Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141064 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 B


shoir  16 Iyul 2006, 06:55:19

— Mashoyixlar «Kuching yetar ekan, olovni shu on o‘chir, agar alanga olsa, jahonni kuydiradi. Dushmanani o‘q bilan urishga qodir ekansan, uning kamon kerishiga yo‘l qo‘yma», deganlar. Biz olovni o‘chirish kerak, deb va’z aytdig-u, o‘chirishga urinmadik. Kamonni dushman qo‘lidan olish lozim dedig-u, olib qo‘ymadik. Oqibatda jahon kuydi, kamondan tinmay o‘qlar otilyapti. Bu yerlardan eson-omon qutulsak ham yonib ado bo‘lgan jahannamga boramiz.
— Islomxon, siz shoirsiz. Shoirlar falsafaga moyil bo‘ladilar, — dedi Tolibjon jiddiy ohangda. — Ammo bu falsafangiz menga ma’qul emas. Bizni nishonga aylantirib, o‘z do‘stlarimiz qo‘liga kamon berdilar. Bu kamon otuvchilar hozir ozodlar, baxtiyorlar. Men to bu yerdan chiqqunimcha ularga omonlik tilayman. Siz ham tilang. Hammamiz tilaylik. Chiqib ularni sog‘-omon ko‘raylik. Men ularning makkor ko‘zlariga bir marta qarasam kifoya. Ularning ko‘zlarida bir martagina iztirob ko‘rsam yetarli.
Jahongir soddadillik bilan aytilgan bu gapni eshitib, kulimsiradi. Tolibjon bundan ranjidi.
— Nimaga kulyapsiz? Omon chiqishimizga ishonmayapmizmi? — dedi u.
— Rahmatli mudarrisim «Agar olam tig‘i qo‘zg‘olsa, Xudo xohlamasa, biror tomirni ham qirqa olmaydi», der edilar. Xudo xohlasa, eson-omon bundan qutulib chiqasizlar. Ammo... kamon otganlar ko‘zida iztirob ko‘raman, deyishingiz xomxayol, inim. Shahar darvozalarini yopib bo‘lar-u, ular og‘zini yopib bo‘lmas. Islomxon topib aytdilar: ular bulbul libosida hunar ko‘rsataveradilar.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:55:36

— Sizning badbin niyatingiz meni hayron qoldirdi. Qachongacha ular gunoh ishlardan zavq olishadi, tavba ham bemaza emas, bir kunmas bir kun undan ham tatib ko‘rishar-ku?
— Tolibjon inim, men bilan bahs yuritmang, Xudo xayringizni bersin, — dedi Jahongir vaziyatni yumshatish uchun kulimsirab, — peshonamdagi yozuvni bilmaysizlar. O‘qishga harakat qildinglar, sezib turdim, ammo o‘qiy olmadinglar. Oriyatli ekansizlar, so‘rashga istihola qildinglar. Endi o‘zim aytay: «Alqasosu minal Haq» deyilgan. Siz ham o‘zingizga yomonlik qiluvchilarni turmush hukmiga havola eting. Turmush sizga o‘ch olib beruvchi xizmatkordir.
Tolibjon bu gapni eshitib, bir zum jimib qoldi. Keyin bosh chayqab dedi:
— Gapingiz rost, siz bilan bahs yuritib bo‘lmaydi. Taqdirimiz zohiran bir. Yurakdagi dardimiz boshqaga o‘xshaydi.
Jahongir «na chora», deb yelka qisib qo‘ydi. «Bular hali yosh, hademay hovurlari bosiladi, ularning jig‘iga tegmay», deb mag‘lub odamday bosh egdi. Islomxon uni birinchi marta ko‘rayotganday tikilib turdi-da, horg‘in odamning tovushida dedi:

Shabi g‘am gird-bodi oham az jo burd gardunro,
Furo‘ burd ajdahoi sayli ashkam rub’i maskunro, —

degan ekanlar Shayhim Suhayliy. Ya’ni, g‘amli kechalarda ohimning quyuni osmonni o‘rnidan qo‘zg‘otadi. Ko‘z yoshim selining ajdahosi yer yuzini yutib yuboradi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:55:44

