Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141030 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:00:10

— Katta yo‘qladilar, — dedi u. — Yangilikni eshitgandirsiz?
— Jabborovnimi? Eshitdim. Bizga osilmasa edi, deb turibman. Bir-ikki og‘ir gap aytgan edim, bunaqa odamlar kekchi bo‘lishadi.
— Osilishni boshlabdi. Muhammadrizaevni ozod etganimiz uchun tanbeh beribdi. Qamoqqa olishni buyuribdi.
— Shu yermay turuvdi, — Solihov shunday deb shoshilib chiqdi. Avval viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga, so‘ng viloyat prokuroriga vaziyatni tushuntirgach, Jabborovning buyrug‘i bekor qilindi. Solihov biroz yengil tortib chiqayotganida prokuror uni to‘xtatdi:
— Qirqbelda bir odam jamiyatni haqoratlaganda siz javob bermabsiz?
Solihov g‘ijinib, bo‘lgan voqeani qisqacha bayon qildi.
— Siz tajribali odamsiz. Bunaqa sharoitda o‘zingizni qo‘lga olishingiz shart. Yoningizda kim borligini ham unutmasligingiz kerak. Bu masalaga keyinroq yana qaytamiz.
Solihov prokurorning xonasidan asabiylashib chiqdi. Jabborovning yana yuqori martabaga qaytishi, g‘alamisligini beto‘xtov boshlashi uni umidsizlik jari sari yetaklagan edi. Ishga bunday bemavrid aralashishlar ilgari ham tez-tez uchrar edi. Qotil qo‘lga olinay deganda ish to‘xtatilsin, degan buyruq boshlariga gurziday urilib, tovonlariga qadar zirillatib yuborardi. Yoki, aksincha, shubha ostidagi odamning beaybligi isbotlanay deganda, ishni sudga oshirishga majbur etishar edi. Shunday onlarda o‘zlarini haqiqat uchun kurashuvchi degan solihovlar temir qafasda na’ra tortayotgan yo‘lbars holiga tushar edilar. Choralari yo‘q edi unda. Endi yaxshi kunlar yuz ochib, yaxshilar qafas qulfiga kalit solgan edilar, qafasni ochamiz, adolatni erkin qush kabi moviy osmonga uchiramiz, deb edilar... Kalit qulfga solindi-yu, buralmadi... adolat qushi ham, haqiqat yo‘lbarsi ham tang ahvolda qolaverdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:00:18

Solihov idoraga qaytganida kapitan Ramazonov uni betoqatlanib kutar edi.
— Siz hozir uyingizga borib, damingizni oling. Ertalab Tepabelga jo‘naysiz. Rahmatullaevni bilgan odamlarni topib, gaplashasiz. Keyin Qirqbelga o‘tib, Damin Eralievni boshlab kelasiz. Muhammadrizaevni ertaga uyiga qaytaramiz. Endi bu yog‘iga mushuk-sichqon o‘yini boshlanadi. Biz sichqon deb o‘ylayotganimiz tulki bo‘lib chiqishi ham mumkin. Ertaga ertalabdan Muhammadrizaev uyi doimiy nazoratga olinishi kerak. Aslida ilgariroq nazorat qilishimiz lozim edi.
Solihov gap tamom, deganday stol ustiga kafti bilan urib qo‘ydi.
— Asosiy gumon marhumning yaqinlariga qaratiladimi?
— Sizda boshqa fikr bormi?
— Muhammadrizaevning yaqinlari-chi? Turkiston legionida orttirgan do‘stlarini bilmaymiz-ku?
— Hozir siz bilan ikki qirg‘oqqa o‘tirib olib bahslashishga fursat yo‘q. Tavakkal qilamiz: qotil kimning yaqini bo‘lishidan qat’i nazar Muhammadrizaevni o‘ldirishga harakat qiladi. Uning boshqa chorasi yo‘q.
— Muhammadrizaevni qurbon qilib, og‘zimizni ochib qolmaymizmi?
Solihov okapitanni chuqur mulohaza yuritgani uchun yaxshi ko‘rardi. Mulohaza degani haddan ziyod chuqurlashib ketsa ham bo‘lmas ekan — Solihov qo‘pol tarzda javob qaytarganini o‘zi ham sezmay qoldi:
— Og‘iz ochib, chapak chalib qolmaslik uchun kamroq gapirib, ko‘proq o‘ylash kerak.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:00:26

