Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141079 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:28:04

Solihov supadagilar bilan salomlashib, qariyalardan biri tilovat qilgach, ikkinchisi unga guldor, yupqa xitoyi piyolada choy uzatdi.
Mezbonlar Solihovni ko‘ngil so‘rab, ta’ziya bildirgani kelgan odam deb o‘ylashgan, lekin, tanimay turishgan edi. Solihov ma’noli qarashlardan buni darrov sezdi. Oradagi noqulay vaziyatni ko‘tarish uchun o‘zini tanitdi.
— Marhumning yaqinlaridan so‘raydigan gaplarim bor edi. Ishimiz shunaqa, ko‘ngilga olmaysizlar. Vaqt o‘tishini kutib tura olmaymiz.
— Qani, inim, dasturxonga marhamat qiling. Avval taom, so‘ngra kalom, deganlar. So‘ng, mana, Yo‘lchivoy bilan bafurja suhbat quraverasiz. Yo‘lchivoy — rahmatli Siddiqbekning pushti kamari, — dedi choy uzatgan qariya.
— Inna lillahi va innaa ilayhi roji’un.1 Ollohning marhamati shu-da, musofirlikda olmay, o‘z yurtida oldi jonini. Shunisiga ham shukr qilish kerak. «Yurtimga kelvoldim, bu yoqdagi hayotim endi foydaga qoldi», derdi rahmatli.
— Sizlar qarindoshmisizlar? — deb so‘radi Solihov, choydan ho‘plab.
— Aslida-ku... begonamiz, ammo musofirlikda qarindoshdan afzal bo‘lib ketganmiz. Qashqarda nasibamizni terib yeganmiz.
— Sharipov... Siddiqbek aka qachon ketganlar bu yerlardan?
— Lenin o‘lmasidan ancha avval, derdi rahmatli.
— Sababini bilmassizlar?
— E, inim, sababini o‘zingiz bilasiz-ku? Otamizda bitta sigir bo‘lsa ham «boy» deb, «unsur» deb dag‘dag‘a qilishgan. Rahmatli Siddiqbek ham boshqalarga qo‘shilib ketvorganlar. Mana, Yo‘lchivoy o‘shanda yo‘lda tug‘ilgan ekan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:28:12

Devor-parda ortida sharpa sezilib, Yo‘lchivoy o‘rnidan turdi-da, uzatilgan kosalarni olib iziga qaytdi.
Solihovning qorni och edi, tortinib o‘tirmadi. Qariyalar ham guldor qizil cho‘plarni barmoqlariga qistirib olgancha lag‘monni ishtaha bilan yeya boshlashdi.
— Kimnikidan kelibdi, juda boplapti-da, a? — dedi qariyalardan biri.
— Murodillanikidandir? — dedi ikkinchisi.
— Shunaqa bo‘lsa kerak, — dedi Yo‘lchivoy.
Ovqat yeyilib fotiha o‘qilgach, qariyalar qo‘zg‘olishdi.
— Yo‘lchivoy, o‘g‘lim, endi biz boraylik. Xudo sabr bersin. Olloh nasib etsa, payshanba kuni diydor ko‘rishamiz.
Ular shunday deb chiqib ketishdi.
Supada ikkovlon qolishdi. Solihov Yo‘lchivoyga qaradi. Peshonasi keng, kipriklari uzun, qora qosh, qirraburun bu odamni qaerdadir ko‘rganday edi.
— Qotilni topganmishsizlar? — deb so‘radi Yo‘lchivoy.
— Hali topganimizcha yo‘q. Bir odamda gumonimiz bor. Shuning uchun ham siz bilan gaplashib olishim kerak. Siz o‘zingiz yoki onangiz biron kishidan gumon qilayotganlaring yo‘qmi?
Yo‘lchivoy o‘ylanib turib yelka qisdi.
— Hayronman... kimga kerak ekan bu...
— Dadangiz biron kishining ta’qib etayotganini aytmabmidilar?
Yo‘lchivoy yana o‘ylandi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:28:21

— Yo‘q, tinchgina yashardik. Bu shaharga kelib, joy qilib, hali do‘st-dushman orttirishga ham ulgurolmovdik.
— Dadangiz Daydidaraga nima uchun borganlar? Aytib ketgan edilarmi?
— Bir birodarimni yo‘qlab kelaman, devdilar. Kimligini so‘ramabman. Dadam... rahmatli ham aytmovdilar.
Avvaliga «rahmatli» deyishga Yo‘lchivoyning tili bormadi. «Rahmatli» deyish o‘zing uchun aziz bo‘lgan odamning o‘limini tan olish-da. O‘g‘il hali bu dahshatli fojiani tan olgisi yo‘q. Nazarida dadasi halizamon Daydidaradan qaytadigandek. O‘q o‘pirib yuborgan bosh, ochiq ko‘zlar esa... bular qo‘rqinchli tush edi.
Yo‘lchivoy o‘zi istamagani holda buni tasdiqladi. Otasi yerga qo‘yilgach, uch kun o‘tib, uning o‘limini tan oldi. Ammo shu so‘zni aytishi bilan badani titrab, peshonasiga sovuq ter chiqdi. Solihov undagi o‘zgarishni sezdi. Shu sabli qayta savolga tutmay, sabr qildi.
Bu qisqa jimlikda Yo‘lchivoy yo‘lga otlangan otasini ko‘z oldiga keltirdi. «Daydidara degan qishloqda birodarim bor. O‘ttiz yil ko‘rishmadim xabar olishim farz», deb jilmaygan edi. Jilmayishida sarosima zohir edi. Yo‘lchivoyning sezgir nigohi ilg‘agan edi bu sarosimani. Demak... sarosimali jilmayish... o‘lim sharpasi ekan-da?!
Yo‘lchivoy ko‘zlarini yumib oldi. «Nimaga to‘xtatmadim. «Tobingiz yo‘qqa o‘xshaydi, bormang», desam bo‘lardi-ku! Nimaga indamadim? Nimaga birga bormadim? Xudo menga xabar bergan ekan-ku, nimaga ilg‘amadim bu xabarni?..» Har bir savol miyasida yashin singari chaqnab, yuragiga nayza kabi sanchilardi. Uch kun davomida keldi-ketdilar bilan ovunib bunday xayollarga bandi bo‘lmagan edi. Xayollari eshigining lang ochilishiga ro‘parasidagi odam aybdormi? Bu odam kelmaganda xayollari zanjirbandligicha qolarmidi? Yo‘q, ertami-kechmi bu xayollar, bu savollar zanjirlarni uzar edilar, Yo‘lchivoyning yuragini burovga olar edilar. Bu odam bahonasida barvaqt boshladilar qiynovni.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:28:28

— Bu tomonda dushman orttirishga ulgurmabsizlar, u tomonda-chi? Dushmanlaring bormidi?
Solihovning ovozi uzoqdan kelganday to‘lib, Yo‘lchivoy ajablandi. Shu bois darrov javob bermadi. O‘ylashga, fikrini jamlashga biroz fursat talab etildi. Solihov buni boshqacha tushundi. «Eslamoqchi», deb o‘ylab, javobni kutdi.
— U tomonda bizlar musofir edik. Musofirlik tuzini totganlar bir-biriga yov bo‘lmaydi. Mening bilganim — shu.
— Dadangiz asli qaerliklar?
— Yusufxona degan qishloq bor, eshitganmisiz?
— Ha, bilaman. Siz bobongizni eslaysizmi? U kishi nima ish qilardilar?
— Bobomni eslay olmayman, chunki... ko‘rmaganman. O‘rtahol dehqon bo‘lgan ekanlar.
— Sizdan bir iltimosim bor. Dadangizning do‘stlaridan so‘rashning mavridi emasdi. So‘raganimda ham menga aytmasliklari mumkin. Siz ular bilan alohida-alohida gaplashganingizda «Kimning qasdi bo‘lishi mumkin?» deb so‘rab ko‘ring. Aytishsa, menga ma’lum qilasiz. Endi mana bu suratga qarang, — Solihov ko‘krak cho‘ntagidan Jahongirning rasmini olib unga uzatdi. — Taniysizmi?
— Ha, — dedi Yo‘lchivoy suratni qo‘liga olib. — Bir-ikki kelgan bu odam. Gumon qilayotganingiz shumi?
— Siz gaplashganmisiz bu odam bilan?
— Yo‘q. Dadam... rahmatli gaplashganlar. Keyin... «Men yo‘g‘imda kiritmanglar», deb aytgan ekanlar.
— Kimga?
— Onamga.
— Onangiz taniydilarmi bu odamni?
— Bilmayman.
— Chaqirsangiz, shuni so‘rab olsam?
— Mumkin emas. — Yo‘lchivoyning ovozida qat’iylik sezildi. — Ayol kishi nomahramning oldiga chiqmaydi.
— Pardaning u betida turib gaplashishlari mumkinmi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:28:36

Yo‘lchivoy rasmni olib parda orqasiga o‘tdi. Undan bir necha daqiqa darak bo‘lmadi. Solihov chinni piyolani chertib qo‘ydi. Jarangiga hushi ketib, yana chertdi.
Yo‘lchivoy qaytib, suratni uzatdi:
— Tanimas ekanlar, — dedi quruqqina qilib.
Solihov muomaladagi bu o‘zgarishni sezib, ajablandi.
— Choydan iching, aka.
Solihovga bu «gapingiz tugagandir, sizga ruxsat», degan ma’noda eshitildi. O‘zicha «kalavaning bir uchi shu yerda», deb qo‘ydi-da, yigitga rahmat aytib, o‘rnidan turdi. U parda-devorning bir tomoni sal surilganini, bir juft qora ko‘zning ta’qib etganini sezmadi.
Parda-devor ortidan Yo‘lchivoyning onasi, Siddiqbek Sharipovning bevasi Xadicha o‘g‘rincha qarab qolgan edi. Nima uchun qaraganini o‘zi ham bilmaydi. O‘g‘li suratni ko‘rsatganida vujudidan jon chiqib ketganda bo‘ldi. A’zoyi badani muzladi. Tili kalimaga kelmay g‘udrandi. G‘oyibdanmi bir kuch topib, «Taniysizmi?» degan savolga «Yo‘q», deya oldi. O‘g‘li yana bir nimalarni so‘raganida yo hushidan ketardi yo aqldan ozaordi. Xadicha — ruhi hayotning tegirmon toshlari orasida ezilib ado bo‘lgan muslima ana shu chegaraga kelib qolgan edi. Sitamlar uni har siquvga olganida «Bas, boshqa chiday olmayman», deb o‘ylardi. Ammo sitamlar kelaverardi, u mushtipar esa chidayverardi...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:28:46

