Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 140951 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 B


shoir  16 Iyul 2006, 06:58:45

— Bolsheviklarga ham, fashistga ham xizmat qiladigan toifa ko‘p. Bu raisingiz bitta bo‘lsa ekan, ajablansangiz. Bizning boshimizga kimlar balo yog‘dirdi. Shunaqalar-da. Eslaysizmi, Islomxon bir bayt aytgan edi: «Qaerda gul bo‘lsa — unda asalari bor, qaerdaki foyda cho‘g‘i bo‘lsa — unda yovuzlik alangasi bor». Kimning bayti edi?
— Yodimda yo‘q, Bedilniki bo‘lsa kerak.
— Kim bo‘lsa ham to‘g‘ri aytgan. Biz ana shu yovuzlik alangasida qovrilyapmiz.
Turkiston qo‘shiniga tushgan Sotti Jahongirni ko‘riboq «Meni Xudo urdi», deb o‘takasi yorildi. Lekin birato‘la qo‘rquv chodiriga burkanib olmadi. Uning hiylasini ko‘rganda hatto shayton ham hayratdan yoqa ushlardi. Sottining birinchi hiylasi — Jahongirni ko‘rishi bilan qo‘rquvni yengib, orada hech nima bo‘lmaganday uni quchoqlab oldi. Jahongir uning qo‘llarini qayirib, itarib tashlab, so‘ng kalla qo‘yib og‘zi-burnini qonatganda ham «Tavba qildim, Jahongirjon», deb elanib turaverdi. Unga qarab Jahongir Daminning gapini eslagan edi: «Bu haromini tug‘ilganda cho‘miltirishgan ekan, o‘shanda tog‘oradagi mag‘zavani ilon ichib o‘lgan ekan...» Bu — Damin to‘qigan gap.
Kunlar, haftalar, oylar o‘taverdi. Tolibjon «qachon jangga tashlashar ekan bizni», deb betoqatlanardi. Jahongir uning maqsadini bilib turardi. Jang bahonasida o‘tib ketish, yurtga tig‘ ko‘targan degan la’nat tamg‘asidan qutulish — uning ham niyati edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:58:51

«Hatto poda ham kech kirganda uyiga qaytadi. Biz-chi, biz podadan ham battarmizmi?» Tolibjon shunday degan kunning ertasiga Sotti bilan yoqa bo‘g‘ishib qoldi. Shunchaki mushtlashish bo‘lib tuyulgan to‘qnashuv to‘pponchalarni g‘ilofdan chiqarish, bir ma’sum va bir mal’un jonning so‘nishi bilan tugadi...
Jahongir Tolibjonning qonini shimib olgan tuproqni qirib, ro‘molchasiga tugdi. Nemislar bergan yolg‘on hujjatga ko‘ra «Og‘ir yaralanib, iste’foga chiqqan askar» qiyofasida yurtiga josus sifatida qaytgach, Tolibjonning qishlog‘iga bordi. Onasi hayot ekan, shu tuproqni ko‘zlariga surtib, aza ochdi. Tuproqni o‘z kafani — o‘sha ro‘molchaga o‘rog‘liq holda qabristonga eltdilar, janoza o‘qidilar. «Partizanlikda shahid ketdi», degan shum xabar ona yuragidagi umidni o‘ldirgani holda, og‘ir toshni ham ko‘chirdi. Jahongir yetkazgan xabar uni «Dushman onasi», degan la’nat toshidan qutqargan edi.
Jahongir qisqa muddat ichida mana shularni eslab, «Tolibjon begunoh banda edi, hamma hujjatlarni, xotiralarni titib chiqishsa ham uni ayblasha olmaydi», degan qarorga keldi. U Ramazonovning keyingi savoliga javob bermadi. Ko‘zini yumib yotaverdi. Kapitan noo‘rin tashrif buyurganini anglab, afsuslandi-da, o‘rnidan turdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:59:08

13. «XITOY DO‘XTUR»

Kapitan Ramziddin Ramazonov Jahongirning o‘tmishini o‘rganayotgan chog‘da mayor Sanjar Solihovning Qirqbel qishlog‘iga borgani, so‘ng marhumning yaqinlari bilan uchrashgani haqida.

