavjum bo‘ladigan bu joyda hozir odam zoti ko‘rinmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:08

Qishloq soveti raisi mayorning maqsadini bilib xayolga toldi.
— Ikki yilcha bo‘ldi kelishganiga. Yozda xotin, bola-chaqasini olib, toqqa chiqib ketadi. Qo‘y boqadi. Yomonligini sezmaganman. O‘zi shu qishloqda tug‘ilib o‘sgan ekan. Men yaxshi bilmayman. Ishqilib shpion emasmi?
Solihov raisning shubhasini eshitib kuldi.
— Shpion kelib-kelib sizning qo‘ylaringizni boqadimi? Men u kishidan bir gap so‘rayman, xolos.
— Shundan shunga kelgan bo‘lsangiz, bu gapingiz anov-manovga o‘xshamaydi. Hech eshak minganmisiz?
— Nima edi?
— Safarqul aka hali yozloqdan qaytmagan. O‘toviga boraman, desangiz yayov yetolmaysiz. Bir odam qo‘shib beraman, boshlab boradi.
— Sharipovning yoshligini kim biladi bu qishloqda?
— Soqi bobo bilishi mumkin. To‘qson yilning u yoq-bu yog‘idagi gapni so‘rayverasiz. Kim qayga borgan, nima degan — xatosiz aytib beradi. Boboning kallasi butun.
Soqi bobonikiga raisning o‘zi boshlab bordi. Mayor ixrab yotgan bir choldir-da, deb o‘ylagan edi. Olmazorda ketmon chopayotgan qariyani ko‘rib, «to‘qsondan oshgan chol shumi?» degan savol nazari bilan raisga qaradi.
Soqi bobo ularni ko‘rib, ketmonni yerga qo‘ydi.
— Ha, rais bolam, kel, omonmisan. Ena-otang omonmi? — dedi u xo‘shlashib.
— Bobo, mehmon militsiyadan ekan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:16

— Melisadanmi? — qariya «ilgari ko‘rmaganmanmi?» deganday tikilib qaradi. — Qirq sakkizinchi yildan beri qadam bosmay qo‘yuvdilaring, yo‘q bo‘p ketgansanlar, deb o‘ylabman. Ma’murni qirq sakkizinchi yilning ramazonida olib ketishuvdi-da. Asirda bo‘lgansan, deb otvorganmisanlar, ja daragi yo‘q-ku, boyaqishning.
— Bobo, men u odamni bilmayman. Men boshqa xizmat bilan keldim.
— Xizmatingni qara sening. Tuppa-tuzuk odamni qamaysan, otasan, go‘rga tiqasan... Shuni xizmat deb yuribsanmi?
— Soqi bobo, bu odam unaqa emas, o‘g‘ri, kallakesarlarni ushlaydi.
— Bizning qishloqda o‘g‘ri yo‘q, bolam, bekor ovora bo‘psan. Yusufxonadan avliyolar o‘tgan. Anavini ko‘ryapsanmi, hazratim Ali bir ketmon urib olganlar. Keyin buloq bo‘yida hordiq chiqarganlar.
Sanjar Solihov chol imo qilib ko‘rsatgan tomonga qaradi. Chindan ham tog‘ning yarmi ketmonda olinganday tikkasiga kesilgan edi.
— Bobo, Safarqul degan cho‘poninglar bor ekan. Shu odam yigirmanchi yillarda Qashqarga o‘tib ketgan ekan?
— Safarqulmi? Yigirma to‘rtinchi yilda ketgan. Xomroq chiqdi shu bola. Otasi rahmatli ham bo‘sh-bayov edi. Yigirmadan oshgan yigit «Qo‘ylarimni haydab oborib bersang, yuz tilla beraman», desa ishonib ketaveradimi? Hemirini ham bermabdi. Musofirlikda xor bo‘lib, ana, qaytdi yana.
— Kimning qo‘yini haydab ketgan?
— O‘rozboyvachchanikini. Safarqulga pul zarur edi. Uylanay desa, bir dona butun noni yo‘q. Xo‘p degan-da boyaqish.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:23

— Safarqul akaning og‘a-inilari bormidi?
— Bor edi-yu, turmagan. Og‘a-inilari o‘lib-o‘lib bir o‘zi qolgan edi.
— U yoqdan durustroq bo‘lib qaytishgandir. Axir qo‘sha-qo‘sha gilamlar bilan kelishyapti.
— Be, — chol kuldi, — shu Safarqulning peshonasiga buyum bitarkanmi? Podshoga xazinachi bo‘lsayam yirtiq chorig‘ini sudrab yuraveradi bu.
— Qashqarda orttirgan tanishlari hech yo‘qlab kelishganmi?
— Men ko‘rmadim, sen-chi, rais bolam? Ko‘rmadingmi? Rais ko‘rmagan bo‘lsa, men ko‘rmagan bo‘lsam, kelmagan hisoblanadi-da, bizga ishonaver. Menga qara, buncha surishtirib qolding, Safarqulimiz shpionmasmi mabodo?
Bu gapdan rais kulib yubordi.
— Nega kulasan, nodon! Gaplarini eshityapsanmi buning?
— Shpionmas ekan, bobo, xotirjam bo‘ling.
— Xotirjam bo‘lmay nima, — chol qo‘l siltab qo‘ydi. — Bu dunyoning tayini qolmadi. Odam bolasi rizqi bilan birga tug‘iladi. Kindik qoni qaerga tomsa — rizqi o‘sha yerda. Ota yurtida to‘ymagan odam musofirlikda to‘yarkanmi! Qorni to‘ygani bilan ko‘zi ochiq ketadi. Birov seni xafa qilgan bo‘lsa yeringni tashlab jo‘naysanmi, nodon! Yerda nima gunoh? Yer seni to‘ydirsa, ustingni but qilsa. Ha, yer ko‘r qilgurlar-e, qochib ketishdi? Qochib nima baraka topdi? Ana, o‘sha chorig‘ini sudrab qaytdi. — Chol Solihovning ko‘nglidagi gaplarni aytayotgan edi, shu sababli indamay quloq soldi. — Bir o‘zlari ketishdi, bir qolganlarni quvg‘in qilishdi. Yerning tilini biladigan odam borki, har tomonga sargardon bo‘ldi. Sen bilib qo‘y, rais bolam, kim yerga mehrini berib ishlasa — boy bo‘ladi. Qornini silab yotgan odam boy bo‘lib qolmaydi. Endi ko‘zlaringni och, biz ham ana-mana deb turibmiz, bizdan keyin kim eplaydi bu yerni?

Qayd etilgan