«Vatan darvozalari ochildi, Olloh yurtimiz yo‘lini yoritdi», degan xabarni eshitganida quvonish o‘rniga bir cho‘chib tushdi. Bshqalarga ota yurt quchoq ochardi. Nazarida uni o‘lim betoqat kutardi. Vatan sari bosilgan har bir qadam o‘lim chohi sari qo‘yilganday tuyulardi. O‘lim shunday kelib jonini sug‘ura qolsa mayli edi. Dunyoda ko‘radiganini ko‘rdi. Xudoga mingdan-ming nolalar qildi. Munojoti ijobat bo‘ldi — och qolmadi, xorlanmadi, xo‘rlanmadi... Biroq... yashashning lazzati qorin emas ekan. Ko‘ngli hamisha huvillab turdi. Shu Siddiqbekka nikohlangan kuni o‘zini osmoqchi ham bo‘ldi. Faqat shu Yo‘lchivoyi... shu o‘g‘li ko‘ziga ko‘rinmaganida bu alamlar yo‘q edi... Xadicha hayotdan to‘ygan, deyish noo‘rin. Esi butun odam hayotdan to‘yarmidi? Eng og‘ir sharoitda ham «balki ertaga xayrli tong otar», deb umid qiladi. Xadicha bunday tonglarni ko‘p kutdi. Hozir ham kutadi. Buning befoydaligini bilsa ham kutadi. Ha, u hayotdan to‘ygan emas. Faqat ko‘z ochib ko‘rgani bilan uchrashishdan qo‘rqardi. O‘lim emas, ana shu diydor ko‘rishuvi uning uchun dahshatli edi. Musofirlikda yurganda Xudodan unga umr tilardi, baxt tilardi. Yurtig yo‘l olganida shayton «Ilohim, omonatini topshirgan bo‘lsin!» degan mash’um fikrni miyasiga urdi. Bu fikrdan sachrab ketdi. «Astag‘firulloh!» deb ko‘kragiga tufladi. Shayton — shayton-da, bu fikrni, u qo‘lidan-bu qo‘liga olib, otib o‘ynayverdi. Dam-badam o‘yinga Xadichani ham tortdi. Ayol «Astag‘firulloh!» deb kalima qaytarganida shaytonning badani zirillab, qorong‘i uyasiga daf bo‘ldi. Keyin yana chiqdi... Bu o‘yin mana shu hovlida Jahongirni ko‘rganiga qadar davom etdi.
Uni ko‘rdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi: ko‘zlar o‘sha, qarashlar o‘sha, ovoz o‘sha. O‘sha orasta kiyinish... Faqat peshonasiga birnima yozilgan. Bu nimasi?..
Xadichaning o‘sha damdagi holatini bayon etish mushkul. O‘limlariga rozi bo‘lib ketdi. «Mening tirikligimni bilmasin, ko‘rgan kunimni bilmasin, jonimni olaqol, Xudo!» deb boshini devorga urdi. «Jon enam, jon otam, yoninglarga chaqirsangiz-chi!» deb nola qildi. Do‘zax u dunyoda deydilar. Xadicha do‘zax o‘tiga shu dunyoning o‘zidayoq ro‘baro‘ bo‘lgan edi.
O‘g‘li hozir suratni ko‘rsatgach, do‘zax olovi yana zabtiga oldi.
Solihovni ta’qib etgan bir juft ko‘z egasi mana shu o‘tda yonayotgan Xadicha edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:29:09

3. TO‘LG‘OQLI KECHA

Birinchi bobda Jahongirni shahar turmasiga kuzatgan edik. Alhol uning ahvoli-ruhiyasidan xabar topish vaqti yetdi.

«— Musulmonlar, axir bu Muhammadrizoning pushti kamari-ku?! Noshukr bo‘lmang, rahmatlining yaxshiliklarini unutsak ko‘r bo‘lamiz-ku! Boy, boy, deysiz, boy bo‘lib bizning bo‘ynimizga minib olmagan edi-ku?! O‘zi ishlab topardi-ku?!
— Otasi rahmatli yaxshi odam edi, bolalarining qilig‘ini ko‘rding-ku! Bittasi qochib qoldi. Bu ham bo‘riday olayib turibdi...»
«— Jahongir Muhammadrizo o‘g‘li, qishloq faollarini otishda ishtirok etganingizni tan olasizmi?
— Yo‘q, men otmadim.
— Hoy, qizil qozi birodar, gapiga ishonmang, otgan.
— Bekor aytyapsan, zang‘ar, Jahon yo‘q edi ularning ichida... Bu ham o‘zimizga o‘xshagan dehqon bo‘lsa...»
«— Ishchi-dehqon jumhuriyati nomidan...»
Ikki qo‘lini bolish qilib chalqancha yotgan Jahongir ko‘zini ochdi. Uxladimi yo tush ko‘rdimi yoki yillarning chig‘irig‘idan o‘tib kelayotgan xotiralari uyg‘ondimi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:29:17

