Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141067 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 B


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:21

Islomxonni o‘ylab yotgan paytida yelkasiga oq xalat tashlab olgan tanish yigitni ko‘rib, yuragi urishdan to‘xtab qolganday bo‘ldi. Boshini yostiqdan uzib, qaddini ko‘tarmoqchi edi, majoli yetmadi. Yigit — uning pushti kamari, o‘ttiz uch yil xayolida erkalab, avaylagani — salom berib, «bezovta bo‘lmang», deb yelkasidan ushladi. Jahongir beixtiyor uning qo‘liga kaftini qo‘ydi. Bu xayolidagi do‘mboq qo‘lcha emas... Ammo bu qo‘lning tafti yuragiga qayta jon berganday bo‘ldi. Salom-alikdan so‘ng ota-bola tildan qolganday bir-birlariga tikilishdi. Alamlar — shodliklar ham, dardlar — hasratlar ham, faryodlar — baxtiyorlik ham shu qarashlarda zohir edi. Jahongirning qarashida xijolatlik, yo‘q, xijolat emas, kechirilmas gunoh qilib qo‘ygan bandaning iztirobi bor edi: harholda jigarini, pushti kamarini musofirliklarda xor qilib qo‘ymay voyaga yetkazgan odamning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Yo‘lchivoy uni shohid emas, balki qotil deb bilar, nafratlanar? «Nafratlanarmikin? — Jahongirning ko‘ngliga shu savol keldi. — Nafratlanganida yo‘qlab kelarmidi? Yo onasi yubordimi? Men qotil emasman, deb aytib qo‘yaymi?»
Jahongir bu gapni ayta olmadi. Og‘zini ochdi-yu, ovozi chiqmadi.
«Boshingizga tushgan savdolarni milisaxonada aytishdi. Bir boshga shunchalara kulfat yetar. Qotilni ko‘rgan bo‘lsangiz, ayting, bag‘rimizga qayting», Yo‘lchivoy shunday demoqchi edi, uydan chiqayotganidayoq shu gaplarni aytaman, deb qaror qilgan ham edi, ammo aytolmadi. Otasining mo‘ltillab turgan ko‘zlariga qarab gapirolmadi. Noqulay jimlikdan qutulish uchun xaltani ochib, kosani oldi.
— Ayam berib yubordilar, — dedi Yo‘lchivoy kosa ustidagi nonni olib.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:28

Jahongirning dimog‘iga tanish hid urilib, entiktirib yubordi: moshkichirining hidimi? Xadicha uning qanday taomni xush ko‘rishini, kun ora moshkichiri qilib berganlarini unutmabdi-da?
— Ayangiz esonmilar? — dedi Jahongir titroq ovozda.
Yo‘lchivoy uning hayajonini tushundi. Ayasining «u kishi moshkichirini xush ko‘rardilar, o‘zim pishirib beray», degan gaplarini esladi.
— Duo deb yubordilar.
— Ayangizning duolarini olabering, kam bo‘lmaysiz.
Ular yana jim qolishdi. So‘ng Yo‘lchivoyning qistovi bilan Jahongir qoshiq uchida moshkichiridan «nasiba» deb og‘ziga soldi. Biroq yutishi qiyin bo‘ldi. Ich-ichida to‘lqin urayotgan yig‘i bir chimdim ovqatning o‘tishiga arang yo‘l berdi.
Yo‘lchivoy uzoq o‘tirish bemorni toliqtirib qo‘yishi mumkinligini fahmlab ketishga izn so‘radi.
— Ayangizga duo deng, — Jahongir shunday deb o‘g‘liga tikilib qoldi. — Yana bir gapni ayting, — Jahongir bu gapni aytishga qiynaldi, ko‘zlarini olib qochdi. — Iymoni butun, muslim yigitsiz, so‘zlarimga tushunasiz... Ayangizga aytingki, u kishining gunohlari yo‘q. Bandaning oldida ham, Olloh oldida ham bokiralar. Musofirlikda turmush qurganlarida boshlari ochiq edi, men bunda yurib, orqalaridan taloq qilib edim. Ko‘ngullari kirlanmasin, ayting. — Jahongir shu gaplardan so‘ng ko‘zlarini yumib oldi, mijjalari har qancha jipslashmasin, tomchi yosh sizib chiqishga yo‘l topdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:36

Tunda uxladimi, alahsiradimi bilmaydi. Ertalab hamshiralar kirishgach, sal hushini yig‘ishtirdi. Ular chiqib ketib, eshik og‘zida oq xalatli odam ko‘ringanda dastlab uni tanimadi. Tanigach, «Avval eski oshnamni topib ro‘para qildi, keyin o‘g‘limni... endi nima hunar ko‘rsatarkin», degan xayolda qaddini biroz ko‘tardi.
Ramazonov so‘roq qilish hadisini olmagan edi. Ayniqsa, bemor odamni daf’atan so‘roqqa tutishni o‘ziga ep ko‘rmay taraddudlandi. Agar u to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘roq boshlaganida Jahongir ajablanmagan bo‘lardi. Tergovchining yog‘och kursiga noqulay o‘tirishi, so‘roqni darrov boshlamayotgani aksincha uni taajjublantirdi.
Ramazonov cho‘ntagidan «Kazbek» chiqarib, bir dona papirosni labiga qistirdi, so‘ng qutini Jahongirga uzatdi. «Chekmayman», dedi Jahongir.
— Yaxshi qilasiz, men ham chekmas edim, urushda o‘rgandim, — dedi Ramazonov, keyin papirosni qayta qutiga soldi, — darvoqe, bu yerda chekish mumkinmasdir, a?.. Siz partizanlar otryadida jang qilgan ekansiz, qaysi yerlarda bo‘lgansiz?
— Belorussiyada, Bryansk o‘rmonlarida.
— Men u tomonlardan o‘tmaganman. Stalingraddan Odergacha bordim. Ukrainada partizanlar bilan ko‘rishdik. Yigitlar aytib berishgan, partizanlarga og‘ir bo‘lganini bilaman. Biz-ku, ro‘paramizda frits borligini bilardik. Olg‘a, yanchib tashlansin, degan buyruq olsak, bas. Partizanlarning esa chor atrofida frits.
— Bu gaplarni menga nima uchun aytyapsiz? Buni qotillikka daxli yo‘q. So‘raydiganingizni so‘rang.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:43

— Daydidaradagi ish bo‘yicha mayor so‘raydi. Meni sizning o‘tgan hayotingiz, do‘st-birodarlaringiz qiziqtiradi.
— Mening do‘st-birodarlarim yo‘q.
— Unchalikmasdir. Masalan... Tolibjon To‘xtasinov kim edi? Yo uni tanimaysizmi?
Jahongir achchiq kulimsiradi.
— Tolibjondan gumon qilmay qo‘yavering... U bechoraning jasadi Almoniyada qolgan...
Jahongir shunday deb ko‘zlarini yumdi. «Tolibjonni nimaga surishtiryapti? Yo Turkosshtellening yuvindilarini suzib olmoqchimi? Tolibjonni Sotti otib tashlaganini qirq to‘rtinchi yilda aytgan edim-ku? Bularning maqsadi nima o‘zi? Qotilni aniq bilsam edim, endi aytardim, qutulib qo‘ya qolardim. Orqasidan ko‘rgan bo‘lsam, aniq o‘sha edimi yo yo‘qmi — bilmasam, gumon bilan bir odamni abgor qilib gunohga botaymi? Gumonni aytgan taqdirimda bular ishonadilarmi? O‘g‘limni ko‘rdim, Xadicha ham Xudoga shukr, tirik ekan. Menga yana nima kerak? Tirik qolib nima karomat ko‘rsataman? U odamning akamda nima qasdi bor ekan, bilmayman. Lekin mening qasdim ham bor edi-ku? Nima uchun yashashni istab qoldim? Meni shayton yo‘ldan uryapti. So‘zimdan qaytsam — Xudo urgani shu bo‘ladi. Bu hiylagarlar mendan nimani istashyapti? Maqsad Daydidara emas, boshqa. Jasadi begona yurtda qolib ketgan bir bechorani nimaga eslab qolishdi?»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:51

Jahongir partizanlar otryadi komandirining xatini Ramazonov o‘qiganidan bexabar, Tolibjon bilan shunchaki qiziqayotganini bilmaydi. Jahongirda uyg‘ongan ozgina sarosimani ham Ramazonov ilg‘ab, «Bunda bir gap bor shekilli?» deb qo‘ydi. «Men qotilman, deb turishi bejizmasdir, balki? Xoinligi ochilsa, Vatan xoini sifatida otilishdan ko‘ra, qotil sifatida otilishni afzala ko‘rayotgandir? Bu odam xoinlik qilishi mumkinmi? — Ramazonov Jahongirga tikildi-da, «mumkin», degan xulosa chiqardi. — Bu jamiyatda adolat topmadi, faqat ezildi, shu alam tufayli fashistlarga xizmat qilgan bo‘lsa qilgandir. Keyin... qo‘rqqanidan bosh egib kelgandir. Agar shunday bo‘lsa... o‘zim otib tashlardim buni...»
Ramazonovning xayolini yoritgan bu fikr asabini qo‘zg‘adi. Yaqindagina «ko‘p azob chekkan ekan», deb achingani bu odamga nafrat bilan qaradi. U urushdan qaytganida do‘stlariga «Stalingraddan Oderga qadar Azroilni opichib yurdim, istagan paytida jonimni sug‘urib olishi mumkin edi», deb hazillashardi. Har qadamida o‘lim chohiga tortilishi mumkinligini bilib janglarga kirgan odamning xoinga yoki sotqinga nisbatan nafratini chetdan turib qoralash noinsoflik hisoblanadi. Boz ustiga Ramazonovning bu damdagi nafrati o‘tkinchi, Muhammadrizaevni xoinlikda ayblashga asosi yo‘qligini o‘zi ham sezib turardi. Yashin nuri zaminni bir zumgina yoritgani kabi, gumondan uyg‘ongan nafratning kuchi ham uzoqqa bormaydi.
— Tolibjon To‘xtasinov siz bilan partizan otryadida birga bo‘lgan. Germaniyaga qanday borib qolgan? — deb so‘radi Ramazonov, ko‘zini yumib yotgan Jahongirdan.
Jahongir ko‘zini yarim ochib, unga qaradi. «Bilmaydimi, yo meni laqillatmoqchimi?» deb o‘yladi.
— Hamma gaplarni qirq to‘rtinchi yilda aytganman. Hujjatlarga tirkalgan.
Jahongir shunday deb yana ko‘zini yumdi. «Tolibjondan xavfsirayaptimi? Tolibjonning qaysi ishi ularning tinchini oldi?» Jahongir xayolan yaqin o‘tmishga qaytishga majburiyat sezdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:57:59

Ular bahorda issiqroq o‘lkalardagi qamoqxonaga jo‘natilayotgan Islomxon bilan xayrlashishdi. Bahorning yomg‘irli kunlari ado bo‘lgach, daraxta kesishni ham bas qildilar. So‘ngsiz o‘rmonzorning qoq o‘rtasida nima uchun daraxt kesganlari shunda ma’lum bo‘ldi: bu yerda zavod qurilarkan. Ularning qilmagan ishlari qolmadi: yer kavlashdi, g‘isht tashishdi, qorishma qorishdi... Tolibjon o‘tgan kunlarni erinmay sanardi. Ozodlikka chiqquniga qadar qolgan yillarni, oylarni, haftalarni, kunlarni, hatto soatlarni hisoblardi. Yorug‘ olamda bo‘layotgan voqealar haqidagi sarosimali xabarlar o‘rmonlar oshib, tikonli sim to‘siqlar oshib mahbuslar qulog‘iga yetib kelardi. Tebranib turgana notinch dunyoning erta-indin portlab, alanga olishiga barchaning aqli yetardi. Dunyoning qachon portlashi haqida turlicha taxminlar qilishardi. Zavod qurilishining susaymayotganiga qaraganda portlashga picha vaqt bor edi. Lekin qiyomat kutilmaganda barvaqt boshlandi. Uni mahbuslar soqchilarning xavotirli qarashlaridan, boshliqlarning behalovat yurishlaridan sezishdi. Zavodda qurilish ishlari to‘xtatilib, o‘rnatilgan jihozlar qayta ko‘chirila boshlangach, xavotirlar bejiz emasligi bilindi. Ko‘p o‘tmay portlash ovozlari quloqqa chalindi. «Urush boshlanibdi», degan xabar bir zumda barchaga ayon bo‘ldi. «Endi nima qilarkinmiz?» degan savolga javob topishga ulgurishmay osmonni bir to‘p chigirtkamisol samolyotlar bosdiyu qiyomat boshlandi.
Yarim soat ichida qariyb uch yil davomida qad rostlagan zavod binolari ham, ular yashagan yog‘och uylar ham, tikonli sim to‘siqlar ham yakson bo‘ldi. Boshi majaqlangan, qo‘li yoki oyog‘i uzilib ketgan odam jasadlari, yonayotgan uy xarobalari bu yarim soatlik qiyomatdan xotira bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:58:06