Mayor Solihov depara ichki ishlar bo‘limiga kirib, ajablanarli yangilik eshitdi: kapitan Jabborov jumhuriyat prokuraturasiga ishga o‘tibdi. Begunoh odamlarni asossiz ayblab qamashdagi gunohlari uchun yaqindagina vazifasidan pastlatilgan odamning yana cho‘qqi sari parvozi ajablanarli hol edi. Yig‘layotgan go‘dakni ovutish uchun shirinlik ko‘rsatiladi, bola ovunishi bilan shirinlik joyiga qo‘yiladi. Xuddi shunga o‘xshab haqiqat qaror topyapti, deb jar solindi-yu, eski hammomga eski tos bilintirmay olib kirib qo‘yilibdi. Barcha chirigan toslar joyiga qaytariladimi yo bittasi istisno bo‘ldimi — bu Solihov uchun hozircha muammo. Jabborovning yana mas’ul vazifaga ko‘tarilishidan tushundiki, ishlarida shakl biroz o‘zgaradi, mazmun esa aslicha qolaveradi. «Odamlar bizga ishonishmas edi, bizni yomon ko‘rishardi, — deb o‘yladi Sanjar Solihov, — gunohkorlarga jazo berib, begunohlarni ozod qilib, endigina ishonch uyg‘otayotgan edik. Endi yana la’nat toshlari ostida yasharkanmiz-da»... Istisno degani xatarli bo‘ladi. Bir odam uchun istisno tariqasida ignadek teshik ochiladi. So‘ng ikkinchi istisnoga hojat seziladi. Qarabsizki, ignadek teshik kattalashib, karvonsaroyning darvozasiga aylanadi — undan it ham, eshak ham o‘taveradi. Jabborov uchun qilingan istisno kelajagini Solihov shunday tasavvur etdi.
U Qirqbelga yolg‘iz o‘zi yo‘l oldi. Ilgarigi borishida Jabborov bilan noxush suhbat qurgani, yo‘l loy bo‘lgani uchun ko‘nglida xiralik qolgan edi. Bu safar yo‘l loy emas — hammayoq oppoq qor, yonida yoqimsiz odam ham yo‘q. Havoning tozaligi, qorning g‘irchillashi noxush yangilik tufayli ko‘nglida uyg‘ongan g‘ashlik olovi taftini bir oz bosdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:59:15

Burniga ko‘zoynak qo‘ndirib olgan Damin tanchada kitob o‘qib o‘tirardi. Xonaga pech o‘rnatilmagan, oynagi singan deraza ko‘ziga gazeta yopishtirib qo‘yilgan. Damin o‘rnidan turib, uni qarshilab, tanchada o‘tirishga taklif qildi. So‘ng o‘txona yonidagi choynakni olib, choy quyib o‘zatdi-da:
— Sherigingiz qani? — deb so‘radi.
— Sherigim... — Solihov hozir eshitgan yangiligi bu odamni lovullatib yuborishini anglab, yolg‘on gapirdi, — ishi chiqib qoldi.
— Olib kelmaganingiz yaxshi bo‘libdi. Qarashi xunuk edi.
— Men oshnangizni so‘raysiz desam, sherigimni surishtirib qoldingiz?
— Oshnamning ishi yaxshilik tomon yuz burganini kelishingizdan sezdim. Ishi yomon bo‘lsa kelmas edingiz. Yana nimalarni so‘ramoqchisiz mendan?
Solihov cho‘ntagidan suratlarni chiqardi.
— Shularni taniysizmi? Diqqat bilan qarang: ularni yoshligida ko‘rgan bo‘lishingiz mumkin?
Damin suratlarga qayta-qayta razm solib, Murodillaning rasmini ajratdi.
— Tepabelda bir yigit bo‘lardi. Chamamda Olamgir akaning ulfatlaridan edi. O‘shanga o‘xshaydi.
— Hozir qaerda u?
— O‘sha paytda chetga o‘tib ketgan.
— Biron belgisi bormidi?
— Qanaqa belgi?
— Masalan, chandig‘imi, xolimi? Olamgir akani oqsar edi, devdingiz, esingizdami?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:59:22

Damin o‘ylanib turib dedi:
— Belgisini bilmayman... Olamgir akani topdilaringizmi?
— Topdik. Daydidarada shu odamni o‘ldirib ketishgan. Oshnangiz akasi ekanini yashirib, «Men o‘ldirdim», deb turib olibdi. Shunisiga hayronmiz. Aka-uka orasida biron gap o‘tganmidi?
Damin ko‘zoynagini qo‘liga olib, deraza osha tashqariga qarab o‘yga toldi.
— Jahongir akasi haqida yomon so‘z aytmagan sira.
— Peshonasidagi yozuv-chi?
— «Alqasosu minal Haq»mi? Akasiga tegishli deb o‘ylayapsizlarmi? Men buni xayolimga keltirmagan ekanman. Nohaq qamaganlarga atalgan gap, deb yurarkanman.
— Bizni bir narsa ajablantiryapti. Harholda aka-uka Daydidaraga bekorga borishmagan.
— Jahongir har kelganida Daydidaraga bir borardi. Qamalmasidan burun o‘sha yerga uy qurib chiqaman, shu yerlarni bog‘ qilaman, derdi. Oxirgi qamoqdan chiqib kelib ham shunaqa degan. «Uyimizni kolxoz endi omborxona qilibdi, o‘ligim ko‘chada qolmasin. Menam ajdarqoyaning panohida yotay», devdi.
— Daydidara chetroqda-ku? Nima uchun aynan o‘sha yerda uy qurmoqchi bo‘lgan?
— Bir so‘raganimda «bahavo joy», degan. Bahavolikka bahavo. Otasi rahmatli o‘sha yerda sayl qilib, mehmon kutardilar. Jahongir uy quraman, deganida otasi tirik edi. Uy qurib chiqqanida, o‘sha yerlar ham obod bo‘lib ketarmidi...
— Daydidarada o‘sha kuni biror kishi ovga chiqishi mumkinmidi?
— Be, u yerda nimani ovlaydi? Ov qiladigan odam bu yerdan uchta tog‘ni oshib o‘tishi kerak. Ilgari kaklik ovi bo‘lib turardi. Endi u ham yo‘q.
— Siz savolimga javob bermadingiz, biroz chalg‘ib ketdik. Aka-uka nima uchun Daydidarada uchrashishgan? Bu uchrashuv tasodifiy bo‘lmagan. Jahongir Muhammadrizaev siz bilan xayrlashish uchun atayin uyingizga kelgan.
   

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:59:31

— Ha, gapingiz to‘g‘ri. Ko‘ngli g‘ash edi, mening ko‘nglim ham bir nimani sezuvdi. Savolingizga javob bera olmayman. Sababini Jahongirning o‘zi aytishi mumkin. Lekin u o‘jar odam, lozim topmasa aytmaydi. Otib yuborsangiz ham aytmaydi.
— Agar qotilni topmasak, otilishi mumkin.
— Nega endi otarkansiz? Bekordan bekorga-ya?!
— Qotil topilmasa...
— Nega topilmas ekan, toping!
— Qidiryapmiz. Siz achchiqlanmang. Bekor o‘tirganimiz yo‘q. Oshnangizni qo‘yib yubordik. Hozir tobi yo‘q, shifoxonada yotibdi.
— Unga nima bo‘ldi?
— Yuragi charchagan shekilli, Xullas, biz unga xotini, o‘g‘lini topib berdik.
— Xadicha tirik ekanmi? Jahonning o‘g‘li yo‘q edi-ku?
— O‘g‘li yo‘lda tug‘ilgan. Olamgir Xadichaga uylangan. Bolani katta qilgan...
— Yo, Parvardigor!.. — Damin shunday deb yoqa ushladi. — Yo qudratingdan, o‘zi biladimi shuni, ko‘rdimi ularni?
— O‘g‘lini ko‘rdi. Xadichani orqasidan taloq qilganman, debdi.
— Ana, ko‘rdingizmi? — Damin shunday deb xitob qilib, oyoqlarini tanchadan chiqardi-da, cho‘kkalab o‘tirib oldi. — Farosatiga qoyil qoldingizmi? Bitta gap bilan Xadichasini gunohlardan forig‘ qilib yuboribdi.
— Bir-ikki kunda shifoxonadan chiqadi. Turgan gapki o‘g‘lining oldiga bormaydi. Bu yerga ham kelmasa kerak. Balki...
— Gapingizni tushundim. Bugun-erta tushib boraman. Uch-to‘rt kun uyida turaman. Keyin zo‘rlab bo‘lsa ham bu yerga olib chiqaman. Yo‘q... yaxshisi Xadichasini o‘ziga nikohlab qo‘yish kerak.
Daminning gaplari Solihovga ma’qul kelib, u bilan xayrlashdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:59:40

