Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141040 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:01:50

Ertasiga Yo‘lchivoy «Otam sizni boshqa birovga o‘xshatibdilar, men kimligingizni aytdim», deb izoh berib Murodillani yana shifoxonaga boshlab keldi. Murodilla yigitning bu gapiga unchalik ishonmadi. «Jahongir meni yaxshi taniydi, boshqa odamga o‘xshatishi mumkin emas. Yo‘lchivoy meni laqillatmoqchimi yo u chindan ham meni yo‘qlaganmi?» degan ikkilanish bilan yo‘lga chiqdi. U fitnadan bexabar, ko‘nglida hali gumon uyg‘onmagan edi. U dahlizga kiraverishda, ostonaga nima uchun ho‘l latta tashlanganu ostonaning u tomoniga qalin qog‘oz to‘shalganiga e’tibor bermadi. Jahongir yotgan xonaga kirgach, oyog‘i iz qolgan qalin qog‘oz darrov olinganini ham bilmadi. Jahongirning tomirini ushlab, yurakning bejo tepayotganini aytib shifoxona bosh tabibining tashxisini isbotladi. «Agar ijozat bersangiz, igna bilan davolayman», deb taklif qildi.
— Biz bugun bemorga ruxsat beramiz. Uylarida davolay qoling. Bu yerda ishlasangiz, bizga gap tegadi, — dedi bosh tabib.
Bu taklif Murodilla uchun muddaoning o‘zi edi. Dahlizga qaytib chiqishgach, u bosh tabibni chetga tortib:
— Ahvoli unchalik umidbaxsh emas, lekin urinib ko‘raman, — dedi.
Murodilla ketgach, bosh tabib xonasiga qaytib, Solihovga u aytgan gapni ma’lum qildi.
— Ehtiyot bo‘linglar, bemor u aytganchalik og‘ir kasal emas. Uning ogohlantirishida bir sir borga o‘xshaydi, — dedi.
— Buni bilamiz, rahmat sizga, — dedi Solihov. — Bemorga ruxsat bering.
Solihov aytganiday, Jahongirga oqshomda ruxsat tegdi.
   

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:01:59

Kecha qor uchqunlarini o‘ynab yurgan shamol tingan, havo ochiq, joyimni bo‘shatmayman, deb o‘jarlik qilayotgan kuz bilan «Boshqa ilojing yo‘q, hademay qor bo‘ronlarim bilan bostirib boraman», deb po‘pisa qilayotgan qish o‘rtasida osoyishta muzokara boshlangan edi.
Bir necha kun qamoqda zax, sassiq aralash havoda, so‘ng shifoxonada dori isini hidlay-hidlay o‘pkasi kirlangan Jahongir ko‘chaga chiqdi-yu, chuqur-chuqur nafas oldi. May lazzatini mast bilur, hushyorlarga mundan nima bahra bor, deganlaridek, ozodlikda bir martagina bo‘lsin chuqur nafas olish lazzatini Jahongirdan so‘rash kerak. Ayniqsa, endi ozodlikdan bebahraman deb, o‘limni bo‘yniga olib qamoqqa kirgan odam uchun toza havodan nafas olish onadan qayta tug‘ilganday gap edi.
Uning shoshiladigan yeri yo‘q edi. Eski shahar dehqon bozori biqinidagi hammomga kirib, rohatlandi. Undan choyxonaga o‘tib, choy ichdi. Nazarida Xudo uni «so‘nggi marta erkinlik nash’asidan, hammom, choyxona degan mo‘’jizalardan bahra ol, so‘ng joningni achinmay topshirasan», degan shart bilan qamoqdan chiqargan edi.
Jahongir yo‘lda ketayotganida, ayniqsa hammomga kirayotganida izidan odam tushganiga ishonch hosil qildi. Hozir ham eshik yonidagi so‘ridan joy olgan ikki yigitning ko‘zlari bejo edi. «Nomiga ozod etishgan. Mendan tuzoqqa qo‘yiladigan yolg‘on xo‘rak o‘rnida foydalanishmoqchi. Men ularga tutib beramanmi? Yo‘-o‘q, yanglishasiz taqsirlarim. O‘zim pishirgan oshni o‘zim ichaman...» — Jahongir shunday fikrga kelib choyxonadan chiqdi.
Uyiga borib, Daminni ko‘rdi-yu, «mayorning gapi chin ekan-da», deb o‘yladi.
— Senam milisaga yollanganmisan? — dedi oshnasi bilan salomlashgach.
— Qamoqdan chiqdingmi yo garmdori ustiga ag‘anab kelyapsanmi, buncha tiling zahar? — dedi Damin ko‘ngli ozor chekib.
— Orqamdan odam qo‘yishgan. Seni bekorga chaqirishmagandir?
— Chaqirishdigina emas, olib kelishdi.
— Ha, ana, hatto olib kelishibdi. Senga qanday topshiriq berishdi?
— Oshnangiz betob, uch-to‘rt kun hamroz bo‘lib, so‘ng qishlog‘ingizga olib keting, deyishdi. Ishonsang, ishonmasang, bor gap — shu.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:02:06

— Akamni tanibsan, Murodillani tanibsan — yaxshi. Endi meni poylaysan. Qochib ketsam, borib aytasan. Murodilla o‘ldirmoqchi bo‘lsa, ko‘ksingni qalqon qilasan. Sening vazifang shu, bilib ol.
— Yana bitta chirigan gap aytsang, jiyda-xaltamni ko‘tarib ketvoraman. Men jonim achib, sog‘inib kelsam, bu qopadi-ya!
Jahongir sal oshirvorganini fahmlab, «Bu bechorada nima ayb», deb uni quchoqladi. Yuzini yuziga qo‘ydi.
— Men dardimni sendan boshqa kimga aytaman, — dedi shivirlab.
Damin uyni yig‘ishtirib, primusni yoqib, qozonga bir bo‘lak go‘sht tashlab, qaynatib qo‘yishga ulgurgan edi. Xontaxtaga dasturxon yozib, o‘zi olib kelgan qand-qurs, ikkita yumshoq non, choynakda choy qo‘ygan, uy mehmon kutayotgan bir fayzga ega bo‘lgan edi. Buni ko‘rib Jahongirning tomog‘iga yig‘i bostirib keldi: ko‘pdan beri uni hech kim bir burda nonni ilinib kutmagan edi.
Jahongir uzatilgan bir piyola choyni ichib, o‘rnidan turdi-da qoziqdan joynamozni oldi.
U ibodat qilardi. Damin esa unga qarab o‘tirib xayolga tolgan edi. «Jahon, qanday yigit edi-ya! Tog‘ni urib talqon qilarli kuchi bor edi. Birovga so‘zini bermasdi. Endi-chi? Mo‘min bir odamga aylanibdi. Bu qamoqlar, xo‘rliklar uni sindiribdi. Uzoq vaqt qullikda o‘tgan odam qo‘lidagi kishanga muhabbat qo‘yadi, deyishadi. To‘g‘ri shekilli».