Joni foydaga qolgan mahbuslar «samolyotlar hozir yana qaytadi», deb o‘rmondan panoh izlab qochdilar. Bir mo‘’jiza bilan qiyomat olovidan omon chiqqan soqchilar ularga e’tibor ham bermadilar. Jahongir Tolibjonning bilagidan ushlab, boshqalar kabi o‘rmon sari yugurdi. Qiyshayib yonayotgan minora yonidan o‘tishayotganda chap qo‘liga tiralib turishga urinayotgan keksa mahbus «Birodarlar, meni tashlab ketmang», deb iltijo qildi.
— Professor-ku? — Tolibjon shunday deb uni qo‘ltig‘iga kirib ko‘tardi.
Qo‘shni barakdagi bu qariyani Tolibjon hurmat qilar, ish chog‘ida ham og‘irini yengil qilishga intilardi. Jahongir uning olim bo‘lganini, bu yerga o‘zi ham bilmagan sabab bilan kelib qolganini Tolibjonning gaplaridan bilardi.
Ular holdan toyguncha yurdilar. Professor oyog‘idan yaralangani boisidan uni ikki qo‘ltig‘iga kirib deyarli ko‘tarib borishdi. Kambag‘alning hovlisidek keladigan yalanglikka chiqib to‘xtashdi.
— Endi qayoqqa boramiz? — dedi Tolibjon Jahongirga qarab. Professor o‘zbekchani bilmasa ham, gap ohangidan savol mazmunini uqdi.
— Agar nemislar bostirib kelishayotgan bo‘lsa, sharqqa qarab boraverish kerak, u yoqda o‘zimiznikilar, — dedi u.
— O‘zimiznikilar? — dedi Tolibjon o‘ylanib. — O‘zimiznikilar yana qamoqqa tiqishmaydimi?
— Harholda shu yoqqa qarab boraverish kerak, — dedi Jahongir. — Balki uyimizga yetib olarmiz?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:58:14

Qo‘lbola yasalgan zambilga professorni yotqizib, yo‘lni tusmollab yuraverishdi. Ertasiga kunbotarda bir qishloqdan chiqishdi. Jahongir Tolibjon bilan professorni butazorda qoldirib, o‘zi qishloq tomon yurdi. Ko‘p o‘tmay qo‘lida yarimta non, uchta tuxum ko‘tarib qaytdi.
— Urush boshlanganiga yarim oy bo‘libdi, — dedi u, — nemislar yaqinmish. Kecha bu yerdan chekinayotgan qizil askarlar o‘tishibdi. Professorni olib qolishga ko‘nishmadi. Qamoqdan chiqqanimizga qo‘rqishyapti. Lekin, bu yerdan yigirma chaqirim yursak, bir qishloq bor. Qamalgunimga qadar men o‘sha yerda yashaganman.
«Qaerda, nima uchun yashagansan», deb surishtirib o‘tirishmadi. Non bilan tuxumni bo‘lishib yeb, qorong‘i tushguncha yo‘l bosishdi. Jahongir yashagan qishloqqa ertasi kuni peshinga yaqin yetib borishdi.
Ostonada o‘tirgan Grigorich bilan kampirni Jahongir uzoqdan ko‘rib «xayriyat», deb quvondi. Grigorich ularni avvaliga chekinayotgan askarlardir, deb o‘yladi. Keyin Jahongirni tanib, hayratdan yoqasini ushladi.
— Seni uzoq kutdik, xavotir oldik, — dedi chol professorni uyga yotqizib chiqqach, — uch kun oldin kizimkani katta yo‘lga kuzatib qo‘ydim. Chekinayotgan askarlar, odamlarga qo‘shilib ketdi. Shu bahonada uyiga yetib oladi. Kelishingni yuragi sezgan ekan, senga bir gap aytib ketuvdi. Opangning omonatini olibdi, rozi bo‘larmishsan. Xudo xohlasa omonatingga xiyonat qilmas emish.
Jahongir Oynisaning maqsadini tushundi. Boshini changallab, indamay o‘tirdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:58:23

— Grigorich, professorni siznikiga tashlab ketamiz. Yaxshi odam u. Tuhmatga uchrab qamalgan, — dedi u uzoq davom etgan sukutdan so‘ng.
— Yaxshimi-yomonmi, u ham bir odam, — dedi chol. — Qaraymiz, umri uzoq bo‘lsa, tuzalib ketadi. Nasibasi qirqilgan bo‘lsa, chorasizmiz. Sen o‘zing nima qilmoqchisan?
Jahongir javob o‘rniga bosh qimirlatdi.
— Ketolmaysan. Katta yo‘llarga nemislar yetib kelgandir. Shu yerda kut. Nemislar kelsa ham senga tegishmas. Bolshevik emassan. Quvg‘in qilingan odamsan. Sheriging ham qolaversin.
Cholning maslahati Tolibjonga ma’qul kelmadi.
— Bu yerda qolsak, sotqin degan tamg‘adan umrbod qutulamaymiz, ketamiz, — dedi.
Qorinni to‘qlab, kiyimlarni almashtirib, yo‘lga tushishdi. O‘rmonni panalab yurib, nemislarga duch kelishdi. Ulardan berkinamiz deb, o‘rmonga ichkarilab, yo‘ldan adashib, ochlikdan o‘lar holga tushganlarida qurshovdan chiqishga urinayotgan askarlarga duch kelishdi. O‘zlarini O‘zbekistondan Belorussiyaga tajriba o‘rganish uchun kelgan chorvadorlar deb tanishtirishdi. Komandir peshonasida yozuvi bor Jahongirga ishonqiramay qarab qo‘ydi, ammo indamadi. Ular qurshovdan chiqolmay, o‘rmon ichkarisiga qarorgoh qurishdi. Shu zaylda partizanlik hayoti boshlandi. Jahongirning merganligi, dovyurakligi ayon bo‘lgach, komandir qarashlaridagi xavotir, ishonchsizlik yo‘qoldi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:58:32

Bir kuni kichkina guruh bilan ketishayotganda Jahongir Tolibjonga:
— Bular bizga endi ishonishdi, sezdingizmi? — dedi.
— Buni-ku, sezdim, — dedi Tolibjon. — Lekin boshqa narsani ham sezib yuribman.
— Nimani?
— Ikkimizni boshqalarga qaraganda ko‘proq yuborishyapti bunaqa janglarga. Nimagaligini bilasizmi?
— Nimaga?
— Biz bularga begonamiz. O‘lsa ham shular o‘lsin, deyishadi.
— Undaymasdir, — dedi Jahongir. — Ko‘pga kelgan to‘y...
— Bilasiz-ku, men hamma narsani hisob-kitob qilib yuraman.
— Xudoning o‘zi asrasin bizni, urushdan keyin bir parcha qog‘oz yozib bersa, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytsak bas.
Tolibjon «buncha soddasiz», deganday kulimsirab qo‘ydi. Bir nafaslik bu kulimsirash Jahongirning xotirasiga mixlanib qolgan ekan. Keyinroq pistirmaga duch kelishganda ham, nemis qamoqxonasiga tushganida ham, so‘ng «Turkiston legioni» deb atalmish qo‘shinga borganida ham bu istehzoli kulimsirashni tez-tez esladi.
Bir kuni kutilmaganda Sottini uchratib lol qolganida ham Tolibjon xuddi shunday kulimsiradi.

Qayd etilgan