Oqsoqolning «Turinglar!» degan baqirig‘i yangramaganda ularning azaga kelgan xotinlar hasratini eslatuvchi bir oz mungli, bir oz alamli gaplari davom etaverishi mumkin edi.
Qishning qahri qirqilib, oftob tez-tez ko‘rinadigan bo‘lib qolgan kunlarda tikanli sim bilan o‘ralgan hovli etagidagi bo‘sh uy egalari kelishdi: ustlariga kalta paxtali qora to‘n, oyoqlariga qo‘pol botinka kiygan, sochlari olib tashlangan, qora ro‘mol o‘rab olgan, kirtaygan ko‘zlari ma’yus boquvchi turli yoshlardagi ayollarni ko‘rib, dastlab barcha ajablandi. So‘ng kimningdir yuzida kulgi o‘ynadi, kimningdir ko‘zlarida yosh ko‘rinadi.
Eng chetdagi bu uyga kimning borishi oqsoqolning himmatiga bog‘liq edi. Bir kuni kechki payt u barakka kelib, to‘rt kishini chaqirdi. U mahbuslarning ismini aytib chaqirmas edi, oltinchi barakdagi o‘ziga tobe odamlarning hisob raqami yod bo‘lib ketgan, «256097» raqamli kimu «256071» kim — adashmay ajrata olardi. Bu kech ham ro‘yxatga qaramay hisob raqamlarini aytib chaqirdi. U go‘yo odamlarni emas, tartib bilan taxlangan jonsiz buyumlarni saralaganday harakat qilardi. Bir necha hafta ichida u mahbus ekanini unutgan, o‘zini boshliqlar qatori qo‘yib kerilishni odat qilgan, ozodlikdagi gunohini unutib, yangi gunohlar sandig‘ini ochib olgan edi.
Islomxonning raqami tilga olinganda nainki uning o‘zi, balki Tolibjon, hatto Jahongir ham titrab ketishdi. Ular Islomxonning marhamatga sazovor bo‘lishi mumkin emasligini, bu «marhamat» uning izzat-nafsini xo‘rlashdan iboratligini anglab turishardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:55:52

— Men... bormayman, — dedi Islomxon o‘rnidan turib.
Oqsoqol unga qarab ishshaydi. Labi tirtiq odamning afti qo‘rqinchli tusga kirdi.
— Borasan, bu buyruq! — dedi.
Jahongir o‘rnidan turib, oqosoqolga ro‘baro‘ bo‘ldi:
— Musulmonlarga tegma! Haromga aralashtirma bizlarni!
— Musulmonlaring yilda bir mov bo‘ladigan mushukmi, — oqsoqol shunday deb tisarildi. — Bu kattaning buyrug‘i. Hammang galma-galdan kirib chiqasanlar, tartib shu!
... Islomxon tongda g‘arib kishi kepatasida qaddini bukib kirib keldi. Churk etib og‘iz ochmadi. Nonushtaga qaramadi ham. O‘rmonga borib kecha yiqitilgan daraxt ustiga o‘tirdi. Boltaning sopini qattiq qisganidan barmoqlari ko‘karib ketdi. Jahongir uning barmoqlarini asta bo‘shatib, boltani qo‘lidan oldi. Tolibjon do‘stining yoniga o‘tirdi.
— Onam tengi ekan... — dedi Islomxon yig‘lamsirab, — olimning xotini ekan. Gunohini o‘zi ham bilmaydi... Biz-ku mayli, xotinlarni nimaga qiynashadi? — Islomxon peshonasini Tolibjonning yelkasiga qo‘yib ho‘ngrab yig‘lab yubordi. — Biz kimmiz o‘zi, odammizmi, hayvonmizmi? — Islomxonning keyingi gaplarini tushunib olish qiyin bo‘ldi.
Oqsoqol «ishlaysanlarmi, yo‘qmi!» deb do‘q urmoqchi bo‘ldi-yu, bolta ushlab turgan Jahongirni ko‘rib, shashtidan qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:56:01

