Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 101352 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:29:45

Tongda iliq suv bo‘lib suvga, sho‘rva bo‘lib sho‘rvaga o‘xshamagan bir narsani ichib bo‘lgach, uni so‘roqqa chaqirishdi. O‘sha tanish mayor torgina xonada erinmay so‘roq boshladi. Jahongir so‘roqqa kirishda «Nachaynik, aybimga iqrorman, ishni sudga oshiraver», demoqchi edi, mayorning savollaridan gangib gaplarini aytolmay qoldi. Tergov Jahongirning nazarida bir-bir yarim soat chamasi davom etdi. Mayor xuddi «ish vaqtim sakkiz soat, shu so‘roqdan boshqa yumushim yo‘q, kechga qadar gaplashaman sen bilan», deganday erinmasdan so‘roq qilardi. Bu mayor Jahongirni o‘ttiz besh yil badalida kalaka qilib kelayotgan Azroildan ham battar ekan. U ham Jahongirni berkinmoqchi bo‘lgan hali u burchakdan, hali bu pastqamlikdan tortib chiqarib, haqiqat oftobiga ro‘baro‘ qilaverdi. Jahongir bu oftobdan qo‘rqar edi. Shu sbabli so‘roqlarga uzoq dosh berolmadi. Mayor Solihov so‘roq oxirlab qolganini his etgach, soqchini chaqirdi.
Jahongir mahbusxonaga kirib, joyiga yonboshladi. Ro‘baro‘da o‘tirgan yigit esa gapiraymi-gapirmaymi, deb ikkilanib turdi-da, oxiri ko‘ngil so‘ragan bo‘ldi:
— Tinchlikmi, aka?
Jahongir ajablanib unga bir qarab qo‘ydi-da, «Tinchlik», deya po‘ng‘illadi. Yigit «kelib-kelib shu to‘nkadan ko‘ngil so‘raymanmi», deganday o‘rnidan turib, nari ketdi. Jahongir o‘zining bu qilmishidan pushaymon bo‘ldi. Bir odam yaxshi niyat bilan ko‘ngil so‘rabdi, dalda bergisi kelibdi. Po‘ng‘illashi nimasi edi! Biroq bu holda Jahongirni ayblash ham o‘rinsiz. Tegirmon toshlari orasidan o‘tib, bir mo‘’jiza bilan tirik qolgan odamni tasavvur eting-a? Jahongir hozir so‘roqdan emas, aynan tegirmon toshlari orasidan chiqib kelib «Tirik qolganim chinmi?» deb turgani edi. Unga bir og‘iz gap ham ortiqcha edi. Shu bir og‘iz gapni qo‘shni karavotdagi yigit aytib qo‘ydi. Boshqa payt bo‘lganida Jahongir gapni maromiga burib uning ko‘nglidagi xijilni yozib yuborishi ham mumkin edi. Harholda Jahongir yigit o‘ylaganchalik to‘ng emas, vaqtida ulfat ko‘rgan odamlardan edi. Lekin hozir yigit ko‘nglini yumshatishga holi yetmadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:29:55

U ikki qavatli taxta karavotlarni, sharpaday rgan, o‘tirgan, yotgan odamlarni ko‘rgisi kelmay ko‘zini yumdi. Yumdiyu taxta karavotlar oralab sharpaday yurgan, o‘tirgan, yotgan odamlar o‘rnida qattiq tikilib turgan mayor paydo bo‘lib, tergovni boshlab yubordi:
«— Muhammadrizaev, to‘g‘risini ayting, nima uchun tergovni chalg‘itmoqchi bo‘lyapsiz. Sizni qo‘rqitishdimi?
— Kim qo‘rqitadi? Odam o‘limdan ko‘rqadi. Men esa o‘limdan qo‘rqmayman.
— Shuning uchun aybni bo‘yningizga olyapsizmi?
— Xudodan yashirmagan sirni sizdan yashiramanmi?
— Siz ko‘p jabr tortgan ekansiz. Bu haqdanmi yo nohaqdanmi hozircha bilmayman. Lekin...»
Jahongir ko‘zini ochdi. «Hozircha bilmayman...» Ha, shunday dedi mayor. Lekin Jahongir o‘sha tobda bu gapga ko‘p ham ahamiyat bermagandi. «Hozircha...» Nima demoqchi? Hali o‘ttiz besh yillik gapni, o‘ttiz besh yillik eski paxtani titib ko‘rmoqchimi? Nimaga? Kimga kerak ekan bu haqiqat? Biz sizni o‘ttiz besh yil nohaq azoblagan ekanmiz, degani bilan umri qaytib berilarmidi? Suygan xotini, xorij yo‘lida kindik qoni to‘kilgan o‘g‘li bag‘riga qaytadimi?.. «Ishchi-dehqon jumhuriyati nomi bilan...» Bexos miyasini zirillatgan bu gap toshimoratni ham larzaga solganday bo‘ldi. Tosh devorlarga tegib jaranglagan bu gap miyasiga qaytib urilib, tovonigacha zirqiratib yubordi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:30:04