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:02:14

Do‘stiga tikilib, xayolga botgan Damin yanglish xulosa chiqargan edi. To‘g‘ri, Jahongirning avvalgi jumardligi endi yo‘q. To‘g‘ri, Jahongir hayot, borliq deb ataluvchi ko‘rinmas devorga ko‘p marta boshi urilib azob chekdi. To‘g‘ri, u ibodatni kanda qilmaydi. Lekin bu — yuragidagi po‘rtana ko‘lmakka aylandi, degan gap emas. Hayot uni kalaka qilgani, ezib-yanchgani holda, bu po‘rtanani vaqtida jilovlashni ham o‘rgatdi. U ilgari ham toat-ibodatni kanda qilmas edi. Ammo Zokirxo‘ja bilan suhbatlar qurgach, uning taqdirini ko‘rgach, bu jafolardan qutqaruvchi faqat Xudo deb, butun borlig‘ini unga hadya etdi. «Bu dunyoda biz muhabbat qo‘ygan narsalar aldamchi, bizni tashlab ketadi. Faqat Yaratganga bo‘lgan muhabbatgina haqiqatdir» — Zokirxo‘ja aytgan bu aqida uning qoniga, joniga singdi. «Shu muhabbatim evaziga Xudo meni niyatimga yetkazdi», deb qattiq ishondi. Hatto akasi boshqa odam qo‘lidan qazo topganida ham bu muhabbatdan kechmadi. Hozir Yaratganga yana yuzlanib, maqsadini bayon qilyapti, undan madad so‘rayapti...
Namozdan so‘ng ham Jahongir uzoq vaqt harakatsiz o‘tirdi. U xayolan fano joddasi orqali baqo dashtiga o‘tgan, erkin ruhlarga bandi bo‘lgan edi. Damin unga xalal bermaslik uchun jim o‘tirdi. Oxiri toqati toq bo‘lib, yengil yo‘taldi. Shu yengil yo‘tal Jahongirni mavjudlik dunyosiga qaytardi — duo o‘qib, yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi.
Qaynatma sho‘rvani ichib bo‘lishgach, Jahongir oshnasidan savol kutdi. Daydidaradagi fojiani, qamoqdagi gaplarni so‘rar, deb o‘yladi. Lekin Damin bu haqda og‘iz ochmadi. Uning boshqa mavzudagi gaplari ham Jahongirga «Qirqbelga chiqib xayrlashishing boshqacha edi-ku», degan kinoya bilan jaranglaganday bo‘lardi. Jahongir bunga ortiq toqat qilmay izoh bera boshladi:
— Men boshqa ko‘rishmasak kerak, deb o‘ylovdim. O‘limni chaqirsang kelmas ekan, yayrab-yashnayman, deganingda qo‘qqisdan bostirib kelsa kerak.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:02:21

— Kishi agar yuz, agar ming yil yashasa ham o‘ladi. Faqat bu kuch qachon kelishini bilmaydi. Umrimiz boricha yashayveraylik-chi.
Jahongir bu gapini eshitib, mudarrisi tez-tez takrorlaydigan baytni esladi:

— «Agar sad sol moni var yake ro‘z,
Biboyad raft azin koxi dilafro‘z».

Daminning forschaga tishi o‘tmas edi.
— O‘zbekchalab tushuntir, — dedi u.
— O‘zbekchasi sen aytgan gapga o‘xshaydi: agar yuz yil va agar birgina kun yashasang ham, ko‘ngil ochuvchi bu qasrdan ketish kerak bo‘lur.
— Ha, afsuski, ketish onlarimiz yaqinlashyapti. Men o‘lib ketishimdan afsuslanmayman. Armonim boshqa — havoda qushning, suvda baliqning, hayotda esa bizning izimiz qolmaydi. Shunisiga dog‘man.
Jahongir sukut saqladi. So‘ng do‘stini ranjitib qo‘ymaydigan ohangda dedi:
— Damin, mening izim qoladi. Xudoga shukr, o‘g‘lim, nevaralarim bor...
— Bilaman... Shuning uchun endi ko‘proq yashashing kerak.
— Sen afsus chekma. Odamlar yuragiga yaxshilik urug‘ini qadagansan. Sening izing shu. Odamning barcha yaxshi-yomon ishlari ketidan soyadek ilashib yuradi. Sening yaxshi ishlaring ko‘p. Men birovga yaxshilik qilishga ham ulgurmadim. Men armon qilsam arziydi.
— Sen... Xadichani taloq qilgan ekansan... Endi... nikohingga ol.
Jahongir darrov javob bermadi. U do‘stiga ko‘nglidagi niyatini oshkor qila olmas edi, shu niyati nikohga yo‘l bermasligini tushuntirishga haddi sig‘mas edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:02:29