Shaharga oqshomda qaytdi. Idorasiga borishdan avval Jahongirning holidan xabar olish uchun shifo uyiga bordi. Navbatchi uni kutilmagan yangilik bilan qarshiladi:
— Bemorning o‘g‘li bir odam bilan keldi. O‘zining aytishicha xitoylik tabib ekan. Bemor uni ko‘rib tikilib qoldi. Keyin ahvoli o‘zardi. Tabibni o‘ziga yaqinlashtirmadi.
Solihov «Xitoylik tabib ekan», degan so‘zni eshitib, sergak tortdi. Yonidagi suratlarni chiqarib, navbatchi tabibga berdi. U Murodillaning suratini ajratib, «shu kishi» dedi.
«Yo‘lchivoy uni nima uchun olib keldi? Maqsadi nima? Jahongir uni ko‘rib, nima sababdan bezovtalandi?»
Mayor Solihov shu muammo bilan Jahongir yotgan xonaga kirdi.
— O‘g‘lingiz bilan kim keldi? — deb so‘roqni boshladi.
Uning fikricha endi qat’iyroq harakat qilish vaqti yetgan edi. Shu sababli gapni uzoqdan boshlab o‘tirmadi. Mayorning maqsadini Jahongir ham tushundi. «Vaqt o‘tgani sayin ularning asablari qaqshayveradi. Pichoq suyakka taqalibdi. Endi lutfu karam qilib o‘tirishmaydi» — Jahongir shu to‘xtamga kelib, javob berdi:
— Tabib emish.
— Uni tanimaysizmi?
— Yo‘q.
— Damin oshnangiz tanir ekan.
— U aytaveradi.
— Akangizni ham tanigan edi. Akangizning oshnasi Murodillani ham tanidi.
— Damin tanigan bo‘lsa tanigandir, men u odamni birinchi ko‘rishim.
— Shundaymi? — Solihov unga savol nazari bilan tikildi. Jahongir bu qarashga dosh berolmay, yuzini burdi. Shunda mayor tavakkal qildi: — Siz uni oldin ham ko‘rgansiz. Daydidarada, beshinchi oktyabrda...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:59:48

Solihovning gapi og‘zida qoldi.
— Yo‘q.
Jahongir jon holatda shunday deb, titroq qo‘llari bilan yuzini changalladi.
— Yo‘q, — dedi yana xirildoq ovozda.
— Uchinchi odam kim edi? — deb so‘radi mayor uning ahvoliga parvo qilmay.
— Bilmayman.
— Siz uni ko‘rgansiz, ayting!
— Ko‘rmaganman.
— Akangizni nima uchun o‘ldirgan?
— Bilmayman...
— Qasdi bo‘lsa, endi navbat oilasiga yetsa-chi?
— A? — Jahongir mayorga baqrayib qarab qoldi. U shunday bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan edi. «Bu qanaqasi?! Yetdim deganimda yiqilamanmi, ulardan ajraymanmi?» Shu fikrning o‘ziyoq badanini muzlatib yubordi.
— Nachaynik, meni bu yerdan chiqaring, — dedi u g‘o‘ldirab. — Uni o‘zim topaman... o‘zim o‘ldiraman...
— Yo‘q, azizim, uni o‘ldirmaysiz, kimligini bizga aytasiz.
— Kimligini bilmayman... orqasidan ko‘rib qoldim.
— Murodillamidi?
— O‘shanga o‘xshatdim.
— Akangiz bilan Daydidarada uchrashishingizdan u xabardormidi?
— Bilmayman.
— Siz hech kimga aytmaganmidingiz?
— Yo‘q.
— Nima uchun Daydidarada uchrashmoqchi edinglar?
— Yigirma ikkinchi yilda yechimsiz qolgan gapimiz bor edi. Qanaqa gap, deb so‘ramang, sizga dahli yo‘q.
— Harholda Daydidaraning tanlanishi qiziq menga.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:59:55