«Hali Xudo oldida gunohim ko‘p ekan. Olloh suygan bandalarini bu dunyoda obdan qiynab, gunohini to‘kib, so‘ng u dunyo bag‘riga oladi, deyishardi. Otamning xunini olmaganim uchun Xudo gunohimdan kechmayapti. Gunohlarim to‘kilib bitganda o‘sha qishloq avaxtasidayoq omonatimni topshirardim. Gunohim ko‘p ekan hali... Yo Tangrim! Hech bir bandangni bunchalik qiynama. Omonatingni olging kelmayotgan bo‘lsa nima qilay, ayt. o‘z jonimni o‘zim sug‘urib olayinmi?! Nauzubilloh! O‘zing asra bundan, Tangrim, shayton yo‘lidan o‘zing qaytar. O‘zing bergan omonatni o‘zing qaytarib ol. Sen bergan ne’matga men xoinlik qilolmayman...» Jahongir shunday deb kalima qaytardi.
Dastlab turmaga tushganidan beri necha marta joniga qasd qilishni o‘yladi. O‘rusiyaning sovuq o‘rmonlarida, Germaniyaning hashamatli shaharlarida yurganida ham bu fikr ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan, ammo shayton yo‘liga kirmagan, Yaratgan bergan omonat joniga xiyonat qilmagan edi. Shuncha azobga chidab kelib, endi, so‘nggi qadam qolganda xiyonat qiladimi? Yo‘q!
Jahongir o‘ng yonboshiga ag‘darildi. Jangohni zulmat qanotlari bilan bosib turgan qorong‘ulik bag‘rini tilgancha yorug‘ izlar qoldirib uchayotgan o‘qlar kabi xayollari uning qorong‘u miyasini nishonga olgan edi. Mayorning har bir savoli o‘sha o‘q misol zulmat qa’ridan otilib chiqar edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:30:13

«— Siddiq Sharipov bilan qaerda tanishgansiz?
— Men bunaqa odamni tanimayman.
— Aniq eslang: Daydidaradagi hodisa ertalab yuz berganmi yo oqshomda?
— Ertalab ham, oqshomda ham emas, kunduzi.
— Miltig‘ingizning nomi nima edi?
— Ov miltig‘i...
— Miltiq turlarining o‘ziga yarasha nomi bo‘ladi.
— Nomini bilmayman.
— Miltiqni qaerdan olgansiz?
— Otamdan qolgan. Eski miltiq edi.
— O‘q marhumning qaeriga tekkan?
— Bilmayman.
— Muhammadrizaev, o‘zingizni go‘llikka solsangiz solavering, biroq bizni befahm deb o‘ylmang. Harholda biz miltiq o‘qi bilan to‘pponcha o‘qining farqiga boramiz. O‘q orqadan otilganmi, yuzma-yuzmi, buni ham ajrata bilamiz.
— Nachaynik, o‘zingizni qiynab nima qilasiz, qo‘rqmang, sudda tonmayman gapimdan. Menga achinmay qo‘ya qoling.
— Achinmay qo‘ya qoling? Men sizga emas, marhumga achinyapman.
— Unga ham achinmang, arzimaydi.
— Arzimasligini siz qaerdan bilasiz, uni tanirmidingiz?»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:30:23

