Hozirgi chaqiruv qirq yettinchi yildagi o‘sha so‘roqlarni yodiga soldi. Mayor bilan bo‘ladigan savol-javobga shaylanib xotirjamlik bilan yurdi. Biroq soqchi idoraga emas, hovlida turgan usti yopiq, burni pachoq mashina sari boshladi. «Shaharga olib ketisharkan, — deb o‘yladi Jahongir, — demak ish cho‘ziladi. Rayonda qolganda tezroq bitardi. Bu Sanjar deganlari xanjar bo‘lib dilimni tilim-tilim qilib poralaydi shekilli...»
Jahongir «Bu yurtimga endi qaytib kelmasam kerak», deb o‘ylab bir zum to‘xtadi. Atrofga suqlanib boqdi. Tog‘ bag‘ridagi uning jannat qishlog‘i bu yerdan ko‘rinmaydi. Lekin u hozir atrofga boqib, qishlog‘ini ko‘rganday bo‘ldi. Dimog‘iga jiyda guli hidi urilganday tuyuldi. Bu atrofda jiyda yo‘q, qolaversa, hozir kuz. Bu hid qaydan keldi, o‘zining ham aqli lol.
— Qochishni o‘ylama, qochsang — otilasan, — soqchining keskin gapi xayolini to‘zitdi. Asta-sekin bosib, mashina tomon yurdi. «He, esi yo‘q bola, qayoqqa qochaman? O‘limdan qochib bo‘larkanmi? O‘zim o‘lim istab yuribman-ku... Yo rostdanam qochish qilib bersammi? Shartta otadi, tinchiyman, qo‘yaman?..» Shu fikr miyasiga ravshanlik berib, yana to‘xtadi. Bir qarorga kelmasidan soqchi miltig‘ining qo‘ndog‘i bilan turtdi. «Qayoqqa qochaman? Otaman, deb po‘pisa qilyapti. Oyoq-qo‘lim yengil, chaqqon bo‘lsam ekan, qochsam. Endi Ollohim tayin qilgan kunni kutishdan o‘zga choram yo‘q».
Quyosh nurlari o‘limtik tuyulsa ham qamoqxona mashinasining temir badaniga ta’sir o‘tkazgan edi. Panjarali darchasi ham bo‘lmagan bu mashina ichi qorong‘i hamda juda dim edi. Birpasda Jahongirning nafasi qaytdi. Xayriyatki, mashina uzoq turmay, yurdi. Sovuq shamol temir badanning yoriqlaridan o‘ziga yo‘l topib ichkari kirdi. Jahongirning nazarida bu toza havo, yurt havosi u bilan xayrlashish uchun biqinib kirganday edi. U chuqur-chuqur nafas oldi. Tomog‘iga nimadir tiqildi. Yig‘lagisi keldi. Avval olib ketishgandan bu holga tushmagan edi. Qaytib kelishiga, ota yurt tuprog‘ini ko‘ziga surtishiga, suvidan to‘yib-to‘yib ichishiga, havosidan to‘yib-to‘yib nafas olishiga ishonardi. Endi... bunday ishonch yo‘q unda. Endi... qaytmas bo‘lib ketyapti. Endi... onasi, otasi ham yolg‘iz qoldi. Endi... ularning arvohlari qishloq ko‘chalarida panoh izlab chirqirab yuradi. Kecha qabristonga borib ziyorat qilgani durust bo‘ldi. Bu dunyoda so‘nggi marta bordi. Endi u dunyoda diydor nasib etadi. Hammalari jamuljam bo‘lishadi. Onasi, otasi... nihoyat, akasi... Aybdorni Ollohning o‘zi jazolaydi...