O‘tovdan bir qo‘lida obdasta, ikkinchisida sochiq ushlagan o‘n uch yoshlardagi bola chiqib, mehmonlarga salom berdi. Solihov yuvinib olgach, o‘tovga kirishdi.
— Jannatning mana shu bo‘lagida bola-chaqa bilan Xudo, deb yotibmiz, — dedi Safarqul, mehmonga lo‘labolish uzatib. — Qornimiz to‘q, qulog‘imiz tinch. Shunisiga shukr. Yana besh kundan keyin qishloqqa qaytamiz. Qishning nafasi kelib qoldi.
Safarqulning Egamquldan kattaroq uch o‘g‘li kirib mehmon bilan so‘rashib, biroz o‘tirib, so‘ng chiqib ketishdi. Dastyorlikni Egamqul qildi. To ovqatlanib bo‘lishguncha ham Safarqul mehmonning maqsadini so‘ramadi. Solihov ham shoshilmadi.
— Xudo to‘rt o‘g‘il berdi menga. Ikkitasini uylantirdim. Qishloqqa qaytsak, Xudo xohlasa uchinchisini uylayman. Xudo bularning rizqini butun qilib berdi, ko‘z tegmasin.
— Safarqul aka, aka-ukalar yo‘qmi?
— Yolg‘izman, inim. Suyanadigan tog‘im, maslahat beradigan donishmandim yo‘q. Shuning uchun ham sargardon bo‘ldim. Menga zarur ekanmi musofirlikda xor bo‘lib yurish.
— U tomonda nima ish qildingiz?
— Mening hunarim bitta — qo‘y boqaman. Ha, hayron bo‘lyapsizmi, u yoqda ham qo‘y boqsangiz, buyoqda ham ahvol shu bo‘lsa, nimaga ovora bo‘lib kelib yuribsiz, demoqchimisiz? E, inim, siz tushunmaysiz, musofirning dardini anglashingiz qiyin. Otamning arvohini chirqiratib ketuvdim, shu gunoh bilan o‘tamanmi, devdim, yo‘q, Xudo rahm qildi.
— Qashqarda yaqinlaringiz bormidi?
— Kimning qo‘yini boqqan bo‘lsam, o‘sha yaqinim edi.
— Savolga tutayotganimdan ajablanmang, men militsiyadanman.
— Sezib turibman. Harholda, meni tomosha qilgani kelmagansiz. So‘raydiganingizni so‘rayvering. Gunohim bo‘lsa olib ketarsiz.