Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141092 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 B


shoir  16 Iyul 2006, 06:53:56

Poezd yana ikki joyda to‘xtab, mahbuslar «ayir-bosh qilindilar». Uchinchi to‘xtaganda barchani tushirdilar. O‘rmon yoqasidagi yalanglikda, qor ustida, izg‘irin qurshovida uzoq turib qoldilar. Qayta-qayta tekshiruvdan o‘tishgach, turnaqator tizilib, o‘rmon oralab yurdilar. Bir zum to‘xtab, nafas rostlashga ham imkon bermadilar. Mahbuslarning ham, soqchilarning ham sillasi qurib, adoyi tamom bo‘lishsa-da, to‘xtashga ruxsat berilmadi. Nihoyat, shom qorong‘usida o‘rmon bag‘ridan qutulib chiqishdi. Chiqishdi-yu, yalanglikda jinniligi tutib, bevoshlik qilayotgan shamolga yo‘liqishdi. Bir chaqirim narida uylar qorayib turardi. Uylar atrofida qaqqaygan yog‘och minoralar bu yer odam yashaydigan qishloq emas, balki qamoqxona ekanidan dalolat berar edi. Kun bo‘yi o‘rmon oralab yurganlari holva ekan, yalanglikda, izg‘irin hukmida bir chaqirim yo‘l bosgunlaricha tamoman holdan toydilar. Ayrim nimjonroq mahbuslar tikonli simdevorlarga yetib borolmay yiqildilar. Jahongirning oldida chayqalib borayotgan mahbus ham xuddi o‘roq bilan o‘rilganday yuztuban tushdi. Jahongir yonidagi yigit bilan uni ko‘tarib, qo‘ltig‘iga kirdi-da, yuzlaridagi qorni sidirib tushirdi.
Mahbuslar ro‘yxat bo‘yicha yog‘och uylarga bo‘lingunlaricha yana allaqancha fursat o‘tdi. Jahongir yiqilgan yigitning yuzlarini qor bilan ishqaladi. Yigit avvaliga og‘riqni sezmadi, so‘ng ojiz ingradi. Yuzlariga sal jon kirdi.
Jahongir safda yonma-yon kelayotgan odamlar bilan bir uyga tushdi. Yiqilib qolgan yigitni pechga yaqinroq yog‘och karavotga yotqizishdi. Pech yoqilmagan edi, shunday bo‘lsa-da, izg‘irindan qutulgan mahbuslarga uy ichi jonga rohat beruvchi issiqday tuyuldi. Jahongir yigitning qo‘l-oyoqlarini ishqalayotganda soqchi kirib uni chaqirdi. Xonadagilar ham, Jahongirning o‘zi ham bundan ajablanishdi. Soqchi uni darvoza yonidagi kichikroq uyga boshlab bordi. Uy ichi nihoyatda issiq, cho‘yan pech ustidagi choynakda suv qaynab turardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:54:02

— Muhammadrizaev senmisan? — dedi ofitser unga sinovchan tikilib.
— Menman, — dedi Jahongir.
— Nimaga qamalganingni bilasanmi?
— Bilmayman.
— Xalq dushmanlariga homiylik qilgansan. O‘zing ham davlatga qarshi ishlar bilan shug‘ullangansan.
— Men halol xizmatim bilan kun ko‘rganman, siyosatga aralashmaganman.
— Gapni bas qil! — dedi ofitser stolni shapatilab. — Bu yerdan eson-omon chiqish o‘zingga bog‘liq. Biz senga ishonch bildirmoqchimiz. Ishonchimizni oqlasang barvaqtroq qutulib ketishing ham mumkin. Sen unsur emassan. Adashgansan. Adashganlar tavba qilsa, to‘g‘ri yo‘lga tushsa — xalq kechiradi. Sen shu marhamatga erishishing kerak. Seni biz to‘rtinchi barakka oqsoqol qilib tayinlaymiz. Odamlarga qaraysan, vaqtida ishga olib chiqasan, lo‘ttibozlikka yo‘l qo‘ymaysan, ayyorlarni jazolaysan. Agar birortasi qochmoqchi bo‘lganini sezsang, darrov bizga ma’lum qilasan. Atrofingdagi siyosatchilar darrov biron tashkilot tuzishga harakat qilishadi. Ularni ham kuzatasan, ma’qulmi?
Jahongir taklif etilayotgan ishning nimaligini yaxshi biladi. Turmadagi oqsoqol — barchaning nafratiga qolib yashaydigan odam. Qorni boshqalardan ko‘ra to‘qroq, tirik qolish imkonini ham boshqalardan ko‘ra ko‘prog‘u, lekin har kuni yuzlab ko‘zlarning nafrat bilan boqishiga chidab yashash mumkinmi? Jahongir hozir o‘sha nigohlarni ko‘rib turganday edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:54:08