Shu savol berilganda Jahongir ilinganini sezdi. Mayor «marhumga achinyapman», deganida indamay qo‘yaqolmasdan «unga ham achinmang», deyishi nima edi?! «Marhumlarga achinish kerakmas, duoi fotiha zarur ularning ruhiga», deb qo‘ya qolmaydimi? Shunday deyishga dedi, ammo fursatni o‘tkazib, «uni tanirmidingiz?» degan svoldan so‘ng aytdi. Qirg‘iyko‘z mayor anoyi emas, ilintirib oldi. Hali «achinishga arzimaydi», degan gap atrofida ko‘p aylantiradi. Jahongirga bularning fe’li ma’lum.
Jahongir avvallari inson taqdiriga befarq qaraganlvri uchun bu tergovchilardan nafratlanar edi. Endi esa aksincha bo‘lyapti haqiqatni ochishga intilayotgan mayorni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. «Endi bu haqiqatlarning menga nima keragi bor, — deb o‘ylardi u, — hayotimni barbod qilishgan bo‘lsa, bu dunyodan ilinjim qolmagan bo‘lsa...»
Jahongir ming bir xayol qurshovida uyquga ketdi. Uyqu boshqalarga orom ulashsa, unga azob beradi. Ko‘zi uyquga ketishi bilan miyasiga uya qurib olgan ko‘rgan-kechirganlari ko‘rshapalakdek uyg‘onib, uni har ko‘yga soladi. Arvohlar bilan gaplashadi, iblislar qanot chiqarib uni uchiradilar, osmonga olib chiqib chumchuq patiday o‘ynaydilar.
Ayniqsa, qamoqdagi tunlar beorom kechadi.
Bu safar iblislar uni xoli qo‘yishdi. Ko‘ziga Daydidaradagi o‘sha chinor ko‘rindi. Chinor... barglari bitta qolmay to‘kilgan. Shamol bu barglarni qaygadir uchirib ketgan. Atrofda shisha siniqlari. Daraxt ostida kimdir o‘t yoqib uning tanasini odam sig‘adigan darajada o‘yib yuborgan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:30:40

— Sizga ozor yetibdi, Chinor bobo, — deydi Jahongir, — mening bag‘rim ham sizning kuygan tanangizdek o‘yilib ketgan. O‘shanda bargingizni to‘ka qolganingizda bu ko‘rguliklar yo‘q edi menga. Ayting endi, bu boshga yana qanday savdolar tushadi?
Chinor javob bermaydi, qayg‘u bilan tebranadi. Tanasidagi o‘yiq — go‘yo uning og‘zi. Tili esa sug‘urib olingan...
Tepadan ovoz keldi. Jahongir shoshib qaraydi: yo‘g‘on shox ustida Zokirxo‘ja o‘tiribdi. Qo‘lida tasbeh.
— Ehtiyot bo‘ling, yiqilib tushasiz, — deydi Jahongir unga.
Shunday deyishi bilan shox qarsillab sinib, Zokirxo‘ja to‘g‘ri Jahongirning ustiga qulaydi...
Nafasi qaytib, terga pishgan Jahongir cho‘chib ko‘zini ochdi: qamoqxona hali ham tun hukmida. Bir necha mahbus kim o‘zarga baralla xurrak otadi. Tashqaridagi qadam ovozlari soqchilarning bedorligidan darak.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:30:51

Jahongir ko‘p yillardan beri Zokirxo‘jani eslamas edi. Birinchi marta qamoq jafosiga uchraganida hamdard bo‘lgan bu odamning jasadi uzoqlarda qolib ketgan. Bir umr Olloh yo‘lida xizmat qilgan bu muslimga kafan, janoza nasib etmadi. Jahongir Zokirxo‘jani har eslaganida «Musofirlikda oltin topish oson, jon taslim qilish qiyin», deb qo‘yardi. Aslida bu — Zokirxo‘janing gapi. Tanasi kafan ko‘rmagan, lahad ko‘rmagan muslimning gapi. Qulog‘iga Olloh nomi bilan azon aytilgan, «Olloh», deb tili chiqqan, umr bo‘yi toat-ibodatda bo‘lgan muslim janozasiz ketdi. Inson bolasi boshiga turli kulfatlar tushishi mumkin. Bu dunyo azoblarini behad ko‘p totishi mumkin. Lekin, Jahongirning nazarida kulfatlarning eng beshafqati o‘sha Zokirxo‘jaga nasib etdi. «Bir hovuch ona tuproqqa zor bo‘lib, ko‘z yumishni hech bir bandaga nasib etmasin». Bu ham Zokirxo‘janing gapi.
Odamning bir yelkasida shayton, ikkinchisida farishta o‘tiradi, deydilar. Shayton Jahongirga:
— Akang bir hovuch tuproqqa zor bo‘lib o‘ladi, — deydi.
Farishta esa:
— Akangni tuz-nasib tortib keladi. Xudo uning jonini sening qo‘ling bilan oladi, — derdi.
Shayton ham, farishta ham aldadi.
Shu aldovga uchratguncha o‘shanda Zokirxo‘ja o‘rniga uning jonini olmaydimi... «Astag‘firulloh!» Jahongir yana kalima qaytardi. Xayolini chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Biroq Zokirxo‘jadan uzoqlasha olmadi...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:30:59

...Jahongir temir panjarali darchasi bor vagonga chiqayotganida qayoqqa ketayotganini bilmagandi. Poxol to‘shalgan vagon ichi sassiq edi, kishining nafasi qaytib ketardi. Eshik qarsillab yopilgach, ichkari dimiqqandan dimiqdi. Jahongir bitga talanib yotib, tongga yaqin ko‘zi ilinibdi. Uyg‘onsa — poezd to‘xtab turibdi. Mahbuslar uyquda. Vagon ichi nimqorong‘u. Jahongirning nazarida tong otgan-u, biroq, temir panjarali darcha tashqaridagi yorug‘likni to‘sib turganga o‘xshadi.
Jahongirning yonginasida bir odam chordana qurib o‘tirib olibdi. Uning kimligini farqlash mumkin bo‘lmadi. Uning pichirlashidan ajablangan Jahongir diqqatini jamlab, quloq tutdi. Notanish odam uning quloq tutganini fahmlaganday ovozini picha ko‘tardi:
— Yo Olloh, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, shayton yo‘liga kirib, to‘g‘ri yo‘ldan ozib, iymondan, vijdondan, insofdan chekinib qilgan gunohlarimni o‘zing kechir. Akam bilan diydorlashish qiyomatga qoldi endi. Yo Olloh, akamga yorug‘ yuz bilan ro‘baro‘ qil. Akam to‘g‘ri yo‘ldan ozgan edi, o‘zing kechir uning gunohlarini. Hali tavba qilmagan bo‘lsa oxir-oqibat baribir tavba qiladi. U ko‘rmaganlarni men ko‘rdim. Shu paytgacha akam oldida gunohkorman, deb yurardim. Inshoolloh, haq ekanimni ko‘zim tirikligida ko‘rsatding. Endi o‘lsam armonim yo‘q. Yo Olloh, men sendan jannatdan joy so‘ramayman. Shu ta’mada senga sig‘inib yurgan bo‘lsam, albatta do‘zaxdan joy ber menga. Bu dunyoda ko‘rgan rohatlarim evaziga do‘zax azoblarini tortay. Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytgan so‘zlaringga amal qilib keldim. Gunohlarim bo‘lsa o‘zing jazo bergaysan. Bu dunyoda qolayotganlarning iymonini ber, go‘daklarning rahmini ye. Bu qiyomat azoblariga go‘daklarni duchor qilma...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:31:06