— Daydidara — tabarruk joy, — Jahongir shunday deb picha sukut saqladi. — Avvallari qishloq oqsoqollari o‘sha yerda kengashib yechimga kelmagan masalalarni yechib berishar ekan. Olamni shakkok bosib, u yerning tabarrukligini ham unutishdi. Daydidaraga Ollohning nazari tushgan. Haqiqat yechimi faqat o‘sha yerda.
Solihovga bu izoh erish tuyuldi. «Tabarruk» degan tushuncha bilan gapni aylantiryapti, deb o‘yladi. Jahongirning titrog‘i biroz bosilib, xayolga cho‘mganini ko‘rib savolni bas qildi.
— Erta-indin Damin oshnangiz kelmoqchi. Bu yerning tabiblari ruxsat berishsa, uyingizga borasiz. Ammo... Mening ruxsatimsiz bir qadam ham bosmaysiz, boshqaga bir og‘iz gapirmaysiz. Ayniqsa oshnangizga.
Solihov shunday deb chiqib ketdi. Xitoy do‘xturning tashrifi, Jahongirdagi o‘zgarishdan, uning gaplaridan dastlab lol qoldi. Endi biroz fursat o‘tib esa, tugunlar yechimini ko‘rganday bo‘ldi. Chigal ishlar zimiston ko‘chalarga boshlab gangitgan choqda milt etgan chiroq ham odamning ko‘ziga olamni yoritguchi quyoshday ko‘rinadi. Murodilladan shubha qilmoq uchun Solihovda hali yetarli asos bo‘lmasa-da, ayrim narsalarni sinab ko‘rishni lozim topdi. Shu maqsadda bosh tabib xonasiga qaytdi.
— Muhammadrizaevning o‘g‘li «Otamning dardiga davo bersin», deb xitoylik tabibni boshlab kelgan. U odam qanday shifo berishi mumkin? — deb so‘radi u.
— Ularning eng ko‘p qo‘llaydigan usullari — igna bilan davolash. Badanda asab hujayralarining ma’lum nuqtalari mavjud. Xitoylilk tabiblar nihoyatda ingichka tilla ignalarini shunday nuqtalarga sanchishadi. Shu davo usuli bilan turli og‘riqlar to‘xtaydi, qon bosimi mo‘’tadillashadi. Xullas, xitoy tabobati bu sohada ko‘p mo‘’jizaga ega. Afsuski, biz buni yaxshi bilmaymiz. Aniqrog‘i, rad etib kelamiz.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:00:02

— O‘sha igna bilan odamga salbiy ta’sir ham qilish mumkinmi?
— Qanaqa salbiy ta’sir?
— Masalan... — Solihov o‘yladi. — Masalan... odamni behush qilish yoki aqldan ozdirish...
— Mumkin. Gap o‘sha nuqtani topishda.
— Tabib shunday harakat qilsa, chetdan turib bila olasizmi?
— Yo‘q, men bila olmayman.
— Mutaxassis-chi?
— Uning ko‘zini ham shamg‘alat qilish mumkin.
«Agar uchinchi odam xitoy do‘xtur bo‘lsa, u Jahongirni yo‘q qilish niyatida shu yerga kelmadimi, ignalari bilan uni yo‘qotishga urinmadimi? Yo Muhammadrizaevning tuzalib chiqishini kutadimi?»
Solihov shu savollarga javob topish uchun sukutga berildi. «Uchinchi odam uchun Muhammadrizaev xavfli bo‘lib qoldi. Muhammadrizaev uni ko‘rgan. Demak, uchinchi odam ham uni ko‘rib qolgan. U Muhammadrizaevning qotillikni bo‘yniga olganini ham eshitgan, ochiqlikka chiqqanini ham bilgan. Hozir oyog‘i kuygan tovuqday pitirlayapti. Xitoy do‘xtur yana kelib ko‘rarmikin? Muhammadrizaev uyiga borsa-chi?»
— Bemorning ahvoli qalay, uni uyiga jo‘natish mumkinmi? — deb so‘radi Solihov aniq qarorga kelib.
— Yana picha davolanishi kerak.
— Uyida yotib davolansa-chi?
— Agar zarur desangiz... iloj qancha?
— Biz sichqon qopqonga qachon tusharkin, deb poylay olmaymiz.
— Tushunarli. Uyiga borib xabar olib turamiz.
Solihov bosh tabibga minnatdorchilik bildirib, xayrlashdi. Idorasiga borib, to‘g‘ri Ramazonovning xonasiga kirdi. Kapitan bir dasta hujjatlarni stol ustiga yoyib olib, bosh qotirib o‘tirardi. Solihovni ko‘rib, o‘rnidan turdi.

Qayd etilgan