— Bu ishni eplay olmayman. El qatori ishlaganim ma’qul. Josuslik qilish qo‘limdan kelmaydi, bizning urug‘dan xoin chiqmagan, — dedi u dangal.
Ofitser undan bu darajadagi dadillikni kutmagan edi.
— Sen hali buni xoinlik deb tushunasanmi? — u o‘rnidan turib Jahongirga yaqinlashdi-da, g‘azab bilan tikildi. — Urug‘ingdan xoin chiqmaganmi? — U shunday deb Jahongirning qorniga musht urdi. Jahongir kutilmagan zarbdan bukchaydi. Yana musht tushib qolar yoki tepki yerman, deb o‘ylagan edi, hartugur ofitserga insof berdimi, boshqa urmadi. Joyiga borib o‘tirdi.
— Feofanov! — deb baqirdi o‘tirgan joyidan. Ostonada Jahongirni boshlab kelgan soqchi paydo bo‘ldi. — Ertalabgacha tindirmasdan itday ishlat. Bu yerda ishlash qanaqaligini bilib qo‘ysin.
Askar yigit Jahongirga yarim tungacha o‘tin yordirdi. Keyin soqchining buyrug‘i bilan Jahongir bir quchoq o‘tinni olib barakka qaytdi. Tashqarida ishlab qizigani uchun Jahongirga uy sovuq tuyuldi. Askar yigitdan gugurt olib pechni yoqdi. Ho‘l o‘tin tutay-tutay oxiri yondi. Yo‘lda yiqilgan yigit bukchayib yotib, beto‘xtov yo‘talardi. Uning yonida yotgan yigit boshini ko‘tarib, Jahongirga qaradi:
— Nimaga chaqirishibdi?
— O‘tin yordirgani, — dedi Jahongir gapni qisqa qilib.
— Aytgingiz kelmasa, aytmang, lekin yolg‘on gapirmang. Biz bu badbaxt yerlarga yolg‘on tufayli keldik. O‘zimiz ham yolg‘onga suyanib yashasak... o‘lganimiz yaxshi...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:54:16

Yigitning ovozi titradi. Jahongir unga qaradi: qorong‘ida uning ko‘zlari ko‘rinmadi.
— O‘tin yorganim yolg‘on emas, rost. Boshliq shu uyga oqsoqol bo‘lasan devdi, urug‘imizdan xoin chiqmagan, deb baloga qoldim.
— Oqsoqollikka nima uchun sizni tanlashibdi?
— Bilmadim... Harholda men avval o‘tirganman. Shuni hisobga olishgandir.
— Nimaga qamalgansiz?
— Meni qamashayotganda ham bunchalik ko‘p savol so‘rashmagan.
Yigit o‘rnidan turib pechga o‘tin qalayotgan Jahongirning yoniga kelib, cho‘nqayib o‘tirdi.
— Ayting, qaerliksiz, otangiz kim edi, balki tanirman?
— Qirqbel degan qishloqdanman, otamning ismi Muhammadrizo.
— Muhammadrizo? Siz Shayxotadagi To‘xtasin kosibni eshitganmisiz?
— Ha.
— Men o‘sha To‘xtasin kosibning o‘g‘illariman. Dadangiz biznikiga kelganlar. O‘shanda yosh bola bo‘lsam ham esimda: kalta soqol, baquvvat kishi edilar.
— Sizni nimaga qamashdi?
— E, aka, peshona sho‘r ekan-da. Men Olmoniyada o‘qir edim. Bir guruh yoshlar «Xorijda ilm olmay turib millatni uyg‘otib bo‘lmaydi», deb Berlin degan shaharga o‘qishga borib edik. Safimizda qizlar ham bor edi. O‘qib, tahsilni tugatar chog‘imizda to‘satdan yurtga chaqirdilar. Oliy maktablarga ishga qo‘ydilar. Keyin... bitta-bitta terdilar. Men beshinchisiman. Bizning ishimiz chatoq, aka. Nemis josusi, deb ayb qo‘yishgan. Otilmay qolganimga shukr qilib edim. Bu do‘zaxdan qutulishimga ko‘zim yetmay qolyapti.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:54:23

— Bu yer do‘zax emas, — dedi Jahongir, — do‘zaxda yonasiz. Bu yerda muzlaysiz. Tirik qolaman, desangiz qimirlab turing.
— Siz oqsoqollikka ko‘na qoling.
— Nimaga?
— Yaxshi odamga o‘xshaysiz. Otalarimiz do‘st edi, biz ham og‘a-ini bo‘lib ketarmiz.
— Ismingiz nima?
— Tolibjon.
— Tolibjon, inim, oqsoqol bo‘lsam har kuni bu yerdagilarning ming-ming la’natini eshitib yashayman. Sizlarni ishlashga majburlayman, gaplaringizni ularga yetkazib, xoinlik qilaman.
— Siz unday qilmang-da, go‘yo ularga jon-dildan xizmatda bo‘laverasiz-u, aslida bizlarga qayishasiz.
— Yo‘q, Tolibjon inim, bunaqa nomardlik menga to‘g‘ri kelmaydi. Hozirginada «Yolg‘onga suyanib yashamaylik», deganingizda quvongan edim, bu gaplaringizga qoyil emasman.
— Aka, aybga buyurmang, sizni xafa qilish niyatim yo‘q edi. Menga emas... aqalli manaviga o‘xshagan xastalarga ko‘magingiz tegarmidi, deb edim.
Jahongir javob qaytarmadi. Bir qaraganda Tolibjonning gaplarida jon bor. Bir uy odamdan bitta insofsiz topilib oqsoqol bo‘lib olsa, hammaning sho‘ri quriydi. Jahongir bu sovuq, bu mehnat azoblaridan qo‘rqmaydi. Agar Xudo bir xastalik yoki bir falokat yuborib jonini olmasa, sovuq yoki mehnat azobi bilan omonatini ololmaydi. Lekin bu bechoralarga qiyin. Egilib mehnat qilmagan, kitobdan boshqa narsani bilmaydigan bo‘lib ko‘ringan bu yigitlar boshiga Zokirxo‘janing kuni tushishi mumkin. «Uxlamay, dam olmay bularning ishini qilishim mumkin, ammo iymonimni bulg‘ay olmayman», deb o‘yladi Jahongir.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:54:30

Tolibjon peshonasida yozuvi bor, yuzi hamisha tund bu odamga tushuna olmadi. Shuncha kun birga yo‘l yurib, odamga o‘xshab gaplashib o‘tirganini ko‘rmadi. Hatto birinchi to‘xtashda ofitserni mazax qilishganda ham u kulmadi. Tolibjon ofitserning dag‘dag‘asidan qo‘rqib, o‘zini ichkari olayotganida shu Jahongirning panasiga o‘tgan, gavdali bu odamning miq etmay turishidan ajablangan edi. Hozirgi gapidan yana bir karra taajjublandi. «Qo‘rqyaptimi? Nimadan qo‘rqyapti? Iymonining bulg‘anishidanmi? Nahot bu zamonda iymonni o‘ylaydigan odamlar qolgan bo‘lsa? Nahot ko‘rinishi kallakesarni eslatuvchi bu odam iymon, vijdon, nomus degan tushunchalarni qadrlasa? Bizni tuhmat chodiriga o‘rab berganlarda zig‘ircha nomus, vijdon, iymon bormi edi? Bizdan-ku, qutuldilar. Shu yigitlar, qizlar juvonmarg ketishdi, deb yuraklari hech bo‘lmasa bir martagina jizilladimi ekan? Xudodan kechdilar, iymondan yuz o‘girdilar, vijdonga tupurdilar, nomusni bulg‘adilar... Shunday zamonda bu odamning qamoqda o‘tirib olib, nomusdan gapirishi... Qiziq... Men ham o‘zimni nomusli deyman. Lekin meni oqsoqol qilib tayinlashsa... inkor eta olmasdim. Bu nomussizlikka kirmaydi. Nomardlarga qarshi ularning o‘z qurollari bilan kurashish kerak!».
Tolibjon shu qarorga keldi, ammo fikrini ochiq aytmadi.
Ularni tong qorong‘usida uyg‘otdilar. Jahongir boshliq yana chaqirarmikin, deb o‘yladi. Ammo uni yo‘qlashmadi. Nonushtadan keyin labi tirtiq bir davangirni oqsoqol deb tanishtirishdi. Oqsoqol «turinglar!» deb qichqirdi. Barcha o‘rnidan turgach, hiringlab turib dedi:
— Qani, ziyolivachcha safsatabozlar, bir ter to‘klaring-chi endi!