Kapitanga bu gap g‘oyat malol keldi. «Men bilan bunday muomala qilmang», demoqchi bo‘ldi-yu, gap chuvalashib ketishi mumkinligini fahmlab tilini tiydi. Osoyishtalikning yagona yo‘li ham shu — bir tomon jirillaganida ikkinchi tomon og‘irlikni bo‘yniga olmog‘i darkor.
Solihov marhumning uyiga hozir borsammi yo tong sahardami, deb ikkilandi. Oxiri, kech bo‘lsa ham hozir borish shart, degan qarorga kelib, o‘rnidan turdi. Ko‘chaga chiqib «kazbeg»ini tutatayotgan Ramazonovni ko‘rdi-da, unga yaqinlashdi.
— Bizning ishimizda shunaqa nohaqliklar ham bo‘lib turadi, mendan ranjimang, — deb xayrlashdi-da, eski shahar tomon yurdi.
Darvozaning taqillashidan cho‘chib uyg‘ongan Yo‘lchivoy Solihovning ovozini eshitib, ham ajablandi, ham xavotirlandi. Mayor darvozaxonaga o‘tib, ichkari kirishga unamadi.
— Bemahalda bezovta qilishimning sababi bor. Ish tezlashib ketdi, — dedi u uzrli ohangda. — Masalani tez yechmasak, otangiz qora kursiga o‘tiradi. Siz bugun Murodilla Rahmatullaevni shifoxonaga boshlab boribsiz. Uni siz taklif qildingizmi yo o‘zi borib ko‘rishni ixtiyor qildimi? Har bir gapni yaxshilab eslab, aniq javob bering.
Nogahoniy tashrifdan va mayorning gapidan gangigan Yo‘lchivoy o‘ychanlik bilan gap boshladi:
— Ayam betoblar. Murodilla amakim ertalab xabar olgani chiquvdilar. Dadamni yo‘qlaganimni aytdim.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:00:37

— U odamning yangilikdan xabari bormi?
— Ha.
— Qachon xabar topgan?
— Ayam betoblangan kuni... Siz Safarqul akani boshlab kelgandingiz.
— Muhammadrizaevning qotillikni bo‘yniga olayotganini bilarmidi?
— Bilardilar.
— Aybi isbotlanmay, ochiqlikka chiqqanini bilganidan keyin nima dedi?
— Siz Murodilla amakimdan gumonsirayapsizmi?
— Savol bermay, javob qaytaring. Nima ish qilishni biz o‘zimiz yaxshi bilamiz. Demak, nima dedi?
Yo‘lchivoy o‘ylanib, yelka qisdi.
— «Otang xasta bo‘lsa, borib ko‘rib qo‘yaymi», dedilar, xolos. Xo‘p, dedim, olib bordim.
— Siz bu odamni necha yildan beri taniysiz?
— Esimni taniganimdan beri.
— Bugun otangizga yaqinlashmabdilar, eshitdim. Ertaga yana olib borish kerak.
— Nimaga?
— Shunday qilish kerak. Mening kelganimni, ayniqsa, taklifimni bildirmang. Otangizning sihatidan bezovta ekaningizni ayting. Keyin... gap orasida «Otam qotilni ko‘rib qolgan ekanlar», deng.
— Rostdanam Murodilla amakimdan shubhalanyapsizmi?
— Ishimiz shunaqa — haqiqatga shubhalar orqali boramiz. Rahmatullaev onangizga igna sanchadimi?
— Yo‘q, ayollarga yangam qo‘yadilar.
— Harholda... ish bir yoqlik bo‘lmaguncha qo‘ydirmay turinglar. Siz vahimaga tushmang. Lekin e’tiborsiz ham bo‘lmang. Endi men onangiz bilan ham gaplashib olishim kerak.
Yo‘lchivoy «Yo‘q, deb chiqarib yuboraymi», degan xayolda turganida Solihov uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:00:46