Jahongirning uyg‘onib, o‘g‘rincha quloq tutib yotganini sezib, norozi bo‘lganday endi pichirlashga o‘tdi. So‘ng yuziga fotiha tortdi. Lekin shundan keyin ham o‘rnidan jilmadi. U ko‘zini bir nuqtaga tikkancha qotib o‘tirardi. Jahongir ovoz chiqarib uni chaqirishni ham, indamay yotaverishni ham bilmay garang edi.
Notanish odam — Zokirxo‘ja edi. Jahongir o‘sha kuni tong otib, poezd jilgach, u bilan tanishdi. Biroq erta sahardagi ibodatdan so‘z ochmadi. Tonggi munojotning sababini Zokirxo‘ja ancha keyin, o‘limi haq ekanini fahmlaganda aytib berdi.
O‘sha tongda u uzlatga chekingan edi. Zokirxo‘ja tun qorong‘usida bir chimdimgina uxladi. Ana shu bir chimdim uyqusida akasi bilan uchrashdi. Hibsga olinganidan beri tushlarida ko‘p ko‘rdi akasini. Tushida ko‘rganida ham, xayolida tiriltirganida ham akasi bilan ko‘p bahslashar edi. Bugun... akasi indamadi. Og‘zini ochib gapirmoqchi bo‘ldi-yu, gapirolmadi. Zokirxo‘ja akasiga qarab qo‘rqib ketdi — uning tili kesib tashlangan edi... Shu qo‘rquv bilan uyg‘onib, Ollohga sig‘inganicha moziyga chekindi. Qotib o‘tirib o‘sha so‘nggi uchrashuvni esladi...
Ko‘ngil yaralariga malham baxsh etishga qasd qilgan ko‘klam dalalar, qirlarni uyg‘otib tog‘ning gadoy topmas so‘qmoqlarigacha yetib keldi. Yigirmanchi yilning bahori yigirma besh oydan beri issiq go‘shasidan yiroqlarda yashayotgan odamlarga tashvishli xabar yetkazdi. Bahorga chiqib, birlashib, g‘animlarga so‘nggi zarba berilishini kutayotgan islom lashkarlari amiralmuslimin Madaminbekning qizillar bilan sulh tuzganini eshitib, hayratdan dong qotdilar. O‘tgan bahor mo‘’minlarga va’z ayta turib, «Ahli muslim, yer yuzin lolazor tutdi demanglar, bu shahidlar yuragidan oqqan qondir. Muqaddas lolazorni kofirlar qadami toptar ekan, yorug‘ dunyo bizga haromdir», degan Zokirxo‘ja bu xabarni eshitganidan beri o‘ziga kelolmaydi. Nazarida o‘sha ondan boshlab quyosh harorat emas, sovuq nafas ufurayotgandek vujudi muzlaydi. O‘n kun ilgari yechib tashlagan po‘stiniga o‘ralib titraydi. Bugun ham shu holda o‘tirganida navkar kirib, qo‘rboshi chorlayotganini aytdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:31:15

Qo‘rboshi yolg‘iz edi. Zokirxo‘ja chorlovning sababini bilmay ajablandi.
— Biz yoqlarga Madaminbek qadam ranjida qilyapti emish, — dedi qo‘rboshi.
— Kelsalar bosh ustiga, — dedi Zokirxo‘ja. — Maqsadlari nima ekan?
— Anglamadingizmi? Uning maqsadi bitta — barchamizni qul qilish.
— Alqissa... sulhga da’vat etib kelyaptilarmi?
Qo‘rboshi javob bermadi. Tizzalarini uqalab uzoq o‘tirdi.
— Nima qilamiz? — dedi u nihoyat. — Sulh tuzamizmi biz ham?
Zokirxo‘ja daf’atan javob bera olmadi. U bu haqda ko‘p o‘ylagan edi. Sulh — begunoh qonlar to‘kilmagining oldini oladi. Elga osoyishtalik beriladi. Ammo keyin-chi? Ana shu «keyin-chi?» degan savolga javob topolmay boshi qotar edi.
— Sulh tuzsak, yigitlar issiq o‘rinlariga qaytishadi, o‘lim bo‘lmaydi. Bu Xudoga ham ma’qul ish, — dedi qo‘rboshi o‘z savoliga o‘zi javob berib. — Lekin bu dayuslar o‘z holimizga qo‘yisharmikin? Islomni oyoqosti qilishmasmikin? «Alhamdulilloh, musulmonman», deguvchi tillar kesilmasmikin? G‘ayridinlarga nima kerak? Bizning osoyishtaligimizmi? U holda ne sababdan bizga qilich tortdilar? Nekolayni o‘ldirdilar. Unda ham talato‘p. Unda ham osoyishtalik zarur. Bizga jon kuydirmaklarining boisi nima? Madaminbek bularni o‘ylamadimi ekan? Gapiring?
Qo‘rboshining so‘nggi amri tahdidli edi. Shu bois Zokirxo‘ja biroz sarosimalandi.
— Savollaringizga javob bermakka aqlim qosir, — dedi past ovozda.
— Bekning aqli qosir emas, nima qilishini biladi. Uning maqsadi mengagina ayon emas. U bir qanotimizni uzib tashladi. Endi bir qanot bilan uchib bo‘lmaydi. Xo‘sh, yigitlarga izn berib yuboraymi yo Qashqarga ketib payt poylayinmi?
— Qashqarga ketmoq... sharmandalik yuki bilan ketmoq... Yurtni tashlab-a? Payt poylasangiz yangi qanot o‘sib chiqarmikin?

Qayd etilgan