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:54:40

Bu gapni eshitib Jahongir beixtiyor Tolibjonga qaradi. «Ana ko‘rdingizmi, kunimiz kimga qoldi», derdi Tolibjonning ko‘zlari. Tuni bilan yo‘talib chiqqan, ozg‘in yigitning ko‘zida ham afsus bor edi.
Oqsoqolning buyrug‘i bilan tashqariga chiqib bolta, arra olishdi. Vazifa daraxt kesish ekan.
— Omadlaring bor ekan, — dedi Jahongir yigitlarga, — muz chopib yer o‘ymaganlaringga shukr qilaveringlar.
Ozg‘in yigitni yana yo‘tal tutib, bukchayib qoldi. Tomog‘ini qirib tupurgan edi, qor qizardi. Jahongir Tolibjonga qarab bosh chayqadi-da, oqsoqol tomon yurdi.
— Qon tupuryapti, ahvoli chatoq, — dedi ozg‘in yigitni ko‘rsatib.
Oqsoqol qo‘l siltadi:
— Ajali yetsa o‘ladi, yetmasa o‘lmaydi, ishing bo‘lmasin.
Jahongir unga tushuntirish ortiqchaligini anglab, afsus bilan iziga qaytdi. Ozg‘in yigit yuzini oq qayinga qo‘yib jim turardi. Mahbuslar buyruqni ikki qilmay ishga kirishishgach, dastlabki daraxtlar qarsillab yiqilib, qorni to‘zita boshlagan edi.
— Islomxon inim, kechgacha chidang, barakka qaytsak, boshliqqa kiramiz. Sizga yengilroq ish berishadi.
Ozg‘in yigit — Islomxon yuzini daraxtdan olib, Jahongirga qaradi. Uning ko‘zlari yoshlanib borar edi. Jahongir «yigit o‘z taqdiriga kuyib ketyapti», deb o‘yladi.
— Taqdirga tan bermay ilojimiz yo‘q. Bu kunlar ham o‘tar-ketar, — deb tasalli bermoqchi bo‘ldi.
— Taqdir deysizmi?.. — Islomxon shunday deb xo‘rsindi.   

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:54:55

«Kim o‘lar holatga yetsa, ul bilur jon qadrini» deganlaridek, Islomxon ozodlik qadriga qamoqqa tushib yetgan edi. Sassiq vagonda kela kelguncha erkinlikni, baxtni, muhabbatni ulug‘lab yozgan she’rlarini eslab, avvaliga o‘zidan o‘zi uyaldi. Keyin o‘ziga nisbatan bo‘lgan nafrati orta bordi. Hozir kesilayotgan daraxtlarga qarab, yuragi ezildi. Kokillarini tarab, ma’yus turgan oq badan kelinchakni eslatuvchi oq qayin uning ko‘ziga go‘zallik ramzi bo‘lib ko‘rindi. Mahbuslar uning nazarida daraxtga emas, olam go‘zalligiga bolta urar edilar, daraxt emas, go‘zallik oh urib yiqilardi. Nazarida ozodlikda odamlara boshiga ham shunday kun tushgan. Kesilgan daraxtlar o‘rniga nihol ekilsa o‘rmon o‘rni to‘lar, ammo bevaqt, nojo‘ya qirqilgan odamlar o‘rni qachon to‘larkin?
Islomxon yo‘lda kela turib xayolida tug‘ilgan satrlarni tiliga ko‘chirdi:
Qo‘nma bulbul, qo‘nma bulbul,
Mozor toshiga.
Nalar keldi, nalar keldi,
Yurtim boshiga...