— Gaplashib olishim muhim. Endi maqsad faqat qotilni topish emas. Endi otangiz bilan onangizning hayotlari ham qil ustida bo‘ladi. Boshqa qurbonga yo‘l bermaslik uchun aniq va tez harakat qilishimiz shart...
— Yuring, — Yo‘lchivoy shunday deb uni mehmonxonaga boshladi. Chiroqni yoqib Solihovni ichkari taklif etdi-da, o‘zi onasi yotgan xonaga kirdi.
Mehmonxona orasta: o‘rtada xontaxta, atrofga gulli ko‘rpachalar to‘shalgan. Xontaxta ustidagi ne’matlar ustiga dasturxon yopib qo‘yilgan. Solihov ko‘rpachaning bir chetiga o‘tirdi. Boshiga uzun ro‘mol tashlab, yuzini to‘sgan Xadicha ichkari kirib salomlashdi.
— Yanga, gaplarimdan cho‘chimay, faqat to‘g‘ri javob bering. O‘tmish ayblaridan qo‘rqmang. Endi Jahongir Muhammadrizaevning taqdirini o‘ylashimiz kerak. Uni biz qo‘yib yuborganimiz bilan qotil tinch qo‘ymas. Muhammadrizaev qotil emas, u asosiy guvoh, jinoyatchilar guvohlardan qutulishga harakat qilishadi.
— Voy sho‘rim, — dedi Xadicha. Solihovning bu gapidan so‘ng, uning nazarida, badbashara bir maxluq Jahongirning jonini sug‘urishga shaylangan edi.
— Murodilla Rahmatullaev yigirma ikkinchi yilda sizlar bilan birga ketgan, asli Tepabeldan bo‘lgan, to‘g‘rimi?
Xadicha darrov javob bermadi. O‘g‘liga qarab oldi. Keyin past ovozda «to‘g‘ri», deb qo‘ydi.
— Ketish manzarasini eslang. Siz kim bilan yo‘lga chiqdingiz?
— Dadasi bilan.
— Qaysi dadasi?
Xadicha nima deb javob berishni bilmay taraddudlandi.
— Olamgir Muhammadrizaev bilanmi?
— Ha... Aka-uka masjidga chiqib ketishgan edi. Opam... ovsinim kirdilar. Tez tayyorlaning, ketmasak mol-mulkimiz ham, o‘zimiz ham o‘rtada bo‘lar ekanmiz, dedilar. Bir sidra kiyim oldik. Keyin dadasi keldilar... Dadasi bir yumush bilan boshqa yoqqa ketgan ekanlar.
— Jahongir Muhammadrizaevmi?
— Ha, shu kishi... Izimizdan yetib boradilar, deyishdi. Yetib kelmadilar. Shumxabar yetkazdilar.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:01:01

— Kim yetkazdi?
— Shu... Murodilla aka.
— Rahmatullaev sizlarga keyin yetib keldimi?
— Ha, uch kishi edi ular. Yo‘lda aza ochdik... Tirik ekanlarini ko‘nglim sezardi. Ammo choram yo‘q edi-da...
— Olamgir Muhammadrizaev bilan bu haqda keyin hech gaplashmaganmisiz?
— Yo‘q.
— Rahmatullaev uchinchi yo to‘rtinchi oktyabrda bu yerga kelmaganmi?
— Kelganlar.
— Nimalarni gaplashishgan?
— Bilmasam... gap poylash odatim yo‘q.
— Gaplarida, qarashlarida o‘zgarish sezmaganmisiz?
Xadicha javob bermadi. Hamisha chaqchaqlashib o‘tiruvchi ikki oshnaning past ovozda gaplashayotganidan ajablangan edi. Xadicha shum xabar yetkazgani uchun Murodillani yomon ko‘rib qolgan edi. Qashqarda yashab yurganlarida bir kuni jur’at qilib eriga: «Shu oshnangiz kamroq kelsa edi, qarashi sovuq», degan, bunga javoban Olamgir achchiqlanib: «Musofirlikda qishlog‘imning iti bo‘lsa ham og‘a-ini tutinaman», deb edi. Olamgir bu oshnasidan cho‘chirmidi yo behad hurmat qilarmidi, Xadicha shularni xayoliga keltirdi-yu, biroq «begunoh odamni yomonotliq qilib qo‘ymayin», degan istiholaga borib, tiliga chiqarmadi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:01:17

14. OQIBAT

Jahongir shifoxonadan chiqqanidan keyin yuz beradigan voqealar.

Mayor Solihov ketgach, Jahongir o‘rnida yota olmadi. Turib, deraza oldiga bordi. Simyog‘ochdagi chiroq yoqib qo‘yilgan, atrofga hali qorong‘ulik cho‘kmagani uchun chiroq o‘lar holda lipillab turganday ko‘rindi. Qor uchqunlari ham jonsiz — qo‘nim topmay shamol hukmida uchib yuradilar. Shifoxona hovlisi kimsasiz. Yo‘qlovchilar ketib bo‘lishgan. Hamshiralar kechki muolajani hali boshlashmagan.
Jahongir ko‘zi hovlida bo‘lsa-da, bularni ko‘rmaydi, sezmaydi. Mayor uning ko‘zi oldida go‘yo o‘q o‘tmas qalin parda osib ketganday. Jahongir shu parda ortida nima borligini, kim turganini ko‘rmoq istaydi. Mayor uning birdaniga bo‘sh kelganidan quvondi. U «Qasdi bo‘lsa, endi oilasiga navbat yetsa-chi?» degan gapim ta’sir qildi, deb o‘yladi. Ha, to‘g‘ri, bu gapdan Jahongir seskandi. Lekin mayor uning yuragida shundan so‘ng bir fitna uyg‘onganidan bexabar edi.
... Jahongir akasining murdasini ko‘riboq «Qasos Haqdan bo‘libdi», deb o‘yladi. U qochib borayotgan odamni uzoqdan ko‘rdi, taniganday ham bo‘ldi. Shunga qaramay, qotillikni bo‘yniga olishiga uch sabab bor edi: birinchisi — asar davomida qayta-qayta eslaganimiz — bu ishni men amalga oshirishim lozim edi, degan qat’iy o‘y; ikkinchisi — baribir menga ishonishmaydi, degan fikr; uchinchisi esa — bu hayotdan batamom to‘ydim, degang ishonch edi. Butun ilinji — qasos unga ravo ko‘rilmagach, endi yashashning hojati yo‘q, degan qarorga kelgandi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:01:27

Kunlar o‘tib, voqealar o‘zgarib, o‘g‘lini ko‘rgach, o‘zi sezmagan holda gunohlariga tavba qila boshladi: yashashni istab qoldi. Shu istak uni fitnaga tortdi. U ozodlik shabadasini his etgach, akasining qotilini o‘ldirish bilan murodiga yetmoqchi bo‘ldi. Qamoqda yotganida ham bu xohish bosh ko‘tarib qolar, biroq, toshdevorlar, temir panjaralar bu xohishni birpasda bo‘g‘ib tashlar edilar. Endi toshdevor yo‘q, temir panjara yo‘q, fitnani amalga oshirish yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlandi. Endi hamma gap rejani to‘g‘ri, binoyi tuzishda. Reja degani ham suyuq ayolga o‘xshagan bevafo bo‘ladi. Jahongir o‘ttiz uch yil badalida akasi bilan uchrashuv rejalarining ming bir xilini tuzdi. Oqibat nima bo‘ldi: bironta rejasi ham vafo qilmadi. So‘nggi uchrashuvga, Ollohning nazari ostida gunohlardan poklanib olishga akasining bir mal’unni boshlab kelishi mumkinligini hisobga olib edimi? Yo‘q. Daminnikiga kirmay, uning tanchasini ochmay, to‘g‘ri Daydidaraga kelganida bu mashmashalar yo‘q edi.
Chinor tomon ko‘tarilayotganda o‘sha tomondan o‘q ovozi eshitilgach, Jahongir xavotirlanib, qadamini tezlatgan, toyib ketib, yonboshiga yiqilgan edi. Hozir, shifoxona derazasi yonida turganida ham qulog‘i ostida o‘q otilganday bo‘ldi. Seskanib, atrofiga alangladi, quloq tutdi. Atrof sokin. Qamoqda yotgan paytida ham ikki-uch bor xuddi shunday o‘q ovozini eshitganday bo‘lgan edi. O‘shanda ham qonga belanib yotgan akasi, atrofga alanglab qochib borayotgan qotil ko‘z oldiga kelgandi. O‘shanda ham o‘ylab o‘yiga yetmagan edi: Daydidarada faqat aka-uka uchrashishlari lozim edi. O‘ttiz uch yil muqaddam Xudo bittagina bargni uzmay, bu boshlarini shuncha kulfatlarga duchor etdi. Endi barg uzilishi, so‘nggi o‘q otilishi shart edi. Akasi buni bilardi. Bila turib nima sababdan oshnasini boshlab keldi — o‘zini himoya etish uchunmi yo Jahongirni o‘ldirish uchunmi? Akasi o‘shanda ham qo‘rqqan edi. Qarigan chog‘ida ham o‘limdan shunchalik qo‘rqdimi ekan? Boshlab kelgan odami nima sababdan uning o‘zini o‘ldirdi?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:01:34

