Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 95302 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:03:16

..Shu jabrdiyda olamdan o‘tibdi. Jahongir o‘limni kutib yotganida, Azroil Soqovnikida ekan-da...
— Qanoat qila-qila boradigan joyimiz tayin ekan, — dedi Shoymardon, chuqur uf tortib. Keyin Daminga qarab, dedi: — Aka, biz ko‘p nohaq jabr tortganmiz.
— Akangiz ham jabr chekkanlar, — dedi Jahongir, — siz-ku, asir tushganingiz uchun qamalgansiz. Bu kishi kitob o‘qiganlari uchun o‘tirganlar.
— Vo. Xudo, necha ko‘rgiliklar ko‘rdik-a, adolat qolmagan ekan dunyoda.
— Adolat bor, — dedi Damin unga, — lekin adolat deganlari hamisha kuchga xizmat qilgan. Ichki yaralar yuzaga chiqib, endi bilyapmiz bularni. Donishmand deganimiz qoqilgan ekan, orqasidan butun xalq qoqilibdi. Qanoat deysiz. Qanoat tuyada ham bor. Tuyaning qanoati tugab, g‘azabi uyg‘onsa, kushxonaga jo‘natiladi. Odamniki tugasa-chi?
— Yaxshi gap aytdingiz, aka, kam bo‘lmang. Endi men boray. Sizlarni yo‘ldan qoldirmay. Soqovning yigirmasiga birga boramiz, o‘zim kirib o‘taman.
Shoymardon chiqib ketgach, Jahongir eshikka qulf urib, Damin bilan birga yo‘lga tushdi.
Qirqbelga yaqinlashishganda Jahongir Ajdarqoya sari burildi. Qabristonga borib qor ustiga tiz cho‘kdi. Yuqorida ajdarning uchta boshi oq qalpoq kiygan. Pastda do‘mpaygan qabrlar ham oq o‘ragan. Jahongir tilovat qildi. Har kelganida ota-onasi bilan xayolan suhbat qurardi. Bu safar ham odatini kanda qilmadi:
«Dada, akamni bag‘ringizga oldingiz, gunohlaridan o‘tdingizmi?»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:03:23

«Mendan rozimisiz? Gunohlarimdan o‘tasizmi?»
Bu ikki savol qayta-qayta takrorlandi, lekin javob bo‘lmadi.
Jahongir Daminning uyiga qaytib, u bilan deyarli gaplashmadi. Ertasiga nonushtadan keyin duo o‘qidi-da, oshnasiga iltijo bilan dedi:
— Damin, bergan osh-tuzingga rozi bo‘l.
— Jahon, esingni yig‘, nima qilmoqchisan, menga ayt. Murod keladimi Daydidaraga?
— Damin, jon oshna, so‘rama. Joyingdan jilmay o‘tir. Kechgacha kelmasam, milisaga xabar ber. Yana bir omonat gapimni Yo‘lchivoyga yetkazasan. Daydidaradagi chinordan qibla tomonga ellik qadam sanab odam bo‘yi kavlasin. Bobosining omonati o‘sha yerda.
— Jahon!
— Biz birovga yomonlikni ravo ko‘rmadik. Oshnachiligimizga xiyonat qilmadik, shunisiga shukr.
Jahongir shunday deb Damin bilan xayrlashdi.
Daydidara kimsasiz edi. Chinor ham, do‘ngliklarni turtib chiqqan katta-kichik qoyalar ham, qoyalarga tojday qadalgan do‘lanalar ham sukutda. Jahongir chinorga yaqinlashib, atrofni diqqat bilan kuzatdi. Oppoq qordan ko‘zlari qamashdi. Hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, daraxtdan sharq tomonga o‘n qadam o‘lchab pichog‘ini qinidan chiqardi. Qorni oyog‘i bilan nari-beri surib, so‘ng yerni o‘ya boshladi. Jahongir akasi bilan uchrashishdan avval bu yerga kelgan, otasidan qolgan omonatning katta bir ulushini ellik qadam nariga olib chuqurroq ko‘mgan edi. U yerni tizza bo‘yi o‘ygach, pichoqqa bir latta ilashdi. Jahongir latta tugunchani ehtiyotlik bilan olib ochdi. Tugunchadagi to‘pponchani yengiga artdi-da, o‘qdonini chiqardi. Bittagina o‘qni qoldirib qolganini chuqurchaga tashladi. So‘ng o‘rani asliday qilib ko‘mdi. Ustiga qor ham surib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:03:45