Jahongir Islomxonning ahvol-ruhiyasini haromdan hazar qiladigan inson sifatida tushunardi. Shoir yuragidagi cheksiz nafratni his qilish uchun odamda shoir qalbi bo‘lishi kerak. Ayollar baragiga qadam bosganda ayrim erkaklarning hayvon kepatasiga kirib qolganlarini, ma’sumaning xonadagi pishillashlar, hiringlashlardan titrab o‘tirishini ko‘rish, uning «xalq dushmani», deb e’lon qilingan, hozir Sibirning ovloq yerlarida azob chekayotgan keksa eri, qizlari haqidagi hikoyalarni eshitishdan ko‘ra jonni Azroil qo‘liga topshirmak ming karra afzal edi.
Oradan kunlar, haftalar o‘tib, qamoqxonada ayollar baragiga «qiz kirib, qiz chiqayotgan» erkaklar haqida masxaraomuz gaplar oralab qoldi. Shu haqda og‘iz ko‘pirtirayotgan mahbus Jahongirdan kalla yegach, «g‘alati erkaklar» haqidagi gap-so‘zga xotima yasaldi.
Islomxon qishni ming bir azob bilan chiqardi. Mahbuslar o‘zaro suhbatlarda ayrim tuhmatchilarni so‘kardilar, la’natlardilar, begunohliklarini isbot qilish maqsadida Stalinga maktub yozib najot kutar edilar. Tolibjon bilan Islomxon ham bu ishdan chetda qolmadilar. Islomxon bu yerdan tirik chiqib ketolmasligiga aqli yetib, tushkunlikka berilgan edi. Tolibjon avval o‘zi maktub yozdi. «Almoniya Karl Marks vatani bo‘lgani uchun, buyuk dohiymiz Leninni panohiga olgani uchun men u yerga borib o‘qidim», deb boshlab, buyuk dohiy Stalinga mehri beqiyosligini bayon qilib tugatdi. Umid bilan yerni yorib chiqqan ko‘kat quyosh nuriga to‘ymay do‘lga tutilgani kabi Almoniyada bilim olgan yoshlar nohaq xazon bo‘layotganlarini ham aytdi. Islomxonni ham shunday maktub bitishga majburladi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:56:20

Jahongirni ham yozishga undashdi. Bu yumushdan foyda unmasligini bilgan Jahongir qo‘liga qalam olmadi. Umid bilan javob kutayotgan bu ikki yoshga qarab turib, Jahongir bir hikmatni tez-tez eslar edi: boshoqdagi dondan so‘rabdilar: «Nechuk imillaysan, tez yetilmaysan?» Boshoqdagi don javob beribdi: «Tez yetilsam tegirmon toshlari orasida tezroq yanchilaman-da»... «Bu yigitlar tegirmon toshlari kutayotganini bilmay tez yetilishdi. Endi bu toshlar orasidan omon chiqisharmikin?» deb ko‘p o‘yladi. «Nurga o‘lim yo‘q, deydilar. Bu yigitlar nurmisol, Xudo xohlasa, omon chiqishadi», deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi.
G‘amga saxiy, shodlikka xasis bu dunyo nolalarga parvo qilmay tegirmon toshlarini ayovsiz yurgizardi. Dastlab Tolibjon javob oldi — hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q ekan. Shunda u peshonasiga bir shapaloq urdi.
— Professor Gerxard shu yerda qol, deganda men ahmoq ko‘nmabman. Vatanga xizmat qilaman, debman!
Bu gapni eshitib, Islomxon uning og‘zini kafti bilan yopdi.
Islomxonga javob keyinroq, bahor borliqni erkalay boshlaganda keldi.
Oftob issig‘i tanalariga o‘tib, daraxtlar uyg‘ondi. Uyg‘ondi-yu, yalang‘och badanlaridan uyalib, shoshqich ravishda qush tiliday yaproqlardan iborat harir pardaga o‘rala boshladilar. Bu yashil harir parda orqasida ularning oq, toza badanlari yanada go‘zal ko‘rindi. Endigina yaproq chiqargan daraxtlar Islomxonning ko‘ziga bu go‘zalalikda emas, balki kasaldan turgan bemorday za’faron ko‘rinar edilar. U daraxtlarni o‘zi kabi o‘limga mahkum deb bilardi. O‘zining o‘nglanmasligiga ishonib qolgan Islomxon har qon tupurganida:

— Bu dard ilaki o‘larman, maraz chu zohir  emas,
Tabiblar bu balog‘a ne chora qilg‘aylar, —


deb qo‘yardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:56:37

Jahongirning «Bahorga yetib olsak, bu dardlardan forig‘ bo‘lib ketasiz», degan daldasini eshitib, miyig‘ida kulardi.
Islomxonni qamoq boshlig‘i ayni bahor kuchga kirgan pallada chaqirdi.
— O‘rtoq Stalinga yozgan xating yurtingga yuborilgan. O‘zingning yozuvchilaringdan iborat komissiya «millatchiligi to‘g‘ri», deb xulosa chiqarib bergan. Shunga qaramay, kasalliging inobatga olingan. Seni janubga, issiqroq yerlarga ko‘chiramiz. Hoziroq yo‘lga chiqasan.
Islomxon xayrlashar mahali turar joyini yana eslatib, Jahongir bilan Tolibjonga bir o‘tinchini aytdi:
— Onamga aytinglar, bergan oq sutlariga rozi bo‘lsinlar. Men hech kimga xiyonat qilmadim.
Jahongir bu shoirni boshqa ko‘rmadi. Urushdan keyin yurtiga qaytib, uni so‘roqladi. Onasi o‘g‘li hajrida kuyib ado bo‘libdi. Singillari akaning na tirigini, na o‘ligini bilishardi. Islomxonning, u sig‘ingan allomalarning nomlari tilga olinmayotganidan bildiki, ularga hali ham omonlik berilmabdi. Shunda Islomxon ulug‘lardan misol qilib aytgan bir baytini esladi:

Ba nomi neko‘ gar bimiram ravost,
Maro nom boyad ki tan margrost.


«Yaxshi nom bilan o‘lsam, shu yetadi, menga yaxshi nom kerak, tana esa o‘lim uchundir», der edi, bechoraning nomini ham o‘chirishibdi», deb achindi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:56:57

12. XOINLIKDAN XUDO ASRASIN

Kapitan Ramazonovning so‘rog‘idan so‘ng Jahongir eslagan voqea bayoni.

Kapitan Ramziddin Ramazonov mayor Solihovning topshirig‘ini bajarib, marhum Sharipov oilasiga yaqin kishilar haqida ma’lumot to‘pladi. «Mayor qotilni marhumga yaqin odamlardan qidirib to‘g‘ri qilyaptimi, — deb o‘yladi u. — Muhammadrizaevga yaqin odamlar-chi? Uning urush yillaridagi sirli harakatiga nima uchun qiziqmayapti? Partizanlar otryadida bo‘lgan, so‘ng asirga tushgan, Turkosshtelleda — SS bosh boshqarmasining Turkiston bo‘limida xizmatda bo‘lgan, u yerdan topshiriq olib, yurtiga kelganu to‘g‘ri militsiyaga uchragan. Nemislar tayyorlab bergan hujjat bilan tinchgina yashab yurishi mumkin edi...»
Ramazonov savollariga javob topolmay Jahongir haqida ma’lumotlar jamlangan papkani ochdi. 1944 yilgi so‘roq, to‘plangan ma’lumot ajablanarli edi.

«Jahongir Muhammadrizaev partizan otryadida barcha harbiy operatsiyalarda halol ishtirok etdi. Yurtdoshi Tolibjon To‘xtasinov bilan navbatdagi operatsiyaga ketib, nishonsiz g‘oyib bo‘ldi. Otryadda sotqin, xoin deb gumon uyg‘otgan emas.
Otryad komandiri, podpolkovnik Strujev»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:07

1944 yilda Muhammadrizaev harakatida jinoyat alomatlari topilmagan, aksincha, 1938 yilgi hukm bekor qilingan. Lekin oradan to‘rt yil o‘tib «Vatan xoini» Muhammadrizaev o‘n uch yil ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan.
Bu sohaning nozik jihatlarini hali yaxshi o‘rganib yetmagan kapitan Jahongirning hayotiga oid ma’lumotlardan bir xulosa chiqara olmas edi. Asirga tushganlarning, Yugoslaviya partizanlari safida jang qilganlarning urushdan keyingi ayanchli taqdiri unga ayon. Qo‘shinlardagi maxsus bo‘limning berahmligini ham biladi. Qirq to‘rtinchi yilda, josuslik vazifasi bilan o‘tib kelgan odamning gunohidan o‘tishlari mumkinmidi? Ramazanov «Agar bizning razvedkaga xizmat qilgan bo‘lsa, gunohidan o‘tishgandir», deb xulosa chiqardi. Gunohdan o‘tib turib, to‘rt yildan so‘ng uni yana qamoqqa tiqishlari ajablanarli. «Agar odamni Xudo yaratib, uning taqdirini ham belgilab qo‘ygan bo‘lsa, bunday chigal taqdirni qanday o‘ylab topdi ekan? Taqdir changalida o‘yin bo‘lgan odam aqldan ozmay yashashi mumkinmi?»
Ramazonov Jahongir haqida o‘ylaganlarini mayor Solihovga aytdi.
— Istasangiz, tegishli bo‘lim bilan bog‘laning. Istasangiz, o‘zi bilan gaplashing. Lekin mening nazarimda Muhammadrizaevning u yillardagi hayotidan bu ishga aloqador ma’lumot ololmaysiz. Balki... — Solihov picha o‘yladi, — bu odamning fe’l-atvorini aniqlashga yordam beradigan biror gap chiqar. Men marhumning yaqinlari bilan shug‘ullanaman. Siz Muhammadrizaev bilan uchrashing.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:14

Maxsus bo‘limda Ramazonovning iltimosi ikki kundan keyin qondirildi. Muhammadrizaev hayotiga oid ma’lumotlar to‘plamini unga ko‘rsatishmadi. Buning o‘rniga «J. Muhammadrizaev razvedkada xizmat qilmagan», degan qisqagina javob xati berishdi. Turkiston legioniga oid savol-javoblar va ma’lumotlarning eng so‘nggiga tikilgan, Jahongirning o‘z qo‘li bilan arab imlosida xusnixat bilan yozgan tilxati Ramazonov uchun sir bo‘lib qolaverdi. Aqalli «Men xoin bo‘lmaganim vajhidan yurtimga qarshi ish ko‘rishdan o‘zimni tiyib, sizlarga taslim bo‘ldim. Ularning buyruqlariga bo‘ysunishdan maqsadim — ota yurtimga kelib olish edi. Sizlarga xizmat qilishim u tomonga nisbatan xoinlik bo‘lur, men esam xoinlikdan hazar qilaman. Xoinlikdan hazar qilguvchilar o‘limga loyiq topilsa, men kundaga bosh qo‘yib berishga roziman», degan tilxatni ko‘rsatishganda ham Ramazonovga ko‘p narsalar oydin bo‘lar edi.
Ramazonov Jahongir yotgan shifoxonaga mavhum taassurotlar ichida bordi. Bosh tabib «Bemorning oromi buzilgan, buguncha so‘roq qilmang», dedi. Oromining buzilishiga «o‘g‘illariman», deb o‘zini tanishtirgan bir yigitning tashrifi sabab, deb izohladi.
Ramazonov bosh tabibning gapini ikki qilmay, iziga qaytib, shifoxonaga ertasiga kun yoyilganda keldi. U Jahongir yolg‘iz xonaga kirganida hamshiralar muolajani tugatib chiqishayotgan edi.
Jahongir o‘g‘li kelib ketganidan keyin Ollohga shukr qilishni ham, jonimni tezroq olaqol, deb faryod urishni ham bilmay qoldi.

Qayd etilgan