Jahongir shahar qamoqxonasi hovlisida mashinadan tushdiyu tanish manzarani ko‘rdi. Odam ruhini ezib chilparchin qilib yuboruvchi o‘sha toshbino, o‘sha temir panjarali tuynuklar. O‘sha sovuq nigohli soqchilar. «Bu yerga yana qaytish peshonamda bor ekan-da. So‘nggi manzilim shu yer ekan-da. Bundan ko‘ra ozodlikda, o‘risning o‘sha o‘rmonlarida o‘lib ketganim durust emasmidi?.. Astag‘firulloh Noshukr bandangni o‘zing kechir. O‘sha o‘rmonlarda sendan umr tilagan edim, berding. Niyatimga yetay degandim, yetkazding. O‘zingga shukr. Jonimni ozodlikda olding nima-yu,bu toshbinoda olding nima, bandangga baribir emasmi? Bu dunyo azoblaridan qutqarsang bas. Bandangga o‘zing rahm qil.»
Shu xayollar bilan qamoqxona ichkarisiga kirdi. O‘sha tanish manzara: ikki qavatli taxta karavotlar, kirtaygan ko‘zlar, rangpar chehralar, o‘sha tanish hid — toshdevorning zax nafasiga qorishib ketgan badbo‘ylar.
Bu yerning taomili ham ma’lum unga: beayblar, birinchi marta tushganlar, bexos jinoyat qilib qo‘yganlar yangi tushgan mahbusga darrov e’tibor qilishmaydi. Ular o‘z dardlariga qovrilib yotgan bo‘lishadi. Yangi kelgan odam dastlab qamoqxona havosini olganlar diqqatiga ro‘baro‘ bo‘ladi. Taomil o‘zgarmabdi: sochi qoshigacha tushgan yigit qo‘llarini cho‘ntakka solgancha, o‘rdakday lapanglab kelib uning qarshisida to‘xtadi. Bezbetlarcha tikildi. So‘ng Jahongirning peshonasidagi yozuvga sovuq barmoqlarini tekkizdi. Yigit «qarshimdagi tirik jon emas, shunchaki bir matoh, uni ushlab ko‘rishim ham mumkin, ezg‘ilab ko‘rishim ham mumkin», degan manmanlik fikrida edi. Jahongir bu toifaning fe’lini ham, bunaqa odamning nima qilishini ham biladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:29:25