Jahongir bu savollarga javob topishga ojiz edi. Bu dunyoda boylik bo‘lgani uchun ham yolg‘on, tilyog‘lamalik, yovuzlik borligini bilmasmidi? Bilardi. Faqat yovuzlik chegarasini belgilashga qodir emasdi. Otasini o‘ldirgan bu yovuzlik akasiga ham chang solganini hali bilmas edi. Jahongir akasining bir kun avval ukasi bilan orani ochiq qilmoq uchun Daydidaraga borajagini oshnasiga aytganidan xabarsiz edi. Olamgir esa o‘sha kech o‘yga tolib o‘tirgan oshnasining ko‘nglida kechayotgan gaplarni bilmasdi. Oshnasi ertaga bo‘lajak aka-uka mojarosini emas, oqibatda topilishi mumkin bo‘lgan tillalarni o‘ylardi. U o‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida bu oqsoq bilan bekorga oshna bo‘lib yuribdimi? U yigirmanchi yilda, Zafarbek bilan tog‘ kezgan chog‘larida bekning tilla to‘la xurjunini ko‘rgan, lekin bu xurjunning qayga yashirilganini payqamay qolgan edi. Zafarbek qizillar pistirmasiga duch kelib, shahid ketdi. O‘shanda xurjun yo‘q edi. Bek Muhammadrizonikida tunab, yo‘lga chiqqan edi. Demak, xurjun shu atrofda qolgan. U Olamgirni xorijga o‘tishga undaganida shu xurjun topilishidan umidvor edi. Olamgirning boyligi bor edi, biroq, bu boylik uning mo‘ljaliga mos emasdi. Jahongirning bu tomonlarda qolib ketishidan «xurjun shunda», degan xulosada yurardi. Zafarbekning xurjuni haqidagi uning tusmoli bir jihatdan to‘g‘ri edi. Chindan ham bek xurjunni Muhammadrizoga qoldirgan, bir ulush tillani xizmat haqi sifatida unga bergan edi. Ota esa ulushini bolalariga bo‘lib berib, xurjunni Jahongirga ishongan edi.
Kunduzi osmon bag‘riga ming-ming yulduzlarni yashirgani kabi, odam ham bag‘riga behisob sirlarni yashiradi. Beshinchi oktyabrda Daydidara sari yo‘lga otlangan uch odamning bir-birlariga ayon bo‘lmagan sirlari, maqsadlari bor edi. Ulardan biri bu sirlarini, maqsadlarini go‘riga olib ketdi. Bittasi o‘lja payida mushukday astoydil payt poylayapti. Uchinchisi shifoxona derazasi yonida muammolar panjasidan chiqolmay turibdi. Tirik qolgan ikki odam reja tuzadi. Rejadan maqsad bir — o‘ldirish. Biri o‘limdan qo‘rqib o‘ldirish rejasini tuzadi, ikkinchisi qasos g‘amida, gunohdan forig‘ bo‘lish umidida.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:01:41

Jahongir Murodillaga akasining ko‘chasida qo‘qqis duch kelgan edi. Avvaliga ikkovi ham bir-birini tanimadi. Besh-o‘n qadam yurib, xuddi kelishib olganday baravar orqaga qarashdi-yu, ko‘zlar to‘qnashdi.
«Tirik ekan-da?» — ikkovining xayolidan shu gap o‘tdi.
Ikkovi ham iziga qaytib bir-biriga ro‘baro‘ bo‘ldi. Birinchi bo‘lib Murodilla salom berdi. Orada o‘ttiz uch yillik hijron emas, o‘ttiz uch yillik gumon bor edi. Shu bois quchoqlashib so‘rashmadilar. Sovuqqina salomlashdilar. «Uy yonsa suv o‘chiradi, vaqt yonsa ne o‘chiradi», deganlaridek, orada vaqt yonib bitgan edi. Jahongir jilmayishga urinayotgan ko‘zlarda hadik ko‘rdi.
— Jahongirjon, inim, Xudoga shukr, tirik ekansiz. Endi Xudo xohlasa yopiqlik qozon yopiqligicha qolaversin. Biz musofirlikda jazomizni tortdik...
Jahongir indamadi. Murodilla yopiqlik qozon deb, nimani nazarda tutganini anglamadi. Murodilla qishloq faollarini otganim, so‘ng o‘t qo‘yganimdan Jahongir xabardor, deb yanglishgan edi. Jahongir «Faollarni boshqa qishloqlik yigitlar otgan», degan gapni eshitgan, biroq u yigitlarning kimligini hanuz bilmas edi. Murodillaning gapidan so‘ng «o‘shalardan biri shu emasmi?» degan shubha uyg‘ondi. Hozir deraza yonida turgan paytida o‘sha shubhani esladi.
Mayor Solihov Yo‘lchivoyning xonadonida haqiqatni oydinlashtirish maqsadida so‘roq so‘rayotganida Jahongir oham o‘ziga kerakli haqiqat yuzini ochish uchun o‘zini o‘zi so‘roqqa tutar edi.
Daydidara voqeasiga aloqador odamlar uchun bu kecha behalovat kechdi.

Qayd etilgan