— Ko‘p o‘ylama, shariat yo‘l beradi, — dedi Damin.
— Shariat-ku, yo‘l beradi... — Jahongir shunday deb xayoliga kelgan bahonadan quvondi. — Iddat degan qoidalar bor.
— Iddating nima?
— Beva ayol erining vafotidan so‘ng bir yuz o‘ttiz kun sabr qilishi kerak. Shu vaqtgacha men unga nomahramman.
Damin tizzasiga shapatilab qo‘ydi. Yarim tunga qadar ikki oshna o‘tgan-ketganlarni eslab, gaplashib o‘tirishdi.
Ertalab Damin uyg‘onganida Jahongir tasbeh o‘girib o‘tirardi. Endigina tong otgan, tunning o‘zi chekingani bilan, salqini hali hukmron edi. Ko‘cha tomondan charxning shig‘illashi, charxchining «Pi-choq chax-layman!» degan xitobi eshitilardi.
— Namuncha ertalabdan kelmasa bu charxching, — dedi Damin oyog‘iga maxsisini kiya turib.
— Bu charxchi anoyi emas, pichoq bahona meni poylayotgandir.
Damin uning gapiga ishonmay, ko‘cha eshigini ochib qaradi: charxchi — o‘rta yosh kishi — qo‘li ishda-yu, ko‘zi alang-jalang edi.
Nonushta qilib o‘tirishganda eshikda Yo‘lchivoy, so‘ng Murodilla ko‘rindi. Jahongir uning albatta kelishini bilardi. Lekin bunchalik tez yo‘qlar, deb o‘ylamagan edi. Ular bir piyoladan choy ichishgach, Murodilla muddaoga ko‘chdi:
— Kecha o‘rtog‘ingizni shifoxonaga borib ko‘rgan edim. Rozi bo‘lsalar bugun muolajani boshlasak, — dedi u Daminga qarab. — Kasalning kelishi oson, ketishi qiyin deydilar.
— Damin, bu kishi Xitoydan kelgan tabiblar. Seni ham ko‘rib qo‘yadilar, — dedi Jahongir hayron bo‘lib o‘tirgan do‘stiga.
— Xitoylik deysanmi? Taqsir, men sizni bir odamga o‘xshatdim. Tepabellik Murodilla aka emasmisiz?
Murodilla kulimsiradi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:02:38

— Xotirangizga balli, o‘sha odamman. Men sizni tanimadim-ku?
— Biz u paytda yalangoyoq bo‘z bola edik. Ko‘rgan bo‘lsangiz ham bizga o‘xshagan chuvrindilarga e’tibor bermasdingiz. Ot o‘ynatib yurar edingiz. Rahmatli Olamg‘ir aka bilar ulfatchilik qilardingiz...
— Hammasini bilan ekansiz. Tuz-nasiba bor ekan, Xitoyga o‘tib, unda tabiblikni kasb etdim. Qani, qo‘lingizni bering-chi, ie, oshqozonga ovqat yaxshi botmas ekan-ku?
Jahongir Murodillani zimdan kuzatib, fikrni chalg‘itishga ustaligiga tan berdi. Damin esa joniga darmon bo‘luvchi tabibni uchratganidan xursand, mayor Solihov surishtirib borganida ko‘nglida oralagan shubhani unutayozgan edi.
— Oyog‘im qattiq og‘riydi, aka, — deb hasrat boshlaganida Jahongir uning so‘zini shart bo‘ldi:
— Damin, tabib akang sen bilan meni davolayman, deb yuribdilar. Sen Yo‘lchivoy bilan hovliga chiqib, gaplashib tur. Mening bu kishiga aytadigan so‘zim bor.
Damin ham, Yo‘lchivoy ham bu qarordan ajablanib, Jahongirga qarab qoldilar. Yo‘lchivoyning nigohida ajablanish bilan birga xavotir ham zohir edi.
— Ikki og‘izgina gapimiz bor. Chiqib turinglar.
Ular noiloj turib, chiqishdi. Eshikni yopishdi-yu, lekin uzoqlashishmadi.
— Akamni nimaga o‘ldirdingiz? — dedi Jahongir unga tik qarab. U Murodilla bu savoldan gangib qolar, deb o‘ylagan edi. Murodilla bu savolni avvaldan kutgani uchun ham xotirjamligini yo‘qotmadi.
— Akangiz rahmatli nodonlik qildilar.
— Sizni boshlab chiqishlaridan maqsad — meni o‘ldirishmidi?
— Nauzambilloh! Qaysi musulmon odam ukasini o‘ldiraman, deb qasd etadi. Akangiz sizni insofga chaqirmoqchi edilar.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:02:46

— Siz-chi?
— O‘tgan gapni qo‘zg‘amang, chuvi chiqmasin.
— Yaxshi, qo‘zg‘amayman. Endi nima maqsadda o‘g‘limga ergashib yuribsiz?
— Yo‘lchivoy sizni davolashimni o‘tinib so‘radi.
— O‘g‘il bola gapni ayting.
— O‘g‘il bola gapmi? Sizni o‘ldirmoqchi emasman. Orqangizdan odam qo‘yilgan, bilaman. Men sizni ham, o‘g‘lingiz, nevaralaringizni ham o‘ldirmoqchi emasman.
«Ularni o‘ldirishim ham mumkin, lekin o‘ldirmayman» degan ma’noda burab-burab aytilgan keyingi so‘z Jahongirni sergak torttirdi.
— Maqsadingizni ayting, — dedi u qat’iy tarzda.
— So‘zimga tushundingiz-a: men sizni ham, o‘g‘lingiz, nevaralaringizni ham o‘ldirmoqchi emasman.
— Maqsadingizni ayting, deyapman!
— Otangiz rahmatlidan qolgan boylik sizga endi kerak emas. Mening esa bola-chaqam ko‘p. Musofirlikda aziyat chekkan bandaman.
— Shuning o‘zimi?
— Ha, shuning o‘zi. Keyin qiyomatli og‘a-ini bo‘lib ketamiz. Nevaralaringizning to‘ylarini ko‘rasiz.
— Inshoolloh!
Jahongir shunday deb unga tikildi. Uni shu yerning o‘zida bo‘g‘ib tashlasammi deb ham o‘yladi. Hozir tashlansa, shubhasiz, birinchi bo‘lib o‘g‘li yugurib kiradi. So‘ng ko‘chadagi charxchi... Umidi ushalmay qoladi. «Bu mal’un hiyla ishlatyaptimi, bas, men ham hiyla qilay», degan qarorga keldi.
— Ertaga choshgohda Daydidarada uchrashamiz, — dedi u Murodilladan nigohini uzmay. Daydidarani eshitib, Murodilla yengil seskandi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:02:54

— U yerda nima qilamiz?
— Xazina o‘sha yerda. Kerak bo‘lsa, borasiz. Ammo dum ilashtirib bora ko‘rmang.
— O‘zingiz ham shunday qiling.
Jahongir undagi xotirjamlikdan, yo‘q, surlikdan tobora battarroq ajablanardi. «Xudoning mard bandasi bir noning yarmini o‘zi yesa, qolgan yarmini darveshlarga beradi, bular esa bir iqlim mulkini olib yana boshqa iqlimni olish fikriga tushgan podshohga o‘xshashadi. Akam bilan ham balki shu boylikni talashishgandir?»
— Shoh Jamshid «Olamni mardlik va zo‘rlik bilan oldik, lekin o‘zimiz bilan go‘rga eltmadik», degan ekan. Siz boylikka to‘ymas ekansiz-da?
— Inim, men ham boylikni go‘rimga eltmayman. Aytdim-ku, bola-chaqam bor.
— Kelishdik: o‘rtada — bola-chaqalarimiz.
Shu gap bilan Jahongir Murodillaning bolalari ham garovda ekaniga shama qilib qo‘ydi. Murodilla buni shunchaki po‘pisa deb qabul qilsa-da, yuragida xavotir uyg‘ondi. Yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi.
Murodilla chiqishi bilan ostonada Yo‘lchivoy paydo bo‘ldi.
— Amakingizni kuzatib qo‘ying, onangizga duo ayting. Bolalaringizni men uchun o‘pib qo‘ying. Biz Damin akangiz bilan Qirqbelga jo‘naymiz, meni yo‘qlab ovora bo‘lmang.
Bu gapni Damin ham eshitdi. Yo‘lchivoy ketgach, oshnasini savolga tutdi:
— Nimalarni gaplashding?
— Senga aytadigan gap emas.
— Qirqbelga nima uchun chiqmoqchisan?
— Senikiga, mehmonga.
— Darding — Daydidaradir yana?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:03:05

— Daydirada... E, xomkalla, Yo‘lchivoyga aytish xotiramdan ko‘tarilibdi. Shahardagi uyni sotib, qishloqqa ko‘chib chiq, Daydidarani bog‘ qil, demoqchi edim. Shu chinor ostida bir samovarxona ochsam, deb niyat qilardim. Yo‘lchivoy eplaydi, nima deding?
Damin u bir baloni boshlayotganini sezdi.
Ular yo‘lga otlanayotganda ozg‘in, qaddi bukik odam eshik og‘zida ko‘rindi.
— E, xayriyat, uyda ekansiz, — dedi u Jahongirga quchoq ochib. — Uch-to‘rt keldim-a, qo‘shnilaringizdan so‘rasam, ular ham bilishmaydi. Tinchlikmi o‘zi?
— Tinchlik, bir oz tobim qochdi.
— Xudo saqlasin. Men sizni yo‘ldan qoldirdim, shekilli, — u o‘tirib, fotiha o‘qigach, muddaoga ko‘chdi: — Soqov omonatini topshirgan ekan, kecha yettisi ham o‘tdi.
Jahongir pichirlab duo o‘qib, yuziga fotiha tortdi-da, sukutga cho‘mdi.
Soqovning ismini bilishmas edi. Elliginchi yilning yozida shaxtada ko‘mir qazib yurganida, bir guruh mahbuslar bilan Soqov va mana shu kishi — Shoymardon kelishgan edi. Shoymardon dastlab ko‘p yig‘lardi. Taqdiridan nolirdi. Qirq birinchi yilda urushga chaqirilganini, qishloqdan olib ketilgan bo‘z yigitlar qo‘liga miltiq berib jangga boshlashganini, hali jangga kirmay, bitta ham o‘q otmay turib asirga tushib qolishganini qayta-qayta, o‘kinib-o‘kinib gapirardi. Boshqalar to‘rt yil jang qilgan bo‘lsa, bu to‘rt yil nemis lagerida azob chekkan, so‘ng uyiga qaytgan, endi uylanib, odam qatoriga kirganida hibsga olinib, bu yerlarga jo‘natilgan edi. U Jahongirning boshiga tushgan savdolarni bilmas edi. Shu sababli o‘zini eng bebaxt odam deb bilib, taqdirini la’natlardi. Shoymardon bilan birga kelgan Soqov ko‘zlarini javdiratib nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, tushuntirolmas edi. Kabobpazga yordam berib yuruvchi bu odam kabobni Stalinning surati bor gazetaga o‘rab berish gunohligini qaydan bilsin? Jahongir unga nima deb dalda berishni bilmas edi. Faqat Soqovni ko‘zlarida yosh ko‘rganida yelkalarini silab qo‘yardi.

Qayd etilgan