Pichirlab aytilgan bu satrlarni Jahongir eshitdi.
— Siz... shoirmisiz, inim? — dedi Jahongir biroz ajablanib. Islomxon uning savolidagi bu taajjubni sezdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:55:03

— Hayron bo‘lyapsizmi? — dedi savolga savol bilan.
— Shoirlarni ham qamarlar, deb o‘ylamagan edim. Qadimda xonlar durust madh etmagan shoirlarni jazolar ekanlar. Men shoirlar hayotidan yiroqman, Vatandan ham yiroqda edim, balki adashgandirman. Mening chamamda shoirlar madh etishni o‘rniga qo‘yishayotgan edi.
— Madh etardik... ammo dardimiz ichimizda edi. Cho‘lpondan ayirdilar, Qodiriydan judo qildilar. Usmonni haydab ketdilar... Xalqqa kim qoldi? Shayboniyxon zamonida Muhammad Solih degan nuktadon shoir «Bo‘ldi tanbalga vatan Farg‘ona, qildi Farg‘onani tanbalxona», degan ekan. Yurt endi tanbalxonaga aylandimi? Ig‘voxona, tuhmatxonaga aylandimi?
— Nimaga qaqqayib turibsanlar?! Ishlalaring!
Labi tirtiq oqsoqolning baqirig‘i Islomxonni xayol dunyosidan qaytardi.
— Ishlaymiz, xo‘jayin, ishlash uchun kelganimiz bu yerlarga, — dedi Islomxon ma’yuslik bilan, keyin mahzun jilmaydi, — daraxt kesish nima ekan, olamni ostin-ustun qil, desangiz ham qaytmaymiz.
— Olam sensiz ham ostin-ustun bo‘ladi. Sen buyurilgan ishni bajar.
Jahongir oqsoqolni bilagidan ushlab, chetga tortdi.
— Menga qara, oqsoqol, — dedi u tahdidli ohangda, — men siyosatchilardan emasman. Pachakilashib o‘tirmayman. Sibirning muzliklaridan tirik qaytgan odamman. Sendan beshbattarlarni ko‘rganman. Bu yigit bilan anavisi, — u yiqilgan daraxtni butayotgan Tolibjonni ko‘rsatdi, — menga tegishli odamlar, ularga osilma. Har qancha gaping bo‘lsa, menga aytaver.
Oqsoqol bu gapga javob beraman, deb og‘iz juftladi-yu, «Buning peshonasiga bekor yozilmagandir, kel, shu bilan teskari bo‘lmay», deb fikridan qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:55:11

— Men daraxt kesa olmayman, — dedi Islomxon Jahongirga. — Otib tashlashsa ham kesmayman.
— Unda yiqilganlarni butang. Men Tolibjon bilan arra tortaman, — dedi Jahongir.
Tolibjonning arra tortishga uquvi yo‘q ekan. Jahongirni obdon holdan toydirdi. Peshinda tuzlangan karam solib pishirilgan iliq sho‘rva ham totli tuyuldi. Ko‘zini bir nuqtaga tikib olgan Islomxon esa tunuka tovoqni yarimlatmadi ham.
— Islomxon, ko‘p o‘ylamang, qarib qolasiz, — dedi Tolibjon hazil ohangida. — Hali biz bu yerdan chiqib uylanishimiz kerak. O‘zimizni o‘zimiz qaritsak, qaysi qiz qaraydi bizga.
Islomxon do‘stiga qarab jilmaydi. Yigirma beshdan oshgan qoraqosh yigit jilmayganida olam chax-chax urib kulishi kerak. Lekin mahkum yigitning hozirgi mahzun jilmayishidan osmon yanada tundlashgandek bo‘ldi.
— Uylanish dedingizmi? Ha, uylanish kerak... Biz qutulib chiqamiz. Lekin bizni kimlar kutib oladi? Men shuni o‘ylayapman.
— Kimlar bo‘lardi, g‘azzola qizlar-da, a, Jahongir aka? — dedi Tolibjon ayyorona ko‘z qisib.
Uning sa’y-harakati zoe ketdi. Shoirning zada qalbiga bu kabi arzon hazil malham bo‘la olmas edi.
— Qizlar-ku, kutar, — dedi Islomxon o‘ychan, — lekin biz borgunga qadar bog‘lar qurib, bulbullar qirilib, quzg‘unlar bulbul libosini kiyib olsa-chi?
Tolibjon Jahongir bilan ko‘z urishtirib oldi. Jahongir «uni o‘z holiga qo‘ying», degan ma’noda yengil bosh irg‘adi. Islomxon buni anglamay gapini davom ettirdi.

Qayd etilgan