— Bu yeringga nima yozilgan? — dedi yigit uning peshonasiga chertib.
— Tishing o‘tmaydi bunaqa gaplarga, — dedi Jahongir qo‘rslik bilan.
— Zo‘rsan-ku! — yigit shunday deb uning yuziga yengil shapatiladi.
U yangi kelgan odamni shu zaylda biroz mazax qilmoqchi edi. Ammo ulgurmadi. Jahongir yirik, baquvvat panjalari bilan yoqasiga chang soldi-da, uni xuddi bir bog‘ pichanday nariga uloqtirib yubordi. Yordamga shoshilgan ikki yigit ham sherigi yoniga uchib tushdi. Uch yigitdan iborat «g‘aram»ni joylab bo‘lgach, Jahongir bo‘sh karavotga borib yotdi. Uzoq vaqt tosh qotganday qimirlamadi. Birov unga gapirmadi ham. Bundan foydalangan Jahongir maylini xayollar izmiga bergach, ko‘zi ilinibdi...
Axir «Hoy, musulmonlar!» degan ovozni aniq eshitdi-ku? Iltijo bilan, dard bilan aytilgan so‘zlar... Inobatga olinmagan iltijo, befarq qoldirilgan dard. O‘shandagi befarq nigohlar uni uqubatli ayriliqqa kuzatgan edi. Har qalay o‘sha damda shunday deb o‘ylabdi. Keyin bilsa, bu nigohlar uni bir umrlik azobga kuzatgan ekan. Bu befarq nigohlar uni o‘tiz besh yil muqaddam o‘limga yuborgan ekan. O‘ttiz besh yil yer yuzida emas, o‘lim darasida sarsari kezdi. Qorni to‘q mushuk sichqonni panjalari orasida ezg‘ilab o‘ynaganiday Azroil ham uni shu ko‘yga soldi. «Joningni ana olaman, mana olaman», deb o‘ttiz besh yil u burchakdan-bu burchakka haydadi. Mana, nihoyat, shu manzilga boshlab keldi. Kunda shu toshimoratda. Bosh qo‘ysa bas. Shu toshimorat ichida joni ketadi. Kindik qoni tuproqqa to‘kilgan edi. Yurak qoni toshga sachraydi, keyin... toshdan kafan topadi. Uning murdasini so‘rab oladigan yaqini yo‘q. Bo‘lganda ham berishmasa kerak. O‘zlari ko‘mishadi. Ko‘mishsa — xo‘p-xo‘p. Yoqib yuborishsa-chi? Murda o‘tga kirganda tirik odamday sakraydi, deyishadi. Shuni eslasa, Jahongirning badani muzlaydi. Hozir ham shu gap xayoliga keldiyu qamoqxonada emas, muz o‘likxonada yotganday seskandi. Qaddini ko‘tarib, kaftlarini ikki yuziga bosdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:29:37

Mahbuslar, beso‘naqay gavdali bu odamdan hayiqib qolishganmidi, unga e’tibor berishmadi. Hol-ahvol so‘raydigan yo tanishib olish istagida bo‘lgan, yo «yorug‘ olamda nima gaplar», deb qiziqadigan kimsa topilmadi. Bu Jahongir uchun muddaoning o‘zi edi. Birov bilan gaplashish u yoqda tursin, Jahongir odam zotini ko‘rmasam, degan kayfiyatda edi. Ammo chora qani, bir to‘da mahbusning ichiga tashlab qo‘yishgandan keyin u nima qila olardi.
U hamxonalariga zimdan nazar tashladi: yoshda ham, shakl-shamoyilda ham o‘xshaysiz bu odamlar toshimorat ichida shunday kunlar boshiga tushishini bilganmi? Bu imoratdan qachon chiqib ketishadi — bilishadimi? Tashqarida bir kosa ovqatni kirita olmay sarg‘ayib turgan jigarlari bilan qayta ko‘rishish nasib etadimi ularga? Buni hech biri bilmaydi. Ammo quyoshli olamga qaytish umidi bilan yashaydi. Bunday umid faqat Jahongirda yo‘q. Bunaqa umidning paydo bo‘lishini istamaydi ham. Uning umid-maqsadi bir — Parvardigori bergan omonatni topshirib, ota-onasi yoniga borish. Depara avaxtasida yotganida qaytish onlari yaqinligiga imon keltirgan edi. Biroq shaharlik bu mayor paydo bo‘ldiyu rejalari chigallashib ketdi.
Chiroq xiralashib, mahbuslar birin-sirin karavotlariga cho‘zilishdi. Xonada pishillash, xurrak ovozlari qorishib ketdi. Jahongir bir o‘tirdi, bir yotdi, bir turib yurdi. Behalovat kecha uning nazarida ancha cho‘zildi. Nazarida endi mutlaqo tong otmaydiganday edi. Bu pishillayotgan, xurrak otayotganlar ham tirik odamlar emas, murdalar edi. Yotgan yeri ham qamoqxona emas, erinmay qazilgan, g‘oyat keng bir go‘r edi. Aftidan, Olloh uning jonidan avval es-hushini olganu to‘ppa-to‘g‘ri shu go‘rga tiqqan edi.

Qayd etilgan