U dam-badam atrofga alanglardi. Qancha tikilmasin, uzoqdagi qoya ortida Solihov, Ramazonov va yana uch yigitning durbinda kuzatayotganini sezmas edi. Solihov Jahongir Qirqbel tomon yurgandayoq uning maqsadini fahmlagandi. Erta tongda u odamlari bilan Daydidaraga yetib kelgan, xuddi bo‘riga o‘xshab chinor o‘sib turgan do‘nglikni aylanib o‘tgan edi. Shu sababli bu atrofda odam izlari ko‘zga tashlanmas edi.
U to‘pponcha olganida Solihov sergaklandi. O‘qlarni chiqarib tashlaganda esa «shunchaki qo‘rqitmoqchi shekilli» deb o‘yladi.
Choshgohda Jahongirning qorda qoldirgan izlari yonida yana bir iz paydo bo‘ldi: Muroddila asta chinor tomon ko‘tarila boshladi.
Jahongir o‘ng qo‘lini qo‘yniga tiqqan ko‘yi qilt etmay turardi. Murodilla undan ko‘zini uzmagan holda bir-bir qadam tashlab unga yaqinlashaverdi. Uning o‘ng qo‘li paltosining cho‘ntagida, Jahongir sal nojo‘ya harakat qilsa bas — to‘pponchani chiqarib otib tashlashga shay edi.
Oradagi masofa uch qadam qolganida Jahongir orqaga chekindi-da, qo‘ynidan pichoq chiqarib yerga tashladi.
— Xazina shu yerda, — dedi u Murodillaga tikilib.
Murodilla bir pichoqqa, bir Jahongirga qarab, nima qilishini bilmay ikkilanib turdi-da:
— O‘zing kavla, — deb buyurdi.
— Men qul emasman. Birovga xizmat qilib o‘rganmaganman.
— Qazi deyman! — Murodilla shunday deb to‘pponchani chiqardi.
— Qo‘rqitmang meni. Men shartni bajardim. Xazinani ko‘rsatdim.
— Qazimasang, ayab o‘tirmayman. Akangning izidan jo‘naysan. U yoqda... nevaralaring bor-a?
Jahongir qorni oyog‘i bilan surib yerni qaziy boshladi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:03:52

«Bu akasidan ko‘ra aqlliroq ekan, — deb o‘yladi Murodilla, uning chaqqon harakatini kuzatib, — akasi ahmoq edi, shu ahmoqligi tufayli o‘lib ketdi».
Jahongir yerni pichoq bilan kavlay turib, dambadam Murodillaga qarab qo‘yardi.
«Olamgir ham taxminan shu yerda turgan edi, — deb o‘yladi Murodilla. — Demak, bilar ekan-da, bila turib aytmagan ekan-da?»
Murodilla tepadan aylanib tushib kelganida Olamgir chindan ham shu yerda turgan edi. Murodillani ko‘rib cho‘chib tushdi.
— Murod, nimaga kelding? — dedi.
— Seni himoya qilgani, — dedi Murodilla kulimsirab.
— Kelganing chakki bo‘libdi, qayt. Jahon ko‘rmasin.
— Ko‘rsa ko‘raversin.
— Murod, bizning ishimizga sen aralashma.
— Gap bunday, Olamgir: sen shoxida yursang, men bargida yuraman. Mojarolaringni bilaman. Lekin men ham quruq qolmasligim kerak. Ulushimni berasan. To‘rtdan uchi meniki. Bo‘lmasa, men ukangga xotining kim, o‘g‘ling kim — aytaman.
— Aytmaysan!
— Aytaman, bunaqa ishlar qo‘limdan keladi.
— Shunaqami... unda qishloqqa kim o‘t qo‘yganini, faollarni kim otganini men ham aytaman.
— Sen odam emas, to‘ng‘izsan, Olamgir. Eskini kavlash to‘ng‘izning ishi.
— Sen esa iblissan...
   

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:04:02

Shu zaylda boshlangan mashmasha so‘nggida Olamgir cho‘ntagidan pichoq, Murodilla to‘pponcha chiqardi. Tayin gapki, to‘pponcha oldida pichoq ojiz...
«O‘shanda nima uchun qo‘rqib qochib ketdim, o‘sha kuniyoq hammasi hal bo‘lar ediku?» — Murodilla shu savolni avval ham o‘ziga-o‘zi ko‘p bergan, hozir ham takrorladi.
Jahongir qaddini ko‘tarib, Murodillaga qaradi.
— Bo‘ldi.
— Xurjunni chiqar.
— Kerak bo‘lsa, chiqaring, men ketdim.
— To‘xta, chiqar deyapman.
Jahongir Murodillaga g‘azab bilan tikilib qaradi, so‘ng engashib tugundagi tilla tangalardan bir hovuch oldi-da, unga qarab otdi.
— Ma, to‘y, iblis!
Murodilla uning gaplariga parvo qilmadi. Sochilib yotgan tilla tangalarga ochko‘zlik bilan qaradi-da, yugurib borib o‘raga engashdi. Shu vaqtda Jahongir qo‘yniga qo‘l tiqib so‘nggi, bittagina o‘qi qolgan to‘pponchani oldi.
Bu vaqtda Solihov sheriklari bilan chinorga yaqinlashib qolgan edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:04:11

XOTIMA

Qissaga shu yerda nuqta qo‘ydim. Shu nuqtaga qadar men bilan hamfikr, hamnafas, hamdard bo‘lganingiz uchun Sizdan minnatdorman.
Bu uchrashuvdagi so‘nggi so‘zim: Toshkentning kunchiqariga joylashgan, bir vaqtlar ovloq joy bo‘lgan Daydidarada, qorniga o‘t qalab, o‘yib tashlangan keksa chinor poyida choyxona bor. Yo‘lchivoyning choyxonasi qaerda, deb so‘rasangiz, yoshu qari yo‘l ko‘rsatadi. Xuddi shu choyxonada o‘tirib, hayratlanarli voqealarni eshitganimdan so‘ng menda mazkur asarni yozish fikri tug‘ildi. Agar bayonimga ishonmasangiz, Daydidaraga boring, o‘z qulog‘ingiz bilan eshiting.
Vassalom. Siz bilan yana uchrashish umidida xayrlashaman.

1988 yil.

T A M O M

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 11:31:21

So'nggi o'q (qissa). Tohir Malik



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 463 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan